Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

52-TADQIQ MAQOLASI

Boshqalarga qiyinchiliklarni yengishga ko‘maklashing

Boshqalarga qiyinchiliklarni yengishga ko‘maklashing

Yordam berish qo‘lingdan kelsa, muhtojlardan yaxshilikni darig‘ tutma. HIK. 3:27

103-QO‘SHIQ Cho‘ponlar — Alloh bergan hadyalar

BU MAQOLADA a

1. Yahova xizmatchilarining ibodatiga ko‘pincha qanday javob beradi?

 YAHOVA xizmatchilarining sidqidildan qilgan ibodatiga siz orqali javob berishi mumkinligini bilarmidingiz? Oqsoqol, jamoat xizmatkori, kashshof, va’zgo‘y, yosh yoki keksa, birodar yoki opa bo‘lishingizdan qat’i nazar Yahova sizdan foydalanishi mumkin. Yordam so‘ragan insonga «yaxshigina tasalli berish» uchun U ko‘pincha oqsoqol va boshqa xizmatchilaridan foydalanadi. (Kolos. 4:11) Xudoga hamda birodar-u opa-singillarimizga bu yo‘l orqali xizmat qilish biz uchun katta sharaf! Imondoshlarimizga og‘ir kasallik, tabiiy ofat yoki ta’qiblar paytida yordam bera olamiz.

OG‘IR KASALLIK PAYTIDA BOSHQALARGA YORDAMLASHING

2. Og‘ir kasallik paytida boshqalarga yordam berishga nima to‘sqinlik qilishi mumkin?

2 Og‘ir kasallik bir-birimizga yordam berishga to‘sqinlik qilishi hech gap emas. Masalan, do‘stlarimiznikiga borishni xohlarmiz, lekin bunday qilish xavfli bo‘lishi mumkin. Yo bo‘lmasa moddiy qiyinchiliklari bor bo‘lganlarni mehmonga chaqirmoqchi bo‘larmiz, ammo buning imkoni bo‘lmas. Yoki boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zishni istarmiz, lekin oila a’zolarimiz kasallikdan azob chekayotgani uchun buni qilish qiyin bo‘lar. Bularga qaramay, imondoshlarimizni tashlab qo‘ymaymiz. Ular uchun qo‘limizdan kelganini qilsak, Yahova mamnun bo‘ladi. (Hik. 3:27; 19:17) Xo‘sh, nima qilishimiz mumkin?

3. Desi opamizning jamoatidagi oqsoqollardan qanday o‘rnak olishimiz mumkin? (Yeremiyo 23:4)

3 Oqsoqollar nima qila oladi? Agar oqsoqol bo‘lsangiz suruvingizdagilar bilan yaqindan tanishing. (Yeremiyo 23:4 ni o‘qing.) O‘tgan maqolada tilga olingan Desi opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «Xizmat guruhimizdagi oqsoqollar men va boshqa guruh a’zolari bilan birgalikda xizmat qilardi va birga vaqt o‘tkazardi» b. Bu tufayli oqsoqollar Desiga COVID-19 pandemiyasi paytida va ba’zi oila a’zolari virus dastidan o‘lganida yordam bera olgan.

4. Oqsoqollar Desiga nima tufayli yordam bera olgan va bundan qanday saboq olishlari mumkin?

4 Desi shunday dedi: «Oqsoqollar bilan do‘stlashganim uchun tuyg‘ularim va tashvishlarim haqida aytib berish osonroq bo‘ldi». Oqsoqollar bundan qanday saboq olishi mumkin? Qiyinchiliklar paydo bo‘lishidan avval qaramog‘ingiz ostida bo‘lgan qo‘zichoqlarga g‘amxo‘rlik qiling. Ularning do‘stiga aylaning. Biron kasallik dastidan imondoshlarnikiga shaxsan bora olmasangiz, yordam berishning boshqa yo‘llarini izlang. Desi quyidagicha bo‘lishdi: «Gohida bir nechta oqsoqol bir kunning o‘zida menga qo‘ng‘iroq qilib, SMSlar yuborardi. Keltirgan oyatlarni hatto yaxshi bilsam ham ular qalbimga qattiq ta’sir qilardi».

