Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Tushkunlikka tushmaslik qarorim qat’iy

Tushkunlikka tushmaslik qarorim qat’iy

«DADA», «OTA», «AMAKI». Odatda Baytildagi ko‘pgina yoshlar meni shunday deb chaqiradi. Yoshim 89 da ekan, bu menga yoqadi. Ularning sevgi ila aytgan bu so‘zlarini 72 yillik to‘la vaqtli xizmatim uchun Yahova taqdim etgan mukofotning bir qismi deb bilaman. O‘z tajribamdan kelib chiqqan holda yoshlarni chin dildan: «Tushkunlikka tushmasangiz, xizmatingiz uchun mukofot olasizlar»,— deb ishontiraman. (2 Sol. 15:7)

OILA A’ZOLARIM

Ota-onam Ukrainadan Kanadaga ko‘chib kelishgan. Ular Manitoba provinsiyasidagi Rossbern shahriga joylashgan. Oyijonim 8 o‘g‘ilu 8 qizni dunyoga keltirgan. Egizaklar bo‘lmagan. Men 14- farzandman. Otam Muqaddas Kitobni rosa yaxshi ko‘rardi va har yakshanba ertalab bizga o‘qib berardi. Ammo din rahbarlarini odamlarga yordam berish emas, pul ko‘proq qiziqtiradi degan fikrda edi. U hazil qilib: «Iso va’z qilgani va ta’lim bergani uchun kim unga pul to‘lagan ekan?» — deb aytardi.

Oilamizdan yana sakkiz kishi — opa-akalarim va ukam bilan singlim — haqiqatni qabul qildi. Opam Roza umrining oxirigacha kashshof bo‘lib xizmat qildi. Hayotining so‘nggi kunlarida ham u boshqalarni Xudoning Kalomiga diqqat qaratishga undab: «Men sizlarni yangi dunyoda ko‘rishni istayman»,— derdi. Akam Ted otashin do‘zax haqida aytib yurganlardan birinchisi bo‘lgan. Har yakshanba u radio orqali nutq so‘zlab, tinglovchilarga barcha gunohkorlar abadulabad otashin do‘zaxda yonishini berilib gapirib berardi. Ammo keyinchalik akam Yahovaning sadoqatli va g‘ayratli xizmatchisi bo‘ldi.

TO‘LA VAQTLI XIZMATIMNING BOSHLANISHI

1944-yilning iyun oyi edi. Bir kuni maktabdan qaytsam, oshxonamizdagi stol ustida «Bo‘lajak dunyoning tiklanishi» * nomli buklamani ko‘rdim. Birinchi sahifasini o‘qidim, keyin ikkinchisini. Shunday qilib, undan ko‘zimni uza olmadim. Buklamani oxirigacha o‘qib bo‘lgach, Iso kabi Yahovaga xizmat qilishni istadim.

Xo‘sh, qay yo‘sin o‘sha buklama stolimizga tushib qoldi? Akam Stiv ikkita kishi kitob va buklamalar sotib uyimizga kelganini aytdi. «Men bittasini oldim. Atigi besh sent ekan»,— dedi u. O‘sha kishilar keyingi yakshanba yana kelishdi. Ular Yahovaning Shohidlari ekanini va odamlarning savollariga Muqaddas Kitob yordamida javob berishlarini aytdi. Bu bizga juda yoqdi. Chunki kichikligimizdanoq ota-onam Xudoning Kalomini hurmat qilishni o‘rgatgan. Shuningdek, o‘sha kishilar yaqinda Vinnipeg shahrida Yahova Shohidlarining anjumani bo‘lishini aytdi. Opam Elize ham o‘sha yerda yashardi. Men anjumanga borishga qaror qildim.

Vinnipeg shahrigacha deyarli 320 km yo‘lni velosipedimda bosib o‘tdim. Yo‘lda bizning uyimizga kelgan ikkita Yahovaning Shohidi yashagan Kelvud shahriga kirib o‘tdim. U yerda yig‘ilishlarga qatnadim va jamoat uchrashuvlari qanday o‘tishini ko‘rdim. Qolaversa, har bir kishi Iso singari uyma-uy yurib, ta’lim berishi kerakligini tushundim.

