Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Iso Hazratimizning kechlik taomi deb ataladigan tadbirni joriy etganda, bundan oldin u va’zgo‘ylikka yuborgan 70 ta shogirdi qayerda bo‘lgan? Ular uni tashlab ketganmi?

Iso Hazratimizning kechlik taomi deb ataladigan tadbirni joriy etganda, 70 ta shogirdi u yerda bo‘lmagani uchungina «Ular uning roziligini olmagan yoki uni tashlab ketgan» deb o‘ylamasligimiz kerak. Iso o‘sha paytda havoriylar bilan birga bo‘lishni xohlagan.

12 havoriy ham, 70 ta shogird ham Isoning roziligini olgan. Avval u havoriylar deb nomlangan 12 ta kishini tanlagan. (Luqo 6:12–16) Iso Jalilada bo‘lganida, «12 shogirdini yoniga chaqirib,... ularni Xudoning Shohligi to‘g‘risida va’z etish va xastalarga shifo berish uchun yubordi». (Luqo 9:1–6) Keyin esa Yahudiyada u «yana 70 ta shogirdni tayinlab,... ikkitadan jo‘natdi». (Luqo 9:51; 10:1) Shuning uchun turli hududlarda u haqda va’z qilgan shogirdlari bo‘lgan.

Isoning shogirdi bo‘lgan yahudiylar, ehtimol, oilasi bilan birga haliyam har yili Fisih bayramini nishonlardi. (Chiq. 12:6–11, 17–20) Iso o‘limidan sal oldin havoriylari bilan Quddusga borgan. Lekin u Yahudiya, Jalila va Pereyadagi hamma shogirdlarini bu bayramni birga nishonlash uchun chaqirmagan. Hoynahoy, Iso o‘sha paytda faqat havoriylari bilan birga bo‘lishni istagan. U ularga shunday degan: «Boshimga tushadigan azoblardan oldin sizlar bilan mana shu Fisih taomini yeyishni juda orzu qilgandim». (Luqo 22:15)

Buning uchun asos bor edi. Iso yaqin orada «dunyoning gunohini bartaraf etadigan Xudoning Qo‘zisi» sifatida qatl etilardi. (Yuhan. 1:29) Bu Xudoga atab qurbonliklar keltirilgan joyda, ya’ni Quddusda yuz berishi kerak edi. Fisih qo‘zisi isroilliklarga Yahova ularni Misrdan olib chiqqanini eslatib turardi. Biroq Isoning qurbonligi ko‘proq foyda keltirishi kerak edi. U barcha odamlarni gunoh va o‘limdan xalos qilardi. (1 Kor. 5:7, 8) Uning qurbonligi tufayli 12 ta havoriy imonlilar jamoatining poydevori bo‘la olardi. (Efes. 2:20–22) Qizig‘i shundaki, muqaddas shahar Quddus «devorining poydevorida 12 ta tosh bor bo‘lib, ularda Qo‘zining 12 havoriysi ismlari yozilgandi». (Vah. 21:10–14) Ha, sadoqatli havoriylar Allohning niyati bajarilishida muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, Iso Fisih taomini so‘nggi bor yeyishga va bundan keyin joriy etgan Hazratimizning kechlik taomi deb nomlanadigan tadbirga nega faqatgina ularni taklif qilganini tushunyapmiz.

70 ta va boshqa shogirdlar bu tadbirda Iso bilan bo‘lmagan. Shunday bo‘lsa-da, sadoqatli bo‘lgan shogirdlar Iso joriy etgan Hazratimizning kechlik taomidan foyda olgan. O‘sha barcha shogirdlar vaqt o‘tib moylangan masihiylar bo‘lib, Iso o‘sha kecha havoriylariga aytgan Shohlik ahdiga kirgan. (Luqo 22:29, 30)