Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

39-TADQIQ MAQOLASI

125-QO‘SHIQ «Rahmdil bo‘lganlar baxtlidir»

Boshqalarga berish sizni baxtiyor qiladi

Boshqalarga berish sizni baxtiyor qiladi

Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta. (HAVOR. 20:35)

ASOSIY FIKR

Turli yo‘llar orqali boshqalarga berish va nega bu bizni baxtiyor qilishi to‘g‘risida bilib olamiz.

1, 2. Nega Yahova bizni berish baxtiyorligini his qilish qobiliyati bilan yaratgan?

 Yahova odamni olganda emas, berganda ko‘proq baxtiyorlikni tuyish qobiliyati bilan yaratgan. (Havor. 20:35) Bu olish bizga quvonch keltirmasligini anglatadimi? Yo‘q, albatta! Sovg‘a olish bizga quvonch keltiradi. Biroq biz oluvchi emas, beruvchi bo‘lsak, ko‘proq baxtiyorlikni his qilamiz. Yahova bizni shunday qilib yaratgani bizga foyda keltiradi. Qanaqasiga?

2 Yahova bizni shu yo‘sin yaratgani tufayli quvonchimizga quvonch qo‘sha olamiz. Boshqalarga berishning turli yo‘llarini izlab yanada baxtiyor bo‘lishimiz mumkin. Ajoyib yaratilganmiz, shunday emasmi?! (Zab. 139:14)

3. Nima uchun Yahovani «baxtiyor Tangri» deb ayta olamiz?

3 Muqaddas Yozuvlarga ko‘ra, berish baxtiyorlik keltiradi. Shu bois ham Yahova bejizga «baxtiyor Tangri» deb atalmagan. (1 Tim. 1:11) U boshqalarga bergan eng birinchi Shaxs va hech kim Yahova kabi bera olmaydi. Havoriy Pavlus aytganidek, «biz U orqali yashaymiz, harakat qilamiz, bormiz». (Havor. 17:28) Darhaqiqat, «yaxshi va mukammal hadyalarning barchasi Yahovadandir». (Yoqb. 1:17)

4. Nima yordamida ko‘proq quvonchni his qila olamiz?

4 Barchamiz berishdan ko‘proq quvonch topishni istarmiz. Buning uchun Yahova kabi saxiy bo‘lishimiz lozim. (Efes. 5:1) Mazkur maqolada Yahovaning berish borasida ajoyib o‘rnagini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, boshqalar qilgan yaxshiliklarimizni qadrlamaganida, nima qilishimiz mumkinligini bilib olamiz. Bu bizga boshqalarga yaxshilik qilishda davom etishga va ko‘proq quvonch topishga yordam beradi.

YAHOVA KABI SAXIY BO‘LING

5. Yahova bizga nimalarni bergan?

5 Yahova qaysi ayrim yo‘llar orqali bizga saxiyligini namoyon etyapti? Bir nechta misolga e’tibor bering. Yahova bizga kerakli narsalarni beradi. Balki doim ham hashamatda yashamasmiz, ammo Yahova tufayli biz muhtoj bo‘lgan barcha narsaga egamiz. Masalan, U oziq-ovqatimiz, kiyim-kechagimiz va boshpanamiz bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Zab. 4:8; Mat. 6:31–33; 1 Tim. 6:6–8) Yahova bizga majburiyat yuzasidan g‘amxo‘rlik qilmaydi. Xo‘sh, nega unda U bularning barchasini qilyapti?

