Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

27-TADQIQ MAQOLASI

73-QO‘SHIQ Bizga jasorat ber

Zodo‘x kabi dovyurak bo‘ling

Zodo‘x kabi dovyurak bo‘ling

Zodo‘x ismli qudratli, dovyurak yigit [bo‘lgan]. (1 SOL. 12:28)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Qay yo‘sin Zodo‘xning misoli dovyurak bo‘lishimizga yordam berishini bilib olamiz.

1, 2. Zodo‘x kim bo‘lgan? (1 Solnomalar 12:22, 26–28)

 TASAVVUR QILING, 340 000 dan oshiq erkak Dovudni butun Isroil ustidan shoh qilish uchun Xevron yaqinidagi qoyali tepaliklarda yig‘ilgan. U yerdan ularning xandon kulishlari-yu Yahovaga hamdu sanolar kuylayotgani eshitilyapti. (1 Sol. 12:39) Ularning orasida Zodo‘x ismli yigit ham bor. Balki odam ko‘pligidan boshqalar uni payqamagandir. Ammo Yahova uni ko‘rgan va biz u haqda bilishimizga g‘amxo‘rlik qilgan. (1 Solnomalar 12:22, 26–28 ni o‘qing.) Xo‘sh, Zodo‘x kim bo‘lgan?

2 Zodo‘x ruhoniy bo‘lgan. U oliy ruhoniy Abuatar bilan yaqindan hamkorlik qilgan. Shuningdek, Xudo unga ko‘p donolik berib, irodasini tushunish qobiliyatini ato etgan. (2 Shoh. 15:27) Maslahat kerak bo‘lganda, odamlar Zodo‘xga murojaat qilgan. U dovyurak ham bo‘lgan. Ushbu maqolada Zodo‘x bu fazilatni qay yo‘sin namoyon etganiga diqqat qaratamiz.

3. a) Nega Yahovaning xizmatchilari dovyurak bo‘lishi kerak? b) Bu maqolada nimalarni muhokama qilamiz?

3 Ushbu oxirgi kunlarda Shayton Xudoning xalqiga yanada ko‘proq hujum qilyapti. (1 Butr. 5:8) Yahova Shayton va uning dunyosini yo‘q qilish paytini kutar ekanmiz, dovyurak bo‘lishimiz kerak. (Zab. 31:24) Keling, Zodo‘xning jasoratiga taqlid qilishimiz mumkin bo‘lgan uchta sohaga diqqat qaratamiz.

XUDONING SHOHLIGINI QO‘LLAB-QUVVATLANG

4. Nega Xudoning Shohligini qo‘llab-quvvatlash uchun Uning xizmatchilari jasoratli bo‘lishi kerak? (Rasmga ham qarang.)

4 Yahovaning xalqi sifatida butun qalbimiz bilan Uning Shohligini qo‘llab-quvvatlaymiz, lekin ba’zida bunday qilish uchun dovyurak bo‘lishimiz lozim. (Mat. 6:33) Masalan, bu yovuz dunyoda Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashash va Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilish uchun jasoratli bo‘lishimiz kerak. (1 Salon. 2:2) Bu dunyo siyosiy masalalar dastidan bo‘linib boryapti. Bunday masalalarda yoki bahs-munozaralarda tarafkashlik qilmaslik uchun dovyurak bo‘lishimiz kutiladi. (Yuhan. 18:36) Yahova Shohidlarining orasida ko‘plar iqtisodiy yo‘qotishlardan azob chekyapti, jismonan tahqirlanyapti yoki siyosatga aralashmagani yo bo‘lmasa harbiy xizmatdan bosh tortgani uchun qamoqqa tashlanyapti.

Boshqalar siyosat borasida tarafkashlik qilsa, qanday yo‘l tutasiz? (4-xatboshiga qarang.)


