Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

50-TADQIQ MAQOLASI

«Men bilan birga jannatda bo‘lasiz»

«Men bilan birga jannatda bo‘lasiz»

Sizga va’da beraman, siz men bilan birga jannatda bo‘lasiz. LUQO 23:43

145-QO‘SHIQ Alloh va’da qilgan jannat

BU MAQOLADA a

1. Iso o‘lishidan oldin bir jinoyatchiga nima degan? (Luqo 23:39–43)

 ISO va ikkita jinoyatchi azob chekishyapti. Ularning o‘limi yaqinlashyapti. (Luqo 23:32, 33) Ikkita jinoyatchi ham Isoni haqoratlab, uning ustidan kulishyapti. Demak, ular Isoning shogirdi emas. (Mat. 27:44; Mark 15:32) Lekin ulardan biri nuqtai nazarini o‘zgartirdi. U: «Iso, Shoh bo‘lganingizda meni eslang»,— dedi. Iso esa unga javoban: «Sizga va’da beraman, siz men bilan birga jannatda bo‘lasiz»,— deb aytdi. (Luqo 23:39–43 ni o‘qing.) O‘sha jinoyatchi Iso «Osmon Shohligi yaqinlashib qoldi», deb e’lon etgan xabarni qabul qilgan-qilmaganini bilmaymiz. Iso o‘sha jinoyatchi osmondagi Shohlikka kirishi haqida aytmagan. (Mat. 4:17) U kelajakda yer yuzida bo‘ladigan jannat haqida gapirgan. Nega bunday deya olamiz?

Iso bilan gaplashgan jinoyatchi haqida nima desa bo‘ladi? U nimalarni bilgan? (2-, 3-xatboshilariga qarang.)

2. Nega tavba qilgan jinoyatchi yahudiy bo‘lgan deb ayta olamiz?

2 Tavba qilgan jinoyatchi yahudiy bo‘lganga o‘xshaydi. U yonidagi boshqa jinoyatchiga: «Hoy, Xudodan qo‘rqmaysanmi? Axir bunday jazoga o‘zing ham mahkum etilgansan-ku»,— deb aytgan. (Luqo 23:40) Gap shundaki, yahudiylar bitta Xudoga topingan, boshqa xalq vakillari esa ko‘pgina xudolarga sig‘ingan. (Chiq. 20:2, 3; 1 Kor. 8:5, 6) Agar u boshqa xalq vakili bo‘lganida: «Xudolardan qo‘rqmaysanmi?» — deb aytgan bo‘lardi. Bundan tashqari, Iso «adashgan qo‘ylarga o‘xshagan Isroil xalqigagina yuborilgan» edi. (Mat. 15:24) Xudo isroilliklarga o‘lganlarni tiriltirmoqchi ekanini oshkor etgan. Tavba qilgan jinoyatchi buni bilgandir va Yahova Isoni tiriltirib, samoda Shoh sifatida tayinlashini taxmin qilgandir. U Xudo uni ham tiriltirishiga umid bog‘lagan bo‘lishi mumkin.

3. Iso jannat haqida aytganida jinoyatchining xayoliga nima kelgan bo‘lishi mumkin? Tushuntiring. (Ibtido 2:15)

3 O‘sha jinoyatchi yahudiy bo‘lgani uchun Odamato va Momohavo hamda ular yashagan jannat haqida bilgandir. Shunga Iso Masih jannat haqida gapirganida u yer yuzida bo‘lishiga ishongandir. (Ibtido 2:15 ni o‘qing.)

