Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

33-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaning nigohi xizmatchilariga qaratilgan

Yahovaning nigohi xizmatchilariga qaratilgan

Yahovaning nigohi Undan qo‘rqadiganlarga... qaratilgan. ZAB. 33:18

4-QO‘SHIQ «Yahova mening Cho‘ponimdir»

BU MAQOLADA *

1. Nega Iso Yahovadan izdoshlarini himoya qilishini so‘ragan?

 O‘LIMIDAN oldingi kechada Iso samoviy Otamizga ibodat qilib, izdoshlarini himoya qilishini so‘ragan. (Yuhan. 17:15, 20) Albatta, Yahovaning nigohi xalqiga qaratilgan, ya’ni U xizmatchilariga g‘amxo‘rlik qiladi va ularni himoyalaydi. Biroq Iso shuni bilganki, Shayton izdoshlarini qattiq ta’qib qiladi va ular uning makkor hujumlariga qarshi tura olishi uchun Xudoning ko‘magiga muhtoj.

2. Zabur 33:18–20 ga ko‘ra, qiyinchiliklarga duch kelganimizda nega qo‘rqmasligimiz kerak?

2 Shayton boshqarayotgan bu dunyoda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Ular ruhimizni tushirishi va hatto Yahovaga bo‘lgan sadoqatimizni sinashi mumkin. Bu maqoladan qo‘rquvga berilmasligimiz kerakligini bilib olamiz. Yahovaning nigohi bizga qaratilgan. U duch kelayotgan qiyinchiliklarimizni ko‘rib turibdi va ularni yengishimizga yordam berishga doim tayyor. Keling, Muqaddas Kitobda tilga olingan ikkita insonning misoli orqali «Yahovaning nigohi Undan qo‘rqadiganlarga» qay yo‘sin qaratilganini ko‘rib chiqaylik. (Zabur 33:18–20 ni o‘qing.)

O‘ZIMIZNI YOLG‘IZ HIS QILGANIMIZDA

3. Qachon o‘zimizni yolg‘iz his qilishimiz mumkin?

3 Ko‘pgina imondoshlarimiz borligiga qaramay, gohida o‘zimizni yolg‘iz his qilishimiz mumkin. Misol uchun, yoshlar maktabda sinfdoshlariga e’tiqodini tushuntirayotganida yoki boshqa jamoatga o‘tganda o‘zini yolg‘iz his qilar. Ba’zilar esa qayg‘uga botishi yoki salbiy tuyg‘ular bilan kurashishi mumkin. Bunday paytda ular: «Bu tuyg‘ularni yakka o‘zim yengishim kerak»,— degan xayolga borishi hech gap emas. Yo bo‘lmasa, boshqalar bizni tushunmaydi deb ularga ichimizdagini aytishdan tortinishimiz mumkin. Ba’zida bizga chin dildan g‘amxo‘rlik qiladigan odam yo‘q, deb o‘ylarmiz. Yolg‘izlik tuyg‘usining sababi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, xavotirlarga berilib, umidsizlikka tushishimiz mumkin. Yahova o‘zimizni bunday his qilishimizni istamaydi. Nega bunday deya olamiz?

4. Nega Ilyos payg‘ambar: «Yolg‘iz men qochib qutuldim»,— deb aytgan?

4 Keling, sadoqatli Ilyos payg‘ambarning misoliga diqqat qarataylik. Malika Izabel uni o‘ldirishga qasam ichgan. Shu bois, 40 kundan ko‘proq Ilyos undan qochib yurgan. (3 Shoh. 19:1–9) Oxir-oqibat g‘orda yolg‘iz qolganida, u Yahovaga iltijo qilib, shunday degan: «[Payg‘ambarlar orasidan] yolg‘iz men qochib qutuldim». (3 Shoh. 19:10) Lekin boshqa payg‘ambarlar ham bor edi. Obodiyo 100 ta payg‘ambarni malika Izabelning qo‘lidan qutqarib qolgan edi. (3 Shoh. 18:7, 13) Ilyos nega o‘zini bunchalik yolg‘iz his qilgan? U Obodiyo qutqarib qolgan payg‘ambarlar o‘lgan deb o‘ylaganmi? Yoki Karmil tog‘ida Yahova O‘zini haqiqiy Xudo ekanini isbotlaganidan keyin ham hech kim Unga topinishni boshlamagani sabab bo‘lganmi? Yo bo‘lmasa, dushmanlar uni o‘ldirmoqchi bo‘lganini hech kim bilmaydi yoxud u bilan biron kimning ishi yo‘q deb o‘ylaganmi? Bayonotda Ilyos nega o‘zini bunday his qilgani to‘liq tushuntirilmagan. Lekin Yahova nega Ilyos o‘zini yolg‘iz his qilganini tushunganiga va unga qanday yordam berishni bilganiga aminmiz.