5. Nega Zodo‘x Dovudni qo‘llab-quvvatlashda dovyurak bo‘lishi kerak edi?

5 Zodo‘x Xevronga Dovud shoh bo‘lganini nishonlash uchungina bormagan. Zodo‘x u yerga qurollangan holda borgan va jang qilishga tayyor bo‘lgan. (1 Sol. 12:38) U Dovud bilan yelkama-yelka jang qilishga va isroilliklarni dushmandan himoya qilishga shay turgan. Ehtimol, u tajribali jangchi bo‘lmagandir, lekin dovyurak bo‘lgan.

6. Qay yo‘sin Dovud jasoratli bo‘lish borasida Zodo‘x uchun yaxshi o‘rnak bo‘lgan? (Zabur 138:3)

6 Qiziq, ruhoniy Zodo‘x qanaqasiga dovyurak bo‘la olgan? Uning atrofida kuchli va jasoratli erkaklar bor edi. Zodo‘x ularning misolidan foyda olgani shubhasiz. Masalan, Dovud jasorat ila «janglarda Isroilga boshchilik qil»ganida, u yerdagi barcha kishilar sidqidildan uni qo‘llab-quvvatlagan. (1 Sol. 11:1, 2) Dovud dushmanlariga qarshi chiqqanida yordam so‘rab doim Yahovaga tayangan. (Zab. 28:7; Zabur 138:3 ni o‘qing.) Bundan tashqari, Zodo‘xni ruhlantirgan boshqa misollar ham bor edi. Masalan, Yohayido va uning o‘g‘li Binayo hamda 22 nafar qabila boshlari Dovudning tarafida bo‘lgan. (1 Sol. 11:22–25; 12:26–28) Bu kishilarning bari Dovudni shoh sifatida qo‘llab-quvvatlash hamda himoyalash uchun qat’iy bel bog‘lagan.

7. a) Bizning paytimizda kimlarning jasoratidan o‘rnak olsak bo‘ladi? b) Videodagi birodar Nsiluning misolidan nimani o‘rgandingiz?

7 Dovyurak bo‘lib Yahovaning hukmdorligini qo‘llab-quvvatlaganlarning misolini ko‘rib chiqqanimizda, kuch va jasoratga to‘lamiz. Shohimiz Iso Masih Shayton dunyosining siyosiy ishlarida qatnashish bosimini qat’iyan rad etgan. (Mat. 4:8–11; Yuhan. 6:14, 15) U doim Yahovadan kuch so‘rab, Unga tayangan. Bizning paytimizda ham harbiy xizmatni o‘tashdan yoki siyosiy ishlarga aralashishdan bosh tortgan ko‘pgina yoshlarning misollari bor. Ular to‘g‘risida jw.org saytida o‘qishingiz mumkin a.

IMONDOSHLARGA YORDAM BERING

8. Birodarlarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun oqsoqollarga qachon jasorat kerak bo‘lishi mumkin?

8 Yahovaning xalqi bir-biriga yordam berishni yaxshi ko‘radi. (2 Kor. 8:4) Lekin ba’zida bunday qilish uchun dovyurak bo‘lish lozim. Masalan, urush boshlanganida mahalliy oqsoqollar birodar-u opa-singillar dalda, qo‘llab-quvvatlash va, ehtimol, ma’naviy yoki jismoniy yordamga muhtojligidan xabar topishar. Oqsoqollar bu qo‘zichoqlarni yaxshi ko‘rishgani tufayli ularning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun hayotini xavf ostiga qo‘yishadi. (Yuhan. 15:12, 13) Bunday yo‘l tutib ular Zodo‘xning dovyurakligiga taqlid qilishadi.

