Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

35-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaning jamoatidagi har bir kishini hurmat qiling

Yahovaning jamoatidagi har bir kishini hurmat qiling

Ko‘z qo‘lga: «Menga kerak emassan»,— deya olmaydi. Xuddi shunday, bosh ham oyoqlarga: «Menga keragingiz yo‘q», — deya olmaydi. 1 KOR. 12:21

124-QO‘SHIQ Vafodormiz

BU MAQOLADA *

1. Yahova har bir sadoqatli xizmatchisiga nimaga izn bergan?

YAHOVA sevgi ila har bir sadoqatli xizmatchisiga Uning jamoatida bo‘lishga izn bergan. Jamoatdagi vazifalarimiz turlicha bo‘lsa-da, barchamiz qadrlimiz va bir-birimizga kerakmiz. Havoriy Pavlus keltirgan misol yordamida bu muhim ekanini tushuna olamiz. Qiziq, qanday qilib?

2. Efesliklarga 4:16 ga ko‘ra, nega bir-birimizni qadrlashimiz hamda birgalikda mehnat qilishimiz darkor?

2 Ushbu maqolaning ochqich oyatida keltirilganiday, Pavlus hech birimiz Yahovaning boshqa xizmatchisiga qarata: «Menga keragingiz yo‘q»,— deb aytishga haqqimiz yo‘qligiga urg‘u bergan. (1 Kor. 12:21) Jamoatda tinchlik hukm surishini xohlasak, bir-birimizni qadrlashimiz hamda birgalikda mehnat qilishimiz darkor. (Efesliklarga 4:16 ni o‘qing.) Bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilganimizda, jamoat o‘sadi va sevgida mustahkamlanadi.

3. Ushbu maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

3 Jamoatdagi imondoshlarimizga hurmatni namoyon etishning ba’zi yo‘llari qanday? Ushbu maqolada qay yo‘sin oqsoqollar o‘zaro hurmat ko‘rsata olishini muhokama qilamiz. Shuningdek, turmush qurmagan birodar-u opa-singillarimizni qadrlayotganimizni qanday ko‘rsata olishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz. So‘ng bizning tilimizda yaxshi gapira olmaydigan imondoshlarimizga qay yo‘sin sevgini namoyon eta olishimizni ko‘rib chiqamiz.

OQSOQOLLAR, O‘ZARO HURMATNI NAMOYON ETING

4. Oqsoqollar Pavlusning Rimliklarga 12:10 da keltirilgan qaysi maslahatiga amal qilishlari lozim?

4 Jamoatdagi barcha oqsoqollar Yahovaning muqaddas ruhi orqali tayinlangan. Lekin ularning in’omlari va qobiliyatlari turlicha. (1 Kor. 12:17, 18) Ularning ba’zilari yaqinda tayinlangan va nisbatan kamroq tajribaga ega bo‘lishi mumkin. Boshqalar esa yoshi yoki sog‘liq muammolari tufayli ko‘p ish qila olmas. Shunga qaramay, hech bir oqsoqol boshqa oqsoqolga qarata: «Menga keragingiz yo‘q»,— deganday, munosabat qilmasligi zarur. Buning o‘rniga har bir oqsoqol Pavlusning Rimliklarga 12:10 da (o‘qing) keltirilgan maslahatiga amal qilishi lozim.

Oqsoqollar bir-birlarini diqqat ila tinglash orqali o‘zaro hurmatni namoyon eta olishadi (5-6-xatboshilariga qarang.)

5. Qay yo‘sin oqsoqollar bir-birlarini hurmat qilayotganini namoyon eta olishadi va nega bu muhim?

5 Oqsoqollar bir-birlarini diqqat ila tinglash orqali o‘zaro hurmatni namoyon eta olishadi. Oqsoqollar jiddiy masalani muhokama qilish uchun yig‘ilishganida bu ayniqsa muhim. Nega? «Qo‘riqchi minorasi»ning 1988-yil 1-oktyabr sonida nima deyilganiga e’tibor bering: «Oqsoqollar shuni tan oladiki, ular biron vaziyatni hal qilish yoki muhim qaror chiqarish oldida turganida, Masih muqaddas ruh orqali oqsoqollar kengashidagi har qanday oqsoqoldan foydalanib zaruriy bo‘lgan Muqaddas Kitob prinsipini taqdim eta oladi. (Havor. 15:6–15) Muqaddas ruh jamoatdagi birgina oqsoqolga emas, balki barchasiga yordam beradi».

