Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

Barcha qiyinchiliklarda taskin topdim

Barcha qiyinchiliklarda taskin topdim

Qadimiy Sukkur shahri, hozir Pokiston deb nomlangan mamlakatdagi Hind daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida 1929-yili 9- noyabrda dunyoga keldim. O‘sha paytlarda ota-onamga ingliz zabon to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y rang-barang kitoblar berdi. Muqaddas Yozuvlarga asoslangan bu kitoblar Yahovaning Shohidi bo‘lishimga katta hissa qo‘shdi.

USHBU kitoblar bamisoli kamalak edi. Ularni tadqiq qilganim sayin ulardagi yorqin suratlar tasavvurimni junbishga keltirdi. Natijada, o‘sha kitoblarda yozilgan Muqaddas Yozuvlardagi bilimlarga nisbatan kichikligimdan chanqog‘im ortdi.

Ikkinchi jahon urushi Hindistonga rahna solganda, hayotim barbod bo‘lganday edi. Ota-onam alohida yashab, oxiri ajrashdi. Men sevgan ikki kishi nega bir-birini tark etganini hech tushuna olmas edim. O‘zimni hissan ojiz va tashlab ketilganday his qilardim. Yolg‘iz farzand bo‘lganim uchun men juda ham xohlagan tasalli va yordamni qayerdan topish mumkinligini bilmas edim.

Onam bilan provinsiyaning poytaxti Karochida (Karachi) yashar edik. Bir kuni Fred Xardaker ismli keksa shifokor uyimizga keldi u Yahovaning Shohidi edi. Yuqorida aytib o‘tilgan kitoblarni bergan to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y ham Yahovaning Shohidi edi. O‘sha shifokor onamga Muqaddas Kitob tadqiqini taklif qildi. Onam xohlamadi, lekin menga qiziq bo‘lishi mumkinligini unga aytdi. Kelasi hafta esa birodar Xardaker bilan tadqiq boshladik.

Bir necha hafta o‘tgach, birodar Xardakerning shifoxonasida o‘tgan jamoat urashuvlariga qatnay boshladim. U yerda Yahovaning taxminan 12 ta yoshi ulug‘ xizmatchisi yig‘ilardi. Ular menga dalda berib, o‘g‘liday ko‘rishardi. Bu imondoshlarim bo‘yim bilan teng bo‘lish uchun tizzasiga o‘tirishardi va yaqin do‘stiday men bilan suhbatlashishardi. O‘shanda aynan shunga muhtoj edim.

Vaqt o‘tib, birodar Xardaker meni va’z qilishga taklif qildi. U meni fonogrofdan foydalanishga o‘rgatdi va biz uni qo‘llab Muqaddas Kitob asosidagi qisqa nutqlarni qo‘yib berardik. Bir nechta nutq dangal aytilgani uchun, xabarimiz uy egalarining ayrimlariga yoqmas edi. Lekin odamlarga shohidlik berayotganimdan zavq olardim. Muqaddas Kitobdagi haqiqat tufayli g‘ayratga to‘la edim va uni boshqalarga aytishni yaxshi ko‘rardim.

Yaponiya harbiylari Hindistonga hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rganda, Buyuk Britaniya hukumati Yahovaning Shohidlariga yanada kuchli bosim o‘tkaza boshladi. 1943-yili iyulda esa o‘zim ham ta’qiblarga duch keldim. Anglikan cherkovining ruhoniysi bo‘lgan maktab direktori meni «yomon xulqim» uchun maktabdan haydadi. U onamga men Yahovaning Shohidlari bilan muloqot qilayotganim tufayli boshqa o‘quvchilarga yomon o‘rnak ekanimni aytdi. Onam qo‘rqib ketib, Yahovaning Shohidlari bilan muloqot qilishimni taqiqlab qo‘ydi. Keyin meni kemaga o‘tqazib, shimolda joylashgan taxminan 1 370 km uzoqlikdagi Peshovar shahriga, otamning oldiga yubordi. Ma’naviy ozuqa va muloqotdan mahrum bo‘lganim bois, ma’nan susayib qoldim.

MA’NAN TIKLANISH

Men 1947-yili ish izlab Karochiga qaytdim. O‘shanda Xardaker birodarning shifoxonasiga bordim. U meni xursandchilik va samimiyat ila qarshi oldi.

Meni sog‘lik masalasi bilan keldi deb: «Xo‘sh, sizni nima bezovta qilyapti?» — deya so‘radi.

Men: «Jismonan kasal emasman, ma’nan kasalman. Menga Muqaddas Kitob tadqiqi kerak»,— deb aytdim.

«Qachon boshlashni xohlaysiz?» — dedi.

«Imkon bo‘lsa, hoziroq»,— deb javob berdim.

Shunday qilib, o‘sha kecha Muqaddas Kitob tadqiqini ajoyib tarzda o‘tkazdik. Ma’naviy uyga qaytganday bo‘ldim. Onam men Yahovaning Shohidlari bilan muloqot qilmasligim uchun rosa harakat qildi, ammo bu safar haqiqat tomonda qolishga qaror qilgan edim. 1947-yili 31- avgustda hayotimni Yahovaga bag‘ishlab, buning ramzi sifatida suvga cho‘mdim. Ko‘p o‘tmay, 17 yoshda doimiy kashshof bo‘lib xizmat qila boshladim.

