Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

6- TADQIQ MAQOLASI

Yahova doim to‘g‘ri yo‘l tutishiga ishonyapsizmi?

Yahova doim to‘g‘ri yo‘l tutishiga ishonyapsizmi?

U — Qoya, Uning ishlari mukammaldir, barcha yo‘llari adolatli, aslo nohaqlik qilmaydigan sadoqatli Xudodir. U odil va haqdir. QONUN. 32:4

3-QO‘SHIQ Qudratim, Umidim, Tayanchim O‘zing

BU MAQOLADA *

1, 2. a) Nega ko‘plar hokimiyatga ega bo‘lgan insonlarga ishonishga qiynaladi? b) Mazkur maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

 HOZIR ko‘plar hokimiyatga ega bo‘lgan insonlarga ishonishga qiynaladi. Ular hukumat vakillari va ular chiqargan qonunlar ko‘pincha kambag‘allarni emas, boy va qudratli insonlarni himoya qilishini ko‘radi. Muqaddas Kitobda: «Insonning inson ustidan hukmronlik qilayotgani faqat ziyon keltiradi»,— deb aniq yozilgan. (Voiz 8:9) Bundan tashqari, ba’zi din rahbarlari yomon ishlarga qo‘l uryapti. Buning dastidan ayrimlar Xudoga ishonmay qo‘yyapti. Shu bois, biron kishi Muqaddas Kitob tadqiqiga rozi bo‘lsa, unga Yahovaga hamda U yer yuzida tayinlagan kishilarga bo‘lgan ishonchini rivojlantirishga yordam berishimiz lozim.

2 Albatta, nafaqat Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganlar, balki biz ham Yahova hamda Uning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashimiz kerak. Hatto Yahovaga ancha yillardan beri xizmat qilayotgan masihiylar U doim to‘g‘ri yo‘l tutishiga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmasligi lozim. Ba’zida bu boradagi ishonchimiz sinalishi mumkin. Mazkur maqolada quyidagi uchta vaziyatda ishonchimiz sinalishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz: 1) Muqaddas Kitobdagi muayyan bayonotni o‘qiganimizda, 2) Yahovaning tashkilotidan yo‘l-yo‘riq olganimizda, 3) kelajakda muayyan qiyinchilikka duch kelganimizda.

MUQADDAS KITOBNI O‘QIYOTGANINGIZDA, YAHOVAGA ISHONING

3. Muqaddas Kitobni o‘qiyotganda, qay yo‘sin Yahovaga bo‘lgan ishonchimiz sinalishi mumkin?

 3 Kalomni o‘qiganimizda, nega Yahova ba’zilar bilan bunday, boshqalar bilan esa unday yo‘l tutgan, deb o‘ylab qolishimiz mumkin. Misol uchun, Sahroda kitobida Yahova Shabbat kuni o‘tin tergan isroillikni o‘limga mahkum etgani haqida o‘qiymiz. Shohlar tarixi ikkinchi kitobda esa asrlar o‘tgach, zino va qotillik qilgan shoh Dovudni Yahova kechirgani haqida bilib olyapmiz. (Sah. 15:32, 35; 2 Shoh. 12:9, 13) Shunday o‘ylashimiz mumkin: «Nega Xudo Dovud zino va qotillik qilganini kechirgan-u, boshqa kishining uncha jiddiy bo‘lmagan gunohini kechirmagan?» Bu savolga javob topish uchun, keling, Muqaddas Kitobni o‘qiganimizda yodda tutishimiz kerak bo‘lgan uchta omilni ko‘rib chiqaylik.

