Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

49-TADQIQ MAQOLASI

Abadiy yashay olamiz!

Abadiy yashay olamiz!

Xudoning in’omi... abadiy hayotdir. RIM. 6:23

147-QO‘SHIQ Va’da qilingan abadiy hayot

BU MAQOLADA a

1. Abadiy hayot borasida fikr yuritish bizga qanday ta’sir qiladi?

 YAHOVA Unga itoat qiladigan odamlarga «abadiy hayotni» va’da qilyapti. (Rim. 6:23) Bu haqda fikr yuritsak, Unga bo‘lgan sevgimiz yanada kuchayadi. Bir o‘ylab ko‘ring: samoviy Otamiz bizni qattiq sevadi va bizdan ayrilmaslik uchun bu hadyani taqdim etyapti.

2. Abadiy yashash haqidagi va’da bizga qay yo‘sin ko‘maklashadi?

2 Allohning bu va’dasi sinovlar paytida bizga yordam beradi. Dushmanlarimiz o‘lim bilan tahdid qilsa ham Otajonimizga xizmat qilishdan bosh tortmaymiz. Nega? Sabablaridan biri shuki, Yahovaga sadoqatli qolib hayotdan ko‘z yumsak ham U bizni tiriltirishini va boshqa o‘lmaslikka umid qilishimiz mumkinligini bilamiz. (Yuhan. 5:28, 29; 1 Kor. 15:55–58; Ibron. 2:15) Abadiy hayot bu shunchaki ertakmi? Yo‘q. Keling, buning ba’zi sabablarini ko‘rib chiqaylik.

YAHOVA «ABADIYAT TANGRISI»

3. Nega Yahova bizga abadiy hayotni berishga qodir ekaniga aminmiz? (Zabur 102:12, 24, 27)

3 Yahova hayot Manbai va doim bor bo‘lgani uchun bizga abadiy hayotni berishga qodir. (Zab. 36:9) U doim mavjud bo‘lganini tasdiqlaydigan bir nechta oyatni ko‘rib chiqaylik. Zabur 90:2 da aytilishicha, U «azaldan, toabad... Xudo». Zabur 102 da ham shunga o‘xshash fikr bor. (Zabur 102:12, 24, 27 ni o‘qing.) Qolaversa, Xabaqquq payg‘ambar samoviy Otamiz haqida quyidagicha yozgan: «Ey Yahova, Sen azaldan mavjud emasmisan?! Ey, mening Muqaddas Tangrim, Sen o‘lmassan». (Xab. 1:12)

4. Yahova doim bor bo‘lgani haqidagi fikrni to‘liq tushunmasak xavotirlanishimiz kerakmi? Tushuntiring.

4 Yahova «abadiyat Tangrisi» ekani haqidagi fikrni xayolingizga sig‘dirish qiyinmi? (Ishayo 40:28) Agar shunday bo‘lsa, hech tashvishlanmang. Bu tabiiy. Elixu Xudo to‘g‘risida: «Yillarining sanog‘iga yetib bo‘lmaydi»,— deb aytgan. (Ayub 36:26) Darvoqe, biron narsani tushunmasak, bu yolg‘on degani emas. Misol tariqasida elektr quvvatini olaylik. U uyimizgacha qanday yetib kelishini to‘liq tushunmasligimiz mumkin. Lekin bu u mavjud emasligini anglatadimi? Albatta yo‘q. Shunga o‘xshab biz insonlar Alloh doim bor bo‘lgani va bor bo‘lishi haqidagi fikrni hech qachon to‘liq tushuna olmasligimiz mumkin. Ammo bu tufayli Alloh abadiyat Tangrisi emas, deb ayta olmaymiz. Yaratuvchimiz haqidagi haqiqat biz nimani tushunishimiz yoki tushunmasligimizga bog‘liq emas. (Rim. 11:33–36) U koinot, jumladan, quyosh va yulduzlar paydo bo‘lishidan oldin bor bo‘lgan. Xudo «O‘z qudrati bilan yerni yaratganiga» va «osmonlarni yoyganiga» bizni ishontiryapti. Ha, Alloh bu sodir bo‘lishidan oldin mavjud bo‘lgan. (Yerm. 51:15; Havor. 17:24) Nega abadiy yashashga ishonishimiz mumkinligining boshqa bir sababini bilishni istaysizmi? Keling, bunga e’tibor qarataylik.