6. Qay yo‘sin oqsoqollar bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qila olishadi va bu jamoatga qanday foyda keltiradi?

6 Boshqa oqsoqollarni hurmat qiladigan oqsoqol oqsoqollar uchrashuvida har doim birinchi bo‘lib gapirishga intilmaydi. Muhokama paytida ustuvorlik qilmaydi va doim o‘zinikini haq, deb bilmaydi. Aksincha, o‘z fikrini kamtarlik ila bildiradi. Qolaversa, u boshqalarning fikrini diqqat ila tinglaydi. Asosiysi, u Muqaddas Kitobdagi maslahatlarni muhokama qilishga hamda «ishonchli va aqlli xizmatkor» berayotgan yo‘l-yo‘riqqa amal qilishga tayyor bo‘ladi. (Mat. 24:45–47) Oqsoqollar masalalarni sevgi va hurmatni namoyon etgan holda muhokama qilishganida, Xudoning muqaddas ruhi ular bilan bo‘lib, jamoatni mustahkamlaydigan qarorlar chiqarishga ko‘maklashadi. (Yoqb. 3:17, 18)

TURMUSH QURMAGAN IMONDOSHLARGA HURMAT KO‘RSATING

7. Iso boshi ochiq imondoshlarga nisbatan qanday nuqtai nazarda bo‘lgan?

7 Bugungi kunda jamoatda juftliklar-u oilalar bor. Lekin turmush qurmagan birodar-u opa-singillar ham yo‘q emas. Boshi ochiq imondoshlarga nisbatan qanday fikrda bo‘lishimiz kerak? Xo‘sh, Iso bunga qanday nuqtai nazarda bo‘lgan? Yer yuzidagi xizmati davomida Iso oila qurmagan hamda e’tiborini vazifasiga qaratib, vaqtini uni bajarishga bag‘ishlagan. Iso masihiy uchun turmush qurish yoki turmush qurmaslik talab ekani haqida hech qachon ta’lim bermagan. Ammo u ba’zi masihiylar turmush qurmaslikni tanlashini aytgan. (Mat. 19:11, 12) Iso turmush qurmaganlarni hurmat qilgan. U bunday kishilarga past nazar bilan yoki boshqalardan kam joyi bordek qaramagan.

8. Korinfliklarga birinchi maktub 7:7–9 ga ko‘ra, Pavlus masihiylarni nima haqida o‘ylab ko‘rishga undagan?

8 Iso kabi havoriy Pavlus ham turmush qurmay xizmat qilgan. U masihiy turmush qursa xato qilgan bo‘ladi, deb hech qachon ta’lim bermagan. Pavlus bu shaxsiy tanlov ekanini tushungan. U masihiylarni Yahovaga turmush qurmay xizmat qila olish-olmasligi haqida o‘ylab ko‘rishga undagan. (1 Korinfliklarga 7:7–9 ni o‘qing.) Shunisi aniqki, Pavlus boshi ochiq masihiylarga past nazar bilan qaramagan. Masalan, Yahovaning ishida muhim vazifalarni bajarishni u turmush qurmagan yosh Timo‘tiyga ishonib topshirgan *. (Filip. 2:19–22) Darhaqiqat, birodar vazifalarni bajarishga mos kelish-kelmasligini faqatgina u turmush qurgan yoki qurmaganiga qarab belgilash noto‘g‘ri bo‘lardi. (1 Kor. 7:32–35, 38)

9. Oila qurish-qurmaslik borasida nima deya olamiz?

9 Na Iso, na Pavlus masihiylar turmush qurishlari yoki qurmasliklari kerak, deb o‘rgatgan. Unda oila qurish-qurmaslik borasida nima desa bo‘ladi? «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 1 oktyabr sonidan mazkur savolga javob olishimiz mumkin. U yerda quyidagicha deyilgan: «Ha, turmush qurishni ham, qurmaslikni ham Yahovadan in’om deyish mumkin. [...] Yahova turmush qurmaganlikni uyalish yoki tushkunlikka tushish uchun sabab, deb bilmaydi». Buni yodda tutgan holda, jamoatdagi turmush qurmagan birodar-u opa-singillarimizni hurmat qilishimiz darkor.

