Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Zimmamdagi ishni qildim, xolos

Zimmamdagi ishni qildim, xolos

DONALD RIDLI 30 yildan oshiq vaqt mobaynida sud ishlarida Yahovaning Shohidlarini himoya qilgan yurist bo‘lgan. U qon quyishdan bosh tortgan bemorlarning huquqlarini himoya qilishda muhim o‘rin egallagan. Uning yordamida tashkilotimiz Qo‘shma Shtatlarning Oliy sudlarida ko‘p ishni yutib chiqqan. Do‘stlari orasida Don deb tanilgan bu birodarimiz tirishqoq, kamtar va fidoyi bo‘lgan.

2019-yili Donga kamdan-kam uchraydigan va bedavo nevrologik kasallik tashxisi qo‘yildi. Bu kasallik shiddat bilan rivojlandi va u 2019-yil 16-avgustda hayotdan ko‘z yumdi. Quyida uning hikoyasi keltirilgan.

Men 1954-yili Sent-Polda (Minnesota shtati, AQSH) o‘rta sinfga mansub rim-katolik oilasida dunyoga kelganman. Beshta farzandning ikkinchisiman. Katolik boshlang‘ich maktabida o‘qiganman va cherkov marosimlarida ruhoniyga yordam berardim. Shunga qaramay, Muqaddas Kitob borasida ko‘p narsani bilmasdim. Barcha narsani Xudo yaratganiga ishonardim, lekin cherkovda o‘rgatilgan narsalarga bo‘lgan ishonchimni butunlayin yo‘qotgandim.

HAQIQATNI O‘RGANISH

Vilyam Mitchel nomidagi yuridik kollejda birinchi bosqich talabasi edim. O‘shanda uyimga Yahovaning Shohidlari keldi. Kirlarimni yuvish bilan band bo‘lganim uchun tashrif buyurgan juftlik keyingi safar kelishga bajonidil rozi bo‘ldi. Kelishganida ularga ikkita savol berdim: «Nima uchun yomon odamlarning hayoti yaxshi odamlarnikiga qaraganda muvaffaqiyatliroq? Chinakam baxtga erishish uchun nima qilish kerak?» Ulardan «Abadiy hayotga yetaklaydigan haqiqat» kitobini va yashil muqovasi bilan e’tiborni tortadigan «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»ni oldim. Qolaversa, tadqiqqa rozi bo‘ldim. Ko‘zim ochilganday bo‘ldi. Yer yuzida odamlarning muammolarini hal qilish uchun Xudoning Shohligiga qanchalar muhtoj ekanimiz to‘g‘risidagi fikr menga ta’sir qildi. Odamlarning boshqaruvi butunlayin muvaffaqiyatsizlikka uchraganini va dunyo og‘riq, azob-uqubat, adolatsizlik va musibatga to‘la ekanini ko‘rardim.

1982-yilning boshida hayotimni Yahovaga bag‘ishladim va o‘sha yili sal keyinroq Sent-Polning ma’muriy markazida bo‘lib o‘tgan «Shohlik to‘g‘risidagi haqiqat» nomli anjumanda suvga cho‘mdim. Advokatlik lisenziyasini olish uchun keyingi hafta o‘sha ma’muriy marzkazda imtihon topshirdim. Oktyabrning boshida imtihondan o‘tganimni bildim va endi yurist sifatida ishlay olardim.

«Shohlik to‘g‘risidagi haqiqat» nomli anjumanda Bruklindagi Baytilda xizmat qilgan Mayk Richardson bilan tanishdim. U menga bosh idorada yuridik bo‘lim ochilganini aytdi. Shunda Havoriylar 8:36 da tilga olingan saroy amaldorining so‘zlarini esladim va o‘zimdan: «Yuridik bo‘limda xizmat qilishimga nima to‘sqinlik qilyapti?» — deb so‘radim. Xullas, Baytilda xizmat qilishga ariza to‘ldirdim.

Yahovaning Shohidi bo‘lganim ota-onamga yoqmadi. Otam Baytilda xizmat qilish yuristlik kasbimga qanday naf keltirishini so‘radi. Men u yerda ixtiyoriy ravishda xizmat qilishimni va har oy 75 dollar (baytilchilarga berilgan har oylik yordam puli) berilishini tushuntirdim.

