35-TADQIQ MAQOLASI
Sabr-toqatli bo‘lishda davom eting
Sabr-toqat... [fazilatiga] burkaninglar. (KOLOS. 3:12)
114-QO‘SHIQ «Sabr-toqat qiling»
BU MAQOLADA a
1. Nega sizga sabr-toqatli insonlar yoqadi?
BARCHAMIZGA sabr-toqatli odamlar yoqadi. Masalan, biron nimani achchiqlanmay kutadigan insonni juda hurmat qilamiz. Shuningdek, xatolarga yo‘l qo‘yganimizda, boshqalar bizga sabr-toqatli bo‘lganidan minnatdor bo‘lamiz. Bundan tashqari, biz bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan inson, u yerdagi ta’limotlarni o‘rganish, ularga ishonish yoki amal qilishga qiynalganimizda sabr-toqatli bo‘lganini juda qadrlaymiz. Eng muhimi, Tangri Yahova bizga nisbatan sabr-toqatli ekani uchun minnatdormiz! (Rim. 2:4)
2. Qaysi vaziyatlarda sabrli bo‘lish oson bo‘lmasligi mumkin?
2 Boshqalar sabr-toqatli ekanini qadrlasak-da, o‘zimiz uni namoyon etishga qiynalarmiz. Masalan, tirbandlikda turganimizda, ayniqsa, kech qolayotgan bo‘lsak xotirjamlikni saqlash oson bo‘lmas. Yoki boshqalar jig‘imizga tekkanida o‘zimizni nazorat qilishga qiynalarmiz. Yo bo‘lmasa, Yahovaning yangi dunyo borasidagi va’dasini kutishdan charchagan paytlarimiz bo‘lar. Xo‘sh, yanada sabr-toqatli bo‘lishni xohlaysizmi? Ushbu maqolada bu fazilat nimani anglatishi va nega uni namoyon etish shunchalik muhim ekani borasida so‘z yuritamiz. Shuningdek, uni yanada ko‘proq rivojlantirishga nima yordam berishini bilib olamiz.
SABR-TOQATLI BO‘LISH NIMANI BILDIRADI?
3. Sabr-toqatli kishi ig‘voli vaziyatda o‘zini qanday tutadi?
3 Qiziq, qay yo‘sin sabr-toqatli ekanimizni ko‘rsata olamiz? Keling, buning to‘rtta yo‘lini ko‘rib chiqaylik. Birinchidan, sabr-toqatli kishi g‘azablanishga shoshmaydi. U ig‘voli vaziyatda yoki boshqalar unga bosim o‘tkazganda xotirjamlikni saqlab, yomonlikka yomonlik qaytarmaydi. Sabr-toqatning bu jihati Muqaddas Kitobda Yahova «shafqatli va rahmdil,... [g‘azablanishga shoshmaydigan], mehr-sadoqat va haqiqatga boy Xudo» deb aytilganda, ilk bor aks etyapti. (Chiq. 34:6, izoh)
4. Sabr-toqatli inson kutayotib o‘zini qanday tutadi?
4 Ikkinchidan, sabr-toqatli inson xotirjam bo‘lib kuta oladi. Bunday kishi qaysidir narsa kutganidan ko‘proq vaqtni talab etsa ham, halovatini yo‘qotmaydi yoki asabiylashmaydi. (Mat. 18:26, 27) Xotirjam bo‘lib kutishimiz kerak bo‘lgan vaziyatlar talaygina. Masalan, kimdir bilan gaplashganda, gapini bo‘lmay uni sabr ila tinglashimiz zarur. (Ayub 36:2) Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan kishiga u yerdagi biron ta’limotni tushunishga yoki yomon odatini yengishga ko‘maklashish uchun ham sabr-toqatli bo‘lishimiz kerak bo‘ladi.
5. Sabr-toqat fazilatini yana qay yo‘sin namoyon etish mumkin?
5 Uchinchidan, sabr-toqatli kishi shosha-pisha yo‘l tutmaydi. Albatta, ba’zi vaziyatlarda zudlik bilan harakat qilishimizga to‘g‘ri keladi. Biroq sabr-toqatli kishiga muhim vazifa topshirilsa, u bu vazifaga tapir-tupir kirishib ketmaydi yoki uni darrov yakuniga yetkazishga intilmaydi. Aksincha, qiladigan harakatlarini rejalashtirish uchun yetarlicha vaqt ajratadi. Keyin esa bu vaqt davomida uni bajaradi.
