Yahovani sabr ila kutar ekanmiz, baxtiyor bo‘laylik!
YAHOVA butun yovuzlikka chek qo‘yib, barcha narsani yangi qilib yaratadigan vaqtni kutyapsizmi? (Vah. 21:1–5) Albatta, ha! Lekin Yahovani sabr ila kutish, ayniqsa, qiyinchiliklarga duch kelganimizda doim ham oson emas. Ushalmagan umid yuragimizni ezishi mumkin. (Hik. 13:12)
Shunday bo‘lsa ham, Yahova biz U tayinlagan paytda harakatga tushishini sabr ila kutishimizni xohlaydi. Nega? Uni kutayotib, baxtiyor bo‘lishimizga nima yordam berishi mumkin?
NEGA YAHOVA KUTISHIMIZNI ISTAYAPTI?
Xudoning Kalomida shunday yozilgan: «Yahova sizlarga iltifot ko‘rsatishni sabr ila kutmoqda, sizlarga marhamat qilish uchun U qo‘zg‘aladi. Yahova adolatli Allohdir, Uni orziqib kutayotganlarning bari baxtlidir». (Ishayo 30:18) Bu so‘zlar avvalambor qaysar yahudiylarga yo‘naltirilgan edi. (Ishayo 30:1) Ammo o‘sha yahudiylar orasidagi ayrimlar sodiq bo‘lishgan. Ishayoning ushbu so‘zlari bugungi sadoqatli xizmatchilarga ham tegishli.
Yahova sabr ila kutayotgani uchun biz ham sabr bilan kutishimiz kerak. Xudo bu yovuz dunyoga chek qo‘yadigan vaqtni belgilagan va o‘sha kun hamda soat kelishini kutyapti. (Mat. 24:36) O‘shanda Iblisning Yahovaga hamda Uning xizmatchilariga qarshi bo‘htonlari g‘irt yolg‘on bo‘lgani butunlayin isbotlanadi. So‘ng U Shaytonni va uning barcha tarafdorlarini yo‘q qiladi. Bizga esa Alloh «marhamat qil»adi.
Hozir Yahova qiyinchiliklarimizni bartaraf qilmasligi mumkin. Biroq U bizni shunda ishontiryaptiki, kutishda davom etayotib baxtiyor bo‘lishimiz mumkin. Ishayo payg‘ambarning so‘zlariga binoan, intiqib kutayotganimizda yoki yaxshi bir narsa yuz berishiga umid bog‘layotganimizda baxtli bo‘lishimiz mumkin. (Ishayo 30:18) Qay yo‘sin baxtli bo‘la olamiz? To‘rtta qadam bizga ko‘maklashishi mumkin.
KUTAYOTIB QAY YO‘SIN BAXTLI BO‘LISH MUMKIN?
Ijobiy narsalarga diqqat qarating. Shoh Dovud hayoti davomida ko‘p yovuzliklarning guvohi bo‘lgan. (Zab. 37:35) Ammo u shunday yozgan: «Yahovaning huzurida sukut saqla, intizorlik bilan Uni kut. O‘z rejalarini amalga oshirib, muvaffaqiyatga erishayotgan odamlarni ko‘rganda, ranjima». (Zab. 37:7) Dovudning o‘zi ham xalos bo‘lishga umid bog‘lash orqali bu maslahatga rioya qilgan. U ham Yahovadan olgan har bir barakasini ko‘zdan qochirmagan. (Zab. 40:5) Biz ham vaziyatimizning ijobiy tomonlariga ahamiyat berib, atrofimizdagi salbiy narsalarga diqqat qaratmasak, Yahovani kutish osonroq bo‘ladi.
Yahovani madh etish bilan band bo‘ling. Zaburning 71-sanosini yozgan kishi, hoynahoy, Dovud Yahovaga: «Men esa doim Seni kutaman, hamdu sanolarimni oshiraman»,— deb aytgan. (Zab. 71:14) Qiziq, u buni qanday qilgan? U boshqalarga Xudo haqida aytib, Unga madhlar keltirgan. (Zab. 71:16, 23) Dovud kabi Yahovani kutayotib baxtiyor bo‘lishimiz mumkin. Xizmatimiz, kundalik suhbatlarimiz va hamdu sano qo‘shiqlarini kuylash orqali Unga sharaf keltiramiz. Keyingi safar hamdu sano qo‘shiqlarini kuylaganda, ularning mazmuniga ko‘proq diqqat qarata olasizmi?
Imondoshlar bilan vaqt o‘tkazib, dalda oling. Dovud muammoga yo‘liqqanda, Yahovaga: «Senga sadoqatli bo‘lgan kishilar huzurida ismingga umid bog‘layman»,— deb aytgan. (Zab. 52:9) Biz ham nafaqat yig‘ilishda va xizmatda, balki o‘tirishlarda ham sadoqatli imondoshlar bilan vaqt o‘tkazganda dalda olsak bo‘ladi. (Rim. 1:11, 12)
Umidingiz mustahkam bo‘lsin. Zabur 62:5 da: «Men bo‘lsam, sabr qilib Xudoni kutaman. Chunki yolg‘iz Unga umid bog‘layman»,— deb yozilgan. Ayniqsa, bu dunyoga biz xohlaganday tez chek qo‘yilmayotgan bo‘lsa, umidimiz mustahkam bo‘lishi o‘ta zarur. Yahovaning va’dalari amalga oshishini qanchalik ko‘p kutayotganimizdan qat’i nazar, ular ro‘yobga chiqishiga yuz foiz ishonishimiz kerak. Kalomni — bashoratlarni, uning uyg‘unligini va Yahova O‘zi haqida ayon qilayotgan tafsilotlarni tadqiq qilish orqali umidimizni yanada mustahkam qilishimiz mumkin. (Zab. 1:2, 3) Shuningdek, abadiy hayot haqidagi va’da amalga oshishini kutayotib, Yahova bilan yaxshi munosabatlarni saqlash uchun «muqaddas ruh ta’siri ostida» ibodat qilishda davom etishimiz kerak. (Yahd. 20, 21)
Shoh Dovudga o‘xshab, Yahovaning nigohi Uni kutayotganlarga qaratilganiga va U ularga mehr-sadoqat ko‘rsatayotganiga ishoning. (Zab. 33:18, 22) Ijobiy narsalarga diqqat qaratish, Yahovani madh etish, imondoshlar bilan o‘tkazgan vaqtdan dalda olish va ulug‘vor umidni tirik saqlash orqali Uni sabr ila kuting.