Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

33-TADQIQ MAQOLASI

Doniyor payg‘ambardan o‘rnak oling

Doniyor payg‘ambardan o‘rnak oling

Sen nihoyatda aziz insonsan. (DON. 9:23)

73-QO‘SHIQ Bizga jasorat ber

BU MAQOLADA a

1. Nega Doniyor bobilliklarning nazariga tushgan?

 DONIYOR PAYG‘AMBAR yosh bo‘lganida bobilliklar uni uyidan uzoqqa asirlikka olib ketishgan. Lekin Doniyor yosh bo‘lishiga qaramay bobillik amaldorlarning nazariga tushgan. Ular uning tashqi ko‘rinishiga qarashgan. Doniyor «nuqsonsiz, ko‘rkam» va asilzodalar naslidan bo‘lgan. (1 Shoh. 16:7) Shu sabablarga ko‘ra, Doniyor saroyda xizmat qilishi uchun bobilliklar unga ta’lim berishgan. (Don. 1:3, 4, 6)

2. Yahova Doniyorga nisbatan nimalarni his qilgan? (Hizqiyo 14:14)

2 Yahova Doniyorni shunchaki tashqi ko‘rinishi yoki saroydagi o‘zgacha mavqei uchun yaxshi ko‘rmagan. U qanday inson bo‘lishni tanlagani Yahovaning nazaridan chetda qolmagan. Xudo Unga ko‘p yillar davomida xizmat qilgan Nuh va Ayub payg‘ambarlar qatorida Doniyorni tilga olganida, hoynahoy, uning yoshi 20 ga yaqin bo‘lgan. (Ibt. 5:32; 6:9, 10; Ayub 42:16, 17; Hizqiyo 14:14 ni o‘qing.) Ha, Yahova Doniyorni butun hayoti davomida yaxshi ko‘rib kelgan. (Don. 10:11, 19)

3. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

3 Ushbu maqolada Doniyorni Yahovaning nazarida aziz insonga aylantirgan ikkita fazilatni ko‘rib chiqamiz. Boshida u bu fazilatlarni ko‘rsatgan vaziyatlarga e’tibor qaratamiz. Keyin unga ularni rivojlantirishga nima yordam berganini bilib olamiz. Oxirida esa qay yo‘sin unga taqlid qilishimiz mumkinligini muhokama qilamiz. Garchi bu maqola yoshlar uchun yozilgan bo‘lsa ham barchamiz Doniyor payg‘ambardan o‘rnak olishimiz mumkin.

DONIYORNING JASORATIGA TAQLID QILING

4. Doniyor qay yo‘sin jasorat namoyon etgan? Misol keltiring.

4 Jasoratli insonlar qo‘rquvni his qilishi mumkin, ammo bu ularni to‘g‘ri ish qilishdan to‘xtatishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Doniyor juda jasoratli yigit bo‘lgan. U jasoratni namoyon etgan ikkita vaziyatga e’tibor beraylik. Birinchisi bobilliklar Quddusni vayron etganidan taxminan ikki yil o‘tgach yuz berganga o‘xshaydi. Bobil shohi Navuxodonosor bahaybat haykal haqida tinchini buzadigan bir tush ko‘rgan. Shoh agar u qanday tush ko‘rganini aytib, buni ta’birlab berishmasa, barcha donishmandlarni, shuningdek, Doniyorni ham o‘ldirishga buyruq bergan. (Don. 2:3–5) Shunda Doniyor darhol harakatga tushgan, aks holda, ko‘plar hayotini yo‘qotishi mumkin edi. U «shohning huzuriga borib, tushning ta’birini aytish uchun vaqt berishini» so‘ragan. (Don. 2:16) Bunday qilish uchun unga jasorat va imon kerak edi. Doniyor bundan oldin tushlarni ta’birlagani haqida hech qayerda yozilmagan. U do‘stlari Shadrax, Meshax va Abednaxudan «osmondagi Xudovand ularga bu sirni ochib berishi va rahm-shafqat ko‘rsatishi haqida ibodat qilishlarini» so‘ragan. (Don. 2:18) Yahova ularning ibodatlariga javob bergan. Doniyor Uning yordamida Navuxodonosorning tushini ta’birlab bergan. Shu yo‘sin, Doniyor va uning do‘stlari omon qolishgan.

