Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

28-TADQIQ MAQOLASI

123-QO‘SHIQ Ilohiy tartibga sadoqat-la bo‘ysunamiz

Haqiqatni yolg‘ondan ajrata olasizmi?

Haqiqatni yolg‘ondan ajrata olasizmi?

Belingizga haqiqat kamarini bog‘lab,... mahkam turinglar. (EFES. 6:14)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Yahovadan o‘rgangan haqiqatlarni Shayton va dushmanlarimiz tarqatayotgan yolg‘ondan qay yo‘sin ajratishga o‘rganishimiz mumkinligini bilib olamiz.

1. Haqiqat borasida qanday fikrdasiz?

 YAHOVANING xalqi Uning Kalomidagi haqiqatni yaxshi ko‘radi. Imonimiz unga asoslangan. (Rim. 10:17) Xudo haqiqat «ustuni va tayanchi» sifatida masihiylar jamoatini tashkillashtirganiga ishonamiz. (1 Tim. 3:15) «Rahbarlikni o‘z zimmasiga olganlar» Muqaddas Kitobdagi haqiqatni tushuntirishganida va Uning irodasiga muvofiq yo‘l-yo‘riqlar berishganida, buni bajonidil qabul qilamiz. (Ibron. 13:17)

2. Yoqub 5:19 ga binoan, haqiqatni bilganimizdan keyin qanday xavfga duch kelishimiz mumkin?

2 Ammo haqiqatni qabul qilib, ishonchli yo‘l-yo‘riq olishda tashkilotimiz muhim o‘rin egallashini tushunishimizga qaramay, bizni yo‘ldan ozdirishlari mumkin. (Yoqub 5:19 ni o‘qing.) Shayton Muqaddas Kitobga yoki tashkilotimizdan olayotgan yo‘l-yo‘riqlarga bo‘lgan ishonchimizni susaytirishni juda istaydi. (Efes. 4:14)

3. Nega haqiqatda mahkam turishimiz kerak? (Efesliklarga 6:13, 14)

3 Efesliklarga 6:13, 14 ni o‘qing. Tez orada Iblis kuchli ta’sirga ega targ‘ibotdan foydalanib barcha xalqlar Yahovaga qarshi chiqishi uchun ularni yo‘ldan ozdiradi. (Vah. 16:13, 14) Shuningdek, u Xudoning xalqini yo‘ldan ozdirish uchun yanada ko‘proq harakat qilishini bilamiz. (Vah. 12:9) Shu sababdan haqiqatni yolg‘ondan ajratishga o‘rganishimiz va haqiqat bo‘yicha yashashimiz muhim. (Rim. 6:17; 1 Butr. 1:22) Buyuk musibat paytida omon qolishimiz bunga bog‘liq bo‘ladi!

4. Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

4 Bu maqolada Muqaddas Kitobdagi haqiqatni yolg‘ondan ajratishimizga va tashkilotimizdan kelayotgan yo‘l-yo‘riqni qabul qilishimizga yordam beradigan ikkita fazilatni ko‘rib chiqamiz. Keyin esa haqiqatni mahkam ushlashda davom etishimizga ko‘maklashadigan uchta tavsiyaga diqqat qaratamiz.

HAQIQATNI YOLG‘ONDAN AJRATISHGA YORDAM BERADIGAN KERAKLI FAZILATLAR

5. Yahovadan qo‘rqish haqiqatni yolg‘ondan ajratishga qanday ko‘maklashadi?

5 Yahovadan qo‘rqish. Xudoga nisbatan o‘rinli qo‘rquvni rivojlantirganimizda, Uni qattiq sevganimiz uchun Unga noma’qul bo‘lgan hech bir ishga qo‘l urmaymiz. Yahovaga ma’qul kelish uchun yaxshini yomondan, haqiqatni yolg‘ondan ajratishni o‘rganishni istaymiz. (Hik. 2:3–6; Ibron. 5:14) Odamlardan qo‘rqish Unga bo‘lgan sevgimizdan ustun bo‘lishiga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Sababi odamlarga yoqadigan narsa ko‘pincha Yahovaga ma’qul kelmaydi.

