7-TADQIQ MAQOLASI
51-QO‘SHIQ O‘zimizni Yahovaga baxsh etdik!
Nazr etilganlardan qanday saboq olishimiz mumkin?
Nazr qilingan kunlari mobaynida, u Yahova uchun muqaddas sanaladi. (SAH. 6:8)
NIMANI BILIB OLAMIZ?
Nazr etilgan kishilarning misoli Yahovaga fidoyilik va jasorat ila xizmat qilishimizga qanday yordam berishini bilib olamiz.
1. Yahovaning xizmatchilari tarix mobaynida qanday yaxshi nuqtai nazarni ko‘rsatib kelishyapti?
YAHOVA bilan bo‘lgan munosabatlaringizni qadrlaysizmi? Shubhasizki, ha. Boshqa ko‘plar ham qadrlaydi. O‘tmishdan buyon anchagina insonlar bunday munosabatlarni siz kabi qadrlab kelyapti. (Zab. 104:33, 34) Ko‘plar Yahovaga topinishda qurbonliklar qilgan. Qadimda nazr qilingan kishilar aynan shunday yo‘l tutgan. Qiziq, ular kim edi va ulardan qanday saboq olsak bo‘ladi?
2. a) Nazr etilgan kishilar kim edi? (Sahroda 6:1, 2) b) Nega ayrim isroilliklar nazr qilinishga ont ichgan?
2 «Nazr qilingan» ibora ibroniycha atama bo‘lib, «tanlangan, bag‘ishlangan, ajratilgan» degan ma’nolarga ega. Ular Yahovaga o‘zgacha tarzda xizmat qilish uchun o‘z ixtiyori bilan qurbonliklar qilgan g‘ayratli isroilliklar edi. Musoning Qonuniga ko‘ra, erkak yoki ayol kishi muayyan vaqt davomida nazr qilingan kishi sifatida yashash uchun Yahovaga o‘zgacha tarzda ont ichishi mumkin edi. (Sahroda 6:1, 2 ni o‘qing.) a Isroillik kishi bunday ont ichganda, boshqa isroilliklardan amal qilish kutilmagan yo‘l-yo‘riqlar bo‘yicha yashashi kerak edi. Xo‘sh, nega isroilliklar nazr qilinish ontini ichardi? Hoynahoy, insonni bunday ont ichishga Yahovaga nisbatan qattiq sevgisi va olgan barakalariga bo‘lgan chuqur minnatdorchiligi undagan. (Qonun. 6:5; 16:17)
3. Xudoning bugungi xizmatchilarini qaysi ma’noda nazr etilgan kishilarga o‘xshatsa bo‘ladi?
3 Musoning Qonuni o‘rniga «Masihning qonuni» bo‘lganda, Xudoning xalqi nazr etilishga hojat qolmagan. (Galat. 6:2; Rim. 10:4) Biroq ular kabi bugun ham Xudoning xizmatchilari butun qalb, jon, ong va quvvati bilan Unga xizmat qilishni juda istaydi. (Mark 12:30) O‘zimizni Yahovaga bag‘ishlaganimizda, Unga xizmat qilishga tayyorlik ila ont ichamiz. Unga muvofiq yashashga Yahovaning irodasini bajarish va qurbonliklar qilish kiradi. Nazr qilinganlar ontiga yarasha qay yo‘sin yashaganini bilish orqali ichgan ontimizga mos ravishda yashash borasida qimmatli saboqlar olishimiz mumkin. (Mat. 16:24) b Keling, ba’zi misollarga nazar solaylik.
FIDOYI BO‘LISH
4. Sahroda 6:3, 4 ga ko‘ra, nazr etilgan kishi qanday fidoyiliklar qilgan?
4 Sahroda 6:3, 4 ni o‘qing. Nazr qilingan kishilarga spirtli ichimliklarni ichish, uzum va mayiz kabi narsalarni yeyish man etilgan. Atrofidagilar esa bunday mahsulotlardan doimo lazzat olib yashardi va buning yomon joyi bo‘lmagan. Kalomda aytilishicha, «inson ko‘nglini chog‘ qiladigan sharob» Xudoning hadyasi. (Zab. 104:14, 15) Lekin nazr qilingan kishi bunday narsalardan lazzat olishni o‘z ixtiyori bilan rad etgan c.
