34-TADQIQ MAQOLASI
Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tadqiq qiling
Fahm-farosatlilar esa buni anglab yetadi. (DON. 12:10)
98-QO‘SHIQ Xudo tomonidan ilhomlantirilgan Yozuvlar
BU MAQOLADA a
1. Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tadqiq qilishdan zavq olishga nima yordam berishi mumkin?
«MUQADDAS KITOBDAGI bashoratlarni tadqiq qilishni yoqtiraman»,— deb bo‘lishgandi Ben ismli yosh birodar. Siz ham uning fikriga qo‘shilasizmi? Yoki bashoratlarni tushunish siz uchun qiyinmi? Ehtimol, ularni tadqiq qilish siz uchun zerikarlidir. Lekin Yahova Kalomida nega bashoratlar yozilishiga yo‘l qo‘ygani haqida ko‘proq bilib olsangiz, ularni tadqiq qilishni yoqtirib qolarsiz.
2. Ushbu maqolada nima haqida so‘z yuritamiz?
2 Ushbu maqolada nafaqat nega, balki qay yo‘sin Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tadqiq qilishimiz mumkinligi haqida so‘z yuritamiz. So‘ng Doniyorning ikkita bashoratini ko‘rib chiqib, ularni tushunish bizga hozir qanday foyda keltirishiga e’tibor beramiz.
NEGA MUQADDAS KITOBDAGI BASHORATLARNI TADQIQ QILAMIZ?
3. Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tushunmoqchi bo‘lsak nima qilishimiz kerak?
3 Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tushunish uchun yordam so‘rashimiz lozim. Bir misolni olaylik. Aytaylik, siz notanish joyga bordingiz, lekin yoningizdagi do‘stingiz o‘sha joyni juda yaxshi bilgani uchun aynan qayerda ekaningizni va qaysi yo‘l orqali yurishingiz kerakligini biladi. Shubhasizki, bunday do‘stingiz borligidan xursand bo‘lasiz. Xuddi shunday Yahova qaysi davr oralig‘ida ekanimizni va kelajakda bizni nima kutayotganini yaxshi biladi. Shunday ekan, Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tushunishimiz uchun kamtarin bo‘lib, Undan yordam so‘rashimiz darkor. (Don. 2:28; 2 Butr. 1:19, 20)
4. Yahova Kalomida bashoratlar yozib qoldirilishiga nega g‘amxo‘rlik qilgan? (Yeremiyo 29:11) (Rasmga ham qarang.)
4 Har bir mehribon ota-ona kabi Yahova ham farzandlari baxtli kelajakka erishishini xohlaydi. (Yeremiyo 29:11 ni o‘qing.) Ammo ulardan farqli o‘laroq Yahova kelajakda nimalar bo‘lishini to‘liq aytib bera oladi. Muhim hodisalar yuz berishidan oldin ulardan xabardor bo‘lishimiz uchun Yahova Kalomida bashoratlar yozib qoldirilishiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Ishayo 46:10) Ha, Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni samoviy Otamizning sevgi ila bergan sovg‘asi deb ayta olamiz. Ammo ular haqiqatan ham amalga oshishiga qay yo‘sin amin bo‘la olasiz?
5. Maksning vaziyatidan yoshlar nimani o‘rganishi mumkin?
5 Maktabdagi yoshlarning atrofida Muqaddas Kitobni oz-moz yoki umuman hurmat qilmaydigan insonlar tez-tez uchrab turadi. Ularning fikrlari va harakatlari yosh imondoshlarimizda shubha uyg‘otishi hech gap emas. Maksning vaziyatiga e’tibor qarataylik. U quyidagicha dedi: «O‘smirligimda ota-onam menga haqiqatni o‘rgatayotgani va Muqaddas Kitob Xudo tomonidan ilhomlantirilgani borasida shubhalana boshladim». Uning ota-onasi nima qildi? Maks shunday bo‘lishdi: «To‘g‘ri, ular xavotirlangan bo‘lishsa-da, xotirjamlikni saqlab, meni urishib berishmadi». Maksning ota-onasi Muqaddas Kitob yordamida uning savollariga javob berishdi. Uning o‘zi ham shunday yo‘l tutdi. «Bashoratlarni shaxsan tadqiq qildim va bilib olganlarimni jamoatdagi yoshlar bilan bo‘lishdim»,— dedi Maks. Bu qanday natija keltirdi? U quyidagicha qo‘shib qo‘ydi: «Bundan so‘ng Muqaddas Kitob Xudo tomonidan ilhomlantirilganiga amin bo‘ldim».
