Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

30-TADQIQ MAQOLASI

36-QO‘SHIQ Qalbingizni asrang

Isroil shohlaridan muhim saboqlar

Isroil shohlaridan muhim saboqlar

Odil kishi bilan yovuz kishi, Xudoga xizmat qilayotgan kishi bilan Unga xizmat qilmayotgan kishi o‘rtasidagi farqni yana ko‘rasizlar. (MAL. 3:18)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Yahova Isroil shohlariga qanday nuqtai nazarda bo‘lganini ko‘rib chiqish orqali U bugungi kunda bizdan nimani kutayotganini bilib olamiz.

1, 2. Muqaddas Kitobda Isroildagi ba’zi shohlar to‘g‘risida nima deyilgan?

 MUQADDAS KITOBDA Isroilda boshqargan 40 dan ziyod shohning ismi tilga olingan a. Bu bayonotlarda ularning ayrimlari qilgan ishlar batafsil va xolisona yoritilgan. Masalan, hatto yaxshi shohlar qandaydir yomon ishlarga qo‘l urgan. Shoh Dovud bunga misol bo‘la oladi. Yahova u haqda: «[Xizmatkorim Dovud] amrlarimga rioya etib, faqat Menga ma’qul bo‘lgan ishlarni qilgan va butun qalbi bilan yo‘llarimdan yurgan edi»,— deb aytgan. (3 Shoh. 14:8) Ammo u turmush qurgan ayol bilan jinsiy axloqsizlik qilgan va uning eri urushda o‘ldirilishini uyushtirgan. (2 Shoh. 11:4, 14, 15)

2 Boshqa tarafdan ko‘pgina sadoqatsiz shohlar ayrim yaxshi ishlar qilgan. Masalan, Raxabom. U Yahovaning nazarida «yomon ishlarga qo‘l urdi». (2 Sol. 12:14) Lekin Yahova Raxabomga Isroilning o‘nta qabilasiga qarshi chiqmay, ular boshqa shohni tanlashiga yo‘l qo‘yishni aytganida, u bu amrga bo‘ysungan. Bundan tashqari, Raxabom Xudoning xalqini dushmanlardan himoya qilish niyatida shohligidagi ko‘p shaharlarni mustahkamlagan. (3 Shoh. 12:21–24; 2 Sol. 11:5–12)

3. Qanday muhim savol tug‘ilyapti va bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Muhim savol yuzaga kelyapti. Agar Isroil shohlari ham yaxshi, ham yomon ishlar qilgan bo‘lsa, Yahova nima asosida shoh sadoqatli yo sadoqatsiz ekanini aniqlagan? Bu savolga javob topish Yahova bizdan nima kutayotganini tushunishimizga yordam beradi. Yahova Isroil shohlarini baholaganida inobatga olgan quyidagi uchta omilni: ularning qalb holati, tavba qilgani va haq topinish tarafini egallaganini muhokama qilamiz.

YAHOVANI BUTUN QALBINGIZ BILAN SEVING

4. Sadoqatli va sadoqatsiz shohlar orasida qanday bitta farq bo‘lgan?

4 Yahovani mamnun qilgan shohlar Unga butun qalbi bilan topingan b. Masalan, yaxshi shoh Yohushafat «Yahovani bor qalbi bilan izlagan». (2 Sol. 22:9) Yo‘shiyo haqida esa ilohiy ilhom ostida: «Undan oldin ham, keyin ham, u kabi butun qalbi, butun joni va butun quvvati bilan Yahovaga [qaytgan shoh bo‘lmadi]»,— deb aytilgan. (4 Shoh. 23:25) Yoshi o‘tgach yomon ishlarga qo‘l urgan Sulaymon haqida-chi, nima deyilgan? «[U] butun qalbi bilan Tangrisi Yahovaga bog‘lanmadi» deyilgan. (3 Shoh. 11:4) Sadoqatsiz boshqa shoh Abuyom haqida esa Muqaddas Kitobda: «U butun qalbi bilan Xudosi Yahovaga xizmat qilmadi»,— deb yozilgan. (3 Shoh. 15:3)

5. Yahovaga butun qalb bilan xizmat qilish nimani anglatishini tushuntiring.

5 Xo‘sh, Yahovaga butun qalb bilan xizmat qilish nimani anglatadi? Butun qalbi bilan topinadigan inson shunchaki majbur bo‘lgani uchungina bunday qilmaydi. Aksincha, u Xudoni qattiq sevgani va ehtirom hissini tuygani uchun Unga xizmat qiladi. Qolaversa, u butun hayoti davomida bunday sevgi va ehtirom hissini namoyon etadi.