Turmush qurmagan imondoshlarimizni hurmat qilsak, nimadan qochamiz? (10-xatboshiga qarang.)

10. Turmush o‘rtog‘i yo‘q birodar-u opa-singillarimizni hurmat qilayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

10 Turmush o‘rtog‘i yo‘q birodar-u opa-singillarimizning his-tuyg‘ulari-yu vaziyatini hurmat qilayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz? Shuni yodda tutish joizki, ba’zi masihiylar turmush qurmaslikka shaxsan qaror qilgan. Boshqalar esa turmush qurishni xohlaydi-yu, lekin o‘z juftini hali topmagan. Ba’zilarning esa turmush o‘rtog‘i hayotdan ko‘z yumgandir. Nima bo‘lgan taqdirda ham, jamoatdagilar bu imondoshlarimizdan nega turmush qurishmagani haqida so‘rashsa yoki bu borada ularga yordam berishni taklif etishsa, o‘rinli bo‘larmidi? Albatta, ba’zi turmush qurmagan masihiylar bu masalada yordam so‘rashi mumkin. Lekin ular yordam so‘ramasa-da, kimdir turmush o‘rtoq topishga ko‘maklashishni taklif qilsa, ular o‘zlarini qanday his etishadi? (1 Salon. 4:11; 1 Tim. 5:13) Keling, turmush qurmagan sadoqatli birodar-u opa-singillarimiz bu haqda nima deganini ko‘rib chiqamiz.

11, 12. Qay yo‘sin turmush qurmagan imondoshlarimizning ko‘nglini og‘ritib qo‘yishimiz mumkin?

11 O‘z vazifasini yaxshi bajaradigan bo‘ydoq bir tuman noziri turmush qurmaslikning ko‘p afzalliklari bor, degan fikrda ekanini aytdi. Lekin imondoshlarimiz yaxshi niyatda undan: «Nega turmush qurmayapsiz?» — deb so‘rashgani unga og‘ir botishini aytdi. Filialda xizmat qilib kelayotgan bo‘ydoq birodarimiz shunday dedi: «Gohida shuni ko‘ramanki, ba’zi imondoshlarimiz turmush o‘rtog‘i bo‘lmaganlarga achinish kerak, degan fikrda. Bu tufayli turmush qurmaslik in’om emas, balki yukdek tuyulishi mumkin».

12 Baytilda xizmat qilayotgan turmush qurmagan opamiz shunday deb bo‘lishdi: «Ba’zi va’zgo‘ylarning fikricha, turmush qurmagan imondoshlarning bari o‘zlariga turmush o‘rtoq izlaydi yoki imondoshlar davrasida bo‘lishganida buni o‘ziga juft topish fursati, deb biladi. Bir safar Baytil ishi bilan mamlakatning boshqa qismiga borganimda, yig‘ilish paytiga kelib qoldim. Meni uyiga qabul qilgan opa jamoatda men tengi ikkita birodar borligini aytdi. U menga turmush o‘rtoq topishga yordam berishga urinmayotganini tushuntirdi. Lekin Yig‘ilish zaliga kirishimiz bilan u meni to‘ppa-to‘g‘ri o‘sha ikkita birodarning yoniga olib bordi. Ochig‘ini aytganda, bu uchalamiz uchun ham juda noqulay vaziyat bo‘ldi».

13. Turmush qurmagan bir opamizga kimlarning misoli dalda beradi?

13 Baytilda xizmat qilayotgan turmush qurmagan boshqa opamiz shunday dedi: «Mulohazakor, aniq maqsadlarga ega, boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zishga doim tayyor va turmush qurmagan yoshi katta baxtiyor kashshoflarni bilaman. Ularning jamoatga ko‘p foydasi tegadi. Ular turmush qurmaganiga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lib, yolg‘iz bo‘lgani uchun o‘zlarini boshqalardan ustun qo‘ymaydi. Shuningdek, turmush o‘rtog‘i va farzandlari bo‘lmagani tufayli o‘zlarini baxtsiz, deb hisoblamaydi». Bir-birini hurmat qiladigan va qadrlaydigan kishilarni o‘zida mujassam etgan jamoatda bo‘lish kishiga quvonch baxsh etadi. Ular sizga achinib ham qaramaydi, hasad ham qilmaydi, beparvo ham bo‘lmaydi, ko‘kka ham ko‘tarmaydi. Shunchaki ular sizni sevishini bilasiz.