Vinnipegda akam Jekni uchratdim. U anjumanga borish uchun shimoliy Ontariodan kelgan edi. Anjumanning birinchi kunida birodar suvga cho‘mish haqida e’lon qildi. Akam Jek bilan o‘sha anjumanda suvga cho‘mishga qaror qildik. Ikkalamiz ham anjumandan so‘ng iloji boricha tezroq kashshoflik xizmatini boshlamoqchi edik. Jek o‘sha anjumandan keyin kashshoflikni boshladi. O‘shanda men 16 yoshda edim va maktabga qaytishim kerak edi. Biroq kelasi yili men ham doimiy kashshof bo‘ldim.

KO‘P NARSANI O‘RGANDIM

Sten Nikolson bilan birga Manitoba provinsiyasidagi Suris shahrida kashshoflik qilishni boshladim. Ko‘p o‘tmay, kashshoflikning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari borligini tushundim. Pulimiz kamayib borayotgan edi, lekin biz va’z qilishda davom etaverdik. Bir safar kun bo‘yi xizmatda bo‘lib uyga qaytganimizda, bir chaqamiz ham yo‘q edi va juda och edik. Shunda, eshigimiz oldida oziq-ovqatga to‘la katta savatni ko‘rish biz uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Bu savatni kim tashlab ketganini haligacha bilmaymiz. O‘sha oqshom biz shohlar kabi ovqatlandik. Tushkunlikka tushmaganimiz uchun bu bizga ajoyib mukofot bo‘ldi! Rostini aytsam, oy oxiriga borib har qachongidan ham semirib qoldim.

Bir necha oy o‘tgach, Surisning shimolidan taxminan 240 km uzoqlikda joylashgan Gilbert-Pleyns shahriga tayinlandik. O‘sha paytlari har bir jamoatning oydan-oyga qiladigan va’zgo‘ylik xizmati haqidagi hisobot sahnadagi jadvalda keltirilardi. Bir safar va’zgo‘ylik xizmati susayib ketganida, jamoat a’zolarini yaxshiroq harakat qilishga undab, nutq so‘zlagan edim. Yig‘ilishdan so‘ng eri imondoshimiz bo‘lmagan yoshi ulug‘ kashshof bir opamiz yig‘lab: «Men harakat qildim, lekin bundan ortig‘i qo‘limdan kelmadi»,— dedi. Men ham yig‘lab yubordim va undan uzr so‘radim.

Men bilan bo‘lganidek, g‘ayratli yosh birodarlarimiz xatolarga yo‘l qo‘yib, ruhi tushishi mumkin. O‘z tajribamdan shuni ko‘rdimki, tushkunlikka tushmay xatodan saboq olib, oldinga intilganda o‘sha saboqni doim yodda saqlash kerak. Sadoqat ila qilgan keyingi ishlar uchun mukofot olamiz.

KVEBEKDAGI JANG

Yoshim 21 da bo‘lganida Gilad maktabining 14- sinfida o‘qish sharafiga musharraf bo‘ldim. Uni 1950-yili fevral oyida bitirdim. Sinfdoshlarimning taxminan to‘rtdan bir qismi Kanadaning Kvebek provinsiyasiga fransuz zabon hududga tayinlandi. U yerdagi din rahbarlari Yahovaning Shohidlarini shiddat bilan ta’qib qilar edi. Men oltin chiqarish sanoati bilan shug‘ullanadigan Val-d’Or shahriga tayinlandim. Bir kuni guruhimiz bilan Val-Sennevil qishlog‘i yaqinida va’z qilayotgan edik. Mahalliy ruhoniy shu zahoti qishloqdan ketishimizni aytib, tahdid qildi. Zolimlarcha tahdid qilgani uchun men uni sudga berdim. O‘sha ruhoniyga jarima solindi. *

