Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

34-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaning himmatini «totib ko‘ring». Qanaqasiga?

Yahovaning himmatini «totib ko‘ring». Qanaqasiga?

Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan, Unda panoh topgan inson baxtlidir. ZAB. 34:8

117-QO‘SHIQ Himmatli bo‘laylik

BU MAQOLADA *

1, 2. Zabur 34:8 ga ko‘ra, Yahovaning himmati haqida qay yo‘sin bilib olishimiz mumkin?

TASAVVUR QILING, sizga oldin hecham totib ko‘rmagan taomni taklif qilishdi. Unga qarab, hidlab va qanday masalliqlar ketganini bilib yoki boshqalardan bu taom borasida fikrini so‘rab, u haqda muayyan tushunchaga ega bo‘lasiz. Ammo uni totib ko‘rganingizdagina, aslida, u sizga yoqish-yoqmasligini aniqlay olasiz.

2 Muqaddas Kitob va unga asoslangan adabiyotlarni o‘qish, boshqalarning Yahovadan qanday barakalar olgani to‘g‘risidagi hikoyalarini tinglash orqali Uning himmati haqida bilib olamiz. Lekin Yahova qanchalik yaxshi ekanini tushunish uchun Uning himmatini o‘zimiz «totib ko‘rishimiz» lozim. (Zabur 34:8 ni o‘qing.) Buni qanday qilishimiz mumkinligini bilish uchun, keling, quyidagi misolga e’tibor beraylik. Aytaylik, to‘la vaqtli xizmatning qaysidir turida ishtirok etmoqchimiz. Bu maqsadga erishish uchun esa hayotimizni soddalashtirishimiz kerak. Shohlikni birinchi o‘ringa qo‘ysak, Yahova bizga kerakli narsalarni taqdim etishi haqidagi Isoning va’dasini tez-tez o‘qirmiz. Biroq bu va’da o‘zimizda amalga oshganini hech his qilmagandirmiz. (Mat. 6:33) Ammo Isoning bu va’dasiga ishonayotganimiz uchun, xarajatlarimizni kamaytirishga, ish jadvalimizga o‘zgarishlar kiritishga va xizmatimizga diqqat qaratishga intilayotgandirmiz. Shunday qilsak, Yahova chindan ham ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qilishini o‘zimizda his etishga o‘rganamiz. Yahovaning himmatini shaxsan «totib ko‘ramiz».

3. Zabur 31:19 ga binoan, kimlar Yahovaning himmatiga ega bo‘ladi?

3 Yahova «barcha yaratganlariga», hatto Uni tanimaydiganlarga ham «marhamatli» yoki boshqacha qilib aytganda, himmatli. (Zab. 145:9; Mat. 5:45) Lekin, ayniqsa, Yahovani sevadigan va Unga sidqidildan xizmat qiladiganlar mo‘l-ko‘l barakalarga ega bo‘ladi. (Zabur 31:19 ni o‘qing.) Yahova biz uchun qilayotgan ayrim yaxshiliklarini ko‘rib chiqaylik.

4. Yahova Unga yaqinlashishni boshlaganlarga himmatini qay yo‘sin ko‘rsatmoqda?

4 Yahovadan bilib olayotganlarimizga har safar amal qilganimizda, bu hayotimizga yaxshi ta’sir qilishini ko‘ramiz. Xudoni tanib-bilganimiz va Unga bo‘lgan sevgimiz oshgani sayin, U qachonlardir bizni Undan uzoqlashtirgan fikrlash tarzini-yu odatlarni yengishimizga yordam berdi. (Kolos. 1:21) O‘zimizni Yahovaga bag‘ishlab, suvga cho‘mganimizda, U bizga pok vijdon va U bilan yaqin do‘st bo‘lish imkoniyatini berganida, Uning himmatini yanada ko‘proq his etdik. (1 Butr. 3:21)

