Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

29-TADQIQ MAQOLASI

121-QO‘SHIQ O‘zni tiymoq muhimdir

Vasvasaga qarshi turish uchun hamisha hushyor bo‘linglar

Vasvasaga qarshi turish uchun hamisha hushyor bo‘linglar

Vasvasaga tushmaslik uchun hushyor turib, doim ibodat qilinglar. (MAT. 26:41)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Gunohga qo‘l urishdan va unga yetaklovchi qadamlardan qochish uchun nima qilish kerakligini bilib olamiz.

1, 2. a) Iso shogirdlarini nima deb ogohlantirgan? b) Nega shogirdlar Isoni tashlab ketishgan? (Rasmlarga ham qarang.)

 «RUH tetik, tana esa zaifdir». (Mat. 26:41b) a Bu so‘zlar bilan Iso biz nomukammal ekanimizni va xatolar qilishimizni tushunishini ko‘ryapmiz. Bu so‘zlarda quyidagi ogohlantiruv ham aks etgan: o‘zingizga haddan tashqari ishonishdan ehtiyot bo‘ling. Iso bularni aytishdan bir necha soat oldin shogirdlar undan hecham tonmasligini ishonch bilan aytishgan. (Mat. 26:35) Ularning niyati to‘g‘ri bo‘lgan. Lekin bosim ostida ular tezda zaif bo‘lib qolishi mumkinligini tushunishmagan. Shu sababdan Iso ularni ogohlantirib: «Vasvasaga tushmaslik uchun hushyor turib, doim ibodat qilinglar»,— deb aytgan. (Mat. 26:41a)

2 Afsuski, shogirdlar hushyorlikni yo‘qotishgan. Iso hibsga olinganida, ular u bilan qolishganmi yoki qochib ketish vasvasasiga berilishganmi? Hushyor turishmagani uchun ular hech qachon qilmaymiz degan ishni qilishgan — Isoni tashlab ketishgan. (Mat. 26:56)

Iso shogirdlariga hushyor bo‘lib, vasvasaga qarshi turishni aytgan, lekin ular uni tashlab ketishdi (1-, 2-xatboshilariga qarang.)


3. a) Yahovaga sodiq bo‘lib qolish uchun nega o‘zimizga haddan tashqari ko‘p ishonmasligimiz lozim? b) Bu maqolada nimani muhokama qilamiz?

3 O‘zimizga haddan tashqari ko‘p ishonmasligimiz kerak. To‘g‘ri, Yahovani ranjitadigan har qanday ishdan qochish qarorimiz qat’iy. Lekin biz nomukammalmiz va noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasiga osonlikcha berilishimiz mumkin. (Rim. 5:12; 7:21–23) Kutilmaganda gunohga yetaklaydigan va nazarimizda qiziqdek tuyulgan vaziyatga duch kelarmiz. Biz Yahovaga hamda Uning O‘g‘liga sodiq qolishni istaymiz. Buning uchun Isoning gunohga yetaklovchi vasvasaga qarshi turish borasidagi maslahatiga amal qilishimiz lozim. Mazkur maqola bunday qilishimizga yordam beradi. Keling, avvaliga qaysi sohalarda, ayniqsa, hushyor bo‘lishimiz kerakligini ko‘raylik. So‘ng qay yo‘sin vasvasalarga qarshi turishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik. Oxirida esa qanday qilib doim hushyor turishimiz mumkinligini bilib olaylik.

HAMISHA HUSHYOR TURING. QAYSI SOHALARDA?

4, 5. Nega hatto kichik gunohlarga qarshi turish muhim?

4 Hatto uncha jiddiy bo‘lmagan gunohlar Yahova bilan munosabatlarimizga putur yetkazishi mumkin. Buning ustiga, ular og‘irroq gunohlarga qo‘l urishimizga yetaklashi hech gap emas.

