Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

48-TADQIQ MAQOLASI

«Muqaddas bo‘linglar»

«Muqaddas bo‘linglar»

Butun yurish-turishingizda muqaddas bo‘linglar. 1 BUTR. 1:15

34-QO‘SHIQ Benuqson bo‘lib yuring

BU MAQOLADA *

1. Havoriy Butrus imondoshlariga qanday maslahat bergan va nega unga amal qilish imkonsizday tuyulishi mumkin?

 OSMONDA yashash umidiga egamizmi yoki yer yuzidami, barchamiz havoriy Butrus birinchi asrdagi moylangan masihiylarga bergan maslahatdan foyda olishimiz mumkin. U shunday yozgan: «Sizlarni da’vat qilgan Alloh muqaddas bo‘lgani kabi, sizlar ham butun yurish-turishingizda muqaddas bo‘linglar. Boisi, Muqaddas Yozuvlarda: “Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman”,— deb aytilgan». (1 Butr. 1:15, 16) Bu so‘zlardan muqaddaslik borasida a’lo o‘rnak ko‘rsatgan Yahovaga taqlid qilishimiz mumkinligini bilib olyapmiz. Yurish-turishda muqaddas bo‘la olamiz va bo‘lishimiz ham kerak. Nomukammal bo‘lganimiz uchun bu imkonsizday tuyular. Butrusning o‘zi ham xatolar qilib turgan, lekin uning misoli «muqaddas bo‘lishimiz» mumkinligini ko‘rsatyapti.

2. Bu maqolada qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

2 Bu maqolada quyidagi savollarni ko‘rib chiqamiz: «Muqaddas bo‘lish nima degani? Kalomda Yahovaning muqaddasligi haqida nima deb yozilgan? Yurish-turishimizda qay yo‘sin muqaddas bo‘lishimiz mumkin? Muqaddas bo‘lish va Yahova bilan munosabatlarimiz o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?»

MUQADDAS BO‘LISH NIMA DEGANI?

3. Odamlar muqaddas bo‘lish borasida qanday fikrda, lekin to‘g‘ri ma’lumotni qayerdan topa olamiz?

3 Odamlar muqaddas inson haqida o‘ylaganida, hech qachon kulmaydigan, diniy liboslar kiyib yuradigan va jiddiy insonni tasavvur qilishi mumkin. Lekin aslida bunday emas. Yahova muqaddas Xudo va U «baxtiyor Tangri» sifatida tilga olingan. (1 Tim. 1:11) Unga topinadiganlar ham «baxtlidir» deb atalgan. (Zab. 144:15) Iso o‘zgacha liboslar kiyib, odilligini odamlar oldida ko‘rsatadiganlarni qoralagan. (Mat. 6:1; Mark 12:38) Masihiylar ekanmiz, muqaddas bo‘lish borasidagi tushunchamizni Xudoning Kalomi asosida shakllantirishni istaymiz. Muqaddas va sevuvchi Xudoyimiz bizdan imkonsiz narsani talab qilmasligiga aminmiz. Demak, U: «Muqaddas bo‘linglar»,— deb aytgan ekan, bu qo‘limizdan keladi. Albatta, yurish-turishda muqaddas bo‘lish uchun aslida bu nimani anglatishini tushunishimiz kerak.

4. Muqaddas bo‘lish nima degani?

4 Muqaddas bo‘lish nima degani? Xudoning Kalomiga ko‘ra, bu ibora asosan axloqan va ma’nan pok bo‘lishni anglatadi. Shuningdek, u odam Xudoga xizmat qilish uchun ajratib olingan bo‘lishini bildiradi. Boshqacha qilib aytganda, biz axloqan pok bo‘lsak, Xudoga ma’qul tarzda topinsak va U bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lsak, muqaddas bo‘lamiz. Kalomdan Yahovaning muqaddasligi haqida o‘qiganimizda, U bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishimiz mumkinligidan ehtirom hissiga to‘lamiz.

«MUQADDAS, MUQADDAS, MUQADDASDIR... YAHOVA!»

5. Sadoqatli farishtalardan Yahova haqida nimalarni bilib olishimiz mumkin?

5 Yahova har tomonlama muqaddas Alloh. Shuning uchun, seraflar, ya’ni Yahovaning taxti yonida turgan farishtalar: «Muqaddas, muqaddas, muqaddasdir Qo‘shinlar Sarvari Yahova!» — deb e’lon qilgan. (Ishayo 6:3) Muqaddas Tangri bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lish uchun bu farishtalar muqaddas bo‘lishi kerak. Aslida ham shunday. Shu bois, biron farishta yer yuzida kimgadir xabarni yetkazgan joy muqaddas hisoblangan. Shuning uchun, Muso payg‘ambar yonayotgan buta oldida turganida, o‘sha joy muqaddas bo‘lib qolgan. (Chiq. 3:2–5; Yoshua 5:15)

Oliy ruhoniyning sallasidagi oltin lavhada «Yahova muqaddasdir» degan yozuv bor (6-, 7-xatboshilariga qarang.)