6. Qanday qilib qalbimiz butun bo‘lishiga hissa qo‘sha olamiz? (Hikmatlar 4:23; Matto 5:29, 30)

6 Qay yo‘sin qalbini butun saqlay olgan shohlarning o‘rnagiga ergasha olamiz? Yomon ta’sirdan qochishimiz lozim. Masalan, zararli o‘yin-kulgi, Yahovani sevmaydigan odamlar bilan do‘stlashish va molparastlik qalbimizni bo‘lishi mumkin. Nimadir Yahovaga bo‘lgan sevgimizni susaytirishni boshlaganini tushunsak, undan qutulish uchun zudlik bilan harakat qilaylik. (Hikmatlar 4:23; Matto 5:29, 30 ni o‘qing.)

7. Nega yomon ta’sirdan yiroqlashishimiz kerak?

7 Qalbimiz bo‘linishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Ehtiyot bo‘lmasak, ma’naviy ishlarda ko‘proq qatnashsak zararli ta’sirni rad etishimizga hojat yo‘q, deb o‘zimizni aldashimiz mumkin. Masalan, izg‘irin sovuqda ko‘chada ekaningizni tasavvur qiling. Uyga kelgach, isitgichni yoqasiz. Agar eshikni ochiq qoldirsangiz, undan qanchalik foyda olasiz? Sovuq havo dastidan uyingiz tezda sovib qoladi. Demak, Yahova bilan munosabatlarimizni isitadigan ma’naviy ozuqani qabul qilishdan ko‘prog‘ini qilishimiz kerak. Bu dunyoning sovuq «havo»si — Xudoga zid fikrlash tarzi qalbimizga kirib, uni bo‘lmasligi uchun zararli ta’sirlarga eshikni yopishimiz darkor. (Efes. 2:2)

ULAR GUNOHLARIDAN TAVBA QILGAN

8, 9. Shoh Dovud va shoh Hizqiyo tanbeh olishganda, o‘zini qanday tutishgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

8 Yuqorida aytilganiday, shoh Dovud jiddiy xatolar qilgan. Ammo Natan payg‘ambar Yahova uning gunohi dastidan nimalarni his qilayotganini aytganida, Dovud kamtarlik ila tavba qilgan. (2 Shoh. 12:13) Zaburning 51-sanosida yozgan so‘zlaridan u chin dildan tavba qilganini ko‘ryapmiz. Dovud Natanni laqillatish yoki jazodan qochish uchun o‘zini shunchaki afsuslanayotganday ko‘rsatmagan. (Zab. 51:3, 4, 17, so‘zboshi)

9 Shoh Hizqiyo ham Yahovaga qarshi gunoh qilgan. Muqaddas Kitobda: «Hizqiyo mag‘rurlanib ketib, unga qilingan yaxshilikning qadriga yetmadi. Shu bois, o‘zini, Yahudo va Quddusni Tangrining qahr-g‘azabiga duchor qildi»,— deb aytilgan. (2 Sol. 32:25) Xo‘sh, Hizqiyo nega mag‘rurlanib ketdi? Balki u boyligi, ossuriyaliklar ustidan qozongan g‘alabasi yoki kasallikdan mo‘jizaviy tarzda shifo topgani uchun o‘zini boshqalardan yaxshiroq, deb bilgandir. Ehtimol, mag‘rurlanib ketgani uchun u bobilliklarga barcha boyliklarini ko‘rsatgan va oqibatda Ishayo payg‘ambar unga tanbeh bergan. (4 Shoh. 20:12–18) Lekin Dovud kabi Hizqiyo ham kamtarlik ila tavba qilgan. (2 Sol. 32:26) Natijada Yahova bu shohni «to‘g‘ri ishlar qil»gan deb bilgan. (4 Shoh. 18:3)

Shoh Dovud va shoh Hizqiyo gunohlarini tan olishgach, kamtarlik ila tavba qilishgan (8-, 9-xatboshilariga qarang.)


