Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

31-TADQIQ MAQOLASI

Ibodat qilish sharafini qadrlang

Ibodat qilish sharafini qadrlang

Ibodatim oldingda tayyorlangan tutatqiday... bo‘lsin. ZAB. 141:2

47-QO‘SHIQ Har kuni Yahovaga duo qil

BU MAQOLADA *

1. Yahova Unga murojaat qilishga ijozat berayotganidan nimalarni his qilyapsiz?

 OSMON-U YERNI yaratgan Egamiz bizga bebaho hadya ato etgan. U bizga Unga murojaat qilishga ijozat beryapti. Bir o‘ylab ko‘ring: har qachon va turli tillarda Yahovaga qalbimizdagilarni to‘kib-solishimiz mumkin. Buning uchun navbat kutishning hojati yo‘q. Mehribon Otamizga kasalxonada yoki qamoqxonada bo‘lganimizda, ibodat qilishimiz hamda U bizni eshitishiga amin bo‘lishimiz mumkin. Ibodat qilish hadyasi uchun juda minnatdormiz.

2. Shoh Dovud ibodat qilish hadyasini qadrlaganini qanday ko‘rsatgan?

2 Shoh Dovud ibodat qilish hadyasini qadrlagan. U shunday kuylagan: «Ibodatim oldingda tayyorlangan tutatqiday... bo‘lsin». (Zab. 141:1, 2) Dovud yashagan paytdagi ruhoniylar haq topinishda tutatqidan foydalanishgan. Ular tutatiladigan tutatqini puxtalik ila tayyorlashgan. (Chiq. 30:34, 35) Dovud ham ular kabi Yahovaga ibodat qilganda nima deyish haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rishni xohlagan. Biz ham shunday yo‘l tutishni va ibodatlarimiz Yahovaga manzur kelishini istaymiz.

3. Yahovaga ibodat qilganda qanday nuqtai nazarga ega bo‘lishimiz kerak va nega?

3 Tangri Yahovaga chuqur ehtirom bilan ibodat qilishimiz lozim. Ishayo, Hizqiyo, Doniyor va Yuhanno ko‘rgan hayratomuz vahiylar borasida bir o‘ylab ko‘ring. Ushbu vahiylar bir-biridan farq qilsa-da, o‘xshash tomonga ham ega. Ularning barida Yahova ulug‘vor Shoh sifatida tasvirlangan. Ishayo payg‘ambar Yahova «yuksak va ulug‘vor taxtda o‘tirganini» ko‘rgan. (Ishayo 6:1–3) Hizqiyo esa Tangri Yahova samoviy aravada o‘tirganini va «Uning har tomonidan» kamalakka o‘xshagan «nur taralib turganini» ko‘rgan. (Hiz. 1:26–28) Shuningdek, Doniyor payg‘ambar «Azaliy Nuroniy» oq libosdaligini va taxti olov alangasiday ekanini ko‘rgan. (Don. 7:9, 10) Yuhanno esa Xudo atrofi zumradga o‘xshash kamalak bilan o‘ralgan taxtda o‘tirganini ko‘rgan. (Vah. 4:2–4) Yahovaning tengsiz ulug‘vorligi haqida fikr yuritsak, ibodat qilishdek sharafga ega ekanimizni hamda buni chuqur ehtirom bilan qilishimiz muhimligini eslaymiz. Lekin nimalar haqida ibodat qilishimiz kerak?

«SIZLAR ESA SHUNDAY IBODAT QILINGLAR»

4. Namunali ibodatning ilk so‘zlaridan nimani bilib olishimiz mumkin? (Matto 6:9, 10)

4 Matto 6:9, 10 ni o‘qing. Tog‘dagi va’zida Iso shogirdlariga Xudoni mamnun qiladigan tarzda ibodat qilishni o‘rgatgan. U: «Sizlar esa shunday ibodat qilinglar»,— deb aytgach, ibodat qilganimizda birinchi navbatda nimalarni tilga olishimiz muhimligini ta’kidlab o‘tgan. Iso Xudoning ismi muqaddas bo‘lishi, Uning barcha dushmanlarini yo‘q qiladigan Samoviy Shohlik kelishi va yer yuzi hamda insonlarga yog‘diriladigan barakalar haqida ibodat qilishimizni aytgan. Bular haqida ibodat qilsak, Allohning irodasi biz uchun muhim ekanini ko‘rsatamiz.

5. Ibodatda shaxsiy ehtiyojlar haqida so‘rash o‘rinlimi?

5 Ibodatining davomida Iso shaxsiy ehtiyojlar to‘g‘risida so‘rash o‘rinli ekanini ko‘rsatgan. Biz Yahovadan kundalik rizq-ro‘zni, gunohlarimizni kechirishini, vasvasaga berilmaslikni va Shaytondan xalos etishini so‘rashimiz mumkin. (Mat. 6:11–13) Bular haqida ibodat qilganimizda, Yahovaning yordamiga muhtoj ekanimizni va Uni mamnun qilish istagimiz borligini ko‘rsatamiz.

