Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

8-TADQIQ MAQOLASI

Qay yo‘sin qiyinchiliklarda quvonchni saqlash mumkin?

Qay yo‘sin qiyinchiliklarda quvonchni saqlash mumkin?

Birodarlarim, boshingizga tushayotgan turli sinovlarni quvonch bilan qabul qilinglar. YOQB. 1:2

111-QO‘SHIQ Bor mavjudot Allohni ulug‘lamoqda

BU MAQOLADA *

1, 2. Matto 5:11 ga ko‘ra, qiyinchiliklarga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak?

ISO izdoshlari chinakamiga baxtiyor bo‘lishlarini va’da qilgan. Shuningdek, u uni sevadiganlar qiyinchiliklarga duch kelishini aytgan. (Mat. 10:22, 23; Luqo 6:20–23) Biz Isoning shogirdlari bo‘lishdan quvonamiz. Oilamiz tomonidan qarshiliklarga, hukumat tomonidan quvg‘unlarga duch kelsak yoki hamkasblarimiz yo sinfdoshlarimiz bizni noto‘g‘ri ish qilishga undashsa, o‘zimizni qanday his qilamiz? Albatta, bu kabi vaziyatlar yuz berishi haqida o‘ylaganimizda xavotirlanamiz.

2 Aksariyat odamlar quvg‘unlarni quvonish uchun sabab, deb bilmaydi. Lekin Xudoning Kalomiga ko‘ra aynan shunday qilishimiz kerak. Misol uchun, Isoning shogirdi Yoqub sinovlar paytida tashvishlanishning o‘rniga quvonish kerakligi haqida yozgan. (Yoqb. 1:2, 12) Iso ham bizni quvg‘un qilishsa baxtiyor bo‘lishimiz kerakligini aytgan. (Matto 5:11 ni o‘qing.) Xo‘sh, unda qay yo‘sin qiyinchiliklarga qaramay quvonchni saqlay olamiz? Yoqub ilk masihiylarga yozgan maktubdan bir nechta fikrni ko‘rib chiqib, ulardan ko‘p narsani o‘rganishimiz mumkin. Avvaliga, keling, o‘sha masihiylar duch kelgan qiyinchiliklarni ko‘rib chiqaylik.

ILK MASIHIYLAR QANDAY QIYINCHILIKLARGA DUCH KELGAN?

3. Yoqub Isoning shogirdi bo‘lganidan ko‘p o‘tmay nimalar yuz berdi?

3 Isoning o‘limidan ko‘p o‘tmay tutingan ukasi Yoqub uning shogirdi bo‘ldi. Quddusdagi masihiylar qarshiliklarga duch keldi. (Havor. 1:14; 5:17, 18) Isoning shogirdi Stefan o‘ldirilganidan keyin ko‘pgina masihiylar shahardan qochib ketdi. Ular «Yahudiya va Samariya yurtlari bo‘ylab tarqab ketdi» va oxiri Kipr hamda Antioxiya kabi olis hududlarga yetib bordi. (Havor. 7:58–8:1; 11:19) O‘sha shogirdlar qanday qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazganini faqat tasavvur qila olamiz. Ammo ular qayerga bormasin, xushxabarni va’z qilgan. Qolaversa, Rim imperiyasi bo‘ylab jamoatlarni tashkil etgan. (1 Butr. 1:1) Ammo ilk masihiylarni oldinda hali bundan ham qiyinroq paytlar kutayotgandi.

4. Ilk masihiylar yana qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirgan?

4 Ilk masihiylar turli qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazgan. Misol uchun, taxminan mil. 50-yili Rim imperatori Klavdiy barcha yahudiylarga Rimni tark etishni buyurgan. Shunday qilib masihiy bo‘lgan yahudiylar uylarini tashlab, har qayerga tarqab ketishga majbur bo‘lgan. (Havor. 18:1–3) Taxminan mil. 61-yili havoriy Pavlus imondoshlari el-yurt oldida haqoratga duch kelgani, qamoqqa tashlangani va mol-mulki talon-toroj qilingani haqida yozgan. (Ibron. 10:32–34) Boshqa odamlar kabi masihiylar ham, kambag‘allig-u kasalliklarga yo‘liqishgan. (Rim. 15:26; Filip. 2:25–27)

5. Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

5 Yoqub mil. 62-yili maktubini yozishidan avval, imondoshlari qanday qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazayotganini juda yaxshi bilgan. Yahova o‘sha masihiylarning qiyinchiliklarga qaramay, quvonchni yo‘qotmaslikka ko‘maklashish maqsadida amaliy maslahatlar berish uchun Yoqubni ularga maktub yozishga ilhomlantirgan. Keling, Yoqubning maktubini ko‘rib chiqamiz va quyidagi savollarga javob topamiz: Yoqub qanday quvonch haqida yozgan? Masihiyning quvonchiga nima rahna solishi mumkin? Qanday qiyinchiliklarga duch kelmaylik, qay yo‘sin donolik, imon va jasorat yordamida quvonchni saqlay olamiz?

MASIHIYNI NIMA QUVONTIRADI?

Chiroq ichida yonib turgan pilik kabi Yahova masihiyga ato etayotgan quvonch ham uning yuragida yonib turadi (6-xatboshiga qarang.)

6. Luqo 6:22, 23 ga ko‘ra, nega masihiy qiyinchiliklarga qaramay quvona oladi?

6 Odamlarning fikricha, yaxshi sog‘liq, ko‘p pul va oiladagi tinchlik kishini baxtiyor qiladi. Biroq Yoqub aytgan quvonch muqaddas ruh samarasi bo‘lib, u odamning vaziyatlariga bog‘liq emas. (Galat. 5:22) Masihiy Yahovani mamnun qilayotganini va Isoning misoliga ergashayotganini bilib, quvonchga yoki chinakam baxtga ega bo‘ladi. (Luqo 6:22, 23 ni o‘qing; Kolos. 1:10, 11) Xuddi chiroqning ichida yonayotgan pilikka o‘xshab, bunday quvonch masihiyning dilida yonib turadi. U sog‘lig‘imiz zaiflashganda yoki pulimiz kam qolganda so‘nib qolmaydi. Bizni mazax qilishganda yoki oila a’zolarimiz yo boshqalar qarshilik ko‘rsatganida ham quvonchni yo‘qotmaymiz. Aksincha, bizga qarshilik ko‘rsatayotganlar bosim o‘tkazishiga qaramay quvonchimizga quvonch qo‘shiladi. Imonimiz tufayli duch kelayotgan qiyinchiliklar biz Isoning haqiqiy izdoshlari ekanimizni isbotlaydi. (Mat. 10:22; 24:9; Yuhan. 15:20) Shuning uchun ham, Yoqub quyidagicha yozgan: «Birodarlarim, boshingizga tushayotgan turli sinovlarni quvonch bilan qabul qilinglar». (Yoqb. 1:2)

Nega qiyinchiliklarni po‘lat tig‘ni qizdiradigan olovga o‘xshatsa bo‘ladi? (7-xatboshiga qarang.) *

7, 8. Nima uchun imonimiz qiyinchiliklar tufayli mustahkamlanadi?

7 Yoqub masihiylar nima uchun hatto shiddatli qiyinchiliklarni ham boshdan kechirishga tayyor ekanining yana bir sababini aytgan. U shunday degan: «Sinalgan imoningiz sabr-bardoshni hosil qiladi». (Yoqb. 1:3) Qiyinchiliklarni po‘lat tig‘ni qizdiradigan olovga o‘xshatsa bo‘ladi. Tig‘ qizdirilganida va so‘ng sovitilganida mustahkamroq bo‘ladi. Shu singari, qiyinchiliklarni boshdan kechirganimizda imonimiz mustahkamlanadi. Mana shu bois, Yoqub: «Har tomonlama yetuk, bekam-u ko‘st va benuqson bo‘lishingiz uchun sabr-bardosh to‘la samarasini ko‘rsatsin»,— deb aytgan. (Yoqb. 1:4) Qiyinchiliklar tufayli imonimiz mustahkamroq bo‘lganini ko‘rganimizda, ularni quvonch ila yenga olamiz.