Ishdagi majburiyatlarimni ado etib bo‘lgach, 1984-yili Bruklinda (Nyu-York) Baytil xizmatini boshladim. Yuridik bo‘limga tayinlandim. Sudda orttirgan tajribam meni oldinda kutayotgan ishlarga tayyorladi.

STENLI TEATRIDAGI TA’MIRLASH ISHLARI

Stenli teatrini ilk bor xarid qilganimizda, mana shunday ko‘rinishda edi

1983-yili noyabrda Jersi-Sitidagi (Nyu-Jersi) Stenli teatri sotib olindi. Birodarlar u yerning elektr va suv quvurlari tarmoqlarini ta’mirlash uchun shahar ma’muriyatidan ruxsat so‘rashdi. Ular mahalliy ma’muriyatdagilar bilan uchrashishganda, Stenli teatridan Yahova Shohidlarining Anjuman zali sifatida foydalanmoqchi ekanliklarini tushuntirishdi. Bu muammo tug‘dirdi. Jersi-Sitining binolardan foydalanish borasidagi qonunlari bo‘yicha topinish uchun faqatgina aholi yashaydigan hududdagi binolardan foydalanish mumkin edi. Stenli teatri esa tijoriy hududda joylashgani tufayli shahar ma’muriyati ruxsat bermadi. Birodarlar qarorni qayta ko‘rib chiqishga topshirishdi, biroq bu rad etildi.

Baytil xizmatini boshlaganimning ilk haftasida tashkilotimiz ruxsat berishdan bosh tortishgani haqidagi muammo bilan tuman federal sudiga da’vo qildi. Sent-Pol (Minnesota) tuman federal sudida ikki yil ishlaganim tufayli bu kabi vaziyatlar bilan yaxshigina tanish edim. Advokatlarimizdan biri Stenli teatri filmlar ko‘rsatishdan tortib rok konsertlarini qo‘yish kabi turli ommaviy tadbirlar uchun foydalanilganini da’vo qildi. Unda nima uchun diniy tadbir o‘tkazish noqonuniy bo‘larkan? Federal tuman sudi masalani ko‘rib chiqqach, Jersi-Siti diniy erkinlik borasidagi huquqlarimizni buzdi, deb hukm chiqardi. Sud shahar ma’muriyatiga kerakli ruxsatlarni berishni buyurdi. Shunda tashkilot Yahovaning ishini olg‘a surish uchun yuridik huquqlardan foydalanganda, U qay yo‘sin baraka yog‘dirganini ko‘rdim. Bu ishda qatnashganimdan rosa baxtiyor edim.

Birodarlar ulkan ta’mirlash ishlarini boshlab yuborishdi. Sal kam bir yil o‘tgach, ya’ni 1985-yili 8 sentyabrda Jersi-Sitidagi Anjuman zalida Gilad maktabining 79- sinfiga atalgan bitiruv marosimi bo‘ldi. Yuridik jamoaning bir a’zosi sifatida Shohlik manfaatlarini olg‘a surishda hissa qo‘sha olganimni sharaf, deb bilardim va buni Yahova uchun qilish menga ulkan quvonch keltirar edi. Baytilga kelishdan oldin yurist bo‘lib ishlaganimda, bunchalar mamnuniyat hissini tuymaganman. Yahova men uchun bu kabi sharafli vazifalarni tayyorlab qo‘yganini xayolimga ham keltirmagan edim.

QONSIZ DAVOLANISH HUQUQLARINI HIMOYA QILISH

1980-yillarda shifokorlar va kasalxonalar voyaga yetgan Yahova Shohidlarining qonsiz davolanish qarorini hurmat qilishmasdi. Homilador ayollar ulkan to‘siqlarga duch kelardi. Chunki ko‘pincha sudyalar qon quyishdan bosh tortishga bo‘lajak onalarning haqqi yo‘q, deb hisoblardi. Sudyalar qon quyilmasa, ayol o‘lishi va bola onasiz ulg‘ayishi mumkinligini ta’kidlardi.

