Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

30-TADQIQ MAQOLASI

Haqiqat yo‘lida yurishda davom eting

Haqiqat yo‘lida yurishda davom eting

Bolalarimning haqiqat yo‘lida yurayotganini eshitish, men uchun katta baxt. 3 YUHAN. 4

54-QO‘SHIQ «Mana yo‘l»

BU MAQOLADA *

1. Yuhannoning uchinchi maktubi 3- , 4- oyatlarga ko‘ra, bizni nima baxtiyor qiladi?

HAVORIY YUHANNO boshqalarga haqiqatni bilib olishga ko‘maklashgan. Bu insonlar Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishda davom etayotganini eshitganida u qanchalar xursand bo‘lganini bir tasavvur qiling. Ular ko‘p muammolarga duch kelishgan. Yuhanno ushbu sadoqatli masihiylarni ma’naviy farzandlari deb bilgan va ularning imonini mustahkamlash uchun jon kuydirgan. Shu singari biz ham o‘z bolalarimiz yoki ma’naviy farzandlarimiz hayotini Yahovaga bag‘ishlab, Unga xizmat qilishda davom etishsa, juda baxtiyor bo‘lamiz. (3 Yuhanno 3, 4 ni o‘qing.)

2. Yuhanno maktublarni yozganda qanday maqsadni ko‘zlagan?

2 Mil. 98-yili Yuhanno, ehtimol, Efesda yoki uning yaqinida yashagan. Hoynahoy, u Patmos orolidagi surgundan qaytgach, shu yerga ko‘chib kelgan. Taxminan o‘sha paytda Yahovaning muqaddas ruhi uni uchta maktubni yozishga undagan. Bu maktublarni yozishdan maqsad sadoqatli masihiylarni Isoga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga va haqiqat yo‘lida yurishda davom etishga undash bo‘lgan.

3. Qaysi savollarga javob topamiz?

3 Yuhanno tirik qolgan oxirgi havoriy bo‘lgan va soxta ta’limotlar jamoatlarga yomon ta’sir qilayotganidan tashvishlangan *. (1 Yuhan. 2:18, 19, 26) O‘shanda murtadlar Xudoni bilamiz, deb da’vo qilishgan, biroq Uning amrlariga bo‘ysunishmagan. Keling, Yuhanno ilohiy ilhom ostida bergan maslahatlarni ko‘rib chiqaylik. Ularni ko‘rib chiqayotib quyidagi uchta savolga javob topamiz: haqiqat yo‘lida yurish nimani anglatadi? Qanday to‘siqlarga duch kelamiz? Bir-birimizga haqiqat yo‘lida qolishga qanday yordam bera olamiz?

HAQIQAT YO‘LIDA YURISH NIMANI ANGLATADI?

4. Yuhannoning birinchi maktubi 2:3–6 va 2 Yuhanno 4, 6 ga ko‘ra, haqiqat yo‘lida yurish nimani o‘z ichiga oladi?

4 Haqiqat yo‘lida yurish uchun Allohning Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitobda yozilgan haqiqatlarni bilishimiz kerak. Bundan tashqari, Yahovaning «amrlariga» amal qilishimiz, ya’ni ularga itoat etishimiz lozim. (1 Yuhanno 2:3–6; 2 Yuhanno 4, 6 ni o‘qing.) Yahovaga itoat etishda Iso mukammal o‘rnak qoldirgan. Shu bois, Yahovaga itoat etishning muhim yo‘llaridan biri Isoning izidan imkon qadar og‘may yurish. (Yuhan. 8:29; 1 Butr. 2:21)