4. Yahovaning hukmlariga nisbatan ishonchimizni qay yo‘sin mustahkamlay olamiz? (Ibtido 18:20, 21; Qonunlar 10:17)

4 Muqaddas Kitobda doim ham muayyan bayonotlar batafsil yoritib berilmagan. Misol uchun, Dovud qilmishlaridan chin dildan tavba qilganini bilamiz. (Zab. 51:2–4) Biroq Shabbat qonunini buzgan inson haqida nima desa bo‘ladi? U qanday inson bo‘lgan? U qilgan gunohidan afsuslanganmi? Oldinlari Yahovaning qonunlariga bo‘ysunganmi? Yo bo‘lmasa, Xudoning ogohlantirishlarini nazariga ilmay hatto ularga quloq solmaganmi? Muqaddas Kitobda bular haqida aytilmagan. Lekin shunga amin bo‘lishimiz mumkinki, Yahova «aslo nohaqlik qilmaydi». (Qonun. 32:4) Odatda odamlar kimdir haqida boshqalarning gap-so‘ziyu noto‘g‘ri fikrlari asosida xulosa chiqaradi. Ammo nomukammal odamlardan farqli ravishda, Yahova barcha tafsilotlarni inobatga olgan holda qaror chiqaradi. (Ibtido 18:20, 21; Qonunlar 10:17 ni o‘qing.) Yahova hamda Uning me’yorlari to‘g‘risida qancha ko‘p bilimga ega bo‘lsak, hukmlariga bo‘lgan ishonchimiz shuncha oshadi. Muqaddas Kitobdagi muayyan bayonot to‘g‘risida savollar tug‘ilsa va ularga o‘sha paytning o‘zida javob topa olmasak ham, Yahovaning «barcha yo‘llari adolatli» ekaniga ishonish uchun yetarlicha bilimga egamiz. (Zab. 145:17)

5. Nomukamalligimiz xulosa chiqarish qobiliyatimizga qanday ta’sir qiladi? (« Nomukammallik adolat borasidagi nuqtai nazarimizga ta’sir qiladi» nomli ramkaga ham qarang.)

5 Nomukammal bo‘lganimiz uchun doim ham boshqalarni to‘g‘ri hukm qila olmaymiz. Alloh bizni O‘ziga monand qilib yaratgan. Shu bois, odamlar adolatli yo‘l tutsa bu bizga yoqadi. (Ibt. 1:26) Lekin nomukammal bo‘lganimiz uchun hatto barcha tafsilotlarni bilaman, deb o‘ylaganimizda ham noto‘g‘ri xulosa chiqarishimiz mumkin. Esingizda bo‘lsa, Yahova Nineviyadagi odamlarga rahm-shafqat ko‘rsatganida, Yunusga bu yoqmadi. (Yunus 3:10–4:1) Ammo buning natijasi qanday bo‘lgan? Nineviyada yashagan 120 000 dan ziyod kishi tavba qilib omon qolgan. O‘shanda Yahova emas, Yunus noto‘g‘ri hukm qilgan.

6. Nega Yahova chiqargan qarorlarining sababini tushuntirishga majbur emas?

6 Yahova nega u yoki bu qarorni chiqarganining sababini tushuntirishga majbur emas. To‘g‘ri, Yahova o‘tmishda xizmatchilari Uning chiqargan yoki chiqarmoqchi bo‘lgan qarorlari haqida fikrini aytishga yo‘l qo‘ygan. (Ibt. 18:25; Yunus 4:2, 3) Ba’zida U chiqargan qarorining sababini tushuntirgan. (Yunus 4:10, 11) Lekin Yahova bunday qilishga majbur emas. U Yaratuvchimiz sifatida biron nima qilishidan oldin yoki qilib bo‘lganidan keyin roziligimizni olishga muhtoj emas. (Ishayo 40:13, 14; 55:9)

YO‘L-YO‘RIQ OLGANINGIZDA, YAHOVAGA ISHONING

7. Qanday qiyinchilikka duch kelishimiz mumkin va nima uchun?

7 Shubhasizki, Yahova hamisha to‘g‘ri yo‘l tutishiga aminmiz. Ammo U yer yuzida tayinlagan kishilarga ishonish biz uchun qiyin bo‘lar. Yahovaning tashkilotida muayyan hokimiyatga ega bo‘lgan kishilar aynan Uning yo‘l-yo‘rig‘iga binoan yo‘l tutyaptimi yoki o‘z fikriga asoslanib bunday qilyaptimi, deb o‘ylashimiz mumkin. Qadimda yashagan ba’zi kishilar shunday xulosa qilgandir.  Uchinchi xatboshidagi misollarni eslaylik. Shabbat kuni haqidagi qonunni buzgan kishining qarindoshi Muso payg‘ambar uni o‘limga loyiq, deb e’lon qilishdan avval chindan ham Yahova bilan maslahatlashdimi degan fikrga borgan bo‘lishi mumkin. Xetiy Uriyoning xotini Dovud bilan zino qilgan. Uriyoning do‘sti Dovud shoh bo‘lgani uchun o‘lim jazosidan qutulib qolgan, deb o‘ylagandir. Muhim haqiqat shuki, Yahova ishongan va yer yuzida tayinlagan kishilarga ishonmasak, demak, Unga ishonmayapmiz.

