TARJIMAI HOL
Yahovaning xizmatida barakalarga to‘la sayohat
1951-YIL Kanadaning Kvebek provinsiyasidagi Ruyen shaharchasiga endigina yetib kelgandim. Menga berilgan manzil bo‘yicha bordim va eshikni taqillatdim. Eshikni Gilad maktabini bitirgan Marsel Filto a ismli to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y ochdi. U 23 yoshda bo‘lib, bo‘yi uzun edi. Men esa 16 yoshda va undan ancha pastroq edim. Unga kashshof etib tayinlanganim to‘g‘risidagi xatni ko‘rsatdim. U xatni o‘qib, menga qaradi-da: «Bu yerdaligingdan onangning xabari bormi?» — deb so‘radi.
MENING OILAM
Men 1934-yili tug‘ilganman. Ota-onam Shveysariyadan Ontariodagi (Kanada) konchilar shahri Timminsga ko‘chib o‘tgan. Taxminan 1939-yili onam «Qo‘riqchi minorasi» jurnalini o‘qishni va Yahova Shohidlarining yig‘ilishlariga qatnashni boshladi. U meni va oltita aka-uka-yu opa-singlimni ham olib borardi. Ko‘p o‘tmay onam Yahovaning Shohidi bo‘ldi.
Dadamga bu yoqmasdi. Lekin onam haqiqatni yaxshi ko‘rardi va unda qolish qarori qat’iy edi. U hatto 1940-yillarning boshida, Kanadada Yahova Shohidlarining faoliyati taqiqlanganda ham, haqiqatda mahkam turdi. Dadamning haqoratlariga qaramay, onam doim muloyimlik va hurmat ila gapirardi. Uning ajoyib o‘rnagi menga va tug‘ishgan jigarlarimga haqiqatni qabul qilishga yordam berdi. Vaqt o‘tib dadamning munosabati ancha o‘zgardi va u biz bilan muloyimroq gaplashadigan bo‘ldi.
TO‘LA VAQTLI XIZMATNI BOSHLASH
1950-yili yozda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanga bordim. Dunyoning turli joylaridan kelgan birodar-u opa-singillar bilan tanishish va Gilad bitiruvchilarining ajoyib intervyularini tinglash meni Yahovaga ko‘proq xizmat qilishga undadi. To‘la vaqtli xizmatni boshlash qarorim har qachongidan ham qat’iy bo‘ldi. Uyga qaytishim bilanoq doimiy kashshoflikka ariza topshirdim. Kanada filialidan avval suvga cho‘mishim kerakligi haqida xat keldi. 1950-yili 1-oktabrda suvga cho‘mdim. Bir oy o‘tgach, doimiy kashshof bo‘ldim va birinchi bo‘lib Kapuskeysingga tayinlandim. Bu shaharcha
men o‘sha paytda yashagan joydan ancha uzoqda joylashgandi.1951-yilning bahorida filial fransuz tilida gapira oladigan Shohidlarga bu tilda gapiradigan Kvebek provinsiyasiga ko‘chishni taklif qildi. U yerda ehtiyoj katta edi. Men fransuz va ingliz tillarida gapirib katta bo‘lganman. Shunga bu taklifni qabul qildim va Ruyenga tayinlandim. Hali aytganimdek, menda manzil bor edi, xolos. Lekin hammasi xamirdan qil sug‘urganday oson kechdi. Marsel bilan yaxshi do‘stlarga aylandik. Kvebekda 4 yil davomida maza qilib xizmat qildim. Keyinchalik maxsus kashshof bo‘ldim.
GILAD MAKTABI VA UZOQ USHALMAGAN UMIDLAR
Kvebekda bo‘lganimda Saut-Lansingda (Nyu-York) bo‘lib o‘tgan Gilad maktabining 26- sinfiga taklif qilinganimdan boshim ko‘kka yetdi. 1956-yili 12-fevralda bitiruv marosimi bo‘ldi va meni hozirgi Ganaga b (G‘arbiy Afrika) tayinlashdi. U yerga bora olishimdan avval hujjatlarim tayyor bo‘lguniga qadar Kanadaga «bir necha haftaga» qaytishim kerak edi.
