Xizmat qilishga xohish bildirganlar. Myanmada
«HOSIL chindan ham mo‘l, faqat ishchilar oz. Ana shu sababdan hosilni yig‘ish uchun ishchilarni yuborsin deb, hosil Egasiga iltijo qilinglar». (Luqo 10:2) Isoning deyarli 2 000 yil avval aytgan mazkur so‘zlari Myanmadagi vaziyatga to‘g‘ri keladi. Nega deganda, u yerda taxminan 4 200 ta va’zgo‘y 55 million aholi orasida xushxabarni va’z qilmoqda.
Lekin «hosil Egasi» Yahova turli mamlakatdagi yuzlab birodaru opa-singillarimizning qalbiga ta’sir qilib, ularni Janubi-Sharqiy Osiyodagi bu mamlakatga ko‘chib o‘tishga va ma’naviy o‘rim-yig‘imda ishtirok etishga undadi. Xo‘sh, bu yerga kelishlariga nima sabab bo‘ldi? Myanmaga ko‘chishlariga nima yordam berdi? Ular qanday barakalarga ega bo‘lishdi? Keling, bilib olaylik.
«KELINGLAR, BIZGA KO‘PROQ KASHSHOFLAR KERAK!»
Bir necha yil avval yaponiyalik Kazuhiroda tutqanoq xuruji bo‘ldi va u hushini yo‘qotib kasalxonaga tushib qoldi. Shifokor unga ikki yil davomida mashina haydamaslikni aytdi. Kazuhiro dovdirab qoldi. «Qanday qilib eng yaxshi ko‘rgan ishimni — kashshoflikni davom ettira olaman?» — deb o‘ylandi Kazuhiro. U Yahovaga iltijolar qilib, kashshoflik xizmatini davom ettira olishi uchun yo‘lini ochib berishini so‘radi.
Kazuhiro quyidagicha davom etdi: «Bir oy o‘tib, Myanmada xizmat qilayotgan do‘stim vaziyatimdan xabar topdi. U menga qo‘ng‘iroq qilib: “Myanmada asosiy transport vositasi avtobus. Bu yerga kelsangiz, xizmatingizni mashinasiz ham davom ettira olasiz”,— deb aytdi. Shifokorimdan ahvolim Myanmaga borishga yo‘l qo‘yadimi, deb so‘radim. U shunday dedi: “Tutqanoq kasalligi sohasida ishlaydigan myanmalik shifokor hozir Yaponiyada. Sizlarni tanishtirib qo‘yaman. Agar sizda yana xuruj bo‘lsa, u sizga yordam bera oladi”. Bunday deyishini kutmagandim! Shifokorning gaplarini Yahovaning javobi deb qabul qildim».
Kazuhiro shu zahoti Myanma filialiga elektron maktub yubordi va turmush o‘rtog‘i bilan u yerda kashshof sifatida xizmat qilmoqchi ekanini bildirdi. Atigi besh kundan keyin filialdan shunday javob keldi: «Kelinglar, bizga ko‘proq kashshoflar kerak!» So‘ng Kazuhiro va xotini Mari ikkala mashinasini ham sotishdi, viza olishdi hamda samolyot chiptalarini xarid qilishdi. Hozir ular Mandalayda imo-ishora tilidagi guruhda xizmat qilishdan baxtiyor. Kazuhiro shunday deb bo‘lishdi: «Bu voqea tufayli Zabur 37:5 dagi: “Yo‘lingni Yahovaga ishonib topshir, Unga tayan va U sening foydangni ko‘zlab ish tutadi”,— degan Yahovaning va’dasiga bo‘lgan ishonchimiz oshdi».