1988-yili 29-dekabr kuni Denis Nikelo ismli imondoshimiz o‘g‘lini dunyoga keltirgach, ko‘p qon ketishidan azob chekdi. Uning gemoglobini 50 dan ham pasayib ketdi va shifokori undan qon quyishga rozi bo‘lishini so‘radi. U esa rad etdi. Ertasi kuni kasalxona sudga murojaat qilib, Nikeloga qon quyishga ruxsat berishini so‘radi. Ishni ko‘rib chiqmay va hatto Nikeloni yoki uning erini ogohlantirmay turib, sud kasalxonaga qon quyishga ruxsat berdi.

Turmush o‘rtog‘ining va boshqa oila a’zolarining qarshiliklariga qaramay, 30-dekabr juma kuni kasalxona xodimlari opamiz Nikeloga qon quydi. Uning to‘shagi atrofida jonli devor bo‘lib qon quyishga qarshilik ko‘rsatishgani uchun opamizning bir nechta oila a’zosi va bir-ikkita oqsoqol hibsga olindi. Ertasi kuni Nyu-York shahri va uning atrofidagi gazeta, televidenie va radiostansiyalarda bu haqida xabar berildi.

Filip Bramli bilan yoshroq bo‘lganimizda

Dushanba kuni ertalab Oliy sud sudyasi Milton Mollen bilan gaplashdim. Masalaga oid dalillarni tushuntirib, sudya ishni ko‘rib chiqmay turib, qon quyish haqidagi qarorga qo‘l qo‘yganini alohida ta’kidladim. Sudya Mollen dalillar hamda masalaga oid qonunlarni muhokama qilish uchun tushlikdan so‘ng uning ofisiga kelishni aytdi. O‘sha oqshom nozirim Filip Bramli bilan birga sudya Mollenning ofisiga bordik. Sudya bu uchrashuvga kasalxona advokatini ham taklif qildi. Muhokama tarang ruhda o‘tdi. Bir payt birodar Bramli yon daftarchasiga «Tinchlan» deb yozib, menga ko‘rsatdi. Bu o‘rinli maslahat edi. Chunki kasalxona advokati nohaq ekanini tushuntirishga haddan ortiq kirishib ketgandim.

Advokatlarimiz chapdan o‘ngga: Richard Moak, Gregori Olds, Pol Polidoro, Filip Bramli, men va Mario Moreno — Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati Stratton qishlog‘iga qarshi qo‘zg‘agan ish Qo‘shma Shtatlarning Oliy sudida ko‘rib chiqilayotgan kuni («Uyg‘oning!» jurnalining 2003-yil 8-yanvar (rus) soniga qarang.)

Taxminan bir soat o‘tgach, sudya Mollen bu ish ertaga birinchi navbatda ko‘rib chiqilishini aytdi. Ofisdan chiqib ketayotganimizda sudya Mollen ertangi kun kasalxona advokati uchun juda og‘ir bo‘lishini aytdi. Bu opamiz Nikeloni qon quyishga majburlashga kasalxonaning haqqi bo‘lganini isbotlab berish o‘sha advokat uchun oson bo‘lmasligini anglatardi. Yahova bu ishda g‘alaba qozonish imkoni borligiga meni ishontirmoqchiday edi. U irodasini amalga oshirish uchun bizdan foydalanayotganini ko‘rish ajoyib edi.

Ertasi kuni nimalar demoqchi ekanimizni yarim kechagacha tayyorladik. Sud binosi Bruklindagi Baytilga juda yaqin bo‘lgani uchun u yerga kichik yuridik bo‘limimizdan ancha odam piyoda bordi. To‘rt kishidan iborat sud hay’ati dalillarimizni ko‘rib chiqqach, qon quyish haqidagi qaror chiqarilmasligi kerak edi, degan xulosaga keldi. Oliy sud ishni opamiz Nikeloning foydasiga hal qildi va avvaliga bemorning nuqtai nazarini tinglamay turib buyruqqa qo‘l qo‘yish insonning asosiy huquqlariga qarshi, deb qaror chiqardi.

