Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

34-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaning jamoatida o‘z o‘rningiz bor

Yahovaning jamoatida o‘z o‘rningiz bor

Tana bitta bo‘lgani bilan uning a’zolari ko‘p. Ammo a’zolarning bari ko‘p bo‘lishiga qaramay, bitta tanani tashkil etadi. Masihning tanasi haqida ham shunday deyish mumkin. 1 KOR. 12:12

101-QO‘SHIQ Bahamjihat xizmat qilaylik

BU MAQOLADA *

1. Qanday sharafga egamiz?

YAHOVANING jamoatiga tegishli bo‘lish naqadar ulkan sharaf! Biz tinchliksevar va baxtiyor odamlarga to‘la ma’naviy jannatdamiz. Xo‘sh, jamoatda qanday o‘ringa egasiz?

2. Havoriy Pavlus ilohiy ilhom ostida yozgan bir nechta maktubida qaysi misoldan foydalangan?

2 Havoriy Pavlus ilohiy ilhom ostida yozgan bir nechta maktubida keltirgan misol yordamida jamoatda qanday o‘ringa ega ekanimiz borasida ko‘p narsani bilib olsak bo‘ladi. O‘sha maktublarining har birida Pavlus jamoatni inson tanasi bilan solishtirgan. Jamoatning har bir a’zosini esa tana a’zolariga qiyoslagan. (Rim. 12:4–8; 1 Kor. 12:12–27; Efes. 4:16)

3. Ushbu maqolada qaysi uchta saboqni ko‘rib chiqamiz?

3 Mazkur maqolada Pavlusning misolidan uchta muhim saboq olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Avvalo Yahovaning jamoatida har birimizning o‘z o‘rni * borligini bilib olamiz. Keyin esa jamoatda o‘z o‘rnimiz borligini ko‘rish qiyin kechayotgan bo‘lsa, nima qilishimiz mumkinligini muhokama qilamiz. So‘ng nima sababdan Xudoning jamoatidagi vazifalarimizni bajarishda faol bo‘lishimiz kerakligiga diqqat qaratamiz.

YAHOVANING JAMOATIDA HAR BIRIMIZNING O‘Z VAZIFASI BOR

4. Rimliklarga 12:4, 5 dan qanday saboq olyapmiz?

4 Pavlusning misolidan olishimiz mumkin bo‘lgan birinchi saboq shuki, Yahovaning oilasida har birimizning muhim o‘rnimiz bor. U misolini quyidagi so‘zlar bilan boshlagan: «Badanimizda a’zolar ko‘p bo‘lgani bilan hammasi ham bitta vazifani bajarmaydi. Biz ham ko‘p bo‘lishimizga qaramay, Masih bilan birlikda bitta tanani tashkil etamiz, alohida esa bir-birimizga tegishli bo‘lgan a’zolarmiz». (Rim. 12:4, 5) Pavlus nimani nazarda tutgan? Jamoatda turli vazifalarni bajarsak-da, har birimiz qadrlimiz.

Jamoatda turli vazifalarni bajarsak-da, har birimiz qadrlimiz (5–12-xatboshilariga qarang.) *

5. Yahova jamoatiga qanday «hadya» berdi?

5 Jamoatda muayyan o‘ringa ega bo‘lganlar haqida o‘ylaganingizda, ehtimol, shu zahoti xayolingizga boshchilikni zimmasiga olganlar kelar. (1 Salon. 5:12; Ibron. 13:17) To‘g‘ri, Yahova Iso orqali jamoatiga «odamlarni hadya sifatida» berdi. (Efes. 4:8) «Hadya» kabi bo‘lgan odamlarga Yetakchi kengash a’zolari, ularning yordamchilari, Filial qo‘mitasi a’zolari, tuman nozirlari, tashkilotimiz maktablarida ta’lim beradigan birodarlar, jamoat oqsoqollari-yu xizmatkorlari kiradi. Bu birodarlarning bari Yahovaning qadrli qo‘ylariga g‘amxo‘rlik qilish va jamoatni mustahkamlash uchun muqaddas ruh orqali tayinlanadi. (1 Butr. 5:2, 3)

6. Salonikaliklarga birinchi maktub 2:6–8 ga binoan, muqaddas ruh orqali tayinlangan birodarlar nima qilishga jon kuydiradi?