6. Matto 6:25, 26 dan qanday saboq olyapmiz?

6 Yahova bizni sevgani uchun jismoniy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qiladi. Isoning Matto 6:25, 26 dagi so‘zlariga e’tibor bering. (O‘qing.) U ijodlarni misol qilib keltirgan. Iso qushlar haqida gapirib shunday degan: «Ular na urug‘ ekadi, na hosil o‘radi va na omborga don yig‘adi». Keyin esa gapida davom etib: «Shunday bo‘lsa-da, samoviy Otangiz ularning rizqini beradi. Sizlar esa ulardan ancha afzalroq emasmisiz?» — deb qo‘shib qo‘ygan. Qanday xulosaga kelyapmiz? Topinuvchilari Yahova uchun hayvonlardan ancha qadrliroqdir. Yahova hayvonlarning ehtiyojiga g‘amxo‘rlik qilayotgan bo‘lsa, U bizning ehtiyojlarimizga ham g‘amxo‘rlik qilishidan aslo shubhalanmaymiz! Mehribon ota oilasini ta’minlaganidek, Yahova sevgani uchun oilasining g‘amini yeydi. (Zab. 145:16; Mat. 6:32)

7. Yahova kabi saxiy bo‘lishning yo‘llaridan biri qanday? (Rasmga ham qarang.)

7 Yahova kabi biz ham boshqalarni yaxshi ko‘rganimiz uchun berishni istaymiz. Masalan, oziq-ovqat yoki kiyim-kechakka ehtiyoji bor imondoshni taniysizmi? Xudo unga yordam berish uchun sizdan foydalanishi mumkin. Yahovaning xalqi qiyinchiliklar paytida saxiylik ko‘rsatishi bilan tanilgan. Masalan, COVID-19 pandemiyasi davomida birodar-u opa-singillar muhtojlikda bo‘lganlar bilan oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa narsalarini bo‘lishdi. Bundan tashqari, ko‘plar umumjahon faoliyatimizga saxiylik ila xayr-ehson qildi. O‘sha pullar tufayli yordam berish ishlari tashkillashtirildi. Ular Ibroniylarga 13:16 dagi quyidagi so‘zlarga amal qildi: «Yaxshilik qilishni va bor narsangizni boshqalar bilan bo‘lishishni unutmanglar, chunki bunday qurbonliklar Tangriga ma’quldir».

Barchamiz Yahovaning saxiylik borasidagi o‘rnagiga taqlid qila olamiz (7-xatboshiga qarang)


8. Qay yo‘sin Yahovaning kuchi bizga foyda keltiradi? (Filippiliklarga 2:13)

8 Yahova kuch beradi. Tangri Yahova sadoqatli topinuvchilariga cheksiz kuchini berishdan baxtiyor. (Filippiliklarga 2:13 ni o‘qing.) Vasvasaga qarshi turish yoki og‘ir sinovda sabr-bardoshli bo‘lish uchun kuch so‘rab ibodat qilganmisiz? Balki kun davomida ishlarni qila olishingiz uchun kuch so‘ragandirsiz? Bunday ibodatingizga javob olgan bo‘lsangiz, havoriy Pavlusning quyidagi so‘zlariga qo‘shila olasiz. «Meni qo‘llab-quvvatlayotganning madadi bilan har narsani qila olaman». (Filip. 4:13)

9. Kuchimizdan saxiylik ila foydalanishda qay yo‘sin Yahovaga taqlid qila olamiz? (Rasmga ham qarang.)

9 Nomukammal bo‘lsak-da, kuchimizdan saxiylik ila foydalanishda Yahovaga taqlid qila olamiz. To‘g‘ri, tom ma’noda boshqalarga kuchimizni bera olmaymiz. Ammo kuchimizdan ularga yordam berish uchun foydalanishimiz mumkin. Masalan, keksa yoki kasal imondoshimizga bozor-o‘charda yo bo‘lmasa uy ishlarida ko‘maklasha olarmiz. Vaziyatimiz yo‘l qo‘ysa, Yig‘ilish zalini tozalashda va ta’mirlashda ixtiyoriy xizmatchi sifatida yordam bera olarmiz. Kuchimizdan shu yo‘sin foydalanib, birodar-u opa-singillarimizga foyda keltiramiz.