QUVONCH KELTIRGAN KASHSHOFLIK XIZMATI

Ilk bor men ilgari Buyuk Britaniyaning harbiylari joylashgan Kvettaga tayinlandim. 1947-yili mamlakat Hindiston va Pokistonga * bo‘lindi. Bu tufayli odamlar orasida diniy to‘qnashuvlar avjiga chiqdi, natijada esa, tarixdagi eng katta ko‘chib o‘tishlardan biri yuz berdi. Deyarli 14 million kishi boshqa joyga ko‘chib ketdi. Hindistondagi musulmonlar Pokistonga, u yerdagi hind va sikhlar esa Hindistonga ko‘chib o‘tdi. Shunday o‘ta tartibsizlik bo‘lgan paytda men Karochida odam zich bo‘lgan poyezdga o‘tirdim va Kvettaga ketayotgan yo‘lning ko‘p qismini vagon tashqarisida o‘tkazishga to‘g‘ri keldi.

Tuman anjumani, Hindiston 1948-yil

Kvettada, yoshi 20 lardan oshgan Jorj Singx ismli maxsus kashshof bilan tanishdim. U menga eski velosiped berdi va men uni tepaliklar bor hududlarda minib (yoki itarib) yurardim. Asosan bir o‘zim va’z qilardim. Olti oy mobaynida 17 ta tadqiq o‘tkazdim va tadqiq o‘tgan odamlarning ayrimlari haqiqatni qabul qildi. Ularning biri Sadiq Mesi ismli ofitser edi va u Jorj bilan menga Muqaddas Kitob asosidagi ba’zi adabiyotlarni Pokistonning davlat tili, urdu tiliga o‘girishga ko‘maklashdi. Vaqt o‘tib, Sadiq birodar xushxabarni g‘ayrat ila va’z qilardi.

Gilad maktabiga otlanganimiz, «Kvin Elizabet» kemasida

Keyinchalik Karochiga qaytib, Gilad maktabini bitirgan va endigina u yerga tayinlangan Genri Finch va Garri Forrest ismli to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar bilan xizmat qildim. Ular menga xizmat borasida ko‘pgina ajoyib narsalarni o‘rgatdi. Bir safar birodar Finch bilan Pokiston shimoliga borib va’z qildim. Tog‘ yonbag‘rida joylashgan qishloqlarda urdu tilida gapiradigan, haqiqatga tashna bo‘lgan ko‘pgina kamtar kishilarni uchratdik. Ikki yil o‘tgach, meni Gilad maktabiga taklif qilishdi. Keyin esa Pokistonga tayinlandim, u yerda ba’zida tuman noziri sifatida jamoatlarga tashrif buyurardim. Men Lohurda to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar yashaydigan uyda to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lgan uchta birodar bilan yashar edim.

INQIROZ VA TIKLANISH

Ming afsuski, 1954-yili Lohurdagi to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar orasida kelishmovchilik yuz bergani uchun, filial tomonidan boshqa-boshqa joylarga tayinlandik. O‘sha bahs-munozarada tarafkashlik qilganim bois menga maslahat berildi. Natijada, ruhim tushdi va hatto ma’nan susayib qoldim. So‘ng Karochiga qaytdim, keyin esa ma’nan tiklanish umidida Londonga (Angliya) ko‘chib ketdim.

U yerdagi jamoatimda Londondagi Baytilda xizmat qilayotgan ko‘p baytilchilar bor edi. Filial noziri Prays Xyuz ismli mehribon birodarimiz meni o‘z qanoti ostiga oldi. Bir kuni u bilan suhbatlashayotganda, dunyo bo‘ylab va’zgo‘ylik ishini nazorat qilgan birodar Jozef Ruterford unga jiddiy maslahat berganini aytib berdi. Xyuz akamiz o‘zini oqlamoqchi bo‘lganda, birodar Ruterford unga qattiq tanbeh bergan ekan. U bularni tabassum ila aytayotganidan hayron edim. Aytishicha, boshida uning ko‘ngli tushgan ekan. Lekin keyinchalik o‘sha jiddiy maslahat kerak bo‘lganini va bu Yahovaning sevgisidan dalolat ekanini tushungan. (Ibron. 12:6) Aytganlari qalbimga ta’sir qildi va ma’nan tiklanishimga ko‘maklashdi.

Taxminan o‘sha paytda onam Londonga ko‘chib keldi va keyinchalik Yetakchi kengashda xizmat qilgan Jon Barr unga Muqaddas Kitob tadqiqini taklif qilganda u rozi bo‘ldi. Onam tezda ma’nan o‘sdi va 1957-yili suvga cho‘mdi. Vaqt o‘tgach, otam ham hayotdan ko‘z yumishidan oldin Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq o‘tganini bildim.

