Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

27-TADQIQ MAQOLASI

O‘z haqingizda keragidan ortiq o‘ylamanglar

O‘z haqingizda keragidan ortiq o‘ylamanglar

Har biringizga shunday deyapman: o‘z haqingizda keragidan ortiq o‘ylamanglar. Lekin aqli raso bo‘lib yurish uchun... o‘ylanglar. RIM. 12:3

130-QO‘SHIQ Kechirimli bo‘laylik

BU MAQOLADA *

1. Filippiliklarga 2:3 ga ko‘ra, kamtarlikni namoyon etish boshqalar bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishga qay yo‘sin yordam beradi?

KAMTARLIK ila Yahovaning me’yorlariga bo‘ysunamiz, chunki U biz uchun nima eng yaxshi ekanini bilishiga aminmiz. (Efes. 4:22–24) Kamtarlik Yahovaning irodasini o‘z istaklarimizdan yuqori qo‘yishga va boshqalarni o‘zimizdan ustun, deb bilishga undaydi. Natijada Yahova hamda imondoshlarimiz bilan yaxshi munosabatlardan zavq olamiz. (Filippiliklarga 2:3 ni o‘qing.)

2. Havoriy Pavlus nimani tan olgan va bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Agar ehtiyot bo‘lmasak, Shaytonning dunyosidagi mag‘rur va xudbin odamlar bizga ta’sir qilishi mumkin *. Aftidan, milodiy birinchi asrda yashagan ayrimlar bunday ta’sir ostida qolgani tufayli havoriy Pavlus Rimdagi masihiylarga quyidagicha yozgan: «Har biringizga shunday deyapman: o‘z haqingizda keragidan ortiq o‘ylamanglar. Lekin aqli raso bo‘lib yurish uchun... o‘ylanglar». (Rim. 12:3) Pavlus o‘zimizni muayyan darajada hurmat qilishimiz kerakligini tan olgan. Biroq kamtarlik bu borada muvozanatli bo‘lishimizga ko‘maklashadi. Ushbu maqolada uchta sohani ko‘rib chiqamiz. Mazkur sohalarda kamtarlik o‘z haqimizda keragidan ortiq o‘ylamaslikka yordam beradi. Bu quyidagi sohalar: 1) nikoh; 2) sharafli vazifalar; 3) ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish.

NIKOHDA KAMTARLIKNI NAMOYON ETING

3. Nima sababli nikohda muammolar yuzaga kelishi mumkin va ayrimlar ularni qanday hal qilmoqchi bo‘ladi?

3 Yahova nikohni er-xotin birga baxtli bo‘lishi uchun yaratgan. Hamma nomukammal bo‘lgani uchun kelishmovchiliklar bo‘lib turishi ehtimoldan yiroq emas. Darhaqiqat, Pavlus turmush qurganlar muayyan qiyinchiliklarga uchrashi mumkinligi haqida yozgan edi. (1 Kor. 7:28) Ayrimlar turmush o‘rtog‘i bilan doim janjallashgani tufayli «Turmush qurmasak bo‘larkan» deb o‘ylaydi. Bordi-yu, ular bu dunyoning ta’siriga berilsa, ajralishni yagona yechim deb o‘ylay boshlashlari mumkin. Ular eng muhimi o‘ziga yaxshi bo‘lishini istashadi.

