53-TADQIQ MAQOLASI
Yosh birodarlar, ma’nan yetuk masihiy bo‘ling
Jasoratli va mahkam bo‘l. (3 SHOH. 2:2)
135-QO‘SHIQ Yahova mehr ila chorlar: «O‘g‘lim, dono bo‘l»
BU MAQOLADA a
1. Birodar muvaffaqiyat qozonish uchun nima qilishi lozim?
SHOH DOVUD Sulaymonga: «Jasoratli va mahkam bo‘l»,— deb maslahat bergan. (3 Shoh. 2:1–3) Barcha masihiy kishilar bu maslahatga amal qilsa yaxshi bo‘lardi. Bunda muvaffaqiyat qozonish uchun ular Xudoning qonunlarini bilishi va hayotining barcha sohalarida Kalomdagi prinsiplarga rioya qilishi lozim. (Luqo 2:52) Nega yosh birodarlar uchun ma’nan yetuk masihiy bo‘lish shunchalik muhim?
2, 3. Nega yosh birodar yetuk masihiy bo‘lishi shunchalik muhim?
2 Gap shundaki, masihiy kishilar oilasida va jamoatda muhim vazifalarni bajaradi. Yosh birodarlar, kelajakda bajarishingiz mumkin bo‘lgan vazifalar borasida o‘ylayotganingiz shubhasiz. Hoynahoy, to‘la vaqtli xizmat qilishni, jamoat xizmatkori va keyinchalik oqsoqol bo‘lishni xohlayotgandirsiz. Shuningdek, oila qurib, farzandli bo‘lish istagingiz ham bordir. (Efes. 6:4; 1 Tim. 3:1) Bunday maqsadlarga erishib, muvaffaqiyatli bo‘lish uchun yetuk masihiy bo‘lishingiz kerak b.
3 Xo‘sh, yetuk masihiy bo‘lishingizga nima yordam berishi mumkin? Keling, orttirishingiz kerak bo‘lgan muhim ko‘nikmalar haqida bilib olaylik. Kelajakda ega bo‘lishingiz mumkin bo‘lgan har qanday vazifalarni muvaffaqiyat ila bajarish uchun hozirning o‘zida qay yo‘sin tayyorgarlik ko‘ra olasiz?
YETUK MASIHIY BO‘LISHNING QADAMLARI
4. O‘rnak olishimiz mumkin bo‘lgan misollarni qayerdan topa olamiz? (Rasmga ham qarang.)
4 O‘rnak olish mumkin bo‘lgan yaxshi misollarni tanlang. Muqaddas Kitobda yosh birodarlar taqlid qilishga arziydigan yaxshi misollar bisyor. O‘tmishda yashagan o‘sha kishilar Allohni yaxshi ko‘rib, Uning xalqiga turlicha g‘amxo‘rlik qilishgan. Buning ustiga, oilangizda va jamoatingizda yetuk masihiylar orasida yaxshi o‘rnak ko‘rsatayotgan kishilarni topa olasiz. (Ibron. 13:7) Qolaversa, Iso Masihning mukammal misoli bor. (1 Butr. 2:21) Ularning misollarini puxta ko‘rib chiqar ekansiz, sizga yoqqan fazilatlari ustida fikr yuriting. (Ibron. 12:1, 2) Shuningdek, bunday kishilardan qanday o‘rnak olishingiz mumkinligi borasida o‘ylang.
