Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Ma’nan o‘sishda davom eting!

Ma’nan o‘sishda davom eting!

Muqaddas ruhga muvofiq yo‘l tutinglar. GALAT. 5:16

QO‘SHIQLAR: 16, 10

1, 2. Robert ma’naviy holati borasida nimani tushundi va nima qildi?

ROBERT birodarimiz o‘smirligida suvga cho‘mgan, ammo haqiqatga jiddiy qaramagan. U shunday deb bo‘lishdi: «Hech qanday yomon ish qilmagandim, lekin barcha narsa men uchun rasmiy bo‘lib qolgandi. Yig‘ilishlarni qoldirmaganim va yiliga bir necha marotaba ko‘makchi kashshof bo‘lib xizmat qilganim uchun ma’nan yetuk ko‘rinardim. Biroq nimadir yetishmas edi».

2 Uylanganidan keyingina Robert muammo nimada ekanini anglab yetdi. U xotini bilan Muqaddas Kitobga asoslangan savollarni muhokama qilishga vaqt ajratardi. Xotini ma’nan mustahkam bo‘lgani bois, savollarga javob berishga qiynalmas edi. Biroq Robert javob bera olmagani tufayli har gal uyalib qolardi. U quyidagicha dedi: «Men go‘yoki hech nimani bilmasdim. Keyin o‘zimcha shunday deb o‘yladim: “Agar ma’naviy jihatdan xotinimning boshi bo‘lishni istasam, biron nima qilishim kerak”». Robert harakatga tushdi. «Men Muqaddas Kitobni tadqiq qildim, tadqiq qildim va yana tadqiq qildim. Shunda hamma narsa o‘z joyiga tusha boshladi. Tushuncham ancha kengaydi va eng muhimi, Yahova bilan yaqinroq bo‘ldim»,— deb aytdi u.

3. a) Robertning misolidan qanday saboq olishimiz mumkin? b) Qaysi muhim savollarni ko‘rib chiqamiz?

3 Robertning misolidan qimmatli saboq olsak bo‘ladi. Biz Muqaddas Kitobni bilishimiz, yig‘ilishlarga muntazam qatnashimiz mumkin, ammo ular o‘z-o‘zidan bizni ma’naviy inson qilib qo‘ymaydi. Yoki ma’naviy tarafdan qandaydir muvaffaqiyatga erishgandirmiz, lekin o‘zimizni tekshirganda o‘zgarishimiz mumkin bo‘lgan sohalarni topa olamiz. (Filip. 3:16) Ma’nan o‘sishda davom etish uchun quyidagi uchta muhim savolga javob topish yordam beradi: 1) Ma’naviy ahvolimiz qanday ekanini tekshirishga nima qo‘l keladi? 2) Qay yo‘sin ma’nan o‘sishda davom etishimiz mumkin? 3) Ma’nan mustahkam bo‘lish kundalik hayotimizda qanday yordam beradi?

O‘ZIMIZNI TEKSHIRISH

4. Efesliklarga 4:23, 24 da yozilgan maslahat kimga tegishli?

4 Xudoga xizmat qilishni boshlaganimizda hayotimizga o‘zgarishlar kiritganmiz. Bunday o‘zgarishlar hayotimizning har bir sohasiga ta’sir qildi. Suvga cho‘mganimizdan keyin ham shunday yo‘l tutishda davom etamiz. Muqaddas Kitobda: «Bundan buyon fikrlash tarzingizni va munosabatingizni o‘zgartiringlar», deb yozilgan. (Efes. 4:23, 24) Ha, barchamiz nomukammal ekanmiz, o‘zgarishda davom etishimiz kerak. Hatto ko‘p yillardan beri Yahovaga xizmat qilayotganlar ham ma’nan o‘sishda to‘xtamasligi lozim. (Filip. 3:12, 13)

