Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

7- TADQIQ MAQOLASI

«Dononing so‘zlarini tingla»

«Dononing so‘zlarini tingla»

Quloq tutib, dononing so‘zlarini tingla. HIK. 22:17

123-QO‘SHIQ Ilohiy tartibga sadoqat-la bo‘ysunamiz

BU MAQOLADA *

1. Nega maslahatlar olamiz va nima uchun hammamiz ularga muhtojmiz?

 VAQTI-VAQTI bilan barchamiz maslahatga muhtojmiz. Ba’zida o‘zimiz hurmat qiladigan kishidan maslahat so‘rashimiz mumkin. Gohida esa biz haqimizda xavotirlanayotgan birodar «biron-bir xatoga» yo‘l qo‘yayotganimizni ko‘rib, bizga maslahat berar. Bu keyinchalik pushaymon bo‘lishimizdan asrab qoladi. (Galat. 6:1) Yoki jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganimizdan keyin maslahat olishimiz mumkin. Qanday bo‘lmasin, maslahatlarga quloq solishimiz kerak. Bunday qilish o‘zimizga foyda keltiradi va hayotimizni saqlab qoladi. (Hik. 6:23)

2. Hikmatlar 12:15 ga ko‘ra, nega maslahatga quloq solishimiz kerak?

2 Ochqich oyat bizni «quloq tutib, dononing so‘zlarini tinglashga» undayapti. (Hik. 22:17) Hamma narsani biladigan odamning o‘zi yo‘q. Lekin bizga qaraganda bilimi yoki tajribasi ko‘proq odam doim topiladi. (Hikmatlar 12:15 ni o‘qing.) Maslahatga quloq solish kamtarlikning belgisidir. Bu imkoniyatlarimiz chegaralanganini bilishimizni va maqsadlarimizga erishish uchun yordamga muhtoj ekanimizni tushunayotganimizni ko‘rsatadi. Dono shoh Sulaymon ilohiy ilhom ostida shunday yozgan: «Maslahatchi ko‘p bo‘lsa, ular [rejalar] amalga oshadi». (Hik. 15:22)

Qaysi birini qabul qilish siz uchun qiyinroq? (3-, 4- xatboshilariga qarang.)

3. Qanday yo‘llar orqali maslahat olishimiz mumkin?

3 Bilvosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahat olishimiz mumkin. Xo‘sh, bilvosita maslahat olish nima degani? Masalan, Muqaddas Kitobni yoki adabiyotlarimizdan biron ma’lumotni o‘qiganimizda, bu bizni to‘xtab, ishlarimizni tekshirishga va o‘zgarishga undashi mumkin. (Ibron. 4:12) Buni bilvosita maslahat olish desa bo‘ladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahat olish-chi, nimani anglatadi? Oqsoqol yoki ma’nan yetuk birodarimiz nimaning ustida ishlashimiz kerakligini aytishi mumkin. Buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahat olish desa bo‘ladi. Odam bizni yaxshi ko‘rsagina Muqaddas Kitob asosida maslahat beradi. Shu bois, uning aytganlari uchun minnatdor bo‘lishimiz va maslahatini qabul qilishimiz kerak.

4. Maslahat olganimizda nima qilmasligimiz kerak? (Voiz 7:9)

4 To‘g‘ridan-to‘g‘ri berilgan maslahatga quloq solib, unga amal qilish qiyin kechishi mumkin. Bundan hatto xafa bo‘lib qolarmiz. Nega? Nomukammal ekanimizni tan olsak-da, kimdir bizga xato qilayotganimizni aytib maslahat bersa uni qabul qilish qiyin kechishi hech gap emas. (Voiz 7:9 ni o‘qing.) O‘zimizni oqlarmiz yoki bizga maslahat bergan kishining niyatlarini shubha ostiga qo‘yarmiz. Shuningdek, u bizga qay tarzda maslahat berganidan xafa bo‘lib qolishimiz mumkin. Shunda, o‘sha kishini hatto tanqid qilib shunday fikrga borarmiz: «Menga maslahat berishga qanday haqqi bor? O‘zining xatolariga qarasin». Agar maslahat bizga yoqmasa, uni nazarimizga ilmasligimiz mumkin. Yoki eshitishni xohlagan maslahatni olish umidida boshqa kishidan maslahat so‘rarmiz.

5. Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

5 Mazkur maqolada maslahatni qabul qilgan va qabul qilmaganlarning misollarini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, maslahatni qabul qilishga nima yordam berishini va bunday yo‘l tutganimizda, qanday foyda ko‘rishimizni bilib olamiz.

