Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Nuh, Doniyor va Ayubning imoniyu itoatkorligiga taqlid qiling

Nuh, Doniyor va Ayubning imoniyu itoatkorligiga taqlid qiling

Nuh, Doniyor va Ayub... odilligi tufayli faqatgina o‘z jonini saqlab qolgan bo‘lardi. HIZ. 14:14

QO‘SHIQLAR: 6, 54

1, 2. a) Nega Nuh, Doniyor va Ayubning o‘rnagi bizga jasorat ato etadi? b) Ochqich oyatdagi so‘zlarni Hizqiyo qanday sharoitda yozgan?

SOG‘LIQ muammolari, moddiy qiyinchiliklar yoki ta’qiblar kabi sinovlarga duch kelyapsizmi? Ba’zida Yahovaga quvonch ila xizmat qilish og‘ir kechyaptimi? Unday bo‘lsa, Nuh, Doniyor va Ayubning o‘rnagi sizga jasorat ato etadi. Ular nomukammal bo‘lib, biz duchor bo‘layotgan anchagina qiyinchiliklarga ro‘baro‘ kelishgan. Bu kishilarning hayoti ba’zida qil ustida turgan. Shunga qaramay, ular benuqson bo‘lishga intilib, Allohning nazarida sadoqatli va itoatli bo‘lish borasida bizga o‘rnak qoldirishdi. (Hizqiyo 14:12–14 ni o‘qing.)

2 Hizqiyo mil. avv. 612- yili * ochqich oyatdagi so‘zlarni Bobilda yozgan edi. (Hiz. 1:1; 8:1) Bashorat qilinganiday, butparastlikka botgan Quddus mil. avv. 607- yili vayron etildi. O‘shanda Nuh, Doniyor va Ayubga xos fazilatlarni aks ettirgan faqat bir nechta odam omon qolgan edi. (Hiz. 9:1–5) Ular orasida Yeremiyo, Borux, Abdumalik ismli kishilar va Raxavning avlodi bo‘lgan.

3. Ushbu maqolada nimani bilib olamiz?

3 Nuh, Doniyor va Ayub kabi Yahovaning nazarida benuqsonlikni saqlagan kishilargina ushbu zamona yakun topganda omon qoladi. (Vah. 7:9, 14) Shunday ekan, keling, nega Yahova bu insonlarni odil deb topganini bilib olaylik. Ularning har biri haqida gap ketganda, 1) qiyinchiliklariga va 2) u namoyon etgan imon va itoatkorlikka qanday taqlid qila olishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

NUH TO‘QQIZ ASR MOBAYNIDA SADOQATLI VA ITOATLI EDI

4, 5. Nuh qanday qiyinchiliklarga duch kelgan va uning sabr-bardoshi nimasi bilan diqqatga sazovor?

4 Nuh duch kelgan qiyinchiliklar. Nuhning katta bobosi Xano‘x yashagan davrga kelib odamlar xudosiz bo‘lib ketgan edi. Ular hatto Yahovaga qarshi «yaramas so‘zlar» aytardi. (Yahd. 14, 15) Zo‘ravonlik avjiga chiqqan edi. Ha, Nuhning paytida «yer yuzi zo‘ravonlikka to‘lib-toshdi». Yovuz farishtalar insonlar qiyofasiga kirib xotinlar olishdi va ulardan zo‘ravon devqomat farzandlar paydo bo‘ldi. (Ibt. 6:2–4, 11, 12) Nuhning xulq-atvori esa ularnikidan keskin farq qilardi. U «Yahovaning iltifotiga sazovor bo‘lgan edi... Zamondoshlaridan farqli ravishda, benuqson ekanini namoyon etgan edi. Nuh Xudoga hamroh bo‘lib yashardi». (Ibt. 6:8, 9)

5 Ushbu so‘zlardan bu odil inson haqida nimalarni bilib olyapmiz? Masalan, Nuh To‘fon bo‘lishidan oldin 70 yoki 80 yil Xudoga hamroh bo‘lib yashamagan. Bu raqam hozirgi kundagi odamlarning o‘rtacha umriga teng keladi. Nuh o‘sha davrda deyarli 600 yil yashagan. (Ibt. 7:11) Bizdan farqli o‘laroq, uni ma’nan qo‘llab-quvvatlaydigan imondoshlari, ehtimol, hatto aka-ukalariyu opa-singillari bo‘lmagan *.