6 Birodarlar turli vazifalarni bajarish uchun muqaddas ruh orqali tayinlanadi. Qo‘l va oyoqlar singari turli a’zolar butun tanaga foyda keltirish uchun xizmat qiladi. Shunga o‘xshab, muqaddas ruh orqali tayinlangan birodarlar butun jamoatga foyda keltirish uchun ter to‘kib mehnat qiladi. Ular o‘zlari uchun boshqalardan sharaf izlamaydi, aksincha, birodar-u opa-singillarini mustahkamlash uchun jon kuydiradi. (1 Salonikaliklarga 2:6–8 ni o‘qing.) Bunday fidoyi va ma’nan yetuk birodarlar uchun Yahovadan minnatdormiz!

7. To‘la vaqtli xizmatdagi ko‘plar qanday barakalarga ega?

7 Jamoatdagi ba’zilar to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y, maxsus yoki doimiy kashshof etib tayinlanishi mumkin. Dunyo bo‘ylab birodar-u opa-singillarimiz va’zgo‘ylik va shogird tayyorlash ishida to‘liq ishtirok etishga qaror qildi. Shu yo‘sin ular ko‘plarga Iso Masihning shogirdi bo‘lishga yordam berdi. Garchi to‘la vaqtli xizmatdagi bu imondoshlarimiz odatda moddiy tarafdan ko‘p narsaga ega bo‘lmasa-da, Yahova ularni mukofotlab barakalar yog‘dirdi. (Mark 10:29, 30) Bu aziz imondoshlarimizni qadrlaymiz va ular jamoatning bir qismi ekani uchun minnatdormiz.

8. Nima uchun xushxabarni bo‘lishayotgan har bir va’zgo‘y Yahova uchun muhim?

8 Xo‘sh, faqatgina tayinlangan birodarlar va to‘la vaqtli xizmatdagilar jamoatda muayyan o‘ringa egami? Yo‘q, albatta! Xushxabarni bo‘lishayotgan har bir va’zgo‘y Xudo va jamoat uchun muhimdir. (Rim. 10:15; 1 Kor. 3:6–9) Axir jamoatning asosiy maqsadlaridan biri — Hazratimiz Iso Masihning shogirdlarini tayyorlash. (Mat. 28:19, 20; 1 Tim. 2:4) Va’z qilayotgan barcha — xoh suvga cho‘mgan, xoh suvga cho‘mmagan va’zgo‘y bo‘lsin — bu ishni hayotida muhim o‘ringa qo‘yishga intilmoqda. (Mat. 24:14)

9. Nima uchun opa-singillarimizni qadrlaymiz?

9 Yahova opa-singillarimizga muhim ishni topshirib ularga iltifot ko‘rsatdi. Xudo Unga sadoqat ila xizmat qilayotgan xotinlarni, onalarni, bevalarni hamda turmush qurmagan opa-singillarni qadrlaydi. Muqaddas Yozuvlarda Xudoni mamnun etgan ayollarning misollari bor. Ular ajoyib o‘rnak sifatida donoligi, imoni, g‘ayrati, jasorati, saxiyligi va qilgan yaxshiliklari uchun maqtab o‘tilgan. (Luqo 8:2, 3; Havor. 16:14, 15; Rim. 16:3, 6; Filip. 4:3; Ibron. 11:11, 31, 35) Jamoatimizda ham shunday go‘zal fazilatlarga ega opa-singillarimiz borligi uchun Yahovadan juda minnatdormiz!

10. Nima uchun yoshi ulug‘ imondoshlarimizni qadrlaymiz?

10 Jamoatimizda yoshi ulug‘ ko‘pgina imondoshlarimiz borligi ham barakadir. Ba’zi jamoatlarda butun umrini Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishga bag‘ishlagan keksa birodar-u opa-singillarimiz bor. Keksa imondoshlarimizning ayrimlari esa haqiqatga yaqinda kelgan bo‘lishi mumkin. Har ikkala vaziyatda ham bunday imondoshlarimiz yoshi o‘tgani tufayli turli sog‘lik muammolari bilan kurashishi hech gap emas. Bunday muammolar dastidan ular jamoatda hamda va’zgo‘ylik faoliyatida ko‘p ish qila olmas. Ammo bu yoshi ulug‘ imondoshlarimiz va’zgo‘ylik xizmatida qo‘ldan kelgancha ishtirok etib, boshqalarga dalda va ta’lim berish uchun jon kuydirmoqda. Ularning tajribasidan biz ham foyda olamiz. Ha, ular Yahova hamda biz uchun azizdir! (Hik. 16:31)

11, 12. Jamoatingizdagi yoshlarni ko‘rib qanday dalda olyapsiz?