6. Shubhalanayotgan bo‘lsangiz nima qilishingiz kerak va nega?
6 Siz ham Maks kabi Muqaddas Kitobda rostdanam haqiqat yozilganidan shubhalanayotgan bo‘lsangiz, o‘zingizni ayblamang. Lekin bu borada chora ko‘rishingiz o‘ta muhim. Chunki shubhalarni zangga o‘xshatsa bo‘ladi. E’tibor bermasangiz, u asta-sekin qimmatbaho biron nimani yemiradi. Imoningizni «yemirishi» mumkin bo‘lgan har qanday shubhani bartaraf etish uchun o‘zingizga shunday savol berishingiz lozim: «Kelajak borasida Muqaddas Kitobda yozilganlarga ishonyapmanmi?» Agar bunda shubhalanayotgan bo‘lsangiz, amalga oshgan bashoratlarni tadqiq qilishingiz zarur. Xo‘sh, buni qanday qila olasiz?
MUQADDAS KITOBDAGI BASHORATLARNI QAY YO‘SIN TADQIQ QILA OLASIZ?
7. Bashoratlarni tadqiq qilish borasida Doniyor payg‘ambar qanday o‘rnak ko‘rsatgan? (Doniyor 12:10) (Rasmga ham qarang.)
7 Bashoratlarni tadqiq qilish borasida Doniyor payg‘ambar a’lo o‘rnak ko‘rsatgan. U bashoratlarni to‘g‘ri niyat ila tadqiq qilgan, sababi haqiqatni bilishni xohlagan. Doniyor kamtarin inson bo‘lgan. Yahova Uning tomonida turib, yo‘l-yo‘riqlariga amal qilgan insonlarga bashoratlarni tushunishga yordam berishini Doniyor yaxshi bilgan. (Don. 2:27, 28; Doniyor 12:10 ni o‘qing.) U Yahovadan yordam so‘rash orqali kamtarin ekanini ko‘rsatgan. (Don. 2:18) Shuningdek, Doniyor sinchiklab tadqiq o‘tkazgan. U o‘sha paytda mavjud bo‘lgan Muqaddas Yozuvlarni puxta o‘rgangan. (Yerm. 25:11, 12; Don. 9:2) Unga qay yo‘sin taqlid qila olasiz?
8. Nega ba’zilar bashoratlar amalga oshayotganiga ishonishdan bosh tortadi, ammo biz nima qilishimiz lozim?
8 Niyatlaringizni tekshiring. Sizni Muqaddas Kitobdagi bashoratni tadqiq qilishga haqiqatni bilish istagi undayaptimi? Agar shunday bo‘lsa, Yahova sizga yordam beradi. (Yuhan. 4:23, 24; 14:16, 17) Ammo ba’zilar bashoratlarni boshqa sabab uchun tadqiq qiladi. O‘sha insonlar Muqaddas Kitob Xudo tomonidan ilhomlantirilmaganini isbotlashga intilishadi. Shu yo‘sin, ular nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasida o‘z me’yorlarini o‘rnatib, ular bo‘yicha yashashga haqlimiz deb o‘ylashadi. Ammo biz ulardan farqli ravishda to‘g‘ri niyat ila tadqiq qilishimiz lozim. Keling, Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tushunishimizga yordam beradigan muhim fazilatni ko‘rib chiqaylik.
