Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

30-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaning oilasidagi o‘rningizni qadrlang

Yahovaning oilasidagi o‘rningizni qadrlang

Sen uni farishtalardan bir oz past qilib, ulug‘vorlik va shon-sharafni unga toj qilib kiygizding. ZAB. 8:5

123-QO‘SHIQ Ilohiy tartibga sadoqat-la bo‘ysunamiz

BU MAQOLADA *

1. Yahova yaratgan barcha narsalar ustida mulohaza qilganimizda xayolimizga nima keladi?

YAHOVA yaratgan ulkan koinot haqida mulohaza yuritganimizda, o‘zimizni quyidagicha ibodat qilgan sano bastakori Dovud kabi his qilarmiz: «Men osmonga, qo‘llaring mahsuliga, Sen yaratgan oy va yulduzlarga qaraganimda: “O‘tkinchi inson nedirki, uni yodga olasan? Inson o‘g‘li nedirki, unga g‘amxo‘rlik qilasan?” — deb o‘ylanib qolaman». (Zab. 8:3, 4) Unga o‘xshab, Yahova yaratgan yulduzlarga qaraganimizda, zarrachaday ekanimizni anglaymiz va U bizga e’tibor berayotganidan hayratlanamiz. Keling, Yahova nafaqat ilk juftlik — Odamato va Momohavoga g‘amxo‘rlik qilganiga, balki ularni oila a’zolari sifatida qabul qilganiga nazar solamiz.

2. Yahova Odamato va Momohavoga qanday vazifa bergan edi?

2 Odamato bilan Momohavo Yahovaning yer yuzidagi ilk farzandlari edi va U ularning g‘amxo‘r samoviy Otasi bo‘lgan. Xudo bu juftlikka vazifa berib, shunday degan: «Serfarzand bo‘lib, ko‘payinglar va yer yuzini to‘ldirib, tobe qilinglar». (Ibt. 1:28) Ular farzandli bo‘lishi va yer yuzini parvarish qilishi kerak edi. Ilk juftlik itoatli bo‘lib, Xudo aytganlarini qilganida, ularning avlodi Xudo oilasining abadiy a’zolari bo‘lib qolardi.

3. Nega Odamato va Momohavo Yahovaning oilasida sharafli o‘ringa ega edi, deb ayta olamiz?

3 Odamato va Momohavo Yahovaning oilasida sharafli o‘ringa ega edi. Zabur 8:5 da yozilganiday, Dovud Yahova yaratgan inson to‘g‘risida shunday degan: «Sen uni farishtalardan bir oz past qilib, ulug‘vorlik va shon-sharafni unga toj qilib kiygizding». To‘g‘ri, Xudo odamlarga farishtalarnikiday qudrat, aql va qobiliyatlar bermagan. (Zab. 103:20) Biroq insonlar bu qudratli mavjudotlarga qaraganda «bir oz past». Bir o‘ylab ko‘ring, Yahova ilk ota-onamizga ajoyib hayotni ato etgan edi.

4. Ilk juftlik Yahovaga itoatsizlik qilgani tufayli nima bo‘ldi va bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

 4 Afsuski, ilk juftlik Yahovaning oilasidagi o‘rnini yo‘qotdi. Bu ularning avlodlariga ayanchli oqibatlar olib keldi. Buni maqolaning davomida ko‘rib chiqamiz. Lekin Yahovaning niyati o‘zgargani yo‘q. U itoatli insonlar abadulabad Uning farzandlari bo‘lishini istaydi. Avvaliga, keling, Yahova bizni qay yo‘sin sharafga sazovor qilganiga diqqat qaratamiz. Keyin Yahova oilasining bir qismi bo‘lishni istayotganimizni hozirda qanday ko‘rsatishimiz mumkinligini muhokama qilamiz. Shuningdek, Yahovaning yerdagi farzandlari hayotdan toabad zavqlanib yashashiga e’tibor beramiz.

QAY YO‘SIN YAHOVA INSONIYATNI SHARAFGA SAZOVOR QILDI?

