Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

38-TADQIQ MAQOLASI

25-QO‘SHIQ O‘zgacha mulk

Ogohlantirishlarga quloq solyapsizmi?

Ogohlantirishlarga quloq solyapsizmi?

Ikki kishidan biri olinadi, biri qoldiriladi. (MAT. 24:40)

ASOSIY FIKR

Isoning uchta masalini ko‘rib chiqamiz va ular zamonaning oxirida bo‘ladigan hukm payti bilan qanday bog‘liq ekanini muhokama qilamiz.

1. Yaqinda Iso nima qiladi?

 BIZ katta o‘zgarishlar ostonasida turibmiz. Yaqinda Iso yer yuzidagi har bir insonni hukm qiladi. Keling, u hukm qilishidan oldin dunyoda nimalar yuz berishini bilib olaylik. U shogirdlariga hozir bo‘lishining va «zamon oxirlab borayotgani»ning belgisini aytgan. (Mat. 24:3) Bu bashorat Matto 24-, 25-, Mark 13- va Luqo 21-boblarda yozilgan.

2. Diqqatimizni nimaga qaratamiz va nega bu bizga yordam beradi?

2 Iso tayyorlanishimizga yordam beradigan uchta masal keltirgan. Ular biz uchun ogohlantiruvdir. Bu masallar qo‘y va echkilar, aqlli hamda aqlsiz qizlar va talantlar haqida. Har bir masaldan Iso odamni uning ishlariga qarab hukm qilishini bilib olyapmiz. Mazkur masallarni ko‘rib chiqar ekanmiz, qanday saboq olishimiz va qay yo‘sin ularni amalda qo‘llashimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz. Avvaliga qo‘ylar va echkilar haqidagi masalni muhokama qilamiz.

QO‘YLAR VA ECHKILAR

3. Iso qachon odamlarni hukm qiladi?

3 Qo‘ylar va echkilar haqidagi masalda Iso odamlarni xushxabarga qanday munosabat bildirgani va uning moylangan birodarlarini qo‘llab-quvvatlagani yo bunday qilmagani asosida hukm qilishini aytgan. (Mat. 25:31–46) U Armageddondan oldin «buyuk musibat» paytida kim qo‘y-u kim echki ekanligini aniqlaydi. (Mat. 24:21) Cho‘pon qo‘ylarini echkilardan ajratgani kabi, Iso ham moylangan birodarlarini sadoqat ila qo‘llab-quvvatlaganlarni bunday qilmaganlardan ajratadi.

4. Ishayo 11:3, 4 ga ko‘ra, Iso odamlarni adolat ila hukm qilishiga nega aminmiz? (rasmga ham qarang.)

4 Muqaddas Kitobdagi bashoratga ko‘ra, Iso Yahova tayinlagan hakam sifatida adolat ila hukm qiladi. (Ishayo 11:3, 4 ni o‘qing.) U odamlarning xulq-atvorini, fikrlash tarzi-yu gap-so‘zlarini, jumladan, ular uning moylangan birodarlariga qanday muomala qilishlarini diqqat ila kuzatadi. (Mat. 12:36, 37; 25:40) Iso kim uning moylangan birodarlarini va ular olib borgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlaganini biladi a. Bunday qilishning asosiy yo‘llaridan biri va’zgo‘ylik faoliyatida Masihning birodarlariga yordam berishdir. Bunday yo‘l tutgan odamlarni Iso «odil» deb hukm qiladi va ular yer yuzida «mangu» yashash umidiga ega bo‘ladi. (Mat. 25:46; Vah. 7:16, 17) Ha, benuqsonlikni saqlaganlarni naqadar ajoyib mukofot kutmoqda. Ular buyuk musibatda va undan keyin sadoqatli qolishsa, ismlari «hayot kitobi»ga yoziladi. (Vah. 20:15)

Yaqin kelajakda Iso odamlarni qo‘ylar va echkilarga ajratadi (4-xatboshiga qarang)


5. Qo‘ylar va echkilar haqidagi masaldan qanday saboq olyapmiz va bu kimlar uchun foydali bo‘ladi?

5 Sadoqatingizni isbotlang. Isoning qo‘ylar va echkilar masalida asosiy diqqat yer yuzida yashash umidiga ega insonlarga qaratilgan. Ular sadoqatini Masihning birodarlarini va’zgo‘ylik ishida qo‘llab-quvvatlagani bilangina emas, balki ishonchli va aqlli xizmatkor berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga tayyorlik ila amal qilish orqali ham ko‘rsatadi. (Mat. 24:45) Shuningdek, ushbu masaldagi ogohlantirish osmonda yashash umidiga ega kishilarga ham tegishli. Nega deganda, Iso ularning ham xulq-atvoriga, fikrlash tarzi-yu gap-so‘zlariga diqqat qaratadi. Ular ham sadoqatini isbotlashi lozim. Bundan tashqari, Iso yana ikkita masal keltirgan. Ularda moylanganlar uchun ogohlantirishlar keltirilgan. Bu masallarni Matto 25-bobdan topishimiz mumkin. Keling, endi aqlli va aqlsiz qizlar haqidagi masalni ko‘rib chiqaylik.

