Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

36-TADQIQ MAQOLASI

Mas’uliyatni olib yuring, og‘irlikni esa yechib tashlang

Mas’uliyatni olib yuring, og‘irlikni esa yechib tashlang

Har qanday og‘irlikni... yechib tashlab, Alloh bizga belgilagan musobaqada chidam bilan chopaylik. (IBRON. 12:1)

33-QO‘SHIQ G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla

BU MAQOLADA a

1. Ibroniylarga 12:1 ga ko‘ra, hayot musobaqasidagi marrani bosib o‘tish uchun nima qilishimiz lozim?

 MASIHIYLAR sifatidagi hayotimiz Muqaddas Kitobda yugurish bo‘yicha musobaqaga o‘xshatilgan. Marra chizig‘ini muvaffaqiyat ila bosib o‘tgan yuguruvchilar abadiy hayot bilan taqdirlanadi. (2 Tim. 4:7, 8) Marra chizig‘iga kundan-kun yaqinlashayotgan ekanmiz, yugurishda davom etish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz darkor. Hayot musobaqasini yugurib o‘tgan havoriy Pavlus bunda nima yordam berishini aytgan. U barchamizni «har qanday og‘irlikni... o‘zimizdan yechib tashlab, Alloh bizga belgilagan musobaqada chidam bilan» chopishga undagan. (Ibroniylarga 12:1 ni o‘qing.)

2. «Har qanday og‘irlikni» yechib tashlash nima degani?

2 Pavlus «har qanday og‘irlikni... o‘zimizdan» yechib tashlash haqida yozganida masihiylar bo‘yniga hech qanday mas’uliyatni olmasligi kerakligini nazarda tutganmi? Yo‘q. U buni nazarda tutmagan. Aksincha, Pavlus keraksiz har qanday og‘irlikdan qutulishimiz muhim, deb aytmoqchi edi. Bu kabi og‘irlik bizni sekinlashtirib, holdan toyishimizga sabab bo‘lishi mumkin. Chidam bilan chopish uchun harakatimizni sekinlashtirayotgan har qanday narsani darrov aniqlashimiz va undan xalos bo‘lishimiz zarur. Shu bilan birga bo‘ynimizdagi mas’uliyatlar chetda qolib ketishini ham istamaymiz. Aks holda, musobaqada qatnashish uchun layoqatsiz deb topilamiz. (2 Tim. 2:5) Xo‘sh, bo‘ynimizdagi qaysi mas’uliyatlarni olib yurishimiz darkor?

3. a) Galatiyaliklarga 6:5 ga ko‘ra, nimani olib yurishimiz lozim? b) Ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz va nega?

3 Galatiyaliklarga 6:5 ni o‘qing. Bu yerda Pavlus Xudoning oldida olib yurishimiz kerak bo‘lgan mas’uliyatlarga ishora qilgan. Ushbu maqolada mas’uliyatlarimizga nima kirishi va qay yo‘sin ularni olib yurishimiz haqida so‘z yuritamiz. Shuningdek, ehtimol, ko‘tarib yurayotgan keraksiz og‘irliklarni aniqlab, qanday qilib ularni yechib tashlashimiz mumkinligini bilib olamiz. Bo‘ynimizdagi mas’uliyatlarni olib yurish va keraksiz og‘irliklarni yechib tashlash hayot musobaqasidagi marrani muvaffaqiyat ila bosib o‘tishga yordam beradi.

OLIB YURISHIMIZ KERAK BO‘LGAN MAS’ULIYATLAR

Bo‘ynimizdagi mas’uliyatlarni olib yurishimiz kerak. Ularga bag‘ishlov va’dasi bo‘yicha hayot kechirish, oiladagi mas’uliyatlarimizni bajarish va qarorlarimizning oqibatlariga mas’ul bo‘lish kiradi (4–9-xatboshilariga qarang.)