6. Qay yo‘sin odamlardan qo‘rqish o‘nta isroillik kishi haqiqatni buzib ko‘rsatishiga sabab bo‘ldi?

6 Xudodan ko‘ra odamlardan ko‘proq qo‘rqsak, haqiqatdan osonlikcha uzoqlashib ketishimiz mumkin. Xudo isroilliklarga va’da qilgan yurtni ko‘rishga borgan 12 ta ayg‘oqchining misoliga diqqat qarataylik. Ulardan o‘ntasi kan’onliklarga nisbatan qo‘rquvi Yahovaga bo‘lgan sevgisidan ustun kelishiga yo‘l qo‘ygan. Ular isroilliklarga shunday degan: «Biz u yerga borib, ular bilan jang qila olmaymiz, boisi ular bizga qaraganda ancha kuchli». (Sah. 13:27–31) Insoniy nuqtai nazar bilan qaraganda, ular haq edi. Kan’onliklar isroilliklarga qaraganda kuchliroq bo‘lgan. Ammo isroilliklar dushmanlari ustidan g‘alaba qozona olmaydi, deganlar Yahovani nazardan chetda qoldirishgan. O‘sha o‘nta ayg‘oqchi Xudo isroilliklardan nimani kutayotganiga diqqat qaratishi kerak edi. Bundan tashqari, Yahova yaqinda ular uchun nimalar qilgani ustida mulohaza yuritishi lozim edi. O‘shandagina ular kan’onliklarning kuchi Uning qudrati oldida hech narsa emasligini tushungan bo‘lardi. O‘sha imonsiz ayg‘oqchilardan farqli ravishda, Yoshua hamda Xolib Allohga ma’qul kelishni istagan. Ular xalqqa: «Agar Yahova bizdan mamnun bo‘lsa, bizni albatta bu yurtga olib borib,... [uni] bizga beradi»,— deb aytgan. (Sah. 14:6–9)

7. Qanday qilib Yahovaga nisbatan qo‘rquvni kuchaytira olamiz? (Rasmga ham qarang.)

7 Yahovaga nisbatan o‘rinli qo‘rquv hissini rivojlantirish uchun har safar qaror chiqarayotganimizda, Uni nima xursand qilishi haqida o‘ylashimiz lozim. (Zab. 16:8) Muqaddas Kitobdagi bayonotlarni o‘qiyotganingizda, o‘zingizdan shunday so‘rang: «Bunday vaziyatda bo‘lganimda, qanday qaror chiqarardim?» Masalan, o‘nta ayg‘oqchi salbiy xabarni aytayotganini eshityapsiz. Xo‘sh, bunga ishonib, kan’onliklardan qo‘rqqan bo‘larmidingiz? Yoki Xudoga bo‘lgan sevgingiz va Uni mamnun qilish istagingiz bu qo‘rquvdan ustunroq kelarmidi? Yoshua va Xolib haqiqatni gapirgan, lekin butun Isroil xalqi ularga ishonmagan. Oqibatda ular va’da qilingan yurtga kirish imkoniyatini qo‘ldan boy bergan. (Sah. 14:10, 22, 23)

Siz kimga ishongan bo‘lardingiz? (7-xatboshiga qarang.)


8. Qaysi fazilatni rivojlantirish uchun jon kuydirishimiz kerak va nega?

8 Kamtarlik. Yahova haqiqatini kamtarin insonlarga ochib beradi. (Mat. 11:25) Biz haqiqatni o‘rganishda yordamni kamtarlik ila qabul qilganmiz. (Havor. 8:30, 31) Ammo mag‘rur bo‘lib ketmaslik uchun ehtiyot bo‘lishimiz lozim. Mag‘rurlik tufayli «Shaxsiy fikrim Kalomdagi prinsiplar va tashkilotimizdan olayotgan yo‘l-yo‘riqlardan to‘g‘riroq» deb o‘ylashimiz mumkin.

9. Qanday qilib kamtarinlik fazilatini rivojlantira olamiz?

9 Kamtarin bo‘lib qolishimiz uchun Yahovaning oldida zarrachaday ekanimizni yodda saqlashimiz lozim. (Zab. 8:3, 4) Shuningdek, yanada kamtarin va o‘rganishga tayyor bo‘lishimiz uchun Undan yordam so‘rasak bo‘ladi. U bizga fikrlarini o‘zimiznikidan ustun qo‘yishga ko‘maklashadi. Xudo buni Kalomi va tashkiloti orqali qiladi. Muqaddas Kitobni o‘qiyotganingizda, Yahova kamtarlikni sevishiga, mag‘rurlik, takabburlik, o‘zbilarmonlikdan esa nafratlanishiga diqqat qarating. Qolaversa, qandaydir sharafli vazifa olsangiz va bu tufayli muayyan hokimiyatga ega bo‘lsangiz yo boshqalarning e’tiboriga tushsangiz, kamtarin bo‘lib qolish uchun yanada ko‘proq harakat qiling.

QAY YO‘SIN HAQIQATDA MUSTAHKAM QOLISHIMIZ MUMKIN?

10. Yahova xalqiga yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berishda kimdan foydalangan?

10 Yahovaning tashkiloti berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga nisbatan ishonchingizni mustahkamlang. Qadimda Xudo Muso, keyin esa Yoshuadan foydalanib xalqiga yo‘l-yo‘riqlar bergan. (Yoshua 1:16, 17) Isroil xalqi bu kishilarni Tangri Yahovaning vakili, deb bilganida barakalar olgan. Asrlar o‘tgach, masihiylar jamoati ilk bor tashkil etilganda, 12 ta havoriy yo‘l-yo‘riqlar berardi. (Havor. 8:14, 15) Keyin esa o‘sha guruh kengaygan va ular qatoriga Quddusdagi boshqa oqsoqollar ham kirgan. Masihiylar bu imonli kishilardan olgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilishganida, «jamoatlar imonda mustahkam bo‘lib, kundan-kunga imonlilarning soni ortib borardi». (Havor. 16:4, 5) Bugungi kunda tashkilotimiz berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilsak, biz ham barakalarga ega bo‘lamiz. Lekin Yahova boshchilik qilishga tayinlagan kishilarga quloq solishni istamasak, U nimalarni his qiladi? Va’da qilingan yurtga ketayotgan Isroil xalqi bilan yuz bergan voqeani ko‘rib chiqib, bu savolga javob topamiz.

11. Yahova isroilliklarga boshchilik qilish uchun tanlagan Musoga qarshi chiqqan kishilar bilan nima yuz bergan? (Rasmga ham qarang.)

11 Isroilliklar va’da qilingan yurtga borayotganda, obro‘li kishilar Muso va Xudo unga bergan hokimiyatni rad etishdi. Ular shunday deyishdi: «Butun jamoa [nafaqat Muso] muqaddas va Yahova ularning orasida». (Sah. 16:1–3) To‘g‘ri, Allohning nazarida «butun jamoa» muqaddas bo‘lgan, lekin xalqiga boshchilik qilish uchun U Musoni tanlagan. (Sah. 16:28) Isyonchilar Musoni tanqid qilish orqali aslida Yahovani tanqid qilishayotgan edi. Ularning diqqati Yahovaning emas, o‘zlarining xohishiga, ya’ni ko‘proq hokimiyat va obro‘ga ega bo‘lishga qaratilgandi. Xudo isyon ko‘targanlarni va ularga qo‘shilgan minglab kishilarni yo‘q qildi. (Sah. 16:30–35, 41, 49) Bugungi kunda shunga ishonchimiz komilki, Xudo tashkiloti orqali berayotgan yo‘l-yo‘riqlarga hurmatsizlik ko‘rsatayotganlarni ma’qullamaydi.

Siz kimni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardingiz? (11-xatboshiga qarang.)


12. Nega tashkilotimizga nisbatan ishonchimizni mustahkamlay olamiz?

12 Yahovaning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizni kuchaytira olamiz. Muqaddas Kitobga oid biron tushunchamiz yoki Shohlik ishi qanday olib borilayotgani borasida qandaydir o‘zgarish kiritish kerakligi aniq ko‘rilsa, rahbarlikni zimmasiga olgan birodarlar bu o‘zgarishlarni ikkilanmay amalga oshiradi. (Hik. 4:18) Boisi ular har narsadan ko‘ra Xudoni mamnun qilishni istaydi. Qolaversa, ular qarorlarini Muqaddas Kitobga asoslash uchun zo‘r berib harakat qiladi. Sababi Yahovaning butun xalqi u yerda yozilgan so‘zlarga amal qilishi darkor.

13. «Sog‘lom so‘zlar» nima degani va bu borada nima qilishimiz lozim?

13 «Sog‘lom so‘zlar namunasini mahkam... [ushlang]». (2 Tim. 1:13) «Sog‘lom so‘zlar» masihiylarning Muqaddas Kitobga asoslagan ta’limotlarini anglatadi. (Yuhan. 17:17) Bunday ta’limotlar biz ishonadigan barcha narsaning poydevoridir. Yahovaning tashkiloti e’tiqodimiz bu ta’limotlarga asoslanganiga ishonch hosil qilishga o‘rgatyapti. Bunday qilsak, baraka olamiz.