5. Doniyorning jasorati yana qanday sinalgan?

5 Doniyor bahaybat haykal haqidagi tushni ta’birlab berganidan biroz vaqt o‘tgach jasorati yana sinalgan. Shoh Navuxodonosor boshqa qo‘rqinchli tush ko‘rgan. U ulkan bir daraxt haqida edi. Doniyor bu tushning ma’nosini shohga jasorat ila tushuntirgan hamda u es-hushini yo‘qotishini va qaysidir payt davomida hukm surmasligini e’lon qilgan. (Don. 4:25) Shoh uni dushmanga chiqarib, o‘ldirishi mumkin edi. Ammo Doniyor jasorat ila uning tushini baribir ta’birlab bergan.

6. Jasoratli bo‘lishga Doniyorga nima yordam bergan bo‘lishi mumkin?

6 Doniyorga butun hayoti davomida jasoratli bo‘lishga nima yordam bergan bo‘lishi mumkin? U yosh bo‘lganida ota-onasidan o‘rnak olgani aniq. Shubhasizki, ular Yahova isroillik ota-onalarga bergan ko‘rsatmalarga bo‘ysunishgan va Uning Qonunini farzandlariga o‘rgatishgan. (Qonun. 6:6–9) Doniyor Musoning Qonunidagi nafaqat asosiy narsalarni, masalan, O‘nta amrni, balki nimani yeyish mumkin va mumkin emasligi b borasidagi tafsilotlarni ham bilgan. (Lev. 11:4–8; Don. 1:8, 11–13) Shuningdek, u Xudo xalqining tarixidan va xizmatchilarining itoatsizligi qanday oqibatlarga olib kelganidan xabardor bo‘lgan. (Don. 9:10, 11) Doniyor hayotidagi hodisalar tufayli Yahova hamda Uning qudratli farishtalari uni doim qo‘llab-quvvatlashiga ishongan. (Don. 2:19–24; 10:12, 18, 19)

Doniyor tadqiq va ibodat qilish hamda Yahovaga ishonish orqali jasoratni rivojlantira olgan (7-xatboshiga qarang.)

7. Doniyorga jasoratni rivojlantirishga yana nima yordam bergan? (Rasmga ham qarang.)

7 Doniyor payg‘ambarlarning yozuvlarini, jumladan, Yeremiyoning bashoratlarini tadqiq qilgan. U keyinchalik, uzoq davom etgan Bobildagi asirlik tez orada yakuniga yetishini tadqiq paytida tushunib olgan. (Don. 9:2) Yahovaning so‘zlari amalga oshganini ko‘rish Doniyorning Unga bo‘lgan ishonchini mustahkamlagani shubhasizdir. Ha, Xudoga ishongan inson nihoyatda jasoratli bo‘la oladi. (Rimliklarga 8:31, 32, 37–39 ni solishtiring.) Eng muhimi, Doniyor samoviy Otasiga tez-tez ibodat qilib turgan. (Don. 6:10) U gunohlarini tan olib, tuyg‘ularini Yahova bilan bo‘lishgan hamda Undan yordam so‘ragan. (Don. 9:4, 5, 19) U ham biz kabi oddiy inson bo‘lgan va jasoratli bo‘lib tug‘ilmagan. Aksincha, u tadqiq o‘tkazish, ibodat qilish va Yahovaga ishonish orqali bu fazilatni rivojlantirgan.

