Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Odil inson Yahova tufayli shod bo‘ladi»

«Odil inson Yahova tufayli shod bo‘ladi»

DIANA ismli ayolning yoshi 80 dan oshgan. Uning eri Alsgeymer kasalligidan azob chekkan va o‘limidan oldin bir necha yil davomida qariyalar uyida istiqomat qilgan. Bundan tashqari, uning ikkita o‘g‘li hayotdan ko‘z yumgan va uning o‘zi ham ko‘krak bezi saratoniga yo‘liqqan. Shunday bo‘lsa-da, Diananing jamoatidagi imondoshlari uni Yig‘ilish zalida yoki xizmatda ko‘rganda, u doim xursand ekanini payqashgan.

Jon ismli akamiz 43 yildan ziyod vaqt mobaynida ko‘chma nozir bo‘lgan. U o‘z xizmatini juda ham yaxshi ko‘rgan, bu uning hayoti edi. Lekin u betob qarindoshiga g‘amxo‘rlik qilish niyatida bu xizmat turini to‘xtatgan va hozir mahalliy jamoatda xizmat qilyapti. Ilgari bu akamizni taniganlar uni anjumanda uchratganda u hech ham o‘zgarmaganini aytishadi. U hozir ham quvonchga to‘la.

Xo‘sh, nima tufayli Diana opamiz va Jon akamiz xursand bo‘lib qolyapti? Hissan va jismonan azob chekayotganlar qanday qilib quvonchni saqlab qolishi mumkin? Xizmat turi o‘zgargan imondoshlarimiz qay yo‘sin baxtli bo‘la oladi? Muqaddas Kitobda quyidagicha yozilgan: «Odil inson Yahova tufayli shod bo‘ladi». (Zab. 64:10) Agar nima tufayli xursand bo‘la olishimiz va bunga nima to‘sqinlik qilishi mumkinligini bilsak, bu so‘zlar chin ekanini yaxshiroq tushunamiz.

QUVONCHDAN VAQTINCHA AYRILISH

Shunisi aniqki, ayrim narsalar deyarli har doim xursandchilik baxsh etadi. Masalan, sevishib turmush qurgan juftlikni olaylik. Yoki farzand ko‘rish yoxud yangi vazifaga tayinlanish. Bu kabilar shodlik keltiradi, negaki hammasi Yahovaning hadyasidir. Xudo nikoh Asoschisi, farzand ko‘rish qobiliyatini ato etgan va O‘z tashkiloti bilan hamkorlik qilishga layoqatli qilgan. (Ibt. 2:18, 22; Zab. 127:3; 1 Tim. 3:1)

Biroq ba’zi narsalar tufayli quvonchimizdan vaqtincha ayrilishimiz hech gap emas. Ming afsuski, umr yo‘ldoshimiz bevafolik qilishi yoki hayotdan ko‘z yumishi mumkin. (Hiz. 24:18; Ho‘sh. 3:1) Bolalar ota-onasiga hamda Xudoga bo‘ysunmasligi va hatto ehtimol, jamoatdan chetlatilgan bo‘lishi mumkin. Masalan, Shomuilning o‘g‘illari Yahovaga ma’qul tarzda xizmat qilishmagan. Dovud esa zinoga qo‘l urgani dastidan ko‘p muammolarga duch kelgan. (1 Shoh. 8:1–3; 2 Shoh. 12:11) Bu kabi hodisalar qayg‘u-alam keltiradi. Albatta, bu xursandchilik baxsh etmaydi.

Shu singari, kasallik dastidan yoki qarindoshimizga g‘amxo‘rlik qilish kerak bo‘lgani uchun Xudoning xizmatida bajarayotgan vazifamizni to‘xtatishga to‘g‘ri kelar. Bunday vaziyatga ro‘baro‘ kelgan ko‘plar avvalgi vazifasini bajarib qanchalar shod bo‘lishganini qo‘msaydi.

Ko‘ryapmizki, bular tufayli quvonchimizdan vaqtincha ayrilishimiz mumkin. Qiziq, hatto hayotimiz tobora og‘irlashib borsa ham xursand bo‘lish mumkinmi? Ha, mumkin. Zero, Shomuil, Dovud va boshqalar ham qiyinchiliklar girdobida xursand bo‘lgan.

DOIM SHOD BO‘LISH

Iso sevinch qanday fazilat ekanini yaxshi bilgan. Yerga kelishdan avval u Muqaddas Kitobda yozilishicha, «[Yahovaning] huzurida hamisha shod-xurram yurardi». (Hik. 8:30) Yer yuzida esa u gohida shiddatli qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan. Shunda ham u Otasining irodasini bajarishdan zavq olgan. (Yuhan. 4:34) So‘nggi og‘ir paytda-chi, u o‘zini qanday his etgan? Quyidagilarni o‘qiymiz: «U oldinda kutayotgan shodlik uchun... azob ustunidagi o‘limga chidagan». (Ibron. 12:2) Demak, Iso asl xursandchilik haqida aytgan so‘zlaridan ikkita narsani bilib olishimiz mumkin.

Bir kuni 70 ta shogirdi va’zgo‘ylikdan keyin Isoning oldiga kelgan edi. Ular ajoyib ishlarni bajarib, hatto jinlarni bo‘ysundira olishgani tufayli juda suyunishgan. Shunda Iso ularga quyidagilarni aytgan: «Jinlar sizlarga bo‘ysunishganiga emas, balki ismlaringiz osmonda yozilganiga xursand bo‘linglar». (Luqo 10:1–9, 17, 20) Ha, Yahovani mamnun etish har qanday o‘zgacha vazifadan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega. U sadoqatli shogirdlarni yodida tutib, quvonadi.