ULAR MASLAHATNI RAD ETGAN

6. Shoh Raxabom maslahatga bildirgan munosabatidan qanday saboq olyapmiz?

6 Raxabom bilan bo‘lgan vaziyatni olaylik. U Isroilning shohi bo‘lgach, xalq uning oldiga iltimos bilan keldi. Ular undan otasi Sulaymon solgan og‘ir bo‘yinturuqni yengillashtirishni so‘rashdi. Raxabom Isroil oqsoqollariga maslahat solib, xalqqa qanday javob berish borasida so‘radi. Ular shohga xalqning bo‘yinturug‘ini yengillashtirsa, xalq uni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. (3 Shoh. 12:3–7) Aftidan, Raxabom bu maslahat bilan qoniqmadi. Shuning uchun, u o‘zi bilan katta bo‘lganlardan ham maslahat so‘radi. Ehtimol, ular taxminan 40 yoshlarda bo‘lgan va hayotda qandaydir tajribaga ega bo‘lgan. (2 Sol. 12:13) Lekin bu vaziyatda ular Raxabomga yomon maslahat berdi. Bu erkaklar unga xalqning bo‘yinturug‘ini yanada og‘irlashtirishni aytdi. (3 Shoh. 12:8–11) Raxabom ikkita maslahat oldida turgandi va qaysi biriga quloq solish borasida Yahovaga ibodat qilishi mumkin edi. Biroq buning o‘rniga, u qulog‘iga yoqqan maslahatga amal qilib xalqning bo‘yinturug‘ini og‘irlashtirdi. Buning oqibatlari ham Raxabom, ham Isroil xalqi uchun ayanchli bo‘ldi. Shu singari, biz doim ham o‘zimizga yoqadigan maslahatni eshitmasmiz. Ammo u Xudoning Kalomiga asoslangan bo‘lsa, uni qabul qilishimiz kerak.

7. Shoh Uzziyo bilan yuz bergan vaziyatdan qanday saboq olishimiz mumkin?

7 Shoh Uzziyo maslahatni rad etgan. U Yahovaning ma’badiga kirib tutatqi tutatmoqchi bo‘lgan. Bunga faqat ruhoniylarning haqqi bo‘lgan. Ular Uzziyoga shunday deb aytgan: «Ey shohimiz Uzziyo, Yahovaga tutatqi tutatishga haqqingiz yo‘q! Tutatqini faqat ruhoniylar tutatishi kerak». Xo‘sh, u nima qilgan? Uzziyo bu maslahatni kamtarlik ila qabul qilib, ma’baddan shu zahoti chiqib ketganida, Yahova, ehtimol, uni kechirardi. Ammo Uzziyoning «achchig‘i chiqdi». Nega u maslahatni rad etdi? Uzziyo, ehtimol, shoh sifatida xohlaganimni qilishga haqliman, deb o‘ylagandir. Biroq Yahova bunga boshqacha munosabatda edi. Uzziyo haqqi bo‘lmagan ishni qilgani uchun «moxov kasaliga duchor bo‘lib, umrining oxirigacha sog‘aymadi». (2 Sol. 26:16–21) Ko‘rib chiqqanimizday, kim bo‘lishimizdan qat’i nazar, Muqaddas Kitobga asoslangan maslahatni rad etsak, Yahovaning marhamatini yo‘qotamiz.

ULAR MASLAHATNI QABUL QILDI

8. Ayub maslahatga qanday munosabat ko‘rsatdi?

8 Ko‘rib chiqqan ogohlantiruvchi misollardan farqli ravishda Muqaddas Kitobda maslahatni qabul qilgani uchun baraka olgan kishilarning yaxshi misollari ham bor. Masalan, Ayubni olaylik. U xudojo‘y bo‘lsa ham nomukammal bo‘lgan. Qattiq bosim ostida u ba’zi noto‘g‘ri fikrlarni aytgan. Natijada, u Elixu va Yahovadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahat olgan. Xo‘sh, Ayub bunga qanday munosabat ko‘rsatgan? U maslahatni kamtarlik ila qabul qilgan. Ayub shunday degan: «Men tushunmay turib gapirdim. [...] Aytganlarimni qaytarib olaman. Tuproq va kulga o‘tirib, tavba qilaman». Yahova Ayubga kamtarligi uchun baraka bergan. (Ayub 42:3–6, 12–17)

9. Maslahatni qabul qilish borasida Muso qanday o‘rnak ko‘rsatgan?

9 Muso payg‘ambar ham yaxshi o‘rnak qoldirgan. U jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganida, maslahatni qabul qilgan. Bir safar Muso g‘azabga berilib, Yahovani sharaflamagan. Oqibatda u va’da qilingan yurtga kira olmagan. (Sah. 20:1–13) U Yahovaning qaroridan xafa ekanini aytganida, Yahova unga: «Menga bu haqda boshqa og‘iz ochma»,— deb javob bergan. (Qonun. 3:23–27) Lekin Musoning jahli chiqmagan. Aksincha, u Yahovaning qarorini qabul qilgan. Yahova esa Isroil xalqini yetaklashda undan foydalanishda davom etgan. (Qonun. 4:1) Ham Ayub, ham Muso maslahatni qabul qilish borasida yaxshi o‘rnakdir. Ularga taqlid qilsak arziydi. Ayub nuqtai nazarini o‘zgartirgan. Muso esa va’da qilingan yurtga kira olmagan bo‘lsa-da, oxirigacha sadoqatli qolib, Yahovaning maslahatini qabul qilgan.