AQLLI VA AQLSIZ QIZLAR

6. Qizlardan beshtasi aqlli ekanini qay yo‘sin ko‘rsatdi? (Matto 25:6–10)

6 Qizlar haqidagi masalda Iso kuyovni kutib olishga chiqqan o‘nta qiz haqida gapirgan. (Mat. 25:1–4) Ularning hammasi nikoh bazmida kuyov bilan birga bo‘lishga umid qilgan. Iso ularning beshtasini «aqlli», qolgan beshtasini esa «aqlsiz» deb atagan. Aqlli qizlar tayyor va hushyor bo‘lgan. Ular — kuyov hatto juda kech kelsa ham — qancha kerak bo‘lsa, shuncha kutishga tayyor edi. Shuning uchun tunda yorug‘lik bo‘lsin deb, o‘zlari bilan moychiroqlarini olgan. Kuyov kech qolishi mumkin deb ular qo‘shimcha moy ham olib kelgan. Shu yo‘sin ular moychirog‘i o‘chmasligi uchun hozirlik ko‘rib qo‘ygan. (Matto 25:6–10 ni o‘qing.) Kuyov kelganida aqlli qizlar u bilan birga nikoh bazmiga kirgan. Shunga o‘xshab moylangan masihiylar Isoning kelguniga qadar hushyor va sadoqatli ekanini isbotlasa, kuyov bo‘lmish Isoning Samoviy Shohligida u bilan birga bo‘lishga loyiq deb topiladi b. (Vah. 7:1–3) Xo‘sh, qolgan aqlsiz beshta qiz-chi? Ular bilan nima bo‘ldi?

7. Aqlsiz beshta qiz bilan nima bo‘ldi va nega?

7 Aqlli qizlardan farqli ravishda beshta aqlsiz qiz kuyov kelganida tayyor emasdi. Ularning moychiroqlari o‘chib qolayotgandi va ular o‘zlari bilan ortiqcha moy olmagandi. Ular hademay kuyov kelishini bilgach, moy sotib olish uchun ketdi. Kuyov kelganida esa ular hali qaytmagandi. O‘shanda tayyor turgan qizlar kuyov bilan birga nikoh bazmiga kiradi va eshik yopiladi. (Mat. 25:10) Keyinroq aqlsiz qizlar qaytadi va ichkariga kirishni xohlaydi. Lekin kuyov ularga: «Men sizlarni tanimayman»,— deb aytadi. (Mat. 25:11, 12) Bu qizlar kuyovni kutib olish uchun yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmagandi. Bundan moylanganlar qanday saboq olishi mumkin?

8, 9. Qizlar to‘g‘risidagi masaldan moylanganlar qanday saboq olishi mumkin? (Rasmga ham qarang.)

8 Tayyor bo‘ling va hushyorlikni yo‘qotmang. Iso zamonaning oxiri kelguncha kutishga tayyor va tayyor bo‘lmagan ikki xil guruhga mansub moylanganlar haqida bashorat qilmagan. Aksincha, u oxirigacha sadoqat ila sabr-bardosh qilishga tayyor bo‘lmagan moylanganlar bilan nima yuz berishini tushuntirgan. Agar ular tayyor bo‘lmasa, mukofotini ololmaydi. (Yuhan. 14:3, 4) Bu diqqatga sazovor fikr! Osmonda yoki yer yuzida yashashga umid qilamizmi, qizlar to‘g‘risidagi masaldagi ogohlantiruvga quloq solishimiz lozim. Oxirigacha sabr-bardosh qila olish uchun har birimiz hushyor va tayyor bo‘lishimiz kerak. (Mat. 24:13)

9 Tayyor bo‘lish va hushyorlikni yo‘qotmaslik ta’kidlangan qizlar haqidagi masalni aytgach, Iso talantlar haqidagi masalni keltiradi. Bu masalda tirishqoq bo‘lishga urg‘u berilgan.