14. Turmush qurmagan imondoshlarimizni hurmat qilayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

14 Imondoshlarimizni turmush qurgan-qurmaganiga qarab emas, balki go‘zal fazilatlari uchun qadrlasak minnatdor bo‘lishadi. Ularga achinmay, sadoqati uchun qadrlasak yaxshi bo‘lardi. Shunda turmush qurmagan birodar-u opa-singillarimiz o‘zlarini: «Menga keragingiz yo‘q» — deb aytilgandek his qilishmaydi. (1 Kor. 12:21) Aksincha, ularni hurmat qilayotganimizni va jamoatdagi o‘rinlarini qadrlayotganimizni bilishadi.

SIZNING TILINGIZDA YAXSHI GAPIRA OLMAYDIGANLARGA HURMAT KO‘RSATING

15. Ba’zilar xizmatini kengaytirish uchun hayotiga qanday o‘zgarishlar kiritdi?

15 So‘nggi yillarda ko‘pgina va’zgo‘ylar xizmatini kengaytirish uchun yangi tilni o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Buning uchun ular hayotiga o‘zgarishlar kiritishiga to‘g‘ri keldi. Bu birodar-u opa-singillarimiz ularning ona tilidagi jamoatdan, o‘zga tilda gapiradigan hamda va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan jamoatga xizmat qilish uchun o‘tishdi. (Havor. 16:9) Bu imondoshlarimiz Shohlik manfaatlarini olg‘a surish maqsadida bunday shaxsiy qaror chiqarishdi. Garchi o‘zga tilda ravon gapirishlari uchun yillar kerak bo‘lsa-da, ular ko‘p jihatdan jamoatga yordam berishyapti. Ularning ajoyib fazilatlari-yu tajribasi jamoatdagi birodaru opa-singillarni mustahkamlayapti. Biz bu fidoyi imondoshlarimizni qadrlaymiz!

16. Oqsoqollar birodarlar oqsoqol yoki jamoat xizmatkori bo‘la olish-olmasligi borasida nimaga asoslanib qaror chiqaradi?

16 Birodar jamoatning tilida hali ravon gapira olmagani tufayligina oqsoqollar kengashi u oqsoqol yoki jamoat xizmatkori sifatida xizmat qilolmaydi, deb qaror chiqarmasligi kerak. Oqsoqollar birodar o‘sha jamoatning tilida qanchalik yaxshi gapirishi emas, balki u oqsoqol va jamoat xizmatkorlari uchun Muqaddas Kitobdagi talablarga mos kelish-kelmasligi asosida bir to‘xtamga keladi. (1 Tim. 3:1–10, 12, 13; Titus. 1:5–9)

17. Oila boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tsa ota-ona qanday qaror chiqarishiga to‘g‘ri keladi?

17 Ba’zi masihiy oilalar panoh yoki ish topish maqsadida boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tgan. Bunday vaziyatlarda ularning farzandlari maktabda o‘sha mamlakatning asosiy tilida ta’lim olishi mumkin. Shuningdek, ish topish uchun ota-onalar o‘sha tilni o‘rganishlariga to‘g‘ri kelar. U yerda ularning ona tilida jamoat yoki guruh bo‘lsa-chi? Oila qaysi tildagi jamoatga qatnashi kerak: mamlakatning asosiy tilida o‘tadigan jamoatgami yoki o‘z ona tilidagisigami?