Qay yo‘sin Yahova bizni sharafga sazovor qildi? (5–11-xatboshilariga qarang.) *

5. Xudoga monand qilib yaratilganimiz uchun Unga qay yo‘sin sharaf keltira olamiz?

5 Yahova bizni O‘ziga monand qilib yaratgani bilan bizni sharafga sazovor qildi. (Ibt. 1:26, 27) Xudoga monand qilib yaratilganimiz tufayli Uning sevgi, mehr-shafqat, sadoqat va adolat kabi ko‘p ajoyib fazilatlarini rivojlantirishimiz va namoyon etishimiz mumkin. (Zab. 86:15; 145:17) Shu yo‘sin, Yahovaga sharaf keltiramiz va Undan minnatdor ekanimizni ko‘rsatamiz. (1 Butr. 1:14–16) Samoviy Otamizga yoqadigan hayot tarzini kechirsak, bundan baxtiyor va mamnun bo‘lamiz. Qolaversa, Yahovaning fazilatlariga ega bo‘lganimiz tufayli U oilasida ko‘rishni istagan odamga aylanishimiz mumkin.

6. Yahova yer yuzini tayyorlaganida qay yo‘sin odamlarni sharafga sazovor qildi?

6 Yahova biz uchun ajoyib uy tayyorladi. Yahova ilk odamni yaratishdan ancha avval yer yuzini odamlar uchun tayyorladi. (Ayub 38:4–6; Yerm. 10:12) Yahova mehribon va saxiy bo‘lgani tufayli baxtiyor bo‘lishimiz uchun yaxshi narsalarni mo‘l-ko‘l qilib yaratdi. (Zab. 104:14, 15, 24) U yaratganlari haqida fikr yuritish uchun vaqt ajratib, ular «yaxshi ekanini ko‘rdi». (Ibt. 1:10, 12, 31) Xudo odamlarga yer yuzidagi ajoyib ijodlari «ustidan hokimlikni» berib, ularni sharafga sazovor qildi. (Zab. 8:6) Xudo mukammal insonlar toabad Uning ijodlariga g‘amxo‘rlik qilib, zavq olishini istaydi. Bu ajoyib umid uchun Yahovaga muntazam ravishda minnatdorchilik bildiryapsizmi?

7. Qay yo‘sin Yoshua 24:15 odam iroda erkinligiga ega ekanini ko‘rsatyapti?

7 Yahova bizga iroda erkinligi kabi tuhfani berdi. Har birimiz qanday hayot kechirishni tanlash imkoniyatiga egamiz. (Yoshua 24:15 ni o‘qing.) Tanlash qobiliyati — iroda erkinligi deb ataladi. Mehribon Tangrimizga xizmat qilishni tanlaganimizda U quvonadi. (Zab. 84:11; Hik. 27:11) Iroda erkinligimizdan foydalanib, ko‘pgina to‘g‘ri qarorlar chiqara olamiz. Keling, Iso bunda qanday o‘rnak ko‘rsatganiga diqqat qarataylik.

8. Iso iroda erkinligidan qanday foydalangani borasida misol keltiring.

8 Isoga ergashib, boshqalarning manfaatini o‘zimiznikidan ustun qo‘yishni tanlashimiz mumkin. Bir safar Iso havoriylari bilan juda charchab, oz-moz dam olish uchun xilvat joyni izlagan edi. Lekin ularda dam olish imkoni bo‘lmadi. Xaloyiq ularni topdi va Isodan ta’lim olishni juda istadi. Ammo Isoning bundan jahli chiqmadi. Aksincha, ularga achindi. Xo‘sh, Iso qanday yo‘l tutdi? U «ularga ko‘p narsalarni o‘rgata boshladi». (Mark 6:30–34) Boshqalarga yordam berish uchun Isoga taqlid qilib, vaqtimiz-u kuchimizdan foydalanganda, samoviy Otamizga sharaf keltirgan bo‘lamiz. (Mat. 5:14–16) Qolaversa, Yahova oilasining bir qismi bo‘lishni istayotganimizni Unga ko‘rsatamiz.