6. Qay yo‘sin Nuh jasoratni namoyon etgan?

6 Nuh shunchaki yaxshi yashash bilan qanoatlanmagan. U shuningdek, jasorat ila «adolat yo‘lini xabarlab yurib», Yahovaga bo‘lgan imonini omma oldida tasdiqlagan. (2 Butr. 2:5) Havoriy Pavlus Nuh haqida: «Imoni bilan u dunyoni hukm etgan»,— deb yozgan. (Ibron. 11:7) Biroq Nuh masxara, ta’qiblar va hatto jiddiy xavf-xatarlarga ham duch kelganini bilamiz. U odamlardan qo‘rqmas edi. (Hik. 29:25) Darhaqiqat, u Yahova sodiq xizmatchilariga ato etadigan jasoratga ega edi.

7. Nuh kema qurayotganda qanday qiyinchiliklarga duch kelgan?

7 Nuh besh asrdan ziyod vaqt mobaynida Xudoga hamroh bo‘lib yashagandan keyin, Yahova odamlar va hayvonlarning hayotini qutqarish maqsadida unga kema qurishni buyurgan. (Ibt. 5:32; 6:14) Bu topshiriq faqat qurilish nuqtai nazaridan emas, balki boshqa tomonlama ham anchagina qiyin bo‘lganga o‘xshaydi. Zero, Nuh bu yanada ko‘proq masxara va ta’qiblarga olib kelishini bilardi. Shunday bo‘lsa-da, uning imoni kuchli edi va u itoatli bo‘lgan. «U aynan aytilganiday qildi». (Ibt. 6:22)

8. Nuh Yahovaga qay yo‘sin tayangan?

8 Nuh duch kelgan yana bir qiyinchilik oilasiga moddiy taraflama g‘amxo‘rlik qilish edi. To‘fondan avval odamlar oziq-ovqatga ega bo‘lish uchun ter to‘kishi kutilardi va Nuh bundan istisno emas edi. (Ibt. 5:28, 29) Shunda ham u butun diqqatini moddiy narsalarga emas, Allohga qaratardi. Hatto kema qurayotganda, bunga 40 yoki 50 yil sarflangan bo‘lsa ham, Nuh ma’nan hushyor bo‘lgan. To‘fondan keyin 350 yil o‘tganda ham u shunday yo‘l tutishda davom etgan. (Ibt. 9:28) Ha, imonli va itoatli bo‘lish borasida naqadar yaxshi o‘rnak!

9, 10. a) Qanday qilib Nuhning imoni va itoatkorligiga taqlid qila olasiz? b) Xudo Uning me’yorlariga amal qiladiganlarga qanday qaraydi?

9 Nuhning imoni va itoatkorligiga qanday taqlid qila olamiz? Bunga Xudoning adolati tomon bo‘lish, Shaytonning dunyosidan uzoqlashish va Samoviy Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish orqali erisha olamiz. (Mat. 6:33; Yuhan. 15:19) Shunda aminmizki, hayot tarzimiz bu dunyodagi odamlarga umuman yoqmaydi. Nikoh va jinsiy axloq kabi masalalarda Xudoning qonunlariga qat’iy amal qilayotganimiz ba’zi mamlakatlarda norozilik tug‘dirmoqda. (Malaki 3:17, 18 ni o‘qing.) Nuh singari biz ham odamlardan emas, Yahovadan qo‘rqamiz. Bilamizki, faqat Yahova abadiy hayot manbai! (Luqo 12:4, 5)

10 Shaxsan siz haqingizda nima desa bo‘ladi? Sizni masxara yoki tanqid qilishganda yo moddiy qiyinchiliklar paytida g‘amxo‘r Otamizga bo‘lgan imoningiz sinalganda, U bilan hamroh bo‘lib yashaysizmi? Nuhning imoni va itoatkorligiga taqlid qilsangiz, Yahova sizga g‘amxo‘rlik qilishga qodir ekaniga amin bo‘la olasiz. (Filip. 4:6, 7)

