Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Yahovaning Shohidlari uchrashish niyatida tanishuv ilovalari va veb-saytlaridan foydalanadimi?

Tangri Yahova turmush qurmoqchi bo‘lgan erkak va ayol baxtli bo‘lishini hamda munosabatlari abadiy va yaqin bo‘lishini istaydi. (Mat. 19:4–6) Agar oila qurmoqchi bo‘lsangiz, yaxshi turmush o‘rtoqni qanday topa olasiz? Yahova Yaratuvchimiz sifatida nikohda baxtli bo‘lishimiz uchun nima qilishimiz kerakligini yaxshi biladi. Shu bois, U bizga bergan prinsiplarga amal qilsangiz, eng yaxshi natijaga erishasiz. Keling, ulardan ayrimlarini ko‘rib chiqamiz.

Avvalo o‘zimiz haqimizda quyidagini tushunishimiz kerak: «Qalb o‘ta aldamchi va betayindir». (Yerm. 17:9) Nikoh qurmoqchi bo‘lgan yigit va qiz tanishgach, uchrashishni boshlaydi. Ular bir-biriga nisbatan kuchli tuyg‘ularni his eta boshlashi mumkin. Shunda, ular uchun dono qarorlar chiqarish murakkab bo‘lib qolishi hech gap emas. Odamlar turmush qurish qarorini birinchi navbatda his-tuyg‘ularga asoslasa, ko‘pincha hafsalasi pir bo‘ladi. (Hik. 28:26) Shu bois, yigit va qiz uchrashishni boshlaganidayoq, bir-biriga chuqur his-tuyg‘ularini ifoda etishi yoki bir-birini yaxshi tanib-bilmasdan va’dalar berishi nodonlik bo‘lardi.

Hikmatlar 22:3 da shunday yozilgan: «Zakovatli inson xavfni ko‘rib yashirinadi, tajribasiz esa olg‘a qadam bosib jazosini tortadi». Xo‘sh, tanishuv ilovalari va veb-saytlaridan foydalanishning qanday zararli tomonlari bor? Afsuski, ba’zilar begonalar bilan onlayn tanishgan, uchrashishni boshlagan, keyin esa o‘sha inson ularni aldayotganini tushungan. Qolaversa, yolg‘onchilar sodda odamlarning pulini shilish maqsadida soxta akkauntlar yaratadi. Gohida bunday yolg‘onchilar o‘zini Yahovaning Shohidi sifatida tanishtiradi.

Yana bir xavf to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Ayrim tanishuv saytlarida kim kimga mos kelishini aniqlash maqsadida matematik algoritmdan yoki hisob-kitobdan foydalaniladi. Biroq bunday usullar ish berishi o‘z isbotini topmagan. Umr yo‘ldosh tanlash kabi juda muhim qarorni chiqarishda kompyuter dasturlariga umid bog‘lash nodonlikdir. Axir matematik formulalar Muqaddas Kitob prinsiplariga teng kela olarmidi? (Hik. 1:7; 3:5–7)

Hikmatlar 14:15 da shunday deyilgan: «Sodda har bir so‘zga ishonadi, zakovatli esa har bir qadamini o‘ylab bosadi». Qaysi inson siz uchun yaxshi umr yo‘ldosh bo‘lishini hal qilishdan avval shaxsan yaqindan tanishishingiz kerak. Ammo tanishuv saytlari yoki ilovalari yordamida bunga erishish qiyin. Bir-biringizning ma’lumotingizni ko‘ra olsangiz hamda ko‘p vaqtingizni onlayn muloqot qilish bilan o‘tkazsangiz-da, o‘sha insonning shaxsiyatini chindan ham bilaman, deb ayta olasizmi? O‘z sevgimni topdim, deb o‘ylaganlarning ayrimlari keyinchalik o‘sha inson qanday ekanini bilib hayron qolgan.

