O‘quvchilarning savollari
Muqaddas Kitobda Yahovaning kelajakni bashorat qilish qobiliyati haqida nima deyilgan?
Muqaddas Kitobda Yahova kelajakni bashorat qilishi mumkinligi aniq qilib aytilgan. (Ishayo 45:21) U yerda Xudo buni qanday yoki qachon qilishi yo U qancha ma’lumotga ega bo‘lishni istayotgani batafsil tushuntirilmagan. Shu bois Yahovaning kelajakni bashorat qilish qobiliyati borasida hamma narsani to‘liq anglay olmaymiz. Shunday bo‘lsa-da, bir nechta omilga e’tibor qarataylik.
Yahova istagan narsani qilishi, gohida esa qilmasligi mumkin. U cheksiz donolikka ega bo‘lgani uchun xohlagan narsani bashorat qilishga qodir. (Rim. 11:33) Xudo o‘zini tuta bilish fazilatini mukammal tarzda namoyon etayotgani tufayli, nima yuz berishini bilmaslikni lozim deb topishi ham mumkin. (Ishayo 42:14 ni solishtiring.)
Yahova irodasini amalga oshirish uchun voqealarni yo‘naltiradi. Qanday qilib bu Uning kelajakni bashorat qilish qobiliyati bilan bog‘liq? Ishayo 46:10 da shunday tushuntirilgan: «Oxirida nima bo‘lishini boshidan, hali yuz bermagan narsalarni oldindan aytaman. Men: “Niyatim albatta bajo bo‘ladi, istaganimni amalga oshiraman”,— deyman».
Demak, Yahova kelajakni bashorat qilishga qodir ekanini ko‘rsatuvchi sabablardan biri — U voqealarni yo‘naltirish kuchiga ega ekanida. Masalan, gohida biron film qanday yakunlanishini bilish uchun uni o‘tkazib tomosha qilamiz. Xudo uchun esa kelajakda nima yuz berishini bilish uchun voqealarning rivojini ko‘rib, ularni o‘tkazishning hojati yo‘q. Yahova uchun kelajakdagi barcha hodisalar qaysidir ma’noda yuz berib bo‘lganday va shunchaki ularni oldindan ko‘zdan kechiradi. Xudo muayyan vaqtda qaysi voqea yuz berishini hal qilishi mumkin. O‘sha vaqt kelganda esa, bu amalga oshishi uchun voqealarni yo‘naltiradi. (Chiq. 9:5, 6; Mat. 24:36; Havor. 17:31)
Shuning uchun Muqaddas Kitobdagi «hozirlab qo‘ygan», «rejalashtirib qo‘yganim» yoki «tilagim» kabi so‘zlar Xudo kelajakda amalga oshiradigan ba’zi hodisalar borasida nimalar qilayotganini anglatadi. (4 Shoh. 19:25; Ishayo 46:11) Asl matndan o‘girilgan bu iboralar «kulol» so‘zining ma’nosi bilan bog‘liq. (Yerm. 18:4) Mohir kulol bir bo‘lak gildan chiroyli nafis idish yasagani kabi, Yahova ham irodasini amalga oshirish uchun voqealarni mohirona yo‘naltirib, ular yuz berishiga g‘amxo‘rlik qila oladi. (Efes. 1:11)
Yahova odamlar o‘zlari tanlashiga yo‘l qo‘yadi. U har bir kishining hayotini peshonasiga yozib qo‘ymaydi, samimiy insonlar yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladigan biron ish qilishiga ham sababchi bo‘lmaydi. Xudo hammaga o‘z yo‘lini tanlashga yo‘l qo‘yadi va to‘g‘ri hayot kechirishni tanlashga chorlaydi.
Ikkita misolni ko‘rib chiqaylik. Birinchisi Nineviya aholisi bilan bog‘liq. Yahova ularning yovuzliklari tufayli Nineviyani vayron qilmoqchi ekanini bashorat qilgan. Ammo ular tavba qilganida, U «ularning ustiga “yuboraman”, deb aytgan ofatni yubormadi». (Yunus 3:1–10) Yahova karomat qilgan narsani o‘zgartirdi, chunki nineviyaliklar iroda erkinligidan foydalanib, Uning ogohlantiruvchi xabariga quloq solishdi.
Ikkinchi misol Yahovaning ma’badini qayta qurish uchun yahudiylarni asirlikdan ozod qilgan Kir haqidagi bashorat bilan bog‘liq. (Ishayo 44:26–45:4) Fors shohi Kir bu bashoratni amalga oshirdi. (Ezra 1:1–4) Lekin u haq Taologa topinmasdi. Yahova bu bashoratni amalga oshirish uchun undan foydalangan bo‘lsa-da, uni Unga topinishga majburlamagandi. (Hik. 21:1)
Albatta, bu Yahova kelajakni bashorat qilish borasidagi bir nechta misol, xolos. Aslini olganda, hech bir kishi Yahovaning yo‘llarini to‘liq anglab yetishga qodir emas. (Ishayo 55:8, 9) Ammo Yahova oshkor qilayotganlari tufayli U doimo to‘g‘ri yo‘l tutishiga bo‘lgan ishonchimiz, jumladan, kelajakni bashorat qilganda ham imonimiz mustahkamlanadi.