4. Nega bag‘ishlov va’dasi juda og‘ir yuk emas? (Rasmga ham qarang.)

4 Bag‘ishlov va’dasi. O‘zimizni Yahovaga bag‘ishlaganimizda, Unga topinishga va irodasini bajarishga va’da berganmiz. Bu va’damizda turishimiz kerak. Unga yarasha hayot kechirish jiddiy mas’uliyat, lekin bu juda og‘ir yuk emas. Negaki, Yahova bizni Uning irodasini bajarish uchun yaratgan. (Vah. 4:11) U bizni ma’naviy ehtiyojlar bilan O‘ziga monand qilib yaratgan. Natijada biz Unga yaqinlashib, irodasini bajarishdan zavq olishimiz mumkin. (Zab. 40:8) Eng muhimi, Xudoning irodasini bajarganimizda va Uning O‘g‘liga ergashganimizda o‘zimiz rohat topamiz. (Mat. 11:28–30)

(4-, 5-xatboshilariga qarang.)

5. Bag‘ishlov va’dasi ustida turishga nima yordam berishi mumkin? (1 Yuhanno 5:3)

5 Qay yo‘sin bu mas’uliyatni olib yura olasiz? Bunda ikkita narsa yordam berishi mumkin. Birinchidan, Yahovaga bo‘lgan sevgingizni mustahkamlashda davom eting. Buni U siz uchun qilgan yaxshiliklari va ato etadigan barakalar ustida mulohaza yuritib qila olasiz. Xudoga bo‘lgan sevgingiz oshgani sayin Unga itoat qilish siz uchun ancha oson bo‘ladi. (1 Yuhanno 5:3 ni o‘qing.) Ikkinchidan, Iso Masihga taqlid qiling. U Yahovaga ibodat qilib, yordam so‘ragani va diqqatini mukofotga qaratgani uchun Uning irodasini bajara olgan. (Ibron. 5:7; 12:2) Iso kabi kuch so‘rab Yahovaga ibodat qiling va abadiy hayot haqidagi umidni ongingizda tirik saqlang. Xudoga bo‘lgan sevgingiz oshgani va Uning O‘g‘liga taqlid qilganingiz sayin bag‘ishlov va’dasi ustida tura olasiz.

6. Nega oiladagi mas’uliyatlarimizni bajarishimiz zarur? (Rasmga ham qarang.)

6 Oiladagi mas’uliyatlarimiz. Hayot musobaqasida Yahovani hamda Isoni qarindosh-u urug‘larimizdan ko‘proq yaxshi ko‘rishimiz kerak. (Mat. 10:37) Lekin bu oiladagi mas’uliyatlarimizga beparvo bo‘lishimizni anglatmaydi. Chunki bunday qilsak, Xudoni hamda Masihni mamnun qila olmaymiz. Ularga ma’qul kelish uchun oiladagi mas’uliyatlarimizni bajarishimiz zarur. (1 Tim. 5:4, 8) Bunday qilganimizda ancha baxtliroq bo‘lamiz. Yahova er-u xotin bir-birini sevib, hurmat qilganida, ota-onalar bolalarini yaxshi ko‘rib, ularga ta’lim berganida, bolalar esa ota-onasiga itoatli bo‘lganida oilalar baxtli bo‘lishini biladi. (Efes. 5:33; 6:1, 4)

(6-,7-xatboshilariga qarang.)

7. Oiladagi mas’uliyatingizni qay yo‘sin bajara olasiz?

7 Qay yo‘sin bu mas’uliyatni olib yura olasiz? Oilangizdagi mas’uliyat qanday bo‘lishidan qat’iy nazar shunchaki tuyg‘ularingizga, boshqalarning fikriga yoki mutaxassislarning gaplariga quloq solishning o‘rniga Muqaddas Kitobdagi dono so‘zlarga amal qiling. (Hik. 24:3, 4) Unga asoslangan adabiyotlardan foyda oling. Zero ularda Kalomdagi prinsiplarni qanday qo‘llash borasida ajoyib amaliy maslahatlar keltirilgan. Masalan, juftliklar, ota-onalar va o‘smirlar hozirda duch kelayotgan muayyan qiyinchiliklar borasida jw.org saytimizda bebaho ma’lumotlar bor b. Oila a’zolaringiz Kalomdagi so‘zlarga amal qilmayotgan bo‘lsa ham o‘zingiz bunday qilishga jon kuydiring. Shu yo‘sin, bu oilangizga foyda keltiradi va o‘zingiz Yahovaning barakalaridan zavq olasiz. (1 Butr. 3:1, 2)