18. Rimliklarga 15:7 ga ko‘ra, oila boshi chiqargan qarorga qay yo‘sin hurmat ko‘rsata olamiz?

18 Oila boshi qaysi jamoatga qatnash borasida qaror chiqarishi kerak. Bu shaxsiy masala bo‘lib, u oilasi uchun nima eng yaxshi ekani ustida mulohaza yuritishi darkor. (Galatiyaliklarga 6:5 ni o‘qing.) Biz esa oila boshi chiqargan qarorni hurmat qilishimiz lozim. U qanday qaror chiqarmasin, keling, bu qarorni hurmat qilib, oilasini jamoatimizning qimmatbaho bir qismi sifatida qabul qilaylik. (Rim. 15:7)

19. Oila boshi nima to‘g‘risida ibodat ila mulohaza yuritishi kerak?

19 Boshqa vaziyatlarda oilalar ota-onaning ona tilidagi jamoatda xizmat qilishi, bolalar esa bu tilda yaxshi gapira olmasligi mumkin. Agar o‘sha jamoat mamlakatning asosiy tilida gaplashadigan hududda joylashgan bo‘lsa, unda farzandlar yig‘ilishdagi dasturlarni tushunishga qiynalishi hamda ma’nan o‘smasligi mumkin. Nega? Sababi bolalar qatnayotgan maktab ota-onasining tilida emas, mamlakatning asosiy tilida bo‘lishi mumkin. Bunday paytda oila boshi farzandlariga Yahova hamda Uning xalqiga yaqinlashishga yordam berish uchun nima qilishi lozimligi to‘g‘risida ibodat ila mulohaza yuritishi kerak. Ota-ona farzandlariga o‘zlarining ona tilini o‘rgatishi yoki farzandlari yaxshi tushunadigan tildagi jamoatga o‘tishlari kerak bo‘ladi. Oila boshi qanday qarorga kelishidan qat’iy nazar, u xizmat qilishni tanlagan jamoat uni hamda oilasini hurmat qilishi va qadrlashi darkor.

Yangi tilni o‘rganayotganlarga hurmatni qanday namoyon eta olamiz? (20-xatboshiga qarang.)

20. Yangi tilni o‘rganayotgan birodar-u opa-singillarimizni hurmat qilayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

20 Yuqorida ko‘rib chiqqanimizdek, ko‘plab jamoatlarda yangi tilni zo‘r berib o‘rganayotgan birodar-u opa-singillarimiz bor. Ular uchun o‘z fikrlarini ifodalash qiyin kechishi mumkin. Lekin ular yangi tilda qanday gapirayotganidan ko‘prog‘iga nazar solsak, ularning Yahovaga bo‘lgan sevgisi hamda Unga xizmat qilish istagini ko‘ra olamiz. Birodar-u opa-singillarimizning ushbu go‘zal fazilatlarini ko‘ra olsak, ularni qadrlab, chuqur hurmat qilamiz. Ular bizning tilimizda yaxshi gapira olmagani uchungina: «Menga keragingiz yo‘q»,— deganday munosabatda bo‘lmaymiz.

YAHOVA UCHUN QADRLIMIZ

21, 22. Qanday ajoyib sharafga egamiz?

21 Yahova Uning jamoatida o‘z o‘rnimizga ega bo‘lish kabi ajoyib sharafni bergan. Erkakmizmi yo ayol, turmush qurganmizmi yo yo‘q, yoshmizmi yo qari, muayyan tilda yaxshi gapiramizmi yoki yo‘q, Yahova hamda bir-birimiz uchun qadrlimiz. (Rim. 12:4, 5; Kolos. 3:10, 11)

22 Keling, Pavlus inson tanasi to‘g‘risida keltirgan misoldan olgan ajoyib saboqlarga muvofiq yo‘l tutishda davom etaylik. Shunday yo‘l tutib, Yahovaning jamoatida o‘zimiz va boshqalar tutgan o‘rinni qadrlayotganimizni ko‘rsatishning boshqa yo‘llarini ham izlaymiz.

90-QO‘SHIQ Bir-birimizga dalda beraylik

^ 5- x.b. Yahovaning xizmatchilari turlicha bo‘lib, jamoatda har xil vazifalarni bajarishadi. Ushbu maqolada Yahovaning jamoatidagi har bir kishini hurmat qilish nega muhim ekanini ko‘rib chiqamiz.

^ 8- x.b. Timo‘tiy hech qachon oila qurmagan, deb aniq ayta olmaymiz.