Natijada Nyu-Yorkning Oliy sudi opamiz Nikelo qonsiz davolanishga haqli ekanini tasdiqladi. Bu men ishtirok etish sharafiga ega bo‘lgan va turli shtatlarning Oliy sudlari chiqargan qon bilan bog‘liq to‘rtta qarorning birinchisi edi. (« Qo‘shma Shtatlarning Oliy sudlarida erishilgan yutuqlar» nomli ramkaga qarang.) Qolaversa, bolani vasiylikka olish, ajrashish, yer va binolardan foydalanishga tegishli qonunlar masalasida Baytilning boshqa advokatlari bilan hamkorlik qilganman.

NIKOH VA OILAVIY HAYOT

Turmush o‘rtog‘im Denis bilan

Turmush o‘rtog‘im Denisni ilk bor uchratganimda, u ajrashgan bo‘lib, uchta farzandini yolg‘iz tarbiyalardi. U ham ishlardi, ham kashshoflik qilardi. U ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgandi hamda Yahovaga xizmat qilish qarori qat’iy bo‘lgani menga qattiq ta’sir qilgandi. 1992-yili Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan «Nur taratuvchilar» nomli viloyat anjumaniga borganimizda, unga yaqinroq tanishishni taklif qildim. Bir yil o‘tgach, turmush qurdik. Ma’naviy nuqtai nazarga ega va hazilkash turmush o‘rtoqqa ega bo‘lish Yahovaning hadyasi bo‘ldi. Birga o‘tkazgan umrimiz davomida Denisdan faqat yaxshilik ko‘rdim. (Hik. 31:12)

Oila qurganimizda bolalarning yoshi 11, 13 va 16 da edi. Ular uchun yaxshi ota bo‘lishni istardim va shu bois adabiyotlarimizdagi o‘gay ota-onalarga mo‘ljallangan ma’lumotni sinchkovlik ila o‘qib, barchasini amalda qo‘llardim. Yillar davomida qiyinchiliklar bo‘ldi, lekin bolalar meni ishongan do‘sti va sevuvchi otasi sifatida qabul qilganidan xursandman. Bolalarimizning do‘stlarini doim uyimizda qarshi olardik va uyimiz tinib-tinchimas o‘smirlarga to‘laligidan zavqlanardik.

Keksayib qolgan ota-onalarimizga g‘amxo‘rlik qilish uchun 2013-yili Denis bilan Viskonsinga ko‘chib o‘tdik. Baytil xizmatimni davom ettira olganim men uchun kutilmagan hadya bo‘ldi. Meni vaqtinchalik ixtiyoriy xizmatchi sifatida tashkilotimizga yuridik ishlarda yordamlashishni davom ettirishga taklif qilishdi.

KUTILMAGAN O‘ZGARISH

2018-yili sentyabrda tomog‘im bilan qandaydir muammo borligini sezdim. Mahalliy shifokorga ko‘rindim, ammo u muammoning sababini aniqlay olmadi. Keyinroq boshqa shifokor nevrologga ko‘rinishni taklif qildi. 2019-yili yanvarda nevrolog taxminiy tashxis qo‘yib, kamdan-kam uchraydigan kasallikka — zo‘rayib boruvchi supranuklear falajlikka yo‘liqqanimni aytdi.

Uch kundan so‘ng konkida uchayotganimda, o‘ng bilagimni sindirib oldim. Butun umr konkida uchganman va bu sohada ustasi farang edim. Shunda harakatlarimni boshqarish qobiliyatini yo‘qotayotganimni angladim. Nevrologik kasalligim gapirish, harakatlanish va yutinish qobiliyatlarimga qattiq ta’sir qilib, shiddat ila rivojlanganidan esankirab qoldim.

Yuristlik tajribamdan foydalanib Shohlik manfaatlarini olg‘a surish uchun oz bo‘lsa-da, hissa qo‘shish sharafiga ega bo‘ldim. Shifokor, yurist va sudyalar o‘qiydigan jurnallar uchun ko‘pgina maqolalar yoza olganimdan xursandman. Shuningdek, Yahova Shohidlarining qonsiz jarrohlik amaliyotlarini va davolanish usullarini tanlash huquqlarini himoya qilib, dunyo bo‘ylab ma’ruzalar o‘qiganman. Ammo Luqo 17:10 da yozilganlarni o‘zimga qo‘llasam: «Men hech narsaga arzimas qulman. Zimmamdagi ishni qildim, xolos».