Bu va shunga o‘xshash ko‘pgina voqealar «Kvebekdagi jang» deb nom olgan ta’qiblarning bir qismi bo‘ldi. Kvebek provinsiyasi 300 yildan oshiq vaqt davomida Rim katolik cherkovining nazoratida bo‘lgan. Ruhoniylar va siyosiy kuchlar Yahovaning Shohidlarini ta’qib qilgan. Bu og‘ir damlar edi. Son jihatdan kam edik, lekin tushkunlikka tushmadik. Bu yerdagi samimiy kishilar haqiqatga ijobiy munosabat ko‘rsatgan. Haqiqatni qabul qilgan bir nechta kishi bilan tadqiq o‘tkazish sharafiga ega bo‘lganman. 10 kishidan iborat bo‘lgan oila bilan tadqiq o‘tkazganman. Ularning bari Yahovaga xizmat qilishni boshlagan. Bu oilaning jasorat ila tutgan yo‘li boshqalarni ham katolik cherkovini tark etishga undagan. Va’z qilishdan to‘xtamadik va nihoyat o‘sha jangda g‘olib chiqdik!

BIRODARLARGA ONA TILIDA TA’LIM BERISH

1956-yili meni Gaitiga tayinlashdi. Bu yerdagi ko‘pgina yangi to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar fransuz tilini o‘rganishga qiynalishgan, ammo odamlar ularni tinglashardi. To‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y Stenli Bogges shunday degandi: «Nima demoqchi ekanimizni tushuntirib berishimiz uchun odamlar bizga yordam berganini ko‘rib hayron qolardik». Kvebekda fransuz tilini o‘rganganim menga bu yerda qo‘l keldi. Lekin tez orada shuni tushundikki, aksariyat mahalliy birodarlar faqatgina gaiti kreol tilida so‘zlashar ekan. Shu bois, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y sifatida samarali bo‘lish uchun mahalliy tilni o‘rganishimiz kerak edi. Shunday qildik ham va harakatlarimiz uchun mukofotga ega bo‘ldik.

Imondoshlarga ko‘proq yordam bera olishimiz uchun Yetakchi kengash «Qo‘riqchi minorasi» va boshqa adabiyotlarimizni gaiti kreol tiliga tarjima qilishga ruxsat berdi. Mamlakat bo‘ylab yig‘ilishlarga qatnaydiganlar soni tezda o‘sdi. 1950-yili Gaitida 99 ta va’zgo‘y bor edi, ammo 1960-yilga kelib bu son 800 dan oshdi. O‘sha paytda meni Baytilga tayinlashdi. 1961-yili Mas’uliyatli birodarlar uchun maxsus ta’lim dasturida ishtirok etib, ta’lim berishdan rosa xursand bo‘ldim. Biz 40 ta oqsoqol va maxsus kashshofga ta’lim berdik. 1962-yili yanvar oyida bo‘lib o‘tgan anjumanda talablarga mos kelgan mahalliy birodarlarni xizmatlarini kengaytirishga undadik. Ularning ba’zilari maxsus kashshof etib tayinlandi. Bu ayni muddao edi, sababi qarshiliklar boshlandi.

1962-yili 23- yanvarda anjuman tugashi bilanoq to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y Endryu Damiko va men filialda xibsga olindik. «Uyg‘oning!» jurnalining 1962-yil 8- yanvar sonining fransuz tilidagi bir qancha nusxalari musodara qilindi. «Uyg‘oning!» jurnalida fransuz gazetasi Gaiti aholisi sehr-jodu (vudu) bilan shug‘ullanishi haqida xabar qilgani aytilgan edi. Ba’zilarga bu yoqmadi va ular mazkur maqolani filialingizda yozgansiz deb bizni ayblashdi. Bir necha hafta o‘tgach, to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar mamlakatdan haydab yuborildi *. Lekin ta’lim olgan mahalliy birodarlar ishni a’lo tarzda uddalashdi. Bugungi kunda, ular namoyon etgan sabr-bardoshni va ma’nan o‘sganini ko‘rib quvonaman. Hozir ularda gaiti kreol tilidagi «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi» bor. O‘sha paytlari buni faqat orzu qilardik.