9. Bashoratlarni tushunish uchun qanday fazilatga ega bo‘lish muhim? Tushuntiring.
9 Kamtarin bo‘ling. Yahova kamtarin kishilarga ko‘maklashishni va’da beryapti. (Yoqb. 4:6) Shu bois bashoratlarni tushunish uchun Undan yordam so‘rab ibodat qilishimiz kerak. Qolaversa, U ishonchli xizmatkor orqali o‘z vaqtida berayotgan ma’naviy ozuqaga muhtoj ekanimizni tan olishimiz muhim. (Luqo 12:42) Yahova tartib Xudosi bo‘lgani uchun Kalomidagi haqiqatlarni tushunishimizga yordam berish maqsadida, faqat bu xizmatkordan foydalanishi mantiqan to‘g‘ri. (1 Kor. 14:33; Efes. 4:4–6)
10. Esterdan qanday o‘rnak olishingiz mumkin?
10 Sinchkov bo‘ling. Sizni qiziqtirgan bashoratni tanlab, uning ustida izlanish o‘tkazishni boshlang. Ester ismli opamiz ham xuddi shunday yo‘l tutgan. Masih kelishi haqidagi bashoratlar u uchun qiziq bo‘lgan. U shunday dedi: «15 yoshda bo‘lganimda, bu bashoratlar rostdanam Iso kelishidan avval yozilgani to‘g‘risida dalillarni izlay boshladim». O‘lik dengiz o‘rama bitiklari haqida o‘qiganlari unga aminlik bergan. U yana shunday dedi: «Bitiklarning ba’zilari Masih kelishidan avval yozilgan. Shunday ekan, u yerdagi bashoratlarni Xudo aytgan bo‘lishi kerak. Albatta, ularni tushunish uchun qayta-qayta o‘qishimga to‘g‘ri keldi». Ammo u izlanish o‘tkazganidan nihoyatda baxtiyor. Muqaddas Kitobdagi bir nechta bashoratlar ustida tadqiq o‘tkazgach, u quyidagicha dedi: «Muqaddas Kitobda haqiqat yozilganini aniq ko‘ra oldim».
11. Muqaddas Kitob Xudoning Kalomi ekaniga amin bo‘lsak qanday foyda olamiz?
11 Muqaddas Kitobdagi ayrim bashoratlar qanday amalga oshganini ko‘rganimizda, Yahovaga hamda Uning ko‘rsatmalariga bo‘lgan ishonchimiz yanada mustahkamlanadi. Qolaversa, qanday sinovga duch kelayotganimizdan qat’i nazar, ular kelajakka bo‘lgan ijobiy nuqtai nazarni saqlashimizga ko‘maklashadi. Keling, Doniyor payg‘ambarning ikkita bashoratini qisqacha ko‘rib chiqamiz. Ularni tushunish dono qarorlar chiqarishimizga yordam berishi mumkin.
OYOQ PANJALARI TEMIR VA LOYDAN BO‘LGANI SIZGA QANDAY TAALLUQLI?
12. «Temir loy bilan qorishgan» oyoq panjalari nimani bildiradi? (Doniyor 2:41–43)
12 Doniyor 2:41–43 ni o‘qing. Doniyor shoh Navuxodonosorga ta’birlab bergan tushda haykalning oyoq panjalari «temir loy bilan qorishgan» edi. Bu bashoratni Doniyor hamda Vahiy kitoblaridagi boshqa bashoratlar bilan solishtirib, oyoq panjalari Angliya-Amerika ittifoqini, ya’ni hozirgi kuchli jahon imperiyasini bildiradi, deb xulosa qilishimiz mumkin. Bu imperiya haqida Doniyor «qisman kuchli, qisman zaif» bo‘ladi deb aytgan. Nega qisman zaif? Sababi, loy bilan tasvirlangan oddiy xalq temirday mustahkam bo‘lgan kuchini zaiflashtiryapti b.
13. Bu bashoratlarni tushunganimiz sababli qanday muhim haqiqatlarni bilib olyapmiz?
13 Doniyor payg‘ambar tushdagi haykal va ayniqsa, uning oyoq panjalari haqida aytganlaridan ko‘pgina muhim haqiqatlarni bilib olyapmiz. Birinchidan, Angliya-Amerika jahon imperiyasi ba’zi yo‘llar orqali o‘z kuchini ko‘rsatib kelyapti. Misol uchun, Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarida g‘alaba qozonishda u muhim rol o‘ynagan. Biroq bu jahon imperiyasining kuchi fuqarolarining orasidagi kelishmovchiliklar tufayli zaiflasha boshlagan va bu davom etadi. Ikkinchidan, bu imperiya Xudoning Shohligi barcha insoniy hukumatlarni yo‘q qilishidan oldin boshqaradigan oxirgi jahon imperiyasi bo‘ladi. Ba’zida hatto boshqa xalqlar Angliya-Amerika jahon imperiyasiga qarshi chiqayotgan bo‘lsa-da, ularning hech biri uning o‘rnini egallay olmaydi. Buni Xudoning Shohligini anglatuvchi «tosh» Angliya-Amerikani bildiruvchi oyoq panjalarini parchalab yuborishidan bilamiz. (Don. 2:34, 35, 44, 45)
14. Temir va loydan bo‘lgan oyoq panjalari haqidagi bashoratni tushunish dono qarorlar chiqarishimizga qanday ko‘maklashadi?