8 Qolaversa, Yoqub quvonchimizni yo‘qotishga sabab bo‘ladigan ba’zi narsalarni oshkor etgan. Xo‘sh, qanday qiyinchiliklar haqida gap ketyapti? Ularni qay yo‘sin yenga olamiz?

QUVONCHIMIZGA RAHNA SOLADIGAN QIYINCHILIKLARNI YENGISH

9. Nega bizga donolik kerak?

9 Qiyinchilik: nima qilishni bilmaslik. Qiyinchilikni boshdan kechirganda, Yahovaga ma’qul keladigan, imondoshlarimizga foyda keltiradigan va benuqsonligimizni saqlashga ko‘maklashadigan qarorlar chiqarish uchun Xudodan yordam izlashni istaymiz. (Yerm. 10:23) Qanday yo‘l tutishni va bizga qarshi chiqayotganlarga nima deyishni bilishimiz uchun donolik kerak. Nima qilarimizni bilmaganimizda, o‘zimizni boshi berk ko‘chaga kirib qolganday his etamiz. Shunda, quvonchimizni yo‘qotishimiz hech gap emas.

10. Yoqub 1:5 ga ko‘ra, donolikka ega bo‘lish uchun nima qilishimiz lozim?

10 Yechim: Yahovadan donolik so‘rash. Agar qiyinchiliklarni quvonch ila yengmoqchi bo‘lsak, avvalambor Yahovadan donolik so‘rashimiz lozim. Shundagina, to‘g‘ri qarorlar chiqara olamiz. (Yoqub 1:5 ni o‘qing.) Yahova ibodatimizga darrov javob bermayotganday tuyulsa, nima qilishimiz kerak? Yoqub Xudodan so‘rab turishimiz kerakligini aytgan. Donolikni so‘rashda davom etsak, Yahova achchiqlanmaydi. Yahovaning bizdan jahli chiqmaydi. Qiyinchiliklarimizni yengish uchun donolik so‘rab ibodat qilganimizda, samoviy Otamiz uni bizga saxovat bilan beradi. (Zab. 25:12, 13) Allohimiz qiyinchiliklarimizni ko‘rib turibdi, bizga rahmi kelyapti va bizga yordam bermoqchi. Ha, bu quvonishimiz uchun yaxshi sabab! Qiziq, qay yo‘sin Yahova bizga donolik beryapti?

11. Donolikka ega bo‘lish uchun yana nima qilishimiz darkor?

11 Yahova Kalomi orqali bizga donolik beradi. (Hik. 2:6) Bu donolikka ega bo‘lish uchun Xudoning Kalomini va unga asoslangan adabiyotlarni tadqiq qilishimiz kerak. Lekin shunchaki bilimga ega bo‘lishdan ko‘prog‘ini qilishimiz lozim. Xudoning maslahatlarini amalda qo‘llab, Uning donoligini hayotimizga tatbiq etishimiz darkor. Yoqub: «Xudo kalomining tinglovchilarigina emas, balki bajaruvchilari ham bo‘linglar»,— deb yozgan. (Yoqb. 1:22) Tangri bergan maslahatlarni amalda qo‘llab, yanada tinchlikparvar, mulohazali va rahm-shafqatli bo‘lamiz. (Yoqb. 3:17) Bu fazilatlar yordamida har qanday qiyinchilikni quvonch ila yenga olamiz.

12. Nega Muqaddas Kitobni yaxshi bilish muhim?

12 Xudoning Kalomini ko‘zguga o‘xshatsa bo‘ladi. Uning yordamida yana nimada yaxshilanishimiz kerakligini va buni qay yo‘sin amalga oshirishimiz mumkinligini ko‘ra olamiz. (Yoqb. 1:23–25) Masalan, Xudoning Kalomini tadqiq qilgach, g‘azabimizni tiyishimiz kerakligini tushungan bo‘lishimiz mumkin. Odamlar bilan muomala qilganda yoki qiyinchiliklar dastidan tarang vaziyatlarga duch kelganimizda, Yahovaning yordami bilan muloyim bo‘lishga o‘rgana olamiz. Muloyim bo‘lganimiz sababli, muammolarga yo‘liqqanda ularga ijobiyroq qaray olamiz. Buning ustiga, yaxshiroq fikr yuritamiz va to‘g‘ri qarorlar chiqara olamiz. (Yoqb. 3:13) Muqaddas Kitobni yaxshi bilish naqadar muhim!