8. Qarorlarimiz bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

8 Qarorlarimiz uchun javobgarlik. Yahova bizga iroda erkinligini ato etgan va to‘g‘ri qarorlar chiqarib foyda olishimizni xohlayapti. Lekin U noto‘g‘ri qarorlarimizning asoratlaridan bizni himoyalamaydi. (Galat. 6:7, 8) Shu bois chiqargan noto‘g‘ri qarorlarimiz, o‘ylamay aytgan gaplarimiz va shoshilib qilgan harakatlarimizning oqibatlari uchun mas’ul bo‘lamiz. Noto‘g‘ri yo‘l tutganimizda vijdonimiz bizni qiynashi hech gap emas. Biroq qarorlarimiz uchun javobgar ekanimizni bilish gunohlarimizda iqror bo‘lishga, xatolarni to‘g‘rilashga va ularni boshqa qaytarmaslikka bizni undaydi. Bunday yo‘l tutish hayot musobaqasida qatnashishda davom etishimizga ko‘maklashishi mumkin.

(8-, 9-xatboshilariga qarang.)

9. Nodonlik ila qaror chiqargan bo‘lsangiz nima qila olasiz? (Rasmga ham qarang.)

9 Qay yo‘sin bu mas’uliyatni olib yura olasiz? Bordi-yu, nodonlik ila qaror chiqargan bo‘lsangiz, hozirgi vaziyatingizni borligicha qabul qiling. O‘tmishni o‘zgartira olmasligingizni tushuning. Jismoniy va hissiy kuchingizni o‘zingizni oqlash yoki noto‘g‘ri qarorlaringizni deb boshqalarni ayblash uchun ketkazmang. Buning o‘rniga xatoingizni tan oling va hozirgi vaziyatdan to‘liq foyda olish uchun harakat qiling. Agar qilgan biron noto‘g‘ri ishingiz uchun vijdoningiz qiynayotgan bo‘lsa, kamtarlik ila Yahovaga ibodat qiling. Xatoingizni tan oling va Xudodan kechirim so‘rang. (Zab. 25:11; 51:3, 4) Kimningdir qalbiga og‘riq keltirgan bo‘lsangiz, undan uzr so‘rang va kerak bo‘lsa, oqsoqollardan yordam izlang. (Yoqb. 5:14, 15) Shuningdek, xatolaringizdan saboq oling va ularni boshqa takrorlamaslikka intiling. Bunday qilar ekansiz, Yahova sizga mehr-shafqat ko‘rsatishiga va kerakli yordamni taqdim etishiga amin bo‘lsangiz bo‘ladi. (Zab. 103:8–13)

YECHIB TASHLASHIMIZ KERAK BO‘LGAN OG‘IRLIKLAR

10. Nega ushalmas umidlarni og‘ir yuk desa bo‘ladi? (Galatiyaliklarga 6:4)

10 Ushalmas umidlar. O‘zimizni boshqalar bilan solishtirib, ushalmas umidlarga ko‘milishimiz mumkin. (Galatiyaliklarga 6:4 ni o‘qing.) Agar o‘zimizni boshqalar bilan solishtirsak, hasadgo‘y va raqobatchi bo‘lib qolishimiz hech gap emas. (Galat. 5:26) Boshqalar qilayotgan ishlarni qilishga harakat qilsak-da, aslida esa qobiliyatlarimiz va sharoitlarimiz bunga to‘g‘ri kelmasa o‘zimizga zarar yetkazishimiz mumkin. «Uzoq ushalmagan umid yurakni» ezar ekan, biz hech qachon erisha olmaydigan narsalarni kutish ruhimizni tushiradi. (Hik. 13:12) Bunday qilsak hayot musobaqasida yugurayotib, charchab qolishimiz va sekinlashishimiz mumkin. (Hik. 24:10)

11. Ushalmas umidlardan yiroqlashishga nima yordam berishi mumkin?

11 Qay yo‘sin bu og‘irlikni yechib tashlay olasiz? Yahova talab qilayotganidan ko‘prog‘ini o‘zingizdan kutmang. U hech qachon sizda yo‘q narsani Unga berishingizni kutmaydi. (2 Kor. 8:12) Ishonavering, Yahova sizning ishingizni boshqalarniki bilan solishtirmaydi. (Mat. 25:20–23) Sizning sidqidildan qilayotgan xizmatingizni, sizning sadoqatingizni va sizning chidam bilan chopayotganingizni U qadrlaydi. Kamtarin bo‘lib yoshingiz, sog‘ligingiz va sharoitlaringiz tufayli xohlayotgan barcha narsa hozir qo‘lingizdan kelmasligini tan oling. Biron vazifani sog‘ligingiz yoki yoshingiz tufayli bajarishga qiynalayotgan bo‘lsangiz, Borzulay kabi undan bosh torting. (2 Shoh. 19:35, 36) Sizga taqdim etilayotgan yordamni Muso kabi qabul qiling va o‘rinli bo‘lganida vazifalaringizni boshqalar bilan bo‘lishing. (Chiq. 18:21, 22) Kamtarin bo‘lsangiz, hayot musobaqasida holdan toydirishi mumkin bo‘lgan ushalmas umidlardan o‘zingizni asraysiz.