10. Shoh Emoziyoni tuzatishganda, u buni qanday qabul qilgan?

10 Dovud va Hizqiyodan farqli ravishda Emoziyo to‘g‘ri ishlar qilgan, lekin u «sidqidildan xizmat qilma»gan. (2 Sol. 25:2) Xo‘sh, u qanday xatoga yo‘l qo‘ygan? Yahova unga edomliklarni mag‘lub qilishga yordam berganidan keyin Emoziyo ularning xudolariga sajda qilgan c. So‘ng esa Yahova payg‘ambari orqali Emoziyoga gapirganida, u umuman quloq solmagan va uni jo‘natib yuborgan. (2 Sol. 25:14–16)

11. Yahova bizni kechirishi uchun nima qilishimiz kerak? (2 Korinfliklarga 7:9, 11) (Rasmlarga ham qarang.)

11 Bu misollardan qanday saboq olyapmiz? Gunohlarimizdan tavba qilishimiz va ularni qaytarmaslik uchun jon kuydirishimiz kerak. Bizga uncha muhim emasday tuyulgan masalalarda oqsoqollardan maslahat olsak-chi? «Yahova yoki oqsoqollar bizga qarshi chiqyapti» deb o‘ylamasligimiz lozim. Hatto Isroilning yaxshi shohlari ham maslahat va tanbeh olgan. (Ibron. 12:6) Bizni to‘g‘rilashganida, 1) kamtarlik namoyon etishimiz, 2) kerakli o‘zgarishlar qilishimiz va 3) Yahovaga butun qalbimiz bilan xizmat qilishga intilishimiz kerak. Gunohlarimizdan tavba qilsak, Yahova bizni kechiradi. (2 Korinfliklarga 7:9, 11 ni o‘qing.)

Bizni tuzatishganda, 1) kamtarin bo‘lishimiz, 2) kerakli o‘zgarishlar kiritishimiz va 3) Yahovaga sidqidildan xizmat qilishda davom etishimiz lozim (11-xatboshiga qarang.) f


ULAR HAQ TOPINISH TARAFINI EGALLAGAN

12. Sadoqatli shohlar ayniqsa nimasi bilan ajralib turishgan?

12 Yahova sadoqatli deb hisoblagan shohlar haq topinish tarafini egallagan. Ular fuqarolarini ham xuddi shunday yo‘l tutishga undagan. Albatta, ko‘rib chiqqanimizday, bu shohlarning kamchiliklari bo‘lgan, ammo ular Yahovaga mutlaq sadoqat namoyon etgan va yurtni butparastlikdan tozalash uchun jon-jahdi bilan kurashgan d.

13. Nega Yahova shoh Axabni sadoqatsiz deb topgan?

13 Yahova sadoqatsiz deb topgan shohlar haqida nima desa bo‘ladi? Albattaki, ular qilgan hamma ishlar ham yomon bo‘lmagan. Masalan, yovuz shoh Axab Navo‘t u tufayli o‘ldirilganini eshitganida, qaysidir ma’noda kamtarlik ko‘rsatgan va g‘am chekkan. (3 Shoh. 21:27–29) Bundan tashqari, u shaharlar qurgan va Isroilning dushmanlari ustidan g‘alaba qozongan. (3 Shoh. 20:21, 29; 22:39) Lekin Axab xotinining ta’siri ostida soxta topinishni olg‘a surgan. Bu ishi uchun u hech qachon tavba qilmagan. (3 Shoh. 21:25, 26)

14. a) Nega Yahova shoh Raxabomni sadoqatsiz deb topgan? b) Sadoqatsiz shohlarning aksariyati qanday noto‘g‘ri ish qilgan?

