Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

34-TADQIQ MAQOLASI

«Haqiqat yo‘lida yuring»

«Haqiqat yo‘lida yuring»

Haqiqat yo‘lida yuring. 3 YUHAN. 4

111-QO‘SHIQ Yahova — chin shodlik Manbaidir

BU MAQOLADA *

1. «Haqiqatni» bilganimiz borasidagi suhbatlar bizga qanday foyda keltiradi?

 «HAQIQATNI qanday bilib olgansiz?» Shubhasizki, bu savolga ko‘p marotaba javob bergansiz. Imondoshlarimiz bilan tanishganimizda bu savolni beramiz. Ular Yahovani qanday tanib-bilgani va Unga nisbatan sevgisi qay yo‘sin paydo bo‘lgani haqida aytib berganlarini eshitishni yaxshi ko‘ramiz. O‘zimiz ham bu bilan bo‘lishishni xush ko‘ramiz. (Rim. 1:11) Bunday suhbatlar haqiqat qanchalik qadrli ekanini bizga eslatadi. Shuningdek, bu «haqiqat yo‘lida yurish», ya’ni Yahovaning barakalariga va Uni marhamatiga ega bo‘lishga yordam beradigan tarzda yashash qarorimizni mustahkamlaydi. (3 Yuhan. 4)

2. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Ushbu maqolada nega haqiqatni yaxshi ko‘rishimizning ba’zi sabablariga diqqat qaratamiz. Qolaversa, bu ajoyib hadyani sevishimizni qay yo‘sin ko‘rsatishimizni ham muhokama qilamiz. Shak-shubhasizki, ushbu maqola Yahova bizni haqiqatga jalb qilganiga bo‘lgan minnatdorchiligimizni oshiradi. (Yuhan. 6:44) Shuningdek, bu Muqaddas Kitobdagi haqiqatni boshqalar bilan bo‘lishish istagimizni kuchaytiradi.

«HAQIQATNI» NEGA YAXSHI KO‘RAMIZ?

3. Haqiqatni yaxshi ko‘rishimizning eng muhim sababi qanday?

3 Haqiqatni ko‘p sabablarga ko‘ra yaxshi ko‘ramiz. Eng muhimi, haqiqat Manbai bo‘lmish Tangri Yahovani sevamiz. Uning Kalomidan U nafaqat osmon-u yerni barpo qilgan qudratli Yaratuvchi, balki bizga sevgi ila g‘amxo‘rlik qilayotgan mehribon samoviy Otamiz ekanini ham bilib oldik. (1 Butr. 5:7) Ha, Allohimiz «shafqatli va rahmdil, sabr-toqatli, mehr-sadoqat va haqiqatga boy». (Chiq. 34:6) Yahova adolatni yaxshi ko‘radi. (Ishayo 61:8) Azob chekayotganimizni ko‘rish Xudoga og‘ir botadi. Shuning uchun, U o‘z vaqtida barcha azob-uqubatlarga chek qo‘yishni xohlaydi va U bunga tayyor. (Yerm. 29:11) Naqadar ajoyib! Bu Yahovani qattiq sevishimizning sabablaridan biri, xolos!

Muqaddas Kitobdagi haqiqat... Langarday

Langar kemani bir joyda to‘xtatib turganidek, Muqaddas Kitobga asoslangan umidimiz ham qiyinchiliklarga duch kelganimizda xotirjamlikni saqlashga yordam berishi mumkin. Muqaddas Kitobdagi haqiqat kelajakka bo‘lgan umidimizni boshqalarga aytishga undaydi (4–7-xatboshilariga qarang.)

4, 5. Nega havoriy Pavlus umidimizni langar bilan solishtirgan?

4 Haqiqatni yaxshi ko‘rishimizning yana qanday sababi bor? U bizga ko‘p foyda keltiradi. Muqaddas Kitobdagi haqiqat kelajakka bo‘lgan umidni ham o‘z ichiga oladi. U muhim ekani borasida havoriy Pavlus quyidagicha misol keltirgan: «Bu umid jonimiz uchun langardek ishonchli va mustahkamdir». (Ibron. 6:19) Langar kemani bir joyda to‘xtatib turganidek, Muqaddas Kitobga asoslangan umidimiz ham qiyinchiliklarga duch kelganimizda ichki xotirjamlikni saqlashimizga yordam beradi.