5. Madian bilan Marsela nimalarni qurbon qilgan va nega?
5 Nazr qilinganlar kabi biz ham Yahovaga ko‘proq xizmat qilish uchun qurbonliklar qilyapmiz. Madian va Marselaning d misolini olaylik. Bu juftlik nihoyatda qulay sharoitlarda yashardi. Madian yaxshi maoshli ishda ishlardi va ularning chiroyli uyi bor edi. Lekin ular Yahovaga ko‘proq xizmat qilishni xohlashardi. Bunday maqsadga erishish uchun ular hayotiga ba’zi o‘zgarishlar kiritishga qaror qilishdi. Ular shunday deyishdi: «Biz kamroq pul sarflaydigan bo‘ldik. Kichikroq kvartiraga ko‘chdik, mashinamizni sotib, moped xarid qildik». Madian bilan Marsela Yahovaga ko‘proq xizmat qilishni istagani uchun bunday narsalarni qurbon qilishni tanlashdi. Ular bunday qaroridan mamnun bo‘lib, juda baxtiyor.
6. Nega hozir masihiylar fidoyiliklar qiladi? (Rasmga ham qarang.)
6 Hozirgi kunda masihiylar xizmatda ko‘proq qilish uchun fidoyiliklar qilib quvonch topishyapti. (1 Kor. 9:3–6) Yahova bunday fidoyiliklarni bizdan talab qilmayapti. Bundan tashqari, buning yomon joyi yo‘q. Masalan, ayrimlar o‘z uyi bo‘lishidan, o‘zlari istagan ishda ishlashdan yoki hatto uy hayvoni bo‘lishidan voz kechadi. Ko‘plar turmush qurmaslikka yoki oila qurgan bo‘lsa ham, farzand ko‘rmaslikka qaror qiladi. Boshqalar esa hatto yaxshi ko‘rgan insonlaridan uzoqda yashash kerak bo‘lsa ham ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilishni tanlaydi. Aksariyatimiz Yahovaga eng a’losini berishni istaganimiz uchun bu kabi fidoyiliklarga o‘z xohishimiz bilan boramiz. Ishonavering, Yahova siz Unga xizmat qilish maqsadida qilgan har qanday qurbonlikni, kattami kichikmi, juda qadrlaydi. (Ibron. 6:10)
BOSHQALARDAN AJRALIB TURISHGA TAYYOR BO‘LING
7. Nima tufayli nazr etilgan kishiga ichgan ontiga sodiq qolish qiyin bo‘lib qolishi mumkin edi? (Sahroda 6:5) (Rasmga ham qarang.)
7 Sahroda 6:5 ni o‘qing. Nazr qilinganlar sochini olmaslikka ont ichardi. Shu yo‘sin, ular Yahovaga butunlayin bo‘ysunganini ko‘rsatardi. Agar isroillik kishi anchadan beri nazr qilingan bo‘lsa, uning sochi o‘sib, boshqalarning e’tiboridan chetda qolmasdi. Boshqalar uni hurmat qilib, ichgan ontiga sodiq qolishga undaganida, bu unga qaroridan qaytmaslikka ancha yordam berardi. Ming afsuski, nazr qilingan insonlarni boshqalar hurmat qilmagan yoki qo‘llab-quvvatlamagan paytlar ham bo‘lgan. Amos payg‘ambar davrida murtad isroilliklar, hoynahoy, nazr etilgan kishilarni sharob ichish ontidan qaytarish maqsadida, ularga «sharob ichir»gan. (Amos 2:12) O‘shanda nazr etilganlar ichgan ontini buzmaslik va boshqalardan ajralib turish uchun jasoratli bo‘lishi kerak edi.