14 Yana bir sadoqatsiz shoh Raxabomning misolini olaylik. Yuqorida aytib o‘tilganiday, u boshqaruvi davomida anchagina yaxshi ishlar qilgan. Ammo shohligi mustahkamlangach, u Yahovaning qonuniga bo‘ysunmay soxta xudolarga sajda qila boshlagan. (2 Sol. 12:1) Keyin esa u ikki o‘t orasida qolgan, ya’ni ba’zida Yahovaga topingan, ba’zida esa soxta xudolarga sajda qilgan. (3 Shoh. 14:21–24) Raxabom va Axab haq Xudodan uzoqlashgan yagona shohlar emas. Aslida sadoqatsiz shohlarning aksariyati soxta xudolarga sajda qilgan va boshqalarni ham shunday yo‘l tutishga undagan. Shunisi aniqki, shohni yaxshi yoki yomon deb aniqlashda u haq topinish tarafini egallagani Yahova uchun asosiy omil bo‘lgan.

15. Nega haq topinish tomonida bo‘lishimiz Yahova uchun muhim?

15 Nega topinish masalasi Yahova uchun shunchalik muhim bo‘lgan? Sabablaridan biri, shohlar haq topinishda Xudoning xalqini yetaklash uchun mas’ul edi. Bundan tashqari, soxta topinish jiddiy gunohlarga va adolatsizlikka sabab bo‘lgan. (Ho‘sh. 4:1, 2) Shuningdek, shohlar va ularning fuqarolari Yahovaga bag‘ishlangan edi. Shu bois soxta topinishga aralashish xiyonat bilan solishtirilgan. (Yerm. 3:8, 9) Kishi xiyonat qilganida, turmush o‘rtog‘ining qalbi tilka-pora bo‘ladi. Shunga o‘xshab Yahovaga bag‘ishlangan xizmatchi soxta topinishga aralashsa, Uning qalbini tilka-pora qiladi. (Qonun. 4:23, 24) e

16. Yahovaning nazarida inson ayniqsa nima tufayli odil yoki yovuz bo‘lishi mumkin?

16 Xo‘sh, qanday saboq olyapmiz? Shubhasizki, soxta topinishdan qochish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak. Ammo shu bilan birga, haq topinish tarafini egallashimiz va unda faol bo‘lishimiz lozim. Malaki payg‘ambar nima tufayli kishi Yahovaning nazarida yaxshi yoki yomon bo‘lishini ochiqchasiga aytgan. U shunday deb yozgan: «Xudoga xizmat qilayotgan kishi bilan Unga xizmat qilmayotgan kishi o‘rtasidagi farqni yana ko‘rasizlar». (Mal. 3:18) Shunday ekan, hech narsa, hatto nomukammalligimiz-u xatolarimiz Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatishimizga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Darhaqiqat, Xudoga xizmat qilishni to‘xtatishning o‘zi jiddiy gunohdir.

17. Nega turmush o‘rtoq tanlayotganda ehtiyotkor bo‘lishimiz lozim?

17 Bordi-yu, turmush qurish haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz-chi? Malaki payg‘ambarning Xudoga xizmat qilish borasidagi so‘zlari turmush o‘rtoqni tanlashingizga ta’sir qiladimi? Kishida qandaydir chiroyli xislatlar bordir, lekin u haq Xudoga xizmat qilmasa, uni Yahovaning nazarida odil inson deb bo‘ladimi? (2 Kor. 6:14) Turmush o‘rtoq sifatida u sizga ma’naviy tarafdan ijobiy ta’sir qiladimi? O‘ylab ko‘ring: shoh Sulaymonning butparast xotinlarida qandaydir fazilatlar bo‘lgandir. Ammo ular Yahovaga topinmagan va bora-bora Sulaymonning qalbini ham soxta topinishga og‘dirgan. (3 Shoh. 11:1, 4)