5 Ushbu matn tarkibida Pavlus moylangan masihiylar qadrlaydigan samoviy umid haqida aytgan. Lekin uning so‘zlari yer yuzidagi jannatda abadiy yashashni intiqib kutayotgan masihiylarga ham tegishli. (Yuhan. 3:16) Ha, abadiy yashash umidi haqida bilib olganimiz hayotimizni chinakamiga mazmunli qildi.

6, 7. Kelajak borasida haqiqatni bilish Ivonga qanday foyda keltirdi?

6 Ivon ismli opamizning misoliga e’tibor qarataylik. U haqiqatda ulg‘aymagan va bolaligida o‘limdan qo‘rqqan. Ivon o‘qigan quyidagi so‘zlar ongiga o‘rnashib qolganini eslaydi: «Bir kun kelib ertangi kun bo‘lmaydi». U shunday dedi: «Bu so‘zlar kelajagim haqida o‘ylashga undadi. Buning dastidan tuni bilan uxlamay chiqdim. Ichimda: “Axir hayot davom etishi kerak-ku! Yashashimdan nima mazmun?” — deb aytardim. O‘lishni hecham xohlamasdim».

7 Keyinchalik o‘smirligida Ivon Yahovaning Shohidlari bilan tanishdi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Men yer yuzidagi jannatda abadiy yashash umidiga ega bo‘lishim mumkinligiga ishona boshladim». Haqiqatni bilib olish opamizga qanday foyda keltirdi? U shunday dedi: «Endi kechalari kelajak yoki o‘lim to‘g‘risida xavotirlanmay bemalol uxlay olyapman». Haqiqat Ivon uchun juda ham qimmatbaho va uni boshqalar bilan bo‘lishish unga mamnuniyat keltiryapti. (1 Tim. 4:16)

Muqaddas Kitobdagi haqiqat... Xazinaday

Yahovaga hozir xizmat qilayotganimizni va kelajakda ham Shohligining boshqaruvi ostida abadulabad bunday qilish imkonini xazina deb bilamiz. Bu har qanday fidoyilikka arziydi (8–11-xatboshilariga qarang.)

8, 9. a) Isoning bir masalidagi kishi topgan xazinasini qanchalik qadrlagan? b) Haqiqat siz uchun qanchalik qimmatbaho?

8 Haqiqat Xudoning Shohligi haqidagi xushxabardan ham iborat. Iso Shohlik to‘g‘risidagi haqiqatni yashirin xazina bilan solishtirgan. Matto 13:44 da u quyidagicha degan: «Osmon Shohligi dalada yashirilgan xazinaga o‘xshaydi. Bir kishi uni topib, yana yashiribdi-da, sevinganidan borib butun mol-mulkini sotib, o‘sha dalani xarid qilibdi». E’tibor bergan bo‘lsangiz o‘sha kishi xazinani qidirmagan, lekin topganida unga ega bo‘lish uchun ko‘p narsadan voz kechgan. U barcha narsasini sotgan. Nima uchun? Chunki u topgan xazina juda qimmatbaho bo‘lib, voz kechgan narsasidan ancha qadrliroq ekanini bilgan.

9 Siz ham haqiqatni qimmatbaho deb bilasizmi? Shubhasizki, ha! Bu dunyodagi hech narsa xizmatimiz keltirayotgan quvonchga teng kela olmasligini bilamiz. Buning ustiga, Xudo Shohligining boshqaruvi ostida kelajakda abadiy yashash umidiga egamiz. Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lish sharafi har qanday fidoyiligimizdan ancha qadrliroq. Yahovani «har jihatdan mamnun qilish» bizga ulkan quvonch keltiryapti. (Kolos. 1:10)

10, 11. Hayotiga o‘zgarish kiritishga Mayklni nima undagan?

10 Ko‘pchiligimiz Yahovani mamnun qilish uchun fidoyiliklarga borganmiz. Ayrimlar nufuzli ishidan voz kechgan, boshqalar boylik orttirish sari intilmay qo‘ygan. Ba’zilar esa Yahova haqida bilgandan keyin hayot tarzini o‘zgartirgan. Maykl ham xuddi shunday yo‘l tutgan. U haqiqatda ulg‘aymagan va yoshligida karate bilan shug‘ullangan. Maykl quyidagicha bo‘lishdi: «Jismonan sog‘lom bo‘lish men uchun muhim edi. Ba’zida o‘zimni yengilmas his qilardim». Lekin Muqaddas Kitob tadqiqini boshlagach, u Yahovaning zo‘ravonlikka nisbatan nuqtai nazarini bilib olgan. (Zab. 11:5) Maykl u bilan tadqiq o‘tkazgan juftlik haqida shunday dedi: «Ular menga karateni tashlashing kerak deb hech qachon aytishmagan. Shunchaki Muqaddas Kitob haqiqatlarini o‘rgatishda davom etishgan».

