Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

32-TADQIQ MAQOLASI

Aziz yoshlar, suvga cho‘mgandan keyin ham ma’nan o‘sishda davom eting

Aziz yoshlar, suvga cho‘mgandan keyin ham ma’nan o‘sishda davom eting

Hamma narsada sevgi orqali o‘sib boraylik. EFES. 4:15

56-QO‘SHIQ Haqiqat yo‘li hayot yo‘ling bo‘lsin

BU MAQOLADA *

1. Ko‘p yoshlar nimalar qildi?

 HAR YILI minglab yoshlar suvga cho‘madi. Siz ham suvga cho‘mganmisiz? Shunday bo‘lsa, imondoshlaringiz va Yahova bundan juda xursand. (Hik. 27:11) Biroz to‘xtab nimalar qilganingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Masalan, Muqaddas Kitobni sidqidildan tadqiq qildingiz. Ehtimol, bu bir necha yil davom etgandir. Muqaddas Kitob Xudoning Kalomi ekaniga ishondingiz. Eng muhimi esa, uning Muallifini tanib-bilib, Unga nisbatan sevgingiz paydo bo‘ldi. Ushbu tuyg‘u kuchaygani tufayli o‘zingizni Xudoga bag‘ishlab, suvga cho‘mdingiz. Bu nihoyatda ajoyib!

2. Ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz?

 2 Suvga cho‘mishdan oldin Yahovaga bo‘lgan sadoqatingiz turli yo‘llar bilan sinalgani shubhasiz. Lekin ulg‘ayganingiz sari yangi sinovlarga ro‘baro‘ kelasiz. Shayton sizni Yahovadan uzoqlashtirish va Unga bo‘lgan sevgingizni susaytirish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qiladi. (Efes. 4:14) Bunga aslo yo‘l qo‘ymasligingiz lozim. Yahovaga sadoqatli qolishga va xizmatingizni davom ettirishga nima yordam berishi mumkin? Ma’naviy yetuklik sari «intilish». (Ibron. 6:1) Buni qanday qila olasiz?

YETUK MASIHIY BO‘LISH UCHUN NIMA QILA OLASIZ?

3. Suvga cho‘mgach barcha masihiylar nima qilishi kerak?

3 Suvga cho‘mgach, havoriy Pavlusning Efesdagi masihiylarga bergan maslahatiga barchamiz amal qilishimiz darkor. Pavlus ularni «yetuk bo‘lishga» undagan. (Efes. 4:13) Boshqacha aytganda, ular o‘sishda davom etishi kerak edi. Pavlus bu jarayonni bolaning ulg‘ayishi bilan solishtirgan. Masalan, ota-ona chaqalog‘ini yaxshi ko‘radi va u bilan faxrlanadi. Ammo u butun umr chaqaloq bo‘lib qolavermaydi. Vaqt o‘tgach, «bolalikka xos narsalarni» qoldirishi kerak bo‘ladi. (1 Kor. 13:11) Masihiylarda ham xuddi shunday. Suvga cho‘mgach, ma’nan o‘sishda davom etishimiz lozim. Keling, bunga yordam beradigan ayrim fikrlarga diqqat qarataylik.

4. Ma’nan o‘sishingizga nima yordam berishi mumkin? Tushuntiring. (Filippiliklarga 1:9)

4 Yahovaga bo‘lgan sevgingizni kuchaytiring. Yahovani juda yaxshi ko‘rishingiz tayin. Lekin Unga bo‘lgan sevgingiz kuchayishi mumkin. Qanday qilib? Havoriy Pavlus Filippiliklarga 1:9 da (o‘qing) buning bir yo‘lini aytgan. U Filippidagi imondoshlarining sevgisi «tobora ortib borishi» haqida ibodat qilgan. Demak, Yahovaga bo‘lgan sevgimiz kuchayishi mumkin. Buning uchun aniq bilimga va to‘liq tushunchaga ega bo‘lishimiz kerak. Yahovani yaxshiroq bilganimiz sayin Unga bo‘lgan sevgimiz oshadi va Uning shaxsiyati-yu ishlarini ko‘proq qadrlaymiz. Natijada, Xudoni mamnun qilish istagimiz kuchayib, Uni ranjitadigan ishlarni hech qachon qilmaymiz. Qolaversa, Yahovaning irodasi nimadan iborat ekanini yaxshi tushunishga va uni bajarishga jon kuydiramiz.