5. Oqsoqollar imondoshlarining ehtiyojlarini qanday bilib olishi mumkin?

5 O‘rinli savollar berish orqali imondoshlar nimaga muhtoj ekanini bilib olishingiz mumkin. (Hik. 20:5) Ular oziq-ovqat, dori-darmon va kerakli boshqa narsalarga muhtojmi? Ishini yoki hatto uyini yo‘qotish xavfi bormi? Agar hukumat tomonidan yordam berilayotgan bo‘lsa, uni olish uchun ko‘maklasha olasizmi? Desiga imondoshlari moddiy tomondan ko‘maklashgan. Lekin oqsoqollarning ko‘rsatgan sevgisi va Muqaddas Kitob asosidagi maslahatlari unga ko‘proq yordam bergan». U shunday dedi: «Oqsoqollar men bilan birga ibodat qilishdi. Ular nima deganini hatto eslay olmasam-da, o‘zimni qanday his qilganim hali ham yodimda. O‘shanda go‘yo Yahova menga: “Sen yolg‘iz emassan”,— deganday bo‘lgan». (Ishayo 41:10, 13)

Birodar Yig‘ilish zalidagi imondoshlarning va video-konferens-aloqa orqali bog‘langan keksa birodarning sharhlaridan dalda olyapti (6-xatboshiga qarang.)

6. Jamoatdagilar bir-biriga yordam berish uchun nima qilishi mumkin? (Rasmga qarang.)

6 Boshqalar nima qila oladi? To‘g‘ri, oqsoqollar imondoshlarga g‘amxo‘rlik qilishga mas’ul. Biroq Yahova barchamizni bunday qilishga undayapti. (Galat. 6:10) Masalan, kasal odamga sevgining hatto kichik bir izhori ham kuchli ta’sir qiladi. Bolajonlarimiz birodarlarga dalda berish uchun otkritka yoki rasm yuborishi mumkin. Yoshlar esa opalarimiz uchun bozor-o‘char yoki yana boshqa yumushlarini qilishda ko‘maklashar. Kasal bo‘lib yotgan imondoshingiz uchun ovqat tayyorlab bera olasizmi? Og‘ir kasallik keng tarqalganda har birimiz daldaga muhtoj bo‘lamiz. Shuning uchun, ehtimol, yig‘ilishdan keyin yuzma-yuz yoki videokonferensiya orqali imondoshlarimiz bilan ko‘proq vaqt o‘tkazarmiz. Aziz oqsoqollarimiz ham daldali so‘zlarimizga juda muhtoj. Pandemiya keng quloch yozganida yanada band bo‘lgan oqsoqollarga ba’zilar minnatdorchilik bildirib otkritka yuborgan. «Bir-biringizga dalda berib, bir-biringizni qo‘llab-quvvatlanglar»,— deb aytilgan so‘zlarga amal qilayotganimiz diqqatga sazovor. (1 Salon. 5:11)

TABIIY OFATLARDA BOSHQALARGA YORDAMLASHING

7. Tabiiy ofatlar tufayli qanday qiyinchiliklar paydo bo‘lishi mumkin?

7 Tabiiy ofat dabdurustdan yuz berganida, hayotimiz ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketishi hech gap emas. Undan zarar ko‘rganlar mol-mulkidan, uyidan va hatto yaqinlaridan ayrilishi mumkin. Birodar-u opa-singillarimiz ham bu kabi falokatlardan himoyalanmagan. Ularga yordam berish uchun nima qila olamiz?