9. Ota-ona nimani yodda tutishi kerak?

9 Yahova odamlarga farzand ko‘rish qobiliyatini hamda ularga Uni sevishni va Unga xizmat qilishni o‘rgatish mas’uliyatini berdi. Ota yoki ona bo‘lsangiz, bu o‘zgacha tuhfa uchun minnatdormisiz? Yahova farishtalarga ko‘p barakalar ato etgan bo‘lsa ham, bu qobiliyatni ularga bermagan. Buni yodda tutgan holda, farzand katta qilayotganlar bu sharafni qadrlashi lozim. Ota-onaga farzandiga «Yahovaning tarbiyasini berib, Uning pand-nasihati bilan o‘stirish» kabi muhim vazifa ishonib topshirilgan. (Efes. 6:4; Qonun. 6:5–7; Zab. 127:3) Xudoning tashkiloti ota-onalarga yordam berish maqsadida adabiyot, video, musiqa va veb-maqolalar kabi Muqaddas Kitobga asoslangan ko‘p asboblarni taqdim etmoqda. Darhaqiqat, ham samoviy Otamiz, ham Uning O‘g‘li yoshlarimizni yaxshi ko‘radi. (Luqo 18:15–17) Ota-onalar Yahovaga tayansa va qadrli farzandlariga g‘amxo‘rlik qilishga jon kuydirsa, U mamnun bo‘ladi. Bunday ota-onalar, shuningdek, bolalariga toabad Yahova oilasining bir qismi bo‘lishga yordam bermoqda.

10, 11. To‘lov orqali Yahova nimaga yo‘l ochdi?

10 Yahova yana Uning oila a’zosi bo‘lishimiz uchun eng aziz O‘g‘lini berdi.  4-xatboshida aytilganiday, Odamato bilan Momohavo Yahovaning oilasidagi o‘rnini ham o‘zlari, ham farzandlari uchun yo‘qotdi. (Rim. 5:12) Ilk juftlik bila turib Xudoga itoatsizlik qilgani tufayli bunday sharafdan mahrum bo‘lishga loyiq edi. Lekin ularning avlodi haqida-chi, nima desa bo‘ladi? Tangri Yahova itoatli insonlarni oilasiga qabul qilish uchun sevgi ila chora ko‘rdi. U buni yagona O‘g‘li Iso Masihni qurbon qilish orqali amalga oshirdi. (Yuhan. 3:16; Rim. 5:19) Isoning qurbonligi tufayli Xudo benuqson bo‘lib qolayotgan 144 000 ta odamni o‘g‘illari sifatida qabul qiladi. (Rim. 8:15–17; Vah. 14:1)

11 Bundan tashqari, millionlab boshqa sadoqatli insonlar itoatkorlik ila Xudoning irodasini bajo keltirmoqda. Ular Ming yillik boshqaruvning oxirida bo‘ladigan so‘nggi sinovdan keyin Xudo oilasining a’zosi bo‘lishga umid qiladi. (Zab. 25:14; Rim. 8:20, 21) Bunday umidi borligi uchun ular hozirning o‘zida Yaratuvchisi Yahovaga «Ota» deb murojaat qiladi. (Mat. 6:9) Tirilganlar ham Yahova ulardan nimani kutayotgani borasida o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolaversa, Xudoning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishni tanlaganlar nihoyat Uning oila a’zosiga aylanadi.

12. Hozir qaysi savolning javobini ko‘rib chiqamiz?

12 Ko‘rib chiqqanimizday, Yahova odamlarni sharafga sazovor qilish uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdi. U moylangan masihiylarni allaqachon o‘g‘illari sifatida qabul qilgan va «ulkan olomonga» yangi dunyoda Uning farzandlari bo‘lish umidini bergan. (Vah. 7:9) Abadulabad Yahovaning oila a’zosi bo‘lib qolishni xohlayotganimizni qanday ko‘rsatishimiz mumkin?

YAHOVAGA UNING OILA A’ZOSI BO‘LISHNI ISTAYOTGANINGIZNI KO‘RSATING

13. Xudoning oila a’zosi bo‘lish uchun nima qilsak bo‘ladi? (Mark 12:30)

13 Yahovaga butun qalbingiz bilan xizmat qilib, Uni sevishingizni ko‘rsating. (Mark 12:30 ni o‘qing.) Alloh bizga ko‘p in’omlarni taqdim etyapti. Ularning eng qimmatbahosi Unga topinish qobiliyatidir. Xudoning «amrlariga rioya qilib», Uni sevishimizni ko‘rsatamiz. (1 Yuhan. 5:3) Iso shogirdlarni tayyorlash va ularni suvga cho‘mdirish amrini bergan. Yahova ham aynan shuni istaydi. (Mat. 28:19) Iso, shuningdek, bizga bir-birimizni sevishni amr etgan. (Yuhan. 13:35) Yahova itoatkor odamlarni topinuvchilaridan iborat umumjahon oilasining a’zosi sifatida qabul qiladi. (Zab. 15:1, 2)