YAHOVA BIZNI ABADIY YASHASH UCHUN YARATGAN

5. Ilk juftlik qanday imkoniyatga ega edi?

5 Alloh yer yuzida yaratgan hamma narsa oxir-oqibat o‘ladi. Faqat insonlar bundan istisno. U odamlarni o‘lmasdan toabad yashash imkoniyati bilan yaratgan. Biroq Xudo Odamatoni shunday deya ogohlantirgan: «Nima yaxshi va nima yomon ekanini bildiradigan daraxtning mevasidan yemasliging kerak, aks holda, undan yegan kuni o‘lasan». (Ibt. 2:17) Agar Odamato bilan Momohavo Unga quloq solganida hech qachon o‘lmasdi. Bundan Xudo ularga keyinchalik «hayot daraxtining» mevasidan yeyishga ruxsat berardi, deb xulosa qilsak bo‘ladi. Bu tufayli ular «abadiy yashay» olardi b. (Ibt. 3:22)

6, 7. a) Insonlar abadiy yashashi mumkinligini yana nimadan ko‘rsa bo‘ladi? b) Jannatda nimalar qilishni intiqib kutyapsiz? (Rasmlarga qarang.)

6 Ba’zi olimlar tadqiqotlar o‘tkazib, miyamiz hayotimiz davomida ega bo‘ladigan ma’lumotdan ko‘prog‘ini sig‘dira olishini tushunishdi. Bu juda qiziqarli. 2010-yili chiqqan bir jurnalda miyamizning hajmi taxminan 2,5 million gigabaytga teng deb aytilgan edi. («Scientific American Mind») Boshqacha qilib aytganda, bu uch million soatlik (300-yildan ko‘proq) videoday gap. Aslida bu sonlar kamaytirib ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin. Buni bilmaymiz. Lekin ushbu misoldan Yahova miyamizni ajoyib tarzda yaratganini ko‘rsak bo‘ladi. Unga bor-yo‘g‘i 70 yoki 80-yillik ma’lumotdan ko‘ra ko‘proq narsa sig‘adi. (Zab. 90:10)

7 Shuningdek, Yahova bizni yashash xohishi bilan yaratgan. Muqaddas Kitobga binoan, U «inson qalbiga abadiylik tuyg‘usini solgan». (Voiz 3:11) Shu bois, biz o‘limni dushman deb bilamiz. (1 Kor. 15:26) Masalan, jiddiy kasallikka yo‘liqsak, hech narsa qilmay o‘lishimizni kutib yotamizmi? Aslo. Odatda shifokorga borib davolanamiz. O‘lmaslik uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Yoki yaxshi ko‘rgan insonimiz hayotdan ko‘z yumsa, bundan juda qayg‘uramiz. (Yuhan. 11:32, 33) Ha, mehribon Yaratuvchimiz bizni abadiy ta’lim olish qobiliyati va toabad yashash xohishi bilan yaratgan. U bizga abadiy hayotni berishi shubhasiz. Bunga ishonch hosil qilishning boshqa sabablari ham bor. Keling, Yahovaning ilk niyati o‘zgarmaganini bilib olaylik. U o‘tmishda nima qilganini va hozir nima qilayotganini ko‘rib chiqamiz.

Bizni abadiy hayot kutayotgan ekan, kelajakda qiladigan ishlar haqida fikr yuritish zavq keltiradi (7-xatboshiga qarang.) c

YAHOVA NIYATINI O‘ZGARTIRMAGAN

8. Ishayo 55:11 dan Yahovaning niyati borasida nimani bilib olyapmiz?

8 Odamato bilan Momohavo gunoh qilganiga va bu ularning avlodlariga o‘tganiga qaramay, Otajonimiz ilk niyatini o‘zgartirmagan. (Ishayo 55:11 ni o‘qing.) U sadoqatli insonlar abadiy yashashini juda istaydi. Buni Uning so‘zlari-yu ishlaridan bilsak bo‘ladi. Hozir bu haqda so‘z yuritamiz.