11 Maykl Yahova haqida bilim olgani sayin Unga bo‘lgan sevgisi ham oshgan. Unga ayniqsa, Xudo xizmatchilariga rahm-shafqat ko‘rsatayotgani ta’sir qilgan. Vaqt o‘tgach, u hayotini o‘zgartiradigan qaror chiqarishi kerakligini anglagan. Maykl shunday dedi: «Karatega nuqta qo‘yish hayotimdagi eng og‘ir qaror bo‘lishini tushunganman. Ammo bu Yahovani quvontirishini ham bilardim. Xudoga xizmat qilish har qanday fidoyilikdan ham qadrliroq ekaniga amin edim». Maykl topgan haqiqatni qadrlagan. Bu uni hayotiga katta o‘zgarishlar kiritishga undagan. (Yoqb. 1:25)

Muqaddas Kitobdagi haqiqat... Chiroqday

Qorong‘i joyda chiroq yo‘limizni ko‘rishga yordam beradi. Shu singari, Xudoning Kalomi Shaytonning bu yovuz dunyosida dono qarorlar chiqarishimizga ko‘maklashadi (12-, 13-xatboshilariga qarang.)

12, 13. Muqaddas Kitobdagi haqiqatni bilish Mayliga qanday yordam bergan?

12 Haqiqat bebaho va Muqaddas Kitobda u qorong‘ilikda yonib turgan chiroq bilan solishtirilgan. (Zab. 119:105; Efes. 5:8) Ozarbayjondan bo‘lgan Mayli ismli opamiz Xudoning Kalomidan bilib olganlari uchun juda minnatdor. Uning ota-onasi har xil din vakillari, ya’ni otasi musulmon, onasi yahudiy bo‘lgan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Xudoning mavjudligiga hech qachon shubhalanmagan bo‘lsam-da, meni boshqa savollar qiziqtirgan. Masalan: “Alloh insonlarni nima uchun yaratgan? Nega ular hayoti davomida va o‘lganidan keyin ham do‘zaxda azob chekishi kerak?” Odamlar sodir bo‘layotgan narsalar Xudoning irodasi deb aytardi. Shunga: “Nahotki Xudo insonlarni qo‘g‘irchoqday boshqarib ularning azob chekishidan zavq olsa?” — degan savol meni qiziqtirardi».

13 Mayli savollariga javob qidirishda davom etgan. Keyinchalik Muqaddas Kitobni tadqiq qilib, u Yahovaning Shohidi bo‘lgan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Muqaddas Kitobdagi ma’lumotlar mantiqiy ekani baxtiyor bo‘lishimga yordamlashdi. U yerdan ishonchli ma’lumotlarni topib, ichki xotirjamlikka ega bo‘ldim». Mayli kabi biz ham Yahovani madh etamiz. Chunki U bizlarni «zulmatdan O‘zining ajoyib nuriga da’vat etgan». (1 Butr. 2:9)

14. Haqiqatga bo‘lgan sevgimizni qay yo‘sin oshira olamiz? (« Qo‘shimcha misollar» ramkasiga ham qarang.)

14 Haqiqat bebaho ekanini ko‘rsatuvchi bir nechta misolni ko‘rib chiqdik, xolos. Ehtimol, xayolingizga boshqa misollar ham kelgandir. Haqiqatni nega yaxshi ko‘rishimizning boshqa sabablarini shaxsiy tadqiqda izlab ko‘rsak yaxshi bo‘lardi. Haqiqatga bo‘lgan sevgimiz oshgani sayin uni namoyon etishning ko‘proq yo‘llarini topa olamiz.

HAQIQATGA BO‘LGAN SEVGIMIZNI QAY YO‘SIN KO‘RSATA OLAMIZ?