YAHOVA YO‘L OCHIB BERDI
2014-yili Myanmada maxsus anjuman bo‘lib o‘tdi. Unga turli mamlakatlardan imondoshlarimiz tashrif buyurdi. Ulardan biri AQShdan bo‘lgan 34 yoshlik Monika edi. U shunday aytdi: «Anjumandan qaytgach, Yahovaga ibodat qilib, qanday qadamlar qo‘yishim kerakligi haqida so‘radim. Shuningdek, ma’naviy maqsadlarim haqida ota-onam bilan bo‘lishdim. Barchamiz men Myanmaga qaytishim kerak, degan fikrda edik. Lekin bir qarorga kelishim uchun bir oz vaqt kerak bo‘ldi va men ko‘p ibodat qildim». Monika nega bunday bo‘lganini aytib berdi.
U quyidagicha dedi: «Iso izdoshlarini “qancha xarajat ketishini hisoblab olishga” undagan. O‘zimdan shunday deb so‘radim: “Ko‘chishga qurbim yetadimi? U yerda ishga ko‘p vaqt ajratmay o‘zimni ta’minlay olamanmi?”» U davom etib dedi: «Shunda dunyoning boshqa chekkasiga ko‘chib o‘tish uchun yetarlicha pulim yo‘q ekanini tushundim». Qiziq, qay yo‘sin u ko‘chishga muvaffaq bo‘ldi? (Luqo 14:28)
«Bir kuni boshlig‘im meni chaqirtirdi. O‘shanda meni ishdan bo‘shatishmoqchi, deb o‘ylab xavotirlandim. Lekin boshlig‘im yaxshi ishlaganim uchun minnatdorchilik bildirdi. Keyin u mukofot puli tayinlaganini aytdi. Bu o‘shanda moliyaviy majburiyatlarimdan xalos bo‘lishga asqatadigan men muhtoj bo‘lgan pul edi»,— deb bo‘lishdi Monika.
Monika 2014-yilning dekabr oyidan beri Myanmada xizmat qilmoqda. Ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilish borasida u qanday fikrda? «Bu yerda ekanimdan juda xursandman»,— deb aytdi u. «Uch kishi bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazaman. Ulardan biri 67 yoshda. U doim meni tabassum ila quchoqlab kutib oladi. U Xudoning ismi Yahova ekanini bilganda, ko‘zlariga yosh kelgandi. U: “Hayotimda birinchi marta Xudoning ismi Yahova ekanini eshityapman. Garchi mendan ancha yosh bo‘lsang-da, eng muhim narsani o‘rgatding”,— deb aytgan edi. Rostini aytsam, mening ham ko‘zlarim yoshlangan edi. Bu kabi voqealar ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilayotganingizda mamnuniyat baxsh etadi»,— deb qo‘shib qo‘ydi Monika. Yaqinda Monika Shohlik xabarchilari maktabida o‘qish sharafiga ega bo‘ldi.
2013-yilgi «Yahova Shohidlarining yilnomasi»da chop etilgan Myanma haqidagi ma’lumot boshqalar uchun bu yerga ko‘chib kelishga turtki bo‘ldi. Yoshi 30 dan oshgan Li ismli imondoshimiz Janubi-Sharqiy Osiyoda yashar edi. U kun bo‘yi ishlardi, ammo «Yilnoma»da keltirilgan ma’lumot uni Myanmada xizmat qilish borasida o‘ylab ko‘rishga undadi. «2014-yili Yangonga maxsus anjumanga kelganimda, Myanmada ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xitoy tilidagi hududda xizmat qilayotgan bir juftlik bilan tanishdim. Xitoy tilini bilganim uchun Myanmaga ko‘chib o‘tib, bu tildagi guruhda xizmat qilishga qaror qildim. Monikaga hamkor bo‘ldim va biz Mandalayga ko‘chib o‘tdik. Yahova bizga baraka berdi: ikkimiz ham bitta maktabga yarim stavkali ishga kirdik va uning yaqinidan uy topdik. Issiq iqlimga va ayrim noqulayliklarga qaramay, bu yerdagi xizmatimdan quvonch topyapman. Myanmada odamlar sodda hayot kechiradi. Shu bilan birga ular xushmuomala va xushxabarni jon deb tinglashadi. Yahova ishni tezlashtirayotganini ko‘rish ajoyibdir. Yahova men aynan Mandalayda xizmat qilishimni istayotganiga aminman»,— deb bo‘lishdi Li.