14 Temir va loydan bo‘lgan oyoq panjalari haqidagi Doniyorning bashorati rost ekaniga ishonyapsizmi? Agar ishonayotgan bo‘lsangiz, bu hayot tarzingizga ta’sir qiladi. Shunda yaqin kelajakda yo‘q bo‘lib ketadigan bu dunyoda moddiy narsalar payida bo‘lmaysiz. (Luqo 12:16–21; 1 Yuhan. 2:15–17) Bu bashoratni tushunish va’zgo‘ylik hamda ta’lim berish ishini muhim deb bilishingizga ham ko‘maklashadi. (Mat. 6:33; 28:18–20) Ushbu bashoratni tadqiq qilgach, o‘zingizga shunday savol bering: «Chiqarayotgan qarorlarim Xudoning Shohligi yaqinda barcha insoniy hukumatlarni yo‘q qilishiga ishonayotganimni ko‘rsatyaptimi?»
«SHIMOL SHOHI» VA «JANUB SHOHI» SIZGA QANDAY TAALLUQLI?
15. Bugungi kunda «shimol shohi» va «janub shohi» kimlarni bildiradi? (Doniyor 11:40)
15 Doniyor 11:40 ni o‘qing. Doniyor 11-bobda ikkita shoh, ya’ni bir-biriga qarshi chiqayotgan hukumatlar haqida aytilgan. Bu bashoratni Muqaddas Kitobdagi boshqa bashoratlar bilan solishtirish orqali «shimol shohi» — Rossiya va uning ittifoqchilari hamda «janub shohi» — Angliya-Amerika jahon imperiyasi ekanini bilib olishimiz mumkin c.
16. «Shimol shohi»ning boshqaruvi ostida yashayotganlar qanday qiyinchilikka duch kelishyapti?
16 «Shimol shohi»ning boshqaruvi ostida yashayotgan Xudoning xalqi uning shohi tomonidan ta’qib qilinyapti. Ba’zi imondoshlarimiz imoni tufayli kaltaklanyapti va qamoqqa tashlanyapti. Birodarlarimiz bundan qo‘rqib qolmayapti. Aksincha, «shimol shohi»ning xatti-harakatlari ularning imonini mustahkamlayapti. Nega? Sababi, ular bunday ta’qiblar tufayli Doniyor kitobidagi bashorat amalga oshishini bilishadi. (Don. 11:41) d Buni bilish umidimizni so‘ndirmaslikka hamda Yahovaga sodiq bo‘lib qolishga ko‘maklashishi mumkin.
17. «Janub shohi»ning boshqaruvi ostida yashayotgan Xudoning xalqi qanday qiyinchiliklarga duch kelyapti?
17 «Janub shohi» o‘tmishda ham Xudoning xalqiga ko‘p marotaba hujum qilgan. 20-asrning birinchi yarmi mobaynida ko‘pgina birodarlarimiz betaraflikni saqlagani uchun qamoqqa olingan. Shuningdek, ba’zi imondoshlarimizning farzandlari o‘sha-o‘sha sababga ko‘ra maktabdan haydalgan. Oxirgi yillar mobaynida janub shohi boshqaruvi ostida yashayotgan Xudo xizmatchilarining sadoqati ko‘proq sinalyapti. Misol uchun, saylov kampaniyalari mobaynida Yahovaning Shohidi qaysidir siyosiy partiyani qo‘llab-quvvatlash yoki biron-bir nomzodni tanlash vasvasasiga duch kelishi mumkin. U hatto ovoz bermasa ham xayolida qaysidir siyosiy partiya boshqasidan yaxshiroq, deb o‘ylashi mumkin. Nafaqat ishlarimizda, balki ongimiz-u yuragimizda ham betaraflikni saqlashimiz nihoyatda muhim. (Yuhan. 15:18, 19; 18:36)