10. a) Maslahatni qabul qilsak qanday foyda olamiz? (Hikmatlar 4:10–13) b) Ba’zilar maslahat haqida qanday fikr bildirdi?

10 Ayub va Muso kabi sadoqatli kishilarga taqlid qilganimizda foyda olamiz. (Hikmatlar 4:10–13 ni o‘qing.) Ko‘p imondoshlarimiz ular kabi yo‘l tutadi. Kongoda yashovchi Emmanuel ismli birodarimizning so‘zlariga e’tibor bering *. U shunday dedi: «Jamoatimdagi ma’nan yetuk birodarlar Yahova bilan munosabatlarim xavf ostida ekanini ko‘rganida, menga yordam berishdi. Ularning maslahatiga amal qildim. Bu meni anchagina muammolardan saqlab qoldi». Kanadadagi Megan ismli kashshof maslahat haqida shunday deb bo‘lishdi: «Bu doim ham men eshitishni xohlagan maslahat emas edi. Ammo uni eshitishim kerak edi». Xorvatiyadagi Marko birodarimiz quyidagicha dedi: «Men sharafli vazifalarimni yo‘qotdim. Ammo ortga qarab, menga berilgan maslahat ma’nan tiklanishimga hissa qo‘shganini tushunyapman».

11. Birodar Karl Kleyn maslahatni qabul qilish borasida nima deb aytgan?

11 Karl Kleyn birodarimiz ham maslahatni qabul qilib foyda olganlar qatoriga kiradi. U Yetakchi kengash a’zosi sifatida xizmat qilgan. Bu birodarimiz tarjimai holida yaqin do‘sti Jozef Ruterforddan jiddiy maslahat olgani haqida yozgan. Birodar Kleynga olgan maslahati boshida qattiq botgan. U quyidagilarni aytgan: «Oradan vaqt o‘tib, Ruterford birodarimiz men bilan ko‘rishib do‘stona salom berdi. Men quruq javob qaytarganim uchun Ruterford birodar hali ham undan xafa ekanimni sezib: “Ehtiyot bo‘l, Karl! Iblis izingga tushgan”,— deb meni ogohlantirdi. Men xijolatga tushib: “Sizdan xafa emasman”,— deb aytdim. Lekin Ruterford birodar undan xafa ekanimni bilib: “Baribir ehtiyot bo‘l! Iblis izingga tushgan”,— deb ogohlantirdi. U haq edi. Ayniqsa, nimadir deyishga haqqi bo‘lgan birodarga gina saqlasak,.. Iblisning tuzog‘iga tushgan bo‘lamiz» *. (Efes. 4:25–27) Kleyn Ruterfordning maslahatini qabul qilgan va ular yaqin do‘st bo‘lib qolgan.

MASLAHATNI QABUL QILISHIMIZGA NIMA YORDAM BERADI?

12. Qanday qilib kamtarlik maslahatni qabul qilishimizga yordam beradi? (Zabur 141:5)

12 Maslahatni qabul qilishimizga nima yordam beradi? Kamtarin bo‘lib, nomukammal ekanimizni va ba’zida noto‘g‘ri yo‘l tutishimizni esda saqlashimiz lozim. Yuqorida ko‘rib chiqqanimizday, Ayub noto‘g‘ri nuqtai nazarga ega bo‘lgan. Lekin u fikrlash tarzini o‘zgartirgan va Yahova unga baraka bergan. Xo‘sh, nega? Chunki Ayub kamtarin edi. U o‘zidan yosh bo‘lgan Elixuning maslahatini qabul qilib kamtarin ekanini ko‘rsatgan. (Ayub 32:6, 7) Shu singari, kamtarlik bizdan yoshroq odam maslahat berganida, uni qabul qilishimizga va bu maslahatga muhtoj emasman, deb o‘ylamasligimizga yordam beradi. Kanadalik oqsoqol shunday dedi: «Biz o‘zimizni ko‘ra olmaymiz, boshqalar esa ko‘radi. Hech kimdan maslahat olmasak, qanaqasiga yaxshilana olamiz? Qolaversa, barchamiz muqaddas ruh samarasini rivojlantirishdan va xizmatda yaxshilanishdan to‘xtamasligimiz kerak». (Zabur 141:5 ni o‘qing.)