8. Benjaminning misoli siz uchun nimasi bilan daldali bo‘ldi?
8 Yahovaning ko‘magi bilan biz ham hatto tabiatan tortinchoq yoki uyatchan bo‘lsak ham boshqalardan ajralib turish uchun jasoratli bo‘lishimiz mumkin. Norvegiyadagi o‘n yoshli Benjaminning misoliga diqqat qarataylik. Ukrainada urush bo‘layotgani uchun maktabida o‘sha insonlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbir uyushtirildi. O‘quvchilarga Ukraina bayrog‘ining ranglaridagi kiyimlarni kiyib, qo‘shiq kuylash aytildi. Bunday milliy ruhdagi tadbirda qatnashmaslik uchun Benjamin chetroqqa turib olgandi. Ammo ustozi uni ko‘rib, baland ovozda: «Qani, yonimizga kelib tur. Seni kutyapmiz»,— dedi. Shunda Benjamin uning yoniga borib: «Men betarafman, siyosiy namoyishlarga qo‘shilmayman. Ko‘pgina Yahovaning Shohidlari urushda qatnashishdan bosh tortgani uchun qamoqda o‘tiribdi»,— deb javob berdi. Ustozi gaplarini tinglab, uni kechirdi. Sinfdoshlari esa nega u ishtirok etmayotgani haqida so‘ray boshlashdi. Benjamin rosa hayajonlanganidan yig‘lab yuborishiga sal qoldi. Lekin u ustoziga aytgan gaplarni hamma sinfdoshlariga jasorat ila takrorladi. So‘ng Benjamin ota-onasiga imonini namoyon etishga Yahova yordam berganini aytdi.
9. Yahovaning qalbini qay yo‘sin quvontira olamiz?
9 Yahovaning irodasini bajarishni tanlaganimiz uchun boshqalardan farq qilishimiz odamlarning e’tiboridan chetda qolmayapti. Ishxonada yoki maktabda o‘zimizni Yahovaning Shohidlari sifatida bildirish uchun jasoratli bo‘lishimiz lozim. Bu dunyodagi insonlarning qarashlari-yu xulq-atvori tobora razillashib borayotgan ekan, Kalomdagi prinsiplar bo‘yicha yashash va xushxabarni boshqalarga aytish kundan-kunga qiyinlashadi. (2 Tim. 1:8; 3:13) Ammo Yahovaga xizmat qilmayotganlardan jasorat ila ajralib turganimizda, Uning qalbini quvontirishimizni doim yodda tuting. (Hik. 27:11; Mal. 3:18)
YAHOVA HAYOTINGIZDA BIRINCHI O‘RINDA BO‘LSIN
10. Sahroda 6:6, 7 dagi talabga amal qilish nazr etilgan kishi uchun qanday sinovga aylanishi mumkin edi?
10 Sahroda 6:6, 7 ni o‘qing. Nazr etilganlar marhumning jasadi yoniga bora olmasdi. Ehtimol, sizning nazaringizda bu katta qurbonlik emasdir. Lekin qadimda nazr etilgan kishining yaqin qarindoshi hayotdan ko‘z yumganida, bu u uchun katta muammo edi. Dafn etish bilan bog‘liq urf-odatlar inson marhumning jasadi oldida bo‘lishini talab qilardi. (Yuhan. 19:39, 40; Havor. 9:36–40) Lekin nazr etilgan kishi bu kabi urf-odatlarda ishtirok etmasligi kerak edi. Oilasidagi hatto shunday qayg‘uli paytlarda nazr etilgan kishi ontida turib, kuchli imonini namoyon etgan. Albatta, Yahova o‘sha sadoqatli xizmatchilarini bunday og‘ir qiyinchiliklarda bardoshli bo‘lishi uchun qo‘llab-quvvatlagan.