4. Iso jinoyatchiga aytgan so‘zlar bizni nima qilishga undaydi?

4 Isoning jinoyatchiga aytgan so‘zlari bizni jannatda hayot qanday bo‘lishi haqida o‘ylashga undaydi. Buning uchun shoh Sulaymon boshqargan davrni eslash yordam beradi. U boshqargan davrda tinchlik hukm surgan. Muqaddas Kitobda aytilishicha, Iso Sulaymondan ulug‘roq. U 144 000 moylanganlar bilan birga yer yuzini go‘zal jannatga aylantiradi. (Mat. 12:42) U yerda yashash uchun «boshqa qo‘ylardan» ba’zi harakatlar kutiladi. Keling, ularning ayrimlarini ko‘rib chiqaylik. (Yuhan. 10:16)

JANNATDA HAYOT QANDAY BO‘LADI?

5. Sizningcha, jannatda hayot qanday bo‘ladi?

5 Jannat haqida o‘ylaganingizda xayolingizga nimalar keladi? Balki, Adan bog‘iga o‘xshash chiroyli joy kelar. (Ibt. 2:7–9) Masalan, Mixo payg‘ambar Xudoning xizmatchilari haqida shunday yozgan: «Ularning har biri o‘zining toki va anjir daraxti tagida o‘tiradi». (Mixo 4:3, 4) Shuningdek, oziq-ovqat mo‘l-ko‘l bo‘lishi haqida aytilgan oyatlarni eslarsiz. (Zab. 72:16; Ishayo 65:21, 22) Aytaylik, chiroyli bog‘dasiz va mazali taomlar to‘kin-sochin bo‘lgan dasturxon yozilgan. Atrofingizdagi o‘simliklar-u gullarning xushbo‘y hidi taralib turibdi. Bundan tashqari, qarindosh-u do‘stlaringiz va tirilganlar bilan birga maza qilib o‘tiribsiz. Bu shunchaki ertak emas. Bularning bari yer yuzida bo‘ladi. Qiziq, jannatda faqat dam olamizmi?

Tirilganlarga ta’lim berish kabi muhim vazifani bajaramiz (6-xatboshiga qarang.)

6. Jannatda nima qilamiz? (Rasmga qarang.)

6 Tangri Yahova bizni mehnatdan rohat olish qobiliyati bilan yaratgan. (Voiz 2:24) Isoning Ming yillik boshqaruvi davrida juda band bo‘lamiz. Buyuk musibatdan omon qolganlar va tirilgan millionlab insonlar kiyim-kechak, oziq-ovqat hamda uy-joyga muhtoj bo‘ladi. Bu ehtiyojlarni qondirish uchun ko‘p mehnat qilishimiz lozim. Eslaydigan bo‘lsak, Odamato bilan Momohavo uylari bo‘lmish yer yuziga ko‘p ishlov berishgan. Endi bizning navbatimiz. Biz ham yer yuzini obodonlashtiramiz. Qolaversa, Yahova va Uning niyati haqida bilimga ega bo‘lmagan millionlab insonlar tiriladi. Ularga ta’lim berishdan juda xursand bo‘lamiz. Shuningdek, Iso payg‘ambardan oldin vafot etgan ko‘pgina sadoqatli insonlar hayotga qaytganida ular bilan o‘z bilimlarimizni bo‘lishamiz. Bu juda qiziqarli bo‘ladi!

7. Nimaga ishonchimiz komil va nega?

7 Jannatda hayot tinch, bekam-u ko‘st va yaxshi tashkillashtirilgan bo‘lishiga ishonchimiz komil. Nega? Chunki Yahova O‘g‘lining boshqaruvi ostida hayot qanday bo‘lishini oz-moz ko‘rsatib bergan. Shoh Sulaymonning boshqaruv davri buning yaqqol misolidir.

SHOH SULAYMONNING BOSHQARUVI VA JANNAT

8. Qay yo‘sin Zabur 37:10, 11, 29 dagi so‘zlar o‘tmishda amalga oshgan? (Bu sondagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.)