Oxirat kelganida sabr-bardosh qilish uchun tayyor va hushyor bo‘lish orqali qizlar to‘g‘risidagi masaldan olgan sabog‘imizga diqqat qaratish muhim (8-, 9-xatboshilariga qarang)


TALANTLAR

10. Ikkita qul ishonchli ekanini qay yo‘sin isbotladi? (Matto 25:19–23)

10 Talantlar to‘g‘risidagi masalda Iso xo‘jayiniga sadoqatli bo‘lgan ikkita qul va sadoqatsiz bo‘lgan bitta qul haqida aytib bergan. (Mat. 25:14–18) Ikkita qul xo‘jayinining daromadini oshirish uchun tirishqoqlik bilan mehnat qilib sadoqatli ekanini ko‘rsatgan. Xo‘jayini safarga ketishidan avval ularga talantlarni, katta miqdordagi pulni ishonib topshirgan. Ikkita sadoqatli qul tirishqoq bo‘lgan va pullardan donolik ila foydalangan. Natijada xo‘jayini qaytganida, qullar ularga berilgan pulni ko‘paytirib qo‘ygandi. Xo‘jayini ularni maqtagan va «men bilan birga [quvoning]» deb aytgan. (Matto 25:19–23 ni o‘qing.) Xo‘sh, uchinchi qul-chi? Unga berilgan pullarni nima qilgan?

11. «Dangasa» qul bilan nima bo‘ldi va nega?

11 Uchinchi qul bir talant olgan, ammo u «dangasa» bo‘lgan. Xo‘jayini undan bu talantdan donolik ila foydalanishini kutgan. Lekin u bu talantni yerga ko‘mib qo‘ygan. Xo‘jayini safardan kelgach, u o‘sha bir talantni unga qaytargan. Bu qul to‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lmagan. U xo‘jayinining pulini orttirmagani uchun kechirim so‘rashning o‘rniga, uni «talabchan» deb ayblagan. Bu qul xo‘jayinining roziligini olmagan. Ustiga-ustak, undan o‘sha bir talant ham olib qo‘yilgan va u uning xonadonidan haydalgan. (Mat. 25:24, 26–30)

12. Bugungi kunda ikkita ishonchli qul kimlarni bildiradi?

12 Ikkita ishonchli qul sadoqatli moylangan masihiylarni bildiradi. Xo‘jayini Iso ularni u bilan birga quvonishga taklif qiladi. Moylanganlar samoviy mukofotga, ya’ni birinchi tirilishga ega bo‘ladi. (Mat. 25:21, 23; Vah. 20:5b) Dangasa qulning salbiy misoli esa moylanganlar uchun ogohlantiruvchi misoldir. Xo‘sh, qanaqasiga?

13, 14. Talantlar haqidagi masaldan moylanganlar qanday saboq olyapti? (Rasmga ham qarang.)

13 Tirishqoq ekaningizni isbotlang. Qizlar haqidagi masalda bo‘lganidek, talantlar haqidagi masalda ham Iso moylanganlar dangasa bo‘ladi, deb aytmoqchi emasdi. Aksincha, ular g‘ayratini yo‘qotsa, nima bo‘lishini tushuntirmoqchi edi. Ularning da’vat etilganlari va tanlanganlari bekor bo‘lardi va ularga Xudoning Shohligiga kirishga ruxsat berilmasdi. (2 Butr. 1:10)

14 Isoning qizlar va talantlar haqidagi masallaridan moylangan masihiylar tayyor va hushyor turishi, shuningdek, mehnatkash va tirishqoq bo‘lishi kerakligi aniq ko‘rinyapti. Xo‘sh, Iso moylanganlar uchun ogohlantiruv sifatida xizmat qiladigan yana biron narsa aytganmi? Albatta! Matto 24:40, 41 dan bu ogohlantiruv haqida bilib olyapmiz.

Iso moylanganlar oxirigacha tirishqoq va mehnatsevar bo‘lishlarini kutadi (13-, 14-xatboshilariga qarang.) d


KIMLAR OLINADI?

15, 16. Moylanganlar hushyor turishi kerakligi Matto 24:40, 41 da qay yo‘sin ta’kidlangan?

15 Iso uchta masalni keltirishdan oldin moylanganlar orasidan kimlar ma’qullangani namoyon bo‘ladigan so‘nggi hukm haqida aytgan. U dalada ishlayotgan ikkita erkak va tegirmonda mehnat qilayotgan ikkita ayol haqida gapirgan. Ularning har ikkalasi ham bir xil ishni qilayotgandek tuyuladi. Lekin Iso: «Biri olinadi, biri qoldiriladi»,— deb aytgan. (Matto 24:40, 41 ni o‘qing.) So‘ng u shogirdlarini quyidagiga undagan. «Hushyor turinglar, chunki Hazratingiz qaysi kuni kelishini bilmaysizlar». (Mat. 24:42) Iso qizlar haqidagi masalni aytgach, shunga o‘xshash fikrni takrorlagan. (Mat. 25:13) Xo‘sh, bular orasida bog‘liqlik bormi? Shunaqaga o‘xshaydi. Isoning Samoviy Shohligiga chinakamiga moylangan sadoqatli kishilargina «olinadi». (Yuhan. 14:3)

16 Hushyor ekaningizni isbotlang. Ma’nan hushyor qolmagan har qanday moylangan masihiy tanlangan kishilar bilan birga yig‘ib olinmaydi. (Mat. 24:31) Bundan tashqari, yer yuzida abadiy yashashga umid qilayotgan barcha Isoning so‘zlarini ogohlantiruv deb bilib, hushyor va sadoqatli qolishda davom etishi kerak.