MARKAZIY AFRIKA RESPUBLIKASIDAGI QURILISH

Gaitida xizmat qilgach, Markaziy Afrika Respublikasiga to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y etib tayinlandim. Keyinchalik, bu yerda ko‘chma nozir va so‘ng filial noziri bo‘lib xizmat qilish sharafiga ega bo‘ldim.

O‘sha paytlarda ko‘pgina Yig‘ilish zallari juda oddiy edi. Men somon yig‘ib, undan tom yasashni o‘rgandim. Bu yangi hunarni o‘zlashtirishda qiynalayotganimni ko‘rish yo‘lovchilar uchun bir tomosha edi. Bu tufayli birodarlar ham Yig‘ilish zallarini qurish va ta’mirlash ishlarida ko‘proq qatnasha boshlashdi. Din rahbarlari ustimizdan kulardi. Chunki cherkov tomlari tunukadan edi, zallarimizniki esa yo‘q. Bunga qaramay, oddiygina somon tomli Yig‘ilish zallarimizni qurishda davom etdik. Poytaxt shahar Bangida kuchli bo‘ron yuz berganida ular masxara qilmay qo‘yishdi. Chunki ularning tunukadan qilingan tomi asosiy ko‘chaga qulab tushgan edi. Yig‘ilish zalimizning somon tomi esa o‘z joyida edi. Shohlik ishini yaxshiroq nazorat qilish uchun atigi besh oyda yangi filial va to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar uchun uy qurdik *.

G‘AYRATLI INSON BILAN OILA QURDIM

To‘y kunimiz

1976-yili Markaziy Afrika Respublikasida faoliyatimiz taqiqlangan edi va men qo‘shni davlat Chadning poytaxti Njamenaga tayinlandim. U yerda g‘ayratli maxsus kashshof bo‘lgan kamerunlik Xeppini uchratdim. Biz 1978-yili 1- aprelda turmush qurdik. O‘sha oy fuqarolar urushi boshlandi va biz boshqalar singari mamlakatning janubiga qochdik. Urush tugagach, qaytib kelsak, uyimiz qurollangan guruhning bosh idorasiga aylangan ekan. Nafaqat adabiyotlarimiz, balki Xeppining to‘y ko‘ylagi va to‘y sovg‘alarimizdan ham mahrum bo‘lgan edik. Ammo tushkunlikka tushmadik. Asosiysi, birga edik va oldinga qarab intildik.

Taxminan ikki yil o‘tgach, Markaziy Afrika Respublikasida taqiq olib tashlandi. Biz u yerga qaytib, ko‘chma nozirlik xizmatida ishtirok etdik. Uyimiz yuk mashinasi edi. Unda karavot, 200 litr suv sig‘adigan idish, propan gazida ishlaydigan sovitkich va gaz yoqish uchun moslama (gaz gorelkasi) bor edi. Safarlarimiz oson kechmagan. Bir joyga yetib olishimiz uchun yo‘lda kamida 117 ta politsiya postidan o‘tardik.

Ko‘pincha havo harorati 50 darajaga ko‘tarilardi. Ba’zida anjumanlarda suvga cho‘mdirish uchun yetarlicha suv topish qiyin bo‘lardi. Shuning uchun birodarlar qurib qolgan daryo o‘zanlarini kovlashardi va oz-ozdan suv to‘plab, yetarlicha suv bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilishardi. Odatda uni bochkaga to‘plashardi va u yerda suvga cho‘mdirishardi.

AFRIKANING BOSHQA YERLARIDAGI XIZMAT

1980-yili Nigeriyaga tayinlandik. Bu yerda ikki yarim yil davomida yangi filialning qurilishiga tayyorgarlik ko‘rishda yordam berdik. Birodarlar ikki qavatli omborni sotib olishdi va uni o‘zimizga moslab ta’mirlashdi. Bir kuni ertalab qurilish ishlarida yordam berish uchun binoning yuqorisiga ko‘tarilgan edim. Tushga yaqin o‘sha yo‘lim bilan qaytib tushmoqchi edim. Lekin ta’mirlash ishlari tufayli yo‘l o‘zgargan ekan va men binodan yiqilib tushdim. Ahvolim og‘ir deb o‘ylagandim, biroq rentgen natijalari chiqqach, shifokor Xeppiga xavotirlanmaslikni va bir hafta o‘tar-o‘tmas tuzalib ketishimni aytdi.

