Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Yahova yo‘llarimni ravon qildi

Yahova yo‘llarimni ravon qildi

BIR safar yoshi yigirmalardan oshgan birodar: «Yoqtirgan oyatingiz qaysi?» — deb so‘radi. Men hech ikkilanmay: «Hikmatlar 3- bob, 5- , 6- oyatlar»,— dedim. U yerda: «Yahovaga butun qalbing bilan tayan, o‘z aqlingga ishonma. Har ishingda Uni yodda tut, U yo‘llaringni ravon qiladi»,— deyilgan. Ha, Yahova yo‘llarimni ravon qildi. Qanaqasiga?

OTA-ONAM TO‘G‘RI YO‘LNI TOPISHIMGA YORDAMLASHDI

Ota-onam turmush qurishdan avval, 1920-yillarda haqiqatni bilib olgan. Men 1939-yilning boshida tug‘ilganman. Bolaligimda Angliyada yashardik va ota-onam bilan yig‘ilishlarga borardim. Voizlik maktabi menga rosa yoqardi. Tinglovchilarni ko‘ra olishim uchun qutining ustiga chiqib, nutq so‘zlaganim hali ham esimda. O‘shanda olti yoshda edim va qattiq hayajonlanganman, atrofimda esa faqat yoshi kattalar bor edi.

Ota-onam bilan ko‘chama-ko‘cha xizmatda

Otam xizmatda foydalanishim uchun kartochkaga oddiy muqaddimani chop etib berdi. Ilk marotaba uyma-uy yolg‘iz va’z qilganimda, sakkiz yoshda edim. Uy egasi kartochkani o‘qib, shu zahoti «Alloh haqdir» kitobini olganidan boshim ko‘kka yetgandi! Ko‘chada otamning yoniga yugurib borib, bu haqida unga aytib berdim. Xizmat va yig‘ilishlar menga quvonch keltirib, Yahovaga to‘la vaqtli xizmat qilish istagini rivojlantirishimga ko‘maklashdi.

Otam meni «Qo‘riqchi minorasi» jurnaliga obuna qilganidan keyin Muqaddas Kitob haqiqati qalbimga yanada kuchliroq ta’sir qila boshladi. Kelgan har bir sonni ishtiyoq bilan o‘qirdim. Yahovaga bo‘lgan ishonchim ortib bordi va o‘zimni Unga bag‘ishlashga qaror qildim.

1950-yilda oilamiz bilan Nyu-Yorkda o‘tgan anjumanga tashrif buyurdik. 3-avgust payshanba kunining mavzusi «To‘la vaqtli maxsus va’zgo‘yning kuni» deb nomlangan edi. O‘sha kuni, keyinchalik Yetakchi kengash a’zosi sifatida xizmat qilgan Keri Barber birodarimiz suvga cho‘muvchilarga atalgan nutqni so‘zladi. U nutqining oxirida suvga cho‘muvchilarga atalgan ikkita savolni berganidan so‘ng o‘rnimdan turib: «Ha!» — deya javob berdim. O‘shanda yoshim o‘n birda edi, lekin muhim qadam qo‘yganimni tushungandim. Ammo suvga kirishdan qo‘rqqandim, chunki hali suzishni bilmasdim. Amakim basseyngacha men bilan bordi va hammasi yaxshi bo‘lishiga ishontirdi. Chindan ham, barchasi shunchalik tez bo‘ldiki, oyog‘im basseynning tubiga tegishga ham ulgurmadi. Bitta birodar meni boshqasiga uzatdi. Bittasi meni suvga cho‘mdirdi, ikkinchisi esa basseyndan ko‘tarib oldi. O‘sha muhim kundan beri Yahova yo‘llarimni ravon qilib kelmoqda.

YAHOVAGA TAYANISHNI TANLADIM

Maktabni bitirgach, kashshof bo‘lishni istagandim, ammo ustozlarim oliy ma’lumotli bo‘lishga undashardi. Ularning bosimiga berilib, universitetga kirdim. Lekin ko‘p o‘tmay shuni tushundimki, bir vaqtning o‘zida ham haqiqatda mustahkam turish, ham o‘qishga diqqat qaratish imkonsiz edi. Shu bois, o‘qishni tashlashga qaror qildim. Bu haqida Yahovaga ibodat qilib, birinchi o‘quv yilining so‘ngida ketish to‘g‘risida ariza yozdim. Butunlayin Yahovaga tayanib, shu zahoti kashshoflikni boshladim.