8. Qay yo‘sin jasoratni rivojlantirishimiz mumkin?

8 Jasoratni rivojlantirish uchun nima qilishimiz lozim? Ota-onamiz bizni jasoratli bo‘lishga undashi mumkin. Lekin ular buni oilaviy meros sifatida bizga o‘tkaza olishmaydi. Jasoratni rivojlantirishni yangi ko‘nikmani o‘rganishga o‘xshatsa bo‘ladi. Yangi ko‘nikmaga ega bo‘lishning yo‘llaridan biri ustozning harakatlarini diqqat bilan kuzatib, uning o‘rnagiga taqlid qilishdir. Shunga o‘xshab, boshqalar qay yo‘sin jasoratni namoyon etayotganini diqqat bilan kuzatish va ularning o‘rnagiga taqlid qilish orqali uni rivojlantira olamiz. Xo‘sh, Doniyor payg‘ambardan nimani o‘rgansak bo‘ladi? Biz ham u kabi Xudoning Kalomini yaxshi bilishimiz lozim. Yahovaga bemalol va tez-tez murojaat qilib, U bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirishimiz darkor. Qolaversa, Yahova bizga yordam berishiga amin bo‘lib, Unga ishonishimiz kerak. Shunda imonimiz sinalganida jasoratli bo‘lamiz.

9. Jasoratli bo‘lishdan qanday foyda olamiz?

9 Jasorat namoyon etganimizda ko‘p foyda olamiz. Benning vaziyatiga e’tibor qarataylik. U Germaniyadagi bir maktabda o‘qigan. U yerda hamma evolyutsiyaga ishongan va Muqaddas Kitobdagi yaratilish haqidagi bayonotni afsona deb bilgan. Bir kuni Ben sinfdoshlarining oldida turib, nima uchun yaratilishga ishonishini tushuntirib bergan. U jasoratli bo‘lib, e’tiqodi haqida aytib bergan. Buning natijasi qanday bo‘lgan? Ben shunday dedi: «O‘qituvchim meni diqqat bilan tingladi. Keyin esa u men foydalangan ma’lumotlarni nusxalashtirib, ularni har bir sinfdoshimga berdi». Xo‘sh, bunga Benning sinfdoshlari qanday munosabat ko‘rsatishgan? U quyidagicha dedi: «Sinfdoshlarim meni diqqat bilan tinglab, lol qolishganini aytishdi». Benning vaziyatidan ko‘rinib turganidek, jasoratli odamlar ko‘pincha boshqalarning oldida ham hurmatga sazovor bo‘lishadi. Shuningdek, ular samimiy insonlarga Yahova haqida bilib olishga ko‘maklashishi mumkin. Rostdan ham jasoratni rivojlantirishimiz uchun arzigulik sabablar bor.

DONIYORNING SADOQATIGA TAQLID QILING

10. Sadoqat nimani anglatadi?

10 Muqaddas Kitobda «sadoqat» yoki «mehr-sadoqatni» anglatadigan ibroniycha so‘z mehr-muhabbat ila bog‘lanishga ishora qiladi va ko‘p hollarda Xudoning xizmatchilariga bo‘lgan sevgisini ta’riflash uchun qo‘llaniladi. Bu so‘z Xudo xizmatchilarining orasidagi sevgini ta’riflash uchun ham ishlatiladi. (2 Shoh. 9:6, 7) Shuni aytish joizki, sadoqatimiz vaqt o‘tgani sayin mustahkamlanishi mumkin. Buni Doniyor payg‘ambarning misolidan ko‘rsak bo‘ladi.

Yahova Doniyor payg‘ambarni sadoqati uchun mukofotlab, farishtasini yubordi va uni sherlardan himoyaladi (11-xatboshiga qarang.)