5, 6. Yahovaga bo‘lgan sevgimizni qanday qilib kuchaytira olamiz? Tushuntiring.

5 Iso Yahovaga mukammal tarzda taqlid qilgan. Shuning uchun, u haqda ko‘proq bilim olish orqali Yahovaga bo‘lgan sevgimizni kuchaytiramiz. (Ibron. 1:3) Injil bayonotlarini tadqiq qilish Isoni tanib-bilishning eng yaxshi yo‘lidir. Muqaddas Kitobni har kuni o‘qishga odatlanmagan bo‘lsangiz, hozirning o‘zida Iso haqidagi bayonotlarni o‘qishni boshlashingiz mumkin. Bunday qilganda uning fazilatlariga diqqat qarating. Masalan, odamlar u bilan vaqt o‘tkazishni va suhbatlashishni yoqtirardi. U bolalarni quchoqlab o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. (Mark 10:13–16) Iso mehribon va samimiy edi. Shogirdlari uning oldida fikrlarini bildirishdan qo‘rqmasdi. (Mat. 16:22) Iso bu borada samoviy Otamizga o‘xshagan. Ha, Yahovaga ham bemalol murojaat qilsak bo‘ladi. Unga ibodat qilganimizda qalbimizdagi barchasini aytib berishimiz mumkin. U bizni hukm qilmasligiga aminmiz. Yahova bizni yaxshi ko‘radi va g‘amxo‘rlik qiladi. (1 Butr. 5:7)

6 Iso odamlarga hamdard bo‘lgan. Havoriy Matto bu borada quyidagicha yozgan: «Iso olomonni ko‘rib ularga achindi, chunki ular cho‘ponsiz qo‘ylarday tarqoq va holdan toygan edilar». (Mat. 9:36) Yahova-chi, nimalarni his qiladi? Iso shunday degan: «Samoviy Otam... o‘sha kichiklarning birortasi yo‘qolishini istamaydi». (Mat. 18:14) Yahova bizni sevishini bilishdan xursandmiz. Isoni yaxshiroq bilib olsak, Yahovaga bo‘lgan sevgimiz yanada kuchayadi.

7. Yetuk masihiylar bilan do‘stlashish sizga qanday yordam berishi mumkin?

7 Jamoatingizdagi ma’nan yetuk imondoshlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish Xudoga bo‘lgan sevgingizni oshirishga va ma’nan o‘sishga ko‘maklashadi. Ular qanchalik xursand ekaniga ahamiyat bering. Bu birodar-u opa-singillarimiz Yahovaga xizmat qilish qaroridan afsuslanmaydi. Ulardan xizmatda duch kelgan ayrim voqealarni aytib berishini so‘rang. Muhim qaror chiqarish kerak bo‘lganida ular bilan maslahatlashing. Unutmangki, «maslahatchi ko‘p bo‘lsa» ish rivoj topadi. (Hik. 11:14)

Maktabda evolyutsiya nazariyasi borasidagi savollarga javob berish uchun qay yo‘sin tayyorgarlik ko‘rish mumkin? (8-, 9-xatboshilariga qarang.)

8. Muqaddas Kitob ta’limotlaridan shubhalanayotgan bo‘lsangiz nima qilishingiz mumkin?

8 Shubhalaringizni yenging.  2- xatboshida aytilganiday, ma’nan o‘sishingizga xalaqit berish uchun Shayton qo‘ldan kelganini qiladi. Uning usullaridan biri Muqaddas Kitob ta’limotlariga nisbatan shubhalar uyg‘otish. Misol uchun, kimdir sizni Xudo bizni yaratmaganiga va biz shunchaki evolyutsiya tufayli paydo bo‘lganimizga ishontirmoqchi bo‘lar. Ehtimol, kichikligingizda bu haqda o‘ylab ham ko‘rmagansiz, hozir esa maktabda bunga duch kelyapsiz. O‘qituvchilaringizning evolyutsiya haqida aytayotganlari mantiqan to‘g‘ri va ishonchli bo‘lib tuyular. Ammo ular Yaratuvchi borligini tasdiqlaydigan dalillarni izlab ham ko‘rishmagandir. Hikmatlar 18:17 dagi prinsipni yodda tuting. U yerda shunday yozilgan: «Qarshi tomon kelib, so‘roq-savol qilmaguncha, mahkamada birinchi gapirganning da’vosi to‘g‘ri ko‘rinadi». Maktabda o‘rganganlaringizga shunchaki ishonishdan ko‘ra, Xudoning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobni sinchkovlik ila tadqiq qilib, adabiyotlarimiz yordamida izlanish o‘tkazing. O‘tmishda evolyutsiyaga ishongan birodar-u opa-singillar bilan suhbatlashing. Yaratuvchi borligiga ularni nima ishontirganini so‘rang. Imoningizni mustahkamlaydigan bunday suhbatlar Yaratuvchi borligi haqidagi dalillarni topishga yordam beradi.