9. Dovud Zodo‘xga nima qilishni aytgan? (2 Shohlar 15:27–29) (Rasmga ham qarang.)

9 Dovudning hayoti xavf ostida edi. O‘g‘li Absalom undan taxtni tortib olmoqchi bo‘ldi. (2 Shoh. 15:12, 13) Dovud zudlik bilan Quddusni tark etishi kerak edi. U xizmatkorlarini chaqirib: «Yuringlar, qochaylik, aks holda, Absalomdan hech birimiz qutula olmaymiz!» — dedi. (2 Shoh. 15:14) Xizmatkorlari Quddusni tark etar ekan, Dovud Absalomning rejalaridan boxabar bo‘lish uchun u yerda kimdir qolishi kerakligini tushundi. Shuning uchun u Zodo‘x va boshqa ruhoniylarni ayg‘oqchilar sifatida shaharga qaytarib yubordi. (2 Shohlar 15:27–29 ni o‘qing.) Ulardan ehtiyotkor bo‘lish kutilardi. Dovud ularga topshirgan vazifa xavfli bo‘lib, hatto hayot-mamot masalasi edi. Tasavvur qiling, xudbin, shafqatsiz va sotqin Absalom, Zodo‘x va boshqa ruhoniylar Dovudni himoya qilish uchun ayg‘oqchilik qilayotganini bilganida, ularning holi ne kechardi?!

Dovud Zodo‘xga xavfli vazifa topshiryapti (9-xatboshiga qarang.)


10. Zodo‘x va u bilan birga bo‘lganlar Dovudni qanday himoya qilishgan?

10 Dovud reja tuzib, Zodo‘x va yana bitta sadoqatli do‘sti Xushaydan yordam so‘radi. (2 Shoh. 15:32–37) O‘sha rejaga amal qilib Xushay Absalomning ishonchiga kirdi va Dovudga qanday hujum qilish borasida unga maslahat berdi. Bu tufayli esa Dovudda hujumga tayyorlanish uchun vaqt bo‘ldi. Keyin esa Xushay Zodo‘x va Abuatarni bu reja haqida xabardor qildi. (2 Shoh. 17:8–16) Shunda o‘sha ikki kishi Dovudga xabar yubora oldi. (2 Shoh. 17:17) Yahovaning yordami bilan Zodo‘x va boshqa ruhoniylar Dovudni himoyalashda muhim hissa qo‘shishgan. (2 Shoh. 17:21, 22)

11. Birodarlarimizga yordam berayotganda, Zodo‘xning misoliga qanday taqlid qila olamiz?

11 Bizdan qiyin paytlarda birodar-u opa-singillarga yordam berish so‘ralsa, qay yo‘sin Zodo‘x kabi jasoratli bo‘la olamiz? 1) Yo‘l-yo‘riqqa amal qiling. Bunday vaziyatlarda birlikni saqlashimiz muhim. Shunday ekan, mahalliy filial taqdim etayotgan yo‘l-yo‘riqqa amal qiling. (Ibron. 13:17) Oqsoqollar qay yo‘sin tabiiy ofatlarga tayyorlanishi va ular yuz berganda nima qilish kerakligiga oid yo‘l-yo‘riqlarni tez-tez ko‘rib chiqishi lozim. (1 Kor. 14:33, 40) 2) Dovyurak, lekin ehtiyotkor bo‘ling. (Hik. 22:3) Donolik ila yo‘l tuting. Hayotingizni noo‘rin xavfga qo‘ymang. 3) Yahovaga tayaning. Shuni unutmangki, Yahova siz va birodar-u opa-singillar eson-omon bo‘lishingizni juda istaydi. U siz ziyon ko‘rmay imondoshlaringizga yordam berishingizga ko‘maklashadi.

12, 13. Viktor bilan Vitaliyning vaziyatidan qanday saboq olishingiz mumkin? (Rasmga ham qarang.)