5 Barchamiz gunoh qilish vasvasasiga duch kelamiz. Har birimizning zaif tomonlarimiz turlicha. Shu bois muayyan narsalar bizni noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasiga ko‘proq tushirishi mumkin. Masalan, kimdir jinsiy axloqsizlikka qo‘l urish vasvasasi bilan kurashayotgandir. Boshqasi masturbatsiya yoki pornografiya tomosha qilish kabi nopok odatlar bilan kurashayotgan bo‘lishi mumkin. Yana boshqasi esa odamlardan qo‘rqish, o‘zbilarmonlik, jahlga berilish yoki boshqa illat bilan kurash olib borayotgandir. Yoqub aytganiday, «har kim o‘z ehtirosiga berilib, aldanib sinovga duchor bo‘ladi». (Yoqb. 1:14)

6. Nimada rostgo‘y bo‘lishimiz kerak?

6 Qaysi sohada siz osonlikcha vasvasaga berilishingiz mumkinligini bilasizmi? Zaifliklarimizni tan olmaslik yoki hech qachon gunoh qilmayman, deb o‘ylash judayam xavfli. (1 Yuhan. 1:8) Unutmangki, Pavlus aytganiday, hatto «ma’nan yetuk bo‘lgan»lar ham hushyor bo‘lishmasa, vasvasaga berilishi mumkin. (Galat. 6:1) O‘zimiz bilan rostgo‘y bo‘lishimiz va zaifliklarimizni tan olishimiz lozim. (2 Kor. 13:5)

7. Nimaga alohida diqqat qaratishimiz darkor? Misol keltiring.

7 Qaysi sohalarda osonlikcha vasvasaga berilishimizni aniqlagach, nima qilishimiz kerak? Vasvasalarga qarshi tura olishimiz uchun zo‘r berib harakat qilishimiz lozim. Masalan, qadimda shahar devorlarining eng zaif qismi darvozalar bo‘lgan. Shuning uchun ularni qattiq qo‘riqlashgan. Shu singari, qaysi sohalarda ayniqsa zaif ekanimizni bilsak, ularga alohida diqqat qaratishimiz lozim. (1 Kor. 9:27)

QAY YO‘SIN VASVASAGA VA GUNOHGA QARSHI TURA OLAMIZ?

8, 9. Hikmatlar 7-bobda tilga olingan yigit jiddiy gunohga qo‘l urmaslik uchun nima qila olardi? (Hikmatlar 7:8, 9, 13, 14, 21)

8 Qay yo‘sin o‘zimizni noto‘g‘ri ish qilishdan himoyalay olamiz? Hikmatlar 7-bobda tilga olingan yigitning misolidan nimani o‘rganishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik. U xulq-atvori buzuq ayol bilan jinsiy axloqsizlik qilgan. 22-oyatdan shuni ko‘ryapmizki, o‘sha yigit unga «darhol» ergashgan. Biroq bundan oldin keltirilgan oyatlardan u asta-sekin gunohga yetaklagan bir nechta qadam qo‘yganini ko‘rsak bo‘ladi.

9 Xo‘sh, nima uni gunohga yetaklagan? Avvaliga, yigit oqshom payti buzuq ayol «turadigan ko‘chaning burilishidan o‘t»gan. Keyin esa uning uyi tomon yo‘l olgan. (Hikmatlar 7:8, 9 ni o‘qing.) So‘ng u ayolni ko‘rib ham yo‘lidan qaytmagan. Aksincha, ayol uni o‘pishiga va tinchlik qurbonligini keltirmoqchi ekani haqidagi gaplarni aytishiga yo‘l qo‘ygan. Balki ayol o‘zini yaxshi ko‘rsatish uchun bu gaplarni aytgandir. (Hikmatlar 7:13, 14, 21 ni o‘qing.) O‘sha yigit bunday ahmoqliklarni qilmaganida, noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasidan qochgan bo‘lardi va gunohga qo‘l urmasdi.