13. Nima uchun Muqaddas Kitobdagi misollarni tadqiq qilishimiz kerak?

13 Ba’zida boshimiz devorga urilgandan keyingina qandaydir saboq olamiz. Ammo bu biron nimani o‘rganishning oson yo‘li emas. Donolikka ega bo‘lishning yaxshiroq yo‘li boshqalarning muvaffaqiyati-yu xatolaridan saboq olishdir. Shu bois, Yoqub bizni Ibrohim, Rahoba, Ayub va Ilyos kabi Muqaddas Kitobdagi misollarga diqqat qaratishga undagan. (Yoqb. 2:21–26; 5:10, 11, 17, 18) Yahovaning bu sadoqatli xizmatchilari qiyinchiliklarda quvonch ila sabr-bardoshli bo‘la olgan. Ularning sabr-bardosh borasidagi o‘rnagi Yahovaning yordami bilan biz ham xuddi shunday qila olishimizni ko‘rsatyapti.

14, 15. Nima uchun shubhalarga barham berishimiz kerak?

14 Qiyinchilik: shubhalar paydo bo‘lishi. Gohida Xudoning Kalomidagi biron nimani tushunishga qiynalishimiz mumkin. Yo bo‘lmasa, Yahova ibodatlarimizga biz xohlaganday javob bermayotgandir. Shunday paytlarda shubhalar tug‘ilishi hech gap emas. Agar shubhalarimizga ko‘z yumadigan bo‘lsak, imonimiz susayadi va Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizga putur yetadi. (Yoqb. 1:7, 8) Qolaversa, hatto kelajakka bo‘lgan umidimiz ham so‘nib qolishi mumkin.

15 Havoriy Pavlus kelajakka bo‘lgan umidimizni langar bilan solishtirgan. (Ibron. 6:19) Bo‘ron paytida langar kemani bir joyda ushlab turadi va qoyalarga urilib ketishidan saqlaydi. Lekin langarning zanjiri uzilmagan bo‘lsagina, undan foyda bor. Zang langarning zanjirini yemirgani kabi, barham berilmagan shubhalar imonimizni susaytiradi. Shubhalarga berilgan inson ta’qiblarga duch kelganida, Yahova va’dalarini amalga oshirishiga bo‘lgan ishonchini yo‘qotishi mumkin. Imonni yo‘qotish umidni yo‘qotish demakdir. Yoqub aytganiday, «shubhalanayotgan kishi shamolda tebranib, chayqalayotgan dengiz to‘lqiniga o‘xshaydi». (Yoqb. 1:6) Bunday odam quvonishi ehtimoldan yiroq, shunday emasmi?

16. Agar shubhalarimiz bo‘lsa, nima qilishimiz darkor?

16 Yechim: shubhalarga barham berish imonni mustahkamlaydi. Beqaror bo‘lmang. Ilyos payg‘ambarning davrida Yahovaning xalqi beqaror bo‘lib qoldi. Ilyos ularga shunday dedi: «Qachongacha bir qarorga kelolmay yurasizlar? Agar Yahova haq Xudo bo‘lsa, Unga ergashinglar. Bordi-yu, Baal haq Xudo bo‘lsa, unga sajda qilinglar!» (3 Shoh. 18:21) Bugungi kunda ham beqaror bo‘lmasligimiz lozim. O‘zimiz uchun Yahova haq Xudo, Muqaddas Kitob Uning Kalomi va Yahovaning Shohidlari Uning xalqi ekanini isbotlash uchun tadqiq o‘tkazishimiz darkor. (1 Salon. 5:21) Bunday yo‘l tutib, shubhalarimizni yo‘qqa chiqaramiz va imonimizni mustahkamlaymiz. Shubhalarga chek qo‘yish uchun yordam kerak bo‘lsa, oqsoqollarga murojaat qilishimiz mumkin. Agar Yahovaga quvonch ila xizmat qilishni xohlasak, zudlik bilan chora ko‘rishimiz kerak.