5. Fikr yuritish qobiliyatingizni qay yo‘sin rivojlantira olasiz va nega bu muhim? (Zabur 119:9)
5 Tafakkurga ega bo‘lib, undan ayrilmang. (Hik. 3:21) Tafakkurga ega bo‘lgan inson biron nima qilishdan avval barchasini yaxshilab o‘ylab ko‘radi. Shunday ekan, bu fazilatga ega bo‘lib, uni rivojlantiring. Nega deganda, bu dunyo o‘z nuqtai nazari bo‘yicha yo‘l tutadigan yoki harakatlarini tuyg‘ulari boshqarishiga yo‘l qo‘yayotgan yigitlarga to‘lib-toshgan. (Hik. 7:7; 29:11) Ommaviy axborot vositalari ham sizga kuchli ta’sir qilishi hech gap emas. Biroq qay yo‘sin tafakkurga ega bo‘la olasiz? Buni Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni o‘rganish va nega bu foydali ekani borasida mulohaza yuritish orqali qilishingiz mumkin. So‘ng o‘sha prinsiplardan foydalaning va Yahovaga ma’qul keladigan qarorlar chiqaring. (Zabur 119:9 ni o‘qing.) Agar bu muhim ko‘nikmani o‘zlashtirsangiz, yetuk masihiy bo‘la olishingiz uchun asosiy qadam qo‘ygan bo‘lasiz. (Hik. 2:11, 12; Ibron. 5:14) Tafakkurga ega bo‘lish quyidagi ikkita sohada qanday foyda keltirishini ko‘rib chiqaylik: 1) opa-singillar bilan muomala qilganda va 2) tashqi ko‘rinishingiz borasida qaror chiqarganda.
6. Qanday qilib tafakkur yosh birodarga opa-singillarga hurmat ko‘rsatishga yordam beradi?
6 Tafakkurga ega bo‘lish sizga ayollarga hurmat ko‘rsatishga yordam beradi. Yosh birodar birorta opa-singlimiz bilan yaqindan tanishishni istashi tabiiy va o‘rinlidir. Lekin birodar uni bo‘lajak umr yo‘ldosh sifatida ko‘rmayotgan bo‘lsa, tafakkurini ishga solib, unga ishqiy tuyg‘ularni rivojlantiradigan so‘zlarni aytmaydi, narsalarni yozmaydi va biron ishlarni qilmaydi. (1 Tim. 5:1, 2) Bordi-yu, birodar uchrashadigan bo‘lsa, uning obro‘siga dog‘ tushmaslik uchun u bilan hech qachon yolg‘iz qolmaydi. (1 Kor. 6:18)
7. Qanday qilib tafakkur yosh birodarga tashqi ko‘rinishi borasida to‘g‘ri qaror chiqarishga ko‘maklashadi?
7 Yosh birodar tafakkurga ega ekanini tashqi ko‘rinishi borasida chiqarayotgan qarorlar orqali ham ko‘rsata oladi. Ko‘p hollarda kiyim-kechaklarning dizayni va ularni olg‘a surish bilan shug‘ullanadigan odamlar Yahovaga hurmat ko‘rsatishmaydi. Qolaversa, ular axloqsiz hayot tarzini kechirishi mumkin. Shunga ularning fikrlash tarzi kiyinish uslubida aks etadi va ular juda yopishib turadigan yoki erkaklar uchun ayol kishilarnikiday kiyimlarni ishlab chiqarishadi. Yetuklik sari intilayotgan yosh birodar nima kiyishni tanlaganida Kalomdagi prinsiplarga amal qilib, jamoatda bu borada yaxshi o‘rnak ko‘rsatayotganlardan ibrat oladi. U o‘zidan shunday so‘rashi mumkin: «Tanlovim aqli raso ekanimni va boshqalarni hurmat qilayotganimni ko‘rsatyaptimi? Boshqalar tashqi ko‘rinishimga qarab, men rostdanam Xudoning xizmatchisi ekanimga ishonadimi?» (1 Kor. 10:31–33; Titus. 2:6) Tafakkurga ega bo‘lgan yigitlar nafaqat imondoshlarining, balki samoviy Otamizning ham hurmatini qozonadi.