5. Nimaga amin bo‘lishimiz lozim?

5 Haqiqat yo‘lida yurishda davom etish uchun Yahova haq Xudo ekaniga, Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob orqali aytayotgan barcha narsa haqiqat ekaniga amin bo‘lishimiz darkor. Shuningdek, Iso va’da qilingan Masih ekaniga ishonchimiz komil bo‘lishi lozim. Bugungi kunda ko‘pchilik Iso Xudo Shohligining Shohi sifatida moylanganiga shubhalanadi. Yuhanno «ko‘p aldoqchilar» paydo bo‘lgani va ular Yahova hamda Iso to‘g‘risidagi haqiqatni himoya qilishga tayyor bo‘lmaganlarni yo‘ldan ozdirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. (2 Yuhan. 7–11) Yuhanno shunday deb yozgan: «Isoning Masih ekanini rad etayotgan kishi yolg‘onchi bo‘lmasa, unda kim yolg‘onchi?» (1 Yuhan. 2:22) Aldanib qolmaslikning yagona yo‘li — Xudoning Kalomini tadqiq qilish. Shunday qilsakkina, Yahovani hamda Isoni tanib-bila olamiz. (Yuhan. 17:3) Shu yo‘sin haqiqat yo‘lida ekanimizga amin bo‘lamiz.

QANDAY TO‘SIQLARGA DUCH KELAMIZ?

6. Yosh masihiylar duch keladigan to‘siqlardan biri qanday?

6 Barcha masihiylar insoniy falsafaga aldanib qolishdan ehtiyot bo‘lishlari lozim. (1 Yuhan. 2:26) Ayniqsa yosh masihiylar bu tuzoqqa tushib qolmaslik uchun ogoh bo‘lishlari kerak. Fransiyada yashovchi Aleksia * ismli 25 yashar imondoshimiz shunday deb bo‘lishdi: «Maktabda o‘qib yurgan paytlarim evolyusiya nazariyasi va boshqa insoniy g‘oyalar haqida bilib olganman va ular tufayli menda haqiqat borasida shubhalar paydo bo‘la boshlagan. O‘shanda bu g‘oyalar menga yoqqandi. Ammo Yahovaning gapirishiga imkon bermay turib, maktabda o‘rgatilganlarga ishonib ketishni adolatdan emas, deb o‘ylagandim». Aleksia «Hayot qanday paydo bo‘lgan? Evolyusiya yoki yaratilish orqalimi?» nomli kitobni tadqiq qilgan. Bir necha hafta o‘tib uning shubhalaridan asar ham qolmagan. Aleksia: «Muqaddas Kitobda haqiqat yozilganiga shaxsan ishonch hosil qildim. Unda yozilgan me’yorlarga muvofiq yashash menga quvonch va tinchlik keltirishini angladim»,— dedi.

7. Qanday bosimga qarshi turishimiz darkor va nega?

7 Barcha masihiylar — yosh-u qari — ikki xil hayot tarzini kechirish bosimiga qarshi turishi darkor. Yuhanno bir paytning o‘zida ham haqiqat yo‘lida yurishning, ham axloqsiz hayot kechirishning iloji yo‘qligini ta’kidlagan. (1 Yuhan. 1:6) Agar hozir va kelajakda Xudoning roziligini olishni istasak, o‘zimizni go‘yoki doim odamlarning ko‘z o‘ngida bo‘lganday tutishimiz kerak. Aslida ham yashirin gunoh degan tushunchaning o‘zi yo‘q, chunki Yahova barcha ishlarimizni ko‘rib turadi. (Ibron. 4:13)

8. Nimani rad etishimiz kerak?

8 Biz gunohga nisbatan dunyoga xos nuqtai nazarini rad etishimiz kerak. Havoriy Yuhanno: «Bordi-yu: “Gunohimiz yo‘q”,— desak, yanglishgan bo‘lamiz va bizda haqiqat yo‘q»,— deb yozgan. (1 Yuhan. 1:8) Yuhannoning paytida murtadlar inson bila turib gunoh qilsa-da, Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishi mumkin, deb aytishgan. Bugungi kunda biz ham shunday fikrlaydigan odamlar orasida yashayapmiz. Ko‘pchilik Xudoga ishonaman, deb da’vo qiladi-yu, ammo Uning gunohga nisbatan nuqtai nazarini rad etadi, ayniqsa, jinsiy munosabatlar haqida gap ketganida. Yahova gunoh deb hisoblaydigan narsalarni ular shaxsiy tanlov yoki noan’anaviy jinsiy hayot tarzi, deb atashadi.

