Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Tangri Yahovani Nuh, Doniyor va Ayub kabi bilasizmi?

Tangri Yahovani Nuh, Doniyor va Ayub kabi bilasizmi?

Yovuz odam adolatni tushunmaydi, Yahovani izlaganlar esa barcha narsani anglaydi. HIK. 28:5

QO‘SHIQLAR: 43, 49

1–3. a) Ushbu oxirzamonda Xudoga sodiq qolishimizga nima yordam beradi? b) Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

OXIRZAMON o‘z nihoyasiga yaqinlashib qolgan ekan, yovuz insonlar «maysa kabi o‘sib ketyapti». (Zab. 92:7) Shu bois axloqiy me’yorlarga hech kim amal qilmayotgani ajablanarli emas. Shunday muhitda yashar ekanmiz, qanday qilib «yomonlikka nisbatan yosh bolalarday, idrok etishda esa yetuk kishilarday» bo‘la olamiz? (1 Kor. 14:20)

2 Bu savolning javobini ochqich oyatdan topishimiz mumkin. Unda aytilganiday, «Yahovani izlaganlar barcha narsani», ya’ni Uni mamnun etish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani anglaydi. (Hik. 28:5) Shunga o‘xshash fikr Hikmatlar 2:7, 9 da ham bor. Bu oyatlarga ko‘ra Yahova «donolikni to‘g‘ri odam uchun saqlaydi». Natijada u to‘g‘rilik, adolat va haqqoniyat nimaligini tushunadi, yaxshilik yo‘llarini anglab yetadi.

3 Nuh, Doniyor va Ayub bunday donolikka ega bo‘lishgan. (Hiz. 14:14) Xudoning bugungi xalqi haqida ham shunday deyish mumkin. Shaxsan siz haqingizda-chi, nima desa bo‘ladi? Yahovani mamnun etish uchun zarur bo‘lgan «barcha narsani anglayapsizmi»? Buning siri Xudo haqida aniq bilimga ega bo‘lishdadir. Buni yodda tutgan holda ushbu maqolada quyidagilarni ko‘rib chiqamiz: 1) Nuh, Doniyor va Ayub Yahovani qanday bilib olishgan, 2) bu bilim ularga qanday foyda keltirgan va 3) biz ularniki kabi imonni qanday rivojlantirishimiz mumkin?

NUH YOVUZ DUNYODA XUDOGA HAMROH BO‘LIB YASHAGAN

4. Nuh Yahova haqida qay yo‘sin bilim olgan va bu bilim unga qanday yordam bergan?

4 Nuh Yahovani qanday bilib olgan? Insoniyat tarixining boshida Xudoga sodiq erkagu ayollar asosan quyidagi uchta yo‘l bilan U haqida bilim olishgan: ular Xudoning ko‘zga ko‘rinadigan ijodlarini kuzatishgan, boshqa xudojo‘y kishilardan U haqda eshitishgan va Allohning adolatli me’yorlariyu prinsiplariga amal qilib barakalar olgani orqali Uni tanib-bilishgan. (Ishayo 48:18) Xudoning ijodlarini kuzatib Nuh nafaqat U mavjud ekanining ko‘p tasdig‘ini ko‘rgan, balki Uning «abadiy qudrati» kabi ko‘zga ko‘rinmas ko‘pgina fazilatlari borligini va U «ilohiy Shaxs ekanligini» ham tushungan. (Rim. 1:20) Natijada, Nuh Xudoga ishonibgina qolmay, Unga bo‘lgan kuchli imonni rivojlantirgan.

5. Nuh Xudoning insoniyat uchun niyatini kimlardan bilib olgan?

5 «Kalomni eshitgach imon paydo bo‘ladi». (Rim. 10:17) Nuh Yahova haqida kimdan eshitgan? Shubhasizki, u ko‘p narsani qarindoshlaridan bilib olgan. Xudoga sodiq bo‘lgan va hayoti Odamatoniki bilan kesishgan otasi Lamex ular qatoriga kirgan. (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.) Qolaversa, u bobosi Matushaloh bilan gaplashgan va bobosining bobosi Yored Nuh 366 yoshga kirgunicha tirik bo‘lgan *. (Luqo 3:36, 37) Ehtimol, shu kishilardan va ularning rafiqalaridan Nuh insoniyat qanday paydo bo‘lgani, yer yuzini odil insonlar bilan to‘ldirish haqidagi Xudoning niyati va Adan bog‘ida ko‘tarilgan isyon to‘g‘risida bilib olgandir. Bu isyonning oqibatlarini u o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. (Ibt. 1:28; 3:16–19, 24) Nuh bilib olgan barcha narsa uning qalbiga ta’sir qilgan va Xudoga xizmat qilishga undagan. (Ibt. 6:9)

6, 7. Qay yo‘sin umid Nuhning imonini mustahkamlagan?

