Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Biz Yahovaga tegishlimiz

Biz Yahovaga tegishlimiz

Yahova qaysi xalqning Xudosi bo‘lsa, kimni O‘z mulki sifatida tanlasa, o‘sha xalq baxtlidir. ZAB. 33:12

QO‘SHIQLAR: 31, 34

1. Nega Yahova haqli ravishda barcha narsaning Egasi deb ayta olamiz? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

BARCHA narsa Tangri Yahovaga tegishlidir. «Samolarning eng yuksak joyi ham, yer va undagi bor narsalar ham» Unikidir. (Qonun. 10:14; Vah. 4:11) Yahova insoniyatni yaratgan ekan, barchamiz Unga tegishlimiz. (Zab. 100:3) Shuningdek, tarix mobaynida Xudo Unga o‘zgacha tarzda tegishli bo‘lgan ba’zi odamlarni tanlab olgan.

2. Muqaddas Kitobga ko‘ra, kimlar o‘zgacha tarzda Yahovaga tegishli?

2 Masalan, Zaburning 135- sanosida Yahovaning Isroildagi sadoqatli xizmatchilari haqida «o‘zgacha mulk» deb aytilgan. (Zab. 135:4) Qolaversa, Isroil xalqidan bo‘lmagan kishilar ham Yahovaga topinishi borasida Ho‘sheya kitobida bashorat qilingan. (Ho‘sh. 2:23) Yahova Masih bilan birgalikda shohlik qilish uchun o‘zga xalq vakillarini tanlaganda mazkur bashorat amalga oshgan. (Havor. 10:45; Rim. 9:23–26) Bu «muqaddas xalq» o‘zgacha tarzda «Allohning mulkiga» aylangan, ya’ni uning a’zolari muqaddas ruh bilan moylanib, samoda yashash uchun tanlangan. (1 Butr. 2:9, 10) Qiziq, yer yuzida yashashga umid qilayotgan barcha masihiylar haqida nima desa bo‘ladi? Yahova ularni ham «xalqim» va «tanlanganlarim» deb ataydi. (Ishayo 65:22)

3. a) Bugungi kunda kimlar Yahova bilan ajoyib munosabatga ega? b) Ushbu maqolada nima haqida bilib olamiz?

3 Bugungi kunda, samoda yashashga umid qilayotgan «kichik poda» va yer yuzida yashashga umidvor «boshqa qo‘ylar» «bir suruvni» tashkil qiladi. Yahova xalqi sifatida ularni juda qadrlaydi. (Luqo 12:32; Yuhan. 10:16) Yahova U bilan ajoyib munosabatlarga ega bo‘lish imkonini bergani uchun Unga chuqur minnatdorchiligimizni bildirishni istaymiz. Ushbu maqolada, Yahova bizga shunday o‘zgacha sharafni bergani uchun qay yo‘sin minnatdorligimizni ko‘rsatishimiz mumkinligi haqida bilib olamiz.

HAYOTIMIZNI YAHOVAGA BAG‘ISHLAGANMIZ

4. Yahova U bilan munosabatlarga ega bo‘lishimizga imkon bergani uchun minnatdorligimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz va Iso buni qanday namoyon etgan?

4 O‘zimizni butunlayin Yahovaga bag‘ishlab, Undan minnatdor ekanimizni ko‘rsatamiz. Suvga cho‘mish bilan Yahovani hukmdorimiz sifatida tan olayotganimizni va Unga tayyorlik ila itoat qilmoqchi ekanimizni omma oldida ko‘rsatamiz. (Ibron. 12:9) Iso ham suvga cho‘mganida shunday yo‘l tutgan. Boshqacha qilib aytganda u Yahovaga: «Sening irodangni bajarishdan zavq topaman, ey Tangrim»,— deganday edi. (Zab. 40:7, 8) Garchi Iso tug‘ilganidan beri Xudoga bag‘ishlangan xalqning a’zosi bo‘lgan bo‘lsa-da, Uning irodasini bajarish uchun o‘zini taqdim etgan.

5, 6. a) Iso suvga cho‘mganida Yahova nimalarni his qilgan? b) Yahova biz o‘zimizni Unga bag‘ishlaganimizda nimalarni his qilishini tushunishga qaysi misol yordam beradi?

