Qay yo‘sin shaxsiy tadqiqni yanada samarali va yoqimli qila olasiz?
YOSHUA juda og‘ir qiyinchilikka ro‘baro‘ keldi. U mushkul qiyinchiliklarga qaramay, Isroil xalqini va’da qilingan yurtga boshlab borishi kerak edi. Yahova uni muvaffaqiyat qozonishiga ishontirib, jasoratli va mahkam bo‘lishga chorlagan. U Tavrot kitobidagi so‘zlarga astoydil rioya etib, unda yozilganlarga amal qilishi uchun, uni tunu kun o‘qishi kerak edi. «Shunda donolik bilan yo‘l tutib, muvaffaqiyatga erishasan»,— deb aytgan Yahova. (Yoshua 1:7, 8)
Ushbu «nihoyatda og‘ir vaqtlar»da biz ham mushkul qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. (2 Tim. 3:1) Yoshua singari biz ham Yahovaning maslahatiga amal qilib muvaffaqiyat qozona olamiz. Muqaddas Kitobni muntazam o‘qishimiz va duchor bo‘layotgan sinovlarimizda u yerdagi prinsiplarga astoydil rioya qilishimiz mumkin.
Biroq aksariyatimiz uchun, o‘qish va shaxsiy tadqiq o‘tkazish oson emasdir. Muqaddas Kitobni tadqiq qilish o‘ta muhim ekan, « Quyidagilarga amal qilib ko‘ring» nomli ramkadagi maslahatlarni yana ko‘rib chiqishingiz mumkin. Ular tufayli shaxsiy tadqiqingiz yanada samarali va yoqimli bo‘ladi.
Sano bastakori: «Amrlaring yo‘lidan meni yetaklab bor. Boisi, men ulardan zavq olaman»,— deb aytgan. (Zab. 119:35) Siz ham Xudoning Kalomini tadqiq qilishdan benihoya zavq olishingiz mumkin. Ma’naviy xazinalarni yaxshilab qidirsangiz, mukofot tariqasida yangi marvaridlarni topasiz.
Garchi Yoshua kabi xalqni boshqarmasangiz ham, o‘zingizga yarasha qiyinchiliklarga duch kelyapsiz. Shunday ekan, sizning foydangiz uchun yozilgan so‘zlarni Yoshua singari tadqiq qilib, ularga amal qiling. Natijada siz ham donolik bilan yo‘l tutib, muvaffaqiyatga erishasiz.