6 Umid imonni mustahkamlaydi. Nuh uning ismi boshqalarga umid baxsh etganini bilganida nimalarni his qilganini bir tasavvur qiling! Ismining ma’nosi «orom; tasalli» bo‘lishi mumkin. (Ibt. 5:29, izoh) Ilohiy ilhom ostida Lamex: «Yahova la’natlagan yerga ishlov berganimizda,.. zahmat chekkan bizlarga u [Nuh] yengillik beradi»,— degan edi. Nuh Allohga umid bog‘lagan. Undan oldin yashagan Hobil va Xano‘x kabi u ham ilonning boshini ezadigan «zurriyot» kelishiga ishongan. (Ibt. 3:15)

7 Nuh Ibtido 3:15 da yozilgan bashoratning tafsilotlarini tushunmagan bo‘lishi mumkin, ammo u yerdagi so‘zlar ozod etilishga umid berayotganini anglagani shubhasiz. Qolaversa, Adan bog‘ida berilgan ushbu va’da Xano‘x e’lon qilib yurgan xabarga uyg‘un bo‘lgan. U, Xudo yovuzlarni hukm qilishi haqida ham bashorat qilgan. (Yahd. 14, 15) So‘nggi bor Armageddonda amalga oshadigan Xano‘xning xabari, o‘z vaqtida Nuhning imoni va umidini mustahkamlagani aniq.

8. Xudo haqidagi aniq bilim Nuhni nimalardan himoya qilgan?

8 Xudo haqidagi aniq bilim Nuhga qanday foyda keltirgan? Bunday bilim Nuhga imon va ilohiy donolikni ato etib, uni ayniqsa ma’naviy zarardan himoya qilgan. Masalan, Nuh «Xudoga hamroh bo‘lib yashagani» uchun xudosizlar bilan yurmagan yoki muloqot qilmagan. Inson qiyofasiga kirgan itoatsiz farishtalar imonsiz va har narsaga laqqa tushadigan odamlarda g‘ayrioddiy qobiliyatlari bilan taassurot qoldirib, ehtimol, odamlar ularga topinishini istashgandir. Lekin Nuh ularning hiylalariga aldanmagan. (Ibt. 6:1–4, 9) Shuningdek, Nuh insonlar ko‘payib yer yuzini to‘ldirishlari kerakligini bilgan. (Ibt. 1:27, 28) Biroq ayollar va inson qiyofasiga kirgan ruhiy shaxslar o‘rtasida jinsiy yaqinlik bo‘lishi notabiiy va noto‘g‘ri ekanidan u xabardor bo‘lgani ehtimoldan yiroq emas. Bunday yaqinlik tufayli g‘ayrioddiy bolalar dunyoga kela boshlaganida Nuh to‘g‘ri xulosa qilgani tasdiqlangan. Vaqt o‘tib, Xudo yer yuziga to‘fon yubormoqchi ekani haqida Nuhni ogohlantirgan. U ogohlantirishga ishonib, kema qura boshlagan va oilasini saqlab qolgan. (Ibron. 11:7)

9, 10. Nuhning imoniga qanday taqlid qilishimiz mumkin?

9 Nuhniki kabi imonni qanday rivojlantirishimiz mumkin? Buning uchun Xudoning Kalomini puxta tadqiq qilib, o‘rganganlarimizni qalbimizga joylashimiz va bilib olganlarimiz bizni shakillantirib, yo‘naltirishiga yo‘l qo‘yishimiz muhim. (1 Butr. 1:13–15) Shunda imon va ilohiy donolik bizni Shaytonning hiylalariyu bu dunyoning yovuz ruhiyatidan himoya qiladi. (2 Kor. 2:11) Bunday ruhiyat zo‘ravonlik va axloqsizlikni sevishga hamda tana istaklarini birinchi o‘ringa qo‘yishga undayapti. (1 Yuhan. 2:15, 16) Uning ta’siri ostida ma’nan zaif kishilar hatto Xudoning ulug‘ kuni yaqin ekanini tasdiqlovchi aniq dalillarga ko‘z yumishadi. Agar e’tibor bersak, Iso bizning kunlarimizni Nuhniki bilan solishtirganda asosiy diqqatni zo‘ravonlik va axloqsizlikka emas, balki ma’nan befarq bo‘lib qolish xavfiga qaratgan. (Matto 24:36–39 ni o‘qing.)