11. Oilaviy masalalarda masihiy nima qilishga qarori qat’iy bo‘lishi kerak? (Rasmga ham qarang.)
11 Masihiylar sifatida Yahovaga hayotimizni bag‘ishlash ontiga jiddiy yondashamiz. Bu oilaviy masalalar borasidagi qarorimiz-u xatti-harakatlarimizga ta’sir qiladi. Oilamizning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun ko‘p mehnat qilamiz, ammo oila a’zolarimizning istaklarini Yahova bizdan talab qilayotgan narsalardan hech qachon ustun quymaymiz. (Mat. 10:35–37; 1 Tim. 5:8) Gohida qarindoshlarimizni mamnun qilmaydigan qarorlar chiqararmiz, lekin ular Yahovani mamnun qilishi shubhasiz.
12. Oilasidagi qiyin vaziyatda Aleksandr qanday yo‘l tutgan va u nima qilmagan?
12 Aleksandr va xotini Dorinaning misolini olaylik. Ular Muqaddas Kitobni birgalashib bir yilcha tadqiq qilishdi. Dorina tadqiqni to‘xtatdi va eri ham shunday qilishini istadi. Lekin u muloyimlik va yumshoqlik ila tadqiqni davom ettirishini aytdi. Xotiniga bu yoqmadi va eriga bu borada bosim o‘tkazishni boshladi. Aleksandr uning tuyg‘ularini tushunishga harakat qilganini aytdi, lekin bu oson emas edi. Ba’zan Dorina uni tanqid qilib, yomon gaplar aytgani uchun u tadqiqni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Shunga qaramay, Aleksandr Yahovani birinchi o‘ringa qo‘yishda davom etgan va shu bilan birga xotinini qattiq sevishini hamda hurmat qilishini ko‘rsatgan. Natijada, uning yaxshi o‘rnagi tufayli Dorina yana tadqiqni boshladi va keyinchalik haqiqatga chirmashib oldi. (jw.org saytida «Haqiqat hayotni o‘zgartiradi» nomli turkumdagi «Aleksandr va Dorina Vakar. Sevgi sabr-toqatli va mehribondir» nomli videoni tomosha qiling.)
13. Qanday qilib Yahovaga hamda oilamizga sevgimizni namoyon eta olamiz?
13 Yahova nikohga asos solgan va oilalar baxtli bo‘lishini istaydi. (Efes. 3:14, 15) Chinakamiga baxtiyor bo‘lishni istasak, Yahova bizdan kutayotgan narsalarni qilishimiz kerak. Oila a’zolaringizga g‘amxo‘rlik qilish va ularga sevgi hamda hurmat ila munosabatda bo‘lish bilan birga Yahovaga topinish uchun qilayotgan fidoyi harakatlaringizni U juda qadrlashidan shubhalanmang. (Rim. 12:10)
BIR-BIRINGIZNI NAZR ETILGAN KISHI KABI BO‘LISHGA UNDANG
14. Ayniqsa kimlarga so‘zlarimiz bilan dalda berishimiz kerak?
14 Yahovaga topinishni tanlagan hamma Unga bo‘lgan sevgi tufayli fidoyiliklarga tayyor bo‘lishi darkor. Gohida bunday qilish osonmas. Xo‘sh, bir-birimizga bunday nuqtai nazarga ega bo‘lishga qanday yordam bera olamiz? O‘zaro dalda beradigan so‘zlarni gapirishimiz kerak. (Ayub 16:5) Jamoatingizda Yahovaga ko‘proq xizmat qilish uchun hayotini soddalashtirishga intilayotgan insonlar bormi? Maktabda boshqalardan jasorat ila ajralib turish qiyin bo‘lsa ham, bunday qilayotgan yoshlarni bilasizmi? Oiladagi qarshiliklarga qaramay sadoqatli bo‘lib qolayotgan tadqiq o‘tayotgan insonlarni yoki imondoshlarni taniysizmi? Keling, har bir imkoniyatdan foydalanib, bunday qadri baland imondoshlarimizga daldali so‘zlarni aytib, fidoyilik hamda jasorat ko‘rsatishayotgani uchun minnatdorchilik bildiraylik. (Filim. 4, 5, 7)