17. Yahova bizning davrimizda kimnidir moylasa, nega xavotirlanmasligimiz lozim?

17 Yahovaning hukmlariga ishonish uchun Uni yaxshi tanib-bilishimiz kerak. Shunda Yahova bizning paytimizda sadoqatli kishilarni moylasa, hayron qolmaymiz c. Bu bizga uzumzorda 11 soat ishlagan mardikorlar haqidagi Isoning masalini eslatadi. (Mat. 20:1–16) Ishni vaqtli boshlaganlar keyinroq boshlaganlar bilan bir xil haq oladi. Shunga o‘xshab, moylanganlar qachon tayinlanganidan qat’i nazar, agar sadoqatli qolsa, samoviy mukofotini oladi.

OGOHLANTIRISHLARGA QULOQ SOLING

18, 19. Qanday saboqlar-u ogohlantiruvlarni bilib oldik?

18 Nimalarni ko‘rib chiqdik? Qo‘ylar va echkilar haqidagi masalda yer yuzida abadiy yashashga umid qilayotganlar Yahovaga sadoqatli qolishlari kerakligini bilib oldik. Ular bu fazilatlarni hozir va yaqinlashib kelayotgan buyuk musibat paytida ko‘rsatishlari lozim. Iso buyuk musibat paytida sadoqatli kishilarni hukm qilib, ularni «mangu hayotga ega bo‘lish»ga loyiq deb topadi. (Mat. 25:46)

19 Moylanganlar uchun ogohlantiruv sifatida xizmat qiladigan ikkita masalni ham ko‘rib chiqdik. Isoning aqlli va aqlsiz qizlar to‘g‘risidagi masalida beshta aqlli qiz dono ekanini ko‘rsatdi. Ular tayyor va hushyor edi hamda kuyovni qancha kutish kerak bo‘lsa, shuncha kutdi. Aqlsiz qizlar esa tayyor emasdi. Shu bois kuyov ularni nikoh bazmiga kiritmadi. Biz ham Iso ushbu zamonaning oxiriga chek qo‘yishini qancha kutish kerak bo‘lsa, shuncha kutishga tayyor bo‘lishimiz lozim. Qolaversa, Isoning talantlar to‘g‘risidagi masalidan mehnatkash va tirishqoq bo‘lgan ikkita ishonchli qulning misolini ko‘rib chiqdik. Ular xo‘jayining manfaati uchun og‘ir mehnat qilgan va uning marhamatiga sazovor bo‘lgan. Dangasa qulni esa xo‘jayin rad etgan. Xo‘sh, bundan qanday saboq olyapmiz? Biz zamonaning oxirigacha Yahovaning xizmatida band bo‘lishimiz kerak. So‘ng Iso moylanganlarni samoviy mukofotiga erishtirishi uchun ular qay yo‘sin hushyorlikni saqlashi kerakligini ko‘rib chiqdik. Moylangan masihiylar samoga — Isoning oldiga «birga to‘planadigan» vaqtni intiqib kutyapti. Armageddon jangidan keyin ular qo‘zining nikohida Isoning kelini bo‘ladi. (2 Salon. 2:1; Vah. 19:9)

20. Yahova Uning ogohlantiruvlariga quloq solganlar uchun nima qiladi?

20 Hukm kuni shiddat ila yaqinlashib kelayotgan bo‘lsa-da, qo‘rqishimiz uchun sabab yo‘q. Agar sadoqatli qolsak, sevuvchi Otamiz «Inson O‘g‘lining oldida tura olish»imiz uchun «insonlarnikidan ustun turgan kuch»ni bizga beradi. (2 Kor. 4:7; Luqo 21:36) Osmonda yoki yer yuzida yashash umidiga egamizmi, Isoning masalidagi ogohlantirishga quloq solsak, samoviy Otamizni xursand qilamiz. Yahovaning inoyati tufayli ismlarimiz «hayot kitobi»ga yoziladi. (Don. 12:1; Vah. 3:5)

26-QO‘SHIQ Qilgaysiz menga yordam

a «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2024-yil may sonidagi «Yahovaning kelajakka oid hukmlari borasida nimalarni bilamiz?» nomli maqolaga qarang.

b Ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2015-yil 15-mart sonidagi «Siz hushyor turasizmi?» nomli maqolaga qarang.

d RASMGA SHARH. Moylangan opamiz xizmatda uchratgan yosh ayol bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazyapti.