Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

50-TADQIQ MAQOLASI

Imon va ishlar odillikka yetaklashi mumkin

Imon va ishlar odillikka yetaklashi mumkin

Ibrohim Yahovaga ishondi va shuning uchun u odil deb tan olindi. (RIM. 4:3)

119-QO‘SHIQ Imonli bo‘laylik

BU MAQOLADA a

1. Ibrohim payg‘ambarning imoni to‘g‘risida o‘ylaganda, qanday savol paydo bo‘lishi mumkin?

 KO‘PCHILIK Ibrohim Xalilulloh haqida eshitgan, lekin aksariyati u haqida kam ma’lumotga ega. Biroq siz Ibrohim haqida ko‘p narsalarni bilasiz. Masalan, Ibrohim «imoni borlarning otasi» ekanidan xabardorsiz. (Rim. 4:11) Ehtimol, shunday deb o‘ylarsiz: «Ibrohimga taqlid qila olamanmi? Imonim unikiga o‘xshab kuchli bo‘lishi mumkinmi?» Ha, buning uddasidan chiqa olasiz.

2. Nega Ibrohimning misolini tadqiq qilish muhim? (Yoqub 2:22, 23)

2 Biz ham Ibrohimnikiga o‘xshash imonni rivojlantirishni istasak, birinchi navbatda uning misolini ko‘rib chiqishimiz lozim. U Xudoning gapiga kirib olis yurtga ko‘chgan, o‘nlab yillar davomida chodirlarda yashagan va sevikli o‘g‘li Is’hoqni qurbonlikka keltirishga tayyor bo‘lgan. Bunday harakatlari u kuchli imonga ega bo‘lganini ko‘rsatyapti. Ibrohim imoni-yu ishlari tufayli Yahovaga ma’qul kelib, Uning do‘stiga aylangan. (Yoqub 2:22, 23 ni o‘qing.) Yahova xuddi shunday barakalardan zavq topish imkoniyati bizda — sizda paydo bo‘lishini istayapti. Buning uchun U Pavlus bilan Yoqubni ilhomlantirgan va ular Kalomda Ibrohimning misolini tilga olishgan. Keling, Rimliklarga 4-bob va Yoqub 2-bobda u haqida nima deb aytilganini ko‘rib chiqaylik. Ushbu ikkita bobda Ibrohim haqida diqqatga sazovor fikrlar yozilgan.

3. Pavlus va Yoqub qaysi oyatni iqtibos sifatida keltirishgan?

3 Ham Pavlus, ham Yoqub iqtibos sifatida Ibtido 15:6 dagi «Ibrom Yahovaga ishondi va shuning uchun U Ibromni odil, deb tan oldi» degan so‘zlarni keltirishgan. Yahova inson Unga ma’qul kelganida, uni aybsiz yoki benuqson deb ataydi. Gunohkor va nomukammal insonni Xudo beayb deb tan olishi juda hayratlanarli! Hoynahoy, siz ham shunday deb tan olinishni istaysiz va buning iloji bor. Keling, nega Yahova Ibrohimni odil deb tan olganini va biz ham odil deb atalishimiz uchun nima qilishimiz kerakligini ko‘rib chiqaylik.

ODIL BO‘LISHIMIZ UCHUN IMON O‘TA MUHIM

4. Odamlarga odil inson bo‘lishga nima to‘sqinlik qilishi mumkin?

4 Rimliklarga yo‘llangan maktubida Pavlus barcha odamlar gunohkor ekanini ta’kidlagan. (Rim. 3:23) Unda qanday qilib odil va benuqson bo‘lib, Xudoning roziligini olishimiz mumkin? Barcha masihiylar buni tushunishiga yordam berish uchun Pavlus Ibrohimni misol sifatida keltirgan.

5. Yahova Ibrohimni nima asosida odil deb e’lon qilgan? (Rimliklarga 4:2–4)

5 Ibrohim Kan’onda yashaganida Yahova uni odil deb tan olgan. Nega? Bu Ibrohim Musoning Qonuniga mukammal tarzda amal qilgani uchun bo‘lganmi? Amrimahol! (Rim. 4:13) Chunki Xudo Ibrohimni odil deb tan olganidan 400 yildan ziyod vaqt o‘tgach, Isroil xalqiga Musoning Qonunini bergan. Xo‘sh, unda nega u odil deb tan olingan? Uning imoni kuchli bo‘lgani uchun Yahova inoyati tufayli uni shunday inson sifatida tan olgan. (Rimliklarga 4:2–4 ni o‘qing.)

6. Nima tufayli Yahova gunohkor insonni odil deb tan olyapti?

6 Pavlus Xudoga ishonadigan kishi «imoni uchun odil deb» tan olinishini aytgan. (Rim. 4:5) U shunday qo‘shib qo‘ygan: «Xuddi shunday Dovud ham, ishlariga qaramay Alloh odil deb tan olgan odamni baxtiyor deb atab, shunday degan: “Qonunsiz ishlari kechirilgan va gunohlari afv etilgan kishilar baxtlidir. Gunohi uchun Yahova javobgarlikka tortmaydigan inson saodatlidir”». (Rim. 4:6–8; Zab. 32:1, 2) Ha, Xudo Unga ishonadigan kishilarning gunohlarini kechiryapti yoki qoplayapti. U gunohlarni butunlay kechirib, ularni hisoblamayapti va bunday insonlarni imoni asosida benuqson hamda odil deb tan olyapti.

7. Yahovaning o‘tmishdagi sodiq xizmatchilarini nega odil deb ayta olamiz?

7 Ibrohim, Dovud va Yahovaning boshqa sadoqatli xizmatchilari odil deb tan olingan bo‘lsa-da, nomukammal edi. Ularning imoni tufayli, ayniqsa, Xudoga topinmaydigan insonlar bilan solishtirganda ular aybsiz deb topilgan. (Efes. 2:12) Pavlus maktubida tushuntirganidek, Xudo bilan do‘stona munosabatlarga ega bo‘lish uchun imon muhim ahamiyatga ega. Bu Ibrohim va Dovudning vaziyatida shunday bo‘lgan. Biz ham imonga ega bo‘lib Xudoning do‘sti bo‘lishimiz mumkin.

IMON VA ISHLAR O‘ZARO QANDAY BOG‘LIQ?

8, 9. Ba’zilar Pavlus va Yoqubning so‘zlari tufayli qanday noto‘g‘ri xulosaga kelgan va nima uchun?

8 Asrlar mobaynida xristian olamidagilar imon va ishlar o‘zaro qanday bog‘liqligi borasida qizg‘in bahs-munozaralar olib borishgan. Ba’zi din rahbarlari qutqarilish uchun Hazrati Iso Masihga ishonishning o‘zi yetarli deb o‘rgatadi. Ular shunday deb aytganini eshitgandirsiz: «Isoga ishoning va u sizni qutqaradi». Din rahbarlari hatto Pavlusning quyidagi so‘zlarini iqtibos sifatida keltirar: «Ishlariga qaramay Alloh odil deb tan olgan odamni baxtiyor deb ata[ydi]». (Rim. 4:6) Lekin boshqalarning fikriga binoan, cherkov tomonidan muqaddas deb tan olingan joylarni ziyorat qilish va savob ishlar orqali «qutqarilishingiz» mumkin. Ehtimol, ular hatto Yoqub 2:24 dagi mana shu so‘zlarni keltirar: «Inson odil deb tan olinishi uchun imonning o‘zi yetarli emas, ishlar ham kerak».

9 Turli fikrlar tufayli ayrim ilohiyotshunoslar Pavlus va Yoqubning imon hamda ishlar haqidagi so‘zlari o‘zaro zid degan xulosaga kelishdi. Ruhoniylar Pavlus odil kishi bo‘lish uchun imonning o‘zi yetarli, Yoqub esa Xudoning roziligini olish uchun ishlar o‘ta muhim deb o‘rgatganini ta’kidlashadi. Bir ilohiyotshunosning aytishicha, «Yoqub Pavlusning ishlar emas, faqat imon orqali odillikka erishish mumkin» degan so‘zlarini tushunmagan. Lekin Yahova ularning ikkalasini ham ushbu so‘zlarni yozishga ilhomlantirgan. (2 Tim. 3:16) Bu so‘zlarning mag‘zini chaqishning oddiy yo‘li — ushbu maktublarning matn tarkibi bilan tanishish.