17. Jasoratimizni yo‘qotsak, nima bo‘ladi?

17 Qiyinchilik: tushkunlik. Xudoning Kalomida: «Og‘ir kunda ruhing tushsa, kuching ham zaiflashadi»,— deb aytilgan. (Hik. 24:10) «Ruhing tushsa» deb tarjima qilingan ibroniycha so‘z «jasoratni yo‘qotish» degan ma’noni anglatishi mumkin. Jasoratni yo‘qotsangiz, quvonch ham shu zahoti sizni tark etadi.

18. Sabr-bardosh qilish nimani anglatadi?

18 Yechim: sabr-bardosh qila olishingiz uchun Yahova jasorat berishiga ishoning. Qiyinchiliklarda jasoratli bo‘lishimiz uchun sabr-bardosh qilishimiz kerak. (Yoqb. 5:11) Yoqub qo‘llagan ibora, ya’ni «sabr-bardosh qilish» o‘z o‘rnidan qo‘zg‘almay mahkam turadigan insonni tasvirlaydi. Xayolimizga jasoratli askar kelishi mumkin. U shiddatli hujumlarga qaramay, dushmanlarga bir qarich yerni ham boy bermaslik uchun ortga chekinmaydi.

19. Havoriy Pavlusning o‘rnagidan qanday saboq olishimiz mumkin?

19 Havoriy Pavlus jasoratli bo‘lishda va sabr-bardosh qilishda ajoyib o‘rnak ko‘rsatgan. Ba’zida u o‘zini zaif his etgan. Ammo Pavlus Yahova unga u muhtoj bo‘lgan kuchni berishiga ishongani tufayli sabr-bardosh qila olgan. (2 Kor. 12:8–10; Filip. 4:13) Biz ham kamtarinlik ila Yahovaning yordamiga muhtoj ekanimizni tan olsak, shunday kuchga va jasoratga ega bo‘la olamiz. (Yoqb. 4:10)

XUDOGA YAQINLASHING VA QUVONING

20, 21. Nimaga amin bo‘lishimiz mumkin?

20 Biz duch kelayotgan qiyinchiliklar Yahovaning jazosi emasligiga amin bo‘lishimiz mumkin. Yoqub shunday deb yozgan: «Sinovga duchor bo‘lganda hech kim: “Meni Xudo sinayapti”,— deb aytmasin. Chunki Allohni hech kim yomonlik bilan sinay olmaydi, Uning O‘zi ham hech kimni yomonlik bilan sinamaydi». (Yoqb. 1:13) Bunga amin bo‘lsak, mehribon samoviy Otamizga yanada yaqinlasha olamiz. (Yoqb. 4:8)

21 Yahova «o‘zgarmaydigan Tangridir». (Yoqb. 1:17) U ilk masihiylarni qiyinchiliklari davomida qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, bugungi kunda ham har birimizga yordam beradi. Yahovadan donolik, imon va jasorat berishini sidqidildan so‘rang. U ibodatlaringizga javob beradi. Shunda, U qiyinchiliklaringiz davomida quvonchni yo‘qotmasligingizga ko‘maklashishiga amin bo‘lasiz.

128-QO‘SHIQ So‘nggi damga qadar chidang

^ 5- x.b. Yoqub kitobida qiyinchiliklarni yengishimizga ko‘maklashadigan amaliy maslahatlar bisyor. Ushbu maqolada Yoqub aytib o‘tgan ba’zi maslahatlarni ko‘rib chiqamiz. Ular qiyinchiliklarda sabr-bardoshli bo‘lishimizga hamda quvonchni yo‘qotmasdan Yahovaga xizmat qilishimizga ko‘maklashadi.

^ 59- x.b. RASMGA SHARHLAR. Birodarimizni uyida hibsga olishdi. Xotini va qizi ularga qarab turishibdi. Eri qamoqda. Imondoshlarimiz esa uning xotini va qizi bilan birga oilaviy topinishni o‘tkazyapti. Birodarning xotini bilan qizi qiyinchiliklarda sabr-bardoshli bo‘la olish uchun Yahovaga chin yurakdan ibodat qilishyapti. Yahova ularga ichki xotirjamlik va jasorat ato etyapti. Natijada ularning imoni mustahkamlandi va ular qiyinchilikni quvonch bilan yenga olyapti.