Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Sizni spirtli ichimliklarga nisbatan Xudoning nuqtai nazari boshqarsin

Sizni spirtli ichimliklarga nisbatan Xudoning nuqtai nazari boshqarsin

SHUBHASIZKI, Yahovaning turli sovg‘alarini, jumladan, ulardan qay yo‘sin zavq olishni hal qilish borasidagi iroda erkinligingizni ham qadrlaysiz. Qizig‘i shundaki, Muqaddas Kitobga ko‘ra, sharob Xudoning sovg‘asi. U yerda: «Non ko‘ngilni xushnud qiladi, sharob hayotni shodlikka to‘ldiradi»,— deb yozilgan. (Voiz 10:19; Zab. 104:15) Hoynahoy, ba’zilar spirtli ichimliklar masalasida muammolarga ega ekanini kuzatgandirsiz. Bundan tashqari, dunyo bo‘ylab spirtli ichimliklar va ularni iste’mol qilish me’yori borasida hamma har xil fikrga ega ekanini payqagandirsiz. Xo‘sh, masihiylar bu borada qanday yo‘l tutishi oqilona bo‘lardi?

Qayerda yashashimizdan yoki qanday madaniyatda ulg‘ayganimizdan qat’i nazar, qaror chiqarganimizda, atrofimizdagi boshqa odamlarning emas, Xudoning maslahatlariga quloq solishimiz lozim.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu dunyoda ancha odamlar tez-tez va ko‘p ichadi. Ayrimlar o‘zini erkinroq his qilish uchun ichishi mumkin. Boshqalar muammolari borasida bosh qotirmaslik uchun ichadi. Ba’zi joylarda esa spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilgan kishini yetuk va kuchli deb bilishadi.

Ammo masihiylar mehribon Parvardigorimizning dono yo‘l-yo‘riqlariga ega. Masalan, ichkilikka ruju qo‘yish ayanchli asoratlar keltiradi. Hikmatlar 23:29–35 da ichkilikka berilgan kishi va buning oqibatida paydo bo‘ladigan muammolar haqida yozilgan a. Yevropadagi Deniyel ismli oqsoqol haqiqatni bilmagan paytlarini quyidagicha eslaydi: «Haddan tashqari ko‘p ichish yomon qarorlar va og‘riqli oqibatga olib keldi, bu hissiy jihatdan menda iz qoldirdi».

Masihiylar iroda erkinligidan qanday foydalanishi va haddan tashqari ko‘p ichish dastidan paydo bo‘ladigan muammolardan qay yo‘sin yiroqlashishi mumkin? Buning bir yo‘li Xudoning nuqtai nazari fikrlarimiz-u ishlarimizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yish.

Keling, Muqaddas Kitobda spirtli ichimliklar to‘g‘risida nima deyilganini va nega ayrimlar ichishining sabablarini bilib olaylik.

MUQADDAS KITOBDA SPIRTLI ICHIMLIKLAR HAQIDA NIMA DEYILGAN?

Kalomda spirtli ichimliklarni me’yorida ichish qoralanmagan. Darhaqiqat, Muqaddas Kitobda aytilishicha, sharob ichish zavq keltirishi mumkin. U yerda quyidagicha yozilgan: «Quvonch bilan taomingni yeb, shod ko‘ngil ila sharobingni ich». (Voiz 9:7) Iso ham sharob ichib turgan va Yahovaning sodiq xizmatchilari shunday qilishgan. (Mat. 26:27–29; Luqo 7:34; 1 Tim. 5:23)

Garchi Kalomga binoan, me’yorida ichish o‘rinli bo‘lsa-da, ortiqcha ichish qoralanadi. U yerda: «Sharob ichib mast bo‘lmanglar»,— deb yozilgan. (Efes. 5:18) Qolaversa, Kalomga ko‘ra, «ichkilikbozlar... Xudoning Shohligini meros qilib olmaydilar». (1 Kor. 6:10) Ha, Yahova haddan ziyod ko‘p ichishni va ichkilikbozlikni qoralaydi. Shunchaki, madaniyatimiz bizni shakllantirishiga yo‘l qo‘yishning o‘rniga, Xudoning nuqtai nazariga ega ekanimizni juda qadrlaymiz.

Ayrimlar spirtli ichimliklarni ko‘p miqdorda ichadi va o‘zlarini mast bo‘lmayman, deb o‘ylaydi. Lekin bu juda xavfli. Muqaddas Yozuvlarda aytilishicha, «mayxo‘rlikka ruju» qo‘yish erkak yoki ayol kishini axloqiy va ma’naviy tomonlama to‘g‘ri yo‘ldan urishi hech gap emas. (Titus. 2:3; Hik. 20:1) Iso «ortiqcha... ichkilik» dastidan inson Xudoning yangi dunyosiga kira olmasligi borasida ogohlantirgan. (Luqo 21:34–36) Xo‘sh, masihiyga spirtli ichimliklar tufayli paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarga duch kelmaslikka nima yordam berishi mumkin?