Hujjatlarim tayyor bo‘lguniga qadar Torontoda 7 oy kutishimga to‘g‘ri keldi. Bu vaqt davomida Kripps oilasi bilan birga turdim va u yerda ularning qizi Sheyla bilan tanishdim. Biz bir-birimizni yoqtirib qoldik. Endigina Sheylaning qo‘lini so‘rayman deganimda vizam chiqib qoldi. Sheyla bilan bu haqda ibodat qildik va men vazifam bo‘yicha ketadigan bo‘ldim. Bu oson bo‘lmadi. Lekin vaqt o‘tib bu to‘g‘ri qaror bo‘lganini tushundim.
Poyezd, yuk kemasi va samolyotdan foydalanib, bir oy deganda Gananing Akkra shahriga yetib keldim. Bu yerda viloyat noziri sifatida xizmat qilishga tayinlandim. Bu Gana, shuningdek, unga qo‘shni bo‘lgan Kot-d’Ivuar hamda Togolend (hozir Togo) mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilishni o‘z ichiga olgan. Ko‘pincha tashkilotimiz taqdim etgan jipdan foydalanib safarga yolg‘iz chiqardim. O‘shanda xizmatimning har bir daqiqasidan zavq olardim.
Dam olish kunlarida tuman anjumanlarida xizmat qilardim. Bizda Anjuman zallari yo‘q edi. Shuning uchun birodarlar bambukdan vaqtinchalik tom yasashdi va palma novdalari bilan yopishdi. Bu quyoshdan saqlanishga yordam berdi. Oshxonada sovitkich yo‘qligi tufayli hayvonlarni tirik saqlardik va kelganlarni ovqatlantirish uchun ehtiyojga qarab ularni so‘yardik.
Ba’zida o‘sha anjumanlarda kulgili vaziyatlar ham bo‘lib turardi. Bir safar to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lgan Xerbert Jenings c birodar nutq aytayotgandi. Birdan sigir oshxonadan qochib ketdi. U minbar va tinglovchilar o‘rtasiga yugurib keldi. Xerbert birodar nutq aytishni to‘xtatib turdi. Sigir ham o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Lekin to‘rtta baquvvat birodar uni yana oshxonaga qaytardi. Tinglovchilar xandon otib kuldi.
Hafta davomida men yaqin qishloqlarda «Yangi dunyo jamiyati» nomli filmni ko‘rsatdim. Buning uchun ikkita ustun yoki daraxtga qoqilgan oq matoga projektorni yo‘naltirardim. Bu qishloqdagilarga juda yoqdi. Chunki ko‘plar umrida birinchi marta film tomosha qildi. Ular odamlar suvga cho‘mayotgan sahnani tomosha qilganda gulduros qarsak chaldi. Filmni tomosha qilgan ko‘pchiliklar biz yakdil umumjahon tashkilot ekanimizni tushundi.
Afrikada taxminan 2 yil xizmat qilgach, 1958-yili Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanga borishdan rosa xursand bo‘ldim. U yerda Sheyla bilan ko‘rishish quvonchimga quvonch qo‘shdi. O‘shanda u Kvebekda maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilayotgandi. Biz xat orqali muloqot qilib kelgandik va endi yana birga edik. Men undan qo‘lini so‘radim. Sheyla rozi bo‘ldi. Keyin esa birodar Norrga d yozib: «Sheyla ham Gilad maktabida o‘qishi va keyin Afrikada menga qo‘shilishi mumkinmi?» — deb so‘radim. Oxiri Sheyla Ganaga keldi. Biz 1959-yili 3-oktabrda Akkra shahrida turmush qurdik. Yahovani hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yganimiz uchun u bizga chinakam barakalar yog‘dirganini his qilardik.