O‘zimizni yolg‘iz his qilganda Yahova Ilyosga yordam bergani bizga qanday saboq bo‘la oladi? (5-, 6-xatboshilariga qarang.)

5. Yahova Ilyosni yolg‘iz emasligiga qay yo‘sin ishontirgan?

5 Yahova Ilyosga turli yo‘llar orqali yordam bergan. Uni gapirishga chorlab Yahova ikki marta undan: «Bu yerda nima qilyapsan?» — deb so‘ragan. (3 Shoh. 19:9, 13) Har safar Yahova uning iltijolarini eshitgan. Qolaversa, u bilan birgaligini va Qodir Tangri ekanini namoyon etgan. Bundan tashqari, Yahova Ilyosni u kabi topinayotgan ko‘pgina isroilliklar borligiga ishontirgan. (3 Shoh. 19:11, 12, 18) Shubhasizki, Ilyos Xudoga ichidagilarini aytib, Uning javobini eshitgach, o‘zini ancha yengil his qilgan. Yahova Ilyosga bir nechta muhim vazifa topshirgan. U Xazayilni Suriya, Yohuni Isroil ustidan shoh hamda Elishayni payg‘ambar etib tayinlashi kerak edi. (3 Shoh. 19:15, 16) Bu vazifalarni topshirib, Yahova Ilyosga ijobiy narsalarga diqqat qaratishga ko‘maklashgan. Buning ustiga unga yaqin bo‘lib qolgan hamkori Elishayni bergan. Xo‘sh, siz-chi, o‘zingizni yolg‘iz his qilganda Yahovaning ko‘magiga qanday ega bo‘la olasiz?

6. O‘zingizni yolg‘iz his qilganda nimalar haqida ibodat qilishingiz mumkin? (Zabur 62:8)

6 Yahova sizni Unga ibodat qilishga chorlayapti. U muammolaringizni ko‘rib turibdi va doim ibodatlaringizni eshitishiga ishontiryapti. (1 Salon. 5:17) Xizmatchilarining ibodatini eshitish U uchun yoqimli. (Hik. 15:8) O‘zingizni yolg‘iz his qilganda nima haqida ibodat qilishingiz mumkin? Ilyosdek ichingizdagini Yahovaga to‘kib-soling. (Zabur 62:8 ni o‘qing.) Unga xavotir va his-tuyg‘ularingizni ayting. Ular bilan kurashish uchun Yahovadan yordam so‘rang. Masalan, maktabda o‘zingizni yolg‘iz his qilsangiz va shohidlik berayotganingizda qo‘rqsangiz Xudodan jasorat so‘rang. E’tiqodingizni xushmuomalalik ila tushuntirish uchun Undan donolik so‘rasangiz bo‘ladi. (Luqo 21:14, 15) Salbiy his-tuyg‘ular bilan kurashayotgan bo‘lsangiz, bu borada yetuk imondoshimiz bilan gaplashishga yordam berishi haqida Yahovaga ibodat qilishingiz mumkin. O‘sha imondoshimiz tuyg‘ularingizni tushunishini ham ibodatda aytsangiz bo‘ladi. Qalbingizdagini Yahovaga to‘kib-soling, U sizga qanday javob berayotganini kuzating va boshqalarning yordamini qabul qiling. Shunda o‘zingizni kamroq yolg‘iz his qilasiz.

Xizmatingizni kengaytirish yo‘llarini izlab, ular haqida boshqalarga aytib beryapsizmi? (7-xatboshiga qarang.)