8. Birinchi asrdagi va hozirgi jamoat o‘rtasida qanday o‘xshashlik bor? (Havoriylar 16:4, 5)

8 Hozirda Yahova tashkilotining yer yuzidagi qismini «ishonchli va aqlli xizmatkor» orqali boshqaryapti. (Mat. 24:45) Birinchi asrdagi yetakchi kengash singari bu xizmatkor ham Xudoning yer yuzidagi xizmatchilariga bosh-qosh bo‘lyapti va oqsoqollarga yo‘l-yo‘riq beryapti. (Havoriylar 16:4, 5 ni o‘qing.) Oqsoqollar o‘z navbatida bu yo‘l-yo‘riqlarni jamoatlarga yetkazyapti. Tashkilot va oqsoqollar berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilish orqali Yahova doim to‘g‘ri yo‘l tutishiga ishonayotganimizni ko‘rsatamiz.

9. Oqsoqollarning qarorini qo‘llab-quvvatlash qachon qiyin bo‘lishi mumkin va nega?

9 Gohida oqsoqollar chiqargan qarorlarni qo‘llab-quvvatlash oson bo‘lmasligi mumkin. Masalan, so‘nggi yillarda ko‘p jamoatlarda va hududlarda o‘zgarishlar yuz berdi. Ba’zi hollarda oqsoqollar Yig‘ilish zallarimizning ko‘p qismi bo‘sh turmasligi uchun va’zgo‘ylarga boshqa jamoatlarga o‘tishni aytishdi. Agar bizdan ham yangi jamoatga o‘tishni so‘rashsa, do‘stlarimizni va oila a’zolarimizni qoldirib ketish oson bo‘lmasligi mumkin. Xo‘sh, oqsoqollar har bir va’zgo‘yni aynan qaysi jamoatga tayinlashi borasida Yahovadan yo‘l-yo‘riq oladimi? Yo‘q. Shuning uchun, bu masalada olgan yo‘l-yo‘riqqa amal qilish biz uchun qiyin bo‘lishi mumkin. Ammo Yahova oqsoqollarga bu borada ishonadi. Biz ham ularga ishonishimiz kerak *.

10. Nima uchun oqsoqollar bilan hamkorlik qilishimiz kerak? (Ibroniylarga 13:17)

10 Hatto oqsoqollar chiqargan qarorlar biz o‘ylaganday bo‘lmasa ham ular bilan hamkorlik qilishimiz va ularni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Bunday yo‘l tutib, Xudoning xalqi orasida tinchlik bo‘lishiga hissa qo‘shamiz. (Efes. 4:2, 3) Shuningdek, oqsoqollar kengashi chiqargan qarorni qo‘llab-quvvatlaganimizda, jamoatlar mustahkamlanadi. (Ibroniylarga 13:17 ni o‘qing.) Eng asosiysi, Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilishni topshirgan birodarlarga ishonish orqali Unga ishonayotganimizni ko‘rsatamiz. (Havor. 20:28)

11. Oqsoqollarning yo‘l-yo‘rig‘iga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashga nima yordam beradi?

11 Quyidagi fikrlarni yodda tutgan holda, oqsoqollar berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlay olamiz. Ular jamoatdagi masalalarni ko‘rib chiqayotganda, muqaddas ruh ularni boshqarishini so‘rab ibodat qiladi. Shuningdek, ular Muqaddas Kitobdagi mos prinsiplarni yaxshilab ko‘rib chiqadi va tashkilotimiz berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qiladi. Oqsoqollar Yahovaga ma’qul kelishni va Uning xalqiga g‘amxo‘rlik qilishni xohlaydi. Zero, sadoqatli kishilar o‘z vazifasini qay tarzda bajarayotgani borasida Xudoning oldida javobgar ekanini biladi. (1 Butr. 5:2, 3) Bir o‘ylab ko‘ring: irq, din va siyosat tufayli bo‘lingan bu dunyoda biz Yahovaga yakdil xalq sifatida topinyapmiz. Bu Yahova tashkilotini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun yuz beryapti.