8. Oqsoqollar va oila boshlari nima qila oladi?

8 Oqsoqollar nima qila oladi? Qadrdon oqsoqollar, tabiiy ofatlar yuz berishidan oldin imondoshlarga hozirlik ko‘rishga yordam bering. Ular xavfsiz choralarni ko‘rish va oqsoqollar bilan bog‘lanish uchun nima qilishi kerakligini bilishi lozim. Oldingi maqolada tilga olingan Margaret shunday dedi: «Mahalliy ehtiyojlarda oqsoqollarimiz hududimizda yong‘inlar yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirishdi. Agar hukumat tomonidan uyimizni tark etish yoki vaziyat xavfli ekani haqida aytilsa, ularga bo‘ysunishimiz kerakligini aytishdi. Bu o‘z vaqtida berilgan ogohlantirish edi. Sababi, besh haftadan keyin dahshatli yong‘in yuz berdi». Oila boshi oilaviy topinishda kim nima qilishi kerakligini ko‘rib chiqishi mumkin. Oldindan tayyorgarlik ko‘rsak tabiiy ofat yuz berganida xotirjamlikni saqlash osonroq kechadi.

9. Oqsoqollar tabiiy ofatdan oldin va keyin nima qila olishadi?

9 Agar guruh noziri bo‘lsangiz, tabiiy ofat yuz berishidan avval guruh a’zolarining aniq manzili va telefon raqamini bilib oling. Keyin ro‘yxat tuzib, vaqti-vaqti bilan uni yangilab turing. Shunday qilsangiz tabiiy ofat yuz berganida har bir va’zgo‘y bilan bog‘lanib, ular nimaga muhtoj ekanini bila olasiz. Bu ma’lumotlarni tezda oqsoqollar kengashining raisiga bering va u tuman noziri bilan bog‘lanadi. Agar birodarlar o‘zaro hamkorlik qilishsa, hammaga yordam bera olishadi. Yong‘in yuz berganida, Margaretning tuman noziri 36 soat uxlamay, taxminan 450 ta va’zgo‘y bilan bog‘lanib, ularga yordam berishga harakat qilgan oqsoqollarning ishlarini tashkillashtirgan. (2 Kor. 11:27) Shunda boshpanaga muhtoj bo‘lgan barchaga g‘amxo‘rlik qilingan.

10. Nega oqsoqollar dalda berishi o‘ta muhim? (Yuhanno 21:15)

10 Oqsoqollar ma’naviy va hissiy yordam ko‘rsatishga ham mas’ul. (1 Butr. 5:2) Tabiiy ofat yuz berganida ular avvalambor har bir imondoshimiz xavfsizlikda ekanini, yeguligi, kiyimi va boshpanasi borligini aniqlashadi. Bir necha oydan so‘ng esa Muqaddas Kitobdan foydalanib, ularga dalda va tasalli berishadi. (Yuhanno 21:15 ni o‘qing.) Filial qo‘mitasida xizmat qiladigan Xarold birodar tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan anchagina imondoshlarimiz bilan suhbatlashgan. U shunday dedi: «Odam tiklanishi uchun vaqt talab etiladi. To‘g‘ri, hayoti o‘z iziga tushib ketadi. Biroq yo‘qotgan yaqinlari, qadrli narsalari yoki fojia to‘g‘risidagi xotiralar yodiga tushishi mumkin. His-tuyg‘ulari ularni tirnab, qayta-qayta yarasiga tuz sepishi hech gap emas. Bu ularning imoni sust ekanini anglatmaydi. Shunchaki odamga xos tabiiy tuyg‘ulardir».

11. Oila a’zolar nimaga muhtoj bo‘lishi mumkin?

11 Oqsoqollar «yig‘layotganlar bilan yig‘langlar» degan maslahatga amal qilishadi. (Rim. 12:15) Tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlarni Yahova va birodar-u opa-singillari yaxshi ko‘rishiga ishontiring. Oqsoqollar oilalarga ibodat va tadqiq qilish, yig‘ilishlarga qatnash hamda xizmatda ishtirok etish kabi ma’naviy ishlarni yo‘lga qo‘yishga yordam berishadi. Shuningdek, ular ota-onalarni farzandlarining e’tiborini hech bir ofat yo‘q qila olmaydigan narsalarga qaratishga undashi mumkin. Ota-onalar, Yahova bolalaringizning Do‘sti ekanini va tashlab qo‘ymasligini eslating. Shu bilan birga, ular yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor bo‘lgan umumjahon oilaning bir qismi ekaniga ishontiring. (1 Butr. 2:17)