Boshqa safar esa Iso xaloyiqqa murojaat qiladi. Yahudiy bir ayol Isoning so‘zlaridan zavq olib, uning onasi qanchalar baxtli bo‘lsa kerak deb aytgan. Ammo Iso javoban shunday degan: «Aniqrog‘i, Tangrining kalomini tinglab, uni bajo keltirganlar baxtlidir!» (Luqo 11:27, 28) Farzandi bilan faxrlanayotgan ota-onalar baxtlidir. Lekin u Yahovaga bo‘ysunib, U bilan munosabatlarga ega bo‘lsa, bu undan-da quvonchliroq!

Darhaqiqat, Yahova bizdan mamnun ekanini bilishdan benihoya quvonamiz. Hatto qiyinchiliklar girdobida bu tuyg‘u bizni tark etmaydi. Aksincha, ularni sadoqatli bo‘lib yengsak, quvonchimizga quvonch qo‘shiladi. (Rim. 5:3–5) Buning ustiga, Yahova Unga tayangan kishilarga O‘z ruhini ato etadi. Unutmangki, sevinch muqaddas ruh samarasidir. (Galat. 5:22) Bu bizga nega Zabur 64:10 da: «Odil inson Yahova tufayli shod bo‘ladi»,— deb yozilganini tushunishimizga ko‘maklashadi.

Jon akamiz nima tufayli quvonchni yo‘qotmagan?

Yuqorida tilga olingan Diana va Jon nima sababli qiyin paytda ham xursand bo‘lib qolishganini tushunyapmiz. Diana shunday deb bo‘lishdi: «Xuddi bola uchun ota-onasi bo‘lganiday, Yahova mening panohim». Bu opamiz Xudoni mamnun etayotganini qanday his etmoqda? U: «Xudo menga baraka ato etib, tabassum ila va’z qilishim uchun qobiliyatli qilayotganini sezyapman»,— dedi. Avval ancha yillar mobaynida ko‘chma nozir bo‘lib xizmat qilgan Jon unga nima yordam bergani haqida quyidagilarni aytdi: «1998-yilda Xizmat malakasini oshirish maktabida ta’lim berishga tayinlandim va o‘shandan beri juda ko‘p shaxsiy tadqiq o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lganman». O‘zi va xotini haqida u shunday dedi: «Yillar davomida har qanday vaziyatda Yahovaga xizmat qilishga bo‘lgan munosabatimiz tufayli bu o‘zgarishni qabul qilish osonroq bo‘ldi. Bunday yo‘l tutganimizdan sira ham afsuslanmaymiz».

Boshqa ko‘p kishilar ham Zabur 64:10 dagi so‘zlar haq ekaniga qo‘shiladi. Masalan, Qo‘shma Shtatlardagi Baytilda 30 yildan oshiq vaqt mobaynida xizmat qilgan juftlikning misoliga e’tibor qarataylik. Ular hozir maxsus kashshof etib tayinlangan. Ular shunday deb bo‘lishdi: «Sevikli biron narsani yo‘qotganda qayg‘u chekish tabiiy hol», lekin davom etib: «Bu qayg‘u abadiy davom etmaydi»,— dedi. Ular tezda o‘z jamoatidagilar bilan hamkorlik qila boshladi. Bu juftlik shularni ham aytdi: «Muayyan bir narsalar haqida ibodat qilganmiz. Keyin esa bu ibodatlarga olgan javoblar bizga dalda berib, quvonch baxsh etdi. Jamoatga kelganimizdan ko‘p vaqt o‘tmay, ba’zilar kashshoflik qila boshladi. Biz ikkita kishi bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshladik, ular ma’nan ulg‘aymoqda».

«TOABAD SHODLANADI»

Shuni aytish joizki, doim ham sevinib yurish oson emas, chunki baland-pastliklar bor. Lekin Yahova Zabur 64:10 da ilhomlantirgan so‘zlar orqali bizni shod bo‘lishimizga ishontiryapti. Ruhimiz tushgan damlarda ham qiyinchiliklarga qaramay, odil bo‘lib qolsak, shod bo‘lishimiz mumkinligiga ishonamiz. Shuningdek, Yahovaning «yangi osmon va yangi yer» haqidagi va’dasi amalga oshishini intiqib kutamiz. O‘shanda nomukammallik butunlayin barham topadi. Allohning xizmatchilari mukammal bo‘lganda, quvonib, toabad shodlanadi, chunki bularning barini U amalga oshiradi. (Ishayo 65:17, 18)

Bir tasavvur qiling. Mukammal sog‘likka ega bo‘lib, har kuni to‘la kuch-quvvat ila uyg‘onamiz. O‘tmishda hissan siqilgan bo‘lsak-da, bari yo‘qqa chiqib, izi ham qolmaydi. «O‘tmishdagi narsalar esga olinmaydi, hatto ko‘ngilga ham kelmaydi». Tirilish yuz berganda, yaqinlarimizni kutib olamiz. Millionlab kishilar o‘zini Iso 12 yashar qizchasini tiriltirgan ota-ona kabi his qiladi. Ular haqida: «Dong qotib qolishdi»,— deb yozilgan. (Mark 5:42) Natijada, yer yuzidagi har bir kishi chindan ham odil bo‘lib, abadulabad «Yahova tufayli shod bo‘ladi».