5. Qanday qilib xizmatimizda Yahovaning himmatini his etyapmiz?

5 Xizmatda ishtirok etganimiz sayin Yahovaning himmatini his qilishda davom etamiz. Tortinchoq insonmisiz? Yahovaning ko‘p xizmatchilari tortinchoq. Balki Unga xizmat qilishni boshlashdan avval mutlaq begona kishining uyiga borib eshigini taqillatishni va Kalom asosida suhbat qurishni xayolingizga ham keltirmagandirsiz. Hozir esa bu bilan doim bandsiz. Eng muhimi, Yahovaning ko‘magi bilan va’zgo‘ylik ishidan zavq olishga o‘rgandingiz! U sizni turli yo‘llar orqali qo‘llab-quvvatlashini his etyapsiz. Sizga qarshi chiqqanlarga duch kelganingizda, Xudo xotirjamlikni saqlashingizga ko‘maklashyapti. Shuningdek, U qiziqish bildirgan inson bilan bo‘lishish uchun ayni kerakli oyatni eslashingizga yordam beryapti. Qolaversa, xushxabarga befarq odamlar yashaydigan hududda xizmatingizni davom ettira olishingiz uchun kuch beryapti. (Yerm. 20:7–9)

6. Qanday qilib Yahova berayotgan ta’lim U himmatli ekanini isbotlamoqda?

6 Qolaversa, Yahova qanday xizmat qilish borasida ta’lim berib bizga O‘z himmatini namoyon etmoqda. (Yuhan. 6:45) Hafta o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvda puxta o‘ylangan taxminiy suhbatlarni tomosha qilamiz va ularni xizmatda qo‘llashga undalamiz. Avvaliga biron yangi narsani qilib ko‘rishga xavotirlanarmiz. Ammo bunday qilganimizda bu yaxshi ish berganining guvohi bo‘lamiz. Shuningdek, yig‘ilishlar-u anjumanlarda bizni va’z qilishning turli usullaridan foydalanishga undashadi. Ehtimol, oldin ularni hech qachon qilib ko‘rmagandirmiz. Bu ham bizni tashvishlantirishi mumkin. Lekin urinib ko‘rsak, Yahova baraka beradi. Keling, vaziyatimiz turlicha bo‘lsa ham Yahovaga eng a’losini berib yangi usullarni qo‘llaganimizda qanday barakalar olishimizni ko‘rib chiqaylik. Keyin esa qaysi yo‘llar orqali xizmatimizni kengaytira olishimizga e’tibor beramiz.

YAHOVA UNGA TAYANADIGANLARGA BARAKA BERADI

7. Xizmatimizni kengaytirish uchun jon kuydirganimizda, qanday barakalarga ega bo‘lamiz?

7 Yahovaga yanada yaqinlashamiz. Keling, oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan Semyuel * va xotinining misoliga diqqat qarataylik. Ular Kolumbiyada xizmat qiladi. Bu juftlik jamoatida kashshof bo‘lib xizmat qilishni yoqtirardi, lekin ehtiyoj katta bo‘lgan jamoatda yordam berish niyatida xizmatini kengaytirmoqchi bo‘ldi. Ushbu maqsadga erishish uchun ular fidoyilikni namoyon etdi. Semyuel shunday dedi: «Matto 6:33 ni amalda qo‘lladik va aslida bizga kerak bo‘lmagan narsalarni xarid qilishni to‘xtatdik. Ammo eng mushkul qadam uyimizdan ko‘chish bo‘ldi. Uyimiz aynan biz istaganday edi va u yerda bepul yashardik». Ular yangi jamoatga ko‘chganda, oldingiga qaraganda yashash uchun ancha kamroq pul sarflardi. «Yahova bizni qanday yo‘naltirganini va ibodatlarimizga javob berganini ko‘rardik.— dedi Semyuel.— Yahova bizdan mamnun ekanini va Uning sevgisini turli yo‘llar orqali his qilyapmiz. Oldin bunaqasi hecham bo‘lmagan». Xo‘sh, qaysidir yo‘l orqali xizmatingizni kengaytira olasizmi? Bunday yo‘l tutib, Yahovaga yanada yaqinlashasiz va U sizga g‘amxo‘rlik qilishiga amin bo‘lasiz. (Zab. 18:25)