11. Doniyor payg‘ambarning sadoqati keksa yoshida qanday sinalgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

11 Hayoti mobaynida Doniyorning Yahovaga bo‘lgan sadoqati sinalgan. Lekin u 90 yoshdan oshganida eng og‘ir sinovlarning biriga duch kelgan. Bu midiyaliklar va forslar Bobilni bosib olganida va shoh Doro boshqarayotgan davrda yuz bergan. Amaldorlar Doniyorni yoqtirishmasdi va uning Xudosini hurmat qilishmasdi. Shunga ular Doniyorni o‘ldirish rejasini tuzishgan va shohni farmon chiqarishga undashgan. Bu farmon tufayli u tanlov oldida turgan — Yahovaga sadoqatli qoladimi yoki shohgami? Doniyor shohga bo‘lgan sadoqatini isbotlash va hamma qatori yo‘l tutish uchun 30 kun mobaynida Yahovaga ibodat qilmasligi kerak edi. Lekin u bunday qilishni rad etgan. Natijada uni sherlar yotgan chuqurlikka tashlashgan. Biroq Yahova Doniyorni sadoqati uchun mukofotlab, sherlarning og‘zidan qutqarib qolgan. (Don. 6:12–15, 20–22) Qay yo‘sin biz ham Doniyor kabi Yahovaga sadoqatli bo‘la olamiz?

12. Qay yo‘sin Doniyor Yahovaga sodiq bo‘lib qolgan?

12 Oldinroq aytilganiday, sadoqatni rivojlantirishga kuchli sevgi yordam beradi. Doniyor Yahovani qattiq yaxshi ko‘rgani uchun Unga sodiq bo‘lib qolgan. U Xudoning fazilatlari va U qay yo‘sin ularni namoyon etgani borasida mulohaza yuritib, bu sevgini rivojlantirgan. (Don. 9:4) Shuningdek, Doniyor Yahova u va xalqi uchun qilgan barcha yaxshiliklari haqida fikr yuritib, minnatdor bo‘lgan. (Don. 2:20–23; 9:15, 16)

Siz ham Doniyor kabi Yahovani yaxshi ko‘rib, Unga bo‘lgan sadoqatni rivojlantira olasiz (13-xatboshiga qarang.)

13. a) Yoshlarning sadoqati qanday sinalyapti? Misol keltiring. (Rasmga ham qarang.) b) Agar sizdan Yahovaning Shohidlari gomoseksualistlarning hayot tarzini qo‘llab-quvvatlaydimi, deb so‘rashsa qanday javob berardingiz? (Izohga qarang.)

13 Doniyor kabi hozirgi yoshlarning atrofida ham Yahovani va Uning me’yorlarini hurmat qilmaydigan odamlar to‘lib-toshgan. Bunday odamlar e’tiqodi yoki nuqtai nazari ularnikidan farq qiladigan insonlarni yoqtirmasligi mumkin. Hatto ba’zilari yoshlarning Yahovaga bo‘lgan sadoqatini sindirish uchun bezorilik qiladi. Misol uchun, Avstraliyada yashaydigan Greym bilan nima yuz berganiga diqqat qarataylik. U maktabda qiyin vaziyatga duch kelgan. Ustozi sinfdagi o‘quvchilardan agar ularning qaysidir do‘sti gomoseksualist ekanini aytsa, ular bunga qanday munosabat ko‘rsatishini so‘ragan. Shuningdek, ustozi kim do‘stining bunday hayot tarzini qo‘llab-quvvatlasa sinfning bir qismiga, qo‘llab-quvvatlamasa boshqa qismiga o‘tishni aytgan. Greym quyidagicha dedi: «Men va yana bir Yahovaning Shohididan tashqari butun sinf bunday hayot tarzini qo‘llab-quvvatlaydiganlar tarafiga o‘tdi». Keyin yuz bergan narsalar sababli Greymning Yahovaga bo‘lgan sadoqati yanada ko‘proq sinaldi. U shunday dedi: «Dars tugaguncha nafaqat o‘quvchilar, hatto ustozimiz ham ustimizdan kulib, bizni haqorat qildi. Imonimni xotirjamlik va mulohazakorlik bilan himoya qilish uchun qo‘limdan kelganini qildim, lekin ular meni eshitishni umuman istashmadi». Bu Greymga qanday ta’sir qilgan? U mana bu so‘zlarni aytdi: «Albatta, sinfdoshlarim ustimdan kulgani menga yoqmagan, lekin Yahovaga sadoqatli qolib, imonimni himoya qila olganim uchun nihoyatda baxtiyor edim» c.