Yoshlar, nega Yahova nimanidir to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deyayotganini bilib oling. Shunda noto‘g‘ri bo‘lgan narsani nega tanlamayotganingizni tushuntirib bera olasiz (9-xatboshiga qarang.) *

9. Muqaddas Kitobga asoslangan e’tiqodlariga sodiq qolish yoshlarga qanday foyda keltiradi?

9 Xususan, yosh masihiylar axloqsiz hayot tarzi borasida sinfdoshlari yoki hamkasblarining nuqtai nazarini o‘zlashtirish bosimiga duch kelishadi. Aleksandar bilan ham shunday bo‘lgan. U quyidagicha dedi: «Maktabdagi ayrim qizlar meni ular bilan jinsiy munosabatda bo‘lishga majburlamoqchi bo‘lishardi. Uchrashib yuradigan qizim bo‘lmagani uchun ular menga: “Gomoseksualist bo‘lsang kerak”,— deb aytishardi». Bordi-yu, siz ham shunday sinovlarga duch kelayotgan bo‘lsangiz, yodda tutingki, Muqaddas Kitobga asoslangan e’tiqodlaringizga sodiq qolib o‘zingizga bo‘lgan hurmatni saqlaysiz, jismoniy va hissiy sog‘ligingizni hamda Yahova bilan munosabatlaringizni himoya qilgan bo‘lasiz. Har gal vasvasani rad etganingizda, keyingi safar to‘g‘ri yo‘l tutish yanada osonlashadi. Esingizda bo‘lsin, bu dunyodagi jinsiy munosabatlarga nisbatan buzuq nuqtai nazar Shaytondandir. Dunyodagi odamlar kabi fikrlashni rad etganingiz — «Shaytonni yengdingiz» degani. (1 Yuhan. 2:14)

10. Qanday qilib 1 Yuhanno 1:9 dagi so‘zlar Yahovaga toza vijdon bilan xizmat qilishimizga yordam beradi?

10 Biz nima gunoh ekanini belgilashga Yahova haqli ekanini tan olamiz. Gunohga qo‘l urmaslik uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Ammo gunoh qilib qo‘ysak, Yahovaga ibodat qilib qilmishimizga iqror bo‘lamiz. (1 Yuhanno 1:9 ni o‘qing.) Agar jiddiy gunohga qo‘l ursak, Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilish uchun tayinlagan oqsoqollarning yordamini izlaymiz. (Yoqb. 5:14–16) Biroq o‘tmishda qilgan xatolarimiz tufayli aybdorlik hissi bizni qamrab olishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Nega? Chunki gunohlarimiz kechirilishi uchun sevuvchi Otamiz O‘z O‘g‘lini to‘lov qurbonligi sifatida taqdim etgan. Yahova tavba qilgan gunohkorlarni kechirishini aytgan bo‘lsa, demak, U shunday qiladi. Yahovaga toza vijdon bilan xizmat qilishimizga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi. (1 Yuhan. 2:1, 2, 12; 3:19, 20)

11. Imonimizga zarar yetkazadigan ta’limotlardan o‘zimizni qanday himoya qila olamiz?

11 Biz murtadlarning ta’limotlarini rad etishimiz lozim. Masihiylar jamoati paydo bo‘lganidan beri Iblis Xudoning sadoqatli xizmatchilari qalbiga shubha urug‘larini ekish uchun ko‘plab yolg‘onchilardan foydalanib kelyapti. Shu bois, haqiqatni yolg‘ondan ajratishni bilishimiz kerak *. Dushmanlarimiz Internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib Yahovaga bo‘lgan ishonchimiz va imondoshlarimizga bo‘lgan sevgimizni susaytirishga harakat qilishi mumkin. Bunday targ‘ibot ortida kim turganini yodda tuting va uni rad eting. (1 Yuhan. 4:1, 6; Vah. 12:9)