6, 7. a) Chiqish 15:1, 11 ga binoan, Muso Xudo muqaddas ekanini qanday ta’kidladi? b) Xudo muqaddas ekanini isroilliklarga nima eslatib turardi? (Muqovadagi rasmga qarang.)

6 Muso Isroil xalqini Qizil dengizdan olib o‘tgach, ularning Xudosi Yahova muqaddas ekaniga e’tibor qaratgan. (Chiqish 15:1, 11 ni o‘qing.) Misrda soxta xudolarga sig‘ingan odamlarning yurish-turishi esa muqaddas bo‘lmagan. Kan’onda soxta xudolarga sajda qilganlar haqida ham xuddi shunday desa bo‘ladi. Masalan, ular bolalarni qurbonlikka keltirgan, o‘taketgan axloqsiz ishlarni qilgan. (Lev. 18:3, 4, 21–24; Qonun. 18:9, 10) Yahova esa topinuvchilaridan bunday jirkanch ishlarni hech qachon talab qilmagan. Zero, U butkul muqaddasdir. Oliy ruhoniyning sallasidagi oltin lavhada yozilgan so‘zlardan buni aniq ko‘rsa bo‘ladi. O‘sha lavhada: «Yahova muqaddasdir»,— deb o‘yib yozilgandi. (Chiq. 28:36–38)

7 Bu yozuv barchaga Yahova chindan ham muqaddas ekanini eslatib turardi. Lekin biron isroillik oliy ruhoniyning yoniga yaqin bora olmagani uchun o‘sha yozuvni ko‘ra olmagan bo‘lsa-chi, u Yahova muqaddas ekanini bilarmidi? Bo‘lmasam-chi! Chunki har bir isroillik Musoning Qonuni erkag-u ayollar va bolalar oldida o‘qilayotganda, bu so‘zlarni eshitardi. (Qonun. 31:9–12) Agar siz ham u yerda bo‘lganingizda, shunday so‘zlarni eshitardingiz: «Men sizlarning Xudoyingiz Yahovaman... Muqaddas bo‘linglar, chunki Men muqaddasman». «Men uchun muqaddas bo‘linglar, zero Men, Yahova, muqaddasman». (Lev. 11:44, 45; 20:7, 26)

8. Levilar 19:2 va 1 Butrus 1:14–16 dan nimani bilib olyapmiz?

8 Keling, Levilar 19:2 dagi fikrga diqqat qaratamiz. Bu so‘zlar butun xalqqa o‘qib berilgan. Yahova Musoga: «Isroil o‘g‘illarining butun jamoasiga murojaat qilib, mana bu gaplarni yetkaz: “Muqaddas bo‘linglar, chunki Men, Xudoyingiz Yahova, muqaddasman”»,— deb aytgan. Ehtimol, Butrus masihiylarni muqaddas bo‘lishga undaganida, mazkur so‘zlarni iqtibos sifatida keltirgan. (1 Butrus 1:14–16 ni o‘qing.) Albatta, biz Musoning Qonuni ostida emasmiz. Lekin Butrusning yozganlari Levilar 19:2 dagi fikrni, ya’ni Yahova muqaddas ekanini va Uni sevuvchilar ham muqaddas bo‘lish uchun jon kuydirishi kerakligini tasdiqlayapti. Samoda yoki yer yuzida yashash umidiga egamizmi, bu barchamizga tegishli. (1 Butr. 1:4; 2 Butr. 3:13)

«BUTUN YURISH-TURISHINGIZDA MUQADDAS BO‘LINGLAR»

9. Levilar 19- bobni ko‘rib chiqishdan qanday foyda olamiz?

9 Muqaddas Tangrimizni mamnun qilishni istaganimiz uchun qay yo‘sin muqaddas bo‘la olishimizni bilmoqchimiz. Yahova bu borada bizga maslahat beryapti. U Levilar 19- bobda yozilgan. Markus Kalish ismli yahudiy olim shunday deb yozgan: «Bu o‘zgacha bob Levilar kitobida va hatto Muso yozgan beshta kitobdagi eng muhim bob bo‘lsa kerak». Ushbu bobdagi ayrim oyatlarni ko‘rib chiqsak, kundalik hayotimiz uchun muhim saboqlarni bilib olamiz. Keling, bunday qilar ekanmiz, «muqaddas bo‘linglar» degan so‘zlarni yodda tutaylik.