Er-xotin nimalar haqida ibodat qilishi mumkin? (6-xatboshiga qarang.) *

6. Faqat namunali ibodatda aytilgan narsalar haqida so‘rashimiz kerakmi? Tushuntiring.

6 Iso Masih shogirdlari namunali ibodatdagi gaplarni so‘zma-so‘z takrorlashini istamagan. Iso boshqa ibodatlarida u uchun muhim bo‘lgan turli narsalar haqida so‘ragan. (Mat. 26:39, 42; Yuhan. 17:1–26) Shu kabi, bizni tashvishlantirayotgan har qanday narsa borasida ibodat qilishimiz mumkin. Masalan, qaror chiqarishimiz kerak bo‘lganida donolik va aql-idrok so‘rasak bo‘ladi. (Zab. 119:33, 34) Yoki qiyin vazifa oldida turganimizda, uni qanday bajarish kerakligini tushunish uchun yordam so‘rashimiz mumkin. (Hik. 2:6) Ota-ona farzandlari, farzandlar esa ota-onasi uchun ibodat qilsa bo‘ladi. Qolaversa, barchamiz Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tayotganlar va biz va’z qilgan odamlar uchun ibodat qilishimiz mumkin. Lekin faqat Yahovadan yordam so‘rash bilan chegaralanib qolmasligimiz kerak.

Qay yo‘sin ibodatlarimizda Yahovaga sharaf keltirib, minnatdorchilik bildira olamiz? (7–9-xatboshilariga qarang.) *

7. Nega Yahovani ibodatda sharaflashimiz kerak?

7 Ibodatlarimizda Yahovani sharaflashimiz kerakligini unutmasligimiz darkor. Hech kim Xudodan ko‘ra ko‘proq sharafga loyiq emas. Alloh «mehribon va kechirishga tayyor». U shuningdek, «shafqatli va rahmdil, sabr-toqatli, mehr-sadoqat va haqiqatga boy Xudo». (Zab. 86:5, 15) Egamizning barcha fazilatlarini hamda qilayotgan ishlarini inobatga olib, Uni sharaflashga sabab topa olishimiz aniq.

8. Nimalar uchun Yahovaga rahmat aytsak bo‘ladi? (Zabur 104:12–15, 24)

8 Ibodatlarimizda nafaqat Yahovani sharaflaymiz, balki U bizga taqdim etayotgan ajoyib narsalar uchun minnatdorchilik bildiramiz. Misol uchun, gullarning rang-barangligi, turli-tuman mazali oziq-ovqat va dalda baxsh etadigan do‘stlar uchun Unga rahmat aytsak bo‘ladi. Mehribon Otajonimiz baxtli bo‘lishimiz uchun bizga bularni va boshqa ko‘p narsalarni beryapti. (Zabur 104:12–15, 24 ni o‘qing.) Eng muhimi esa Tangri Taolo mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqa va kelajakka bo‘lgan ajoyib umidni taqdim etayotgani uchun minnatdorchilik bildiramiz.

9. Yahovaga minnatdorchilik bildirishni unutmasligimizga nima yordam berishi mumkin? (1 Salonikaliklarga 5:17, 18)

9 Yahovaga barchasi uchun minnatdorchilik bildirishni unutib qo‘yishimiz hech gap emas. Buni yodda tutishga nima yordam beradi? Masalan, Undan so‘rayotgan muayyan narsalarni qog‘ozga yozib qo‘yib, keyinchalik har biri borasida qanday javob olganimizni vaqti-vaqti bilan tekshirib tursak bo‘ladi. So‘ng Xudoning yordami uchun rahmatlar aytishimiz mumkin. (1 Salonikaliklarga 5:17, 18 ni o‘qing.) Bir o‘ylab ko‘ring: boshqalar bizga minnatdorchilik bildirganda suyunamiz. Shu singari, Yahova ibodatlarimizga javob berayotgani uchun minnatdorchilik bildirsak U xursand bo‘ladi. (Kolos. 3:15) Allohga rahmatlar aytishimiz uchun yana bir muhim sabab bor.