12. Oqsoqollar odam chindan ham tavba qilayotgan-qilmayotganini aniqlash uchun qaysi omillarni inobatga oladi?

12 Yahova oqsoqollarga jamoatni pok saqlash kabi jiddiy mas’uliyatni topshirgan. Bordi-yu, masihiy og‘ir gunohga qo‘l ursa, Yahova oqsoqollardan o‘sha odam jamoatda qolish-qolmasligi borasida qaror chiqarishini kutadi. Bundan tashqari, ular kishi chindan ham tavba qilayotganini aniqlashi kerak bo‘ladi. Gunohga qo‘l urgan odam pushaymonman, deb aytishi mumkin. Lekin u qilgan ishidan chindan ham nafratlanyaptimi? Bu ishga boshqa qo‘l urmaslik qarori qat’iymi? Gunoh qilishiga xulq-atvori yomon do‘stlari sabab bo‘lgan bo‘lsa, u ular bilan munosabatlarini uzishga tayyormi? Oqsoqollar masalaga tegishli barcha omillarni Muqaddas Yozuvlar asosida ko‘rib chiqadi va odamning qilmishiga bo‘lgan munosabatini inobatga oladi. So‘ng ular kishi jamoatda qoladi, deb qaror chiqarishi mumkin. Ba’zi hollarda uni jamoatdan chetlatish kerak bo‘ladi. (1 Kor. 5:11–13)

13. Do‘st yoki qarindoshimiz jamoatdan chetlatilsa, nima haqida tashvishlanishimiz mumkin?

13 Oqsoqollarga bo‘lgan ishonchimiz qanday sinalishi mumkin? Jamoatdan chetlatilgan inson yaqin do‘stimiz yoki qarindoshimiz bo‘lmasa, oqsoqollarning bu qarorini qabul qilish oson kechar. Lekin u yaqin do‘stimiz bo‘lsa-chi? Shunda oqsoqollar hamma tafsilotlarni inobatga oldimi yoki ular vaziyatga Yahovaning nazari bilan qaradimi, deb tashvishlanishimiz hech gap emas. Ularning qaroriga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimizga nima yordam berishi mumkin?

14. Jamoatdan chetlatish borasidagi oqsoqollarning qarori shaxsan menga ta’sir qilayotgan bo‘lsa, bunga qanday munosabatda bo‘laman?

14 Jamoatdan chetlatish Yahova o‘rnatgan tartib bo‘lib, bu ham jamoatdagilarga, ham gunoh qilgan kishiga foyda keltirishini yodda saqlasak yaxshi bo‘lardi. Gunohga qo‘l urgan kishi chetlatilmasa, jamoatdagilarga salbiy ta’sir qilishi hech gap emas. (Galat. 5:9) Buning ustiga, u qilmishining jiddiyligini tushunmasligi va Yahova bilan yana do‘st bo‘lish uchun fikrlash tarzi-yu harakatlariga o‘zgarishlar kiritmasligi mumkin. (Voiz 8:11) Oqsoqollar kishini jamoatdan chetlatish-chetlatmaslik masalasiga jiddiy yondashishiga ishonsak bo‘ladi. Ular Isroildagi hakamlar kabi «odamning emas, Yahovaning nomidan hakamlik» qilayotganini tushunadi. (2 Sol. 19:6, 7)

HOZIR YAHOVAGA ISHONAYOTGANIMIZ QAY YO‘SIN BIZNI KELAJAKKA TAYYORLAYDI?

Buyuk musibatda oladigan yo‘l-yo‘riqlarga ishonishimizga va amal qilishimizga nima yordam beradi? (15- xatboshiga qarang.)

15. Nega hozir har qachongidan ham Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga ishonishimiz kerak?

15 Bu yovuz dunyoning oxiri yaqin ekan, Yahova doimo to‘g‘ri qaror chiqarishiga bo‘lgan ishonchimizni har qachongidan ham kuchaytirishimiz kerak. Nima uchun? Sababi buyuk musibatda bizga g‘alati, amaliy emas yoki mantiqsiz tuyuladigan yo‘l-yo‘riqlar olishimiz mumkin. Albatta, Yahova bizga shaxsan gapirmaydi. U tayinlangan kishilar orqali yo‘l-yo‘riqlar beradi. O‘shanda shubhalanishning yoki bu yo‘l-yo‘riq rostdan ham Yahovadanmi yo mas’uliyatli birodarlarning shaxsiy fikrimi, deb o‘ylashning vaqti bo‘lmaydi. O‘sha muhim davrda Yahovaga va tashkilotiga ishonasizmi? Hozir tashkilotning yo‘l-yo‘riqlariga qanday munosabatda bo‘layotganimiz, bu savolning javobini olishimizga yordam beradi. Bugungi kunda olayotgan yo‘l-yo‘riqlarga ishonsak va ularga tayyorlik ila amal qilsak, buyuk musibatda ham shunday qilamiz. (Luqo 16:10)