Pavlus Rimdagi yahudiy masihiylarga Musoning Qonuniga oid ishlarni emas, imon muhim ekanini ta’kidlagan (10-xatboshiga qarang.) b

10. Pavlus asosan qaysi ishlar haqida gapirgan? (Rimliklarga 3:21, 28) (Rasmga ham qarang.)

10 Pavlus Rimliklarga 3- va 4-boblarda qaysi ishlarga ishora qilgan? U, asosan, Sinay tog‘ida isroilliklarga berilgan Musoning Qonuniga amal qilish borasida aytgan. (Rimliklarga 3:21, 28 ni o‘qing.) Aftidan, Pavlusning davridagi ba’zi yahudiy masihiylarga Musoning Qonuni bekor qilinganini va unga ko‘ra talab qilingan ishlarni qilmaslikni qabul qilish qiyin bo‘lgan. Shuning uchun u Ibrohimning misoli yordamida inson Xudoning nazarida odil bo‘lishi uchun Musoning Qonuniga amal qilishning hojati yo‘qligini ko‘rsatgan. Bu imon bilan bog‘liq. Ushbu fikr daldali, chunki buni bilish orqali biz ham Xudo tomonidan odil deb tan olinishimiz mumkinligiga amin bo‘lyapmiz. Bu Xudoga va Masihga bo‘lgan imonimizni kuchaytirishimiz mumkinligini anglatadi. Shu yo‘sin, Yahovaga ma’qul kela olamiz.

Yoqub masihiylarni, masalan, odam ajratmasdan savob ishlar qilish orqali imonini namoyon etishga undagan (11-, 12-xatboshilariga qarang.) c

11. Yoqub qanday ishlarga ishora qilgan?

11 Yoqub 2-bobda tilga olingan ishlarga keladigan bo‘lsak, ular Musoning Qonunida talab qilinmagan. Yoqub masihiylar har kuni qiladigan ishlarga yoki harakatlarga ishora qilgan. Bunday ishlar orqali masihiy Xudoga rostdan ham ishonish-ishonmasligini ko‘rsatadi. Keling, u keltirgan ikkita misolga e’tibor qarataylik.

12. Yoqub imon va ishlar orasidagi bog‘liqlikni qanday tushuntirgan? (Rasmga ham qarang.)

12 Birinchi misolda Yoqub masihiylar boshqalar bilan munosabat qilganda, odam ajratmaslik kerakligini ta’kidlagan. U bir kishi boy odamga mehribonlik ko‘rsatgani, kambag‘alni esa mensimaganini aytgan. Yoqub ta’kidlaganidek, o‘sha kishi o‘zini xudojo‘y deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Lekin ishlari bilan bunday emasligini ko‘rsatgan. (Yoqb. 2:1–5, 9) Ikkinchi misolda esa Yoqub kishi imondoshi kiyimsiz yoki oziq-ovqatsiz qolganini ko‘rib, unga amaliy yordam bermaganini aytgan. O‘sha kishi o‘zini xudojo‘y deb ko‘rsatgan bo‘lsa-da, ishlari aksini ko‘rsatardi. Yoqub: «Ishlarsiz imon o‘lik hisoblanadi»,— deb yozgan. (Yoqb. 2:14–17)

13. Yoqub ham imon, ham ishlar qilish kerakligini ta’kidlaganini qaysi misoldan bilib olyapmiz? (Yoqub 2:25, 26)

13 Yoqub Rahobani imonini amalda namoyon etgan ayol sifatida tilga olgan. (Yoqub 2:25, 26 ni o‘qing.) Rahoba Yahova haqida eshitib, U isroilliklarni qo‘llab-quvvatlayotganini tushungan. (Yoshua 2:9–11) U o‘z imonini amalda namoyon etgan — xavfli vaziyatga duch kelgan ikkita isroillik ayg‘oqchini himoya qilgan. Natijada, isroillik bo‘lmagan bu nomukammal ayol Ibrohim singari odil deb tan olingan. Uning o‘rnagi imon ishlar bilan chambarchas bog‘liq ekanini tasdiqlayapti.

14. Nega Pavlus bilan Yoqub yozgan fikrlar o‘zaro zid bo‘lmagan deb ayta olamiz?

14 Demak, Pavlus va Yoqub imon hamda ishlar mavzusini ikkita har xil yo‘l orqali ochib berishgan. Pavlus yahudiy masihiylar Musoning Qonuniga faqat amal qilish orqali Yahovaga hech qachon ma’qul kelmasliklarini aytgan. Yoqub esa barcha masihiylar boshqalar uchun yaxshi ishlar qilish orqali imonini ko‘rsatishlari kerakligiga urg‘u bergan.

Sizning ham imoningiz Yahovaga ma’qul keladigan ishlar qilishga undayaptimi? (15-xatboshiga qarang.)