8. Ivan va Viktoriyaning misolidan qanday saboq oldingiz?

8 Xizmatimizdan quvonch topamiz. Qirg‘izistonda kashshof bo‘lib xizmat qilayotgan Ivan bilan Viktoriya nima deb aytganiga ahamiyat bering. Ular har qanday vazifani olishga, jumladan, qurilish loyihalarida ishtirok etishga tayyor bo‘lish uchun hayotini soddalashtirgan. Ivan shunday dedi: «Har bir vazifani chin ko‘ngildan bajarish uchun jon kuydirdik. Hatto kun oxirida charchagan bo‘lsak ham, kuchimizni Shohlik ishi uchun sarflaganimizni bilish ichki xotirjamlik va mamnuniyat his qilishga yordam bergan. Qolaversa, yangi do‘stlar orttirdik va yoqimli xotiralarga ega bo‘ldik». (Mark 10:29, 30)

9. Vaziyati qiyin bo‘lgan bir opamiz xizmatini kengaytirish uchun nima qildi va buning natijasi qanday bo‘ldi?

9 Qiyin vaziyatda bo‘lsak ham, Yahovaga xizmat qilishdan quvona olamiz. Misol uchun, G‘arbiy Afrikadagi keksa va beva opamiz Merax ilgari shifokor bo‘lgan. Nafaqaga chiqqach, u kashshoflikni boshlagan. U og‘ir kasallikka (artrit) chalingan va ba’zida uyma-uy xizmatda atigi bir soat ishtirok eta oladi. Biroq Merax jamoat joylarida va’z qila oladi. Qolaversa, opamiz ko‘p takroriy tashriflar qiladi va Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazadi. Ularning ba’zilari bilan telefon orqali bog‘lanadi. Merax opamizni Yahovaga ko‘proq xizmat qilishga nima undadi? «Yahova hamda Iso Masihga bo‘lgan sevgim qalbimda jo‘sh uradi. Shuningdek, tez-tez ibodat qilib, xizmatda imkon qadar ko‘proq qilishim uchun Yahovadan yordam so‘rayman»,— dedi u. (Mat. 22:36, 37)

10. Xizmatini kengaytirganlar Yahovadan qanday baraka olyapti? (1 Butrus 5:10)

10 Yahovadan qo‘shimcha ta’lim olamiz. Mavrikiyda kashshof bo‘lib xizmat qilayotgan Kenni bu so‘zlar chin ekaniga amin bo‘ldi. U haqiqatni bilganida, universitetni qoldirdi, suvga cho‘mdi va doimiy kashshof bo‘lib xizmat qila boshladi. Kenni quyidagicha bo‘lishdi: «Ishayo payg‘ambarning: “Men boraman! Meni yubor!” — degan so‘zlariga muvofiq yashashga intilyapman». (Ishayo 6:8) Kenni anchagina qurilish loyihalarida qatnashdi va adabiyotlarimizni ona tiliga tarjima qilishga yordam berdi. «Olgan ta’limim yordamida vazifalarimni bajarishda asqatadigan qobiliyatlarni rivojlantira oldim»,— dedi Kenni. U shunchaki ishini qanday bajarish kerakligidan ko‘ra ko‘prog‘ini bilib oldi. U shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Yahovaga yaxshiroq xizmat qila olishim uchun qanday fazilatlarni rivojlantirishim kerakligini va nimalar men uchun qiyin ekanini bilib oldim». (1 Butrus 5:10 ni o‘qing.) Balki siz ham Yahovadan qo‘shimcha ta’lim olish uchun qandaydir o‘zgarishlar qila olarsiz?

Juftlik va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan hududda va’z qilyapti; singlimiz Yig‘ilish zalining qurilishida yordam beryapti; keksa juftlik telefon orqali va’z qilyapti. Ularning barchasi xizmatidan ulkan quvonch topyapti (11-xatboshiga qarang.)