8 Shoh Dovud kelajakda dono va sadoqatli inson taxtga o‘tirganida hayot qanday bo‘lishi haqida yozgan edi. (Zabur 37:10, 11, 29 ni o‘qing.) Odatda boshqalar bilan kelajakdagi jannat haqida suhbatlashganimizda Zabur 37:11 ni o‘qib beramiz. Bu bejizga emas. Chunki Iso ham bu oyatni Tog‘dagi va’zida iqtibos sifatida keltirib, kelajakda amalga oshishiga ishora qilgan. (Mat. 5:5) Lekin Dovudning bu so‘zlari shoh Sulaymonning davrida hayot qanday bo‘lganini ham ko‘rsatyapti. U boshqarganida Xudoning xalqi tinch-totuv yashagan. Yurtda «sut va asal oqib yotgan». Xudo shunday degan: «Mening nizomlarim bo‘yicha yo‘l tutsangizlar... yurtingizga tinchlik beraman, uxlagani yotganingizda hech kim sizlarni vahimaga solmaydi». (Lev. 20:24; 26:3, 6) Bu so‘zlar Sulaymonning boshqaruvi paytida amalga oshgan. (1 Sol. 22:9; 29:26–28) Bundan tashqari, Yahova boshqa xudolarga sig‘inadigan yovuz insonlar «yo‘q bo‘lishini» ham aytgan. (Zab. 37:10) Demak, Zabur 37:10, 11, 29 dagi so‘zlar o‘tmishda bajo bo‘lgan va kelajakda ham amalga oshadi.

9. Shava malikasi Sulaymonning boshqaruvi haqida nima degan?

9 Sulaymonning boshqaruvi ostida isroilliklar tinch va obod hayot kechirayotganini Shava malikasi eshitib qoladi. U buni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun Quddusga uzoq yerdan keladi. (3 Shoh. 10:1) Malika vaziyatni ko‘zdan kechirib: «Menga hatto yarmini ham aytib berishmagan ekan!.. Xalqingiz naqadar baxtli! Hamisha yoningizda turib, dono so‘zlaringizni tinglayotgan xizmatkorlaringiz baxtlidir!» — deb aytadi. (3 Shoh. 10:6–8) Sulaymonning boshqaruvi davridagi sharoitlar Yahova Iso Masih orqali amalga oshiradigan ishlarning xamir uchidan patir, xolos.

10. Iso qaysi jihatdan Sulaymondan ulug‘roq?

10 Iso Sulaymondan har tomonlama ulug‘roq. Sulaymon nomukammal inson sifatida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygan va buning dastidan Xudoning xalqi aziyat chekkan. Iso esa aksincha, mukammal Shoh sifatida xato qilmaydi. (Luqo 1:32; Ibron. 4:14, 15) Iso Shayton tomonidan kuchli sinovlarga duch kelganida Xudoga sodiq qolgan. U hech qachon gunohga qo‘l urmasligini va fuqarolariga ziyon keltiradigan yomon ish qilmasligini isbotlagan. Bunday shohimiz borligidan faxrlanamiz!

11. Iso bilan birga kimlar boshqaradi?

11 Iso va u bilan birga boshqaradigan 144 000 moylanganlar odamlarga g‘amxo‘rlik qilib, Yahovaning yer yuziga nisbatan niyatini amalga oshiradi. (Vah. 14:1–3) Ular yerda bo‘lganida ko‘pgina qiyinchiliklarga duch kelgan va bizni juda yaxshi tushunadi. Qiziq, ular aynan qanday ishlarni bajaradi?

MOYLANGANLAR QANDAY ISHLARNI BAJARADI?

12. Moylanganlar nimalar qiladi?

12 Iso va moylanganlar Sulaymondan ko‘ra ko‘proq ishlarni amalga oshiradi. Shoh Sulaymon faqat bir yurtdagi millionlab insonlarga g‘amxo‘rlik qilgan. Xudoning Shohligida boshqaradiganlar esa butun yer yuzi bo‘ylab milliardlab insonlarga yordam beradi. Ha, moylanganlar ulkan sharafga muyassar bo‘ladi.

