Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Qachon Iso Oliy ruhoniy bo‘lgan? Qachon yangi ahd qilingani bilan u qachon kuchga kirgani o‘rtasida farq bormi?

Dalillar shuni ko‘rsatyaptiki, Iso mil. 29-yilda suvga cho‘mganida Oliy ruhoniy bo‘ldi. Buni qayerdan bilamiz? Iso suvga cho‘mganida Xudoning «iroda»sini bildiruvchi ramziy qurbongohda o‘z hayotini qurbon qilishga tayyor ekanini ko‘rsatdi. (Galat. 1:4; Ibron. 10:5–10) Ramziy qurbongoh Iso suvga cho‘mganidan beri mavjud bo‘lsa, unda buyuk ramziy ma’bad, ya’ni to‘lov qurbonligiga asoslangan Yahovaning pok topinish uchun uyushtirgan tadbiri o‘sha vaqtda vujudga kelgan bo‘lishi kerak. Qurbongoh ramziy ma’badning asosiy xususiyati hisoblanadi. (Mat. 3:16, 17; Ibron. 5:4–6)

Buyuk ramziy ma’bad vujudga kelgan bo‘lsa, unda u yerda oliy ruhoniy xizmat qilishi kerak edi. Bu xizmatni ado etish uchun Yahova Isoni «muqaddas ruhi hamda qudrati bilan» moyladi. (Havor. 10:37, 38; Mark 1:9–11) Lekin Iso o‘lishi va tirilishidan oldin Oliy ruhoniy etib tayinlanganiga qay yo‘sin amin bo‘lishimiz mumkin? Horun va undan keyin oliy ruhoniy bo‘lib xizmat qilganlarning misolini ko‘rib chiqish bu savolga javob topishga ko‘maklashadi.

Tavrot talabiga ko‘ra, muqaddas chodirning va keyinchalik ma’badning Eng muqaddas xonasiga faqat oliy ruhoniy kira olardi. Eng Muqaddas xonani Muqaddas xonadan parda ajratib turgan. Oliy ruhoniy parda ortiga faqat Gunohni yuvish kunida kirgan. (Ibron. 9:1–3, 6, 7) Horun va undan keyingi oliy ruhoniylar muqaddas chodirdagi «parda» ortiga kirishdan oldin moylanganiday, Iso ham o‘lishidan oldin Yahovaning buyuk ramziy ma’badida Oliy ruhoniy etib tayinlangan. Shundan keyin u «parda, ya’ni o‘zining tanasi orqali» samoviy hayotga o‘tgan. (Ibron. 10:20) Shu sababli, havoriy Pavlus Iso «oliy ruhoniy» sifatida kelganiga ishora qilib, u «odam qo‘llari bilan qurilmagan... yanada buyuk va mukammal chodir orqali kelgan» va «osmonga kirgan», deb aytgan. (Ibron. 9:11, 24)

Yangi ahd qachon qilingani bilan u qachon kuchga kirgani o‘rtasida farq yo‘q. Nima uchun? Iso osmonga ko‘tarilganda mukammal insoniy hayotining bahosini biz uchun Xudoga taqdim etib, yangi ahdni qilish yoki qonuniylashtirish jarayonini ishga tushirgan. Xuddi shu jarayon ahdni kuchga kiritgan. Buning uchun qanday qadamlar qo‘yilgan?

Birinchidan, Iso Yahovaning huzuriga kirgan; ikkinchidan, Iso qurbonligining bahosini Yahovaga taqdim etgan; uchinchidan, Yahova Isoning to‘kilgan qonining bahosini qabul qilgan. Ushbu qadamlar qo‘yilmaguniga qadar, yangi ahd kuchga kirmagan.

Muqaddas Kitobda Yahova Iso keltirgan qurbonlikning bahosini aynan qachon qabul qilgani to‘g‘risida hech narsa aytilmagan. Shuning uchun yangi ahd qachon qilingani va u qachon kuchga kirganini aniq aytolmaymiz. Biroq Iso Hosil bayramidan 10 kun oldin osmonga ko‘tarilganini bilamiz. (Havor. 1:3) O‘sha qisqa vaqt mobaynida u qurbonligining bahosini Yahovaga taqdim etgan, U esa bu bahoni qabul qilgan. (Ibron. 9:12) Hosil bayramida yuz bergan voqea buning yaqqol dalili bo‘lgan. (Havor. 2:1–4, 32, 33) Hoynahoy, o‘shanda yangi ahd qilingan va kuchga kirgan.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, Yahova Iso to‘kkan qonning bahosini qabul qilganidan keyin yangi ahd qilingan va kuchga kirgan. Yangi ahdning kuchga kirishida Oliy ruhoniy bo‘lmish Iso Vositachi sifatida xizmat qilgan. (Ibron. 7:25; 8:1–3, 6; 9:13–15)