15. Haqiqatga bo‘lgan sevgimizni ko‘rsatishning yo‘llaridan biri qanday?

15 Muqaddas Kitobni va unga asoslangan adabiyotlarni muntazam ravishda tadqiq qilib, haqiqatga bo‘lgan sevgimizni namoyon eta olamiz. Buning ustiga, necha yildan beri haqiqatda bo‘lishimizdan qat’i nazar doim nimanidir o‘rgana olamiz. «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining ilk sonida shunday fikr keltirilgandi: «Haqiqat bamisoli hayot sahrosidagi oddiy kichkina bir gul kabidir. Uning atrofini qalin o‘sgan begona o‘tlar kabi yolg‘on ma’lumotlar o‘rab oladi va uni deyarli bo‘g‘ib qo‘yadi. Agar uni topsangiz, doimo hushyor bo‘lib yurishingiz kerak bo‘ladi... Unga ega bo‘lishni istasangiz egilishingizga to‘g‘ri keladi. Bittagina haqiqat guli bilan kifoyalanmang... Mudom to‘plang. Ko‘proq izlang». Ha, tadqiq o‘tkazish mehnat talab etadi. Lekin u har qanday harakatlarimizga arziydi.

16. Muqaddas Kitobni tadqiq qilishda qaysi usulni samaraliroq deb topdingiz? (Hikmatlar 2:4–6)

16 Hammamiz ham o‘qishni va tadqiq qilishni yaxshi ko‘rmasmiz. Lekin Yahova haqiqatni yaxshiroq tushunishimiz uchun «izlashga» va «qidirishga» undayapti. (Hikmatlar 2:4–6 ni o‘qing.) Agar shunday yo‘l tutsak doimo foyda olamiz. Korey Muqaddas Kitobni o‘qiganda bitta oyatga diqqat qaratishini aytdi. U quyidagicha bo‘lishdi: «O‘qiyotganimda har bir izohga, o‘xshash oyatlarga qarayman va qo‘shimcha izlanish o‘tkazaman. [...] Bunday yondashuv ko‘p narsani bilib olishimga yordam beradi». Bu yoki boshqa uslubdan foydalanasizmi Muqaddas Kitobni tadqiq qilishga vaqt ajratib, haqiqat siz uchun qadrli ekanini ko‘rsatasiz. (Zab. 1:1–3)

17. Haqiqat bo‘yicha yashash nimani anglatadi? (Yoqub 1:25)

17 Albatta, haqiqatni shunchaki bilib olishning o‘zi yetarli emas. To‘liq foyda olish uchun haqiqat bo‘yicha yashashimiz kutiladi, ya’ni o‘rganganlarimizni hayotda qo‘llashimiz kerak. Shundagina u bizga chinakam baxt keltiradi. (Yoqub 1:25 ni o‘qing.) Qiziq, haqiqat bo‘yicha yashayotganimizni yoki yashamayotganimizni qanday aniqlashimiz mumkin? Bitta birodarning tavsiya qilishicha, bilib olayotganlarimizga amal qilayotganimizni yoki qilmayotganimizni va qaysi sohalarda o‘zgarishlar qilishimiz kerakligini aniqlash uchun o‘zimizni tekshirib turishimiz kerak. Havoriy Pavlus shunday degan: «Nimaga erishgan bo‘lsak, kelinglar, bundan buyon ham odat tusiga kirgan shu tartibga binoan yo‘l tutaylik». (Filip. 3:16)

18. Nega «haqiqat yo‘lida yurish uchun» jon kuydirishimiz lozim?

18 «Haqiqat yo‘lida yurish» uchun jon kuydirish qanday foyda keltirishi haqida bir o‘ylab ko‘ring. Bunday qilsak nafaqat hayotimizning sifatini oshira olamiz, balki Yahova hamda imondoshlarimizni quvontiramiz. (Hik. 27:11; 3 Yuhan. 4) Bular haqiqatni yaxshi ko‘rishimiz va u bo‘yicha yashashimiz uchun eng arzigulik sababdir.

144-QO‘SHIQ Sovringa qarab choping!

^ E’tiqodimizni va hayot tarzimizni ko‘pincha «haqiqat» deb aytamiz. Haqiqatni yaqinda bilganmizmi yoki ancha yillar oldinmi, har birimiz uni nega yaxshi ko‘rishimiz ustida fikr yuritib foyda olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Bunday qilib, Yahovani mamnun qilish qarorimizni yanada mustahkamlaymiz.