11. Janubiy Koreyadagi opalarimiz xizmatini kengaytirish uchun nimalar qildi va bu qanday natija keltirdi? (Muqovadagi rasmga ham qarang.)

11 Hatto ko‘p yillar davomida xizmat qilayotgan Shohidlar xizmatning yangi usulini qo‘llashdan avval ta’lim olishi kerak bo‘ladi. COVID-19 pandemiyasi paytida Janubiy Koreyadagi oqsoqollar quyidagicha yozdi: «Sog‘lik tufayli va’zgo‘ylik xizmatida qatnasha olmayman, deb o‘ylagan ba’zilar hozirda videokonferensiya orqali buni qila olyapti. Yoshi 80 dan oshgan uchta opamiz bu faoliyatda qatnashish uchun kompyuterdan foydalanishni o‘rgandi. Hozir ular deyarli har kuni xizmat qilyapti». (Zab. 92:14, 15) Siz ham xizmatingizni kengaytirib, Yahovaning himmatini yanada ko‘proq totib ko‘rishni xohlarmidingiz? Bu maqsadga erishish uchun sizga qaysi ba’zi qadamlar yordam berishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring.

MAQSADGA QANDAY ERISHA OLASIZ?

12. Yahova Unga tayanadiganlarga qanday va’da bermoqda?

12 Yahovaga tayanishni o‘rganing. Xudo Unga tayanib, o‘zimizdagi eng a’losini berganimizda barakalar yog‘dirishini va’da bermoqda. (Mal. 3:10) Kolumbiyadagi Fabiola Yahova uning vaziyatida bu va’dasining ustidan chiqqanini ko‘rdi. U suvga cho‘mganidan ko‘p o‘tmay, doimiy kashshof sifatida xizmat qilishni istagandi. Biroq uchta farzandini moddiy tarafdan ta’minlash uchun eriga yordam berishi kutilardi. Nafaqaga chiqish yoshi kelganda, u Yahovadan yordam so‘rab sidqidildan ibodat qildi. U shunday dedi: «Odatda odamlar nafaqa pulini olishni uzoq kutishiga to‘g‘ri keladi. Lekin men bir oy o‘tgach, nafaqa pulimni ola boshladim. Bu mo‘jiza edi!» Ikki oy o‘tgach, opamiz kashshoflikni boshladi. Hozir uning yoshi 70 dan oshgan va 20 yildan ziyod vaqtdan beri kashshoflik qilyapti. Bu vaqt davomida u sakkizta kishiga suvga cho‘mishga ko‘maklashdi. Opamiz: «Gohida o‘zimni holsiz his qilsam ham, Yahova kashshoflikni davom ettirishimga har kuni yordam beryapti»,— dedi.

Qanday qilib Ibrohim bilan Sora, Yoqub va Iordan daryosini kechib o‘tgan ruhoniylar Yahovaga tayanayotganini ko‘rsatdi? (13-xatboshiga qarang.)

13, 14. Qaysi misollar Yahovaga tayanishimizga va maqsadimizga erishishga yordam berishi mumkin?

13 Yahovaga tayangan odamlardan saboq oling. Muqaddas Kitobda Yahovaga xizmat qilish uchun jon kuydirgan odamlarning misollari bisyor. Ko‘p misollardan shuni ko‘ryapmizki, o‘sha xizmatchilar birinchi qadamni qo‘yganidan keyingina Yahova ularga o‘zgacha baraka bergan. Masalan, Ibrohim «hatto o‘zi qayerga ketayotganini bilmasa-da», uyini tark etgan. Bundan so‘ng Yahova unga baraka bergan. (Ibron. 11:8) Yoqub farishta bilan kurashganidan keyingina o‘zgacha barakaga ega bo‘lgan. (Ibt. 32:24–30) Isroil xalqi va’da qilingan yurt ostonasida turganida, ruhoniylarning oyoqlari Iordan sohilidagi suvlarga tegishi bilanoq suvlar qurib qolgan va xalq undan o‘ta olgan. (Yoshua 3:14–16)