14. Yahovaga bo‘lgan sadoqatni rivojlantirishning yo‘llaridan biri qanday?

14 Yahovaga bo‘lgan kuchli sevgini rivojlantirib, Doniyor kabi Unga sadoqatli bo‘la olamiz. Bunday sevgini rivojlantirish uchun Xudoning fazilatlarini ko‘proq o‘rganishimiz lozim. Masalan, U yaratgan ijodlar haqida bilim orttirsak bo‘ladi. (Rim. 1:20) Agar Yahovaga bo‘lgan sevgi va hurmatni oshirmoqchi bo‘lsangiz, «Tasodifmi yoki ijod mahsulimi?» nomli maqolalar turkumidagi qisqa maqolalarni o‘qing yoki videolarni tomosha qiling. Shuningdek, ko‘p tillarda mavjud bo‘lgan «Hayot yaratilganmi?» va «Hayotning kelib chiqishi. Javob talab qilayotgan beshta savol» nomli risolalarni tadqiq qilsangiz bo‘ladi. Daniyada yashovchi Ester singlimiz bu adabiyotlar borasida quyidagicha dedi: «Ma’lumotlar ajoyib tarzda tushuntirilgan. Risolalarda nimaga ishonishingiz kerakligi aytilmagan, balki qaror chiqarishingizga yordam beradigan faktlar keltirilgan». Yuqorida tilga olingan Ben shunday bo‘lishdi: «Bu ma’lumot imonimni mustahkamlashga yordam berdi va hayotni Xudo yaratganiga meni ishontirdi». Siz ham bu ma’lumotni tadqiq qilgach, Muqaddas Kitobda yozilgan quyidagi so‘zlarga qo‘shilarsiz: «Ey Allohimiz Yahova, Sen shon-sharaf va kuch-qudratni egallashga loyiqsan, chunki Sen butun borliqni yaratding va hamma narsa Sening irodang ila yaratilgan va mavjuddir». (Vah. 4:11) d

15. Yahova bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishning yana bir yo‘li qanday?

15 Yahovaga bo‘lgan kuchli sevgini rivojlantirishning yana bir yo‘li bu Uning O‘g‘li Iso Masihning hayotini ko‘proq tadqiq qilishdir. Germaniyada yashovchi Samira singlimiz xuddi shunday yo‘l tutgan. U quyidagicha dedi: «Iso orqali Yahovani yaxshiroq bilib oldim». U kichikligida Yahovaning tuyg‘ulari borligini tushunishga qiynalgan, lekin Isoning his-tuyg‘ularini tushungan. U shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Isoni juda yaxshi ko‘rardim. Sababi, u boshqalar bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan va bolalarni yaxshi ko‘rgan». Samira Iso haqida o‘rgangani sayin Yahova bilan do‘stligi rivojlanib boraverardi. Qanaqasiga? U shunday dedi: «Iso Otasiga mukammal tarzda taqlid qilishini asta-sekin tushunib oldim. Ular bir-biriga juda o‘xshaydi. Yahova odamlar U haqda ko‘proq bilib olishlarini istaydi. Bu Iso yer yuziga kelganining sabablaridan biri ekanini tushundim». (Yuhan. 14:9) Yahova bilan do‘stligingizni mustahkamlashni istasangiz Isoning hayoti haqida ko‘proq bilim olishga intiling. Bunday qilsangiz Yahovaga bo‘lgan sevgingiz oshib, sadoqatingiz yanada mustahkam bo‘ladi.