6. Sabr-toqatli inson sinov yoki qiyinchilik paytida o‘zini qanday tutadi?
6 To‘rtinchidan, sabr-toqatli inson nolimay qiyinchiliklarni yengishga intiladi. Bunday sabr-toqat bardoshli bo‘lish bilan chambarchas bog‘liq. To‘g‘ri, yaqin do‘stimizga qalbimizni ochib, qiyinchilik borasida nimalarni his qilayotganimizni aytishimiz yaxshi. Ammo sabr-toqatli kishi qiyinchilikni yengayotib, ijobiy nuqtai nazarni saqlash uchun qo‘lidan kelganini qiladi. (Kolos. 1:11) Masihiylar sifatida biz sabr-toqatning barcha bu qirralarini namoyon etishimiz kerak. Nega? Keling, ayrim sabablariga diqqat qaratamiz.
NEGA SABR-TOQATLI BO‘LISH SHUNCHALIK MUHIM?
7. Yoqub 5:7, 8 ga ko‘ra, nega sabr-toqat shunchalik muhim? (Rasmga ham qarang.)
7 Sabr-toqat omon qolish uchun o‘ta muhim fazilat. O‘tmishdagi sadoqatli xizmatchilar kabi Xudo O‘z va’dalarini amalga oshirishini sabr bilan kutishimiz muhim. (Ibron. 6:11, 12) Muqaddas Kitobga binoan, vaziyatimiz dehqonnikiga o‘xshaydi. (Yoqub 5:7, 8 ni o‘qing.) Dehqon urug‘ ekkach, u unib-o‘sishi uchun ko‘p mehnat qiladi va uni sug‘oradi. Lekin aynan qachon hosil berishini aniq bilmaydi. Shuning uchun urug‘ unib-o‘sishiga umid bog‘lab, sabr-toqat bilan kutadi. Shu kabi, hatto Hazratimiz «qaysi kuni kelishini» bilmasak ham ma’naviy ishlar bilan band bo‘lishda davom etamiz. (Mat. 24:42) Yahova barcha va’dalarini O‘z vaqtida amalga oshirishiga ishonib, sabr bilan kutamiz. Agar sabrsiz bo‘lsak, kutishdan charchashimiz hamda haqiqatdan asta-sekin uzoqlashishimiz mumkin. Qolaversa, hozirning o‘zida bizni baxtiyor qilishi mumkin bo‘lgan narsalar payida bo‘lishimiz hech gap emas. Lekin sabrli bo‘lsak, oxirigacha bardoshli bo‘lishimiz va omon qolishimiz mumkin. (Mixo 7:7; Mat. 24:13)
8. Sabr-toqat boshqalar bilan munosabatlarimizga qanday ta’sir qiladi? (Kolosaliklarga 3:12, 13)
8 Sabr-toqat boshqalar bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishimizga yordam beradi. U tufayli odamlarni diqqat bilan tinglay olamiz. (Yoqb. 1:19) Shuningdek, u tinchlik payida bo‘lishimizga ko‘maklashadi. Sabr-toqat stress his qilganimizda ham boshqalarga og‘riq keltirishi mumkin bo‘lgan gaplarni aytishdan yoki ishlarni qilishdan himoya qiladi. Agar bu fazilatga ega bo‘lsak, boshqalar qalbimizga jarohat yetkazganida ham tezda jahlga berilmaymiz. Yomonlik evaziga yomonlik qaytarishning o‘rniga bir-birimizga chidamli bo‘lishda va chin dildan kechirishda davom etamiz. (Kolosaliklarga 3:12, 13 ni o‘qing.)
9. Qaror chiqarish kerak bo‘lganida sabr-toqat bizga qanday yordam beradi? (Hikmatlar 21:5)
9 Sabr-toqat yaxshiroq qarorlar chiqarishimizda ham asqatadi. Shoshqaloq bo‘lishning yoki o‘ylamay yo‘l tutishning o‘rniga izlanish uchun vaqt ajratib, barchasini taroziga solib ko‘ramiz. (Hikmatlar 21:5 ni o‘qing.) Masalan, ish qidirayotgan bo‘lsak, bu hatto Yahovaga topinishimizga xalaqit bersa ham, paydo bo‘lgan birinchi ishga rozi bo‘lishga moyil bo‘larmiz. Biroq sabr-toqatli bo‘lsak u qayerda joylashgani, unga qancha vaqt ketishi va oilamizga hamda Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ramiz. Sabr-toqatli bo‘lsak, noto‘g‘ri qarorlar chiqarishdan o‘zimizni asray olamiz.
QAY YO‘SIN KO‘PROQ SABR-TOQATLI BO‘LA OLAMIZ?