Levilar 19:3 da ota-onalar haqidagi amr masihiylarni nimani ko‘rib chiqishga undashi kerak? (10-12-xatboshilariga qarang.) *

10, 11. Levilar 19:3 ga ko‘ra, nima qilishimiz kerak va nega bu muhim?

10 Isroil xalqiga muqaddas bo‘lishi kerakligini aytgach, Yahova: «Har biringiz ota-onangizni hurmat qiling. Men Tangringiz Yahovaman»,— deb qo‘shib qo‘ydi. (Lev. 19:2, 3)

11 Ha, Xudoning ota-onaga hurmat ko‘rsatish amriga bo‘ysunishimiz kerak. Bir yigit Isoga murojaat qilib: «Abadiy hayotga erishish uchun qanday yaxshi ish qilishim kerak?» — deb so‘ragan vaziyatni eslang. Iso unga javob berganida, u ota-onani hurmat qilish kerakligini aytib o‘tgan. (Mat. 19:16–19) Qolaversa, Iso ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilishdan qochgan farziylar-u ulamolarni qoralagan. Bunday yo‘l tutib, ular «Allohning kalomini bekor» qilgan. (Mat. 15:3–6) O‘nta amrning beshinchisi va Levilar 19:3 dagi fikr «Allohning kalomi» hisoblanardi. (Chiq. 20:12) Darhaqiqat, Levilar 19:3 dagi ota-onani hurmat qilish haqidagi amr: «Muqaddas bo‘linglar, chunki Men, Xudoyingiz Yahova, muqaddasman»,— degan so‘zlardan keyin aytilgan.

12. Levilar 19:3 dagi maslahatga binoan, o‘zimizga qanday savol bersak bo‘ladi?

12 Ota-onamizni hurmat qilish borasidagi Yahovaning maslahatiga amal qilish uchun: «Ota-onamga hurmat ko‘rsatyapmanmi yoki g‘amxo‘rlik qilyapmanmi?» — deb o‘zimizdan so‘rashimiz mumkin. Agar: «Avvallari ularga yetarlicha g‘amxo‘rlik qilmagan ekanman»,— deb o‘ylasangiz, hozir bunda yaxshilanishning ayni payti. O‘tmishni o‘zgartira olmaysiz, ammo bundan buyog‘iga ularga yordam berish uchun jon kuydirishingiz mumkin. Masalan, ular bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishingiz yo bo‘lmasa ularni moddiy, ma’naviy yoki hissiy tomonlama ko‘proq qo‘llab-quvvatlay olasiz. Bunday yo‘l tutsangiz, Levilar 19:3 ga amal qilgan bo‘lasiz.

13. a) Levilar 19:3 da yana qanday maslahat yozilgan? b) Isoning o‘rnagiga qanday taqlid qilishimiz mumkin? (Luqo 4:16–18)

13 Levilar 19:3 dan muqaddas bo‘lish haqida yana bir narsani bilib olamiz. Bu oyatda Shabbatga rioya qilish haqida yozilgan. Biz masihiylar Tavrot ostida yashamaymiz. Shuning uchun, har hafta Shabbatga rioya qilmaymiz. Ammo isroilliklar Shabbatga qay yo‘sin rioya qilganini va bu ularga qanday foyda keltirganini bilishdan ko‘p narsani o‘rgansak bo‘ladi. Shabbat kuni ular hech qanday ish qilmay Xudoga topinishi kerak edi *. Shu bois, Shabbat kuni Iso ona shahridagi ibodatxonaga borib, Xudoning Kalomini o‘qirdi. (Chiq. 31:12–15; Luqo 4:16–18 ni o‘qing.) Levilar 19:3 da Xudo: «Shabbatlarimga rioya qilinglar»,— degan. Bu bizni har kuni Xudoga topinish uchun vaqt ajratishga undaydi. Bu borada o‘zgarishlar qilishingiz kerakligini his qilyapsizmi? Ma’naviy narsalarga doim diqqat qaratayotgan bo‘lsangiz, Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lasiz. Bu muqaddas bo‘lish uchun muhim ahamiyatga ega.