1957-yili iyulda Uellingboro shaharchasida to‘la vaqtli xizmatimni boshladim. London Baytilidagi birodarlardan meni tajribali kashshofga hamkor qilishlarini so‘radim. Birodar Bert Veyzidan ko‘p narsani o‘rgandim. U sidqidildan xizmat qilgani va’zgo‘ylikda yaxshi jadval tuzishimga ko‘maklashdi. Jamoatimizda oltita keksa opa, birodar Veyzi va men bor edim. Barcha yig‘ilishlarga tayyorlanish va ularda qatnashish tufayli Yahovaga bo‘lgan ishonchimni mustahkamlash hamda imonimni namoyon etish uchun ko‘p imkoniyatga ega bo‘ldim.

Harbiy xizmatni o‘tashdan bosh tortganim uchun qisqa vaqtga qamoqqa tashlandim. Ozod bo‘lganimdan keyin maxsus kashshof bo‘lgan Barbara bilan tanishdim. 1959-yili turmush qurdik va bizni qayerga tayinlashsa, o‘sha yerga borishga tayyor edik. Birinchi bo‘lib Angliyaning shimoli-g‘arbidagi Lankashirga tayinlandik. So‘ng 1961-yili yanvarda meni Mas’uliyatli birodarlar uchun maxsus ta’lim dasturiga taklif qilishdi. O‘qish London Baytilida bir oy mobaynida davom etdi. O‘qishning oxirida ko‘chma nozirlik xizmatiga tayinlashlarini kutmagan edim. Ikki hafta mobaynida Birmingem shahrida tajribali tuman noziridan ta’lim oldim va Barbara ham menga qo‘shilishiga ruxsat berilgan edi. So‘ng Lankashir va Cheshir grafligidagi vazifalarimizni bajarish uchun yo‘l oldik.

YAHOVA DOIM ISHONCHNI OQLAYDI

1962-yili avgustda ta’tilda bo‘lganimizda, filialdan xat oldik. Ichida Gilad maktabida o‘qish uchun arizalar bor ekan! Bu haqida ibodat qilgach, Barbara bilan arizalarni to‘ldirdik-da, aytilganiday, tezda filialga jo‘natdik. Besh oydan so‘ng Gilad maktabining 38- sinfida o‘n oy davomida Muqaddas Kitob asosida ta’lim olish uchun Nyu-Yorkka (Bruklin) yo‘l oldik.

Giladda nafaqat Xudoning Kalomi va tashkiloti, balki birodarligimiz to‘g‘risida ko‘p narsani o‘rgandik. Men 24, Barbara esa 23 yoshda edi va biz sinfdoshlarimizdan ancha narsani o‘rgandik. Har kuni ustozlarimizdan biri Fred Rask bilan ishlab, muayyan vazifani bajarish sharafiga ega bo‘lganman. Fred Rask ta’kidlab o‘tgan darslardan biri maslahat doim adolatli bo‘lishi, ya’ni u faqatgina Muqaddas Yozuvlarga asoslanishi kerakligi haqida edi. Shuningdek, o‘qishimiz davomida Neytan Norr, Frederik Frens va Karl Kleyn kabi tajribali birodarlar ma’ruzalar aytdi. Qolaversa, kamtar birodar Makmillanning o‘rnagidan ko‘p narsani o‘rgandik. U 1914-yildan 1919-yilning boshlariga qadar sinovli paytlarda Yahova yo‘l-yo‘riq bergani borasida ma’ruza so‘zlagandi.

VAZIFAMIZ O‘ZGARDI

O‘qishimiz oxirlab qolganida, birodar Norr men bilan Barbara Burundiga (Afrika) tayinlanganimizni aytdi. O‘sha paytda Burundida qancha va’zgo‘y xizmat qilishni «Yilnoma»dan ko‘rish uchun Baytil kutubxonasiga oshiqdik. Buni qarangki, u yerda va’zgo‘ylar soni qancha ekanini topolmadik! Ha, biz va’zgo‘y oyog‘i yetmagan hududga, o‘zimiz kam ma’lumotga ega bo‘lgan qit’adagi mamlakatga ketayotgandik. Oh, rosa xavotirlangandik! Sidqidildan ibodat qilish xotirjamlikka ega bo‘lishimizga yordam berdi.

Yangi vazifamizda barchasi — iqlim, madaniyati va tili biz oldin duch kelganlardan mutlaq farq qilardi. Endi fransuz tilini o‘rganishimiz kerak edi. Shuningdek, yashashimiz uchun joy topishimiz lozim edi. Kelganimizdan ikki kun o‘tgach, Giladdagi sinfdoshimiz Xarri Arnott Zambiyaga — o‘z vazifasiga qaytayotganida biznikiga tashrif buyurdi. Xarri uy topishimizga yordam berdi va u to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylik xizmatimizdagi birinchi uyimiz bo‘ldi. Lekin tez orada mahalliy hokimiyat tomonidan qarshiliklarga duch kela boshladik. Davlat xodimlari Yahovaning Shohidlari haqida hech narsani bilmasdi. Xizmatimizdan endi quvonch topamiz, deganda ular agar ishimiz bo‘lmasa, u yerda qola olmasligimiz to‘g‘risida ogohlantirdi. Afsuski, ketishimizga va boshqa mamlakatga — Ugandaga borishimizga to‘g‘ri keldi.