Hududingizda tabiiy ofat yuz berganida ixtiyoriy ravishda yordam bera olasizmi? (12-xatboshiga qarang.) e

12. Tabiiy ofatlarda jabr ko‘rganlarga yordam berish uchun boshqalar nima qila oladi? (Rasmga qarang.)

12 Boshqalar nima qila oladi? Agar sizga yaqin joyda tabiiy ofat yuz bersa, qanday yordam berishingiz mumkinligini oqsoqollardan so‘rang. Ehtimol, uysiz qolgan yoki ixtiyoriy yordamchilarni uyingizda yashab turishga taklif qilarsiz. Yo bo‘lmasa, muhtoj qolgan va’zgo‘ylarni oziq-ovqat yoki boshqa kerakli narsalar bilan ta’minlay olarsiz. Bordi-yu, tabiiy ofat uzoqroq joyda yuz bersa qanday yordam berishingiz mumkin? U yerdagilar uchun ibodat qiling. (2 Kor. 1:8–11) Yordam ko‘rsatish ishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun umumjahon ishiga xayr-ehson qiling. (2 Kor. 8:2–5) U yerga borish imkoningiz bo‘lsa, oqsoqollar bilan gaplashib ko‘ring. Taklif qilinsangiz, imkon boricha ko‘proq yordam berishingiz uchun sizga muayyan ta’lim berilishi mumkin.

TA’QIBLAR PAYTIDA IMONDOSHLARINGIZGA YORDAMLASHING

13. Faoliyatimiz taqiqlangan mamlakatdagi imondoshlarimiz qanday qiyinchilikka duch kelishyapti?

13 Ba’zi mamlakatlarda faoliyatimiz taqiqlangan. Ta’qiblar dastidan imondoshlarimizning hayoti yanada og‘irlashyapti. Ular iqtisodiy qiyinchiliklarga, kasallikka duch kelishyapti va o‘lim tufayli yaqin insonidan ayrilishyapti. Taqiq tufayli oqsoqollar daldaga muhtoj imondoshlarnikiga borishga yoki ular bilan bemalol suhbat qurishga qiynalishyapti. O‘tgan maqolada aytib o‘tilgan Andrey bilan ham shunday bo‘ldi. Uning xizmat guruhidagi bir opamiz moddiy tomondan qiynalgandi. Keyin esa u avtohalokatga uchradi. U bir nechta operatsiyaga muhtoj edi va ishlay olmasdi. Taqiq va pandemiyaga qaramay birodarlarimiz qo‘ldan kelgancha unga yordam berishdi. Yahova ham hammasidan xabardor edi.

14. Oqsoqollar Yahovaga tayanishda qanday o‘rnak bo‘la oladi?

14 Oqsoqollar nima qila oladi? Andrey ibodat qilgan va ko‘maklashish uchun qo‘lidan kelganini qilgan. Yahova esa o‘sha opamiz uchun ko‘proq qila oladigan boshqa imondoshlarni unga yordam berishga undagan. Ba’zilari uni shifokorning ko‘rigiga olib borgan, ayrimlari esa unga pul bergan. Yahova ularni qo‘lidan kelganini qilishga chorlagan va ularning birdam hamda g‘ayratli harakatlariga baraka bergan. (Ibron. 13:16) Aziz oqsoqollar, agar mamlakatingizda faoliyatimiz taqiqlangan bo‘lsa boshqalardan yordam so‘rang. (Yerm. 36:5, 6) Eng asosiysi, Yahovaga tayaning. U imondoshlarning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishingizga yordam beradi.