15. Ishlarimiz orqali imonimizni ko‘rsatishimiz mumkin bo‘lgan ba’zi yo‘llar qanday? (Rasmlarga ham qarang.)

15 Yahova bizni ham odil deb tan olishini istasak, xuddi Ibrohimday yo‘l tutishimiz kerakligini aytmayapti. Darhaqiqat, ishlarimiz orqali imonimizni namoyon etishning ko‘pgina boshqa yo‘llari ham bor. Masalan, jamoatga ilk bor kelganlarni qarshi olishimiz, muhtoj bo‘lgan imondoshlarga yordam berishimiz va oila a’zolarimiz uchun yaxshiliklar qilishimiz mumkin. Bunday yo‘l tutsak, Xudoni mamnun qilamiz va U barakalar yog‘diradi. (Rim. 15:7; 1 Tim. 5:4, 8; 1 Yuhan. 3:18) Imonga ega ekanimizni ko‘rsatishning eng muhim yo‘llaridan biri boshqalarga xushxabarni g‘ayrat ila aytishdir. (1 Tim. 4:16) Barchamiz ishlarimiz orqali Yahova berayotgan va’dalari amalga oshishiga va Uning yo‘llari eng a’losi ekaniga ishonayotganimizni ko‘rsatishimiz mumkin. Agar shunday yo‘l tutsak, Xudo bizni ham odil inson va do‘stlari sifatida tan oladi. Bunga yuz foiz aminmiz!

UMIDGA DIQQAT QARATISH IMONIMIZNI MUSTAHKAMLAYDI

16. Ibrohimning imoni umid bilan qanday bog‘liq?

16 Rimliklarga 4-bobga binoan, Ibrohimdan yana bir muhim saboq olishimiz mumkin. U umidimiz bilan bog‘liq. Yahova Ibrohim orqali «ko‘p xalqlar» baraka topishini va’da qilgan. U qanchalik ajoyib umidga ega bo‘lganini bir tasavvur qiling. (Ibt. 12:3; 15:5; 17:4; Rim. 4:17) Ammo Ibrohim 100, Sora esa 90 yoshda bo‘lganida ham va’da qilingan o‘g‘li haliyam tug‘ilmagandi. Insonning nuqtai nazari bilan qaraganda, bu yoshda ular uchun o‘g‘il ko‘rish imkonsiz edi. Bu Ibrohim uchun chinakam sinov bo‘lgan. U «ko‘p xalqlarning otasi bo‘lishi uchun umidini uzmay, ishonib yurgan». (Rim. 4:18, 19) Oxir-oqibat, uning umidi amalga oshgan — intiqib kutgan o‘g‘li, Is’hoq dunyoga kelgan. (Rim. 4:20–22)

17. Xudoning do‘stlari sifatida odil deb tan olinishimiz mumkinligini qayerdan bilamiz?

17 Biz ham Ibrohim Xalilulloh kabi Xudoga ma’qul kelib, Uning do‘stlari sifatida odil deb tan olinishimiz mumkin. Ha, Pavlus bu borada quyidagicha yozgan: «“Tan olindi” degan so‘zlar faqat u uchun yozilmagan, balki biz uchun ham, aynan odil deb hisoblanadiganlar uchun yozilgan». (Rim. 4:23, 24) Ibrohimning vaziyatida bo‘lganiday, biz uchun ham imon, ishlar va umid bog‘lash muhim ahamiyatga ega. Pavlus Rimliklarga 5-bobda umidimiz haqida so‘z yuritgan. Bu borada navbatdagi maqoladan bilib olamiz.

28-QO‘SHIQ Yahova, kim do‘sting erur?

a Alloh bizdan rozi bo‘lishini va bizni odil deb bilishini xohlaymiz. Pavlus va Yoqubning yozuvlari yordamida ushbu maqolada buni qanday uddalash mumkinligini va Yahova bizdan rozi bo‘lishi uchun nega ham imonga ega bo‘lishimiz, ham ishlar qilishimiz kerakligini bilib olamiz.

b RASMGA SHARH. Pavlus yahudiy masihiylarni, misol uchun, moviy ipdan kiyim tikish, Fisih bayramini nishonlash va yuvinishga oid qoidalarga amal qilish orqali imonni namoyon etishga undagan.

c RASMGA SHARH. Yoqub boshqalar uchun yaxshiliklar qilish, masalan, kambag‘allarga yordam berish orqali imonni namoyon etishga undagan.