SUYUKLI O‘G‘LI UCHUN YAHOVADAN MINNATDOR BO‘LING

10. Yahova Isoni yer yuziga yuborgani uchun nega minnatdor bo‘lishimiz kerak? (1 Butrus 2:21)

10 1 Butrus 2:21 ni o‘qing. Yahova suyukli O‘g‘lini bizga ta’lim berish maqsadida yuborgani uchun minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Isoning hayotini tadqiq qilib, Yahova hamda Uni qay yo‘sin mamnun qilish borasida ko‘p narsalarni o‘rganamiz. Agar Iso Masihning to‘lov qurbonligiga ishonayotganimizni ko‘rsatsak, Yahova bilan qalin do‘st bo‘lib, tinch munosabatlarni saqlaymiz. (Rim. 5:1)

11. Nega Iso Masih nomidan ibodat qilishimiz lozim?

11 Yahovaga Uning O‘g‘li orqali ibodat qilish imkoniyati uchun rahmat aytsak bo‘ladi. U Iso Masihdan foydalanib, Undan so‘ragan narsalarimizni taqdim etadi. Yahova Isoning nomidan qilgan ibodatlarimizni eshitadi va ularga javob beradi. Iso buni quyidagicha tushuntirgan: «Mening nomimdan nimaiki tilasangiz, uni bajo keltiraman. Toki Ota O‘g‘li orqali ulug‘lansin». (Yuhan. 14:13, 14)

12. Yahovaga O‘g‘li uchun minnatdorchilik bildirishimizga yana qanday sabab bor?

12 Yahova gunohlarimizni Isoning to‘lov qurbonligi asosida kechiradi. Muqaddas Yozuvlarda Iso «osmonda Ulug‘vor Zotning o‘ng tomoniga o‘tirgani» haqida aytib o‘tilgan. (Ibron. 8:1) U «Otamiz yonida... yordamchimiz». (1 Yuhan. 2:1) Yahova zaifliklarimizni tushunayotgan Oliy ruhoniyni berganidan va u «biz uchun vositachilik» qilayotganidan minnatdormiz. (Rim. 8:34; Ibron. 4:15) Nomukammal bo‘lganimiz sababli Isoning qurbonligisiz Yahovaga ibodat qila olmasdik. Shubhasizki, Yahova bizga bergan qimmatbaho hadyasi, ya’ni aziz O‘g‘li uchun juda minnatdormiz.

BIRODAR-U OPA-SINGILLARINGIZ UCHUN IBODAT QILING

13. O‘limidan oldingi kechada Iso shogirdlarini sevishini qanday ko‘rsatgan?

13 O‘limidan oldingi kechada Iso Otasiga shogirdlari uchun uzoq vaqt davomida ibodat qilib: «Shaytondan himoyalashingni iltimos qilaman»,— deb so‘ragan. (Yuhan. 17:15) Ha, u shogirdlarini qattiq sevgan! Iso hatto oz vaqtdan keyin azob chekishini bilgan bo‘lsa-da, havoriylari haqida qayg‘urgan.

Birodar-u opa-singillarimiz uchun ibodat qilganimizda nimalar borasida so‘rashimiz mumkin? (14–16-xatboshilariga qarang.) *

14. Imondoshlarimizni sevishimizni qanday ko‘rsata olamiz?

14 Isoga o‘xshab biz ham diqqatimizni faqat o‘z ehtiyojlarimizga qaratmaymiz. Aksincha, birodar-u opa-singillarimiz uchun muntazam ravishda ibodat qilamiz. Shu yo‘sin, Isoning: «Bir-biringizni sevinglar»,— degan amriga bo‘ysunamiz va Yahovaga imondoshlarimizni qanchalik yaxshi ko‘rishimizni namoyon etamiz. (Yuhan. 13:34) Imondoshlarimiz uchun qilgan ibodatlar ularga yordam beradi, chunki Xudoning Kalomida: «Odil kishining iltijosi kuchli ta’sirga ega»,— deb aytilgan. (Yoqb. 5:16)

15. Nega imondoshlarimiz ibodatlarimizga muhtoj?

15 Imondoshlarimiz ibodatlarimizga muhtoj, sababi ular ko‘pgina qiyinchiliklarni boshdan kechiryapti. Yahova ularga kasallik, tabiiy ofat, urush, ta’qiblar yoki boshqa qiyinchiliklarda bardoshli bo‘lishiga ko‘maklashishini so‘rashimiz mumkin. Shuningdek, yordamga muhtoj bo‘lganlarga ko‘maklashish niyatida mehnat qilayotgan fidoyi imondoshlarimiz uchun ibodat qilsak bo‘ladi. Balki bunga o‘xshash qiyinchiliklarga duch kelayotgan imondoshlarni shaxsan o‘zingiz tanirsiz. Ular haqida ibodat qilsangiz bo‘ladi. Yahova ularga chidamli bo‘lishga yordam berishini so‘rab, chin sevgimizni namoyon eta olamiz.