12. Boshqalarning nodonlik bilan chiqargan qarorlari uchun javobgarmizmi? Tushuntiring.

12 Boshqalarning nodonlik bilan chiqargan qarorlari uchun javobgarlikni his qilish. Biz boshqalar uchun qaror chiqara olmaymiz va qarorlarining yomon oqibatlaridan doim ham ularni himoya qila olmaymiz. Masalan, farzandlar Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatishi mumkin. Bu tufayli ularning ota-onalari qayg‘urishi hech gap emas. Ammo ular farzandlarining nodonlik bilan chiqargan qarorlari uchun o‘zini ayblab, og‘ir yukni yelkalariga olishadi. Yahova ular bunday og‘irlikni ko‘tarishini aslo istamaydi. (Rim. 14:12)

13. Farzand nodonlik ila qaror chiqarsa ota-ona buni qanday yengishi mumkin?

13 Qay yo‘sin bu og‘irlikni yechib tashlay olasiz? Yahova har birimizga iroda erkinligini berganini tushuning. U har bir insonga shaxsan qaror chiqarish imkonini bergan. Bu Xudoga xizmat qilish qarorimizga ham taalluqli. Yahova siz mukammal ota-ona emasligingizni biladi. U qo‘lingizdan kelganini qilishingizni xohlaydi, xolos. Farzandingiz chiqargan qaror uchun siz emas, o‘zi javobgar. (Hik. 20:11) Shunday bo‘lsa-da, ota-ona sifatida qilgan xatolaringiz haqida o‘ylab xavotirlanayotgandirsiz. Agar shunday bo‘lsa, tuyg‘ularingizni Yahova bilan bo‘lishing va kechirim so‘rang. U vaqtni ortga qaytarib, vaziyatni o‘zgartira olmasligingizni biladi. Lekin shu bilan birga Yahova farzandingiz ekkanini o‘rib olishiga to‘sqinlik qilishingizni kutmaydi. Shuni yodda tuting: farzandingiz Yahovaga qaytish uchun qandaydir qadam qo‘ysa, bu zoye ketmaydi. U uni quchoq ochib kutib olishga tayyor. (Luqo 15:18–20)

14. Nega haddan tashqari aybdorlik hissini yechib tashlashimiz kerak bo‘lgan og‘irlik desa bo‘ladi?

14 Haddan tashqari aybdorlik hissi. Gunohga qo‘l urganimizda aybdorlikni his etish tabiiydir. Biroq haddan ziyod aybdorlik hissi og‘ir yuk bo‘lib, uni hech qachon olib yura olmaymiz. Uni yechib tashlashimiz kerak. Xo‘sh, haddan ziyod aybdorlikni his qilayotganimizni qayerdan bilishimiz mumkin? Agar gunohimizda iqror bo‘lib, tavba qilsak va uni qaytarmaslik uchun qadamlar qo‘ysak, Yahova bizni kechirishiga ishonsak bo‘ladi. (Havor. 3:19) Bunday qadamlarni qo‘ygach, Yahova aybdorlikni his qilishda davom etishimizni istamaydi. U tinmay aybdorlikni his qilish qanchalik zararli ekanini tushunadi. (Zab. 31:10) Ortiqcha g‘amga botsak, hayot musobaqasida chopayotib, taslim bo‘lishimiz hech gap emas. (2 Kor. 2:7)

Chin dildan tavba qilganimizdan keyin Yahova gunohimizni o‘ylab yurmaydi. Siz ham bunday qilmang (15-xatboshiga qarang.)