YAHOVA IBODATLARNI ESHITADI
Ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilish uchun ko‘chib o‘tganlar ibodatning kuchini o‘zlarida his etdi. Masalan, 37 yoshli Jampei va yoshi 35 da bo‘lgan rafiqasi Naoni olaylik. Ular Yaponiyada imo-ishora tilidagi jamoatda xizmat qilardi. Nima uchun ular Myanmaga
ko‘chdi? Jampei shunday deb bo‘lishdi: «Men va turmush o‘rtog‘imda ehtiyoj katta bo‘lgan boshqa yurtda xizmat qilish maqsadi bor edi. Yaponiyadagi jamoatimizdan bitta birodar Myanmaga ko‘chib o‘tdi. Garchi yig‘ib qo‘ygan pulimiz uncha ko‘p bo‘lmasa-da, biz ham 2010-yili mayda bu yerga ko‘chib o‘tdik. Myanmadagi imondoshlarimiz bizni iliq qarshi olishdi». U Myanmada imo-ishora tilida xizmat qilish borasida qanday fikrda? Jampei quyidagicha dedi: «Qiziquvchilar juda ko‘p. Imo-ishora tilidagi videolarni ko‘rsatganimizda, qulog‘i eshitmaydigan uy egalari hayron qolishadi. Yahovaga xizmat qilish uchun bu yerga kelishga qaror qilganimizdan juda xursandmiz!»Jampei va Naoning moddiy ahvoli bilan nima bo‘ldi? «Uch yil o‘tgach, yig‘ib qo‘ygan pulimizning ko‘p qismini ishlatib bo‘lgan edik va keyingi yili ijara haqini to‘lash uchun yetarlicha pulimiz yo‘q edi. Rafiqam bilan sidqidildan ibodat qilardik. Kutilmaganda filialdan maktub oldik. Bizni vaqtincha maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilishga taklif qilishdi! Yahovaga tayangan edik va U bizni tark etmaganini his qildik. Ha, U har taraflama bizga g‘amxo‘rlik qilmoqda»,— dedi Jampei. Yaqinda Jampei va Nao ham Shohlik xabarchilari maktabida tahsil olishdi.
YAHOVA KO‘PLARNI UNDAMOQDA
Italiyalik yoshi 43 da bo‘lgan Simon va Yangi Zelandiyadan bo‘lgan 37 yoshli xotini Annani Myanmaga ko‘chishga nima undadi? Anna shunday javob berdi: «2013-yilgi “Yilnoma”da Myanma haqida keltirilgan ma’lumot!» Simon quyidagicha dedi: «Myanmada bo‘lish katta sharafdir. Bu yerda hayot soddaroq va Yahovaga ko‘proq xizmat qila olaman. Ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilganda Yahovaning g‘amxo‘rligini his etish o‘zgachadir». (Zab. 121:5) Anna esa shunday deb bo‘lishdi: «Men har qachongidan ham baxtiyorman. Sodda hayot kechiramiz. Turmush o‘rtog‘im bilan ko‘proq vaqt o‘tkaza olaman va biz yaqinroq bo‘ldik. Shuningdek, ajoyib do‘stlar orttirdik. Odamlar Yahovaning Shohidlariga nisbatan yuzxotirchilik qilmaydi va ular ko‘rsatayotgan qiziqish insonni hayratda qoldiradi». Qiziq, qanaqasiga?
Anna quyidagicha hikoya qildi: «Bir kuni do‘konda bir talabaga va’z qildim va biz yana uchrashishga kelishdik. Uchrashganimizda u o‘zi bilan dugonasini ham olib keldi. Keyingi safar esa ular bir necha kishi bo‘lib kelishdi. Keyinchalik esa undan ham ko‘proq bo‘lib kelishdi. Hozir ularning beshtasi bilan tadqiq o‘tyapman». Simon shunday deb aytdi: «Xizmatda uchratadigan odamlarimiz do‘stona munosabatda bo‘lib, savollar beradi. Ko‘plar qiziqish bildiradi. Qiziqish bildirganlarning bariga yordam berish uchun yetarlicha vaqt ajrata olmayapmiz».