5. Qaysi savollar o‘zimizni tekshirishga yordamlashadi?

5 Ma’naviy ahvolimizni yaxshilash va ma’nan o‘sish uchun o‘zimizni xolisona tekshirishimiz kerak. Yoshu qari — barchamiz o‘zimizdan shunday deb so‘rasak bo‘ladi: «Ma’nan o‘sayotganimni ko‘rsatayotgan o‘zgarishlarni sezyapmanmi? Shaxsiyatim Masihnikiga o‘xshab boryaptimi? Yig‘ilishlarda o‘zimni tutishim va xatti-harakatlarim ma’naviyligim haqida nimalarni oshkor etmoqda? Gaplarim xohish-istaklarim to‘g‘risida nima demoqda? Shaxsiy tadqiq qilish odatim, kiyinishim, pardoz-andoz qilishim yoki maslahatga bildirgan munosabatim men haqimda nimalarni namoyon etmoqda? Vasvasaga duch kelganda o‘zimni qanday tutyapman? Ma’nan yetuk bo‘lib, Masihning to‘liq qomatiga yetishyapmanmi?» (Efes. 4:13) Mazkur savollarga bergan javoblarimiz ustida mulohaza yuritish ma’naviy ahvolimiz qanday ekanini aniqlashga ko‘maklashadi.

6. Ma’naviy ahvolimizni tekshirish uchun yana nima kerak bo‘lishi mumkin?

6 Ma’naviy ahvolimizni tekshirish uchun ba’zida boshqalarning yordamiga muhtoj bo‘lishimiz mumkin. Havoriy Pavlus jismoniy kishi Xudoning oldida noto‘g‘ri yo‘l tutayotganini anglashga ojiz ekanini aytgan. Bundan farqli ravishda, ma’naviy inson Xudoning nuqtai nazarida nima yomon ekanini baholay oladi. (1 Kor. 2:14–16; 3:1–3) Masih kabi fikr yuritadigan oqsoqollar ko‘pincha jismoniy kishiga xos nuqtai nazarning ilk belgilarini ko‘rishadi. Bordi-yu, ular bu haqida bizga aytishsa, maslahatni qabul qilib, unga amal qilamizmi? Shunday yo‘l tutsak, ma’nan o‘sishni istayotganimizni yaqqol ko‘rsatamiz. (Voiz 7:5, 9)

MA’NAN O‘SING

7. Nega ma’nan o‘sish uchun Muqaddas Kitobdagi bilimlarga ega bo‘lishning o‘zi yetarli emas?

7 Ma’naviy inson bo‘lish uchun Muqaddas Kitob haqida bilim orttirishning o‘zi yetarli emas. Shoh Sulaymon ham Yahova haqida ko‘p narsalarni bilgan. Uning so‘zlari Muqaddas Kitobda qalamga olingan. Lekin u ma’naviy inson sifatida Yahovaga sadoqatli bo‘lib qola olmagan. (3 Shoh. 4:29, 30; 11:4–6) Muqaddas Kitob haqida bilimga ega bo‘lishdan tashqari, yana nima qilish kerak? Biz ma’nan o‘sishga intilishimiz lozim. (Kolos. 2:6, 7) Qay yo‘sin bunga erishsa bo‘ladi?

8, 9. a) Ma’nan barqaror bo‘lishimizga nima yordam beradi? b) Tadqiq o‘tkazganimizda va mulohaza yuritganimizda qanday maqsadni ko‘zlashimiz kerak? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

8 Pavlus ilk masihiylarni «kamolot sari intilishga» chorlagan. (Ibron. 6:1) Pavlusning maslahatiga amal qilish uchun qanday qadamlar qo‘ysak bo‘ladi? Birinchi muhim qadam «O‘zingizni Xudoning mehr-muhabbati soyasida saqlanglar» kitobini tadqiq qilishdir. Uni to‘laligicha tadqiq qilish hayotingizda Muqaddas Kitob prinsiplarini qo‘llashga ko‘maklashadi. Agar bu kitobni tugatgan bo‘lsangiz, imoningizni mustahkamlaydigan boshqa adabiyotlarni tadqiq qiling. (Kolos. 1:23) Bilib olganlaringizni hayotingizda qanday qo‘llash mumkinligi haqida ibodat ila mulohaza yuriting.

9 Shuni unutmangki, tadqiq o‘tkazganimizda va mulohaza yuritganimizda maqsadimiz Yahovani mamnun etish hamda Uning amrlariga bo‘ysunish istagimizni alangalatish bo‘lishi darkor. (Zab. 40:8; 119:97) Shu bilan birga ma’naviy o‘sishimizga xalaqit beradigan narsalardan qochishimiz lozim. (Titus. 2:11, 12)

10. Ma’nan o‘sish uchun yoshlar nima qilsa bo‘ladi?

10 Agar yosh bo‘lsangiz, aniq ma’naviy maqsadlar qo‘ydingizmi? Baytilda xizmat qiladigan bitta birodar tuman anjumanlariga borganda, dastur boshlanishidan avval suvga cho‘muvchilar bilan gaplashishni odat qilgan. Ulardan ko‘pi yoshlar. Birodar ulardan qanday ma’naviy maqsadlar qo‘yishgani borasida so‘raydi. Javoblaridan ular Yahovaga xizmat qilishmoqchi ekani ko‘rinib turadi. Masalan, kimdir to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etishni yoki Shohlik xabarchilariga ehtiyoj katta bo‘lgan joylarda xizmat qilishni xohlaydi. Lekin ba’zida ayrim yoshlar birodarning savoliga javob bera olmaydi. Bu ular qalblarida hali aniq ma’naviy maqsad qo‘yishmaganini bildiradimi? Yosh ekansiz, o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Faqat ota-onam xohlagani uchungina ma’naviy ishlarda qatnashyapmanmi? Xudo bilan shaxsiy munosabatlarni rivojlantirib Unga yaqinlashyapmanmi?» Albatta, ma’naviy maqsad qo‘yish borasidagi maslahat faqat yoshlarga tegishli emas. Bunday maqsadlar barchamizga Yahovaning xizmatchilari sifatida ma’nan o‘sishga yordamlashadi. (Voiz 12:1, 13)

11. a) Chinakamiga ma’naviy o‘sish uchun nima qilishimiz kerak? b) Muqaddas Kitobdagi qaysi misolga taqlid qilishimiz mumkin?

11 Qaysi sohalarda o‘zgarishimiz kerakligini bilib olgach, olg‘a intilish uchun qadamlar qo‘yishimiz zarur. Ma’naviy inson bo‘lish nihoyatda muhim. Axir bu hayot-mamot masalasi. (Rim. 8:6–8) Albatta, ma’naviy inson bo‘lish mukammal bo‘lishni anglatmaydi. Muqaddas ruh kerakli o‘zgarish qilishimizga yordam beradi. Ammo o‘zimiz ham harakat qilishimiz kerak. Bir necha yil avval Yetakchi kengash a’zosi bo‘lgan Jon Barr Luqo 13:24 ni izohlab quyidagicha aytgan: «Ko‘plar yetuk bo‘lish uchun yetarlicha harakat qilmagani tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchraydi». Biz barakani olmagunicha farishta bilan kurashgan Yoqub singari bo‘lishimiz kerak. (Ibt. 32:26–28) Garchi Muqaddas Kitobni tadqiq qilish qiziq bo‘lsa-da, unga shunchaki vaqtichog‘lik uchun mo‘ljallangan bir asarday qaramasligimiz lozim. Bizga yordam beradigan ma’naviy marvaridlarni topish uchun jon kuydirishimiz zarur.

12, 13. a) Rimliklarga 15:5 dagi so‘zlarga amal qilishga nima yordam beradi? b) Havoriy Butrusning misoli va maslahati bizga qanday qo‘l keladi? d) Ma’nan o‘sish uchun nima qila olasiz? («Ma’nan o‘sish uchun qo‘yadigan qadamlar» nomli ramkaga qarang.)