9. Melissaning misolidan qanday saboq oldingiz?

9 Melissa singlimiz yaratilish borasida tadqiq o‘tkazishdan katta foyda oldi *. U shunday bo‘lishdi: «Ustozlarning evolyutsiya nazariyasi borasida o‘rgatayotganlari ishonchliday tuyulishi mumkin. Boshida tadqiq o‘tkazishni istamadim. Chunki evolyutsiya nazariyasi to‘g‘ri bo‘lib chiqishidan qo‘rqqandim. Lekin Yahova Unga ko‘r-ko‘rona xizmat qilishimizni istamasligi haqida o‘yladim. Shuning uchun, izlanishga kirishdim. Men “G‘amxo‘r Yaratuvchi bormikan?” kitobini hamda “Hayot yaratilganmi?” va “Hayotning kelib chiqishi. Javob talab qilayotgan beshta savol” nomli risolalarni o‘qib chiqdim. U yerdagi ma’lumot menga kerakli edi. Buni vaqtliroq qilsam bo‘larkan».

10, 11. Axloqan pok qolishingizga nima yordam beradi? (1 Salonikaliklarga 4:3, 4)

10 Noto‘g‘ri xulq-atvordan yiroqlashing. Yoshlikda jinsiy xohish-istaklar juda kuchli bo‘lishi mumkin va gohida bu jinsiy axloqsizlikka yetaklashi hech gap emas. Bu Shaytonning maqsadi. Xo‘sh, vasvasaga qarshi turishingizga nima yordam berishi mumkin? (1 Salonikaliklarga 4:3, 4 ni o‘qing.) Yahovaga ibodat qilib, his-tuyg‘ularingiz bilan bo‘lishing. Unga o‘zingizni qanday his qilayotganingizni aytib, sizni mustahkamlashini so‘rang. (Mat. 6:13) Unutmangki, Yahova sizni hukm qilmaydi, U sizga yordam bermoqchi. (Zab. 103:13, 14) Xudoning Kalomi ham yordam berishi mumkin. Yuqorida tilga olingan Melissa nopok fikrlar bilan kurashgan. U shunday dedi: «Muqaddas Kitobni har kuni o‘qish yomon istaklarim bilan kurashishga ko‘maklashgan. Bu men Yahovaga tegishli va Unga xizmat qilmoqchi ekanimni eslatib turardi». (Zab. 119:9)

11 Muammolaringizni yakka o‘zingiz hal qilishga urinmang. Ular to‘g‘risida ota-onangiz bilan gaplashing. Albatta, shaxsiy mavzularda gaplashish oson emas. Lekin buni qilish juda muhim. Melissa shunday dedi: «Jasorat so‘rab ibodat qildim va muammo to‘g‘risida dadam bilan gaplashdim. Bundan keyin o‘zimni rosa yengil his qildim. Yahova men bilan faxrlanishiga ishonaman».