18. Ota-onalar bolalariga nimalarni o‘rgatishi kerak?

18 Aziz ota-onalar, Muqaddas Kitobdagi bayonotlar yordamida farzandlaringizga Yahovaga xizmat qilish istagini payvand qiling. Ularga Yahova asosan shoh haq topinishni olg‘a surganiga qarab, uni yaxshi yoki yomon deb hisoblaganini tushunishlariga ko‘maklashing. O‘rnagingiz bilan ma’naviy ishlar, masalan, Muqaddas Kitobni tadqiq qilish, yig‘ilishlarga borish va xizmatda qatnashish hamma ishlardan muhim ekanini ularga ko‘rsating. (Mat. 6:33) Aks holda, bolalaringiz Yahovaning Shohidi bo‘lish bu shunchaki «oilaviy dinga» e’tiqod qilish degan xulosaga keladi. Oqibatda ular haq topinishni ikkinchi o‘ringa qo‘yishi yoki hatto undan butunlayin yuz o‘girishi mumkin.

19. Yahovaga xizmat qilmay qo‘ygan har kimda qanday umid bor? («Yahovaga qaytishingiz mumkin!» nomli ramkaga ham qarang.)

19 Kishi Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatsa, u umidni yo‘qotadimi? Aslo! Chunki u tavba qilishi va haq topinishga qaytishi mumkin. Buning uchun u mag‘rurligini chetga surishi va jamoat oqsoqollaridan yordamni qabul qilishi kerak. (Yoqb. 5:14) Yana Yahovaning do‘sti bo‘lish har qanday harakatga arziydi!

20. Sadoqatli shohlarga taqlid qilsak, Yahova bizga qanday nuqtai nazarda bo‘ladi?

20 Xo‘sh, Isroil shohlaridan qanday saboqlar oldik? Agar butun qalbimiz bilan Yahovani sevsak, sadoqatli shohlarga taqlid qilgan bo‘lamiz. Keling, xatolarimizdan saboq olaylik, tavba qilaylik va kerakli o‘zgarishlarni kiritaylik. Bundan tashqari, haq topinish va faqatgina haq Taolo tarafida bo‘lish muhimligini unutmaylik. Yahovaga sodiq bo‘lib qolsangiz, u sizni to‘g‘ri ishlar qiladigan inson deb biladi.

45-QO‘SHIQ Qalbim o‘ylari

a Bu maqoladagi «Isroil shohlari» iborasi Yahovaning xalqini boshqargan barcha shohlarni anglatadi. Ular Yahudoning ikkita qabilasi, Isroilning o‘nta qabilasi yoki 12 ta qabilaning hammasi ustidan boshqarishgan.

b IBORA MA’NOSI. Muqaddas Kitobda ko‘pincha «qalb» so‘zi odamning to‘liq ichki holatini, jumladan, xohish-istaklarini, fikrlarini, fe’l-atvorini, nuqtai nazarini, qobiliyatlarini, niyatlarini va maqsadlarini o‘z ichiga oladi.

c Hoynahoy, bu zabt etilgan xalqlarning xudolariga sajda qilgan butparast shohlar orasidagi odat bo‘lgan.

d Shoh Oso og‘ir gunohlar qilgan. (2 Sol. 16:7, 10) Lekin Kalomda aytilishicha, u Yahovaning nazarida yaxshi ishlar qilgan. Garchi u boshida uni tuzatishganini rad etgan bo‘lsa ham, keyinchalik tavba qilganga o‘xshaydi. Xatolariga qaraganda uning yaxshi tomonlari ko‘proq edi. Shunisi qiziqki, Oso faqat Yahovaga topingan va shohligida butparastlikni yo‘q qilishga intilgan. (3 Shoh. 15:11–13; 2 Sol. 14:2–5)

e Ko‘ryapmizki, Yahovaga topinish juda muhim bo‘lgan, chunki Musoning Qonunidagi ikkita amr bo‘yicha Yahovaga topinishdan tashqari, biror kimga yoki narsaga sajda qilish man etilgan. (Chiq. 20:1–6)

f RASMLARGA SHARH. Yosh oqsoqol birodarning spirtli ichimliklarni ichish borasidagi odatlari masalasida tashvishlanayotganini aytyapti. O‘sha birodar maslahatni qabul qilib, kerakli o‘zgarishlar qildi va Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishda davom etdi.