10 O‘zingizdan shunday so‘rab ko‘ring: «Hayot tarzim chindan ham Yahovani bilishimni ko‘rsatyaptimi? Imonim nafaqat Allohning adolatli me’yorlariga muvofiq yashashga, balki ularni boshqalarga aytishga ham undayaptimi?» Iloyim, javoblaringiz «Xudoga hamroh bo‘lib» yashayotganingizni ko‘rsatsin.

DONIYOR BUTPARASTLIK RIVOJLANGAN BOBILDA ILOHIY DONOLIKNI NAMOYON ETGAN

11. a) Yosh Doniyorning xudojo‘yligi olgan tarbiyasi haqida nimani ochib beryapti? b) Doniyorning qaysi fazilatlariga taqlid qilmoqchisiz?

11 Doniyor Yahovani qanday bilib olgan? Doniyorning ota-onasi unga yaxshi ta’lim-tarbiya berib, Yahovani va Uning Kalomini sevishga o‘rgatgan. Bu sevgini u butun umr saqlagan. Hatto yoshi o‘tganda ham, u Muqaddas Yozuvlarni o‘qib, ustida mulohaza yuritgan. (Don. 9:1, 2) Doniyorning Xudo haqida, jumladan, Uning Isroil xalqiga qilgan munosabati to‘g‘risida chuqur bilimga ega ekani, Doniyor 9:3–19 da yozilgan va u chin dildan aytgan ibodatida ajoyib tarzda aks etgan. Bu ibodatni o‘qib, ustida fikr yuritishga bir necha daqiqa vaqt ajratsangiz yaxshi bo‘lardi. U Doniyorning shaxsiyati haqida nimani ochib berayotganiga diqqat qarating.

12–14. a) Doniyor ilohiy donolikni qay yo‘sin namoyon etdi? b) Xudoga sodiq qolib Doniyor qanday barakalarga ega bo‘ldi?

12 Xudo haqidagi aniq bilim Doniyorga qanday foyda keltirgan? Sodiq yahudiy uchun butparastlik rivojlangan Bobilda yashash ko‘p qiyinchilik tug‘dirgan. Masalan, Yahova yahudiylarga: «Men sizlarni surgun qilgan shaharda tinchlik bo‘lishiga harakat qiling»,— deb aytgan. (Yerm. 29:7) Shu bilan birga Xudo ulardan mutlaq sadoqatni talab qilgan. (Chiq. 34:14) Xo‘sh, Doniyorga bu ikkita talab borasida muvozanatli bo‘lishga nima ko‘maklashgan? Ilohiy donolik tufayli u hukmron hokimiyatlarga bo‘ysunishning me’yori borligini tushunib yetgan. Asrlar o‘tgach, Iso ham xuddi shu prinsipni ta’kidlagan. (Luqo 20:25)

13 Keling, 30 kun mobaynida birorta kimsa yoki xudoga ibodat qilishni man etadigan farmon chiqqanda Doniyor qanday yo‘l tutganini ko‘rib chiqaylik. (Doniyor 6:7–10 ni o‘qing.) U: «Bor-yo‘g‘i o‘ttiz kun ekan-ku!» — deb aytishi mumkin edi. Ammo Muqaddas Yozuvlarga asoslangan e’tiqodi tufayli Doniyor bu farmonga bo‘ysunmadi. Albatta, u hech kimga sezdirmay ehtiyotkorlik bilan ibodat qilishi mumkin edi. Uning kunda ibodat qilish odati hammaga ma’lum edi. Bu hatto Doniyorning hayotini xavf ostiga qo‘ysa-da, u Xudoga topinishda yon berayotganday taassurot uyg‘otmaslikka qaror qildi.