Ugandaga vizasiz borishdan xavotirlangandik, lekin Yahovaga tayandik. Ugandaning ehtiyoj katta bo‘lgan hududida xizmat qiladigan kanadalik birodar migratsiya xizmati xodimiga vaziyatimizni tushuntirdi va bizga bir necha oy berildi. Bu vaqt davomida yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘la olardik. Vaziyat ijobiy tus olganidan Yahova yordam berayotganini ko‘rdik.

Yangi vazifamizdagi sharoit Burundida bo‘lganidan anchagina farq qilardi. Butun mamlakat bo‘ylab bor-yo‘g‘i 28 ta va’zgo‘y bo‘lsa-da, Shohlik ishi yo‘lga qo‘yilgan edi. Hududimizda ingliz tilida gapiradigan ko‘p odamni uchratdik. Biroq tez orada shuni tushundikki, qiziqish bildirganlarga ma’nan o‘sishga yordam berish uchun tub aholi gapiradigan tillardan kamida bittasini o‘rganishimiz kerak edi. Biz Kampala hududida va’z qila boshladik va bu yerda ko‘plar luganda tilida gapirardi. Shu bois, diqqatimizni mana shu tilga qaratishga qaror qildik. Bu tilda bemalol gapirishni o‘rganishimiz uchun bir necha yil kerak bo‘ldi, ammo uning yordamida samaraliroq va’z qila oldik. Biz Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazgan odamlarning ma’naviy ehtiyojlarini yaxshiroq tushuna boshladik. Ular esa, o‘z navbatida, biz bilan bemalol suhbatlashardi va o‘rganayotganlari borasida nimalarni his qilayotganini aytardi.

TURLI SAFARLAR

«Qidiruv safari», Uganda

Haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan kamtarin odamlarga yordam berishdan quvonardik. Butun mamlakat bo‘ylab ko‘chma nozirlik xizmati kabi kutilmagan sharafga ega bo‘lganimizda, quvonchimizga yana bir quvonch qo‘shildi. Maxsus kashshoflar xizmat qila olishi uchun mos keladigan joylarni topish maqsadida Keniya filialining yo‘l-yo‘rig‘i ostida «qidiruv safariga» chiqdik. Yahovaning Shohidlarini oldin hech ham uchratmagan odamlar bizga bir necha marotaba mehmondo‘stlik ko‘rsatdi. Ular bizni kutib oldi va hatto biz uchun ovqatlar tayyorladi.

Oldinda yana bir safar kutayotgandi. Men poezdda ikki kunlik yo‘l yurib, Kampaladan Keniyadagi Mombasa portiga bordim. U yerdan esa kemada Hind okeanidagi Seyshel orollariga yo‘l oldim. Keyinchalik, 1965–1972-yillarda, Barbara muntazam ravishda men bilan Seyshel orollariga boradigan bo‘ldi. Bu vaqt davomida bir-biridan olisda yashagan ikkita va’zgo‘y bir guruh bo‘ldi, so‘ng esa u gullab-yashnayotgan jamoatga aylandi. Boshqa safarlarda esa Eritreya, Efiopiya va Sudandagi birodarlarni ko‘rishga bordim.

O‘sha paytlari Ugandada to‘ntarilish yuz berib, siyosiy vaziyat bir zumda o‘zgardi. Dahshatga to‘la o‘sha yillar davomida «podshohning haqini podshohga... beringlar» degan yo‘l-yo‘riqqa amal qilish donolik ekanini tushundim. (Mark 12:17) Bir marta barcha xorij fuqarolari o‘zlari yashayotgan uy yaqinidagi politsiya mahkamasida ro‘yxatdan o‘tishi kerak edi. Shu ondayoq bunga quloq soldik. Bir necha kun o‘tgach, Kampala bo‘ylab ketayotganimizda, davlat xodimlari to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘yni va meni to‘xtatishdi. Yuragimiz taka-puka bo‘lib ketdi! Ular bizni josuslikda ayblab, markaziy politsiya mahkamasiga olib ketishdi. U yerda esa biz tinchliksevar to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar ekanimizni tushuntirdik. Allaqachon ro‘yxatdan o‘tganimizni aytsak-da, bizga quloq solishni istamasdi. Qurollangan soqchi nazorati ostida bizni uyimiz yaqinidagi politsiya mahkamasiga olib borishdi. Bizni ro‘yxatdan o‘tkazgan politsiya xodimi bizni taniganida va soqchilarga qo‘yib yuborishini aytganida yelkamizdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi.