13. Moylanganlar yana qanday vazifalarni bajaradi?

13 Iso kabi 144 000 moylanganlar shohlar va ruhoniylar sifatida boshqaradi. (Vah. 5:10) O‘tmishda isroilliklar Musoning Qonuni bo‘yicha yashaganida asosan ruhoniylar ularga ma’nan va jismonan sog‘lom bo‘lishga ko‘maklashgan. Bu qonun «kelajakdagi barakalarning o‘zi emas, soyasigina bo‘lgan». Demak, Iso bilan birga boshqaradiganlar ham kelajakda Xudoning xalqi ma’nan va jismonan sog‘lom bo‘lishiga yordam beradi. (Ibron. 10:1) Ular Samoviy Shohlikning yer yuzidagi fuqarolari bilan qanday muloqot qilishini bilmaymiz. Ammo Yahova nimaiki tashkil qilmasin, jannatda hamma odamlar kerakli yo‘l-yo‘riqlarga ega bo‘lishiga aminmiz. (Vah. 21:3, 4)

«BOSHQA QO‘YLAR» JANNATDA YASHASHI UCHUN NIMA QILISHI LOZIM?

14. «Boshqa qo‘ylar» va «kichik poda» o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

14 Iso u bilan boshqaradiganlarni «kichik poda» deb atagan. (Luqo 12:32) Shuningdek, u ikkinchi guruh, ya’ni «boshqa qo‘ylar» haqida gapirgan. Ushbu ikkita guruh bir suruvni tashkil etadi. (Yuhan. 10:16) Bu guruhdagilar hozir birgalikda hamkorlik qilyapti va kelajakda yer yuzi jannatga aylanganida, bu hamkorlikni davom ettirishadi. Ha, «kichik poda»dagilar osmonda bo‘lishadi, «boshqa qo‘ylar» esa yer yuzidagi jannatda abadiy yashashga umid qilishadi. Lekin ular bunga erishish uchun hozirdan harakat qilishlari lozim.

Jannatdagi hayotga hozirdan tayyorgarlik ko‘ra olamiz (15-xatboshiga qarang.) b

15. a) Qay yo‘sin «boshqa qo‘ylar» Masihning birodarlari bilan hamkorlik qilyapti? b) Rasmda ko‘rsatilgan birodarga qanday taqlid qilishimiz mumkin?

15 Tavba qilgan jinoyatchi Iso u uchun qilganlarini qadrlashini o‘limidan oldin ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lmagan. Biz «boshqa qo‘ylar» esa bunday imkoniyatga egamiz. Masalan, Isoni yaxshi ko‘rishimizni moylangan birodarlarga qanday munosabat ko‘rsatayotganimiz bilan namoyon eta olamiz. U aynan buning asosida hukm chiqarishini aytgan. (Mat. 25:31–40) Bu birodarlarga va’zgo‘ylik va ta’lim berish ishida g‘ayrat ila yordam bersak, ularni qo‘llab-quvvatlaymiz. (Mat. 28:18–20) Shuning uchun turli asboblar, masalan, «Hayotdan toabad zavqlaning!» nomli kitobdan foydalanib, Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazamiz. Agar tadqiq o‘tkazmayotgan bo‘lsangiz, bu maqsad sari intilishingiz mumkin.

16. Qay yo‘sin hozirdan Xudo Shohligining boshqaruvi ostida yashashga tayyorlana olamiz?

16 Yahovaning irodasiga muvofiq hayot kechirish uchun jannat kelishini kutishning hojati yo‘q. Hozirdan rostgo‘y va halol bo‘lishimiz hamda Xudoga yoqadigan fazilatlarni rivojlantirishga intilishimiz lozim. Yahovaga, umr yo‘ldoshimizga hamda imondoshlarga sodiq qola olamiz. Ushbu yovuz dunyoda ilohiy me’yorlarni qo‘llashga qancha ko‘p harakat qilsak, jannatda buni qilish ancha osonroq bo‘ladi. Qolaversa, boshqa ko‘nikmalarni va odatlarni rivojlantirib, kelajakdagi hayotga o‘zimizni tayyorlaymiz. (Ushbu sondagi «“Yer yuziga ega bo‘lishga” tayyormisiz?» nomli maqolaga qarang.)