11 Endi esa yoshlarga diqqat qarataylik. Ular Shayton Iblis nazorati ostidagi va yovuz g‘oyalar ta’siridagi dunyoda ulg‘ayar ekan, ko‘pgina muammolarga duch keladi. (1 Yuhan. 5:19) Shunga qaramay, ular jamoatda sharh bergani, xizmatda ishtirok etgani va e’tiqodini jasorat ila himoya qilganini ko‘rib dalda olamiz. Darhaqiqat, yoshlar Yahovaning jamoatida muhim o‘ringa ega! (Zab. 8:2)

12 Lekin ayrim birodar-u opa-singillar jamoat uchun qadrli ekanidan shubhalanadi. Jamoatda o‘z o‘rnimiz borligini his etishimizga nima ko‘maklasha oladi? Keling, buni ko‘rib chiqamiz.

JAMOATDA O‘Z O‘RNINGIZ BORLIGINI KO‘RA BILING

13, 14. Nima uchun ba’zilar jamoat uchun qadrli ekanini ko‘ra olmaydi?

13 Pavlusning misolidan olishimiz mumkin bo‘lgan ikkinchi saboqqa diqqat qarataylik. U bugungi kunda ko‘plar duch kelayotgan muammoga e’tibor qaratgan — ba’zilar jamoat uchun qadrli ekanidan shubhalanadi. Pavlus shunday deb yozgan: «Agar oyoq: “Men qo‘l bo‘lmaganim uchun, tanaga tegishli emasman”,— desa ham, u tananing bir qismi emasligini anglatmaydi. Quloq ham: “Men ko‘z bo‘lmaganim sababli, tanaga taalluqli emasman”,— degani bilan, u tanaga aloqador bo‘lmay qolmaydi». (1 Kor. 12:15, 16) Qiziq, Pavlus nima demoqchi bo‘lgan?

14 O‘zingizni jamoatdagi boshqalar bilan solishtirsangiz, qadrli ekaningizni ko‘ra olmasligingiz mumkin. Balki jamoatdagi ba’zilar mohir ustoz, yaxshi tashkilotchi yoki tasalli va dalda berishda mahoratli cho‘pondir. Ehtimol, o‘zingiz haqida bunchalik mahoratli emasman, deb o‘ylayotgandirsiz. Bu kamtarin ekaningiz va imkoniyatlaringizga to‘g‘ri baho berayotganingizdan dalolatdir. (Filip. 2:3) Lekin ehtiyot bo‘ling. O‘zingizni nuqul boshqalar bilan solishtirsangiz, tushkunlikka tushasiz. Hatto Pavlus aytib o‘tganiday, jamoatda hech qanday o‘rnim yo‘q, deb o‘ylashingiz mumkin. Bu kabi tuyg‘ular bilan kurashishingizga nima yordam beradi?

15. Korinfliklarga birinchi maktub 12:4–11 ga ko‘ra, in’omlarimiz borasida nimani tushunishimiz kerak?

15 Quyidagi fikr borasida bir o‘ylab ko‘ring: Yahova birinchi asrdagi ayrim masihiylarga muqaddas ruh in’omini mo‘jizaviy tarzda hadya qilgan, lekin hamma bir xil in’om olmagan. (1 Korinfliklarga 12:4–11 ni o‘qing.) Yahova ularga turli in’omlar va qobiliyatlar bergan bo‘lsa-da, har bir masihiy U uchun qadrli bo‘lgan. Bugungi kunda muqaddas ruh in’omini mo‘jizaviy tarzda olmaymiz. Ammo mazkur prinsipni amalda qo‘llashimiz mumkin. Ha, barchamiz turli qobiliyatlarga ega bo‘lsak-da, Yahova uchun har birimiz azizmiz.