16. Oramizda rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlar uchun nega ibodat qilishimiz kerak?

16 Jamoatda rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan birodarlar boshqalar ular uchun ibodat qilganidan minnatdor va bu ularga yordam beradi. Havoriy Pavlus ham boshqalar u uchun ibodat qilishiga muhtoj ekanini bilgan. U shunday yozgan: «Men uchun ham ibodat qilinglar, toki og‘zimni ochganimda nima deyish kerakligi menga bildirilsin va xushxabarning muqaddas sirini dadillik bilan va’z qila olay». (Efes. 6:19) Bugungi kunda ham oramizda rahbarlikni o‘z zimmasiga olib jon kuydirib mehnat qilayotgan ko‘p birodarlar bor. Ularni yaxshi ko‘rishimizni Yahova mehnatiga baraka berishini so‘rab ko‘rsata olamiz.

BOSHQALAR OLDIDA IBODAT QILGANDA

17, 18. Qanday vaziyatlarda bizdan ibodat qilishni so‘rashlari mumkin va nimani yodda tutishimiz kerak?

17 Ayrim paytlarda boshqalar oldida ibodat qilishimizga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotgan opamiz u bilan birga kelgan opamizdan ibodat qilishini so‘rashi mumkin. Hamkor opamiz tadqiq o‘tuvchini unchalik yaxshi bilmas. Shunga u tadqiqning oxirida ibodat qilar. Bu tufayli opamiz qiziquvchi uchun ibodat qilganda nima deyishni yaxshiroq biladi.

18 Birodardan jamoatda yoki va’zgo‘ylik xizmati uchrashuvida ibodat qilishni so‘rashlari mumkin. Bunday sharafga ega bo‘lgan birodarlar uchrashuvning asl maqsadini yodda tutishlari kerak. Ularning ibodati maslahat yoki e’lonlardan iborat bo‘lmasligi lozim. Aksariyat jamoat yig‘ilishlarida ibodat va qo‘shiq uchun besh daqiqa ajratilgan. Shuning uchun ibodat qilayotgan birodar, ayniqsa, u uchrashuv boshlanishidan oldin ibodat qilayotgan bo‘lsa, «ko‘p so‘zlamasligi» kerak. (Mat. 6:7)

IBODAT HAYOTINGIZDA MUHIM O‘RINDA BO‘LSIN

19. Yahovaning hukm kuni kelishiga tayyor bo‘lishimizga nima yordam beradi?

19 Yahovaning hukm kuni yaqin bo‘lgani bois, ibodat hayotimizda birinchi o‘rinda turishi zarur. Iso bu borada shunday degan: «Yuz beradigan bu voqealardan omon qolish... uchun, Allohga doimo iltijo qilib, hushyor turinglar». (Luqo 21:36) Darhaqiqat, muntazam ravishda ibodat qilsak imonimiz mustahkam bo‘ladi va Xudoning kuni kelishiga tayyor turamiz.

20. Qanday qilib ibodatlarimiz xushbo‘y tutatqi kabi bo‘la oladi?

20 Nimalarni muhokama qildik? Ibodat qilish sharafini juda qadrlaymiz. Eng asosiysi, Yahovaning niyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lgan narsalar haqida ibodat qilishimiz kerak. Shuningdek, Xudoning O‘g‘li, Shohlik boshqaruvi va imondoshlarimiz uchun ibodatda minnatdorchilik bildiramiz. Albatta, jismoniy va ma’naviy ehtiyojlarimiz haqida ibodat qilamiz. Agar ibodatda nimalar haqida aytishimiz kerakligini yaxshilab o‘ylasak, bu hadyani qadrlayotganimizni ko‘rsatamiz. Ha, ibodatlarimiz xushbo‘y tutatqi kabi «Unga yoqimli» bo‘ladi. (Hik. 15:8)

45-QO‘SHIQ Qalbim o‘ylari

^ Har birimiz Yahovaga ibodat qilish sharafini nihoyatda qadrlaymiz. Ibodatlarimiz xuddi xushbo‘y tutatqiday Yahovani mamnun qilishini istaymiz. Ushbu maqolada nimalar haqida ibodat qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, boshqalar oldida ibodat qilganda yodda saqlashimiz kerak bo‘lgan ba’zi fikrlarga diqqat qaratamiz.

^ RASMLARGA SHARH. Bir birodar xotini bilan birga bolasining maktabdagi xavfsizligi, kasal otasining sog‘ligi va qiziquvchining ma’nan o‘sishi haqida ibodat qilyapti.

^ RASMLARGA SHARH. Yosh birodar Iso Masihning to‘lov qurbonligi, go‘zal yer yuzi va foydali oziq-ovqat uchun Yahovaga rahmat aytyapti.

^ RASMLARGA SHARH. Bir opamiz Yahova Yetakchi kengashga muqaddas ruh berib, baraka ato etishini hamda tabiiy ofat va ta’qiblar tufayli azob chekayotganlarga yordam berishini ibodatda so‘rayapti.