12. Nima uchun bilib olgan haqiqatlarga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashimiz lozim?

12 Shaytonning hujumlariga qarshi tura olish uchun biz Isoga hamda u Xudoning niyati amalga oshishida muhim o‘rin egallashiga qattiq ishonishimiz lozim. Shuningdek, bugungi kunda Yahova tashkilotini yo‘naltirish uchun foydalanayotgan «ishonchli va aqlli xizmatkor»ga ishonishimiz darkor. (Mat. 24:45–47) Xudoning Kalomini muntazam tadqiq qilib ishonchimizni mustahkamlaymiz. Shunda imonimiz yerga chuqur ildiz otgan daraxt kabi bo‘ladi. Pavlus Kolosadagi jamoatga shunga o‘xshash fikrni yozgan edi. U quyidagicha degandi: «Hazratimiz Iso Masihni qabul qilgan ekansiz, bundan buyon ham u bilan birlikda yuringlar. Olgan ta’limingizga binoan unda tomir yoyib, mustahkamlaninglar va imonda barqaror bo‘linglar». (Kolos. 2:6, 7) Imonimizni mustahkamlash uchun jon kuydirsak, Shayton va uning tarafdorlari bizni haqiqat yo‘lida yurishdan to‘xtata olmaydi. (2 Yuhan. 8, 9)

13. Nimaga hayron qolmaymiz va nega?

13 Bu dunyo bizdan nafratlansa hayron qolmaymiz. (1 Yuhan. 3:13) Yuhanno bizga «butun dunyo Shaytonning hukmida» ekanini eslatib o‘tgan. (1 Yuhan. 5:19) Bu zamonaning nihoyasi yaqinlashgani sayin, Shaytonning g‘azabi yanada alanga olmoqda. (Vah. 12:12) U axloqsizlik tuzog‘i yoki murtadlarning yolg‘onlari kabi yashirin hujumlar bilan kifoyalanib qolmayapti. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum ham qilyapti. Shayton va’zgo‘ylik faoliyatimizni to‘xtatish yoki imonimizni barbod qilish uchun vaqti juda oz qolganini biladi. Shu sababli bir qancha mamlakatlarda faoliyatimiz chegaralangani yoki taqiqlanganiga ajablanmaymiz. Bunday vaziyatga qaramay, o‘sha mamlakatlardagi imondoshlarimiz sabr-bardoshni namoyon etishyapti. Ular shuni isbotlashyaptiki, Shayton bizga qancha yomonlik qilmasin, biz g‘alaba qozona olamiz!

BIR-BIRIMIZGA HAQIQAT YO‘LIDA QOLISHGA YORDAM BERAYLIK

14. Birodar-u opa-singillarimizga haqiqat yo‘lida qolishga yordam berishning usullaridan biri qanday?

14 Birodar-u opa-singillarimizga haqiqat yo‘lida qolishga yordam berish uchun ularga hamdardlikni namoyon etishimiz kerak. (1 Yuhan. 3:10, 11, 16–18) Bir-birimizni nafaqat hamma narsa yaxshi bo‘lganida, balki muammolar yuzaga kelganida ham sevishimiz darkor. Masalan, o‘lim tufayli yaqinidan ayrilgan va tasalliga yoki amaliy yordamga muhtoj bo‘lgan imondoshingiz bordir. Yo bo‘lmasa, imondoshlaringiz tabiiy ofat tufayli ko‘p narsasidan ayrilgani hamda ularning Yig‘ilish zallari yoki uylari ta’mirga muhtoj ekani haqida eshitgandirsiz. Birodar-u opa-singillarimizni qanchalik sevishimiz va ularga hamdard ekanimizni faqatgina so‘zlarda emas, eng asosiysi, amalda ko‘rsatishga intilamiz.