4. Nimadan qochishimiz kerak?

4 Nikohimiz barbod bo‘ldi, degan fikrdan qochishimiz kerak. Muqaddas Kitobga ko‘ra, faqat jinsiy axloqsizlik ajralish uchun asos bo‘lishi mumkinligini bilamiz. (Mat. 5:32) Shunday ekan, Pavlus yozganiday qiyinchiliklarga duch kelsak, mag‘rurlikka berilib quyidagicha o‘ylamasligimiz kerak: «Turmush o‘rtog‘im menga g‘amxo‘rlik qilmayapti. Menga o‘zim loyiq bo‘lgan sevgi ko‘rsatilmayapti. Balki boshqa odam bilan turmush qurganimda baxtliroq bo‘lardim». Bunday fikrlarga borsak, turmush o‘rtog‘imiz emas, faqat o‘z haqimizda o‘ylayotgan bo‘lamiz. Bu dunyoning donoligi qalbingizga quloq solishga va bu nikohingizga chek qo‘yishni anglatsa ham faqat o‘z baxtingizni o‘ylashga undaydi. Alloh esa: «Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar»,— deb aytgan. (Filip. 2:4) Yahova nikohingizga chek qo‘yishingizni emas, uni saqlab qolishingizni istaydi. (Mat. 19:6) Xudo eng avvalo o‘z haqingizda emas, U haqda o‘ylashingizni xohlaydi.

5. Efesliklarga 5:33 ga ko‘ra, er-xotinlar bir-biriga qanday munosabatda bo‘lishi kerak?

5 Er-xotin bir-biriga sevgi va hurmatni namoyon etishi lozim. (Efesliklarga 5:33 ni o‘qing.) Muqaddas Kitob diqqatimizni olishdan ko‘ra berishga qaratishimiz kerakligiga o‘rgatyapti. (Havor. 20:35) Turmush o‘rtoqlar sevgi va hurmatni namoyon etishiga qaysi fazilat yordam beradi? Bu kamtarlikdir. Kamtar er-u xotinlar faqat «o‘zining emas, o‘zganing manfaatini» ko‘zlashadi. (1 Kor. 10:24)

Kamtar juftlik raqobatlashish o‘rniga, bir jamoa bo‘lib harakat qiladi (6-xatboshiga qarang.)

6. Stiven bilan Stefani aytgan so‘zlardan nimani o‘rgandingiz?

6 Ko‘plab masihiy juftliklarga kamtarlik nikohda baxtliroq bo‘lishga yordam berdi. Masalan, Stiven ismli oila boshi shunday dedi: «Agar bir jamoa bo‘lsangiz, ayniqsa, muammolar paydo bo‘lganida ularga qarshi birgalikda kurashasiz. Shunda “Men uchun eng yaxshisi nima?” deb o‘ylash o‘rniga, “Biz uchun eng yaxshisi nima?” deb o‘ylaysiz». Uning rafiqasi Stefani ham shunday fikrda. «Hech kim raqibi bilan birga yashashni istamaydi,— deydi u. — Kelishmovchilik yuzaga kelsa, biz uning sababini topishga harakat qilamiz. Ibodat qilamiz, izlanish olib boramiz va muammoni qanday yechish haqida gaplashamiz. Biz bir-birimizga emas, muammoga hujum qilamiz». Er-xotinlarga o‘zi haqida keragidan ortiq o‘ylamaslik ko‘p foyda keltiradi.

«HAMISHA KAMTAR» BO‘LIB YAHOVAGA XIZMAT QILING

7. Mas’uliyatli vazifaga tayinlanganida, birodar qanday nuqtai nazarni namoyon etishi kerak?

7 Yahovaga qo‘limizdan kelgancha xizmat qilishni sharaf, deb bilamiz. (Zab. 27:4; 84:10) Agar birodar Yahovaning tashkilotida ko‘proq ish qilishga tayyor bo‘lsa, bu maqtovga sazovor. Muqaddas Kitobda ham: «Kimki nozir bo‘lishga intilsa, u yaxshi ishni orzu qilgan bo‘ladi»,— deb aytilgan. (1 Tim. 3:1) Ammo mas’uliyatli vazifaga tayinlanganida, u o‘zi haqida keragidan ortiq o‘ylamasligi lozim. (Luqo 17:7–10) Uning maqsadi kamtarlik ila boshqalarga xizmat qilish bo‘lishi darkor. (2 Kor. 12:15)