14 Yahovaga tayanib maqsadiga erishgan zamonaviy Shohidlarning misolidan ham foyda olishingiz mumkin. Masalan, Peyton xotini Diana bilan «Xizmat qilishga xohish bildirganlar» * turkumidagi xizmatini kengaytirgan imondoshlarimiz haqida o‘qishni yoqtirardi. Peyton shunday dedi: «Ularning hikoyalarini o‘qiganimizda, go‘yoki mazali taomdan bahramand bo‘layotgan insonlarni tomosha qilayotganday bo‘lardik. Ko‘rganimiz sayin, “totib ko‘rib, Yahova yaxshi ekanini” bilib olish istagimiz kuchayardi». Oxiri Peyton va Diana ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilish uchun ko‘chib o‘tdi. Siz ham bu turkumdagi maqolalarni o‘qiganmisiz? jw.org saytida ko‘p tillarda chiqqan «Olis hududda va’z qilish. Avstraliya» va «Olis hududda va’z qilish. Irlandiya» nomli videolarni tomosha qilganmisiz? Bu ma’lumot xizmatingizni kengaytirish yo‘llarini topishingizga yordam berishi mumkin.

15. Yahovaga ko‘proq xizmat qilishga undaydiganlar bilan muloqot qilish qanday yordam berishi mumkin?

15 Yahovaga ko‘proq xizmat qilishga undaydigan insonlar bilan muloqot qiling. Masalan, umrimizda yeb ko‘rmagan taomni uni yoqtiradiganlar bilan birga yesak, ishtahamiz ochiladi. Shu singari, Yahovaga xizmat qilish hayotida markaziy o‘rinni egallaydigan insonlar bilan muloqot qilsak, xizmatimizni kengaytirishga intilishimizning ehtimoli ko‘payadi. Kent va Veronika ismli turmush o‘rtoqlar bilan bu yuz berdi. «Do‘stlarimiz va oila a’zolarimiz bizni xizmatning yangi usullarini qo‘llab ko‘rishga undadi. Shohlik payida bo‘lganlar bilan muloqot qilib, yangi narsalarni qila olishimizga bo‘lgan ishonchimiz oshganini tushundik»,— dedi Kent. Hozir bu juftlik Serbiyada maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilmoqda.

16. Iso keltirgan misoldan ko‘rganimizday, nega fidoyi bo‘lishga tayyor bo‘lishimiz lozim? (Luqo 12:16–21)

16 Yahovaning xizmatida fidoyi bo‘ling. Yahovani mamnun qilish uchun bizga quvonch keltiradigan barcha narsadan voz kechish kutilmaydi. (Voiz 5:19, 20) Ammo o‘zimizga yoqadigan narsalardan voz kechishni istamaganimiz uchungina Xudoning xizmatida ko‘proq qilishni ortga sursak, Isoning misolidagi kishi qilgan xatoni takrorlashimiz hech gap emas. U o‘zi uchun qulay hayot tarzini yaratgan, ammo Xudoni nazariga ilmagan. (Luqo 12:16–21 ni o‘qing.) Fransiyadagi Kristian shunday dedi: «Vaqt hamda kuchimga kelganda, Yahovaga va oilamga eng yaxshisini bermayotgandim». U va xotini kashshoflikni boshlashga qaror qildi. Biroq bu maqsadga erishish uchun ular ishidan bo‘shashi kerak edi. Ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun ular tozalik ishlari bilan shug‘ullanardi va boriga qanoat qilishni o‘rgandi. Xo‘sh, bu arzigulikmidi? Kristian: «Hozirda xizmatimiz yanada mazmunli. Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganlar va biz takroriy tashrif qiladigan odamlar Yahova haqida ko‘proq bilib olayotganini ko‘rish quvonchli»,— dedi.