Kuchimizdan boshqalarga yordam berish uchun foydalanishimiz mumkin (9-xatboshiga qarang)


10. Qanday qilib so‘zlarimiz bilan boshqalarni mustahkamlay olamiz?

10 So‘zlarning ham kuchi borligini unutmang. Balki samimiy maqtovingizdan dalda oladigan kimdir haqida o‘ylab ko‘rarsiz yoki tasalliga muhtoj imondoshni bilarsiz? Har ikkala vaziyatda ham ular bilan bog‘lanish uchun tashabbusni qo‘lga oling. Kishini shaxsan yo‘qlab borishingiz, unga qo‘ng‘iroq qilishingiz yo bo‘lmasa otkritka, elektron maktub yoki SMS yuborishingiz mumkin. Ko‘p narsa aytish shart emas. Imondoshingiz yana bir kun sadoqatli qolishi va ijobiy ruhni yo‘qotmasligi uchun samimiy aytilgan bir nechta so‘zning o‘zi kifoya. (Hik. 12:25; Efes. 4:29)

11. Qay yo‘sin Yahova donoligini boshqalarga beradi?

11 Yahova donolik beradi. Yoqub quyidagicha yozgan: «Agar orangizdagi biror kishiga donolik yetishmayotgan bo‘lsa, hammaga saxovat bilan, ta’na qilmasdan beradigan Xudodan so‘rab tursin». (Yoqb. 1:5) Bu so‘zlardan Tangri Yahova donoligini o‘zida saqlamasligini, aksincha, uni saxiylik ila boshqalar bilan bo‘lishishini bilib olyapmiz. Shuningdek, Yahova donoligini «ta’na qilmasdan» berishiga e’tibor qarating. Undan yo‘l-yo‘riq so‘raganimiz uchun U bizni hech qachon noqulay vaziyatga qo‘ymaydi. Aksincha, Undan donolik so‘rashimizni istaydi. (Hik. 2:1–6)

12. Donoligimiz bilan bo‘lishishning qanday yo‘llari bor?

12 Biz haqimizda-chi, nima desa bo‘ladi? Donoligimizni boshqalar bilan bo‘lishish orqali Yahovaga taqlid qila olamizmi? (Zab. 32:8) Yahovaning xizmatchilari bilib olganlarini boshqalar bilan bo‘lishish uchun ko‘p imkoniyatlarga ega. Misol uchun, ko‘pincha xizmatda yangilarga ta’lim beramiz. Oqsoqollar jamoat xizmatkorlari va suvga cho‘mgan birodarlarga jamoatdagi vazifalarni qanday bajarishni sabr ila o‘rgatadi. Qurilish va ta’mirlash sohasida tajribali bo‘lganlar esa tashkilotimiz binolarida xizmat qiladigan va tajribasi kamroq bo‘lganlarga ta’lim beradi.

13. Boshqalarga ta’lim berganda, qay yo‘sin Yahova kabi saxiy bo‘la olamiz?

13 Boshqalarga ta’lim berayotganda, Yahovaga taqlid qilishga intiling. Yahova donoligini saxiylik ila berishini unutmang. Shunga o‘xshab o‘rganayotganlar bilan bilimimiz-u tajribamizni saxiylik ila bo‘lishamiz. O‘sha kishi bizning o‘rnimizni egallashidan qo‘rqib, unga chala ta’lim bermaymiz. Qolaversa, «Meni hech kim o‘rgatmagan, u ham o‘zi o‘rgansin» degan fikrdan qochamiz. Yahovaning xizmatchilari orasida bunday nuqtai nazarga o‘rin yo‘q. Aksincha, nafaqat bilimimizni, balki «o‘z jonimizni ham» berishdan xursandmiz. (1 Salon. 2:8) Umid qilamizki, o‘z navbatida, ular ham «ta’lim berishga munosib» bo‘ladi. (2 Tim. 2:1, 2) Boshqalar bilan bilimimizni saxiylik ila bo‘lishsak, ham o‘zimiz, ham boshqalar donoroq va baxtiyorroq bo‘ladi.