16. Havoriy Pavlusning qaysi maslahatiga amal qilishimiz lozim?

16 O‘zimizni boshqa masihiylar bilan solishtirmay, havoriy Pavlus ilohiy ilhom ostida yozgan ushbu maslahatga amal qilishimiz lozim: «Har kim o‘z ishini tekshirsin, shunda o‘zini boshqalar bilan solishtirmay o‘ziga qarasagina, suyunishga sabab topadi». (Galat. 6:4)

17. Pavlusning maslahatini amalda qo‘llab, qanday foyda olamiz?

17 Pavlus ilohiy ilhom ostida yozgan maslahatni amalda qo‘llab, o‘z ishimizni tekshirsak, o‘zgacha in’om va qobiliyatlarga ega ekanimizni ko‘ra boshlarmiz. Masalan, oqsoqol nutqlarni zo‘r ayta olmas, lekin shogird tayyorlash ishida juda samarali bo‘lishi mumkin. Yoki u jamoatdagi boshqa oqsoqollar singari tartibli emasdir, biroq jamoat a’zolari uni mehribon cho‘pon, deb bilishi va Muqaddas Kitob asosida maslahat so‘rab bemalol murojaat qilishi mumkin. Yoxud u mehmondo‘st oqsoqol sifatida nom qozongandir. (Ibron. 13:2, 16) Kuchli taraflarimiz-u qobiliyatlarimizni aniq ko‘ra olganimizda, jamoat uchun qilayotgan ishlarimizdan xursand bo‘lish uchun asosli sababimiz bo‘ladi. Shunda, hoynahoy, qobiliyatlari biznikidan farq qiladigan imondoshlarimizga hasad qilmaymiz.

18. Qay yo‘sin qobiliyatlarimizni yaxshilay olamiz?

18 Jamoatda qanday o‘rin egallamaylik, barchamiz xizmatda yaxshilanishga va mahoratimizni oshirishga intilishimiz kerak. Bunda bizga yordam berish uchun Yahova tashkiloti orqali ajoyib tarzda ta’lim bermoqda. Misol uchun, hafta o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvlarda qay yo‘sin xizmatda yanada samarali bo‘lish borasida yo‘l-yo‘riq olamiz. Xo‘sh, bu ta’lim dasturidan to‘liq foyda olishga harakat qilyapsizmi?

19. Shohlik xabarchilari maktabida o‘qish maqsadiga qay yo‘sin erisha olasiz?

19 Yana bir ajoyib ta’lim dasturi Shohlik xabarchilari maktabidir. Yoshi 23 dan 65 gacha bo‘lgan to‘la vaqtli xizmatdagi birodar-u opa-singillar mazkur maktabda ta’lim olishi mumkin. Ehtimol, bu maqsadga erishish siz uchun imkonsizday tuyular. Ammo nega bu maktabda o‘qiy olmasligingizning sabablarini keltirishning o‘rniga, nima uchun o‘qishni istayotganingizning sabablarini keltiring. Keyin esa talablarga mos kelish uchun reja tuzing. Yahovaning yordami va tirishqoqligingiz tufayli imkonsizday tuyulgan narsaga erisha olasiz.

QOBILIYATLARINGIZDAN FOYDALANIB JAMOATNI MUSTAHKAMLANG

20. Rimliklarga 12:6–8 dan qanday saboq olyapmiz?

20 Pavlusning misolidan olishimiz mumkin bo‘lgan uchinchi saboq Rimliklarga 12:6–8 da (o‘qing) keltirilgan. Bu oyatlarda ham Pavlus jamoatdagilar turlicha in’omga ega ekanini yana bir bor aytib o‘tgan. Lekin shu bilan birga u qanday in’omga ega bo‘lishimizdan qat’i nazar, uning yordamida jamoatni mustahkamlashimiz kerakligiga urg‘u bergan.

21, 22. Rustam va Felisning misollaridan qanday saboq olyapmiz?

21 Keling, bitta birodarning misolini ko‘rib chiqamiz. Aytaylik, uning ismi Rustam. U chet elda xizmat qilgan, keyin esa uni o‘z yurtidagi Baytilga tayinlashgan. Birodarlar uni vazifasi o‘zgarganining sababi qandaydir noto‘g‘ri ish qilib qo‘yganida emasligiga ishontirishga uringan. U esa quyidagicha bo‘lishdi: «Oylar davomida tushkunlikda edim, chunki xizmatimni eplay olmadim, deb o‘ylardim. Shunday paytlar bo‘lganki, Baytil xizmatini to‘xtatgim kelardi». Qay yo‘sin u xizmatidan yana quvonch topa olgan? Bir oqsoqol unga Yahova har bir vazifamizda bizga ta’lim berishini va bu tufayli hozirgi vazifamizni yanada yaxshi bajarishimiz mumkinligini eslatgan. Rustam hadeb ortga qarayvermay, diqqatini hozirgi vazifasiga qaratishi kerakligini tushungan.