DONIYOR YOVUZLIKKA TO‘LA SHAHARDA SADOQATLI VA ITOATLI EDI

11. Doniyor va uning uchta do‘sti Bobilda qanday qiyinchiliklarga duch kelishdi? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

11 Doniyor duch kelgan qiyinchiliklar. U asirlikda yashagan Bobil shahri butparastlik va sehr-joduga to‘la edi. Bundan tashqari, bobilliklar yahudiylarga past nazar bilan qarab, ularni va Tangri Yahovani masxara qilardi. (Zab. 137:1, 3) Doniyor kabi yahudiylar uchun bu juda qayg‘uli edi! Qolaversa, Doniyor va uning uchta do‘sti — Xanoniyo, Mishail va Ozariyo shohga xizmat qilishlari uchun ta’lim-tarbiya olishgani bois hammaning e’tiborida edi. Ularga hatto alohida oziq-ovqat tayyorlab berilardi. O‘shanda oziq-ovqat va ichimlik masalasi muammoga aylandi, chunki Doniyor «shohning dasturxonidagi tansiq taomlar... bilan o‘zini bulg‘amaslikni» xohlardi. (Don. 1:5–8, 14–17)

12. a) Doniyor qanday fazilatlarni namoyon etgan? b) Yahova Doniyorga qanday munosabatda edi?

12 Muayyan topshiriq olishiga sabab bo‘lgan o‘zgacha qobiliyatlari ham Doniyorga qiyinchilik tug‘dirgan bo‘lishi mumkin. (Don. 1:19, 20) Ammo mag‘rur va o‘jar bo‘lib qolishning o‘rniga, u kamtarlikni hamda muloyimlikni saqlab, shon-sharafni doim Yahovaga qaratardi. (Don. 2:30) O‘shanda Doniyor yosh bo‘lsa-da, Yahova uni qadrlab Nuh va Ayub bilan bir qatorda odillikda o‘rnak ko‘rsatgan inson sifatida tilga olgan. Xudo Doniyorni shunday atab adashdimi? Aslo! Chunki u hayotining oxirigacha imonini saqlab, itoatli bo‘lib qoldi. Farishta mehr ila: «Ey Doniyor, sen nihoyatda aziz insonsan»,— deganida u 90 yoshdan oshgan edi. (Don. 10:11)

13. Qanday qilib Doniyor yahudiylar uchun barakaga aylangan?

13 Yahovaning marhamati tufayli Doniyor ham Bobil, ham Midiya va Fors boshqaruvi paytida amaldor bo‘lgan. (Don. 1:21; 6:1, 2) Ehtimol, Yahova vaziyatni shunday yo‘naltirib, Doniyor Uning xalqi uchun barakaga aylanishini xohlagan. Masalan, bunday hol Yusuf Misrda bo‘lganida, Ester va Mordaxay esa forslar boshqaruvi davrida yashaganida yuz bergan *. (Don. 2:48) Asirlikda bo‘lgan yahudiylarga, jumladan, Hizqiyoga Yahova vaziyatni O‘z qo‘liga olganini ko‘rish qanchalar tasalli baxsh etganini bir tasavvur qiling!

Benuqsonlikni saqlayotganlar Yahova uchun azizdir (14-, 15- xatboshilariga qarang.)

14, 15. a) Bizning vaziyatimiz qaysi jihatdan Doniyornikiga o‘xshaydi? b) Ota-onalar Doniyorning ota-onasidan nimaga o‘rganishi mumkin?