O‘sha paytlari ko‘pincha yo‘ldagi postlarda, ayniqsa, mast askarlar bizni to‘xtatishganida, mushkul vaziyatlarga duch kelardik. Ammo har safar ibodat qilardik va eson-omon o‘tib ketishimizga ruxsat berishganida, xotirjamlikni his etardik. Afsuski, 1973-yili barcha to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylarga Ugandani tark etish buyurildi.

«Ilohiy xizmatimiz»ning nusxalarini tayyorlayapman, Abidjan, Kot-d’Ivuardagi filialimiz

Vazifamiz yana o‘zgardi va bu gal bizni Kot-d’ivuarga (G‘arbiy Afrika) tayinlashdi. Bu umuman yangi madaniyatga moslashishni, yana doim fransuz tilida gapirishni va kelib chiqishi turlicha bo‘lgan to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar bilan yashashga o‘rganishimiz kerakligini anglatardi. Lekin kamtarin va samimiy odamlar xushxabarni tezda qabul qilganida, Yahova bizni yo‘naltirganiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Xotinim ikkovimiz Yahovaga tayanganimiz tufayli U yo‘llarimizni ravon qilganini ko‘rdik.

Kutilmaganda Barbaraga saraton tashxisi qo‘yildi. Har xil mamlakatlarga borib, maxsus davolanish turlarini olganimizga qaramay, 1983-yili Afrikadagi xizmatimizni davom ettira olmasligimizni tushundik. Bundan ikkalamizning ham ko‘nglimiz tushgan edi.

VAZIYATIMIZ O‘ZGARDI

London Baytilida xizmat qilayotganimizda, Barbaraning kasalligi avj oldi va oxiri u hayotdan ko‘z yumdi. Baytil oilasi men uchun ajoyib tirgak bo‘ldi. Bir juftlik bu vaziyatga ko‘nikishimga va Yahovaga tayanishda davom etishimga katta yordam berdi. Keyinroq shtatdan tashqari baytilchi bo‘lgan va oldinlari maxsus kashshof sifatida xizmat qilgan Annani uchratdim. Uning Yahovaga bo‘lgan sevgisi ma’naviy inson ekanini ko‘rsatardi. Anna bilan 1989-yili turmush qurdik va o‘shandan beri Londondagi Baytilda xizmat qilib kelyapmiz.

Anna bilan Buyuk Britaniyadagi yangi Baytilda

1995-yildan 2018-yilga qadar deyarli 60 ta mamlakatga tashrif buyurib, bosh idora vakili (oldin mintaqa noziri) sifatida xizmat qilish sharafiga ega bo‘lganimdan xursandman. Har bir tashrifda Yahova turli vaziyatdagi xizmatchilariga baraka berayotganining shaxsan guvohi bo‘ldim.

Tashriflardan birida 2017-yili Afrikaga bordik. Burundiga Anna bilan borganimizdan boshim osmonga yetgandi va u yerdagi o‘sishni ko‘rib, qoyil qoldik! 1964-yili men uyma-uy xizmat qilgan ko‘chada hozir ajoyib Baytil bor va butun mamlakat bo‘ylab 15 500 dan oshiq va’zgo‘y xizmat qilmoqda.

2018-yil uchun tashriflar ro‘yxatini olganimda, quvonchim ichimga sig‘may ketgan edi. Ro‘yxatdagi mamlakatlar orasida Kot-d’Ivuar bor edi. U yerdagi eng yirik shahar Abidjanga kelganimizda, uyimga qaytganday bo‘ldim. U yerdagi Baytil xonamizda bizdan keyin kim turishini bilish uchun telefon raqamlarini kuzatayotganimda, Sossou ismli birodar borligini ko‘rdim va bu ismni shu zahoti tanidim. Abidjanda xizmat qilganimda, u shahar noziri * bo‘lganini esladim. Lekin adashibman. Bu boshqa Sossou — uning o‘g‘li ekan.

Yahova va’dasini bajarib kelmoqda. Turli xil og‘ir vaziyatlarda shunga o‘rgandimki, Yahovaga tayanganimizda, U chindan ham yo‘llarimizni ravon qiladi. Hozir yangi dunyodagi hayot bilan yanada yorishadigan oxiri yo‘q yo‘ldan yurishni intiqib kutyapmiz. (Hik. 4:18)

^ 33- x.b. Bugungi kunda shahar nozirlari yo‘q.