YAXSHILIGIMIZNI QADRLASHMAGANIDA

14. Aksariyat odamlar saxiyligimizga qanday munosabat bildiradi?

14 Ayniqsa, birodar-u opa-singillarimizga saxiylik namoyon etganimizda, ko‘pincha ular minnatdor ekanini aytadi. Ehtimol, ular «Rahmat sizga!» deb yozilgan otkritkalar yuborishi yoki minnatdor ekanini boshqa yo‘l orqali ko‘rsatishi mumkin. (Kolos. 3:15) Bu kabi minnatdorchilik izhorlari quvonchimizga quvonch qo‘shadi.

15. Ba’zilar minnatdorchilik bildirmasa, nimani unutmasligimiz lozim?

15 Lekin ba’zilar doim ham minnatdor ekanini ko‘rsatmasligi yoki aytmasligi mumkin. Masalan, vaqtingiz-u kuchingiz yoki mablag‘ingizni sarflaysiz, ammo «U o‘zi qilgan yaxshiligimni qadrladimi?» deb o‘ylab qolarsiz. Agar bunday vaziyat yuz bersa, quvonchni yo‘qotmasligingizga va hafsalangiz pir bo‘lmasligiga nima yordam beradi? Ochqich oyat, ya’ni Havoriylar 20:35 dagi so‘zlarni eslang. Quvonchimiz kishi qanday munosabat bildirishiga bog‘liq emas. Hatto boshqalar minnatdor emasday tuyulganida ham quvonchni saqlashni tanlashimiz mumkin. Qiziq, qanaqasiga? Buning bir nechta usulini ko‘rib chiqaylik.

16. Quvonch ila berishda davom etishimizga nima yordam beradi?

16 Diqqatingizni Yahovaga qarating. Odamlar buni qadrlaydimi yo yo‘qmi, Yahova barchaga yaxshilik qiladi. (Mat. 5:43–48) Shunga o‘xshab odamlardan «qaytarib olishga umid» qilmay biron nima bersak, Yahova «katta mukofotga ega» bo‘lishimizni va’da qilyapti. (Luqo 6:35) Shu bois, boshqalar doim ham sizga rahmat aytmasa, hafsalangiz pir bo‘lmasin. Unutmang, Xudo boshqalarga yordam berish niyatida qilgan yaxshiliklaringiz va quvonch ila berganingiz uchun sizni mukofotlaydi. (Hik. 19:17; 2 Kor. 9:7)

17. Boshqalarga berishni istashimizning asosiy sababi nima? (Luqo 14:12–14)

17 Boshqalarga berishda Yahovaga taqlid qilish uchun Iso Luqo 14:12–14 da aytgan so‘zlaridan yana bir narsani bilib olyapmiz. (O‘qing.) Bizga ham, o‘z navbatida, yaxshilik qila oladigan odamlarni ovqatga taklif qilish yoki ularga mehribonlik ko‘rsatishning noto‘g‘ri joyi yo‘q, ammo evaziga biron narsa kutib yaxshilik qilayotganimizni payqasak-chi? Bunday bo‘lsa, Isoning maslahatiga amal qilishga harakat qilsak, yaxshi bo‘lardi. Sizga qaytara olmaydigan odamlarga yaxshilik qiling. Shunda Yahovaga taqlid qilganingiz uchun baxtiyor bo‘lasiz. Bunday nuqtai nazar hatto boshqalar bizdan minnatdor bo‘lmaganida ham quvonchni saqlashimizga yordam beradi.

18. Nima qilmasligimiz kerak va nega?

18 Boshqalarning niyatini shubha ostiga qo‘ymang. (1 Kor. 13:7) Boshqalar minnatdorchilik bildirmasa, o‘zimizga quyidagicha savol bersak bo‘ladi: «Ular odatda rahmat aytmaydimi yoki shunchaki minnatdorchilik bildirishni unutdimi?» Ehtimol, kishi biz kutganday munosabat bildirmaganining boshqa sababi bordir. Ba’zilar ich-ichidan minnatdor bo‘ladi, lekin buni izhor etishga qiynaladi. Ayniqsa, oldin o‘zlari boshqalarga yordam bergan bo‘lsa, hozir yordam olishdan uyalayotgandir. Qanday bo‘lmasin, masihiylarga xos sevgi imondoshlarimiz haqida salbiy o‘ylamay, berishdan quvonch topishda davom etishga turtki bo‘ladi. (Efes. 4:2)

19, 20. Yaxshilik qilganimizda nega sabrli bo‘lishimiz kerak? (Rasmga ham qarang.)