NIYAT-U ODATLARINGIZNI TEKSHIRING

Spirtli ichimliklarni ichish borasida qaror chiqarayotganda, ulg‘aygan madaniyatimizga qarab yo‘l tutish xavflidir. Yegulik va ichimlik kabi masalalar haqda gap ketganda, masihiylar Yahovani mamnun qilishsa donolikdan bo‘lardi. Kalomda: «Yeysizlarmi, ichasizlarmi, nimaiki qilsangizlar, hamma narsani Xudoni sharaflash uchun qilinglar»,— deyilgan. (1 Kor. 10:31) Quyida ba’zi savollar va Muqaddas Kitobdagi prinsiplar keltirilgan:

Boshqalarga yoqish uchun ichamanmi? Chiqish 23:2 da «ko‘pchilikka» ergashmaslikka undalyapmiz. Yahova isroilliklarni Uni mamnun qilmaydigan insonlarga ergashishdan ogohlantirgan. Bu hozirgi masihiylar uchun ham yaxshi maslahat. Agar tengdoshlarimizga ularning spirtli ichimliklar borasidagi fikrlash tarzi-yu qarorlari bizni shakllantirishiga yo‘l qo‘ysak, asta-sekin Yahovadan hamda Uning me’yorlaridan uzoqlashishimiz mumkin. (Rim. 12:2)

Qanchalik kuchli ekanimni ko‘rsatish uchun ichamanmi? Ba’zi madaniyatlarda tez-tez va ko‘p ichish keng tarqalgan hamda o‘rinli hisoblanadi. (1 Butr. 4:3) Biroq 1 Korinfliklarga 16:13 da: «Hushyor bo‘linglar, imonda mahkam turinglar, mard va kuchli bo‘linglar»,— deb yozilgan so‘zlarga e’tibor bering. Xo‘sh, spirtli ichimliklar inson kuchli bo‘lishiga yordam beradimi? Amrimahol. Spirtli ichimliklar tufayli kishi aniq-ravshan fikrlay olmaydi va yaxshi qarorlar chiqara olmaydi. Shunday ekan, spirtli ichimliklarni ko‘p miqdorda iste’mol qilish inson kuchli emas, zaif ekanining belgisidir. Ishayo 28:7 da tushuntirilganiday, spirtli ichimliklar insonni gandiraklatgani uchun u to‘g‘ri yo‘ldan ozadi va yaxshi qaror chiqara olmaydi.

Chinakam kuch Manbai Yahova. Bunday kuchga ega bo‘lishimiz uchun hushyor bo‘lishimiz va imonda mahkam turishimiz lozim. (Zab. 18:32) Samimiy masihiylar sergak turib, o‘ziga ma’naviy zarar yetkazishdan ehtiyot bo‘lib bunday qila oladi. Iso yer yuzida bo‘lganida bunday kuchga ega ekanini namoyon etgan. U jasoratli bo‘lib, to‘g‘ri yo‘l tutish qarori qat’iy bo‘lgani uchun ko‘plar uni hurmat qilardi.

Muammolarimni unutish uchun ichamanmi? Sano bastakori ilohiy ilhom ta’siri ostida Yahova haqida shunda yozgan: «Tashvishlar girdobida qolganimda, menga tasalli berib, ko‘nglimni ko‘tarding». (Zab. 94:19) Muammolar sizni bosib qolgan bo‘lsa, spirtli ichimliklardan emas, Yahovadan yordam izlang. Buning uchun ko‘proq ibodat qiling. Qolaversa, ko‘plar jamoatdagi ma’nan yetuk do‘stidan amaliy maslahat berishini so‘rash foydali ekanini ko‘rdi. Aslida, qiyinchiliklarni yengish uchun spirtli ichimliklarni iste’mol qilish kishining to‘g‘ri yo‘l tutish qarorini susaytirishi mumkin. (Ho‘sh. 4:11) Yuqorida tilga olingan Deniyel shunday bo‘lishdi: «Men bezovtalik va aybdorlik hissi bilan kurashardim. Buni yengish uchun ichardim, ammo bu tufayli ko‘proq muammolar paydo bo‘lib, oxiri do‘stlarimdan ayrildim va o‘zimga bo‘lgan hurmat ham so‘ndi». Natijada Deniyel bilan nima bo‘ldi? U quyidagilarni tan oldi: «Men spirtli ichimliklarga emas, Yahovaga tayanishim kerakligini angladim. Uning ko‘magi bilan muammolarimni yenga olib, ulardan qutuldim. Hatto vaziyatimiz umidsizdek tuyulganda ham Yahova doim bizga yordam berishga tayyor». (Filip. 4:6, 7; 1 Butr. 5:7)