5 Iso suvga cho‘mganida Yahova nimalarni his etgan? Muqaddas Kitobda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Nihoyat Iso suvga cho‘mib chiqdi. Buni qarangki, osmon ochilib ketdi va Yahyo Xudoning muqaddas ruhi kaptar shaklida Isoning ustiga tushayotganini ko‘rdi. Osmondan esa: “Bu Mening sevikli O‘g‘limdir, undan mamnunman”,— degan sado keldi». (Mat. 3:16, 17) Iso Xudoga tegishli edi. Yahova u hayoti davomida faqat Unga sadoqat ila xizmat qilmoqchi ekanini ko‘rib quvongan. Shu singari, o‘zimizni Yahovaga bag‘ishlaganimizda U mamnun bo‘lib, bizga baraka yog‘diradi. (Zab. 149:4)

6 Tasavvur qiling, ota bog‘ida chiroyli gullar ekadi. Kunlarning birida qizchasi bitta gulni uzib, unga sovg‘a qiladi. Gul shundoq ham otasiga tegishli emasmi? Qay yo‘sin qizcha otasiga tegishli narsani bera oladi? Mehribon ota bunday savollar haqida o‘ylamaydi. Aksincha, u buni qizining sevgisi sifatida qabul qilib xursand bo‘ladi. Shunisi aniqki, ota qizi sovg‘a qilgan gulni bog‘idagi barcha gullardan ko‘proq qadrlaydi. Shunga o‘xshab, o‘zimizni Yahovaga bag‘ishlab, sadoqatli bo‘lsak U quvonadi. (Chiq. 34:14)

7. Yahova Unga xizmat qilmoqchi bo‘lgan kishilar borasida qanday fikrda ekani haqida Malaki payg‘ambar nima degan?

7 Malaki 3:16 ni o‘qing. O‘zingizni hali Yahovaga bag‘ishlamagan va suvga cho‘mmagan bo‘lsangiz, bu qadamlar muhim ekani borasida fikr yuritib ko‘ring. Aslida, barcha odamlar singari paydo bo‘lganingizdan beri Yahovaga tegishlisiz. Shunday bo‘lsa-da, Yahovaning hukmdorligini tan olib, o‘zingizni Uning irodasini bajarish uchun bag‘ishlasangiz, U g‘oyat xursand bo‘ladi. (Hik. 23:15) Yahova esa, o‘z navbatida, Unga tayyorlik ila xizmat qilmoqchi bo‘lganlarni tan oladi va ismlarini «xotira kitobi»ga yozadi.

8, 9. Yahova ismlari «xotira kitobi»ga yozilgan kishilardan nimani talab qiladi?

8 Ismimiz Yahovaning «xotira kitobi»ga yozilishi uchun muayyan shart bor. Malaki payg‘ambar ta’kidlab o‘tganidek, Yahovadan «qo‘rqib, ismi ustida mulohaza yuritishimiz» zarur. Boshqa bir shaxsga yo narsaga sig‘insak, ismlarimiz Yahovaning hayot kitobidan o‘chirib tashlanadi. (Chiq. 32:33; Zab. 69:28)

9 Holbuki, o‘zimizni Yahovaga bag‘ishlash Uning irodasini bajarishga va’da berishdan va suvga cho‘mishdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Bularni biz bir marta qilamiz, ammo Yahovaga butun hayotimiz davomida topinamiz. Yahovaning xalqi sifatida Uning tarafida bo‘lish — har kuni, toki tirik ekanmiz Unga itoatkor bo‘lishni talab qiladi. (1 Butr. 4:1, 2)

DUNYOGA XOS ISTAKLARNI RAD ETAMIZ

10. Yahovaga xizmat qiladigan va xizmat qilmaydigan kishilar orasida qanday yaqqol farq bor?

10 Oldingi maqolada Qobil, shoh Sulaymon va Isroil xalqining misolini ko‘rib chiqqan edik. Ularning bari Yahovaga topingan bo‘lsa-da, mutlaq sadoqatni namoyon etmagan. Bu misollar Yahovaga tegishliman degan kishi, yomonlikdan jirkanib, odillik tarafida qat’iy turishi kerakligining yaqqol isbotidir. (Rim. 12:9) Shu yo‘sin, Malaki «xotira kitobi» to‘g‘risida aytib o‘tgach, Yahova «odil kishi bilan yovuz kishi, Xudoga xizmat qilayotgan kishi bilan Unga xizmat qilmayotgan kishi o‘rtasidagi farq» haqida gapirgan. (Mal. 3:18)