YAHOVA BILAN MUNOSABATLARINGIZNI MUSTAHKAMLANG

14. Levilar 19- bobda qaysi muhim haqiqat takrorlangan?

14 Levilar 19- bobda muqaddas qolishimizga yordam beradigan muhim bir haqiqat takrorlangan. 4- oyat: «Men Tangringiz Yahovaman»,— degan so‘zlar bilan tugaydi. Bu yoki shunga o‘xshash so‘zlar ushbu bobda 16-marta uchraydi. Ehtimol, bu: «Men... Tangringiz Yahovaman. Mendan o‘zga xudolaringiz bo‘lmasin»,— deb aytilgan birinchi amrni esimizga solar. (Chiq. 20:2, 3) Muqaddas bo‘lishni istagan har bir masihiy Xudo bilan bo‘lgan munosabatlariga hech narsa va hech kim to‘siq bo‘lmayotganiga ishonch hosil qilishi kerak. Qolaversa, Xudoning ismi bilan atalar ekanmiz, Uning ismiga dog‘ tushiradigan yoki ismini bulg‘aydigan har qanday harakatdan qochishga qat’iy bel bog‘lashimiz lozim. (Lev. 19:12; Ishayo 57:15)

15. Qurbonliklar borasida Levilar 19- bobdagi oyatlar bizni nima qilishga undashi kerak?

15 Isroilliklar ko‘p qonunlarga rioya qilib, Yahovani Tangrisi deb bilganini ko‘rsatgan. Levilar 18:4 da shunday deyilgan: «Mening hukmlarimni bajaringlar, nizomlarimga rioya qilib, ular bo‘yicha yo‘l tutinglar. Men Tangringiz Yahovaman». 19- bobda isroilliklar uchun bu nizomlarning ba’zilari keltirilgandi. Masalan, 5–8, 21-, 22- oyatlarda hayvonlarni qurbonlikka keltirish to‘g‘risida aytilgan. Isroilliklar qurbonliklarini Yahovaga tegishli muqaddas narsani harom qilmaydigan tarzda keltirishi lozim edi. Bu oyatlarni o‘qish bizni Yahovani mamnun qilishga hamda Ibroniylarga 13:15 ga ko‘ra, Unga ma’qul tarzda hamd-u sano qurbonliklarini baxshida etishga undashi kerak.

16. Levilar 19- bobdagi qaysi prinsip Xudoga xizmat qiladigan va qilmaydigan odamlar orasida farq bo‘lishini ko‘rsatyapti?

16 Muqaddas bo‘lish uchun Xudoga xizmat qilmaydigan insonlardan farq qilishimiz kerak. Bu oson bo‘lmas. Gohida maktabdoshlar, hamkasblar, imondoshimiz bo‘lmagan qarindoshlarimiz yoki boshqalar bizga bosim o‘tkazib, topinishimizga zid bo‘lgan ishlarni qildirishga urinar. Ular bunday qilsa, nima muhimroq ekani borasida qaror chiqarishimiz kerak. Xo‘sh, bunda bizga nima yordam berishi mumkin? Levilar 19:19 da yozilgan quyidagi prinsipni ko‘rib chiqaylik: «Ikki xil ip qo‘shib to‘qilgan kiyimni kiymanglar». Bu isroilliklarga boshqa xalqlardan ajralib turishga yordam bergan. Bugungi kunda Tavrot ostida bo‘lmaganimiz uchun har xil matodan tikilgan kiyimlarni kiyishimiz mumkin. Masalan, atlas va chitdan tikilgan kiyimlarni kiyamiz. Biroq Muqaddas Kitob ta’limotlariga zid bo‘lgan narsalarga ishonadigan va urf-odatlarni qiladigan odamlarga — hatto ular maktabdosh, hamkasb yoki qarindoshimiz bo‘lsa ham — o‘xshashni xohlamaymiz. Albatta, qarindosh-u urug‘larimizni yaxshi ko‘ramiz va yaqinlarimizga sevgimizni ko‘rsatamiz. Atrofdagilardan farq qilsak ham chiqaradigan qarorlarimiz biz Yahovaga itoatli ekanimizni ko‘rsatishi lozim. Esingizda bo‘lsa, muqaddas bo‘lish qisman odam o‘zini Xudoga xizmat qilish uchun ajratishini bildiradi. Muqaddas bo‘lish uchun jon kuydirmoqchi bo‘lsak, bu juda muhim. (2 Kor. 6:14–16; 1 Butr. 4:3, 4)

Isroilliklar Levilar 19:23–25 dan qanday saboq olishi kerak edi? Siz-chi, bu oyatlardan nimalarni o‘rgandingiz? (17-, 18-xatboshilariga qarang.) *

17, 18. Levilar 19:23–25 dan qanday muhim saboq olsak bo‘ladi?