14. Qanday qilib ba’zi masihiylar «sog‘lom so‘zlar»ga amal qilmay qo‘ygan?

14 Xo‘sh, «sog‘lom so‘zlardan» uzoqlashsak, nima bo‘lishi mumkin? Quyidagi misolga e’tibor bering. Birinchi asrda ayrim masihiylar orasida Yahovaning kuni keldi, degan mish-mish tarqatilganga o‘xshaydi. Ehtimol, ular qaysidir xatni «Pavlusdan kelgan va u yerda shunday yozilgan» deb o‘ylagan. Salonikadagi ba’zi masihiylar faktlarni tekshirish uchun vaqt ajratmay, o‘sha mish-mishlarga ishongan va hatto ularni tarqatgan. Bordi-yu, bu masihiylar Pavlus ular bilan bo‘lganida o‘rgatgan so‘zlarini yodda tutganida, bu mish-mishlarga laqqa tushmagan bo‘lardi. (2 Salon. 2:1–5) Pavlus birodarlariga har bir so‘zga ishonib ketmaslikni maslahat bergan. Kelajakda asqatishi uchun u Salonikaliklarga yo‘llangan ikkinchi maktubda: «Men Pavlus, bu salomimni o‘z qo‘lim bilan yozyapman. Mening yozish uslubim shunaqa, buni har bir xatim tasdiqlaydi»,— deb aytgan. (2 Salon. 3:17)

15. Haqiqatday tuyulgan yolg‘onlardan o‘zimizni qanday himoya qila olamiz? Misol keltiring. (Rasmlarga ham qarang.)

15 Pavlus salonikaliklarga yozgan so‘zlaridan nimani o‘rganishimiz mumkin? Muqaddas Kitobga zid qandaydir narsa yoki shov-shuvga aylangan mish-mish eshitsak, fahm-farosatni ishga solishimiz lozim. Sobiq Sovet Ittifoqi paytida dushmanlarimiz birodarlarga Xalqaro bosh idoradan deb xat bergan. Bu xat ayrim birodarlarni alohida mustaqil tashkilot sifatida ajralishga undagan. Xatdagi fikrlar ularga to‘g‘riday tuyulgan. Biroq sadoqatli birodarlar aldanib qolmagan. Ular bu xat bilib olganlariga zid ekanini tushungan. Bugungi kunda haqiqat dushmanlari zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, bizni chalg‘itishga va birligimizga rahna solishga urinyapti. Shunday ekan, «hayajonga tushib», fikrlarimizni tezda o‘zgartirmay, eshitayotganlarimiz yoki o‘qiyotganlarimiz bilib olgan haqiqatlar bilan qanchalik to‘g‘ri kelayotganini ko‘rib chiqish orqali o‘zimizni himoya qila olamiz. (2 Salon. 2:2; 1 Yuhan. 4:1)

Haqiqatday tuyulgan yolg‘onlarga aldanmang (15-xatboshiga qarang.) a


16. Rimliklarga 16:17, 18 ga ko‘ra, kimdir haqiqatdan uzoqlashganda nima qilishimiz lozim?

16 Yahovaga sodiq bo‘lganlar bilan birlikni saqlang. Xudo imondoshlarimiz bilan yakdillikda Unga topinishimizni istaydi. Haqiqatda mahkam turar ekanmiz, birlikni saqlaymiz. Haqiqatdan uzoqlashgan har kim jamoatda bo‘linishlar keltirib chiqaradi. Shu bois Xudo bizni bundaylardan «uzoqroq yuringlar», deb ogohlantiryapti. Aks holda, o‘zimiz ham haqiqatdan uzoqlashib ketishimiz hech gap emas. (Rimliklarga 16:17, 18 ni o‘qing.)

17. Haqiqatni tushunishdan va uni mahkam ushlashdan qanday foyda olamiz?

17 Haqiqatni yolg‘ondan ajratsangiz va unda mahkam tursangiz, ma’naviy jihatdan sog‘lom va xavfsizlikda bo‘lasiz. (Efes. 4:15, 16) Shuningdek, bu orqali Shaytonning soxta ta’limotlari-yu targ‘ibotlaridan himoyalangan hamda buyuk musibat paytida Yahovaning qanoti ostida xavfsizlikda bo‘lasiz. Haqiqatni mahkam ushlang, shunda «tinchlik Xudosi sizlar bilan bo‘ladi». (Filip. 4:8, 9)

122-QO‘SHIQ Mard va mahkam turing!

a RASMGA SHARH. Sahnalashtirilgan rasmda o‘nlab yillar oldin sobiq Sovet Ittifoqidagi birodarlar Xalqaro bosh idoradan xat olishgani, lekin aslida u dushmanlardan bo‘lgani ko‘rsatilgan. Hozirgi paytda dushmanlar Internetdan foydalanib tashkilotimiz haqida yolg‘on gap-so‘zlarni tarqatishi mumkin.