8. Yosh birodar ishonchli bo‘lishni qanday o‘rganishi mumkin?
8 Ishonchli bo‘ling. Ishonchli bo‘lgan yosh birodar hamma vazifalarini puxta bajaradi. (Luqo 16:10) Isoning mukammal misoliga diqqat qarataylik. U hech qachon beparvo yoki mas’uliyatsiz bo‘lmagan. Aksincha, Yahova unga topshirgan vazifalarni hatto qiyin bo‘lganda ham bajargan. Iso odamlarni, ayniqsa, shogirdlarini yaxshi ko‘rgan va ular uchun hayotini tayyorlik ila bergan. (Yuhan. 13:1) Isoga taqlid qilib, sizga berilgan har qanday vazifani bajarish uchun jon kuydiring. Buni qanday uddalash mumkinligini bilmasangiz, kamtarin bo‘lib, yetuk birodarlardan yordam so‘rang. Biron ishni hech qachon qo‘l uchida qilmang. (Rim. 12:11) Aksincha, uni «odamlar uchun emas, balki Yahova uchun qilgandek» ado eting. (Kolos. 3:23) Albatta, siz mukammal emassiz. Shunga kamtarin bo‘lib, qilgan har qanday xatoingizni tan oling. (Hik. 11:2)
AMALIY KO‘NIKMALAR HOSIL QILING
9. Nega yosh birodarlar amaliy ko‘nikmalar orttirishi kerak?
9 Yetuk masihiy bo‘lish uchun amaliy ko‘nikmalar orttirishingiz kerak. Ular yordamida jamoatdagi vazifalarni bajara olasiz, o‘zingizning yoki oila a’zolaringizning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun ish topa olasiz va boshqalar bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘la olasiz. Keling, bunday muhim ko‘nikmalarning ayrimlariga nazar solaylik.
10, 11. Yosh birodar yaxshi o‘qishni va yozishni o‘rgansa o‘zi hamda jamoatdagilarga qanday foyda keltiradi? (Zabur 1:1–3) (Rasmga ham qarang.)
10 Yaxshi o‘qishni va yozishni o‘rganing. Muqaddas Kitobda aytilishicha, baxtli va muvaffaqiyatli kishi kunda Kalomni o‘qib, uning ustida fikr yuritadi. (Zabur 1:1–3 ni o‘qing.) Har kuni Muqaddas Kitobni o‘qish orqali u Yahovaning fikrlash tarzini bilib oladi va aniq-ravshan o‘ylashni hamda bilib olganlariga amal qilishni o‘rganadi. (Hik. 1:3, 4) Bunday yo‘l tutadigan kishilar jamoatga juda kerak. Nega?
11 Birodar-u opa-singillar ularga Muqaddas Kitob asosida ta’lim va maslahat beradigan layoqatli birodarlarning ko‘magiga muhtoj. (Titus. 1:9) Yaxshi o‘qib, yozishni bilsangiz, boshqalarga foyda keltiradigan nutqlar va sharhlar tayyorlab, imoniga imon qo‘shasiz. Shuningdek, izlanish o‘tkazayotganda hamda jamoatda-yu anjumanlarda nutqlarni eshitayotganda mazmunli qaydlar qila olasiz. Ular yordamida imoningizni mustahkamlab, jamoatdagilarga ham dalda bera olasiz.
12. Yaxshi suhbatdosh bo‘lishingizga nima yordam beradi?
12 Yaxshi muloqot qilishni o‘rganing. Masihiy kishi yaxshi muloqot qilishni o‘rganishi kerak. Yaxshi suhbatdosh boshqalarning fikrlarini tinglab, tuyg‘ularini tushunadi. (Hik. 20:5) U boshqa insonning ovoz ohangini, yuz ifodasini va imo-ishoralarini tushunishga o‘rganishi mumkin. U buni odamlar bilan vaqt o‘tkazmay turib eplay olmaydi. Doimo elektron qurilmalar orqali muloqot qilsangiz, masalan, SMSlar yuborib, o‘zaro yozishib insonlar bilan yuzma-yuz suhbatlashish qobiliyatingizni susaytirasiz. Shu bois boshqalar bilan yuzma-yuz suhbatlashish imkoniyatlarini izlang. (2 Yuhan. 12)