12 Ma’nan o‘sishga intilar ekanmiz muqaddas ruh ongimizda kerakli o‘zgarishlar qilishimiz uchun kuch beradi. Bu kuchning yordami tufayli biz bora-bora Masih kabi fikr yuritishni boshlaymiz. (Rim. 15:5) Qolaversa, bu tana istaklarini ildizi bilan sug‘orib tashlashga va Xudoni mamnun etadigan fazilatlarni rivojlantirishga ko‘maklashadi. (Galat. 5:16, 22, 23) Bordi-yu, o‘zimizda moddiy narsalar yoki tanaga oid istaklarni sezsak, taslim bo‘lmasligimiz kerak. Muqaddas ruh so‘rab ibodat qilishda davom eting, shunda Yahova diqqatingizni o‘rinli narsalarga qayta qaratishga ko‘maklashadi. (Luqo 11:13) Havoriy Butrusning misolini eslaylik. Hayotida bir necha marotaba u ma’naviy insondek yo‘l tutmagan. (Mat. 16:22, 23; Luqo 22:34, 54–62; Galat. 2:11–14) Ammo u bo‘shashmagan. Yahovaning ko‘magi bilan Butrus Masih kabi fikr yuritishga intilgan. Biz ham shunday qilsak bo‘ladi.

13 Butrus yaxshilashimiz kerak bo‘lgan bir nechta narsani ta’kidlab o‘tgan. (2 Butrus 1:5–8 ni o‘qing.) O‘zini tuta bilish, sabr-bardosh va samimiy birodarlik kabi fazilatlarni rivojlantirishda «astoydil g‘ayrat ko‘rsatish» ma’nan o‘sishda davom etishimizga yordam beradi. Kunda o‘zingizdan: «Ma’nan o‘sish uchun bugun nima ustidan ishlasam bo‘ladi?» — deb so‘rash o‘rinlidir.

KUNDALIK HAYOTDA PRINSIPLARNI QO‘LLANG

14. Ma’naviy bo‘lish kundalik hayotimizga qanday ta’sir qiladi?

14 Masih kabi fikr yuritish so‘zlarimizga, ishdagi yoki maktabdagi xulqimizga va kunda chiqaradigan qarorlarimizga ta’sir qiladi. Bu qarorlar biz Masihning izdoshlari bo‘lmoqchi ekanimizni ayon qiladi. Ma’naviy insonlar sifatida samoviy Otamiz bilan bo‘lgan munosabatlarimizga biron nima zarar yetkazishini istamaymiz. Vasvasalarga duch kelganda, ularga qarshi turishga harakat qilamiz. Qaror chiqarish oldida turganda quyidagi savollar ustida mulohaza yuritamiz: «Muqaddas Kitobdagi qaysi prinsiplar qaror qabul qilishimga yordam beradi? Iso Masih bunday vaziyatda nima qilgan bo‘lardi? Qaysi qaror Yahovani mamnun qiladi?» Bunday fikr yuritishni o‘rganish uchun, keling, quyidagi bir nechta misolni ko‘rib chiqaylik. Keltirilgan har bir vaziyatda dono qaror chiqarishimiz uchun qaysi prinsiplar qo‘l kelishini muhokama qilamiz.

15, 16. a) Masih kabi fikr yuritish turmush o‘rtoq tanlashda qanday yordam beradi? b) Masih kabi fikr yuritish kim bilan muloqot qilish borasida qanday ko‘maklashadi?

15 Turmush o‘rtoq tanlash. 2 Korinfliklarga 6:14, 15 da (o‘qing) bu masalaga oid muhim prinsip keltirilgan. Pavlusning so‘zlaridan yaqqol ko‘rinib turibdiki, ma’naviy inson jismoniy inson bilan hech qanday uyg‘unlikka erisha olmaydi. Mazkur prinsip turmush o‘rtoq tanlashda qanday yordam bera oladi?