10. Qanday qilib biron kishi o‘sha yigit kabi xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin?

10 Bu bayonot Yahovaga topinadigan har qanday inson bilan nima ro‘y berishi mumkinligini ochib beryapti. Odam jiddiy gunohga qo‘l urishi, keyinroq esa hammasi «tezda» yuz berdi, deb o‘ylashi mumkin. Yoki u bu qanday yuz berganini bilmay qoldim, deb aytar. Biroq u aslida nimalar bo‘lgani haqida o‘ylab ko‘rsa, gunohga sabab bo‘lgan qadamlar qo‘yganini tushunib yetar. Ehtimol, u Yahovani sevmaydigan kishilar bilan do‘stlashgandir yoki masihiylarga to‘g‘ri kelmaydigan veb-sahifaga kirgandir yoki o‘yin-kulgi turini tanlagandir yo bo‘lmasam qandaydir joyga borgandir. Balki u ibodat qilishni, Muqaddas Kitobni o‘qishni to‘xtatgandir yoki uchrashuvlarga bormay, xizmatga chiqmay qo‘ygandir. Hikmatlarda tilga olingan yigitga o‘xshab u gunohga yetaklaydigan ko‘pgina qarorlar chiqargan.

11. Gunohga qo‘l urmaslik uchun nimadan qochishimiz kerak?

11 Bundan qanday saboq olyapmiz? Biz nafaqat gunohdan, balki unga yetaklovchi qadamlardan ham qochishimiz kerak. Sulaymon yigit va buzuq ayol haqidagi voqeani keltirgach, bunga alohida urg‘u bergan. U ayolni nazarda tutib: «Adashib, uning so‘qmoqlariga kirib qolmang»,— deb aytgan. (Hik. 7:25) Sulaymon yana shunday degan: «Bunday ayoldan uzoqroq yur, uyining ostonasiga yaqin yo‘lama». (Hik. 5:3, 8) Ha, gunohga yetaklovchi vaziyatlardan uzoqroq yurib, o‘zimizni gunoh qilishdan himoyalay olamiz b. Bu, umuman olganda, masihiylar uchun taqiqlanmagan, ammo vasvasaga solishi va gunohga yetaklashi mumkin bo‘lgan vaziyatlar-u ishlardan qochishni ham anglatadi. (Mat. 5:29, 30)

12. Ayub nima qilishga qat’iy qaror qilgan va bu unga vasvasaga qarshi turishga qanday ko‘maklashgan? (Ayub 31:1)

12 Gunoh qilishga sabab bo‘ladigan vaziyatlardan qochish uchun hushyor bo‘lish qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim. Ayub aynan shunday yo‘l tutgan. U boshqa ayolga ehtiros bilan qaramaslik uchun ko‘zlari bilan «ahd qilgan». (Ayub 31:1 ni o‘qing.) Bu ahdiga muvofiq yo‘l tutish unga zino qilmaslikka yordam bergan. Biz ham vasvasaga sabab bo‘ladigan har qanday narsadan qochishga qat’iy qaror qilishimiz lozim.

13. Nega fikrlash tarzimizni himoya qilishimiz kerak? (Rasmlarga ham qarang.)

13 Biz fikrlash tarzimizni himoya qilishimiz kerak. (Chiq. 20:17) Ba’zilar «Yomon xayollar paydo bo‘lsa, ularni tasavvur qilishning yomon joyi yo‘q, axir aslida buni qilmayapman-ku», deb o‘ylaydi. Lekin bu xato fikr. Kishi noto‘g‘ri istagi haqida qancha ko‘p o‘ylasa, uni qilish istagi shuncha ko‘p kuchayadi. Bunday qilsa, noto‘g‘ri ish qilmaslik qarorida turish og‘irroq kechadi. Albatta, ba’zida yomon xayollar kelib turadi. Bunday vaziyatlarda, eng muhimi, shu kabi fikrlarni rad etib, ularning o‘rniga yaxshi narsalar haqida o‘ylashdir. Shunday qilsak, o‘zimizni og‘ir gunohga qo‘l urishdan himoyalaymiz. Chunki yomon xayollar kuchli istakka aylanishiga yo‘l qo‘ymaymiz. (Filip. 4:8; Kolos. 3:2; Yoqb. 1:13–15)

Bizni vasvasaga solishi mumkin bo‘lgan har qanday narsadan yiroqlashishimiz lozim (13-xatboshiga qarang.)