13. Yigitlar yana nima qilishni o‘rganishi kerak? (1 Timo‘tiyga 5:8) (Rasmga ham qarang.)
13 O‘zingizni ta’minlashni o‘rganing. Yetuk masihiy kishi o‘zini va uyidagilarini qo‘llab-quvvatlay olishi kerak. (1 Timo‘tiyga 5:8 ni o‘qing.) Ba’zi mamlakatlarda yosh birodarlar otasi yoki boshqa qarindoshidan biron ko‘nikmani orttirishadi. Boshqa joylarda esa yigitlar maktabda o‘qiyotganda qandaydir hunarni yo boshqa ish qilishni o‘rganishadi. Qanday bo‘lmasin, ish topishingizga yordam beradigan biron ko‘nikma orttirsangiz hech qachon kam bo‘lmaysiz. (Havor. 18:2, 3; 20:34; Efes. 4:28) Mehnatsevar va ishini oxirigacha yetkazmaguncha to‘xtamaydigan inson sifatida obro‘ orttiring. Shunda ish topib, uni yo‘qotmaslik ehtimoli oshadi. Ko‘rib chiqqan fazilatlar-u ko‘nikmalar birodar uchun muhim ahamiyat kasb etib, kelajakdagi vazifalarini bajarishga ham qo‘l keladi. Keling, ularning ayrimlari haqida so‘z yuritaylik.
KELAJAKDAGI VAZIFALARGA TAYYORGARLIK KO‘RING
14. Yosh birodar to‘la vaqtli xizmat uchun qanday tayyorlana oladi?
14 To‘la vaqtli xizmatchi. Ko‘pgina ma’nan yetuk birodarlar yoshligida to‘la vaqtli xizmatni boshlagan. Kashshoflik yigitlarga turli odamlar bilan qay yo‘sin samarali hamkorlik qilishni o‘rganishga yordam beradi. Bu ularga oqilona byudjet tuzib, unga yarasha kun kechirishga ham ko‘maklashadi. (Filip. 4:11–13) To‘la vaqtli xizmatni boshlash uchun ko‘makchi kashshof bo‘lish yaxshi qadam bo‘la oladi. Ko‘pchilik muayyan vaqt davomida ko‘makchi kashshof bo‘lib, doimiy kashshoflikni boshlaydi. Kashshoflik to‘la vaqtli xizmatning boshqa turlari, jumladan, qurilish xizmatchisi yoki baytilchi bo‘lish uchun keng eshik ochishi mumkin.
15, 16. Yosh birodarga jamoat xizmatkori yoki oqsoqol bo‘lishga nima yordam beradi?
15 Jamoat xizmatkori yoki oqsoqol. Birodarlar oqsoqollar bo‘lib imondoshlariga xizmat qilish maqsadini qo‘yib, buning uchun layoqatli bo‘lishi lozim. Muqaddas Kitobda bunday maqsad sari intilayotgan kishilarga «bu to‘g‘ri» deyilgan. (1 Tim. 3:1) Oqsoqol bo‘lishdan oldin birodar jamoat xizmatkori sifatida xizmat qilish uchun layoqatli bo‘lishi zarur. Ular oqsoqollarni ko‘p amaliy yo‘llar orqali qo‘llab-quvvatlaydi. Ham oqsoqollar, ham jamoat xizmatkorlari imondoshlariga kamtarlik ila xizmat qilib, ular bilan va’zgo‘ylik xizmatida qatnashishadi. Yosh birodarlar hatto 17 yoki 19 yoshda jamoat xizmatkori bo‘lib xizmat qilish uchun layoqatli bo‘lishi mumkin. Layoqatli jamoat xizmatkori esa 20 yoki bundan kattaroq yoshda oqsoqol sifatida tayinlanishi mumkin.
16 Bu vazifalarni bajarishga layoqatli bo‘lish uchun nima qila olasiz? Buning yagona formulasi yo‘q. Lekin bu maqsadga erishishga ko‘maklashadigan fazilatlar Yahova, oila a’zolaringiz va jamoatdagilarni yaxshi ko‘rishingizga hamda Muqaddas Kitobga asoslanadi. (1 Tim. 3:1–13; Titus. 1:6–9; 1 Butr. 5:2, 3) Har bir fazilat qanday ma’noga ega ekanini tushuning. Bunga layoqatli bo‘lish uchun Yahovadan yordam so‘rab ibodat qiling c.