7. Maurisioning misolidan qanday saboq olishingiz mumkin?

7 Yahova barchamizga arzigulik ishlarni taqdim etgan. Jamoatda va xizmatda qilayotganlarimizga U e’tibor berishiga va qadrlashiga ishonchingiz komil bo‘lsin. (Zab. 110:3) O‘zingizni yolg‘iz his qilganingizda bu ishlar bilan band bo‘lish qay yo‘sin yordam berishi mumkin? Keling, Maurisio ismli yosh birodarimizning misoliga e’tibor beramiz *. Suvga cho‘mganidan ko‘p o‘tmay, uning eng yaqin do‘stlaridan biri haqiqatdan uzoqlasha boshladi. U shunday bo‘lishdi: «Bu o‘zimga bo‘lgan ishonchimga ta’sir qildi. Men: “Yahovaga bergan va’damning ustidan chiqa olarmikinman? Haqiqatda qola olarmikinman?” — deb o‘ylardim. O‘zimni yolg‘iz his qilib, boshqalar tuyg‘ularimni tushunmaydi deb o‘ylardim». Maurisioga nima yordam berdi? U shunday davom etdi: «Xizmatda ko‘proq qatnashdim. Bu nuqul o‘zim haqimda o‘ylamaslikka va salbiy tuyg‘ularga berilmaslikka yordam berdi. Men baxtli edim va boshqalar bilan xizmatda hamkorlik qilib, yolg‘izlikni kamroq his qildim». Imondoshlar bilan yuzma-yuz ko‘rishib xizmat qila olmasak ham, masalan, ular bilan birga xatlar yozib va telefon orqali shohidlik berib dalda olamiz. Maurisioga yana nima ko‘maklashdi? U shunday qo‘shib qo‘ydi: «Qolaversa, jamoatdagi ishlar bilan band edim. Men yig‘ilishlarda beriladigan topshiriqlarga yaxshilab tayyorlanib, ularni bajarardim. Bu tufayli Yahova va boshqalar meni qadrlayotganini his qilardim».

OG‘IR SINOVLAR DASTIDAN TUSHKUNLIKKA TUSHGANIMIZDA

8. Og‘ir sinovlar bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

8 Oxirzamonda qiyinchiliklarga duch kelishimizni bilamiz. (2 Tim. 3:1) Ammo bironta qiyinchilik boshimizga tushganida hayron qolishimiz hech gap emas. Ehtimol, bu pul yetishmovchiligi, jiddiy kasallik yoki yaqinimizning o‘limi bo‘lishi mumkin. Bunday paytlarda, ayniqsa, ketma-ket yoki birdaniga bir nechta qiyinchilikka duch kelganimizda tushkunlikka tusharmiz va xavotirlanarmiz. Unutmangki, Yahova nigohini bizga qaratyapti va Uning yordami bilan har qanday muammoni albatta yenga olamiz.

9. Ayub duch kelgan ba’zi qiyinchiliklarni aytib bering.

9 Yahova sadoqatli bo‘lgan Ayubga qanday yordam bergani haqida o‘ylab ko‘ring. Ayub qisqa vaqt ichida bir qancha og‘ir sinovlarni boshdan kechirgan. U bir kunning o‘zida chorvalaridan mahrum bo‘lgani, xizmatchilarining o‘lgani va eng og‘riqlisi bolalaridan ayrilgani haqida eshitgan. (Ayub 1:13–19) Bundan ko‘p o‘tmay Ayub dahshatli kasallikka yo‘liqqan va bu uning tashqi ko‘rinishiga ta’sir qilib, og‘riq keltirgan. (Ayub 2:7) Vaziyati mushkul bo‘lganidan u: «Hayotimdan nafratlanaman, umrim davom etishini istamayman»,— degan. (Ayub 7:16)

Yahova Ayubni sevgisiga ishontirish uchun mavjudotlariga mehr ila g‘amxo‘rlik qilishini aytib bergan (14-xatboshiga qarang.)