15. Taqiq ostida bo‘lishimizga qaramay qay yo‘sin birlikka hissa qo‘sha olamiz?

15 Boshqalar nima qila oladi? Taqiq ostida kichik guruh bo‘lib ko‘rishishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shunday paytda birlikni saqlash har qachongiga qaraganda o‘ta muhim. Bir-biringiz bilan emas, Shayton bilan kurashing. Birodarlarning xatolariga ko‘p diqqat qaratmang. Agar qandaydir muammo bo‘lsa, uni darhol hal qilishga intiling. (Hik. 19:11; Efes. 4:26) Tayyorlik ila bir-biringizga yordam bering. (Titus. 3:14) Yuqoridagi opamizga yordam berishgani xizmat guruhiga ijobiy ta’sir qildi. Ular xuddi oila kabi bir-biriga yanada yaqinlashdi. (Zab. 133:1)

16. Kolosaliklarga 4:3, 18 ga ko‘ra, ta’qiblar ostida bo‘lgan imondoshlarga qanday yordam berishimiz mumkin?

16 O‘n minglab imondoshlarimiz ta’qiblarga qaramay Yahovaga xizmat qilyapti. Ba’zilari imoni uchun qamoqda o‘tiribdi. Ular va oila a’zolari uchun ibodat qilishimiz mumkin. Shuningdek, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, ularga ma’nan, jismonan va yuridik yordam berayotgan birodar-u opa-singillarni ham ibodatlarimizda tilga olsak bo‘ladi c. (Kolosaliklarga 4:3, 18 ni o‘qing.) Unutmangki, ibodatlaringiz kuchli ta’sirga ega! (2 Salon. 3:1, 2; 1 Tim. 2:1, 2)

Qay yo‘sin oilangizni hozirdanoq ta’qiblarga tayyorlay olasiz? (17-xatboshiga qarang.)

17. Qay yo‘sin hozirdanoq ta’qiblarga tayyorlana olasiz?

17 Hozirdanoq oilangiz bilan birgalikda ta’qiblarga tayyorgarlik ko‘ring. (Havor. 14:22) Yuz berishi mumkin bo‘lgan barcha yomon narsalarni tasavvur qilmang. Aksincha, Yahova bilan do‘stona munosabatlaringizni yaxshilashga harakat qiling va bolalaringizga ham bunday qilishga ko‘maklashing. Vaqti-vaqti bilan tashvishlansangiz, yuragingizni Xudoga to‘kib-soling. (Zab. 62:7, 8) Yahovaga nega ishonishingiz mumkinligini oilangiz bilan birga muhokama qiling d. Tabiiy ofatlar bilan bo‘lganidek, ta’qiblarga ham tayyorlanish va Yahovaga ishonish farzandlaringizga jasorat va tinchlik baxsh etadi.

18. Bizni qanday kelajak kutyapti?

18 Xudoning tinchligi bizni himoya qiladi. (Filip. 4:6, 7) Yahova og‘ir kasalliklar, tabiiy ofatlar va ta’qiblarga qaramay xotirjam bo‘lishimizga yordam beryapti. Buning uchun U oqsoqollardan foydalanyapti. Qolaversa, bir-birimizga yordam berish sharafini ato etyapti. Hozirgi tinch paytda kelajakdagi qiyinchiliklar, hatto «buyuk musibat»ga tayyorgarlik ko‘ra olamiz. (Mat. 24:21) O‘shanda ham xotirjam bo‘lishimiz va boshqalarga bunda yordam berishimiz kerak bo‘ladi. Keyin esa tashvishlanishimizga hojat qolmaydi. Yahova abadiy davom etadigan haqiqiy tinchlikni o‘rnatadi. Biz bundan zavqlanamiz! (Ishayo 26:3, 4)

109-QO‘SHIQ Samimiy sevgi

a Yahova ko‘pincha xizmatchilaridan foydalanib qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganlarga yordam beradi. U siz orqali imondoshlaringizga dalda berishi mumkin. Keling, boshqalar yordamga muhtoj bo‘lganida nima qila olishingiz mumkinligini batafsil ko‘rib chiqaylik.

b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

c Filial yoki Xalqaro bosh idora qamoqdagi Yahovaning Shohidlariga imondoshlarining xatlarini yubora olmaydi.

d «Qo‘riqchi minorasi»ning 2019-yil iyul sonidagi «Ta’qiblarga hozirdanoq tayyorlaning» nomli maqolaga qarang.

e RASMGA SHARH. Juftlik tabiiy ofatdan keyin xavfsiz boshpanada vaqtincha yashayotgan oilaga ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarini olib keldi.