12. Qanday qilib to‘g‘ri qarorlar chiqara olasiz?

12 Muqaddas Kitobdagi prinsiplar sizni yo‘naltirishiga yo‘l qo‘ying. Katta bo‘lganingiz sayin ota-onangiz shaxsiy qarorlar chiqarishingiz uchun ko‘proq erkinlik beradi. Lekin siz bilmaydigan hali ko‘p narsalar bor. Yahova bilan munosabatlaringizga putur yetkazadigan xatolardan qanday qocha olasiz? (Hik. 22:3) Kari ismli opamiz to‘g‘ri qarorlar chiqarishiga nima yordam bergani bilan bo‘lishdi. Uning aytishicha, ma’nan yetuk insonga har bir vaziyat uchun qoidalar kerak emas. Kari shunday dedi: «Nafaqat Muqaddas Kitobdagi qonun-qoidalarni, balki prinsiplarni ham tushunishim kerak edi». Xudoning Kalomini o‘qiganda o‘zingizdan shunday so‘rang: «Ushbu parchadan Yahovaning fikrlashi borasida nimalarni bilib oldim? Bu yerda to‘g‘ri yo‘l tutishimga yordam beradigan prinsiplar bormi? Agar bor bo‘lsa, ularni qo‘llab qanday foyda olaman?» (Zab. 19:7; Ishayo 48:17, 18) Muqaddas Kitobni o‘qib, u yerdagi prinsiplar ustida mulohaza yuritsangiz, Yahovani mamnun qiladigan qarorlar chiqarishingiz osonroq bo‘ladi. Ma’nan o‘sganingiz sayin har bir vaziyat uchun alohida qoidaga muhtoj emasligingizni ko‘rasiz. Chunki bu borada Yahova qanday fikrda ekanini tushunasiz.

Singlimiz qanday do‘stlarni tanlagan? (13-xatboshiga qarang.)

13. Yaxshi do‘stlar sizga qanday ta’sir qilishi mumkin? (Hikmatlar 13:20)

13 Yahovani sevadigan do‘stlarni tanlang. Yuqorida aytilganiday, siz tanlagan do‘stlar yetuk masihiy bo‘lishingizga yordam berishi mumkin. (Hikmatlar 13:20 ni o‘qing.) Sara ismli singlimiz quvonchini yo‘qotgan edi. Keyinchalik u nuqtai nazarini o‘zgartira oldi. U shunday bo‘lishdi: «Aynan kerakli paytda yaxshi do‘stlar orttirganman. Bitta dugonam bilan “Qo‘riqchi minorasi”dagi tadqiq maqolasiga har hafta tayyorgarlik ko‘rardik. Boshqa dugonam esa yig‘ilishlarda sharh berishni boshlashimga yordamlashdi. Do‘stlarimning ko‘magi bilan shaxsiy tadqiq o‘tkazishni va ibodatlarga jiddiyroq yondashishni o‘rgandim. Yahova bilan yanada yaqin munosabatlarni rivojlantirishni boshladim. Shunda xursandchiligim qaytdi».

14. Julen qanday qilib yaxshi do‘stlar orttirdi?

14 Sizga yaxshi ta’sir qiladigan do‘stlarni qanday topishingiz mumkin? Hozir oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan Julen shunday dedi: «Yoshroq bo‘lganimda xizmatda hamkorlik qilish orqali yaxshi do‘stlar orttirganman. Ular juda g‘ayratli edi va menga xizmatdan quvonch topishga yordam berishdi. To‘la vaqtli xizmat maqsadimga aylandi. Shuningdek, yaxshi do‘stlarim kamligining sababi faqat tengdoshlarim bilan do‘stlashayotganim ekanini tushundim. Keyinchalik baytilchilar orasidan ham yaxshi do‘stlar orttirdim. Ularning o‘rnagi o‘yin-kulgilar borasida to‘g‘riroq qarorlar chiqarishimga hamda Yahovaga yaqinroq bo‘lishimga yordam berdi».

15. Pavlus Timo‘tiyni nimadan ogohlantirgan? (2 Timo‘tiyga 2:20–22)

15 Jamoatdagi kimdir bilan vaqt o‘tkazish ma’naviyligimizga zarar yetkazayotgan bo‘lsa-chi? Pavlus birinchi asrdagi jamoatda ayrimlar o‘zini masihiy kabi tutmayotganini bilgan. Shu bois, u Timo‘tiyni ulardan uzoqroq yurishga undagan. (2 Timo‘tiyga 2:20–22 ni o‘qing.) Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimiz juda qadrli. U bilan do‘stlashish uchun jon kuydirgan ekanmiz, bu do‘stlikni hech kim barbod qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. (Zab. 26:4)

MA’NAN O‘SISHINGIZGA YORDAM BERADIGAN QANDAY MAQSADLAR QO‘YISHINGIZ MUMKIN?