14. Qanday qilib boshqalarga sevgimizni ko‘rsatishimiz mumkin? (Matto 9:36–38; Rimliklarga 12:10)

14 Boshqalarga sevgi ko‘rsating. Sevgi Yahovaning eng muhim fazilati. (1 Yuhan. 4:8) Yahova biz Uni tanimasimizdan oldin bizga sevgi ko‘rsatgan. (1 Yuhan. 4:9, 10) Boshqalarga sevgi ko‘rsatganimizda, Unga taqlid qilgan bo‘lamiz. (Efes. 5:1) Hali vaqt bor ekan, insonlarni sevishimizni ko‘rsatishning eng a’lo yo‘llaridan biri ularga Yahova haqida bilib olishga yordam berishdir. (Matto 9:36–38 ni o‘qing.) Bunday qilganimizda, ularga Xudoning oila a’zosi bo‘lish uchun nima qilish kerakligini o‘rgatishimiz mumkin. Kishi suvga cho‘mganidan so‘ng, uni sevishda va hurmat qilishda davom etishimiz kerak. (1 Yuhan. 4:20, 21) Xo‘sh, buni qanday qila olamiz? Misol uchun, niyatlari yaxshi ekanidan shubhalanmay unga ishonayotganimizni ko‘rsatamiz. Shuningdek, nega u biron ishni qilganini tushuna olmasak, u buni g‘arazli niyatda qildi, degan fikrga bormaymiz. Aksincha, uni hurmat qilib, o‘zimizdan ustun qo‘yamiz. (Rimliklarga 12:10 ni o‘qing; Filip. 2:3)

15. Kimlarga rahm-shafqat va mehr ko‘rsatishimiz lozim?

15 Barcha insonlarga rahm-shafqat va mehr ko‘rsating. Abadiyat davomida Yahovaning oilasiga tegishli bo‘lishni istasak, Uning Kalomida yozilganlarni hayotimizga tatbiq qilishimiz lozim. Masalan, Iso barchaga, hatto dushmanlarimizga rahm-shafqat va mehr ko‘rsatishimiz kerakligini o‘rgatgan. (Luqo 6:32–36) Bunday yo‘l tutish ba’zida oson bo‘lmasligi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, Iso kabi fikr yuritishga va yo‘l tutishga o‘rganishimiz kerak. Yahovaga itoatli bo‘lish va Isoga taqlid qilish uchun jon kuydirsak, samoviy Otamizga Uning oilasiga abadulabad tegishli bo‘lishni istayotganimizni ko‘rsatamiz.

16. Yahova oilasining obro‘sini qanday himoya qilishimiz mumkin?

16 Yahova oilasining obro‘sini himoya qiling. Tom ma’nodagi oilani olsak, odatda kenja o‘g‘il akasiga taqlid qiladi. U Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga amal qilsa, ukasiga yaxshi o‘rnak ko‘rsatadi. Ammo u noto‘g‘ri yo‘l tutsa, ukasi uning yomon o‘rnagiga ergashadi. Yahovaning oilasida ham xuddi shunday. Sadoqatli masihiy murtad bo‘lib qolsa yoki axloqsiz yo jirkanch ishlarga qo‘l ursa, qolganlar unga ergashib, noto‘g‘ri ish qilishi mumkin. Bunday qilganlar Yahova oilasining obro‘siga dog‘ tushiradi. (1 Salon. 4:3–8) Bu kabi noto‘g‘ri yo‘l tutadigan insonlarga ergashmasligimiz va mehribon samoviy Otamiz bilan bo‘lgan munosabatlarimizga biron nima yomon ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.