12 Ukrainadagi urush paytida imondoshlariga oziq-ovqat va suvni yetkazib berishda ko‘maklashgan Viktor hamda Vitaliy birodarlarimizning misoliga diqqat qarataylik. Viktor shunday dedi: «Oziq-ovqat izlamagan joyimiz qolmadi. Ko‘pincha atrofimizda otishmalarning tovushini eshitardik. Bitta birodar yer to‘lasidan oziq-ovqat xayr-ehson qildi. Bu yordami tufayli ko‘p imondoshlarimizda qaysidir vaqtgacha omon qolish uchun kerakli narsalar bo‘ldi. Narsalarni yuk mashinamizga ortayotganda, bizdan taxminan 20 metr uzoqlikda bomba tushdi. Kun bo‘yi Yahovaga yolvorib, imondoshlarimga yordam berishda davom etishim uchun jasorat so‘radim».

13 Vitaliy quyidagicha dedi: «Jasorat bizga suv va havoday zarur edi. Birinchi safarim 12 soat davom etdi. Yo‘l bo‘yi Yahovaga ibodat qildim». Vitaliy dovyurak va shu bilan birga ehtiyotkor bo‘lgan. U shunday qo‘shib qo‘ydi: «Yahovadan tinmay donolik va o‘z haddimni bilib yo‘l tutishimga yordam berishini so‘radim. Hukumat ruxsat bergan yo‘llardan yurdim. Birodar-u opa-singillar birgada mehnat qilishganini ko‘rganimda imonim mustahkamlandi. Ular yo‘lni to‘siqlardan tozalashdi. Gumanitar yordamni yig‘ishdi va mashinaga ortishdi. Yo‘l davomida ular bizni oziq-ovqat va tunash uchun joy bilan ta’minlashdi».

Xavfli vaziyatlarda dovyurak bo‘ling, lekin birodarlarga yordam berayotganda ehtiyotkor bo‘ling (12-, 13-xatboshilariga qarang.)


YAHOVAGA SADOQATLI BO‘LIB QOLING

14. Yaqinimiz Yahovadan yuz o‘girsa, bu bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

14 Eng og‘ir qiyinchiliklardan biri oila a’zoimiz yoki yaqin do‘stimiz Yahovadan yuz o‘girishidir. (Zab. 78:40; Hik. 24:10) Inson bilan qanchalik yaqin bo‘lsak, bu vaziyatni qabul qilish shunchalik qiyin bo‘ladi. Siz ham bunday og‘riqli vaziyatni boshdan o‘tkazgan bo‘lsangiz, Zodo‘xning sadoqat borasidagi o‘rnagi sizni mustahkamlashi mumkin.

15. Nega Zodo‘x Yahovaga sadoqatli qolish uchun dovyurak bo‘lishi kerak edi? (3 Shohlar 1:5–8)

15 Zodo‘xning yaqin do‘sti Abuatar sadoqatsizlik qilishni tanladi. Shunga qaramay, u Yahovaga sodiq bo‘lib qoldi. Bu Dovud hukmronligining oxirida yuz berdi. Dovud o‘lim to‘shagida yotganida, o‘g‘li Odoniyo Yahova Sulaymonga berishni va’da qilgan taxtga ega bo‘lishga urindi. (1 Sol. 22:9, 10) Abuatar Odoniyoni qo‘llab-quvvatlashni tanladi. (3 Shohlar 1:5–8 ni o‘qing.) Bunday yo‘l tutib Abuatar nafaqat Dovudga, balki Yahovaga ham sadoqatsizlik qildi. Bu Zodo‘x uchun qanchalik og‘ir botganini tasavvur qiling. Qirq yildan oshiq vaqt davomida ular ruhoniy sifatida yaqindan hamkorlik qilishgan. (2 Shoh. 8:17) Ular «haq Tangrining ahd sandig‘ini» birgalikda ko‘tarishgan. (2 Shoh. 15:29) Boshida ularning ikkovi ham Dovudni shoh sifatida qo‘llab-quvvatlagan va Yahovaning xizmatida ko‘p ishlar qilgan. (2 Shoh. 19:11–14)