17 «Men Tangringiz Yahovaman» degan so‘zlar Isroil xalqiga Yahova bilan munosabatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishga yordam berishi kerak edi. Xo‘sh, qanaqasiga? Levilar 19:23–25 dan (o‘qing) buning bir qirrasini bilib olyapmiz. Xalq va’da qilingan yurtga kirgach, mazkur so‘zlar ular uchun nimani anglatgani borasida bir o‘ylab ko‘ring. Masalan, odam daraxt ekkach, birinchi uch yil davomida uning mevasidan yeya olmasdi. To‘rtinchi yili esa daraxtning mevasini Xudoning muqaddas maskani uchun ajratishi kutilardi. Odam faqat beshinchi yili o‘sha daraxtning mevasidan yeya olardi. Mazkur qonun yordamida Isroil xalqi o‘zining ehtiyojlarini birinchi o‘ringa qo‘ymasligi kerakligini tushungan. Xalq Yahova ularning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonishi va topinishni birinchi o‘ringa qo‘yishi kerak edi. Shunda Xudo ularda yetarlicha oziq-ovqat bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilardi. Qolaversa, Yahova ularni topinishning markazi bo‘lgan muqaddas maskan uchun saxiylik ila hadyalar keltirishga undagan.

18 Levilar 19:23–25 dagi so‘zlar bizga Isoning Tog‘dagi va’zida aytganlarini eslatyapti. U shunday degan: «Nima yeymiz va nima ichamiz, deb... tashvishlanmanglar». U so‘zida davom etib: «Axir samoviy Otangiz bularning bariga muhtoj ekaningizni biladi-ku»,— deb aytgan. Qushlarga g‘amxo‘rlik qilgan Xudo bizga ham kerakli barcha narsani beradi. (Mat. 6:25, 26, 32) Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonamiz. Shu bois, muhtoj bo‘lganlarga «xayr-sadaqa», ya’ni yordam beramiz va buni ovoza qilmaymiz. Shuningdek, jamoatning xarajatlari uchun xayr-ehson qilamiz. Yahova bunday saxiyligimizni nazaridan chetda qoldirmaydi va bizga baraka beradi. (Mat. 6:2–4) Ha, saxiy bo‘lsak, Levilar 19:23–25 dagi saboqlarni tushunayotganimizni ko‘rsatamiz.

19. Levilar kitobidagi ayrim oyatlarni ko‘rib chiqishdan qanday foyda oldingiz?

19 Levilar 19- bobdagi bir nechta oyatni ko‘rib chiqdik. Ular yordamida biz qanday qilib muqaddas Tangriga o‘xshashimiz mumkinligini bilib oldik. Unga taqlid qilsak, butun yurish-turishimizda muqaddas bo‘lishga intilayotganimizni ko‘rsatamiz. (1 Butr. 1:15) Yahovaga xizmat qilmaydigan ko‘p odamlar yaxshi xulqimizning guvohi bo‘lyapti. Bu ba’zilarni Yahovaga shon-sharaf keltirishga undayapti. (1 Butr. 2:12) Ammo Levilar 19- bobdan yana ko‘p saboqlar olishimiz mumkin. Keyingi maqolada bu bobdagi boshqa oyatlarni ko‘rib chiqamiz. Buning yordamida Butrus bizni undaganiday, «muqaddas bo‘lishimiz» mumkin bo‘lgan hayotimizdagi boshqa sohalarni aniqlaymiz.

80-QO‘SHIQ «Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan»

^ 5- x.b. Yahovani qattiq sevamiz va Uni xursand qilishni istaymiz. Yahova muqaddas Xudo va topinuvchilari ham muqaddas bo‘lishini istaydi. Xo‘sh, nomukammal odamlar uchun buning imkoni bormi? Albatta! Havoriy Butrus imondoshlariga yozgan maslahatni va Yahova qadimda Isroil xalqiga bergan yo‘l-yo‘riqlarni ko‘rib chiqib, qay yo‘sin butun yurish-turishimizda muqaddas bo‘lishimiz mumkinligini bilib olamiz.

^ 13- x.b. Shabbat mavzusi va bu borada qanday saboq olishimiz mumkinligi haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2019-yil dekabr sonidagi «Ishlashning va dam olishning o‘z vaqti bor» nomli maqolaga qarang.

^ 57- x.b. RASMLARGA SHARH. Birodar ota-onasi bilan vaqt o‘tkazib, xotini va bolasi bilan ularni yo‘qlab keldi. U ota-onasi bilan tez-tez suhbatlashadi.

^ 59- x.b. RASMLARGA SHARH. Isroillik kishi o‘zi ekkan daraxtning mevalariga qarayapti.