KAMERUNDA BIRGA XIZMAT QILGANIMIZ
1961-yili biz Kamerunga tayinlandik. Bu yerda yangi filial tashkillashtirishga ko‘maklashish kerak
edi. Shuning uchun juda band edim. Men Kamerundagi faoliyatimizni nazorat qilish uchun tayinlangandim. Shunga o‘rganishim kerak bo‘lgan narsalar juda ko‘p edi. 1965-yili Sheyla homilador bo‘lib qoldi. Shuni tan olishim kerakki, ota-ona bo‘lish haqidagi fikrga ko‘nikish uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi. Biroq biz bu mas’uliyatdan endigina quvonch topa boshlaganimizda va Kanadaga qaytishni rejalashtirayotganimizda dahshatli voqea yuz berdi.Sheylaning homilasi nobud bo‘ldi. Shifokor tug‘ilmagan farzandimiz o‘g‘il bo‘lganini aytdi. Bu voqeaga 50 yildan oshgan bo‘lsa-da, uni hech qachon unutmaganmiz. Bo‘lib o‘tgan vaziyat tufayli bizga og‘ir bo‘lganiga qaramay, sevimli vazifamizda qoldik.
Kamerundagi birodarlarimiz siyosiy betaraflikni saqlagani uchun tez-tez ta’qiblarga duch kelardi. Ayniqsa, prezident saylovi paytida vaziyat yanada chigallashdi. 1970-yili 13-mayda bizni qattiq xavotirga solgan narsa yuz berdi. Yahova Shohidlarining faoliyati rasman taqiqlandi. Ko‘rkam yangi filialimiz hukumat tomonidan musodara qilindi. U yerga ko‘chganimizga endigina 5 oy bo‘lgandi. Bir hafta ichida barcha to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar, jumladan, men va Sheyla ham ushbu mamlakatdan majburan chiqarib yuborildik. Birodar-u opa-singillarni qoldirib ketish oson bo‘lmadi. Oldinda ularni nimalar kutayotgani haqida o‘ylab rosa tashvishlandik.
Keyingi olti oy mobaynida Fransiya filialida bo‘ldik. U yerda Kamerundagi birodarlarning ehtiyojlariga qo‘limdan kelgancha g‘amxo‘rlik qilishda davom etdim. O‘sha yilning dekabrida Nigeriya filialiga tayinlandik. Bu filial Kamerundagi filialimiz uchun mas’ul edi. Nigeriyadagi birodar-u opa-singillar bizni iliq qarshi oldi. U yerda bir necha yil davomida maza qilib xizmat qildik.
QIYIN VAZIYAT
1973-yili juda qiyin qaror oldida turgandik. Sheyla juda jiddiy sog‘liq muammolari bilan kurashayotgandi. Nyu-Yorkda hududiy anjumanda bo‘lganimizda u ko‘z yosh bilan shunday dedi: «Boshqa chidolmayman, holdan toydim, anchadan beri kasalman». Sheyla bilan G‘arbiy Afrikada 14 yildan oshiq xizmat qildik. Uning sadoqat bilan xizmat qilganidan faxrlanaman. Biroq hayotimizga ba’zi o‘zgarishlar kiritishimiz kerak edi. Vaziyatimizni muhokama qilib uzoq va qattiq ibodat qilgach, Kanadaga qaytishga qaror qildik. U yerda Sheylaning sog‘ligiga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qila olardik. To‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylikni hamda to‘la vaqtli xizmatni qoldirish chiqarishimiz kerak bo‘lgan eng qiyin va hissan og‘riqli qaror bo‘ldi.
Kanadaga kelgandan keyin Torontoning shimolidagi shahrida mashina savdosi bilan shug‘ullangan do‘stimning oldiga ishga kirdim. Ijaraga uy oldik, ishlatilgan mebelni xarid qildik. Bu tufayli qarz olishimizga hojat qolmadi. Kuni kelib yana to‘la vaqtli xizmatni boshlashga umid
qilardik va sodda hayot kechirardik. Bu kun biz o‘ylaganimizdan ham tezroq kelgani kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.Shanba kunlari Norvaldagi (Ontario) Anjuman zalining qurilishida ixtiyoriy xizmatchi bo‘lib yordam bera boshladim. Vaqt o‘tib, Anjuman zalida nozir etib tayinlandim. Shunga 1974-yilning iyun oyida Anjuman zalidagi yashash joyiga ko‘chib o‘tdik. To‘la vaqtli xizmatga qaytganimizdan juda baxtli edik.