14. Vasvasaga qarshi turishga yana nima yordam berishi mumkin?

14 Vasvasaga berilmaslik uchun yana nima qila olamiz? Xudoning qonunlariga bo‘ysunish bizga doim foyda keltirishiga ishonchimiz komil bo‘lishi lozim. Ba’zida fikrlarimiz-u istaklarimiz Yahova ma’qul deb bilgan narsalarga zid bo‘lishi mumkin. Lekin Unga ma’qul keladigan ishlarni qilishga jon kuydirsak, ichki xotirjamlikka ega bo‘lamiz va bu barcha harakatlarimizga arziydi.

15. Nega to‘g‘ri yo‘l tutish istagi vasvasaga qarshi turishga yordam beradi?

15 Biz to‘g‘ri istaklarni rivojlantirishimiz kerak. «Yomonlikdan nafratlanib, yaxshilikni sev»ishni o‘rgansak, to‘g‘ri yo‘l tutish va gunohga yetaklovchi vaziyatlardan qochish qarorimizni mustahkamlaymiz. (Amos 5:15) Bundan tashqari, to‘g‘ri istaklar xayolimizga kelmagan yoki oldini ololmagan vaziyatlarga duch kelganimizda, to‘g‘ri yo‘l tutish qarorimizda qat’iy qolish uchun bizga kuch beradi.

16. Qanday qilib ma’naviy ishlar hushyor bo‘lishimizga yordam berishi mumkin? (Rasmlarga ham qarang.)

16 Qay yo‘sin to‘g‘ri istaklarni rivojlantira olamiz? Imkon qadar ma’naviy ishlar bilan band bo‘lishimiz lozim. Jamoat uchrashuvlarida bo‘lganimizda yoki xizmatda yurganimizda, noto‘g‘ri yo‘l tutish vasvasasiga osonlikcha berilmaymiz. (Mat. 28:19, 20; Ibron. 10:24, 25) Aksincha, Yahovani mamnun qilish istagimiz kuchli bo‘ladi. Xudoning Kalomini o‘qish, tadqiq qilish va ustida mulohaza yuritish yaxshilikni sevish va yomonlikdan nafratlanish istagimizni kuchaytiradi. (Yoshua 1:8; Zab. 1:2, 3; 119:97, 101) Iso shogirdlariga: «Vasvasaga tushmaslik uchun... doim ibodat qilinglar»,— deb aytganini yodda saqlang. (Mat. 26:41) Ibodatda samoviy Otamiz bilan vaqt o‘tkazar ekanmiz, Uning yordamini his qilamiz va Uni mamnun qilish qarorimiz qat’iy bo‘ladi. (Yoqb. 4:8)

Bizni Yahovaga yanada ko‘proq yaqinlashtiradigan narsalar bilan doim band bo‘lish vasvasalarga qarshi turishga ko‘maklashadi (16-xatboshiga qarang.) c


HUSHYORLIKNI YO‘QOTMANG

17. Butrusning qaysi zaifligi uning muammosi bo‘lib qolgan?

17 Ehtimol, qaysidir kamchiliklarimizdan butunlayin qutula olarmiz. Ammo ba’zi moyilliklarimiz bilan uzoq vaqt davomida kurashishimizga to‘g‘ri keladi. Havoriy Butrusning misoliga e’tibor bering. U odamlardan qo‘rqqani uchun Isodan uch marta tongan. (Mat. 26:69–75) Keyinroq esa Oliy Kengash oldida jasorat ila shohidlik berganida, u qo‘rquvini yengganday bo‘lgan. (Havor. 5:27–29) Ammo yillar o‘tgach, «sunnat qilinganlardan qo‘rqib», Butrus o‘zga xalqdan bo‘lgan masihiylar bilan qaysidir vaqt mobaynida birga ovqat yemay qo‘ygan. (Galat. 2:11, 12) Ha, Butrus yana qo‘rquvga berilgandi. Balki, u hech qachon bu zaifligidan butunlayin qutula olmagan.