19 Sabrli bo‘ling. Saxiy bo‘lish to‘g‘risida Sulaymon: «Noningni suvga oqiz, chunki ko‘p kunlar o‘tgach uni qayta topasan»,— deb aytgan. (Voiz 11:1) Ushbu so‘zlardan shuni bilib olyapmizki, ba’zilar qilgan saxiyligimizga ancha vaqt, ya’ni «ko‘p kunlar o‘tgach» javob qaytarishi mumkin. Bir opamiz bilan bu yuz berdi.

20 Ko‘p yillar oldin tuman nozirining rafiqasi yaqinda suvga cho‘mgan opamizni sadoqatli qolishga undab, unga chin dildan otkritka yozib yubordi. Taxminan 8 yil o‘tgach, o‘sha opamiz javoban xat yozib quyidagicha dedi: «Yillar mobaynida o‘zingiz bilmagan holda menga qanchalik yordam berganingiz haqida yozgim keldi». U davom etib shunday yozdi: «Otkritkangiz qalbimga iliqlik baxsh etgandi va u yerdagi oyat menga rosa ta’sir qilgandi. Uni doim esimda saqlaganman» a. U duch kelgan ba’zi qiyinchiliklari bilan bo‘lishgach, shunday yozdi: «Gohida qo‘limni tushirgim va Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatgim kelardi. Lekin keyin siz yuborgan oyatni eslardim va u menga sadoqatli qolishimga kuch berardi». Opamiz shunday qo‘shib qo‘ydi: «Shu 8 yil mobaynida hech narsa menga o‘sha oyatchalik qattiq ta’sir qilmagan». Tuman nozirining rafiqasi «ko‘p kunlar o‘tgach», bunday xat olishdan qanchalik quvonganini bir tasavvur qiling! Biz ham kimgadir yaxshilik qilganimizdan ancha vaqt o‘tgach, minnatdorchilik so‘zlarini eshitarmiz.

Ba’zilar ancha vaqt o‘tgach qilgan yaxshiligimiz uchun minnatdorchilik bildirishi mumkin (20-xatboshiga qarang) b


21. Nima uchun Yahova kabi saxiy bo‘lish qaroringiz qat’iy?

21 Aytib o‘tilganiday, Yahova bizni o‘zgacha qobiliyat bilan yaratgan. Olishdan baxtiyor bo‘lsak-da, boshqalarga biron nima berganimizda ko‘proq quvonchni his qila olamiz. Birodarlarimizga yordam bera olganimizda baxtiyor bo‘lamiz. Bundan tashqari, minnatdorchilik izhorlarini eshitganimizda quvonamiz, lekin bizga rahmat aytishadimi yoki yo‘qmi to‘g‘ri yo‘l tutganimizdan xursand bo‘lamiz. Unutmangki, boshqalarga nimaiki bersangiz, Yahova sizga undan ko‘prog‘ini beradi. (2 Sol. 25:9) Shunday ekan, boshqalarga Yahova sizga berganchalik ko‘p bera olmaysiz. Darhaqiqat, Yahovanikidek ulkan mukofot yo‘q! Shunday ekan, keling, saxiy samoviy Otamizga taqlid qilishdan to‘xtamaylik.

17-QO‘SHIQ «Albatta istayman!»

a Tuman nozirining rafiqasi opamizga 2 Yuhanno 8 ni yozgan. U yerda quyidagicha aytilgan: «Qilgan mehnatingiz zoye ketmasligi va mukofotni to‘liq olishingiz uchun o‘zingizga ehtiyot bo‘linglar».

b RASMGA SHARH. Sahnalashtirilgan rasmda tuman nozirining rafiqasi imondoshimizga dalda beryapti. Yillar o‘tgach, u minnatdorchilik xatini olyapti.