10. Masihiylarga sabr-toqatni rivojlantirishga va bunday qilishda davom etishga nima yordam beradi?
10 Ko‘proq sabr-toqat so‘rab ibodat qiling. Sabr-toqat muqaddas ruh samarasining bir qismi. (Galat. 5:22, 23) Shu bois uni rivojlantirishga yordam berishi uchun Yahovadan muqaddas ruh so‘rashimiz darkor. Agar sabr-toqatimizni sinaydigan vaziyatga duch kelsak, sabrli bo‘lish uchun muqaddas ruh so‘rashda davom etishimiz lozim. (Luqo 11:9, 13) Shuningdek, Yahovadan vaziyatga Uning nuqtai nazari bilan qarashga ko‘maklashishini so‘rasak bo‘ladi. Ibodatdan so‘ng har kuni sabr-toqatli bo‘lish uchun qo‘limizdan kelgan eng yaxshisini qilishimiz kerak. Qancha ko‘p ibodat qilib sabr-toqatli bo‘lishga intilsak, shuncha ko‘p bu fazilat qalbimizda ildiz otib, shaxsiyatimizning bir qismiga aylanadi.
11, 12. Qay yo‘sin Yahova sabr-toqatni namoyon etib kelyapti?
11 Muqaddas Kitobdagi misollar ustida fikr yuriting. Xudoning Kalomida sabr-toqatli bo‘lgan insonlarning ko‘pgina misollari keltirilgan. Ular haqidagi bayonotlar ustida fikr yuritish orqali bu fazilatni qay yo‘sin namoyon etishimiz mumkinligini o‘rgana olamiz. Ularning ba’zilarini ko‘rib chiqishdan avval, keling, sabr-toqatli bo‘lishda eng a’lo o‘rnak bo‘lmish Yahovaning misoliga diqqat qarataylik.
12 Adan bog‘ida Shayton Yahovaning ismiga va obro‘siga dog‘ tushirib, U mehribon hamda adolatli Hukmdor ekanini shubha ostiga qo‘ygan. Yahova Uning boshqaruvi eng a’losi ekanini isbotlash uchun vaqt kerak bo‘lishini bilib, bu tuhmatchini zudlik bilan yo‘q qilishning o‘rniga sabr-toqat namoyon etgan va O‘zini tuta bilgan. Yahova kutayotib, Uning ismiga yog‘ilayotgan tuhmatlarga chidayapti. Qolaversa, U ko‘proq insonlar abadiy hayotga ega bo‘lishi uchun sabr-toqat namoyon etyapti. (2 Butr. 3:9, 15) Buning natijasida millionlab insonlar Uni tanib-bilyapti. Agar e’tiborimizni Yahovaning sabr-toqati keltirayotgan foydaga qaratsak, U yovuzlikka chek qo‘yadigan paytni kutish ancha osonroq bo‘ladi.
13. Qanday qilib Iso Otasining sabr-toqatiga taqlid qilgan? (Rasmga ham qarang.)
13 Iso Otasining sabr-toqatiga mukammal ravishda taqlid qilyapti va yer yuzida bo‘lganida uni namoyon etgan. Iso uchun doim ham, ayniqsa, ikkiyuzlamachi ulamo-yu farziylarga sabr-toqatli bo‘lish oson bo‘lmagandir. (Yuhan. 8:25–27) Shunday bo‘lsa ham, u Otasi kabi g‘azablanishga shoshilmagan. Shuningdek, uni haqoratlashganda yoki u ig‘voli vaziyatlarga duch kelganda yomonlikka yomonlik qaytarmagan. (1 Butr. 2:23) Iso barcha qiyinchiliklarni nolimasdan sabr ila yenggan. Shuning uchun ham Muqaddas Kitobda u haqda: «O‘zlarigagina ziyon keltirgan gunohkorlarning haqoratlariga sabr-toqat qildi»,— deb yozilgan. (Ibron. 12:2, 3) Yahovaning ko‘magi bilan biz ham boshimizga tushayotgan har qanday qiyinchilikni sabr ila yenga olamiz.