8. Diotref, Uzziyo va Absalomning misollaridan nimani o‘rganyapmiz?

8 Muqaddas Kitobda o‘zi haqida keragidan ortiq o‘ylagan odamlarning ogohlantiruvchi misollari bor. Diotref kamtar bo‘lmaganligi tufayli jamoatda o‘zini katta olgan. (3 Yuhan. 9) Uzziyo mag‘rurlik ila Yahova unga topshirmagan vazifani bajarmoqchi bo‘lgan. (2 Sol. 26:16–21) Absalom esa shoh bo‘lishni istagani uchun ayyorlik ila odamlarni o‘z tomoniga og‘dirishga uringan. (2 Shoh. 15:2–6) Muqaddas Kitobdagi ushbu misollardan aniq ko‘rinyaptiki, o‘ziga sharaf izlaydigan odamlar Yahovaga ma’qul kelmaydi. (Hik. 25:27) Mag‘rurlik va izzattalablik oxir-oqibat halokatga olib keladi. (Hik. 16:18)

9. Iso qanday o‘rnak qoldirgan?

9 Iso bu mag‘rur odamlardan butunlay farq qilgan. Muqaddas Kitobda u haqida: «Ilohiy qiyofada bo‘lsa-da, Xudoga tenglikni qo‘lga kiritishni, aniqrog‘i, Unga teng bo‘lishni xayoliga keltirmagan»,— deyilgan. (Filip. 2:6) Iso Yahovadan keyingi eng qudratli shaxs bo‘lsa-da, o‘zi haqida keragidan ortiq o‘ylamagan. U shogirdlariga: «Orangizda kim o‘zini past olib yursa, o‘sha buyuk bo‘ladi»,— deb aytgan. (Luqo 9:48) Kamtarlikni namoyon etishda Isoga taqlid qilayotgan kashshoflar, jamoat xizmatkorlari, oqsoqollar va tuman nozirlari bilan birgalikda Xudoga xizmat qilish katta baraka! Yahovaning kamtar xizmatchilari Uning tashkiloti sevgi fazilatini namoyon etish bilan ajralib turishiga hissa qo‘shadi. (Yuhan. 13:35)

10. Bordi-yu, jamoatingizdagi muammolar o‘rinli tarzda hal qilinmayotganday tuyulsa, nima qilishingiz kerak?

10 Bordi-yu, sizga jamoatingizda o‘rinli tarzda hal qilinmayotgan muammolar borday tuyulsa, nima qilishingiz kerak? Nolish o‘rniga, rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlarni qo‘llab-quvvatlab, kamtarlikni namoyon etishingiz mumkin. (Ibron. 13:17) O‘zingizga quyidagi savollarni berib ko‘rsangiz foydali bo‘ladi: «Bu muammolar hal qilinishi kerak bo‘lgan darajada jiddiymi? Hozir ularni hal qilishning ayni paytimi? Ularni hal qilish mening mas’uliyatimga kiradimi? Xolisona aytadigan bo‘lsam, chindan ham birlikni mustahkamlamoqchimanmi yoki o‘zimni ko‘z-ko‘z qilmoqchimanmi?»

Mas’uliyatli vazifalarni bajarayotgan kishilar nafaqat qobiliyati, balki kamtarligi bilan tanilgan bo‘lishi lozim (11-xatboshiga qarang.) *

11. Efesliklarga 4:2, 3 ga binoan, Yahovaga kamtarlik ila xizmat qilsak, natijasi qanday bo‘ladi?

11 Yahova kamtarlikni qobiliyatdan, birlikni esa samaradorlikdan ko‘ra ko‘proq qadrlaydi. Shuning uchun, bor kuchingizni ishga solib Yahovaga kamtarlik ila xizmat qilishga intiling. Bunday yo‘l tutib jamoatingizdagi birlikni mustahkamlaysiz. (Efesliklarga 4:2, 3 ni o‘qing.) Xizmatda g‘ayratli bo‘ling. Yaxshilik qilish orqali boshqalarga xizmat qilish yo‘llarini izlang. Hammaga, jumladan, jamoatda mas’uliyatli vazifalarga ega bo‘lmaganlarga ham mehmondo‘stlik ko‘rsating. (Mat. 6:1–4; Luqo 14:12–14) Jamoat bilan kamtarlik ila hamkorlik qilar ekansiz, boshqalar nafaqat qobiliyatingiz, balki kamtarligingizni ham ko‘rishadi.

