O‘quvchilarning savollari
Dovud Zabur 61:8 da Xudoning ismiga atab «toabad» madhlar kuylashi haqida aytganida, hech qachon o‘lmasligini nazarda tutganmi?
Yo‘q. Lekin u toabad madhlar kuylashni xohlagan.
Bu va shunga o‘xshash oyatlarda u nima deganiga e’tibor beraylik: «Ismingga atab toabad madhlar kuylayman, qasamlarimni kundan-kunga ado etaman». «Ey, Tangrim Yahova, butun qalbim bilan Senga hamd-u sano aytaman. Ismingni toabad sharaflayman». «Ismingni abadulabad madh etaman!» (Zab. 61:8; 86:12; 145:1, 2)
Dovud bu so‘zlarni yozganda, hech qachon o‘lmaslikni nazarda tutmagan. Chunki u odamlar gunoh dastidan o‘lishini yaxshi bilgan. O‘zi ham gunohkor ekanini tan olgan. (Ibt. 3:3, 17–19; Zab. 51:4, 5) Hatto Alloh ma’qul ko‘rgan Ibrohim, Is’hoq va Yoqub kabi kishilar ham hayotdan ko‘z yumganini Dovud bilgan. Bir kun kelib, uning o‘zi ham o‘lishini tushungan. (Zab. 37:25; 39:4) Zabur 61:8 dagi so‘zlar Xudoni toabad madh etish xohishini aks ettiryapti. U o‘limigacha bunday qilmoqchi edi. (Zab. 61:8; 2 Shoh. 7:12)
Ba’zi sanolarda Dovud o‘z hayoti haqida yozgan. Buni Zabur 18, 51 va 52 da ko‘rishimiz mumkin. Zabur 23 da u Yahova boshqaradigan, boqadigan va himoyalaydigan cho‘pon kabi ekanini aytgan. Dovudning o‘zi ham shunday cho‘pon bo‘lgan va umri bo‘yi Xudoga xizmat qilishni xohlagan. (Zab. 23:6)
Shuni yodda tutishimiz lozimki, barcha narsani yozishga Dovudni Yahova ilhomlantirgan. U qalamga olgan narsalar qatorida kelajakda amalga oshadigan bashoratlar ham bo‘lgan. Masalan, Zabur 110 ni olaylik. Dovud Hazratimiz osmonda Xudoning «o‘ng tomonida» o‘tirishi va kuch-qudratga ega bo‘lishi haqida yozgan. Hazratimiz Xudoning dushmanlarini yo‘q qilishi va yer yuzida «xalqlarga chiqarilgan hukmni amalga oshirishi» lozim. Dovudning naslidan Iso Masih kelib chiqqan. U osmonda boshqaradi va «Abadiy ruhoniy» bo‘ladi. (Zab. 110:1–6) Isoning o‘zi ham Zabur 110 dagi bashorat u haqda ekanini va kelajakda amalga oshishini tasdiqlagan. (Mat. 22:41–45)
Ha, Yahova Dovudni ilhomlantirgan va u o‘zining payti hamda kelajak haqida yozgan. Dovud tirilganidan keyin Yahovaga toabad madhlar kuylaydi. Demak, Zabur 37:10, 11, 29 dagi so‘zlar ular yozilgan paytga va kelajakka oid. Ular o‘tmishda Isroil yurtida amalga oshgan, kelajakda esa Xudo va’dalarini bajarganida amalga oshadi. (Bu sondagi «Men bilan birga jannatda bo‘lasiz» nomli maqolaning 8- xatboshiga qarang.)
Zabur 61:8 va shunga o‘xshash oyatlardan Dovud o‘limiga qadar Yahovaga madhlar kuylashni xohlaganini ko‘ryapmiz. Shuningdek, Yahova Dovudni tiriltirganida u nimalar qilmoqchi ekanini bilib olyapmiz.