11. Butunlayin Yahovaga bag‘ishlanganimiz nega boshqalarga ayon bo‘lishi kerak?

11 Yahova bizni xalqi sifatida tanlagani uchun Undan minnatdor ekanimizni yana bir yo‘l bilan ko‘rsata olamiz: ma’nan o‘sganimiz «hammaga oshkor bo‘lishi» lozim. (1 Tim. 4:15; Mat. 5:16) O‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Yahovaga mutlaq sodiq ekanim boshqalarga ko‘rinyaptimi? Yahovaning Shohidi ekanimni aytishdan faxrlanamanmi?» Yahova bizni xalqi sifatida tanlagan ekan, Unga tegishli ekanimizni aytishni paysalga solsak, U qattiq xafa bo‘ladi. (Zab. 119:46; Mark 8:38 ni o‘qing.)

Hayot tarzingizdan Yahovaning Shohidi ekaningiz aniq ko‘rinyaptimi? (12-, 13- xatboshilariga qarang.)

12, 13. Nima tufayli ba’zilarni Yahovaning Shohidi deb aytish qiyin bo‘lib qoldi?

12 Afsuski, ba’zi Shohidlar «bu dunyoning ruhiga» taqlid qilmoqda. Oqibatda, ularning Yahovaga topinmaydigan kishilardan farqi qolmayapti. (1 Kor. 2:12) Bunday ruh tana istaklari bo‘yicha yo‘l tutishga undaydi. (Efes. 2:3) Masalan, bu borada anchagina maslahat berilganiga qaramay, ba’zilar masihiylarga nomunosib tarzda kiyinishni va pardoz-andoz qilishni qo‘ymayapti. Ular hatto jamoat uchrashuvlariga yopishib turadigan va ochiq kiyimlarni kiyib kelmoqda. Yoki ular o‘zlariga e’tibor qaratadigan soch turmaklarini qilmoqda. (1 Tim. 2:9, 10) Buning dastidan, boshqalar ular Yahovaning Shohidimi yoki yo‘qmi farqiga bormaydi. (Yoqb. 4:4)

13 Boshqa vaziyatlarda esa, ayrim Shohidlar dunyoga xos xulq-atvordan qat’iyan voz kechmagan. O‘tirishlarda ularning raqs tushishiyu xatti-harakatlari masihiylarga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Ularning ijtimoiy tarmoqda joylashtirgan suratlari va sharhlari ma’naviy insonlarga xos emas. Balki ular jiddiy gunohga qo‘l urishmagan va haliyam jamoat a’zolaridir, lekin ular Xudoga ma’qul kelmoqchi bo‘lgan tengdoshlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin. (1 Butrus 2:11, 12 ni o‘qing.)

Yahovaning tarafida bo‘lmaganlar sizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymang

14. Yahova bilan bo‘lgan o‘zgacha munosabatlarimizni himoya qilish uchun nima qilishimiz kerak?

14 Bu dunyo «tana nafsi, hirsli ko‘zlar va o‘z mol-mulki bilan maqtanish»ni olg‘a surmoqda. (1 Yuhan. 2:16) Yahovaga tegishli ekanmiz boshqalardan farq qilamiz. Biz «imonsizlikni va dunyoviy istaklarni rad etib, hozirgi zamonda aqli raso, odil hamda xudojo‘y bo‘lib yashayapmiz». (Titus. 2:12) Ha, nutq, yeb-ichish, kiyinish tarziyu pardoz-andoz va barcha ishimizdan Yahovaga mutlaq sadoqatli ekanimiz aniq ko‘rinishi zarur. (1 Korinfliklarga 10:31, 32 ni o‘qing.)