IJTIMOIY TARMOQLARDAN FOYDALANAYOTIB KAMTARLIKNI NAMOYON ETING

12. Muqaddas Kitobda do‘stlarga ega bo‘lish haqida nima deyilgan? Tushuntiring.

12 Yahova bizni do‘stlarimiz va oila a’zolarimiz bilan muloqotdan zavq oladigan qilib yaratgan. (Zab. 133:1) Isoning ham yaqin do‘stlari bo‘lgan. (Yuhan. 15:15) Muqaddas Kitobda chin do‘stlarga ega bo‘lishning foydasi haqida aytib o‘tilgan. (Hik. 17:17; 18:24) Shuningdek, unda boshqalardan o‘zini olib qochish yaxshi emasligi ta’kidlangan. (Hik. 18:1) Aksariyat odamlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ko‘plab do‘stlarga ega bo‘lishga va yolg‘izlik hissidan qochishga yordam beradi, deb o‘ylaydi. Biroq ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotib ehtiyot bo‘lishimiz lozim.

13. Nega ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ayrim odamlar o‘zini yolg‘iz his qilishi va tushkunlikka tushishiga sabab bo‘ladi?

13 Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda boshqalarning sharhlari-yu rasmlarini tomosha qilishga sarflaydigan kishilar aksar hollarda o‘zini yolg‘iz his qilishi va tushkunlikka tushishi mumkin. Nega? Ehtimol, sabablaridan biri odatda odamlar ijtimoiy tarmoqlarga hayotidagi muhim voqealar aks ettirilgan suratlarni, o‘zlari, do‘stlari va borgan joylari tushirilgan sara rasmlarni joylashtirganidadir. Bu rasmlarni tomosha qilgan insonga, ularniki bilan solishtirganda o‘zining hayoti oddiy, hatto zerikarli tuyulishi mumkin. 19 yashar bir imondoshimiz shunday deb tan oldi: «Dam olish kunlari men uyda zerikib o‘tirganimda, boshqalar maza qilib vaqt o‘tkazganini ko‘rsam, xafa bo‘laman».

14. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganimizda 1 Butrus 3:8 dagi maslahat qanday yordam beradi?

14 Albatta, ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri maqsadda, masalan, oila a’zolarimiz va do‘stlarimiz bilan aloqada bo‘lish uchun foydalansak bo‘ladi. Ammo ayrim odamlar ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan sharhlar, rasmlar va videolar o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun qo‘yilganiga e’tibor berganmisiz? Bularning zamirida «Kimligimni ko‘rib qo‘y» degan ma’no yotganday tuyuladi. Ba’zilar esa o‘zlari yoki boshqalar qo‘ygan rasmlarga qo‘pol va beadab sharhlar yozadi. Masihiylar kamtarlik va hamdardlikni rivojlantirishga undaladi. Shuning uchun, ular ijtimoiy tarmoqlardan bu tarzda foydalanishmaydi. (1 Butrus 3:8 ni o‘qing.)

Siz ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirayotgan ma’lumot maqtanayotganingizni ko‘rsatyaptimi yoki kamtar inson ekaningiznimi? (15-xatboshiga qarang.)