9. Xudo qanday va’da bergan? (Doniyor 12:2, 13)

9 Yahova o‘lganlarni tiriltirishni va ularga abadiy hayotni ato etishni va’da qilgan. (Havor. 24:15; Titus. 1:1, 2) Sadoqatli Ayub payg‘ambar Yahova buni amalga oshirishiga amin bo‘lgan. (Ayub 14:14, 15) Doniyor payg‘ambar esa insonlar abadiy yashash istiqboli bilan tirilishini bilgan. (Zab. 37:29; Doniyor 12:2, 13 ni o‘qing.) Isoning davridagi yahudiylar ham Yahova sodiq xizmatchilariga «abadiy hayotni» berishini bilishgan. (Luqo 10:25; 18:18) Iso bu va’da haqida ko‘p marta aytgan. Keyinchalik, samoviy Otamiz uni ham tiriltirgan. (Mat. 19:29; 22:31, 32; Luqo 18:30; Yuhan. 11:25)

Ilyos beva ayolning o‘g‘lini tiriltirgani sizni nimaga ishontiryapti? (10-xatboshiga qarang.)

10. O‘tmishda odamlarning tirilgani nimani tasdiqlayapti? (Rasmga qarang.)

10 Tangri Yahova hayot Manbaidir. U insonlarni hayotga qaytarish qudratiga ega. Misol uchun, Alloh Ilyos payg‘ambarga zorafatlik beva ayolning o‘g‘lini tiriltirish uchun kuch ato etgan. (3 Shoh. 17:21–23) Keyinchalik, Elishay Xudoning yordami bilan shunamlik ayolning o‘g‘lini hayotga qaytargan. (4 Shoh. 4:18–20, 34–37) Bu va boshqa misollar Yahova insonlarni tiriltirish qudratiga ega ekanini ko‘rsatyapti. Iso ham yer yuzida bo‘lganida shunday qudratga ega bo‘lgan. (Yuhan. 11:23–25, 43, 44) Hozir u osmonda va unga «yer-u osmondagi butun hokimiyat» topshirilgan. Shu sababdan, Iso «mozorlarda bo‘lgan hammani» hayotga qaytaradi va ular abadiy yashash imkoniyatiga ega bo‘ladi. (Mat. 28:18; Yuhan. 5:25–29)

11. To‘lov abadiy yashashimiz bilan qanday bog‘liq?

11 Nega Yahova O‘g‘li azob chekishiga yo‘l qo‘ygan? Iso buning sababi haqida shunday degan: «Alloh insoniyatni shu qadar qattiq sevdiki, hatto ular uchun yagona O‘g‘lini berdi. Toki unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin». (Yuhan. 3:16) Xudo gunohlarimizni qoplash uchun O‘g‘lini to‘lov sifatida taqdim etib, abadiy hayotga yo‘l ochib berdi. (Mat. 20:28) Havoriy Pavlus Allohning ilk niyati to‘g‘risida quyidagi muhim fikrni aytgan: «O‘lim bir odam orqali kelib chiqqanidek, tirilish ham bir odam orqali sodir bo‘ladi. Odamato dastidan hamma o‘limga duchor bo‘lganidek, Masih tufayli hamma hayotga ega bo‘ladi». (1 Kor. 15:21, 22)

12. Yahova niyatini qay yo‘sin amalga oshiradi?

12 Iso izdoshlarini Xudoning Shohligi kelishi va Uning irodasi yer yuzida bajo bo‘lishi haqida ibodat qilishni o‘rgatgan. (Mat. 6:9, 10) Allohning niyatiga ko‘ra, odamlar yer yuzida abadiy yashaydi. Buni amalga oshirish uchun Yahova O‘g‘lini osmonda Shoh etib tayinladi va u bilan boshqaradigan 144 000 kishini yer yuzidan tanlab olyapti. (Vah. 5:9, 10)