14 Doniyorning imoni va itoatkorligiga qanday taqlid qila olamiz? Biz ham soxta din imperiyasi, «jinlarning makoni» bo‘lmish Buyuk Bobil ta’sirida axloqan va ma’nan buzilgan bu dunyoda chet elliklarday yashayapmiz. (Vah. 18:2) Hatto ustimizdan kulishsa ham, boshqalardan ajralib turishga intilyapmiz. (Mark 13:13) Shuning uchun, keling, Doniyor singari Allohimiz Yahovaga yaqinlashaylik. Agar kamtarlik va itoatkorlik ila Xudoga tayansak, biz ham Uning nazarida xazinaday bo‘lamiz. (Xag. 2:7)

15 Doniyorning ota-onasi bugungi ota-onalar uchun yaxshi o‘rnakdir. Nega deysizmi? Doniyor kichikligida Yahudoda yovuzlik avjiga chiqqaniga qaramay, Xudoni yaxshi ko‘rib ulg‘aygan. Albatta, bu o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmagan. Bu, ota-onasining yaxshi tarbiyasi tufayli yuz bergan. (Hik. 22:6) Hatto uning ismi «hakamim Xudodir» degan ma’noga ega ekanidan, ota-onasi xudojo‘y bo‘lganini ko‘rish mumkin. (Don. 1:6, izoh) Aziz ota-onalar, farzandingizni sabr ila tarbiyalab aslo taslim bo‘lmang! (Efes. 6:4) Ular bilan va ular uchun ibodat qiling. Bolangiz qalbiga Muqaddas Kitobdagi haqiqatni jo qilsangiz, Yahovaning qut-barakalari yog‘iladi. (Zab. 37:5)

AYUB BOYLIKDA HAM, QASHSHOQLIKDA HAM SADOQATLI VA ITOATKOR EDI

16, 17. Ayubning hayotida qanday keskin o‘zgarishlar yuz bergan?

16 Ayub duch kelgan qiyinchiliklar. Ayubning hayotida keskin o‘zgarishlar yuz bergan. Qiyinchiliklar boshlanishidan avval «u Sharqdagi barcha xalqlar orasida eng obro‘li odam» bo‘lgan. (Ayub 1:3) Ayub boy, taniqli va hurmatga sazovor kishi edi. (Ayub 29:7–16) Shunday bo‘lsa-da, u o‘ziga bino qo‘ymagan va Xudoga muhtoj ekanini tan olgan. Yahova uni «xizmatchim» deb, quyidagicha qo‘shib qo‘ygan: «U benuqson, to‘g‘ri, xudotars va yomonlikdan uzoq yuradi». (Ayub 1:8)

17 Qisqa vaqt ichida Ayubning hayoti birdan o‘zgarib ketgan. U qashshoqlik va tushkunlik girdobiga g‘arq bo‘lgan. Bilamizki, tuhmatchi Shayton Ayub o‘z manfaatini ko‘zlab Xudoga topinyapti, deb uni ayblagan. (Ayub 1:9, 10 ni o‘qing.) Yahova bu soxta ayblovni nazaridan chetda qoldirmagan. Aksincha, U Ayub benuqson ekanini isbotlab, chin qalbdan va fidoyilik ila topinayotganini ko‘rsatishga imkon bergan.

18. a) Ayub benuqsonlikni saqlagani sizda qanday taassurot qoldirdi? b) Yahova Ayubga ko‘rsatgan munosabati U haqda nimani oshkor etyapti?

18 Xudoni ayblasin deb, Shayton Ayubning boshiga dahshatli ko‘rgiliklarni solgan. (Ayub 1:13–21) Uchta soxta do‘sti kelib unga achchiq so‘zlar aytishgan va Xudo uni ishlariga yarasha jazolayotganiga shama qilishgan. (Ayub 2:11; 22:1, 5–10) Lekin Ayub benuqson bo‘lib qolgan. Ha, u gohida o‘ylamasdan gapirgan, biroq Yahova u jafo chekayotganini tushungan. (Ayub 6:1–3) Shayton Ayubni yerga yiqitib, keyin soxta ayblovlar bilan uni rosa toptagan. Alloh esa Ayub Undan yuz o‘girmasligini, lekin hozir ruhi tushkun ekanini ko‘rgan. Qiyinchiliklar yakuniga yetganda, Yahova Ayubga yo‘qotganlarini ikki hissa qilib qaytargan va unga yana 140 yil umr ato etgan. (Yoqb. 5:11) Shu vaqt davomida ham u Yahovaga mutlaq sodiq bo‘lgan. Bu, Ayub hayotdan ko‘z yumganidan ancha asrlar o‘tib, ochqich oyatda keltirilgan Hizqiyoning so‘zlaridan ko‘rinib turibdi.