22 Birodar Felis Yepiskop ham shunga o‘xshash qiyinchilikka duch kelgan. U turmush o‘rtog‘i bilan 1956-yili Gilad maktabini bitirgan va Boliviyada tuman noziri sifatida xizmat qilgan. 1964-yili esa ular farzandli bo‘lishgan. Felis shunday deb bo‘lishdi: «Sevimli xizmatimizni qoldirish qiyin bo‘lgan. Shuni tan olishim kerakki, deyarli bir yil davomida o‘zimga-o‘zim achinib yurdim. Lekin Yahovaning yordami bilan nuqtai nazarimni o‘zgartirib, diqqatimni ota bo‘lish kabi yangi vazifamga qaratdim». Rustam yoki Felis birodarlarimizning his-tuyg‘ulari sizga ham tanishmi? Oldingi ba’zi sharafli vazifalaringizni hozir bajara olmayotganingizdan ko‘nglingiz tushyaptimi? Agar shunday bo‘lsa, nuqtai nazaringizni o‘zgartirib, diqqatingizni Yahova hamda imondoshlaringiz uchun hozir nima qila olishingizga qarating. Shunda baxtliroq bo‘lasiz. In’omlaringiz-u qobiliyatlaringizdan foydalanib boshqalarga yordam berish bilan band bo‘ling. Jamoatni mustahkamlar ekansiz, quvonchga to‘lishingiz turgan gap.

23. Nima qilishga vaqt ajratishimiz kerak va navbatdagi maqolada qaysi mavzuni ko‘rib chiqamiz?

23 Har birimiz Yahova uchun qadrlimiz. Xudo Uning oila a’zosi bo‘lishimizni istaydi. Imondoshlarimizni mustahkamlash uchun nimalar qilishimiz mumkinligi haqida mulohaza yuritishga vaqt ajratsak va o‘sha ishlarni bajarishga jon kuydirsak, jamoatga tegishli ekanimizni his etishimiz mumkin. Ammo jamoatdagilarga bo‘lgan nuqtai nazarimiz borasida nima desa bo‘ladi? Ularni sevishimizni va hurmat qilishimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz? Navbatdagi maqolada bu muhim mavzuni ko‘rib chiqamiz.

24-QO‘SHIQ Yahovaning tog‘iga keling

^ 5- x.b. Barchamiz Yahova bizni sevishini his etishni xohlaymiz. Ammo gohida «Yahovaga foydam tegyaptimi?» deb o‘ylashimiz mumkin. Ushbu maqola yordamida jamoatda har birimiz muhim o‘ringa ega ekanimizga diqqat qaratamiz.

^ 3- x.b. IBORA MA’NOSI. Yahovaning jamoatida tutgan o‘rnimiz jamoatni mustahkamlashda qanday ahamiyatga ega ekanimizni bildiradi. U irqimiz, tabaqamiz, iqtisodiy yo ijtimoiy kelib chiqishimiz, madaniyatimiz yoki olgan ma’lumotimiz bilan belgilanmaydi.

^ 62- x.b. PICTURE DESCRIPTION: Uchta rasmda yig‘ilishdan oldin, yig‘ilish paytida va yig‘ilishdan so‘ng nimalar bo‘layotgani ko‘rsatilgan. 1- rasm. Oqsoqol yig‘ilishga kelgan kishini iliq qarshi olyapti, yosh birodar mikrofonlarni tayyorlayapti, imondoshimiz keksa opamiz bilan suhbatlashyapti. 2- rasm. «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqida yosh-u qari sharh berish uchun qo‘l ko‘taryapti. 3- rasm. Juftlik Yig‘ilish zalini tozalashda qatnashyapti. Ona qizchasiga xayr-ehson qutisiga pul solishga yordamlashyapti. Adabiyotlar uchun mas’ul yosh birodar vazifasini bajaryapti, boshqa birodar esa keksa opamizga dalda beryapti.