15. Ba’zilar to‘la vaqtli xizmatdagilarni qanday qo‘llab-quvvatlayapti?
15 Ba’zida to‘la vaqtli xizmatda bo‘lgan imondoshlarimizga amaliy yordam berishni taklif qilishimiz mumkin. (Hik. 19:17; Ibron. 13:16) Shri Lankada yashaydigan yoshi ulug‘ sadoqatli opamiz ham buni chin dildan xohlagan. Bu opamizning nafaqa puli oshganida, ikkita yosh kashshof singlimizga iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay xizmatini davom ettira olishi uchun yordam bermoqchi bo‘ldi. Shunda opamiz har oy ularning telefon hisobiga oz-moz pul solib turishga qaror qildi. Bu opamiz ajoyib nuqtai nazarni namoyon etyapti!
16. Nazr etilgan kishilardan qanday saboq olishimiz mumkin?
16 Ha, nazr etilgan kishilarning ajoyib o‘rnagidan ko‘p saboq olishimiz mumkin. Bunday kishilarning onti samoviy Otamiz Yahova to‘g‘risida bir narsani ayon qilyapti. Xudo biz Uni sidqidildan mamnun qilishni istayotganimizga va bag‘ishlov va’damizga muvofiq yashash uchun qurbonliklar qilishga tayyor ekanimizga ishonadi. Alloh biz Unga bo‘lgan sevgimizni shaxsan namoyon etishimizga yo‘l qo‘yish orqali qadrimiz baland ekanini ko‘rsatyapti. (Hik. 23:15, 16; Mark 10:28–30; 1 Yuhan. 4:19) Nazr qilinish tadbiri Yahova Unga xizmat qilish yo‘lidagi fidoyiliklarimizdan xabardor ekanini va buni qadrlayotganini ko‘rsatyapti. Shunday ekan, keling, Yahovaga eng a’losini tayyorlik ila berish orqali xizmat qilish qarorimiz qat’iy bo‘lsin.
QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?
-
Nazr etilgan kishi fidoyi va jasoratli bo‘lganini qay yo‘sin namoyon etgan?
-
Qanday qilib bir-birimizni nazr etilganlar kabi bo‘lishga va fidoyiliklar qilishga unday olamiz?
-
Nazr qilinish tadbiri Yahova xizmatchilariga ishonayotganini qay yo‘sin oshkor etyapti?
124-QO‘SHIQ Vafodormiz
a Garchi Yahova ba’zilarni nazr etilish uchun tanlagan bo‘lsa ham, hoynahoy, aksariyat isroilliklar muayyan vaqt davomida bunday kishilar sifatida xizmat qilishni tanlagan. (« Yahova nazr etilish uchun tanlagan kishilar» nomli ramkaga qarang.)
b Gohida adabiyotlarimizda nazr etilganlar to‘la vaqtli xizmat qilayotganlar bilan solishtiriladi. Biroq bu maqolada Yahovaning barcha bag‘ishlangan xizmatchilari nazr qilingan kishilarga o‘xshash ruhni namoyon etishi mumkinligiga diqqat qaratiladi.
c Umuman olganda, nazr etilgan kishilarda, hoynahoy, qo‘shimcha vazifalari bo‘lmagan, masalan, ichgan ontini bajarish maqsadida ular muayyan ishda ishlamagan.
d jw.org saytida «Yahova Shohidlarining hayotidan hikoyalar» nomli turkumidagi «Hayotimizni soddalashtirishga qaror qildik» maqolasiga qarang.
e RASMGA SHARH. Nazr etilgan kishi yaxshi ko‘rgan oila a’zosining dafn etilishini tomda turib kuzatyapti. Yahovaga ichgan onti tufayli u dafn marosimida qatnasha olmasdi.