10. Sinovlar paytida bardoshli bo‘la olishi uchun Yahova Ayubga nima taqdim etdi? (Muqovadagi rasmga qarang.)

10 Yahova nigohini Ayubga qaratgan. U Ayubni sevgani tufayli sinovlarga bardosh qilishi va sadoqatli qolishi uchun unga kerakli barcha narsani taqdim etgan. Yahova Ayub bilan gaplashib, cheksiz donoligi va mavjudotlariga mehr ila g‘amxo‘rlik qilishini eslatgan. U ko‘pgina bahaybat mavjudotlar haqida aytgan. (Ayub 38:1, 2; 39:9, 13, 19, 27; 40:15; 41:1, 2) Shuningdek, U Ayubni mustahkamlash va dalda berish uchun uning yoniga yosh sadoqatli xizmatchisi Elixuni yuborgan. U Yahova bardosh qilgan xizmatchilarini doim mukofotlashiga Ayubni ishontirgan va unga sevgi ila maslahat bergan. Elixu biz koinotning Yaratuvchisi Yahovaning oldida mittigina ekanimizni eslatib, Ayubga faqat o‘zi haqida o‘ylamaslikka yordam bergan. (Ayub 37:14) Shuningdek, Yahova Ayubga vazifa topshirgan. U gunoh qilgan uchta do‘sti uchun ibodat qilishi kerak edi. (Ayub 42:8–10) Og‘ir sinovlarga duch kelganimizda Yahova bizni qanday qo‘llab-quvvatlaydi?

11. Qiyinchiliklar paytida Muqaddas Kitob qanday yordam beradi?

11 Ayubning vaziyatida bo‘lganiday, Yahova bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirmasa-da, Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob orqali murojaat qiladi. (Rim. 15:4) Xudo kelajakka bo‘lgan umidni berib bizga tasalli baxsh etyapti. Sinovlarga duch kelganimizda dalda baxsh etadigan Muqaddas Kitobdagi ba’zi fikrlarni ko‘rib chiqaylik. Alloh hech narsa, jumladan, mushkul sinovlar ham bizni Uning «sevgisidan judo qilishga qodir emasligiga» ishontiryapti. (Rim. 8:38, 39) Qolaversa, Xudo ibodatda «Uni chaqirayotgan kishilarga» yaqin ekaniga ishonch baxsh etyapti. (Zab. 145:18) Yahova Unga tayansak, har qanday qiyinchilikni yenga olishimizni va azob chekayotgan bo‘lsak ham baxtiyor bo‘lishimizni aytyapti. (1 Kor. 10:13; Yoqb. 1:2, 12) Shuningdek, va’da qilinayotgan abadiy barakalar bilan solishtirganda hozirgi qiyinchiliklarimiz vaqtincha ekanini bilib olyapmiz. (2 Kor. 4:16–18) Yahova qiyinchiliklarimizning asl sababini tag-tomiri bilan sug‘urib tashlashni, ya’ni Shayton Iblis va unga taqlid qilayotganlarni yo‘q qilishni va’da beryapti. (Zab. 37:10) Kelajakdagi sinovlarni yengishingizga ko‘maklashadigan oyatlarni yodlab oldingizmi?

12. Xudoning Kalomi foyda keltirishini xohlasak nima qilishimiz kerak?

12 Yahova Muqaddas Kitobni doim tadqiq qilishga va chuqur mulohaza yuritishga vaqt ajratishimizni xohlaydi. O‘rganganlarimizni amalda qo‘llasak imonimiz kuchli bo‘lib, samoviy Otamiz bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lamiz. Natijada sinovlarni yenga olamiz. Shuningdek, Yahova Uning Kalomiga ishonayotganlarga muqaddas ruhini beradi. Bu ruh yordamida har qanday sinovlarni yengish uchun «insonlarnikidan ustun turgan kuchga» ega bo‘lamiz. (2 Kor. 4:7–10)

13. «Ishonchli va aqlli xizmatkor» taqdim etayotgan ma’naviy ozuqa sinovlarni yengishimizga qay yo‘sin yordam beradi?

13 «Ishonchli va aqlli xizmatkor» Yahovaning yordami bilan ko‘pdan-ko‘p maqolalar, videolar hamda musiqalar taqdim etyapti. Ular imonimizni mustahkamlashga va ma’nan hushyor turishga yordam beradi. (Mat. 24:45) Yahova o‘z vaqtida taqdim etayotgan barcha narsadan to‘liq foydalanishimiz kerak. Yaqinda Qo‘shma Shtatlardagi bir opamiz ma’naviy ozuqa uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib, shunday dedi: «Yahovaning xizmatida o‘tkazgan 40-yil mobaynida benuqsonligim bir necha marta sinalgan». U og‘ir qiyinchiliklarga duch kelgan. Masalan, mast haydovchi uning bobosini mashinada urib ketgan, ota-onasi og‘ir kasallikka chalinib hayotdan ko‘z yumgan, o‘zi esa ikki marta saraton kasalligiga chalingan. Unga sabr-bardoshli bo‘lishga nima yordam bergan? Opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «Yahova doim menga g‘amxo‘rlik qilgan. U ishonchli va aqlli xizmatkor orqali taqdim etayotgan ma’naviy ozuqa chidamli bo‘lishimga ko‘maklashdi. Shu sababli, men ham Ayub kabi: “Toki hayot ekanman, benuqsonligimdan voz kechmayman!” — deb ayta olaman». (Ayub 27:5)