18. Ikkita shoh o‘rtasidagi adovatga qanday munosabat bildiryapmiz? (Rasmga ham qarang.)
18 Muqaddas Kitobdagi bashoratga ishonmayotgan insonlar «janub shohi» «shimol shohi» bilan to‘qnashayotganini ko‘rganda nihoyatda tashvishlanishi mumkin. (Don. 11:40) Mazkur shohliklarning butun yer yuzini yo‘q qilib tashlashga qodir bo‘lgan qurol-aslahalari mavjud. Lekin bilamizki, Yahova bu yuz berishiga yo‘l qo‘ymaydi. (Ishayo 45:18) Shuning uchun «shimol shohi» va «janub shohi» o‘rtasidagi adovat tufayli kelajagimiz haqida haddan tashqari tashvishlanmaymiz. Aksincha, bu imonimizni mustahkamlayapti. Qolaversa, bu ushbu yovuz dunyoning oxiri yaqin ekaniga bizni ishontiryapti.
BASHORATLARGA DIQQATLI BO‘LISHDA DAVOM ETING
19. Muqaddas Kitobdagi bashoratlar borasida nimani tan olishimiz kerak?
19 Muqaddas Kitobdagi ba’zi bashoratlar qanday amalga oshishini bilmaymiz. Hatto Doniyor payg‘ambar ham yozgan bashoratlarining ma’nosini oxirigacha tushunmagan. (Don. 12:8, 9) Lekin bashoratlar qanday amalga oshishini oxirigacha tushunmayotganimiz ular amalga oshmasligini anglatmaydi. Yahova o‘tmishda qilganidek, bizga ham kerakli vaqtda ularni tushunishga yordam berishidan shubhalanmasligimiz lozim. (Amos 3:7)
20. Yaqinda qaysi ajoyib bashoratlar amalga oshadi va biz nima qilishda davom etishimiz lozim?
20 Xalqlar: «Tinchlik va xavfsizlik!» — deb e’lon qilishadi. (1 Salon. 5:3) So‘ng bu dunyodagi hukmron hokimiyatlar soxta dinga hujum qilib, uni yo‘q qilishadi. (Vah. 17:16, 17) Bundan keyin ular Xudoning xalqiga hujum qilishadi. (Hiz. 38:18, 19) Shunda so‘nggi jang — Armageddon boshlanadi. (Vah. 16:14, 16) Ushbu hodisalar yaqin kelajakda yuz berishiga amin bo‘lishimiz mumkin. Ungacha esa keling, Muqaddas Kitobdagi bashoratlarga diqqatli bo‘lish hamda boshqalarga ham shunday yo‘l tutishga yordam berish orqali mehribon samoviy Otamizdan minnatdor bo‘lishda davom etaylik.
95-QO‘SHIQ Nur yanada yorqinroq porlamoqda
a Bu dunyodagi vaziyat qanchalik yomonlashmasin, bizni yaqinda porloq kelajak kutayotganiga aminmiz. Bu aminlikka Muqaddas Kitobdagi bashoratlarni tadqiq qilish orqali ega bo‘lyapmiz. Ushbu maqolada nega bunday bashoratlarni tadqiq qilishimiz kerakligining muayyan sabablari haqida so‘z yuritamiz. Qolaversa, Doniyor payg‘ambarning ikkita bashoratini qisqacha ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, ularni tushunish shaxsan har birimizga qanday foyda keltirishi haqida bilib olamiz.
b «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2012-yil 15-iyun sonidagi «Yahova “yaqinda yuz beradigan voqealarni” oshkor qiladi» nomli maqolaning 7–9-xatboshilariga qarang.
c «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2020-yil may sonidagi «Bugungi kunda “shimol shohi” kim?» nomli maqolaning 3-, 4-xatboshilariga qarang.
d «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2020-yil may sonidagi «Bugungi kunda “shimol shohi” kim?» nomli maqolaning 7–9-xatboshilariga qarang.