Quvonarlisi shuki, Sheylaning sog‘lig‘i yaxshilanib borardi. Ikki yil o‘tgach, tuman nozirlik xizmatini boshlay oldik. Tumanimiz Kanadaning qahraton qishi bilan tanilgan Manitoba provinsiyasi edi. Lekin birodar-u opa-singillar bizni iliq qarshi oldi. Shuni anglab yetdikki, qayerda xizmat qilishimiz ahamiyatli emas. Qayerda bo‘lsak ham asosiysi Yahovaga xizmat qilishda davom etishimiz kerak.
MUHIM SABOQ OLDIM
Tuman nozirlik xizmatida bir necha yil ishtirok etgach, 1978-yili Kanadadagi Baytilga taklif qilishdi. Ko‘p o‘tmay men og‘riqli, lekin muhim saboq oldim. Menga Monrealda maxsus uchrashuvda fransuz tilida bir yarim soatlik nutq bilan chiqish vazifasi topshirildi. Afsuski, nutqim tinglovchilar uchun zerikarli bo‘ldi va Xizmat bo‘limidagi bir birodar menga maslahat berdi. Ochig‘ini aytganda, men mahoratli notiq emasman, buni tushunishim kerak edi. Maslahatni to‘g‘ri qabul qilmagandim. Biz bir-birimizni tushunmadik. Men bu birodar haqida «Maqtashni bilmaydigan tanqidchi» deb o‘yladim. Men uni maslahatni qay yo‘sin bergani va u haqdagi fikrim asosida noto‘g‘ri hukm qildim.
Bir necha hafta o‘tgach, Filial qo‘mitasi men bilan bu haqda gaplashdi. Men maslahatga salbiy munosabat bildirganimni tan olib, pushaymon bo‘ldim va afsusda ekanimni aytdim. Keyin esa menga maslahat bergan birodar bilan gaplashdim. U uzrimni qabul qildi. O‘sha voqeadan kamtar bo‘lish borasida ajoyib saboq oldim. Buni hech ham unutmayman. (Hik. 16:18) Bu haqda Yahovaga ko‘p marta ibodat qilganman va boshqa hech qachon maslahatga salbiy munosabat bildirmaslikka qat’iy qaror qilganman.
Hozir Kanada filialida xizmat qilayotganimga 40 yildan oshdi va 1985-yildan beri Filial qo‘mitasi a’zosi sifatida xizmat qilish sharafiga ega bo‘ldim. 2021-yilning fevralida azizam Sheyla hayotdan ko‘z yumdi. Uni qattiq sog‘inaman. Buning ustiga, hozir sog‘lik muammolari bilan kurashyapman. Ammo Yahovaning xizmatida band bo‘lish quvonchni saqlashimga va kunlar tez o‘tishiga yordam beryapti. (Voiz 5:20) Garchi ba’zi qiyinchiliklarga duch kelsam-da, quvonishimga sabablar ko‘proq. Yahovani hayotimda birinchi o‘ringa qo‘yish va 70 yil davomida to‘la vaqtli xizmatda bo‘lish chinakam mamnuniyat baxsh etyapti. Yosh birodar-u opa-singillarimiz ham Yahovani birinchi o‘ringa qo‘yib xizmat qilishda davom etishi haqida ibodat qilaman. Chunki shunga aminmanki, ular bunday yo‘l tutib ham barakalarga ega bo‘ladi, ham Yahovaga xizmat qilish tufayli mamnuniyat his etadi.
a Marsel Filtoning tarjimai holini o‘qish uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2000-yil 1-fevral (rus) sonidagi «Yahova mening Qo‘rg‘onim va kuchim» nomli maqolaga qarang.
b 1957-yilgacha Afrikaning bu hududi Britaniya mustamlakasi hisoblangan va Gold-Kost deb atalgan.
c Xerbert Jeningsning tarjimai holini o‘qish uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2000-yil 1-dekabr (rus) sonidagi «Ertaga nima bo‘lishi bilmaysiz» nomli maqolaga qarang.
d O‘sha paytda Neytan Norr rahbarlikni zimmasiga olgan edi.