14 Yahova Doniyorning vijdonan va jasorat ila chiqargan qaroriga baraka berib, uni dahshatli o‘limdan mo‘jizaviy tarzda saqlab qoldi. Natijada, Midiya va Fors imperiyasining olis hududlariga qadar Yahova haqida zo‘r shohidlik berildi! (Don. 6:25–27)

15. Doniyorniki kabi imonni qanday rivojlantirishimiz mumkin?

15 Doniyorniki kabi imonni qanday rivojlantirishimiz mumkin? Kuchli imonga ega bo‘lishning siri, shunchaki Xudoning Kalomini o‘qish emas, uning «mag‘zini chaqishdan» iborat. (Mat. 13:23) Yahovaning nuqtai nazariga ega bo‘lishni istaymiz, bunga Muqaddas Kitobdagi prinsiplarni yaxshi tushunish kiradi. Buning uchun o‘qigan narsalar borasida mulohaza yuritishimiz darkor. Qolaversa, ayniqsa, qiyinchiliklar yoki boshqa og‘ir vaziyatlarga duch kelganimizda muntazam ravishda sidqidildan ibodat qilishimiz muhim. Donolik va kuch so‘rab ishonch ila ibodat qilsak, Yahova ularni bizga saxiylik bilan ato etadi. (Yoqb. 1:5)

AYUB YAXSHI VA OG‘IR PAYTDA ILOHIY PRINSIPLARGA AMAL QILGAN

16, 17. Ayub Xudo haqidagi aniq bilimga qay yo‘sin ega bo‘lgan?

16 Ayub Yahovani qanday bilib olgan? Ayub isroillik bo‘lmagan. Biroq u Ibrohim, Is’hoq va Yoqub bilan uzoq qarindosh edi. Yahova esa ularga O‘zi va insoniyatga nisbatan niyati haqida ayrim tafsilotlarni oshkor etgan. Qaysidir yo‘l bilan Ayub ushbu ko‘pgina bebaho haqiqatlardan xabardor bo‘lgan. (Ayub 23:12) U: «Sen haqingda eshitgan edim»,— deb aytgan. (Ayub 42:5) Bundan tashqari, Yahovaning O‘zi Ayub U to‘g‘risida haqiqatni aytganini ta’kidlagan. (Ayub 42:7, 8)

Xudoning ko‘rinmaydigan fazilatlarini ko‘rinadigan ijodlarida kuzatsak imonimiz mustahkamlanadi (17- xatboshiga qarang.)

17 Ayub shuningdek, Allohning ko‘pdan-ko‘p ko‘rinmas fazilatlarini ko‘rinadigan mavjudotlarni kuzatib bilib olgan. (Ayub 12:7–9, 13) Keyinchalik, Xudoning ulug‘vorligi insonniki bilan solishtirganda ancha yuksak ekanini Ayubga eslatish uchun Elixu ham, Yahova ham uning e’tiborini ijodlarga qaratgan. (Ayub 37:14; 38:1–4) Yahovaning so‘zlari Ayubning qalbiga ta’sir qilgani uchun u kamtarlik ila shunday degan: «Endi, Sen barcha narsaga qodir ekaningni, hech bir niyating amalga oshmay qolmasligini bilib oldim. [...] Tuproq va kulga o‘tirib, tavba qilaman». (Ayub 42:2, 6)

18, 19. Ayub chindan ham Yahovani bilganini qay yo‘sin ko‘rsatgan?

18 Xudo haqidagi aniq bilim Ayubga qanday foyda keltirgan? Ayub ilohiy prinsiplarni juda yaxshi tushungan. U Yahovani chindan ham bilgan va bu bilimlariga yarasha hayot kechirgan. Masalan, Ayub Xudoni sevaman deb turib, yaqiniga yomon munosabatda bo‘lish noto‘g‘ri ekanini bilgan. (Ayub 6:14) U o‘zini boshqalardan ustun qo‘ymagan. Aksincha u barcha, ham boy, ham kambag‘allar uchun qayg‘urgan. U: «Meni onam qornida yaratgan Zot ularni ham yaratmaganmi?!» — degan. (Ayub 31:13–22) Shunisi aniqki, Ayub ilgari ega bo‘lgan obro‘ va boylik uning boshqalarga yoki o‘ziga nisbatan nuqtai nazariga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymagan. Dunyodagi ko‘pgina qudratli va boy kishilar haqida bunday deb bo‘lmaydi.