17. Qanday qilib yosh birodarlar er va oila boshi sifatidagi vazifalariga tayyorgarlik ko‘ra oladi? (Rasmga ham qarang.)
17 Er va oila boshi. Iso aytganiday, ayrim yetuk masihiy kishilar oila qurmaslikka qaror qiladi. (Mat. 19:12) Ammo uylanishni tanlasangiz, er va oila boshi sifatidagi qo‘shimcha vazifalarni bajarasiz. (1 Kor. 11:3) Yahova er xotinini sevib, jismoniy, hissiy hamda ma’naviy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishini kutadi. (Efes. 5:28, 29) Yuqorida tilga olingan fazilatlar-u ko‘nikmalar, masalan, tafakkurga ega bo‘lish, ayollarni hurmat qilish va ishonchli bo‘lish yaxshi umr yo‘ldosh bo‘lishingizga yordam beradi. Shunda er va oila boshi sifatidagi vazifalaringizni bajarish uchun yaxshi tayyorlangan bo‘lasiz.
18. Yosh birodar yaxshi ota bo‘lish uchun qanday tayyorgarlik ko‘rishi mumkin?
18 Ota. Uylangach, ota bo‘lishingiz mumkin. Yaxshi ota bo‘lishni Yahovadan o‘rgana olasizmi? Bu borada anchagina saboqlar bor. (Efes. 6:4) Yahova O‘g‘li Isoni yaxshi ko‘rishini va undan mamnun ekanini ochiqchasiga aytgan. (Mat. 3:17) Ota bo‘lsangiz, bolangizga uni yaxshi ko‘rishingizni doim aytib turing. Qilgan yaxshi ishlari uchun saxiylik ila maqtang. Yahovaga taqlid qiladigan otalar farzandiga yetuk masihiy bo‘lishga yordam beradi. Oila a’zolaringiz va jamoatdagilarga mehr ila g‘amxo‘rlik qilish va ularga sevgingizni namoyon etib, qadrlayotganingizni bildirish orqali bu vazifani bajarishga tayyorlana olasiz. (Yuhan. 15:9) Shu yo‘sin, kelajakda yaxshi er va ota bo‘lishingiz mumkin. Shu bilan birga Yahovaning nazarida qadrli bo‘lib, oila a’zolaringiz va jamoat uchun qadri baland tirgak bo‘lasiz.
ENDI NIMA QILASIZ?
19, 20. Yosh birodarlarga yetuk masihiy bo‘lishga nima yordam beradi? (Muqovadagi rasmga qarang.)
19 Yosh birodarlar, hech qanday harakat qilmay o‘z-o‘zingizdan yetuk masihiyga aylanib qolmaysiz. O‘rnak olish mumkin bo‘lgan misollarni tanlashingiz, tafakkurga ega bo‘lishingiz, ishonchli bo‘lishingiz, amaliy ko‘nikmalarni orttirishingiz va kelajakdagi vazifalarni bajarishga tayyorgarlik ko‘rishingiz darkor.
20 Ishlashingiz kerak bo‘lgan barchasi ustida fikr yuritganingizda, bu juda ham mushkulday tuyular. Lekin bu qo‘lingizdan keladi! Unutmangki, Yahova sizga yordam berishni juda xohlaydi. (Ishayo 41:10, 13) Jamoatdagi birodar-u opa-singillar ham yordam qo‘lini cho‘zishi shubhasiz. Agar Yahova xohlayotgan yetuk masihiy bo‘lsangiz, hayotingiz zavqli va mazmunli bo‘ladi. Qadrdon yosh birodarlar, sizlarni yaxshi ko‘ramiz! Iloyim, sizlar yetuk masihiy bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizga Yahova baraka yog‘dirsin. (Hik. 22:4)
65-QO‘SHIQ Olg‘a bos!
a Jamoatda yetuk erkak kishilar kerak. Ushbu maqolada qanday qilib siz, yosh birodarlar yetuk masihiy bo‘la olishingiz mumkinligi borasida so‘z yuritamiz.
b O‘tgan maqoladagi «Ibora ma’nosi»ga qarang.