16. Qanday maqsadlar qo‘yishingiz kerak?

16 Foydali maqsadlar qo‘ying. Imoningizni mustahkamlashga hamda ma’nan yetuk masihiy bo‘lishingizga yordam beradigan maqsadlarni tanlang. (Efes. 3:16) Misol uchun, shaxsiy tadqiq va Muqaddas Kitobni muntazam o‘qishni yaxshilashni istarsiz. (Zab. 1:2, 3) Yo bo‘lmasa, yanada ko‘proq va sidqidildan ibodat qilishni xohlarsiz. Ehtimol, o‘yin-kulgi va bunga qancha vaqt ajratish borasida o‘zingizni tuta bilish kerakdir. (Efes. 5:15, 16) Yahova ma’nan yetuk bo‘lish uchun qilayotgan harakatlaringizni ko‘rib quvonadi.

Singlimiz qaysi maqsadlar sari intilgan? (17-xatboshiga qarang.)

17. Boshqalarga yordam berish sizga qanday foyda keltiradi?

17 Boshqalarga yordam berganingizda yanada yetuk masihiyga aylanasiz. Iso: «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta»,— deb aytgan. (Havor. 20:35) Odamlarga yordam berish uchun vaqt hamda kuchingizni sarflashdan foyda olasiz. Masalan, jamoatingizdagi yoshi katta va kasal imondoshlarga yordam berish maqsadini qo‘ying. Balki ular uchun bozor-o‘char qilarsiz yoki elektron qurilmalardan foydalanishni o‘rgatarsiz. Agar birodar bo‘lsangiz, jamoat xizmatkori bo‘lishga intiling. Shunda birodar-u opa-singillarga ko‘proq yordamingiz tegadi. (Filip. 2:4) Qolaversa, Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilib odamlarni sevishingizni ko‘rsatasiz. (Mat. 9:36, 37) Imkon bo‘lsa, to‘la vaqtli xizmatning biron turida qatnashishni maqsad qiling.

18. Qay yo‘sin to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etish ma’nan o‘sishingizga yordam beradi?

18 To‘la vaqtli xizmatda ishtirok etish ma’nan o‘sishingizga ko‘maklashadi. Kashshoflik xizmati Shohlik xabarchilari maktabida o‘qish imkonini beradi. Shuningdek, Baytilda xizmat qilishingiz yoki tashkilotimizning qurilish loyihalarida ishtirok etishingiz mumkin. Ketlin ismli kashshof singlimiz shunday dedi: «Suvga cho‘mganimdan keyin tajribali birodar-u opa-singillar bilan xizmat qilish ma’nan o‘sishimga yordam berdi. Ularning o‘rnagi Muqaddas Kitobdan ko‘proq bilim olishga hamda ta’lim berish qobiliyatimni yaxshilashga turtki bo‘ldi».

19. Ma’nan o‘sishda davom etsangiz qanday barakalardan bahramand bo‘lasiz?

19 Ma’nan o‘sishda davom etsangiz ko‘p barakalardan bahramand bo‘lasiz. Kuchingizni behuda narsalarga sarflamaysiz. (1 Yuhan. 2:17) Qolaversa, noto‘g‘ri qarorlar keltiradigan azobdan holi bo‘lasiz. Bundan farqli ravishda haqiqiy muvaffaqiyat va baxtga erishasiz. (Hik. 16:3) O‘rnagingiz yoshu keksa imondoshlarga dalda baxsh etadi. (1 Tim. 4:12) Eng muhimi, Yahovani mamnun qilayotganingizdan va U bilan yaqin do‘st ekaningizdan xotirjamlik hamda mamnuniyat his etasiz. (Hik. 23:15, 16)

88-QO‘SHIQ Ochib ber menga yo‘llaringni

^ Yoshlar suvga cho‘mganida Yahovaning barcha xizmatchilari rosa quvonadi. Albatta, suvga cho‘mgandan keyin ham ma’nan o‘sish kerak bo‘ladi. Bu maqolada yaqinda suvga cho‘mgan yosh masihiylarga ma’nan o‘sishga ko‘maklashadigan qadamlarga e’tibor qaratamiz. Ushbu qadamlarni ko‘rib chiqish jamoatdagi barchaga foydali bo‘ladi.

^ Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.