Sano bastakori shunday degan: «Yolg‘onchi odamlarga qo‘shilmayman, ikkiyuzlamachilardan yiroqda yuraman». (Zab. 26:4) Ko‘plar o‘zini yaxshiroq ko‘rsatish maqsadida tanishuv veb-saytidagi sahifasida yolg‘on ma’lumotlarni keltirishni oddiy hol deb biladi. Ular o‘zining yomon xislatlarini yashirishi yoki boshqalarga xabarlar yuborayotganda yoqimsiz tomonlari yaqqol namoyon bo‘lmasligi mumkin. Quyidagi savollar haqida o‘ylash muhimdir: o‘zini Yahovaning Shohidi sifatida tanishtiradiganlar chindan ham suvga cho‘mgan masihiylarmi? Ma’nan yetukmi? Yahova bilan shaxsiy munosabatlarga egami? Jamoatidagilar u haqida ijobiy fikrdami? Yoki ular bilan do‘stlashish «yomon odamlar bilan muloqot qilish»ga tengmi? (1 Kor. 15:33; 2 Tim. 2:20, 21) Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga ko‘ra, nikoh qurishga asosi bormi? Mazkur savollarga javob topish muhim. Lekin o‘sha insonni shaxsan biladigan Yahovaning Shohidlari bilan gaplashmay turib, bunday qilish qiyin. (Hik. 15:22) Albatta, Yahovaning sadoqatli xizmatchisi «imondosh bo‘lmaganlar bilan bitta bo‘yinturuqqa qo‘shilish» haqida hatto o‘ylab ham o‘tirmaydi. (2 Kor. 6:14; 1 Kor. 7:39)

Tanishuv ilovalari hamda saytlaridan foydalanish xavfli ekan, siz uchun yaxshi umr yo‘ldosh bo‘la oladigan insonni topish va u bilan yaqindan tanishish uchun yaxshiroq usullar mavjud. Xo‘sh, sizga munosib bo‘ladigan turmush o‘rtoqni qayerdan topa olasiz? Odatda Yahovaning Shohidlari bir-biri bilan anjumanlarda, yig‘ilishlarda va boshqa o‘tirishlarda shaxsan tanishishlari mumkin.

Birga vaqt o‘tkazib, maqsad va qadriyatlaringiz o‘zaro mos kelish-kelmasligini ko‘rish ehtimoli ko‘proq

Masalan, COVID-19 pandemiyasi kabi paytlarda bunday ommaviy yig‘ilishlarga borishning imkoni yo‘q. Shuning uchun, elektron qurilmalaridan foydalanib, jamoat yig‘ilishlarida qatnashyapmiz. U yerda turmush qurmagan imondoshlarimiz bilan yaqindan tanisha olamiz. Yig‘ilishlarda ular qanday ishtirok etayotganini kuzatishingiz va imonini aks ettiruvchi sharhlarini tinglashingiz mumkin. (1 Tim. 6:11, 12) Qolaversa, yig‘ilishlardan keyin tashkillashtirilgan alohida virtual xonada o‘zaro suhbatlasha olasiz. Yahovaning Shohidlari o‘tkazadigan virtual o‘tirishlarda siz qiziqish ko‘rsatayotgan inson boshqalarga qanday muomala qilayotganini kuzata olasiz. Shu yo‘sin, u qanday fazilatlar sohibi ekani ayon bo‘ladi. (1 Butr. 3:4) Vaqt o‘tib, yaqinroq tanishganingiz sayin maqsadlaringiz-u qadriyatlaringiz o‘xshash yo o‘xshamasligini va juftlik sifatida bir-biringizga mos kelish yo kelmasligingizni aniqlay olasiz.

Turmush qurmaganlar munosib umr yo‘ldoshni Muqaddas Kitob prinsiplari asosida izlasa, Hikmatlar 18:22 da keltirilgan quyidagi so‘zlar nechog‘lik haqiqat ekaniga guvoh bo‘ladi: «Yaxshi xotin [er] topgan — baxtga erishadi, u Yahovaning iltifotiga sazovor bo‘ladi».