16. Zodo‘x sodiq bo‘lib qolishiga nima yordam bergan bo‘lishi mumkin?

16 Abuatarning tanloviga qaramay, Zodo‘x Yahovaga sadoqatli qoldi. Dovud Zodo‘xning sadoqatidan hecham shubhalanmagan. Odoniyoning fitnasi oshkor bo‘lganida, Dovud Sulaymonni shoh sifatida moylash uchun Zodo‘x, Natan va Binayodan yordam so‘ragan. (3 Shoh. 1:32–34) Yahovaning sadoqatli topinuvchilari, masalan, Natan va shoh Dovudni qo‘llab-quvvatlagan boshqalar bilan birga bo‘lish Zodo‘xga kuch va dalda bergan bo‘lsa kerak. (3 Shoh. 1:38, 39) Sulaymon shoh bo‘lganida, «Abuatarning o‘rniga... Zodo‘xni ruhoniy etib tayinladi». (3 Shoh. 2:35)

17. Yaqiningiz Yahovaga sodiq bo‘lib qolmasa, Zodo‘xga qanday taqlid qila olasiz?

17 Zodo‘xga qay yo‘sin taqlid qila olasiz? Yaqin insoningiz haqiqatdan yuz o‘girsa, Yahovaga sodiq qolmoqchi ekaningizni ko‘rsating. (Yoshua 24:15) U to‘g‘ri yo‘l tutishingizga kerak bo‘ladigan kuch va jasoratni beradi. Ibodat va sadoqatli imondoshlar bilan bo‘lish orqali Yahovaga tayaning. Yahova sadoqatingizni qadrlaydi va bu uchun sizni mukofotlaydi. (2 Shoh. 22:26)

18. Marko va Sidsening vaziyatidan nimani o‘rgandingiz?

18 Voyaga yetgan ikkita qizi haqiqatdan yuz o‘girgan Marko va uning rafiqasi Sidsening misoliga diqqat qarataylik. Marko shunday dedi: «Farzandingiz dunyoga kelgan kundan boshlab ularni qattiq yaxshi ko‘rasiz. Ularni himoyalash uchun hamma narsaga tayyor bo‘lasiz. Shu bois ular Yahovadan ketishni tanlaganida, bu qalbni tilka-pora qiladi. Ammo Yahova doim yonimizda bo‘ldi. Men zaif bo‘lganimda rafiqam kuchli bo‘lishiga, u zaif bo‘lganida esa men kuchli bo‘lishimga Yahova yordam berdi». Sidse esa quyidagicha bo‘lishdi: «Agar Yahova biz muhtoj bo‘lgan kuchni bermaganida sabr-bardosh qila olmasdik. Men doim “Bu mening xatoim” degan fikr bilan kurashardim va his-tuyg‘ularimni Yahovaga aytib berardim. Biroz vaqt o‘tgach, ancha yillardan beri ko‘rishmagan opamiz yonimga kelib, qo‘llarini yelkamga qo‘ydi va ko‘zlarimga qaradi-da: “Sidse, unutma, bu sening xatoing emas”,— dedi. Yahovaning yordami bilan Unga xizmat qilishda davom etish uchun yana quvonchga ega bo‘ldim».

19. Nima qilish qaroringiz qat’iy?

19 Yahova Unga topinadigan barcha Zodo‘x kabi jasoratli bo‘lishini istaydi. (2 Tim. 1:7) Biroq Xudo o‘z kuchimizga emas, Unga tayanishimizni xohlaydi. Shunday ekan, jasorat talab etiladigan vaziyatga duch kelsangiz, Yahovadan yordam so‘rang. U sizni Zodo‘x kabi jasoratli qilishiga ishonchingiz komil bo‘lsin. (1 Butr. 5:10)

126-QO‘SHIQ Mustahkam, hushyor va mard bo‘ling

a «Nega Xudoning xizmatchilari jasoratli bo‘lishi kerak? — Betaraf qolish» nomli videoni jw.org saytida tomosha qiling.