13. Maslahat borasida qanday fikrda bo‘lishimiz kerak?

13 Maslahatni Xudoning sevgisi deb biling. Yahova bizga eng a’losini bermoqchi. (Hik. 4:20–22) U bizga Kalomi, adabiyotlarimiz yoki tajribali imondoshlar orqali maslahat berganida, bu Uning bizga nisbatan sevgisidir. Ibroniylarga 12:9, 10 ga binoan, «Alloh foydamizni ko‘zlab» bunday qiladi.

14. Maslahat berilganda nimaga diqqat qaratishimiz kerak?

14 Maslahat qanday berilishiga emas, uning mag‘ziga diqqat qarating. Ba’zida bizga maslahat noto‘g‘ri tarzda aytildi deb o‘ylashimiz mumkin. Albatta, maslahat berayotgan kishi uni o‘rinli tarzda yetkazishga harakat qilishi kerak *. (Galat. 6:1) Lekin sizga maslahat berilgan bo‘lsa, buni yaxshiroq aytish mumkin edi, degan fikrga emas, balki maslahatning mag‘ziga e’tibor qaratsangiz yaxshi bo‘ladi. O‘zimizdan shunday so‘rasak bo‘ladi: «Maslahat qanday berilayotgani menga yoqmasa ham aytilayotgan fikrlarda jon bormi? Uni berayotgan kishining kamchiliklariga qaramay u aytayotgan fikrlardan foyda olishim mumkinmi?» Maslahat qanday berilishidan qat’i nazar, undan foyda olish yo‘lini izlasak, o‘z tomonimizdan dono yo‘l tutgan bo‘lamiz. (Hik. 15:31)

MASLAHAT SO‘RAB FOYDA OLING

15. Nega maslahat so‘rashimiz kerak?

15 Muqaddas Kitob bizni boshqalardan maslahat so‘rashga undayapti. Hikmatlar 13:10 da: «Donolik esa maslahat izlaganlar bilandir»,— deb aytilgan. Bu rost gap! Kimdir maslahat berishini kutib o‘tirmay, o‘zi boshqalardan maslahat so‘ragan odam bunday yo‘l tutmaganlarga qaraganda tezroq ma’nan o‘sadi. Shunday ekan, tashabbusni qo‘lga olib o‘zingiz boshqalardan maslahat so‘rang.

Nega singlimiz ma’nan yetuk opamizdan maslahat so‘rayapti? (16- xatboshiga qarang.)

16. Qaysi vaziyatlarda maslahat so‘rashimiz mumkin?

16 Imondoshlarimizdan qachon maslahat so‘rasak bo‘ladi? Keling, ba’zi vaziyatlarni ko‘rib chiqaylik. 1) Imondoshimiz tajribali va’zgo‘yni Muqaddas Kitob tadqiqiga taklif qiladi va ta’lim berishda qay yo‘sin yaxshilanishi to‘g‘risida undan maslahat so‘raydi. 2) Turmush qurmagan singlimiz biron kiyim sotib olmoqchi bo‘ladi va ma’nan yetuk opamizdan tanlovi haqida xolisona fikrini so‘raydi. 3) Birodarimizga ilk bor ommaviy nutq berildi. U tajribali ma’ruzachidan nutqini eshitib, nimalarni yaxshilashi kerakligi borasida maslahat so‘raydi. Birodarimiz ko‘p yillar davomida nutqlar so‘zlayotgan bo‘lsa ham, mahoratli ma’ruzachilardan maslahat so‘rab, unga amal qilishi mumkin.

17. Qay yo‘sin maslahatdan foyda olishimiz mumkin?

17 Kelayotgan hafta yoki oylarda barchamiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita maslahat olamiz. O‘shanda hozir muhokama qilgan asosiy fikrlarni eslang. Kamtarin bo‘ling. Maslahat qanday aytilganiga emas, uning mag‘ziga diqqat qarating. Uni amalda qo‘llang. Hech birimiz dono bo‘lib tug‘ilmaymiz. Lekin «maslahatga quloq solib tarbiyani qabul qilsak», Xudoning Kalomi bizni «dono bo‘lishimizga» ishontiryapti. (Hik. 19:20)

124-QO‘SHIQ Vafodormiz

^ 5- x.b. Yahovaning xizmatchilari Muqaddas Kitobga asoslangan maslahatlar foydali ekanini tushunadi. Lekin maslahatni qabul qilish doim ham oson emas. Nima uchun? Bizga maslahat berishganida, undan foyda olishga nima yordam beradi?

^ 10- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 14- x.b. Navbatdagi maqolada qay yo‘sin muloyimlik ila maslahat berish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.