Jamoatdagilar uchun qanday qilib baraka bo‘la olasiz? (14-xatboshiga qarang.)

14. Qiyinchiliklar paytida Yahova bizni qo‘llab-quvvatlash uchun imondoshlarimizdan qanday foydalanadi? (1 Salonikaliklarga 4:9)

14 Yahova O‘z xalqini qiyinchiliklar paytida bir-birini sevishga va o‘zaro tasalli berishga o‘rgatyapti. (2 Kor. 1:3, 4; 1 Salonikaliklarga 4:9 ni o‘qing.) Qiyinchiliklarga duch kelganimizda, imondoshlarimiz Elixuga taqlid qilib, sodiq bo‘lib qolishimizga yordam berishga intilishadi. (Havor. 14:22) Misol uchun, Diananing eri jiddiy sog‘lik muammosidan azob chekkanida jamoatidagilar unga dalda berib, ma’nan kuchli qolishiga ko‘maklashishgan. U shunday deb bo‘lishdi: «Bu juda og‘ir edi. Lekin o‘sha mushkul bir necha oy davomida Yahovaning qudratli qo‘llari ostida sevgisini his qilardik. Imondoshlar bizni rosa qo‘llab-quvvatlashdi. Ular biznikiga kelishgan, qo‘ng‘iroq qilishgan, bizni quchoqlashgan. Bu olg‘a intilishimizga ko‘maklashgan. Mashina haydashni bilmaganim uchun imkonim bo‘lganida imondoshlarimiz meni yig‘ilishga va xizmatga olib ketishardi». Bu kabi sevgiga to‘la ma’naviy oila a’zosi bo‘lish katta baraka!

YAHOVANING G‘AMXO‘RLIGI UCHUN MINNATDOR BO‘LING

15. Qiyinchiliklarni yenga olishga nega ishonchimiz komil?

15 Barchamiz turli xil qiyinchiliklarga duch kelamiz. Lekin bilib olganimizdek ularni yengishda yolg‘iz emasmiz. Sevuvchi ota singari Yahova nigohini bizdan hech qachon uzmaydi. U bizning yonimizda va yordam so‘rab qilgan ibodatimizni eshitishga hamda bizni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor. (Ishayo 43:2) Xudo bizga kerakli barcha narsani taqdim etgani uchun qiyinchiliklarni yenga olishga ishonchimiz komil. U bizga ibodat qilish hadyasini, Muqaddas Kitobni, ko‘pdan-ko‘p ma’naviy ozuqani va yordamga tayyor mehribon imondoshlarimizni bergan.

16. Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilishda davom etishi uchun nima qilishimiz kerak?

16 Samoviy Otamizning nigohi bizga qaratilganidan juda minnatdormiz. «U tufayli qalbimiz quvonchga to‘lyapti». (Zab. 33:21) Yahovaning g‘amxo‘rligi uchun minnatdorchiligimizni U yordam tariqasida taqdim etayotgan narsalardan foydalanib ko‘rsata olamiz. Xudo bizga g‘amxo‘rlik qilishda davom etishi uchun o‘zimiz ham harakat qilishimiz lozim. Boshqacha aytganda, Yahovaga quloq solish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilishda va U to‘g‘ri deb bilgan ishlarni qilishda davom etsak, U nigohini bizdan hech qachon uzmaydi. (1 Butr. 3:12)

30-QO‘SHIQ Do‘stim, Otam va Rabbim

^ Qiyinchiliklarimizni yengish uchun Yahovaning yordamiga muhtojmiz. Us hbu maqola bizni Yahovaning nigohi xizmatchilariga qaratilganiga ishontiradi. U muammolarimizdan xabardor va ularni yengish uchun kerakli barcha narsani taqdim etadi.

^ Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.