BIR-BIRIMIZNI «SAMIMIYAT BILAN SEVAYLIK»

15. Nega imondoshlarimizga mehr va sevgi ila munosabatda bo‘lishimiz darkor?

15 Yahova bilan o‘zgacha munosabatlarimizni qadrlayotganimiz imondoshlarga qilgan munosabatlarimizda ham namoyon bo‘ladi. Zero, ular ham Yahovaga tegishli. Buni doim yodda tutsak, birodaru opa-singillarimizga hamisha mehr va sevgi ila munosabatda bo‘lamiz. (1 Salon. 5:15) Iso izdoshlariga quyidagicha degan: «Agar orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi». (Yuhan. 13:35)

16. Tavrotdan Yahovaning xalqiga nisbatan sevgisi borasida nimani bilib olyapmiz?

16 Bir-birimizga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerakligini tasavvur qilish uchun, quyidagi misol borasida bir o‘ylab ko‘ring. Yahovaning ma’badidagi anjomlar faqatgina pok topinish uchun bag‘ishlangan edi. Tavrot kitobida ularga nisbatan g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida yo‘l-yo‘riq berilgan edi va bunga itoat qilmagan odam o‘limga mahkum etilardi. (Sah. 1:50, 51) Yahova Unga topinish bilan bog‘liq jonsiz anjomlar haqida shunchalik g‘amxo‘rlik qilgan ekan, O‘zining bag‘ishlangan xalqi sifatida tanlagan sadoqatli xizmatchilariga undan ham ko‘proq g‘amxo‘rlik qiladi! Bir safar Yahova O‘z xalqi to‘g‘risida shunday degan: «Kim sizlarga tegsa, Mening ko‘z qorachig‘imga tekkan bo‘ladi». (Zakr. 2:8)

17. Yahova nimani «diqqat bilan tinglaydi»?

17 Qizig‘i shundaki, Malaki payg‘ambar Yahovaning xizmatchilari o‘zaro suhbatlashganda U ularni «diqqat bilan tinglardi» degan. (Mal. 3:16) Darhaqiqat, Yahova «kim Unga tegishli ekanini biladi». (2 Tim. 2:19) U har bir ishimizdan va so‘zimizdan xabardor. (Ibron. 4:13) Shunday ekan, imondoshimizga mehr ila munosabat qilmasak, Yahova buni sezadi. O‘zaro mehmondo‘st, saxiy, kechirimli va mehribon bo‘lsak, Yahova buni nazaridan chetda qoldirmasligiga amin bo‘lishimiz mumkin. (Ibron. 13:16; 1 Butr. 4:8, 9)

«YAHOVA O‘Z XALQINI UNUTMAYDI»

18. Yahova bizni xizmatchilari sifatida tanlagani uchun Unga qay yo‘sin minnatdorchilik bildira olamiz?

18 Shunisi aniqki, Yahova bizni xizmatchilari sifatida tanlagani uchun Unga minnatdorchilik bildirishni juda istaymiz. O‘zimizni Yahovaga bag‘ishlab, Uning hukmdorligini tan olish oqilona ekanini ko‘ryapmiz. Garchand «to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, buzilgan nasl» orasida yashayotgan bo‘lsak-da, «benuqson va pok» bo‘lib, «bu dunyoda yoritkichlar singari porlashni» istaymiz. (Filip. 2:15) Yomonlikka qarshi qat’iy turishni xohlaymiz. (Yoqb. 4:7) Bundan tashqari, imondoshlarimiz ham Yahovaga tegishli ekanini tan olib, ularni sevamiz va hurmat qilamiz. (Rim. 12:10)

19. Yahova Unga tegishli bo‘lganlarni qanday mukofotlaydi?

19 Muqaddas Kitobda quyidagi va’dani o‘qiymiz: «Yahova O‘z xalqini unutmaydi». (Zab. 94:14) Bu kafolat! Nima bo‘lishidan qat’i nazar, Yahova biz bilan. Hatto o‘lim ham bizni Yahovaning sevgisidan mahrum qila olmaydi. (Rim. 8:38, 39) «Yashasak ham Yahova uchun yashaymiz, o‘lsak ham Yahova uchun o‘lamiz. Shu bois, yashasak ham, o‘lsak ham Yahovaga tegishlimiz». (Rim. 14:8) Qolaversa, Yahova o‘lim uyqusiga ketgan sadoqatli xizmatchilarini hayotga qaytaradigan kunni intiqib kutyapmiz. (Mat. 22:32) Hozirning o‘zida ko‘pgina barakalardan bahra olyapmiz. Muqaddas Kitobda aytilganidek, «Yahova qaysi xalqning Xudosi bo‘lsa, kimni O‘z mulki sifatida tanlasa, o‘sha xalq baxtlidir». (Zab. 33:12)