16. Sadoqatli bo‘lish qanday foyda keltiradi? (Zabur 18:25; Mixo 6:8)

16 Sadoqatli bo‘lganlar ko‘p hollarda boshqalar bilan qalin va abadiy do‘stlik rishtalariga ega bo‘ladi. (Rut 1:14–17) Yahovaga sodiq bo‘lsak, ichki xotirjamlikka ega bo‘lishimiz mumkin. Nega? Sababi, U Unga sodiq bo‘lganlarga sodiq bo‘lishga va’da beryapti. (Zabur 18:25; Mixo 6:8 ni o‘qing.) Bir o‘ylab ko‘ring, qodir Tangri biz bilan qalin do‘st bo‘lmoqchi! U bilan do‘st bo‘lsak, na dushmanlar, na sinovlar, na o‘lim bizni Undan ajrata olmaydi. (Don. 12:13; Luqo 20:37, 38; Rim. 8:38, 39) Ha, Doniyor payg‘ambarga taqlid qilishimiz va Yahovaga sadoqatli qolishimiz juda muhim.

DONIYOR PAYG‘AMBARDAN O‘RNAK OLISHDA DAVOM ETING

17, 18. Doniyordan yana nimani o‘rgansak bo‘ladi?

17 Ushbu maqolada Doniyor payg‘ambarning ikkita fazilati haqida so‘z yuritdik. Lekin undan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin. Misol uchun, Yahova Doniyorga ko‘pgina vahiylar-u tushlar ko‘rsatgan va bashoratli xabarlarning ma’nosini tushunish qobiliyatini bergan. Bu bashoratlarning aksariyati allaqachon amalga oshgan. Boshqalaridan esa yaqin kelajakda har bir insonga ta’sir qiladigan voqealarning tafsilotlarini bilib olsak bo‘ladi.

18 Keyingi maqolada Doniyor payg‘ambarning ikkita bashoratiga e’tibor qaratamiz. Ularni tushunish barchamizga — yosh-u keksalarga hozirning o‘zida dono qarorlar chiqarishga yordam beradi. Qolaversa, bu bashoratlar bizni tez orada yuz beradigan sinovlarga tayyorlab, yanada jasoratli va sadoqatli bo‘lishimizga ko‘maklashadi.

119-QO‘SHIQ Imonli bo‘laylik

a Yahovaning yosh xizmatchilari jasorati va Unga bo‘lgan sadoqati sinaladigan qiyinchiliklarga duch kelyapti. Masalan, yaratilishga ishongani uchun sinfdoshlari ularning ustidan kular. Yoki Xudoga xizmat qilayotgani va Uning me’yorlari bo‘yicha yashayotgani uchun tengdoshlari ularni aqlsiz deb hisoblar. Ammo Doniyor payg‘ambarga taqlid qiladigan va Yahovaga jasorat hamda sadoqat ila xizmat qiladiganlar chinakamiga donodir. Ushbu maqola buni yaqqol ko‘rsatib beradi.

b Quyida Doniyor bobilliklarning nopok ovqatlarini iste’mol qilmaganining taxminiy sabablari keltirilgan: 1) go‘sht Musoning Qonuni bo‘yicha man etilgan hayvonlarniki bo‘lgan. (Qonun. 14:7, 8) 2) Hayvonning qoni oxirigacha chiqarilmagandi. (Lev. 17:10–12) 3) O‘sha ovqatlarni iste’mol qilish soxta xudolarga sajda qilish bilan barobar edi. (Levilar 7:15 va 1 Korinfliklarga 10:18, 21, 22 ni solishtiring.)

c jw.org saytidagi «Chin adolat tinchlik keltiradi» nomli videoni tomosha qiling.

d Yahovaga bo‘lgan sevgingizni kuchaytirish uchun ko‘p tillarda mavjud bo‘lgan «Yahova Taologa yaqinlashing» kitobini ham tadqiq qilsangiz bo‘ladi. Uning yordamida Yahovaning fazilatlari va shaxsiyati haqida ko‘proq bilib olasiz.