1958-yili Londonda yashagan daniyalik Lin ismli imondoshimizga uylandim. Bir yil o‘tib, baraka ko‘rdik, beshta farzandimizning to‘ng‘ichi qizimiz Jeyin dunyoga keldi. Qolaversa, Fulem jamoatida xizmat qilish sharafiga ega bo‘ldim. Vaqt o‘tgach, Linning zaif sog‘ligi tufayli issiqroq o‘lkaga ko‘chishimiz kerak edi. Shunday qilib, 1967-yili biz Adelaidaga (Avstraliya) ko‘chib ketdik.

QALBNI TILKA-PORA QILGAN FOJIA

Adelaidadagi jamoatimizda 12 ta yoshi ulug‘ moylangan masihiy bor edi. Ular g‘ayrat ila va’z qilardi. Biz ma’naviy ishlarni tezda o‘z yo‘liga qo‘ydik.

1979-yili beshinchi farzandimiz Deniel dunyoga keldi. U Daun sindromi * bilan tug‘ildi va bizga u ko‘p yashamaydi deb aytishdi. Hatto hozir ham o‘shanda his etgan og‘riqni so‘z bilan ifodalash qiyin. Denielning ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun jon kuydirsak-da, boshqa farzandlarimizni ham e’tibordan chetda qoldirmas edik. Denielning yuragida ikkita teshik bo‘lgani uchun ba’zida kislorod yetishmaganidan ko‘karib ketar edi. Shunda uni zudlik bilan shifoxonaga olib borardik. Biroq sog‘ligi zaif bo‘lishiga qaramay, u juda esli va mehribon bola edi. Bundan tashqari, u rosa ma’nan chanqoq edi. Ovqat yeyishdan oldin oilamiz bilan ibodat qilganimizda, u mittigina qo‘lchalarini bir-biriga qo‘yib, boshini egardi-da, samimiyat ila «omin» derdi. Shundan keyingina ovqat yeyishni boshlardi.

Deniel to‘rt yosh bo‘lganida unda o‘tkir leykoz (leykemiya, oq qon) kasalligi rivojlandi. Lin ikkimiz jismonan va hissan ezilib ketgan edik. Asablarim taranglashib, hissan juda ham charchagan edim. Bir safar ayni siqilgan paytimizda tuman noziri Nevill Bromvich eshigimizni taqillatdi. O‘sha tunda u ko‘z yoshlar ila bizni quchoqlab olgan edi. Barchamiz yig‘lagan edik. Sevgi va hamdardlik ila aytgan so‘zlari bizga rosa tasalli baxsh etdi. U biznikidan kechasi soat birlarda ketdi. Ko‘p o‘tmay, o‘g‘limiz Deniel hayotdan ko‘z yumdi. Uni yo‘qotish yuragimizni tilka-pora qilgan hayotimizdagi eng qayg‘uli fojia edi. Qayg‘uni ham yengdik, lekin hech narsa hatto o‘lim Denielni Yahovaning sevgisidan judo qila olmaydi. (Rim. 8:38, 39) Xudoning yangi dunyosida bolajonimiz tirilganda u bilan birga bo‘lishni intiqib kutyapmiz! (Yuhan. 5:28, 29)

BOSHQALARGA YORDAM BERISHDAN BAXTIYORMAN

Ikki marta og‘ir falaj (paralich) bo‘ldim va ularni yengib o‘tdim. Bugungi kunda jamoat oqsoqoli sifatida xizmat qilib kelyapman. Hayotimda bo‘lib o‘tgan voqealar tufayli boshqalarga, ayniqsa muammolari bor insonlarga nisbatan hamdard va rahmdil bo‘lishga o‘rgandim. Men ularni hukm qilmaslikka harakat qilaman. O‘zimdan shunday deb so‘rayman: «O‘tmish ularning his-tuyg‘ulariyu fikrlash tarziga qanday ta’sir qilgan? Ular haqida qayg‘urayotganimni qanday ko‘rsata olaman? Qanday qilib ularni Yahovaning yo‘llaridan yurishga unday olaman?» Daldali tashrif qilish jonu dilim! Aslida, boshqalarga tasalli va ma’nan dalda berib, o‘zim ham taskin va dalda olaman.

Daldali tashriflar qilishdan mamnuniyat topyapman

Sano bastakorining quyidagi so‘zlari mening his-tuyg‘ularimni aks ettiradi: «Tashvishlar girdobida qolganimda, [Yahova] menga tasalli berib, ko‘nglimni ko‘tarding». (Zab. 94:19) Ha, Yahova meni oilaviy qiyinchiliklarda, diniy qarshiliklarda, umidlarim puchga chiqqanida va ruhan ezilganimda qo‘llab-quvvatladi. Chindan ham, Yahova men uchun haqiqiy Ota bo‘ldi!

^ 19- x.b. Boshida Pokiston G‘arbiy Pokiston (hozir Pokiston) va Sharqiy Pokistonni (hozir Bangladesh) o‘z ichiga olardi.

^ 29- x.b. «Uyg‘oning!» jurnalining 2011-yil iyun (rus) sonidagi «Daun kasalligiga yo‘liqqan bolani tarbiyalash qiyin, ammo mukofotlanadigan mehnat» nomli maqolaga qarang.