Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yetakchi kengashning ikkita yangi a’zosi

Yetakchi kengashning ikkita yangi a’zosi

2023-YIL 18-YANVAR, chorshanba kuni jw.org saytida maxsus e’londa Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashida xizmat qilish uchun Geyj Fligl va Jeffri Vinder tayinlangani aytilgandi. Ikkala birodar ham Yahovaga ko‘p yillar mobaynida sadoqat ila xizmat qilib kelyapti.

Geyj Fligl va xotini Nadya

Birodar Fligl Pensilvaniyaning (AQSH) g‘arbida xudojo‘y oilada ulg‘aygan. O‘smirligida oilasi ehtiyoj katta bo‘lgan hududdagi kichik shaharga ko‘chgan edi. Ko‘p vaqt o‘tmay, u 1988-yili 20-noyabrda suvga cho‘mgan.

Ota-onasi uni to‘la vaqtli xizmatni boshlashga doim undashgan. Ular ko‘pincha uyiga tuman nozirlari-yu baytilchilarni taklif qilishardi va birodar Fligl ular qanchalik baxtiyor ekanini kuzatardi. Suvga cho‘mganidan ko‘p o‘tmay, u 1989-yili 1-sentabrda doimiy kashshof bo‘lgan. Ikki yil o‘tgach, u 12 yoshida qo‘ygan maqsadiga erishgan — Baytildagi xizmati boshlangan. U 1991-yili oktabrda Bruklindagi Baytilda xizmat qilishni boshlagan.

U yerda birodar Fligl sakkiz yil Muqovalash bo‘limida mehnat qilgan, keyin esa Xizmat bo‘limiga tayinlangan. O‘shanda u bir necha yil davomida rus tilidagi jamoatda xizmat qilgan. 2006-yili u Nadyaga uylangan va uni ham Baytilga taklif qilishgan. Ular birga portugal tilidagi hududda va o‘n yildan ziyod vaqt mobaynida ispan tilidagi hududda xizmat qilishgan. Ancha yillar Xizmat bo‘limida mehnat qilgach, uni Maorif qo‘mitasiga, keyinchalik esa Xizmat qo‘mitasiga tayinlashgan. 2022-yili martda u Yetakchi kengashning Xizmat qo‘mitasi yordamchisi sifatida tayinlangan.

Jeffri Vinder va xotini Anjela

Birodar Vinder Marriyetada (Kaliforniya, AQSH) ulg‘aygan. U haqiqatni ota-onasidan bilgan va 1986-yili 29-martda suvga cho‘mgan. Bir oydan keyin u ko‘makchi kashshof bo‘lgan. Birodar Vinder bu xizmatdan zavqlanib, uni davom ettirishni istagan. Bir necha oy o‘tgach, 1986-yili 1-oktabrda u doimiy kashshof bo‘lgan.

O‘smirligida birodar Vinder o‘sha paytda Baytilda xizmat qilgan ikkita akasinikiga mehmonga borgan. O‘shanda u katta bo‘lsa, Baytilda xizmat qilish uchun ariza to‘ldirishni niyat qilib qo‘ygan. 1990-yili mayda esa uni Baytilga, Uolkillga taklif qilishgan.

U yerda birodar Vinder turli bo‘limlarda, jumladan, Tozalik bo‘limida, Baytil fermasida va Baytil byurosida xizmat qilgan. 1997-yili u Anjelaga uylangan va ular o‘shandan beri Baytilda xizmat qilishni davom ettirishyapti. 2014-yili ular Uorvikka ko‘chishgan. U yerda birodar Vinder Xalqaro bosh idoraning qurilish loyihasida ko‘maklashgan. 2016-yili ular Qo‘riqchi Minorasi Jamiyatining o‘quv-ta’lim markaziga (Patterson) ko‘chishgan. U yerda birodar Vinder Audio-videolarni yozish bo‘limida xizmat qilgan. To‘rt yil o‘tgach, ular yana Uorvikka ko‘chishgan va uni Xodimlar qo‘mitasiga tayinlashgan. 2022-yili martda u Yetakchi kengashning Xodimlar qo‘mitasi yordamchisi sifatida tayinlangan.

Yahova «hadya sifatida» berilgan ushbu birodarlarga Shohlik manfaatlari uchun mehnat qilish yo‘lida barakalar yog‘dirishini so‘raymiz. (Efes. 4:8)