16. Yaqin kelajakda Yahovaning hukmlariga bo‘lgan ishonchimiz qanday sinalishi mumkin?

16 Ushbu yovuz dunyoning oxiri kelganida, Yahovaning hukmlariga qanday munosabat bildirishimiz haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Imondoshimiz bo‘lmagan ko‘p odamlar, jumladan, qarindoshlarimiz bu kun kelishidan avval Xudoga xizmat qilishiga umid qilyapmiz. Armageddon jangida esa Yahova Iso orqali ularning kelajagiga tegishli oxirgi qarorni chiqaradi. (Mat. 25:31–33; 2 Salon. 1:7–9) Kim Yahovaning rahm-shafqatiga loyiq bo‘lishi-yu bo‘lmasligi bizga bog‘liq bo‘lmaydi. (Mat. 25:34, 41, 46) O‘shanda Yahovaning hukmlariga ishonamizmi yoki ular biz uchun qoqintiradigan tosh bo‘ladimi? Agar hozirdan Yahovaga ishonsak, kelajakda ham Unga to‘liq ishona olamiz.

17. Ushbu zamonaning oxirida Yahova chiqargan hukmlardan qanday foyda olamiz?

17 Yangi dunyoda Yahovaning hukmlari tufayli yuz beradigan o‘zgarishlarni ko‘rganimizda, nimalarni his qilishimizni bir tasavvur qiling. Soxta dindan iz qolmaydi. Butun tarix davomida bo‘lganiday, ochko‘z tijorat tizimi yoki hukumatlar dastidan odamlar boshqa azob chekmaydi. Sog‘lik muammolari, qarilik va yaqinlarimizning o‘limi o‘tmishda qoladi. Qolaversa, Shayton va jinlar ming yil davomida odamlarga ta’sir qila olmaydi. Ularning isyoni keltirgan asoratlar yo‘q bo‘lib ketadi. (Vah. 20:2, 3) O‘shanda Yahova doimo to‘g‘ri qaror chiqarishiga hozir ishonayotganimizdan juda minnatdor bo‘lamiz.

18. Isroil xalqining misolidan qanday saboq olyapmiz? (Sahroda 11:4–6; 21:5)

18 Yangi dunyodagi hayot Yahova doim to‘g‘ri yo‘l tutishiga bo‘lgan ishonchimizni sinaydimi? Isroil xalqi Misrdagi qullikdan ozod bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, nima yuz bergani haqida bir o‘ylab ko‘ring. Ularning ayrimlari u yerdagi oziq-ovqatni sog‘inib noliy boshladi va Yahova taqdim etgan mannani qadrlamay qo‘ydi. (Sahroda 11:4–6; 21:5 ni o‘qing.) Bizda ham buyuk musibatdan keyin shunga o‘xshash fikrlar bo‘lishi mumkinmi? Yer yuzini vayronagarchiliklardan tozalash va uni asta-sekin jannatga aylantirish ko‘p mehnat talab qiladi. O‘shanda anchagina ter to‘kishimiz kerak bo‘ladi va bu ba’zi qiyinchiliklarni tug‘dirishi hech gap emas. Bu payt kelganida Yahova bizga berayotgan narsalaridan noliymizmi? Bir narsa aniq: hozirdan Yahova taqdim etayotgan barcha narsa uchun minnatdor bo‘lishni o‘rgansak, o‘shanda ham shunday nuqtai nazarga ega bo‘lamiz.

19. Bu maqoladagi asosiy fikrlarni keltiring.

19 Yahova doim to‘g‘ri yo‘l tutishiga amin bo‘lishimiz lozim. Shuningdek, Xudo tayinlagan kishilar Uning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishiga ishonar ekan, biz ham ularga ishonishimiz kerak. Yahova Ishayo payg‘ambar orqali aytgan quyidagi so‘zlarni aslo unutmang: «Xotirjam bo‘lib Menga tayansangiz, kuchli bo‘lasiz». (Ishayo 30:15)

98-QO‘SHIQ Xudo tomonidan ilhomlantirilgan Yozuvlar

^ 5- x.b. Mazkur maqolada Yahova hamda Uning yer yuzidagi vakillariga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashga nega muhtoj ekanimizni ko‘ramiz. Qolaversa, bunday qilish bizga hozir qanday foyda keltirishini va kelajakdagi qiyinchiliklarga qay yo‘sin tayyorlashini bilib olamiz.

^ 9- x.b. Ba’zida o‘zgacha vaziyatlar tufayli kishi yoki butun oila xizmat qilayotgan jamoatida qolishi mumkin. «Ilohiy xizmatimiz»ning 2002-yil noyabr (rus) sonidagi «Dolzarb savollar»ga qarang.