19 Ayub butparastlikning barcha turlarini rad etgan va buni hatto xayoliga ham keltirmagan. Soxta topinish, jumladan, boylikka berilib ketish «ko‘kdagi Allohdan yuz o‘girish» bilan teng ekanini u bilgan. (Ayub 31:24–28 ni o‘qing.) Nikoh — bir erkak va bir ayol o‘rtasidagi muqaddas rishta ekanini Ayub tan olgan. U boshqa ayolga ehtiros bilan qaramaslik uchun ko‘zlari bilan ahd qilgan. (Ayub 31:1) Esingizda bo‘lsa, o‘sha davrda Xudo ko‘p xotinlikka izn bergan. Shunday ekan, Ayub xohlaganida ikkinchi xotin olishi mumkin edi *. Alloh Adan bog‘ida ilk nikoh masalasida tutgan yo‘lidan Ayub o‘zi uchun andaza olgan bo‘lsa kerak. (Ibt. 2:18, 24) Deyarli 1 600 yil o‘tgach, Iso Masih tinglovchilarini nikoh va jinsiy axloq borasida o‘sha-o‘sha adolatli prinsiplarga amal qilishga o‘rgatgan. (Mat. 5:28; 19:4, 5)

20. Qanday qilib Yahova hamda Uning me’yorlari haqidagi aniq bilim bizga yaxshi muloqot va o‘yin-kulgini tanlashga ko‘maklashadi?

20 Ayubniki kabi imonni qanday rivojlantirishimiz mumkin? Yana bir bor ta’kidlasak, buning siri — Yahova haqida aniq bilimga ega bo‘lish va bu bilimlar hayotimizning har bir sohasida bizni boshqarishiga yo‘l qo‘yishdan iborat. Misol uchun, sano bastakori Dovud Yahova «zo‘ravonlikni sevadiganlardan» nafratlanishini aytib, «yolg‘onchi odamlar» bilan muloqot qilishdan bizni ogohlantirgan. (Zabur 11:5; 26:4 ni o‘qing.) Xo‘sh, bu oyatlar sizga Yahovaning nuqtai nazari haqida nimani oshkor etyapti? Bu, hayotingizda nimani birinchi o‘ringa qo‘yish, Internetdan foydalanish, kim bilan muloqot qilish va o‘yin-kulgi tanlashingizga qanday ta’sir qilishi kerak? Bergan javoblaringizdan siz Yahovani qanchalik yaxshi bilishingiz ayon bo‘ladi. Bugungi murakkab va yovuz dunyoda benuqsonlikni saqlash uchun zehnimizni ishga solish qobiliyatini mashq qilishimiz lozim. Shunda, nafaqat yaxshini yomondan ajrata olamiz, balki nima donolik va nima nodonlik ekanini ham fahmlaymiz. (Ibron. 5:14; Efes. 5:15)

21. Samoviy Otamizni mamnun etish uchun zarur bo‘lgan «barcha narsani» anglashga nima yordam beradi?

21 Nuh, Doniyor va Ayub Yahovani butun qalbi bilan qidirgani uchun, U O‘zini ularga oshkor etgan. Yahova Uni mamnun etish uchun zarur bo‘lgan «barcha narsani» anglashlariga yordam bergan. Shu yo‘sin, ular odillikda o‘rnak ko‘rsatib, chinakamiga muvaffaqiyatli hayot kechirishgan. (Zab. 1:1–3) O‘zingizga quyidagi savolni berib ko‘ring: «Men ham Yahovani Nuh, Doniyor va Ayub kabi yaxshi bilamanmi?» Ha, ma’naviy nur yorishib borayotgan ekan, Uni yanada yaxshiroq bilib olishingiz mumkin. (Hik. 4:18) Buning uchun, Xudoning Kalomini chuqurroq tadqiq qiling, bilganlaringiz ustida fikr yuriting va muqaddas ruh so‘rab ibodat qiling. O‘shanda samoviy Otamizga yanada yaqinroq bo‘lasiz! Bugungi xudosiz dunyoda aql-idrok va donolik ila hayot kechira olasiz. (Hik. 2:4–7)

^ 5- x.b. Nuhning katta bobosi Xano‘x ham «Xudoga hamroh bo‘lib yashashni kanda qilmagan». Ammo Nuh tug‘ilishidan taxminan 69 yil oldin «Alloh uni olib ketgan». (Ibt. 5:23, 24)

^ 19- x.b. Nuh to‘g‘risida ham shunday deb aytish mumkin. Adan bog‘idagi isyondan ko‘p o‘tmay, ko‘p xotinlik keng tarqalgan bo‘lsa-da, Nuhning ham bitta xotini bor edi. (Ibt. 4:19)