16 Muloqot. 1 Korinfliklarga 15:33 dagi (o‘qing) prinsipga e’tibor bering. Xudojo‘y inson uning ma’naviyligiga xavf tug‘diradigan kishilar bilan yaqindan muloqot qilmaydi. Qaysi savollar ushbu prinsipni amalda qo‘llashingizga ko‘maklashadi? Misol uchun, mazkur prinsip ijtimoiy tarmoqlarga qanday tegishli? Yoki bo‘lmasa, notanish kishilar sizni birga onlayn o‘yinlarni o‘ynashga taklif qilsa, nima qilishingiz kerak?

Qarorlarim ma’nan o‘sishimga yordamlashyaptimi? (17- xatboshiga qarang.)

17–19. Ma’naviy nuqtai nazarga ega bo‘lish a) befoyda ishlardan qochishga, b) maqsadlar qo‘yishga, d) kelishmovchiliklarni hal qilishga qanday yordam beradi?

17 Ma’naviylikka xavf tug‘diradigan ishlar. Pavlus imondoshlariga ogohlantiruvchi so‘zlarni yozgan. (Ibroniylarga 6:1 ni o‘qing.) Xo‘sh, yiroqlashishimiz kerak bo‘lgan «o‘lik ishlar» nimani anglatadi? Bunga ma’nan o‘lik, befoyda va behuda ishlar kiradi. Pavlusning ogohlantirishi hayotimizda paydo bo‘ladigan quyidagi kabi savollarga javob topishga yordamlashadi: «Ushbu mashg‘ulot «o‘lik ishlar»ga kiradimi? Ko‘p pul ishlash borasidagi taklifni qabul qilishim kerakmi? Nega dunyoviy islohot ishlariga qo‘shilmayman?»

Qarorlarim ma’naviy maqsadlar qo‘yishimga yordamlashyaptimi? (18- xatboshiga qarang.)

18 Ma’naviy maqsadlar. Isoning Tog‘dagi va’zida ma’naviy maqsadlar qo‘yish borasida aniq yo‘l-yo‘riqlar topamiz. (Mat. 6:33) Ma’naviy inson ma’naviy maqsadlar sari intiladi. Bu prinsipni yodda tutish quyidagi savollarga javob berishga yordamlashadi: «Qo‘shimcha o‘qishim kerakmi? Muayyan ish borasidagi takliflarni qabul qilamanmi?»

Qarorlarim «tinchlik o‘rnatuvchi» bo‘lishimga yordamlashyaptimi? (19- xatboshiga qarang.)

19 Kelishmovchiliklar. Pavlusning Rimdagi jamoatga yozgan maslahati kelishmovchiliklarni hal qilishimizga qanday yordam beradi? (Rim. 12:18) Masihning izdoshlari sifatida «barcha odamlar bilan tinch-totuv hayot kechirishga» intilamiz. Kelishmovchiliklar paydo bo‘lganida qanday yo‘l tutamiz? Yon berish biz uchun qiyin kechyaptimi yoki bizni «tinchlik o‘rnatuvchi» deb bilishyaptimi? (Yoqb. 3:18)

20. Nima uchun ma’nan o‘sishni istaysiz?

20 Bular Xudoning prinsiplariga asoslanish ma’naviy insondan kutiladigan qarorlarni chiqarishga yordamlashishini ko‘rsatuvchi bir nechta misol, xolos. Ma’naviy bo‘lish har bir kunimizni yanada baxtli va mazmunli qilishga ko‘maklashadi. Maqolamizning boshida keltirilgan Robert shunday dedi: «Yahova bilan chinakamiga munosabatlarni rivojlantirgach, ham er sifatida, ham ota sifatida yaxshiroq bo‘ldim. Men mamnun va baxtliman». Ma’naviy o‘sish payida bo‘lsak, biz ham shunday barakalarga erishamiz. Ma’naviy inson sifatida hozirning o‘zida hayotdan yanada ko‘proq mamnuniyat topishimiz va kelajakda «haqiqiy hayotdan» bahra olishimiz mumkin. (1 Tim. 6:19)