13. Hozir Yahova nima qilyapti va biz nima qilishimiz kerak?

13 Hozir Yahova odamlardan iborat «ulkan olomonni» yig‘yapti va ularni Shohligining boshqaruvi ostida yashashga tayyorlayapti. (Vah. 7:9, 10; Yoqb. 2:8) Qo‘rquv va urushlar dastidan bo‘lingan dunyoda yashayotganimizga qaramay, qalbimizda nafrat tuyg‘usi rivojlanmasligi uchun jon kuydiryapmiz. Ramziy ma’noda qilichlarni omochga aylantirib buni ko‘rsatyapmiz. (Mixo 4:3) To‘g‘ri, biz urushlarda qatnashmaymiz, lekin odamlarga Xudo va Uning niyati haqida o‘rgatib, «haqiqiy hayotga» erishishga yordam beryapmiz. (1 Tim. 6:19) Xudoning Shohligini qo‘llab-quvvatlayotganimiz uchun oila a’zolarimiz tomonidan qarshiliklarga uchrashimiz va moddiy tomonlama farovon hayot kechirmasligimiz mumkin. Ammo mehribon Otajonimiz ehtiyojlarimizni qondirib, bizga g‘amxo‘rlik qilyapti. (Mat. 6:25, 30–33; Luqo 18:29, 30) Bulardan shuni ko‘rishimiz mumkinki, Shohlik boshqarmoqda va Yahova u orqali niyatini amalga oshirishda davom etadi.

BIZNI AJOYIB KELAJAK KUTYAPTI

14, 15. O‘limni yo‘q qilish haqidagi va’da qay yo‘sin amalga oshadi?

14 Iso Samoviy Shohlikda hukm suryapti va u Xudoning barcha va’dalarini amalga oshiradi. (2 Kor. 1:20) 1914-yildan beri u dushmanlarining orasida «hukmronlik qilyapti». (Zab. 110:1, 2) Iso Masih va u bilan birga boshqaradiganlar yaqinda barcha yovuz insonlarni yo‘q qiladi. (Vah. 6:2)

15 Isoning Ming yillik boshqaruvi davrida o‘lganlar tiriladi va itoatkor odamlar mukammallikka erishadi. Yakuniy sinovdan so‘ng Tangri Yahova va’dasini amalga oshiradi, ya’ni «odil kishilar yer yuziga egalik qiladi, ular yerda abadiy yashaydi». (Zab. 37:10, 11, 29) Quvonarlisi shundaki, «o‘shanda eng oxirgi dushman — o‘lim yo‘q qilinadi». (1 Kor. 15:26)

16. Yahovaga xizmat qilayotganimizning asosiy sababi nima bo‘lishi kerak?

16 Bu maqoladan abadiy yashash umidimiz Xudoning Kalomiga asoslanganini bilib oldik. Bu umid oxirzamonda sodiq bo‘lib qolishimizga ko‘maklashyapti. Lekin Xudoni mamnun qilish uchun abadiy yashashni xohlashning o‘zi yetarli emas. Buning uchun harakatlar talab etiladi. Yahova hamda Isoga sodiq qolayotganimizning asosiy sababi ularni yaxshi ko‘rishimizdir. (2 Kor. 5:14, 15) Bu bizni ularga taqlid qilishga va umidimiz haqida boshqalarga aytib berishga undaydi. (Rim. 10:13–15) Beg‘araz va saxiy bo‘lishni o‘rgansak, Yahova biz bilan abadiy do‘st tutinadi. (Ibron. 13:16)

17. Har birimiz nima qilishimiz lozim? (Matto 7:13, 14)

17 Abadiy hayotga erishadigan insonlar qatorida bo‘lamizmi? Yahova bizga bunday imkoniyat eshigini ochib bergan. Bu payt kelguniga qadar hayot yo‘lida qolish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz darkor. (Matto 7:13, 14 ni o‘qing.) O‘zi, jannatda hayot qanday bo‘ladi? Buni keyingi maqoladan bilib olamiz.

141-QO‘SHIQ Hayot — mo‘jizadir

a Abadiy yashashni istaysizmi? Tangri Yahova bir kunmas-bir kun bu imkoniyatni bizga taqdim etishni va’da beryapti. O‘shanda o‘limdan qo‘rqmay hayot kechiramiz. Ushbu maqolada Otajonimiz va’dasini amalga oshirishiga nega ishonishimiz mumkinligining ba’zi sabablarini ko‘rib chiqamiz.

b « Muqaddas Kitobda “abadiy” so‘zi» nomli ramkaga qarang.

c RASMGA SHARH. Keksa birodar jannatda nimalar bilan shug‘ullanishini tasavvur qilyapti.