17. Nega xizmatning yangi turlarini qo‘llash oson bo‘lmasligi mumkin?

17 Xizmatning yangi usullarini qo‘llashga tayyor bo‘ling. (Havor. 17:16, 17; 20:20, 21) AQShdagi Shirli ismli kashshof COVID-19 pandemiyasi davomida xizmatiga o‘zgarishlar kiritishiga to‘g‘ri keldi. Avvaliga u telefon orqali va’z qilishdan hadiksiradi. Ammo tuman nozirining tashrifi mobaynida bu borada ta’lim oldi. Hozir u muntazam ravishda xizmatning bu turida qatnashyapti. Shirli quyidagicha bo‘lishdi: «Boshida qo‘rqinchli edi, biroq hozir bundan quvonch topyapman. Uyma-uy xizmat qilishga qaraganda, hozir ko‘proq odamlar bilan suhbat qura olyapmiz».

18. Xizmatni kengaytirishga intilayotib, qiyinchiliklarga chidashimizga nima yordam berishi mumkin?

18 Reja tuzing va unga muvofiq yo‘l tuting. Muammolarga duch kelganimizda, ularni hal qilish uchun ibodat qilish va tafakkurimizni ishga solish yordam beradi. (Hik. 3:21) Yevropada lo‘li tilidagi guruhda doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilayotgan Sonya shunday dedi: «Maqsadlarimni qog‘ozga yozib qo‘yishni yoqtiraman. Uni ko‘rinadigan joyga qo‘yaman. Yana stolim ustida ikkita turli yo‘nalish tasvirlangan yo‘llarning rasmi turadi. Qaror chiqarishim kerak bo‘lganda, bu rasmga qarayman va qarorim erishmoqchi bo‘lgan maqsadimga olib boradimi-yo‘qmi o‘ylab ko‘raman». Sonya duch kelayotgan qiyinchiliklariga ijobiy nuqtai nazarda bo‘lishga intiladi. U quyidagicha aytdi: «Har bir yangi vaziyat yo‘limni to‘sadigan devor yoki menga yordam beradigan ko‘prik bo‘lishi mumkin. Bu nuqtai nazarimga bog‘liq».

19. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim?

19 Yahova ko‘p yo‘llar orqali bizga barakalar ato etmoqda. Unga sharaf keltirish uchun jon kuydirganimizda, bu barakalar uchun juda minnatdor ekanimizni ko‘rsatamiz. (Ibron. 13:15) Yahovaning xizmatida ko‘pgina ishlarni amalga oshira olamiz, U esa o‘z navbatida mo‘l-ko‘l barakalar beradi. Keling, har kuni: «Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan»,— degan so‘zlar chin ekanini his qilish imkoniyatlarini izlaylik. Shunda Iso kabi yo‘l tutgan bo‘lamiz. U quyidagicha degan: «Mening ovqatim, meni Yuborganning irodasini bajarish va Uning ishini yakuniga yetkazishdir». (Yuhan. 4:34)

80-QO‘SHIQ «Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan»

^ 5- x.b. Barcha yaxshi narsalarning Manbai Tangri Yahovadir. U hammaga, hatto yovuz insonlarga ham yaxshi narsalarni bermoqda. Lekin U, ayniqsa, sadoqatli xizmatchilari uchun yaxshi narsalar qilishni xush ko‘radi. Bu maqoladan Yahova xizmatchilariga qay yo‘sin barakalar berayotganini bilib olamiz. Shuningdek, xizmatini kengaytirmoqchi bo‘lganlar qanday qilib Yahovaning himmatini o‘zgacha tarzda his qila olishi haqida gap boradi.

^ 7- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 14- x.b. Bu turkum oldinlari «Qo‘riqchi minorasi»da nashr etilardi, hozir esa uni jw.org saytidan topish mumkin. BIZ HAQIMIZDA > HIKOYALAR > MA’NAVIY MAQSADLARGA ERISHISH sarlavhasiga qarang.