Gohida spirtli ichimliklarni iste’mol qilsangiz, quyidagi savollar yordamida bu borada o‘zingizni tekshirib ko‘rsangiz bo‘ladi: «Oila a’zoim yoki yaqin do‘stim spirtli ichimliklarni iste’mol qilish odatlarim borasida tashvishlanayotganini aytdimi?» Unday bo‘lsa, bu hozircha o‘zingiz payqamagan odat yoki muammo rivojlanib borayotganining belgisi bo‘lishi mumkin. «Oldingiga qaraganda, hozir ko‘proq ichyapmanmi?» Kimdir spirtli ichimliklarga moyilligim yo‘q deb o‘ylar, ammo aslida qaramlik rivojlangan bo‘lishi mumkin. «Bir necha kun yoki undan ham ko‘proq vaqt mobaynida ichmaslik men uchun qiyinmi?» Unday bo‘lsa, ichkilik, hoynahoy, odatga aylangandir yoki qaramlik paydo bo‘lgandir. Bu ichkilik muammosini yengish uchun mutaxassislarning yordami kerakligini anglatishi mumkin.

Spirtli ichimliklarni ichish ko‘p muammo keltirishi mumkin ekan, ba’zi masihiylar umuman ichmaslikka qaror qiladi. Boshqalar esa bunday ichimliklarning ta’mini yoqtirmagani uchun ichmaydi. Tanishlaringizning birortasi bunday qilayotgan bo‘lsa, uni tanqid qilmang va qarorini hurmat qilib, mehribonlik namoyon eting.

Yoki o‘zingiz uchun chegaralar o‘rnatib dono yo‘l tutganingizni payqagandirsiz. Birorta imondoshimiz qancha ichish masalasida o‘ziga chegara o‘rnatar. Yoxud qanchalik tez-tez ichishi, ehtimol, haftada bir marta yo ovqatlanayotganda me’yorida ichish borasida o‘zi uchun qoida o‘rnatar. Ba’zilar spirtli ichimliklarning biror turini, masalan, me’yorida sharob yoki pivo ichishni tanlaydi, ammo spirt miqdori yuqori bo‘lgan, hatto nimadir bilan aralashtirilgan ichimliklarni ichmaydi. Inson o‘zi uchun aniq chegara o‘rnatsa, unga bu yo‘nalishda harakat qilish osonroq kechadi. Yetuk masihiy bunday qaror chiqarib, unga qat’iyan amal qilayotgan bo‘lsa, boshqalar bu borada qanday fikrda deb bosh qotirishiga hojat yo‘q.

Boshqalarning fikrini inobatga olish ham maqsadga muvofiq. Rimliklarga 14:21 da: «Undan ko‘ra go‘sht yemagan, sharob ichmagan yoki birodaringizni qoqintiradigan biron ish qilmagan ma’qul»,— deb yozilgan. Bu maslahatga qanday amal qila olasiz? Birodarlarcha sevgini namoyon eting. Spirtli ichimliklarni iste’mol qilish kimnidir ranjitishi mumkin deb o‘ylasangiz, sevgi sizni bu safar ichmaslikka undaydi. Shu yo‘sin, o‘zingizning emas, boshqalarning manfaatini o‘ylab, ularning tuyg‘ularini inobatga olayotganingizni va hurmat qilayotganingizni ko‘rsatasiz. (1 Kor. 10:24)

Bundan tashqari, hukumat tomonidan spirtli ichimliklar borasida muayyan qonunlar o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Albatta, masihiylar bunday qonunlarga bo‘ysunadi. Bunday qonunlarga ko‘ra, spirtli ichimliklarni muayyan yoshdan boshlab ichish mumkindir. Yoki transport haydash yo qandaydir uskunadan foydalanishdan oldin ichish man etilgandir. (Rim. 13:1–5)

Yahova bizga ko‘p sovg‘alar ato etib, ulardan zavq olish erkinligini berib bizning qadr-qimmatimizni o‘rniga qo‘ygan. Bunga nima yeyish va ichishni tanlash kiradi. Keling, bunday erkinligimizni qadrlayotganimizni tanlovimiz orqali ko‘rsatib, samoviy Otajonimizni mamnun qilaylik.

a AQSH kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlarining xabar berishicha, spirtli ichimliklarni haddan ziyod iste’mol qilishning qisqa muddatli xavfli tomonlariga qotillik, o‘z joniga qasd qilish, jinsiy tajovuz, oilaviy mojarolar, homila tushishi, kutilmagan homiladorlik va jinsiy kasalliklar bo‘lishiga olib keladigan jinsiy yaqinlik kiradi.