«Jamoat transportida» anjumanga ketyapmiz

1986-yili Kot-d’Ivuarga tayinlandik va u yerda ko‘chma nozirlik xizmatimizni davom ettirdik. Keyin qo‘shni davlatda Burkina-Fasoda ham bu xizmat turida ishtirok etdik. Yillar o‘tib, Burkina-Faso uyimizga aylanadi deb hech ham o‘ylamagan edim.

Ko‘chma nozirlik xizmatida ishtirok etganimizda, uyimiz yuk mashinasi edi

Kanadadan 1956-yili ketgan edim. Oradan 47 yil o‘tib, 2003-yili Kanadaning Baytiliga qaytdim. Endi yonimda Xeppi ham bor edi. Garchi Kanada fuqarolari bo‘lsak-da, o‘zimizni afrikalikdek his qilardik.

Burkina-Fasoda Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazyapman

2007-yili 79 yoshimda yana Afrikaga qaytdik. Biz Burkina-Fasoga tayinlandik. U yerda Mamlakat Qo‘mitasining a’zosi sifatida yordam berdim. Keyinchalik filial Benin filiali nazorati ostidagi masofaviy tarjima ofisiga aylandi. 2013-yili avgustda biz Benindagi Baytilga tayinlandik.

Xeppi bilan Benindagi Baytilda xizmat qilyapmiz

Jismoniy qiyinchiliklarimga qaramay, xizmatni juda qadrlayman. So‘nggi uch yil davomida oqsoqollarning mehribonlik ila ko‘rsatgan yordami va rafiqamning sevgi ila qo‘llab-quvvatlagani tufayli, men Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan Gedeon va Fregis suvga cho‘mganini ko‘rib quvondim. Hozir ular g‘ayrat ila Yahovaga xizmat qilmoqda.

O‘shanda Janubiy Afrika filialiga tayinlandik. Bu yerda Baytil oilasi sog‘ligim haqida g‘amxo‘rlik qiladi. Janubiy Afrika men bu qit’ada xizmat qilish sharafiga ega bo‘lgan yettinchi mamlakatdir. 2017-yili oktyabrda ajoyib baraka ko‘rdik. Uorvikdagi (Nyu-York) Bosh idorani bag‘ishlash marosimiga tashrif buyurishga muvaffaq bo‘ldik. Bu unutilmas voqea edi!

1994-yilgi «Yilnoma»ning 255- sahifasida shunday yozilgan: «Uzoq yillar davomida sabr-bardosh ila mehnat qilayotganlarni: “Kuchli bo‘linglar, tushkunlikka tushmanglar! Zero, ishingizga yarasha taqdirlanasizlar!” — deb undaymiz. (2 Sol. 15:7)» Xeppi va mening mazkur so‘zlarga amal qilish qarorimiz qat’iy va boshqalarni ham shunday yo‘l tutishga chorlayman.

^ 9- x.b. Bu buklama 1944-yili Yahovaning Shohidlari tomonidan chop etilgan, hozir esa nashr qilinmaydi.

^ 18- x.b. «Uyg‘oning!» jurnalining 1953-yil 8- noyabr sonining (ingl.) 3–5- sahifalaridagi «Kvebekdagi ruhoniy Yahovaning Shohidlariga hujum qilgani uchun jazolandi» nomli maqolaga qarang.

^ 23- x.b. 1994-yilgi «Yahova Shohidlarining yilnomasi»ning (ingl.) 148–150- sahifalarida bu haqida batafsil yozilgan.

^ 26- x.b. «Uyg‘oning!» jurnalining 1966-yil 8- may sonining (ingl.) 27- sahifasidagi «Mustahkam poydevorda qurish» nomli maqolaga qarang.