14. Ibrohimning sabr-toqatidan nimani o‘rgansak bo‘ladi? (Ibroniylarga 6:15) (Rasmga ham qarang.)
14 Ba’zilarimiz oxirat kelishini anchadan beri kutayotgandirmiz va hozir uni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ra olmasligimizdan xavotirlanayotgandirmiz. Sabr-toqat bilan kutishda davom etishga bizga nima yordam berishi mumkin? Keling, Ibrohim payg‘ambarning misolini ko‘rib chiqaylik. Ibrohim 75 yoshda farzandsiz bo‘lganida Yahova unga shunday va’da bergan: «Sendan buyuk xalq keltirib chiqaraman». (Ibt. 12:1–4) Ibrohim bu va’da amalga oshganini ko‘rganmi? Butunlay emas. Furot daryosidan o‘tganidan va 25 yil kutganidan so‘ng uning Is’hoq ismli o‘g‘li mo‘jizaviy tarzda dunyoga kelgan edi. 60 yildan keyin esa nevaralari Esov va Yoqub dunyoga kelishgan. (Ibroniylarga 6:15 ni o‘qing.) Lekin Ibrohim avlodlari buyuk xalqqa aylanganini hamda va’da qilingan yurtga ega bo‘lganini ko‘rmagan. Shunga qaramay, u sadoqatli inson sifatida Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lgan. (Yoqb. 2:23) Kelajakda Ibrohim tirilganida uning imoni va sabr-toqati tufayli barcha xalqlar baraka olganini bilishdan judayam xursand bo‘lsa kerak. (Ibt. 22:18) Bundan qanday saboq olsak bo‘ladi? Biz ham hozirning o‘zida Yahovaning barcha va’dalari amalga oshishini ko‘rmasligimiz mumkin. Ammo Ibrohim kabi sabr-toqatli bo‘lsak, Yahova hozirning o‘zida va eng muhimi, va’da qilingan yangi dunyoda bizni mukofotlashiga amin bo‘lishimiz mumkin. (Mark 10:29, 30)
15. Shaxsiy tadqiqda nimalarni ko‘rib chiqishimiz mumkin?
15 Muqaddas Kitobda sabr-toqatli bo‘lgan boshqa insonlarning misollari talaygina. (Yoqb. 5:10) Bunday insonlar haqida izlanish olib borish foydali bo‘lishi mumkin b. Misol uchun, Dovud yoshligida Isroilning bo‘lajak shohi etib moylangan bo‘lsa ham u hukm surishni boshlashidan avval ko‘p yillar o‘tgan. Yoki Shimo‘n bilan Anna va’da qilingan Masih kelishini kutayotib Yahovaga sadoqat ila topinishgan. (Luqo 2:25, 36–38) Bu kabi bayonotlarni tadqiq qilar ekansiz, quyidagi savollar ustida mulohaza yuriting: «Bu insonga sabr-toqatni namoyon etishga nima ko‘maklashgan? Bu fazilatni namoyon etib u qanday foyda olgan? Men unga qay yo‘sin taqlid qila olaman?» Bundan tashqari, sabr-toqat namoyon etmagan insonlar haqida izlanish o‘tkazish ham foydali bo‘lishi mumkin. (1 Shoh. 13:8–14) O‘zingizdan shunday so‘rang: «Nima uchun ular sabr-toqatli bo‘la olmagan? Bu qanday oqibatlarga olib kelgan?»
16. Sabr-toqatli bo‘lishning ayrim foydali tomonlari qanday?
16 Sabr-toqatli bo‘lishning foydali tomonlari haqida o‘ylang. Sabr-toqatli bo‘lsak yanada baxtiyor va xotirjam bo‘lamiz. Bu tufayli jismoniy va hissiy sog‘ligimiz yaxshilanishi mumkin. Qolaversa, sabr-toqat boshqalar bilan yaxshiroq munosabatga ega bo‘lishga yordam beradi. Jamoatimiz esa yanada ahil bo‘ladi. Yoki ig‘voli vaziyatga duch kelganimizda, g‘azablanishga shoshilmasak vaziyat battar yomonlashmasligiga hissa qo‘shamiz. (Zab. 37:8, izoh; Hik. 14:29) Eng muhimi esa bu fazilatni namoyon etib, samoviy Otamizga taqlid qilamiz va Unga yanada yaqinlashamiz.
17. Nima qilishda davom etishimiz lozim?
17 Chindan ham sabr-toqat barchamizga foyda keltiradigan ajoyib fazilatdir. Uni doim ham namoyon etish oson bo‘lmasa-da, Yahovaning ko‘magi bilan uni rivojlantirishda davom eta olamiz. Shuningdek, yangi dunyoni «sabr bilan» kutar ekanmiz, Yahova bizga yordam berishiga va qo‘llab-quvvatlashiga amin bo‘lishimiz mumkin. (Mixo 7:7) Iloyim, barchamiz sabr-toqat fazilatiga burkanishda davom etaylik.
41-QO‘SHIQ Yo Rab, qabul et duomni
a Shaytonning dunyosida sabr-toqat fazilati kamyob bo‘lib ketgan. Ammo Muqaddas Kitobga ko‘ra, barchamiz unga burkanishimiz lozim. Ushbu maqolada nega bu fazilatni namoyon etishimiz shunchalik muhim ekani va qay yo‘sin yanada ko‘proq sabr-toqatli bo‘lish haqida so‘z yuritamiz.
b Sabr-toqat haqidagi bayonotlarni topish uchun «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borish uchun qo‘llanma»ning «His-tuyg‘ular, fazilatlar va xulq-atvor» mavzusi ostidagi «Sabr-toqat» sarlavhasiga qarang.