15. Haddan ortiq aybdorlik hissini yengishga nima yordam berishi mumkin? (1 Yuhanno 3:19, 20) (Rasmga ham qarang.)

15 Qay yo‘sin bu og‘irlikni yechib tashlay olasiz? O‘zingizni haddan ortiq ayblayotgan bo‘lsangiz, e’tiboringizni Xudo «chin dildan kechir»ishiga qarating. (Zab. 130:4) U sidqidildan tavba qilganlarni kechirganida, shunday va’da beradi: «Men ularning... gunohini aslo yodga olmayman». (Yerm. 31:34) Bu Yahova o‘tmishda qilgan gunohingizni yuzingizga solmasligini anglatadi. Shuning uchun hozir duch kelayotgan qiyinchiligingiz o‘tmishda qilgan gunohlaringizning oqibatlari deb o‘ylamang. Qolaversa, xatolaringiz sababli hozir xizmatda ayrim ishlarni bajara olmayotganingiz uchun yuragingizni kemirmang. Yahova gunohingizni o‘ylab yurmaydi. Shu bois siz ham bunday qilmang. (1 Yuhanno 3:19, 20 ni o‘qing.)

SOVRINNI QO‘LGA KIRITISH UCHUN CHOPING

16. Yuguruvchilar sifatida nimani tushunishimiz muhim?

16 Hayot musobaqasida yugurayotgan ekanmiz unda shunday chopishimiz kerakki, toki «sovrinni qo‘lga kirita» olaylik. (1 Kor. 9:24) Olib yurishimiz kerak bo‘lgan mas’uliyatlar hamda yechib tashlashimiz lozim bo‘lgan og‘irliklar o‘rtasidagi farqni tushuna olsak bunday qila olamiz. Mazkur maqolada bu boradagi ba’zi misollarni ko‘rib chiqdik. Biroq boshqa misollar ham bor. Iso «ortiqcha yegulik, ichkilik va turmush tashvishlari» biz uchun og‘ir yukka aylanishi mumkinligini aytgan. (Luqo 21:34) Bu xatboshidagi oyatlar hayot musobaqasida chopayotib, qilishimiz kerak bo‘lgan o‘zgarishlarni aniqlashga yordam beradi.

17. Nega hayot musobaqasida sovrinni qo‘lga kirita olishimizga amin bo‘lishimiz mumkin?

17 Hayot musobaqasida sovrinni qo‘lga kirita olishimizga amin bo‘lishimiz mumkin. Chunki Yahova kerakli kuchni bizga beradi. (Ishayo 40:29–31) Shu bois tezligingizni pasaytirmang! Oldinda kutayotgan mukofot uchun jon kuydirgan havoriy Pavlusga taqlid qiling. (Filip. 3:13, 14) Hech kim sizning o‘rningizga bu musobaqada chopa olmaydi, lekin Yahovaning ko‘magi bilan siz muvaffaqiyat qozona olasiz. U sizga zimmangizdagi mas’uliyatlarni olib yurishga va keraksiz og‘irliklarni yechib tashlashga yordam bera oladi. (Zab. 68:19) Uning ko‘magi bilan bu musobaqada chidamli bo‘lib, sovrinni qo‘lga kirita olasiz!

65-QO‘SHIQ Olg‘a bos!

a Ushbu maqola bizga hayot musobaqasida chopishda yordam beradi. Yuguruvchilar kabi bo‘ynimizdagi muayyan mas’uliyatlarni olib yurishimiz kerak. Bunga bag‘ishlov va’dasi, oilaviy mas’uliyatlarimiz va qarorlar uchun javobgarlik kiradi. Lekin harakatlarimizni sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday og‘irlikni yechib tashlashimiz darkor. Qiziq, bu o‘z ichiga nimalarni oladi? Mazkur maqolada buning javobini bilib olamiz.

b jw.org saytidagi «Nikoh va oila» va «O‘smirlar uchun yordam» mavzulari ostida ko‘proq ma’lumot topishingiz mumkin. Quyida ba’zi maqolalar keltirilgan: juftliklar uchun «Qay yo‘sin g‘azabni tiya olasiz?» va «Sabr-toqatni qanday rivojlantirsa bo‘ladi?»; ota-ona uchun: «Bolamga smartfon kerakmi?» va «Bolam tahqirlanayotgan bo‘lsa, nima qilsam bo‘ladi?»; o‘smirlar uchun: «Nega mening do‘stlarim yo‘q?» va «Noz-karashma qilishning nimasi yomon?»