Myanmaga ko‘chib o‘tishga qaror qilishdan oldin qanday amaliy qadamlar qo‘yish kerak? Yaponiyalik Mizuho shunday dedi: «Turmush o‘rtog‘im Saxio bilan doim ehtiyoj katta bo‘lgan yurtda xizmat qilishni istardik. Ammo qayerdaligini bilmas edik. 2013-yilgi “Yilnoma”da keltirilgan Myanma haqidagi
ma’lumotni o‘qiganimizda qalbni zabt etadigan u yerdagi voqealar bizga rosa ta’sir qildi. Shunda Myanmada xizmat qilish uchun u yerga ko‘chishimiz mumkinligi borasida o‘ylay boshladik». Saxio quyidagicha qo‘shib qo‘ydi: «U yerda hayot qanday ekanini ko‘rish uchun Myanmaning katta shahri Yangonga bir haftalik safar uyushtirdik. O‘sha kichik sayohatimiz tufayli bu yerga ko‘chishimiz lozimligini tushundik».SIZ HAM BORA OLASIZMI?
Yoshi 50 dan oshgan avstraliyalik juftlik Rodney va Jeyn o‘g‘li Jordan hamda qizi Danika bilan 2010-yildan beri Myanmada ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilib kelmoqda. Rodney shunday dedi: «Odamlar ma’nan chanqoq ekani bizga juda ta’sir qildi. Boshqa oilalarga ham Myanma kabi hududda xizmat qilishga urinib ko‘rishni tavsiya etaman». Nima uchun? «Bu xizmat tufayli oilamizning Yahova bilan bo‘lgan munosabatlari yaqinroq bo‘ldi. Ko‘pgina yoshlar telefon, mashina, ish va hokazolarga berilib ketgan. Farzandlarimiz esa xizmatda ishtirok etish uchun yangi so‘zlarni o‘rganish bilan band. Ular Muqaddas Kitob haqida bilmaydigan odamlar bilan suhbatlashishni va mahalliy tildagi jamoat uchrashuvlarida sharh berishni o‘rganishga hamda boshqa ko‘pgina ma’naviy ishlarga sho‘ng‘ib ketgan»,— deb qo‘shib qo‘ydi u.
AQShdan bo‘lgan 37 yoshli Oliver nima sababdan mana shu xizmat turida ishtirok etishni tavsiya qilishini tushuntirdi: «Qulayliklarimdan kechib Yahovaga xizmat qilish ko‘p foyda keltirdi. Bu ko‘chish yordamida har qanday vaziyatda Yahovaga ishonishni va tayanishni o‘rgandim. Men oldin tanimagan imondoshlarim bilan xizmat qilyapman va biz e’tiqodimiz tufayli yakdilmiz. Faqatgina Xudoning tashkilotida shunday bo‘lishi mumkin!» Hozirda Oliver va uning rafiqasi Anna xitoy tilidagi hududda g‘ayrat ila va’z qilishmoqda.
Avstraliyalik 52 yoshli opamiz Treyzl 2004-yildan beri Myanmada xizmat qilmoqda. U shunday aytdi: «Vaziyati yo‘l qo‘yganlarga, ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilishni tavsiya qilaman. O‘z tajribamdan shuni ko‘rdimki, xizmat qilishga tayyor bo‘lsangiz, Yahova harakatlaringizga baraka beradi. Bu yerda yashash xayolimga ham kelmagan edi. Bu men orzu qilishim mumkin bo‘lgan eng arzigulik va mamnuniyat baxsh etuvchi hayot tarzidir».
Iloyim, Myanmada ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilayotgan imondoshlarning sidqidildan aytgan so‘zlari, sizni ham shu kabi hududlarda samimiy odamlarga yordam berishga undasin. Ha, ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilayotganlar sizga: «Iltimos, Myanmaga kelib, bizga yordam bering!» — deb aytmoqda.