17. Qanday fikrlash tarzidan qochish kerak va nega?

17 Moddiy narsalarga emas, Yahovaga ishoning. Shohlik payida bo‘lsak va Yahovaning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashasak, U bizni oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshpana bilan ta’minlashni va’da qilyapti. (Zab. 55:22; Mat. 6:33) Buni yodda tutsak, bu dunyodagi moddiy narsalar chinakam xavfsizlik va baxt keltiradi, degan fikrlash tarzidan qochamiz. Bilamizki, Yahovaning irodasini bajarishgina chinakam xotirjamlik keltiradi. (Filip. 4:6, 7) Ko‘p narsa xarid qilishga qurbimiz yetsa-da, ulardan foydalanish va ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun vaqtimiz-u kuchimiz chindan ham yetish-yetmasligi borasida o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Mol-mulkimizga haddan ortiq bog‘lanib qolmayapmizmi? Shuni unutmaslik kerakki, Yahova oila a’zolaridan ularga topshirilgan vazifani bajarishlarini kutadi. Bu hech narsa bizni chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerakligini anglatadi. Shubhasizki, yer yuzidagi mol-mulkiga haddan tashqari bog‘langani tufayli Isoga ergashmagan yigitga o‘xshab qolishni istamaymiz. Bu tufayli u Yahovaga xizmat qilish va Uning o‘g‘illaridan biri bo‘lish imkonini qo‘ldan boy bergan. (Mark 10:17–22)

YAHOVANING FARZANDLARI NIMALARDAN TOABAD ZAVQLANIB YASHAYDI?

18. Itoatkor insonlar toabad qanday sharaf va barakalarga ega bo‘ladi?

18 Itoatli odamlar eng yuksak sharafga, ya’ni Yahovani yaxshi ko‘rish va Unga abadiy topinish sharafiga ega bo‘ladi. Yer yuzida yashashga umid qilayotganlar Yahova barcha sharoitlarni yaratib bergan go‘zal sayyoraga g‘amxo‘rlik qilishdan zavq oladi. Yaqinda Xudoning Shohligi ostida yer yuzi va undagi barcha narsa chiroyli holatga qaytadi. Ilk juftlik Xudoning oilasini tark etishga qaror qilgani natijasida paydo bo‘lgan barcha oqibatlarni Iso Masih yo‘qqa chiqaradi. Yahova millionlab insonlarni tiriltiradi va jannatga aylangan yer yuzida mukammal hamda sog‘lom bo‘lib abadiy yashash imkonini beradi. (Luqo 23:42, 43) Yahovaga xizmat qiladigan insonlar mukammallikka erishgach, har biri Dovud tilga olgan «ulug‘vorlik va shon-sharafni» aks ettira oladi. (Zab. 8:5)

19. Nimani yodda saqlashimiz kerak?

19 «Ulkan olomonga» tegishli bo‘lsangiz, demak, ajoyib umidga egasiz. Xudo sizni sevadi va Uning oila a’zosi bo‘lishingizni istaydi. Shunday ekan, Uni mamnun etish uchun qo‘lingizdan kelganicha harakat qiling. Har kuni Xudoning va’dalarini ongingiz-u qalbingizda saqlab yashang. Aziz samoviy Otamizga topinish fursatini va Uni toabad sharaflash umidini qadrlang.

107-QO‘SHIQ Alloh — sevgi namunasidir

^ 5- x.b. Oila baxtli bo‘lishi uchun uning har bir a’zosi o‘z vazifasini bilishi va bir-biriga yordam berishi kerak. Oilada ota sevgi ila boshqarishi, ona uni qo‘llab-quvvatlashi, farzandlari esa ota-onasiga itoat etishi lozim. Tangri Yahovaning oilasida ham xuddi shunday. Uning bizga nisbatan niyati bor. O‘sha niyatga muvofiq yashasak, Allohning oilasiga abadiy tegishli bo‘lamiz.

^ 55- x.b. RASMGA SHARH. Juftlik Xudoga monand qilib yaratilgani tufayli bir-biriga va o‘g‘illariga sevgi hamda mehr-shafqat namoyon etyapti. Juftlik Yahovani sevadi. Farzandli bo‘lish qobiliyati ularga o‘g‘illarini Yahovaning yo‘lida tarbiyalash imkonini beryapti. Ular video yordamida o‘g‘illariga Yahova nega Isoni to‘lov sifatida berganini tushuntiryapti. Qolaversa, bu juftlik farzandlariga bo‘lajak jannatda hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilishimiz to‘g‘risida aytyapti.