18. Ba’zi noto‘g‘ri moyilliklar bilan nima bo‘lishi mumkin?

18 Biz ham shunday vaziyatga duch kelishimiz mumkin. Qanaqasiga? Biz yengdim deb o‘ylagan moyillik yana o‘sha ishni qilish vasvasasiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, bitta birodar shunday dedi: «O‘n yil davomida pornografiya tomosha qilmadim va undan qutulganimga ishonchim komil edi. Lekin zaifligim yashirinib, qulay paytni kutayotgan yovvoyi hayvonga o‘xshardi». Yaxshiyamki, u bu vasvasaga berilmadi. Birodarimiz ushbu zaifligi bilan kurashish uchun har kuni, ehtimol, bu yovuz dunyoning oxirigacha harakat qilishi kerakligini tushundi. U xotining va jamoatidagi oqsoqollarning yordami bilan pornografiyaga qarshi turish uchun jiddiy choralar ko‘rdi.

19. Yenga olmagan zaiflikka qay yo‘sin qarshi tura olamiz?

19 Noto‘g‘ri yo‘l tutishimizga sabab bo‘layotgan zaifligimizni yengish uchun nima qilsak bo‘ladi? Isoning vasvasaga tushmaslik uchun «hushyor turi»sh maslahatiga amal qilsak bo‘ladi. Hatto o‘zingizni kuchli his qilgan paytlarda ham vasvasaga soluvchi vaziyatlardan qochishda davom eting. (1 Kor. 10:12) Muvaffaqiyatga erishishga yordam bergan choralarni qo‘llashdan to‘xtamang. Hushyorlikni yo‘qotmay, vasvasaga tushmaslik uchun doim «jon kuydiring». (2 Butr. 3:14)

HUSHYOR BO‘LISHNING MUKOFOTI

20, 21. a) Vasvasaga qarshi turishda davom etsak qanday mukofotga ega bo‘lamiz? b) Vasvasaga qarshi turishga intilsak, Yahova biz uchun nima qiladi? (2 Korinfliklarga 4:7)

20 Hushyor bo‘lib, vasvasaga qarshi turish uchun qiladigan harakatlarimiz arzigulik! Gunoh qilsak, bu «vaqtinchalik huzur-halovat» keltirishi mumkin. Lekin Yahova istaganidek hayot kechirsak, ancha baxtliroq bo‘lamiz. (Ibron. 11:25; Zab. 19:8) Sababi Yahovaning irodasini bajarish uchun yaratilganmiz. (Ibt. 1:27) Shunday ekan, Xudoga ma’qul tarzda hayot kechirsak, toza vijdon tufayli o‘zimizni yaxshi his qilamiz va kuni kelib abadiy yashashimiz mumkin. (1 Tim. 6:12; 2 Tim. 1:3; Yahd. 20, 21)

21 To‘g‘ri, «tana zaifdir». Ammo bu chorasiz ekanimizni anglatmaydi. Yahova biz muhtoj bo‘lgan kuchni berishga tayyor. (2 Korinfliklarga 4:7 ni o‘qing.) E’tibor bering, Xudo beradigan kuch insonlarnikidan ustundir. Lekin vasvasaga qarshi turish uchun avval o‘zimiz qo‘limizdan kelgancha harakat qilishimiz lozim. O‘z tomonimizdan harakat qilsak, kuch so‘rab Yahovaga ibodat qilganimizda, U javob berishiga amin bo‘lishimiz mumkin. (1 Kor. 10:13) Ha, Yahovaning ko‘magi bilan doim hushyor turib, vasvasaga qarshi kurasha olamiz.

47-QO‘SHIQ Har kuni Yahovaga duo qil

a IBORALAR MA’NOSI. Matto 26:41 dagi «ruh» so‘zi ostida bizni muayyan tarzda his qilishga yoki yo‘l tutishga undaydigan ichimizdagi kuch nazarda tutiladi. «Tana» esa bu bizning nomukammal gunohkorligimizni anglatadi. Shu bois gohida hatto to‘g‘ri yo‘l tutishni istasak ham, ehtiyot bo‘lmasak, nomukammal tuyg‘ularimizga berilishimiz va noto‘g‘ri ish qilishimiz mumkin.

c RASMGA SHARH. Birodar ertalab kunlik oyatni, tushlikda esa Muqaddas Kitobni o‘qiyotgani va hafta o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvga borgani ko‘rsatilgan.