19, 20. a) Ayubning imoni va itoatkorligiga qanday taqlid qila olamiz? b) Boshqalarga nisbatan Allohning rahm-shafqatini qay yo‘sin aks ettirishimiz mumkin?

19 Ayubning imoni va itoatkorligiga qanday taqlid qila olamiz? Qanday vaziyatda bo‘lishimizdan qat’i nazar, keling, Yahova hayotimizda doim markaziy o‘rinda bo‘lsin va biz Unga to‘liq tayanib, sidqidildan bo‘ysunaylik. Darhaqiqat, Ayubga qaraganda bizda buning uchun sabablarimiz ko‘proq! Bir o‘ylab ko‘ring, Shayton va uning hiylalari haqida ancha ma’lumotga egamiz. (2 Kor. 2:11) Ayub kitobidan Alloh nega azoblarga yo‘l qo‘yayotganini ham bilamiz. Doniyorning bashoratidan, Xudoning Shohligini Iso Masih boshqarayotganini tushunyapmiz. (Don. 7:13, 14) Ushbu Shohlik yaqinda barcha azoblarga butunlay chek qo‘yishidan ham xabardormiz.

20 Ayubning vaziyatidan shuningdek, qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan imondoshlarimizga rahmdil bo‘lish muhimligini ko‘ryapmiz. Ayubga o‘xshab ayrimlar gohida o‘ylamasdan gapirishi mumkin. (Voiz 7:7) Ularni hukm qilishning o‘rniga, ularga aql-idrok ila rahmdillikni namoyon etsak yaxshi bo‘lardi. Shu yo‘sin, mehribon va shafqatli Otamiz Yahovaga taqlid qilgan bo‘lamiz. (Zab. 103:8)

YAHOVA SIZNI MUSTAHKAM QILIB QO‘YADI

21. Nuh, Doniyor va Ayubning hayotida yuz bergan voqealar 1 Butrus 5:10 dagi so‘zlarda qanday aks etgan?

21 Garchi Nuh, Doniyor va Ayub har xil davrlarda yashab, turli vaziyatlarni boshdan kechirgan bo‘lishsa-da, duch kelgan qiyinchiliklarni yengib o‘tishgan. Ular haqidagi hikoyalar Butrusning quyidagi so‘zlarini eslatadi: «Turli usullar bilan inoyatini namoyon etayotgan Alloh... qisqa vaqt azob chekkaningizdan keyin... sizlarga to‘liq ta’lim berib, sizlarni mustahkam va kuchli qilib qo‘yadi». (1 Butr. 5:10)

22. Kelasi maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

22 Butrus ilohiy ilhom ostida yozgan so‘zlari orqali Yahova bizni mustahkam va kuchli qilib qo‘yishiga ishontiryapti. Bu so‘zlar Xudoning bugungi xalqiga ham tegishli. Barchamiz Yahova bizni kuchli qilishini va topinishimizda mustahkam bo‘lishni xohlaymiz. Shu bois Nuh, Doniyor va Ayubning imoniyu itoatkorligiga taqlid qilishni istaymiz. Kelasi maqolada, ularning benuqsonligi Yahovani yaxshi bilishganiga asoslanganini ko‘rib chiqamiz. Darhaqiqat, ular Yahova talab qilgan «barcha narsani anglagan». (Hik. 28:5) Biz haqimizda ham shunday desa bo‘ladi.

^ 2- x.b. Hizqiyo mil. avv. 617- yili surgun qilingan. Hizqiyo 8:1–19:14 dagi so‘zlar u surgunda bo‘lganining «oltinchi yili» yoki mil. avv. 612- yili yozilgan.

^ 5- x.b. Nuhning xudotars otasi Lamex To‘fon kelmasidan deyarli besh yil oldin o‘lgan. To‘fon boshlanganda Nuhning onasi va aka-ukalariyu opa-singillari hayot bo‘lgan bo‘lishsa, tirik qolishmagan.

^ 13- x.b. Buni Doniyorning uchta do‘sti haqida ham aytish mumkin. Chunki ularga ham muayyan lavozim berilgan. (Don. 2:49)