15. Yuhannoning birinchi maktubi 4:7, 8 ga binoan, nima qilishimiz lozim?

15 Bir-birimizga sevgini namoyon etganimizda sevuvchi samoviy Otamizga taqlid qilgan bo‘lamiz. (1 Yuhanno 4:7, 8 ni o‘qing.) Sevgimizni namoyon etishning yana bir muhim yo‘li kechirimli bo‘lishdir. Misol uchun, kimdir bizni xafa qilib, keyin kechirim so‘rashi mumkin. Uni kechirib, qilmishini unutsak, sevgini namoyon etgan bo‘lamiz. (Kolos. 3:13) Aldo ismli birodarimiz shunday sinovga duch kelgan. U juda hurmat qiladigan birodar uning millatidan bo‘lgan odamlar haqida yomon gap aytgan. Aldo shunday dedi: «O‘sha birodarga nisbatan menda salbiy tuyg‘ular rivojlanmasligiga yordam berishini so‘rab, Yahovaga rosa ibodat qildim». Ammo Aldo bu bilan kifoyalanib qolmadi. U o‘sha birodarni xizmatga taklif qildi. Xizmat davomida Aldo o‘sha birodarning so‘zlari unga qanday ta’sir qilganini tushuntirdi. «Birodarga uning so‘zlari menga qanday ta’sir qilganini aytganimda, u kechirim so‘radi,— deb bo‘lishdi Aldo. — U aytgan so‘zlaridan qanchalik afsuslanayotgani ovoz ohangidan sezilib turardi. Bundan so‘ng biz yana do‘stlarga aylandik».

16, 17. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim?

16 Havoriy Yuhanno imondoshlarini yaxshi ko‘rgan va ularning ma’naviy farovonligi uchun qattiq qayg‘urgan. Bu tuyg‘ular uning ilohiy ilhom ostida yozilgan uchta maktubidagi maslahatlarda aks etgan. U kabi erkag-u ayollar samoda Masih bilan boshqarish uchun moylanganini bilish nihoyatda dalda baxsh etadi! (1 Yuhan. 2:27)

17 Yuqorida muhokama qilingan maslahatlarni yuragimizga jo qilaylik. Haqiqat yo‘lida yurishga, ya’ni hayotimizning barcha sohalarida Yahovaga itoat etishga qarorimiz qat’iy bo‘lsin. Uning Kalomini tadqiq qiling va unda yozilganlarga ishoning. Isoga qattiq ishoning. Insoniy falsafani hamda murtadlarning ta’limotlarini rad eting. Ikki xil hayot tarzini kechirish va gunohga berilish bosimiga qarshi turing. Yahovaning yuksak axloqiy me’yorlari bo‘yicha yashang. Keling, bizni xafa qilganlarni kechirib va muhtojlikda bo‘lganlarga yordam berib, imondoshlarimizga mustahkam bo‘lib qolishga ko‘maklashaylik. Shunda duch keladigan qiyinchiliklarga qaramay, haqiqat yo‘lida yurishda davom etamiz.

49-QO‘SHIQ Yahovaning qalbini quvontiraylik

^ 5- x.b. Biz yolg‘onning otasi bo‘lmish Shayton boshqarayotgan dunyoda yashayapmiz. Shuning uchun haqiqat yo‘lida yurish qiyin bo‘lishi mumkin. Milodiy birinchi asrning oxirida yashagan masihiylar ham shunga o‘xshash qiyinchilikka duch kelishgan. Ularga va bizga yordam berish uchun Yahova havoriy Yuhannoni uchta maktub yozishga ilhomlantirgan. Bu maktublardan haqiqat yo‘lida yurayotib qanday to‘siqlarga duch kelishimiz va ularni qanday yengib o‘tishimiz mumkinligini bilib olamiz.

^ 6- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 11- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2018-yil avgust sonidagi «Barcha dalillarni bilasizmi?» nomli tadqiq maqolasiga qarang.

^ 59- x.b. RASMGA SHARH. Maktabda bir singlimiz gomoseksualizmni qo‘llab-quvvatlash bosimiga duch kelyapti. (Ayrim madaniyatlarda kamalak ranglari gomoseksualizmning belgisi sifatida ishlatiladi.) Keyinroq u Yahovaning bu boradagi fikri to‘g‘ri ekaniga ishonchini mustahkamlash uchun tadqiq o‘tkazyapti. Buning yordamida u qiyin vaziyatni yenga olyapti.