15. Qay yo‘sin Muqaddas Kitob o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilishdan qochishga yordam beradi?

15 Ijtimoiy tarmoqlardan foydalansangiz o‘zingizga quyidagi savollarni bering: «Joylashtirayotgan sharhlarim, rasmlarim yoki videolarim boshqalarda xuddi men maqtanayotganday taassurot qoldirmaydimi? Boshqalarda hasad tuyg‘usini uyg‘otmayapmanmi?» Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Dunyodagi bor narsa — tana nafsi, hirsli ko‘zlar va o‘z mol-mulki bilan maqtanish Otadan emas, bu dunyodandir». (1 Yuhan. 2:16) «O‘z mol-mulki bilan maqtanish» degan ibora Muqaddas Kitobning bir tarjimasida «muhim bo‘lib ko‘rinish istagi» deb yetkazilgan. Masihiylar o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilishni istashmaydi. Ular Muqaddas Kitobdagi: «Manmanlik qilmaylik, bir-birimizni raqobatga undamaylik va hasad qilmaylik»,— degan maslahatga amal qilishadi. (Galat. 5:26) Agar kamtar bo‘lsak, bu dunyodagi odamlar kabi mag‘rurlikka berilishni va boshqalar bizni muhim inson, deb bilishini istamaymiz.

«AQLI RASO» BO‘LING

16. Nega mag‘rurlikdan qochishimiz kerak?

16 Biz kamtarlikni rivojlantirishimiz darkor, chunki mag‘rur kishilar «aqli raso»likni namoyon etishmaydi. (Rim. 12:3) Mag‘rur odamlar bahslashishga moyil va o‘ziga bino qo‘ygan bo‘lishadi. Ularning fikrlash tarzi va ishlari o‘zlari-yu boshqalarga ziyon keltiradi. Bunday odamlar fikrlash tarzini o‘zgartirmasa, Shayton ularning zehnini ko‘r qilib, fikr-xayolini buzadi. (2 Kor. 4:4; 11:3) Kamtar inson esa, aksincha, aqli raso bo‘ladi. U o‘ziga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lib, boshqalar ko‘p jihatdan undan ustun ekanini tan oladi. (Filip. 2:3) Kamtar odam shuni biladiki, «Alloh mag‘rurlarga qarshi chiqadi, kamtarlarga esa inoyatini namoyon etadi». (1 Butr. 5:5) Aqli raso insonlar Yahovaning dushmani bo‘lib qolishni istashmaydi.

17. Kamtarlikni saqlab qolish uchun nima qilishimiz kerak?

17 Kamtarlikni saqlab qolish uchun Muqaddas Kitobdagi: «Eski o‘zligingizni ishlari bilan yechib tashlab,.. yangi o‘zlikni kiyib olinglar»,— degan maslahatga amal qilishimiz kerak. Buning uchun ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Biz Isoning misolini tadqiq qilib, iloji boricha uning izidan og‘may yurishimiz lozim. (Kolos. 3:9, 10; 1 Butr. 2:21) Bu harakatlarimizga arziydi. Kamtarlikni rivojlantirishga intilsak, oilamiz baxtli bo‘ladi, jamoatning birligini mustahkamlaymiz va ijtimoiy tarmoqlardan noo‘rin foydalanishdan qochishni o‘rganamiz. Eng muhimi esa Yahovaning barakasi va marhamatiga sazovor bo‘lamiz.

117-QO‘SHIQ Himmatli bo‘laylik

^ 5- x.b. Hozir mag‘rur va xudbin odamlarga to‘la dunyoda yashayapmiz. Ularning nuqtai nazari bizga ta’sir qilmasligi uchun ehtiyot bo‘lishimiz darkor. Ushbu maqolada o‘zimiz haqimizda keragidan ortiq o‘ylamasligimiz lozim bo‘lgan uchta sohani ko‘rib chiqamiz.

^ 2- x.b. IBORALAR MA’NOSI. Mag‘rur inson boshqalardan ko‘ra ko‘proq o‘zi haqida o‘ylaydi. Shu bois, mag‘rur inson xudbin bo‘ladi. Kamtarlik esa aksincha, insonga fidoyi bo‘lishga ko‘maklashadi. Kamtar insonga mag‘rurlik va takabburlikdan xoli, o‘zini boshqalardan past oladigan, deb ta’rif berish mumkin.

^ 56- x.b. RASMGA SHARH. Anjumanda nutq aytadigan va boshqa birodarlarga nozirlik qiladigan oqsoqol va’zgo‘ylik xizmatida va Yig‘ilish zalini tozalashda tashabbus ko‘rsatish imkonini ham qadrlaydi.