17. Nega o‘tmishdagi gunohlarimizni deb ruhimiz tushmasligi kerak? Tushuntiring.

17 O‘tmishdagi jiddiy gunohlarimiz dastidan his etayotgan aybdorlik tuyg‘usi bilan kurashishimiz kerak. To‘lov qurbonligi bor-ku, deb «atayin gunoh qilmasligimiz» lozim. (Ibron. 10:26–31) Nega deganda, chin dildan tavba qilib, Yahova hamda oqsoqollardan yordam so‘ragan va xulqimizni o‘zgartirgan bo‘lsak U bizni kechiradi. (Ishayo 55:7; Havor. 3:19) Iso farziylarga: «Odil kishilarni emas, gunohkorlarni da’vat etgani kelganman»,— deb aytgan so‘zlarini yodda tuting. (Mat. 9:13) Ha, to‘lov qurbonligi barcha gunohlarimizni qoplash kuchiga ega.

JANNATDA ABADIY YASHAY OLASIZ

18. Tavba qilgan jinoyatchiga qanday savollar bergan bo‘lardingiz?

18 Tasavvur qiling, jannatda tavba qilgan o‘sha jinoyatchi bilan chaqchaqlashib o‘tiribsiz. Shubhasizki, ikkalangiz ham Isoning to‘lov qurbonligi uchun minnatdorsiz. Unga quyidagi savollarni berarsiz: «Isoning o‘limidan oldin nimalar bo‘lgan? U iltimosingizga javob berganida o‘zingizni qanday his qilgansiz?» U esa sizdan: «Shayton dunyosining oxirgi kunlarida hayot qanday kechgan?» — deb so‘rar. Ha, bu kabi insonlar bilan Xudoning Kalomini tadqiq qilish naqadar ajoyib bo‘ladi! (Efes. 4:22–24)

Masihning Ming yillik boshqaruvi paytida birodarimiz xursand bo‘lib mahoratini oshiryapti (19-xatboshiga qarang.)

19. Nega jannatdagi hayot zerikarli bo‘lmaydi? (Muqovadagi rasmga qarang.)

19 Jannatdagi hayot zerikarli bo‘lmaydi. Har turli insonlar bilan suhbatlashamiz. Qiladigan mazmunli ko‘p ishlarimiz bo‘ladi. Eng asosiysi, har kuni samoviy Otamizni yaxshiroq tanib-bilamiz va barcha narsadan zavqlanib yashaymiz. Jannatda U haqda bilim olishdan to‘xtamaymiz. Xudoning behisob ijodlari haqida aytmaysizmi?! Qancha ko‘p yashasak, Unga bo‘lgan sevgimiz shuncha kuchayadi. Jannatdagi abadiy hayot uchun Tangri Yahova hamda Isoga mingdan-ming rahmat deymiz.

22-QO‘SHIQ Shohlik yerga ham kelsin!

a Jannat haqida qanchalik tez-tez o‘ylaysiz? Bu borada fikr yuritish juda daldali. Chunki Yahova biz uchun kelajakda qiladigan narsalar to‘g‘risida qancha ko‘p o‘ylasak, ular bilan bo‘lishish istagimiz ham shuncha kuchayadi. Bu maqola Isoning jannat haqidagi va’dasiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashga ko‘maklashadi.

b RASMGA SHARH. Birodar tirilganlarga ta’lim berishni intiqib kutyapti va hozirning o‘zida bunga tayyorgarlik ko‘ryapti.